Shoniyoz Doniyorov. Madaminbek kim edi? (1991)

http://n.ziyouz.com/images/madaminbek.jpg

Inqilob, aniqrog‘i hokimiyat to‘ntarishi… Ochlarga non, yo‘qsillarga boshpana, dehqonga yer va erk, tenglik va tinchlik va’da qilgan inqilob. Ha, o‘sha yo‘qsillar kutgan inqilob… «Ozodlik va erk» kuychilari tomonidan xo‘b maromiga yetkazib obdon kuylangan inqilob… Ulardan o‘tkazib inqilobga ta’rifu tavsif berish bandasining qo‘lidan kelmasa kerak. U tufayli inson qadr-qimmati va uning hayotidan ozodlik haqidagi taxminiy g‘oyalar va orzular ustun kelgan, aka ukaga, ota bolaga, jiyan tog‘asiga yovqarab miltiq o‘qtalgan davr boshlandi.

Bugungi oshkoralik va qayta qurish sharofati, bizdan uncha uzoq bo‘lmagan bu «sirli» davrga o‘zgacha ko‘z bilan qarab, qayta ko‘rib chiqishni talab qilyapti. Turkistonning qonli va shonli yillarini baholashda va u zamonda Vatanim, millatim, xalqim, e’tiqodim deya ot choptirgan murakkab taqdirli, ziddiyatli o‘g‘lonlar faoliyatini, shaxsini, alg‘ov-dalg‘ov zamonni, davrni va davr ruhini baholashda sxematizm va zamonasozlikka, biryoqlamachilikka mukkamizdan ketganligimizni tan olib, u sirli davrni kayta o‘rganish va o‘rgatish zamon talabi bo‘lib qoldi.

«Tariximizning fojiali jihatlari to‘g‘risida to‘la va achchiq haqiqatni bilishni istamaslik ham, tarixiy merosimizdagi chinakamiga buyuk va qimmatli bo‘lgan hamma narsalarni yo‘qqa chiqarish yo‘lidagi urinishlar ham bir xilda xatarlidir». (M. S. Gorbachyov). Shuning uchun ham har bir davrning o‘z mezoni bor va u davr to‘g‘risida fikr yuritayotganda ana shu mezonni unutmaslik kerak.

Inqilobning dastlabki kunlaridanoq Farg‘ona vodiysi qip-qizil alanga ichida qoldi. Chetdan qaragan kishiga Turkiston yonayotgan to‘qayzorni eslatardi. Yo‘qsillar qalbini isitmoqni niyat qilgan inqilob olovi bu yurtni ho‘lu qurug‘iga qaramay hammasining qalbini va kulbasini birday kuydiraverdi.

Tush payti. Quyosh nuri samoni tik yorib, bug‘doy o‘rayotgan o‘rus dehqonlarining ataylab yelkasiga nayza bo‘lib sanchilardi. Janub quyoshining o‘tkir tig‘i Konstantin Monastrovga ham, boshoq bog‘layotgan dehqonlarga ham begona emas edi. Uzoqdan ot choptirib kelayotgan to‘rtta otliq ko‘rindi. Ular to‘g‘ri K. Monastrov qarorgohiga, aniqrog‘i armiya shtabiga kirib kelishdi. Va osiyoliklarga xos hurmat bilan qo‘lini ko‘ksiga ko‘yib qo‘ynidan allaqanday maktub chiqarib qo‘mondonga uzatdilar.

«Musulmon otryadi yo‘lboshchisi» Muhammadaminbek Ahmadbek o‘g‘lining «Farg‘ona viloyati dehqonlar armiyasi»ning qo‘mondoni Konstantin Monastrovga yo‘llagan maktubi:

Kuzatishlarimdan shuni angladimki, bolshovoylar hokimiyatni egallagandan buyon, uyqudagi musulmon xalqini talamoqda, mavjud bo‘lgan konuniy soliqlardan ham ancha ko‘p to‘lovlar berishni talab qilmoqda, qishloqlarni talon-taroj qilyapti. Xalq ochlikdan qirila boshlaganida ham bolshovoylar bir siqim ham don bermayapti. Men qo‘limga qurol olib, bolshovoylarga karshi jang qilishga bel bog‘ladim…

Roppa-rosa bir yildan buyon ularga qarshi jang qilyapman. Mening maqsadim, bolshovoylarni hokimiyatdan ag‘darish va hokimiyatni umumiy, teng, yashirin va to‘g‘ri ovoz berish yo‘li bilan saylangan, xalqning haqiqiy vakillari qo‘liga berish. Shaxsan o‘zim hokimiyatparast emasman, unga intilmayman ham, yurtimda osoyishtalik, tinchlik boshlangan zahotiyoq o‘zim sevgan dehqonchilikka qaytaman.

Bolshovoylar mening to‘g‘rimda bor kuchi bilan «Madaminbek millatchi, u xon zamonini qayta tiklamoqchi» deb ig‘vo tarkatishga urinmoqda. Shuni alohida takidlaymanki, men faqat o‘ruslar bilan hamkorlikda ishlayman va boshqalarni ham shunga chaqiraman. O‘ruslar va musulmonlar og‘a-inilardir, ular bir-biriga yordam berib do‘stona yashashlari kerak.

Shuning uchun o‘rnatiladigan tartibda, hamma qishloqlarda maktab tashkil qilinishiga alohida e’tibor berish kerak. Yerli xalq farzandlari maktabni tugatib, oliy o‘quv yurtlarida, jumladan harbiy bilim yurtida o‘qishni davom ettiradigan bo‘lishi lozim.

Farg‘ona dehqonlar armiyasining 1919 yili 22 avgustda Armiya Harbiy Kengashi tomonidan qabul qilingan va mazkur kengash protokolida qayd etilgan bandlarning qolgan qismiga qo‘shilaman.

Musulmon armiyasining qo‘mondoni
Muhammadaminbek Ahmadbek o‘g‘li
27 avgust 1919 yil. Namangan»[1].

Biz Farg‘ona dehqonlari armiyasi va ularning qo‘zg‘oloni to‘g‘risida, Madaminbek va uning armiyasi, ularning maqsadi yoxud jang harakatlarining qanday kechganligi to‘g‘risida juda oz narsalarni bilamiz. Chunki bu qo‘zg‘olon tarix darsliklari va qomusnomalarda quloqlar isyoni deb yuritilgan bo‘lsa, Madaminbek va uning harakatlari, umuman o‘lkadagi harakat bosmachilik, banditlar harakati deb qayd etilgan. Aslida Farg‘onadagi «quloq»lar, Madaminbek va madaminbekchilar yangi hokimiyatdan nega norozi bo‘lgan? Ularning maksadi nima ekan? Madaminbek kim edi?

Inqilobning dastlabki kunlaridanoq Sho‘rolar siyosatining tug‘i «kim biz bilan bo‘lmasa u bizga dushman» shiori ostida baland ko‘tarildi. Stalinizm esa bu siyosatni mustahkamladi va hayotga chuqurroq tadbiq etdi. Biz bu mash’um siyosatning qurboni bo‘lgan shoiru yozuvchilar va davlat rahbarlari nomlarini juda yaxshi bilamiz. Bog‘dorchilik, chorvachilik, dehqonchilik ilmining ustalarini-chi? An’anaviy sharqona harb ilmining bilimdonlarini-chi?

Ana shunday sarkardalardan biri Madaminbek edi. U 1889 yili Farg‘onada o‘kimishli savdogar oilasida dunyoga keldi. Yoshligidanoq ona yerga, dehqonchilikka mehr ko‘ydi. Shunday bo‘lsa-da, ota kasbi savdogarchilikni ham yerda qoldirmadi. Tirikchilik vajidan shaharma-shahar kezib yurishi yosh Madaminni tezda ulg‘aytirib ko‘ydi. Tijorat ishlarini o‘rganish maqsadida otasiga ergashib yurt kezdi, el ko‘rdi, bozor-o‘charu foyda-ziyonning oq-qorasini ajratadigan bo‘ldi. Inqilobgacha mavjud bo‘lgan savdogarlar toifasi o‘z zamonasining ilg‘or fikrli, o‘qimishli uddaburon kishilari sanalardi. Ular shaharma-shahar, yurtma-yurt kezib faqatgina molu dunyo emas, balki madaniyat va yangiliklar ham tashirdi. Savdogar hayotining o‘zi o‘qimishlilikni, uzoqni ko‘ra oladigan bo‘lishlikni talab qilardi. Madamin zamonasining ma’rifatli oilasida tarbiya toldi. U yurt kezganida tengsizlik va adolatsizliklarni, ozod ellarni va ezilayotgan xalqlarni, mustamlaka va mustamlakachi bo‘lgan davlatlarni, ular o‘rtasidagi tafovutni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Vatani Turkistonning qoloqligi sabablarini izladi. Qoloqlikdan qutulish uchun Vatan ozod bo‘mog‘i kerak, ozod bo‘lmoq uchun uning yagona chorasi qo‘lga qurol olib kurashmoq kerakligini anglab yetdi. Jahon urushi arafasida mustamlakachi Oq podsho hukumatidan norozi bo‘lib, yoniga o‘ziga o‘xshagan yigitlarni to‘plab unga qarshi bosh ko‘tardi. Nikolay Ikkinchining Turkistondagi ma’murlari isyonkor Madaminni 14 yillik Sibir surguni bilan «siyladi».

O‘n yettinchi yilning fevral inqilobi g‘alabasidan so‘ng minglab siyosiy mahbuslar qatori Madamin ham yurtiga qaytib keldi. U yurtiga qaytib kelganida Vatanida «inqilob tongi» otgan, inqilobni saqlab qolish uchun qonli janglar avj olgan, xalq esa xonavayron bo‘lgan edi. U inqilob bergan va’dalarga ishondi va uni himoya qilish uchun Eski Marg‘ilon shahri mirshablariga sardorlik qildi. Agar Madaminbek, hozirgi tarix darsliklarida yozilganidek xotinini o‘ldirgani uchun badarg‘a qilinganida, o‘sha davr qonuniga muvofiq 14 yilga hukm qilinmasdi va siyosiy mahbus sifatida bandilikdan ozod etilmasdi ham.

Sho‘roviylar tomonidan yo‘l qo‘yilgan adolatsizliklar, inqilobchilar amalga oshirayotgan zo‘ravonliklar tufayli, nafaqat xonlik, amirlik, Oq podsho zamonida pichog‘i yog‘ ustida bo‘lgan boy va boyvachchalargina emas, balki bir burda nonga zor bo‘lgan faqirlar ham hech kanday tashviqotsiz xorijga jo‘nab ketayotgandi. Chunki tirik qolishning yagona yo‘li — ajdodlar xoki qo‘yilgan, kindik qoni tomgan Vatanni tark etish, yoki biz hozirda bosmachilar deb atayotgan to‘dalarga qo‘shilib, Vatan, e’tiqod, millat, ozodlik deya qurolli inqilobchilarga qarshi qurol ko‘tarish edi. Chunki sho‘roviylar zo‘ravonlarcha kurakka miltiq tirab «Yasha Sho‘ro» deb qichqirishga undardi. Madaminbek esa bu voqealarga befarq qarab turolmasdi. «Qo‘qonga xon bo‘lish» uchun emas, yurtida tinchlik o‘rnatish uchun qo‘liga yarog‘ tutdi. Vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi uni shunga undardi. U shunday qildi, el esa unga ishongani uchun ortidan ergashdi.

Endi Farg‘ona dehqonlar armiyasi to‘g‘risidagi ayrim dalillarga to‘xtalib o‘tsak. Farg‘ona viloyatida inqilob arafasida Rusiyo markazidan ko‘chirib keltirilgan 40 mingga yakin o‘rus dehqonlari istiqomat qilardi. Viloyatdagi o‘rus aholisining 45 foizini dehqonlar tashkil etib, posyolkalarda yashab qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanardi. Ular Andijon uyezdining Jalolobod rayonida Nikolayevskiy, Blagoveshenskiy, Spasskiy, O‘sh uyezdida Rojdestvenskiy, Pokrovskiy, Namanganda Uspenskiy deb ataladigan rus posyolkalarini bunyod etdilar.

Inqilobiy to‘ntarishning dastlabki kunlaridanoq Sho‘rolar tomonidan yo‘l qo‘yilgan jiddiy xatolar (aslida jinoyatlar) evaziga Ergash, Xolxo‘ja, Ko‘rshermat (Shermuhammadqul), Muhiddin boshliq musulmonlardan iborat to‘dalarning qarshiligi kuchaydi. Ular orasida talonchi fanatik «musulmonlar» ham anchagina bo‘lib, yuqorida sanab o‘tilgan rus posyolkalariga tez-tez hujum qilib turardi. 1918 yilning noyabrida Xolxo‘ja yigitlari Nikolskiy va Ivanovskiy posyolkalariga hujum kilib, 14 kishini o‘ldirdi va posyolkani vayron etdi.

Natijada rus posyolkalarini himoya qilish uchun Sho‘rolar dehqonlarga «o‘z-o‘zini himoya qilish» maqsadida qurol tarqatdilar. Qurollangan dehqonlar markazlashtirildi va keyinchalik Farg‘ona dehqonlari armiyasiga asos bo‘ldi. Ayrim manbalarda Xalq armiyasi deb yuritilsa, ayrimlarida quloqlar armiyasi deb ham yuritiladi. Umumiy soni 4 ming atrofida bo‘lgan rus dehqonlari 4 ta polkka bo‘lingan edi. Armiya qo‘mondoni etib Konstantin Monastrov saylandi. Dehqonlar nafaqat o‘zlarini himoya qilib kolmay, kizil armiyachilar bilan hamkorlikda bosmachi to‘dalariga qarshi kurash olib bordi.

Qizil armiyachilar bilan qishloqlarda talon-tarojlikka yo‘l qo‘yishda ham, gunohsiz kishilarga azob berishda ham qatnashdilar. O‘z ko‘rsatmalarining birida Dehqonlar armiyasining qo‘mondoni Konstantin Monastrov quyidagilarni yozib qoldirgandi.

«Dehqonlar qizilarmiyachilar bilan birgalikda harbiy harakatlarda qatnashib, ulardan bezorilikni o‘rganmoqdalar. Ular qancha birga bo‘lishsa, shuncha talon-tarojlik va vahshiyliklarga ko‘nikib boryaptilar. Dehqonlar rahm-shafqatsiz bo‘lib qoldi. Ular xulqining buzilishiga Qizil armiyada hukm surayotgan tartibsizliklar sababchidir. Dehqonlarda o‘z «ustozlari»ga nisbatan qalbining to‘rida nafrat uchqunlari paydo bo‘la boshladi»[2].

Sho‘rolar hukumatining iktisodiyot jabhasida olib borgan siyosati, jumladan, xususiy savdoning taqiqlanishi (boshqasining o‘zi yo‘q edi), hukumatning non va don mahsulotlari ustidan yakka hukmronlik o‘rnatganligi va e’tikodning oyoqosti etilishi va yana qator sabablar dehqonlarning Sho‘rolar hukumatiga qarshi bosh ko‘tarishiga sabab bo‘ldi.

Madaminbek esa o‘z siyosiy faoliyatining boshidanoq nafaqat aholini, balki, bosmachi to‘dalarini ham ma’lum tartibotga bo‘ysundirishga harakat kildi. Madaminbek rus dehqonlari bilan til topishishga, ular bilan ittifoqchi bo‘lishga intildi. U o‘z guruhining talonchi emasligini rus dehqonlari orasida ham tashviqot qildi. Rus dehqonlari armiyasining qo‘mondoni Madaminbek faoliyatini kuzatib bordi. Va u haqda quyidagicha fikr bildirgan edi. «Uch oydan buyon bosmachilarga qarshi kurashib, shu narsaga amin bo‘ldimki, Madaminbek otryadi mohiyatiga ko‘ra qaroqchi ham, talonchi ham emas. U ma’lum bir tartibot o‘rnatish tarafdori. U aholiga bergan va’dalari ustidan chiqyapti. Rus dehqonlari ham Madaminbekka o‘z xaloskori sifatida xayrixohlik bildirmoqda. Uning otryadi rus posyolkalarini talonchi, vahshiy Xolxo‘janing changalidan saqlab qoldi. Hozirda dehqonlar quyidagicha mulohaza yurityapti. «Mana to‘rt oydirki biz bosmachilarga qarshi kurash olib boryapmiz. Ular bizga nima yomonlik qildi (madaminbekchilar nazarda tutilyapti — Sh.D.). Yomonlik qiladiganga o‘xshamaydi ham. Sho‘ro hukumati, Qizil armiyachilar-chi? Ularning o‘zi tartibsiz soliqlari bilan xo‘jaligimizni vayron kilib yuboryapti-ku?

Bas, shunday ekan, bosmachilar bilan mazmunsiz kurashni to‘xtatishimiz kerak. Aksincha, ular bilan birgalikda Sho‘rolar hokimiyatiga qarshi kurashmog‘imiz darkor»[3].

Shunday qilib, bolshovoylar siyosatidan norozi bo‘lgan rus dehqonlari Madaminbek otryadi bilan birlashishga intildi. Ayni vaqtda Madaminbek ham ular bilan ittifoqchi bo‘lish yoki qo‘shilish yo‘llarini qidirayotgandi. Shu maqsadda qo‘mondon K. Monastrov Madaminbek bilan uchrashishga shoshildi. Ikkala tomon vakillari 1919 yilning 20 iyunida uchrashdi va fikri bir joydan chiqsa ham bitim imzolanmay qoldi. Bu vaqtga kelib dehqonlar armiyasining umumiy soni 4 ming atrofida bo‘lib Farg‘ona viloyatidagi birodarkushlik urushining borishiga jiddiy tasir ko‘rsatishi aniq edi. Dehqonlar qo‘zg‘olon ko‘tarmoqchi bo‘lsa-da, ko‘zg‘olon ko‘tarilmadi. Bir tomondan Madaminbek bilan bir bitimga kelisha olmaganligi, ikkinchi tomondan iyul oyi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yig‘ib-terib olish mavsumi bo‘lganligi uchun ko‘zg‘olon biroz orqaga surildi.

Bu vaqt oralig‘ida Madaminbek K. Monastrov bilan bir necha bor uchrashdi. Dehqonlar armiyasining Harbiy Kengashida Madaminbek guruhiga munosabat masalasi alohida ko‘rib chiqildi. Va bir necha kunlik muzokaralardan so‘ng ular o‘rtasida qo‘shilish shartlari imzolandi.

«ShARTNOMA

Musulmon armiyasining qo‘mondoni Madaminbek Ahmadbek o‘g‘li bilan Farg‘ona Dehqonlar armiyasining kelishuv shartlari:

1919 yilning 1 sentyabrida Dehqonlar armiyasining qo‘mondoni K. Monastrov va Musulmon armiyasining qo‘mondoni Muhammadaminbek Ahmadbek o‘g‘li Harbiy Kengash va Shtab a’zolari bilan kelishilgan holda mazkur shartnomaga imzo chekamiz:

1. 1919 yilning 22-25 avgustida bo‘lib o‘tgan Farg‘ona dehqonlar armiyasining Harbiy Kengashi protokolida qayd etilgan va Musulmonlar armiyasining qo‘mondoni Muhammadaminbek Ahmadbek o‘g‘lining 1919 yil 27 avgustdagi qo‘mondon Konstantin Monastrov nomiga bitilgan maktubida bayon etilgan siyosiy platformasini har tomonlama, jumladan, qurolli kuch bilan qo‘llab-quvvatlash;

2. Men, Madaminbek Ahmadbek o‘g‘li Farg‘ona dehqonlari armiyasi bilan kelishilgan holda harakat kilishga, zarur bo‘lganda Shtab ko‘rsatmalariga bo‘ysunishga va yigitlarimni uchdan bir qismini qo‘mondon Konstantin Monastrov ixtiyoriga jo‘natishga rozilik bildiraman;

3. Harbiy qurol-aslaha va o‘ljalarni taqsimlash uchun, pul, zaruriy xo‘jalik va oziq-ovqat muammolarini hal etish uchun Farg‘ona dehqonlar armiyasi va musulmon otryadlari tomonidan teng sonli doimiy komissiya tayinlash tarafdoriman!»[4]

Ikkala tomon ham sentyabr oyining o‘rtalarigacha, ya’ni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ib-terib olgunga kadar hukumatga qarshi urush harakatlaridan o‘zini tiyib turishga kelishib olishdi. O‘z navbatida vizilarmiyachilar dehvonlarni vurolsizlantirishga urinib ko‘rdi. Lekin urinish muvaffaviyatsiz chiqdi.

Dehvonlar armiyasining Harbiy Kengashida Sho‘rolar hukumatiga va Madaminbek armiyasiga munosabat masalasida anchagina munozaralar bo‘ldi. Uzov davom etgan tortishuvlardan so‘ng Harbiy Kengash vuyidagi mazmunda karor qabul qildi:

«Farg‘ona dehvonlar armiyasi Harbiy Kengashi shuni bildiradiki, hozirgi hokimiyatni uvuvsiz, qallob va yolg‘onchi shaxslar boshqaryapti deb hisoblaydi. Chunki ular mamlakatni butunlay halokat yoqasiga olib borib qo‘ydi. Xalq qashshoqlashmoqda, hukmron partiya vakillari ataylab zo‘ravonlik siyosatini olib bormoqda. Yuqori lavozimlarni xalq saylamagan shaxslar egallab olgan. Shaharliklar va ishchilar erkin mehnat qilish imkoniyatidan mahrum qilingan, och-nahor yashashga mahkum etilgan, hukumat qo‘lini mehnatkash dehqonlarga ham cho‘zmoqda. Bizni qurolsizlantirib og‘ir mehnatimiz evaziga yetishtirgan nonimizni arzon bahoda tortib olmoqchi. Dehqonlarni dehqonchilikdan uzib, siyosiy frontdagi birodarkushlik urushiga tortmoqda. Hukumat, mehnatkash xalq manfaatini qattiq turib himoya qilayotgan, armiyamiz tomonidan saylangan Harbiy Kengash va Armiya Shtabini o‘zboshimchalik bilan qamoqqa olishga urinib ko‘rmoqda. Qurollarni esa faqat kam sonli kommunistlarga berishni talab qilyapti. Mehnatkash xalq ustidan bunday zo‘ravonlik qilishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Biz mehnatkash dehqonlar hukumatdan quyidagi talablarimiz bajarilishini talab qilamiz.

1. Turkiston jumhuriyati ma’muriy organlari, ya’ni Sho‘rolar Ijroqo‘m va Qo‘mitalardagi va boshka organlardagi mansabdor shaxslarni hukumatdan chetlashtirish va umumiy, teng, to‘g‘ri va yashirin ovoz berish yo‘li bilan yerli musulmonlarga o‘rinlarning teng yarmini bergan holda qayta saylov o‘tkazish.

2. Fuqarolarning hammasiga mehnat qilish, erkin ko‘chish va savdo-sotiq qilish huquqini va boshqa fuqarolik erkinliklari berishni, partiyali va partiyasizlarga bir xil munosabatda bo‘lishni;

3. Erkin umumta’lim maktablarini ochishni, so‘z va matbuot erkinliklari berilishini;

4. Zudlik bilan shaxs erkinligi, diniy e’tiqod va vijdon erkinligi ustidan zo‘ravonlik qiluvchi hamma organlarni, muassasalardagi komissarlikni, aksilinqilobchilarga qarshi kurashuvchi deb ataladigan «Favqulodda komissiyalarni «osobiy otdel»larni tarqatib yuborishni;

5. Inqilobiy Tribunalga bo‘ysunmaydigan va uning oldida javob bermaydigan mustaqil Xalq Sudini yaratishni;

6. Non va don mahsulotlari ustidan o‘rnatilgan davlat monopoliyasini bekor qilishni;

7. Siyosiy front janglaridan zudlik bilan dehqonlarni o‘z rayonlariga, dehqonchilikka qaytarishni;

8. Turkistonda saqlanayotgan harbiy asirlarni (birinchi jahon urushining 42 mingdan ortiq harbiy asiri Turkistonda edi[5]) vataniga qaytarishni, qurollarni esa Jaloloboddagi dehqonlar armiyasi shtabiga topshirishni talab qilamiz. Erkin dehqonlarning talab va huquqlarini zaruriyat tug‘ilsa qurol kuchi bilan himoya qilamiz»[6].

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, Ovro‘padan ko‘chirib keltirilgan dehqonlar va madaminbekchilar talabnomalarida bayon etilgan fikrlar har qanday zo‘ravonliksiz huquqiy davlat tuzish talabi ekan. Biz bu talablarning asl mohiyatini yetmish yildan buyon xalqdan yashirdik va quloqlar, burjuylar talabi deb tushuntirib keldik. Sotsial qatlamlarni do‘st va dushman sinflarga ajratdik. Ular o‘rtasiga Chin devorini tikladik va birini biriga gij-gijlab otani bolaga, akani singilga dushman qilib qo‘ydik. Oqibatda minglab kishilar kindik qoni tomgan Vatan tuprog‘ini tark etishga majbur bo‘ldi. Og‘aynilar bir-birining qonini to‘kdi va to‘kmoqda. Buyuk o‘rus faylasufi Nikolay Berdyayev o‘sha voqealarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib quyidagilarni yozib qoldirgan ekan. «Aholisining milliy belgilariga karab kamsitishnigina emas, balki qaysi sinfga mansubligiga qarab kamsitilishini ham genotsid deb atash lozim».

Etmish yillik tariximizni kuzatsak, bu xulosa haqga o‘xshaydi. Madaminbekchilar va dehqonlar armiyasi talablarining asosiy qismi bugungi kunda bizning talabimiz bo‘lib yangramoqda. Yuqorida qayd etilgan talablar inqilobning dastlabki yillaridayoq ijobiy hal etilganida, hayotning keyingi oqimi shu yo‘nalishda ketganida biz bugunga kelib, yetmish yildan so‘ng qayta qurib o‘tirmasmidik. Darsliklarimizda quloqlar armiyasi va bosmachilar deb yuritilgan guruhlarning Turkiston xalkiga murojaatnomasi va nolasini o‘qib ko‘raylik.

«Farg‘ona dehqonlar armiyasi Harbiy Kengashining Turkiston xalqlariga
MUROJAATI

Inqilobga qadar dehqonlar himoyasiz, huquqsiz qatlam edi va hozir ham shundayligicha qolmoqda. Biz fuqarolik huquqlarimizni, ozodlikni qo‘limizga qurol olib himoya qilamiz. Bizning isyonimiz konstitutsiyaga qarshi isyon emas, biz o‘z insoniy huquqlarimizni, ozod yashash huquqimizni va butunlay poymol bo‘lgan musulmonlar huquqini birgalikda himoya qilamiz.

Xalq saylamasdan hokimiyat tepasiga chiqib olgan noma’lum shaxslarni hokimiyatdan chetlashtirishni, konstitutsiya bo‘yicha saylov o‘tkazishni, Sovetlardagi o‘rinlarning teng yarmini musulmonlarga berilishini talab qilamiz. Dehqonlar (ko‘chib kelgan dehqonlar nazarda tutilayapti) va musulmonlar haligacha biror marta saylov huquqidan foydalangani yo‘q. Ularga yig‘ilish o‘tkazish taqiqlangan. Musulmonlarga Nikolay zamonidagi volostnoy xo‘jayinlik qilmoqda, uyezd, viloyat va o‘lka Sho‘rolarida bizning manfaatimizni himoya qiladigan birorta noibimiz yo‘q. …Nega biz tavsiya etgan vakillar quvib yuborilib o‘rniga faqat firqalar qo‘yiladi?

Rusiyo hukumati Turkiston hukumatiga, hamma saylovda teng ishtirok etsin deb buyuradi, mahalliy hokimiyat esa buni xalqdan yashirmoqda. Musulmonlar Turkiston aholisining 95 foizini tashkil etsa, hukumatda birorta ham vakili yo‘q. …Hozirgi hukumat xalk talabini ham, Lenin dekretlarini ham nazar pisand kilmayapti. Ular faqat hokimiyatdan ajralib qolishdan qo‘rqadi va o‘zlarini xalq saylagan deb hisoblaydi. Kimlar qachon saylanganini hech kim bilmaydi, xalq oldida javob berishni xayoliga ham keltirmaydi. Hamma fuqarolarga yashash joyini tanlash, erkin mehnat kilish va shaxsiy ozodlik berilishini talab qilamiz.

Bizning erkin mehnat qilishimizga umuman imkoniyat yo‘q. Davlat nonimiz ustidan monopoliya o‘rnatsa, mahsulotlarimizni tekinga tortib olaversa, qanday qilib don ekamiz. Bunday talanishlardan so‘ng kelasi yili har qanaqa ahmoq ham don ekmaydi-ku?

Temir yo‘ldan mandat bilan faqat firqa a’zolari foydalanmoqda, bizlarning esa piyoda yurishimizga to‘g‘ri kelyapti. So‘z va matbuotga erkinlik berilsin! Yo‘qolsin oxranka bo‘limlari! Oxranka va ayg‘oqchilar podsho zamonida bo‘lardi! Hur mamlakatda ularga o‘rin yo‘q!

Xalq sudlari tashkil etilsin va undagi o‘rinlarning hammasini kommunistlar egallab olishiga yo‘l qo‘yilmasin.

Hamma fuqarolarga talabnomalarimizni o‘qib eshittirishni talab qilamiz. Nega bizning talablarimiz qabul qilinmayapti, aksincha, aksilinqilobchilar chiqishi deb baholanyapti. Konstitutsiyaga muvofiq firqalar ega bo‘lgan huquqga bizlar ham egamiz. Lekin bizga uni firqalar ravo ko‘rmayapti. Revkomlar, gruppalar va yana har xil komkomlarning aytishlaricha, ular birodarkushlik urushini xohlamayotgan emish. Unday bo‘lsa erkin mehnat kilish va fuqarolik huquqimizni bersin, qancha don kerak bo‘lsa yetishtiramiz. Quruq so‘zda emas, amalda, Iso payg‘ambar aytganidek, og‘a-ini bo‘laylik. Sho‘rolar hukumati dehqonlarni qurolsizlantirmaydi, donlaringni tortib olmaydi, jangu jadalga safarbar qilmaydi deb aldashdan nima foyda?

…Ayrim dehqonlarni qurolsizlantirib avaxtaga tashladilar. Don topshirmaganlar tribunalga topshirilyapti, tribunalning oqibati qanday tugashi bizga ma’lum. Dehqonlarni frontga olib ketmoqdalar, yerini, ish hayvonlarini tortib olmoqdalar, bog‘ini payhon etib, molu mulkini talon-taroj qilmoqdalar. Turk SIK axborotnomasidan 35-soni yoki frontdagi dehqon oilasining och qolganligi to‘g‘risidagi o‘sha gazetaning 57-sonidan «Safarbar etilganlarga yordam» nomli maqolani o‘qib ko‘rishingiz mumkin.

… Biz konstitutsiyaga muvofiq saylangan hukumatga qarshi bormaymiz aksincha uni himoya qilamiz. Talablarimiz revkomlarda, oxrankalarda muhokama etilsin va kim haqu kim nohaq ekanligi aniqlansin. Agar adolat biz tomonda bo‘lsa, bizga qo‘shilinglar va talablarimizni ochiqchasiga qo‘llab quvvatlanglar.

… Hozirgi hokimiyat ishchi-dehqon hokimiyati deb ataladi, agar shunday bo‘lsa hokimiyat nega oxranka va ayg‘oqchilarga suyanadi. Rossiya Respublikasida (RSFSR nazarda tutilyapti) ishchi dehqonlar 85 foizni tashkil etadi. Biz ularni hokimiyatdagi o‘rnini ko‘rmayapmiz-ku»?

Xalq armiyasi»[7]

Ha, oradan yetmish yildan ortiq vaqt o‘tibdiki, biz ham ularning (ishchi-dehqonlarning) hokimiyatdagi o‘rnini ko‘rmayapmiz. To‘g‘ri, Oliy Kengashlarning faxrli o‘rinlarida savlat to‘kib o‘tirganini ko‘ramiz-u, hokimiyatni boshqaruvdagi rolini ko‘rmayapmiz desam to‘g‘riroq bo‘lardi.

Keling yaxshisi, 1919 yilning oxiri — 20-yilning boshlarida Farg‘ona vodiysidagi qonli voqealarga Madaminbek armiyasining munosabati va ular taqdiri bilan bog‘liq urush harakatlariga oid ayrim hujjatlarni birgalikda ko‘zdan kechirsak.

Mavjud hokimiyat boshqaruvidan norozi bo‘lgan o‘rus dehqonlari va Madaminbek boshliq musulmon armiyasining qo‘shilishi Farg‘ona vodiysida Sho‘rolar hokimiyatini ag‘darish uchun real kuch bo‘lib qoldi. Bu baynalmilalchi armiya 8 sentyabrda O‘sh shahrini egalladi. Mintaqada siyosiy vaziyat madaminbekchilar foydasiga keskin o‘zgardi. Butun-butun otryadlar ular safiga ko‘shila boshladi. Quyida, Pomir tog‘i sarhadlarini himoya qiluvchi tog‘ otryadining majlis ahdnomasidan bir lavha keltiramiz.

«Pomir tog‘i harbiy chegara rayonining Gulchi ko‘ngilli otryadining umumiy yig‘ilishi protokolidan:

O‘sh rayon harbiy qismlari komandiri Plotnikovning dehqonlar armiyasi va madaminbekchilarning harbiy harakatlari va mintaqadagi so‘nggi voqealar to‘g‘risidagi xabarlari tinglandi.

Qaror qabul qilindi: o‘shlik o‘rtoqlarning birodarkushlik urushini tugatishi va xalqqa siyosiy dunyoqarashidan, diniy e’tiqodidan qat’i nazar haqiqiy vijdon erkinligi, matbuot va so‘z erkinligi, shaxs va fuqarolik erkinligi berilsin degan talabni to‘la ma’qullaymiz. Va mazkur printsiplarni hayotga tatbiq etish uchun ular safiga qo‘shilamiz.

O‘sh rayon harbiy qismlarining qo‘mondoni o‘rtoq Monastrov buyrug‘iga muvofiq harakatdagi Gulchi otryadi komandiri va qal’a komendantini qayta saylash.

Qaror qabul qilindi: Harakatdagi Gulchi otryadining komandiri etib G. Jukov, qal’a komendantligiga o‘rtoq Zinovev saylandi. Takliflar: O‘rtoq Yurenberg, Plotnikovga va uning kollegiyasiga birodarkushlik urushini to‘xtatishga qo‘shayotgan xizmatlari uchun chin yurakdan minnatdorchilik bildiramiz. Qaror qabul kilindi: bir ovozdan.

Majlis raisi G. Jukov.
Sekretari Naumenko 9-sentyabr 1919 yil Gulchi[8].
(O‘sh uyezdi)

«1919 yilning 15 sentyabrida Eski Marg‘ilon shahrida bosmachi guruhlarining boshliqlari Madaminbek, Ko‘rshermat (Shermuhammadqul)[9], Xolxo‘ja, Ergash[10] va boshka qo‘rboshilar ishtirokida yig‘in bo‘lib o‘tdi. Ularning maqsadi birgalikda harakat qilib, birinchi navbatda yirik shaharlarni qo‘lga kiritish edi»[11]. Bu yig‘inda Madaminbek o‘zboshimcha, tarqoq harakat qilayotgan qo‘rboshilarni boshini qovushtirishga, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishga undaydi. Qo‘rboshilar Madaminbekni «Islom lashkarining boshlig‘i» ekanligini tan olsa-da, amalda o‘z bilganlaricha ish tutaverdilar.

Madaminbekchilar va dehqonlar armiyasi 1919 yilning 18 sentyabrida Andijon shahrini qamal qildi. Qo‘zg‘olon otryadlar belgilagan muddatdan ertaroq boshlanib ketdi. Chunki hali dalada yig‘im-terim ishlari tugallanmagan edi. Mana shuning o‘zi ham mehnatkash xalqni sabr kosasi to‘lganligini isbotlab turibdi. Ittifoqchi (birlashgan) qo‘shinlar katta kuch bo‘lsa-da markazlashtirilgan urush olib borishdan yiroq edi. Qo‘zg‘olonchilar hadeganda komandiri buyrug‘iga bo‘ysunmasdi ham. Qo‘zg‘olonchilarning bir qismi qamalni davom ettirmay daladagi hosilni yig‘ib olish uchun uy-uylariga tarqab ketdi. Zamonaviy qurollangan qizilarmiyachilar qo‘zg‘olonchilarga nisbatan harbiy jihatdan ustun edi. Buning ustiga ular safiga 1919 yilning 22 sentyabridayoq Andijonga M. S. Sokolov boshliq Qozon polki qo‘shinlari, M. S. Safonov otryadi va E. F. Kujelo boshliq jangovar gruppalar yordamga keldi. Faqatgina E. F. Kujelo ixtiyorida 4,5 mingdan ortiq askar, 12 ta zambarak, 3 ta bombamyot, 57 ta pulemyot bor edi. Viloyatdagi qizilarmiyachilarning asosiy qismi 2-o‘qchi diviziyaga birlashtirilib, unga N. A. Veryovkin-Roxalskiy qo‘mondonlik qildi. Ular safida 12,5 mingdan ortiq qurolli inqilobchilar bor edi. Ulkan armiya oldida Madaminbekchilar va dehqonlar armiyasi tang ahvolga tushib qoldi va chekinishga majbur bo‘ldi. Ular 26 sentyabrda O‘sh shahrini, 30 sentyabrda Jalolobod shahrini qizilarmiyachilarga topshirdi. Mag‘lub bo‘lgan dehqonlar armiyasi tarqalib ketdi. Bir qismi Madaminbek lashkari safiga kelib qo‘shildi.

Qisqa vaqt ichida Madaminbek katta lashkar yo‘qotsa-da, armiyasini saqlab qoldi. Madaminbek 1919 yilning 22 oktyabrida Xitoy bilan chegara rayon hisoblanmish Erkeshtomda «Vaqtli muxtor Farg‘ona hukumati»ni tuzdi. Uning bu urinishidan ham bir naf chiqmadi. «O‘n to‘qqizinchi yil Oktyabr oyining oxirlarida Oyim qishlog‘ida Madaminbek Farg‘ona vodiysida harakat qilayotgan qo‘rboshilarni markazlashtirish va yagona ulkan musulmon armiyasini tuzish uchun uchinchi marta qo‘rboshilarni bir joyga yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi»[12].

Ular yagona armiyaga amalda birlasholmadilar va Farg‘ona vodiysi bo‘ylab tarqoq harakat qilaverdilar. «Qo‘qon va Xo‘jand uyezdida Ergash, Rahmonqul, Islomqul, Eshmatboy, Namanganda Omonpolvon, Marg‘ilon va Farg‘ona shahri oralig‘ida Ko‘rshermat (Shermuhammadqul)ning yirik guruhi, O‘zganda Xolxo‘ja, O‘shda Muhiddin, Andijon va Asaka oralig‘ida Madaminbek va unga bo‘ysunuvchi Isroil, Parpi, Ahmadpolvon yigitlari harakat qilardi»[13].

Biz bosmachi to‘dalari deb atayotgan guruhlarning hammasi har xil kayfiyatda bo‘lib, turlicha harakat qilardi. Eng yirik guruh hisoblanmish Madaminbek guruhi xalqni talamaslikni targ‘ib kilsa, Ergash boshlik to‘da buning aksini qilardi. U Buvayda aholisiga: «Ikki kun ichida mening yigitlarim uchun 15 million so‘m, 200 ta qo‘y, 50 qop guruch yig‘ib bermasanglar, yoshu qarilaringga qaramay hammangni bo‘g‘izlayman»[14] deb talabnoma qo‘ydi.

Madaminbek lashkarida turli millat vakillari bor edi. Andijon uchun bo‘lgan jangdagi mag‘lubiyatdan so‘ng o‘rus dehqonlari armiyasining katta qismi Madaminbek lashkari safidan joy oldi. Baynalmilalchi ulkan armiya yana jangovarlik qobiliyatini tiklay boshladi. 1919 yil dekabr oyining boshlarida Afg‘on delegatsiyasi Madaminbek huzuriga tashrif buyuradi. Delegatsiyaning tashrifi musulmonlar va nasroniylar orasidagi do‘stona munosabatlarning darz ketishiga turtki bo‘ldi. Chunki delegatsiyaning maqsadini turlicha talqin qildilar. Ulug‘ davlatchilik shovinizmi ta’sirida ulg‘aygan o‘rus dehqonining kayfiyati ham o‘zgacha edi. Tag‘in qizilarmiyachilarning xufyona tashviqotiyu xufyona ayg‘oqchilarining jonbozliklarini aytmaysizmi? Buning ustiga musulmon lashkaridagi kichik to‘da boshliqlari Xolxo‘ja, Yo‘lchi, Rahmonqul boshliq guruhlar bekning buyrug‘ini doimo bajaravermasdi. Ular boshliq guruhlar nasroniylarga ola ko‘z bilan qarardi. Bu holatlar armiyadagi birlikka, mushtaraklikka katta zarar yetkazardi.

«1920 yilning 31 yanvarida Mahkamxo‘ja va Akbarali 800 ta yigiti bilan Madaminbek boshlik musulmon armiyasi lashkariga qo‘shildi. Yigitlarning 600 tasi miltiq bilan qurollangan edi. Shu yilning 2 fevralida Parpi ko‘rboshi 300 ta ibtidoiy qurollangan yigiti bilan Madaminbek ixtiyoriga keldi[15]. Shunday bo‘lsa ham 1920 yilning bahoriga kelib Farg‘ona vodiysida siyosiy vaziyat qizilarmiyachilar foydasiga keskin o‘zgardi. Madaminbekchilar safi yerli xalq tomonidan to‘ldirilib va boshqa zaruriy ashyolar bilan ta’minlanib turilishiga qaramasdan ketma-ket mag‘lubiyatga uchray boshladi.

Biz yuqorida mag‘lubiyatlar sabablariga qisman yo‘l-yo‘lakay to‘xtalib o‘tdik. Yana bir holatga diqqatingizni jalb qilmoqchiman. Bosmachilik harakatining mag‘lubiyatga uchrashining asosiy sabablaridan biri ham shu bo‘lsa ajab emas. Negadir bunga tarixchilarimiz e’tiborsiz qarashadi yoki atayin chetlab o‘tadi. Bu ham bo‘lsa markazdan alohida topshiriq olib kelgan qurolli inqilobchilar va ularning Turkistonda inqilobni amalga oshirishdagi olamshumul rolidir. Ular xizmatini tan olmaslik yoki «qahramonlik»laridan ko‘z yumish noinsoflikdan boshqa narsa emas.

Bir zum yigirmanchi yillar voqealarini ko‘z oldingizdan o‘tkazing. Oktyabr to‘ntarishi butun o‘lkani qo‘porib tashladi. Nafaqat Turkiston, balki butun Rusiyo imperiyasi ini buzilgan aridek to‘zib ketdi. Bu jarayon chor Rusiyosining qoloq, chekka o‘lkasi bo‘lmish Turkistonda o‘zgacha kechdi. Qurolli inqilobchilar feodalizm qobig‘ini endigina yorib chiqayotgan o‘lkada kommunizm qurishga kirishib ketdilar. Yerli xalq xohish-irodasi bilan hech kim hisoblashmadi. Ming yillik e’tiqod poymol etildi. Yer, suv, molu mulk boylardan, dehqonlardan tortib olindi-yu haqiqiy egasiga qaytarib berilmadi. Arosatda qolgan qora xalq bu yangiliklarni og‘riqsiz qabul qilolmasdi. Natijada yerli xalq yangi tuzumdan norozi bo‘lib oyoq yetgan tomonga keta boshladi. Katta bir qismi Xitoyga, Afg‘onistonga bosh olib ketdi. Vatanidan, kindik qoni tomgan tuproqdan ajralishni xohlamagan, ruhiy, diniy, milliy e’tiqodi toptalishini istamagan qismi tog‘u toshlarga, cho‘lu biyobonlarga ketishni ixtiyor etdi. Va ular beixtiyor tarzda partizan otryadlariga birlashdilar, ovro‘palik qurolli inqilobchilarni qurol bilan qarshi oldilar. Biz bu otryadlarni to‘dalar, partizanlarni bosmachilar deb atay boshladik va shunday deb atab kelmoqdamiz. Biz o‘sha bosmachilar deb ataydigan kishilar uchun, nazdimda, Vatan bu shunchaki boshpana emas, muqaddas makon, muqaddas sajdagoh, o‘zining jismi ekanligini bugungi yangicha fikrlash davrida ham tan olgimiz kelmayapti.

Markazdan kelgan qizilarmiyachilar soni kundan kunga ortaverdi. M. V. Frunze alohida armiyaga bosh bo‘lib, 1920 yilning 21 fevralidayoq Turkistonga yetib keldi va bevosita Farg‘onadagi jang harakatlarini o‘z qo‘liga oldi. Ayni vaqtda oldinma-ketin Kuybishev, Kalinin, Kamenev, Budyonniy, Zinovev va Trotskiylar Turkistonga keldi va Farg‘ona bosmachilari bilan ovora bo‘ldilar. Hozirgacha bizga asli niyati noma’lum bo‘lgan Turkkomissiyalarning esa keti uzilmasdi. Qurolli inqilobchilar yerli xalqning ma’lum qismini o‘zlari tomonga og‘dira boshladi va shu maqsadda o‘lka bir burda nonga zor bo‘lishiga qaramasdan 1919 yilning noyabr oyida «Farg‘ona viloyatida yerli aholi o‘rtasida sho‘roviy tashviqot ishlarini olib borish uchun 40 mln so‘m ajratdi»[16].

Katta harbiy kuchga ega bo‘lgan qizilarmiyachilar Madaminbek lashkarini Oloy tog‘i etaklarigacha ta’qib qilib bordi. Ular Jiltiq dovoni orqali Gulchiga o‘tib ketishga urindi, qish fasli qorning qalinligi halaqit berdi va qurshovda qolib ketdilar. Madaminbek oldida ikki yo‘l bor edi. Biri kuchlar teng bo‘lmagan holda jangga kirib kirilib ketish, ikkinchisi o‘z armiyasini saqlab qolish uchun Sho‘rolar tomoniga o‘tish. Madaminbek inson hayotini, uning qadr-qimmatini hamma narsadan ustun qo‘ydi va sho‘roviylar bilan yarash bitimini tuzishni tanladi. U bu bilan birodarkushlik urushiga mumkin qadar xotima berishga, bekorga qon to‘kilishining oldini olishga va yurtida osoyishtalik o‘rnatilishiga ishondi.

Madaminbekka qadar bir qancha bosmachilar guruhi Sho‘rolar tomoniga o‘tgandi. «Amirul muslimin» yoki Musulmonlar armiyasining ko‘mondoni Madaminbek (u bu lavozimni 1918 yilning yozida katta Ergash ko‘rboshi Marg‘ilon shahri yonidagi jangda halok bo‘lgandan so‘ng meros qilib olgandi) Qozon polki komandiri Yusuf Ibrohimov vositachiligida N. A. Veryovkin-Roxalskiy bilan muzokara olib borishga kirishdi. Ayni vaqtda M. V. Frunze «Muzokaralarning kanday ketishidan qat’i nazar, Madaminbek qo‘shinlarini qo‘lga olish uchun kat’iy choralar ko‘rilsin» deb buyruq berdi. N. A. Roxalskiy bilan Madaminbek yarash bitimiga kelisha oldi. 1920 yilning 6 martida Eski Marg‘ilon shahrida tantanali yarashuv marosimi bo‘lib o‘tdi. Va ikkala tomon quyidagi bitimga imzo chekdilar:

«Turkiston fronti Inkilobiy Harbiy Kengashining amaldagi buyrug‘iga asoslanib, 2-Turkiston o‘qchi diviziyasining boshlig‘i Nikolay Andreevich Veryovkin-Roxalskiy, ikkinchi tomondan Musulmon armiyasining ko‘mondoni Muhammadaminbek Ahmadbek o‘g‘li quyidagi bitimga imzo chekamiz.

Men, Muhammadaminbek Ahmadbek o‘g‘li armiyam, qo‘rboshilarim va maslahatchilarim nomidan tantanali ravishda bayonot beraman.

Ushbu shartlarim bajarilsa, Sho‘rolar hukumatini tan olaman. Unga sodiq do‘st bo‘lishga va buyruqlarini bajarishga va’da beraman.

1. Sho‘rolar hokimiyati Turkistonda fuqarolik ishlarini tashkil etishda shariat asoslarini saqlab qolsin.

2. Mening asosiy qarorgohim etib Namangan shahri belgilansin…

3. Sho‘rolar hukumatining ichki va tashqi dushmanlariga qarshi jang qilish uchun zaruriyat tug‘ilsa Farg‘ona hududi sarhadlariga ham o‘tishim mumkin. Boshqa frontlarga jo‘nab ketishni va jang harakatlariga qo‘shilishni zimmamga olmayman.

4. Mening armiyamda xizmat qilayotgan o‘rus birodarlarimning hammasiga amnistiya (kechirim) e’lon qilinsin. Ularning xohishiga qarab mening otryadimda qoldirilsin.

5. Turkiston fronti Harbiy Kengashi va Turkiston Markaziy hukumatiga o‘zimning sodiqligimni bildirish uchun 1920 yilning 13 martigacha Toshkentga yetib borishga so‘z beraman»

2-Turkiston o‘qchi diviziyasining komandiri, N. A. Veryovkin-Roxalskiy.
Diviziya harbiy-siyosiy komandiri A. Slepchenko.
Musulmon armiyasining qo‘mondoni, Muhammadaminbek Ahmadbek o‘g‘li 1920 yilning 6 marti. Iskobelov shahri[17]

Madaminbek va uning yetti mingga yaqin qo‘shini, unga itoat etuvchi qo‘rboshilardan Boytumanxo‘ja, Omon polvon, Primqo‘rboshi va boshqa qo‘rboshilari bilan birga maslahatchilari Sitnikovskiy, Ivan-Farinskiy va Nensberglar Sho‘ro hukumati tomoniga o‘tdi.

Madaminbekning bu xatti-harakati kimlargadir ma’qul tushdi va uni qo‘llab quvvatladilar. Ayrimlar uni nodonlikda, qolaversa xoinlikda aybladilar.

Tinchlik sulhi imzolandi, lekin u uzoq yashamadi. Musulmonlar shartnomada ko‘zda tutilgan hamma majburiyatlarni bajardi. Qizil armiyachilar esa…

Keling, yaxshisi Turkkomissiya a’zosi V. V. Kuybishevning yarash sulhiga bergan bahosini eshitaylik. «Mazkur bitim shu holida siyosiy sohada ham, harbiy sohada ham yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin… Birinchi bandi bizni Farg‘onada va hatto Turkistonda fuqarolar orasidagi ishimizni cheklab qo‘yadi va Sho‘ro hokimiyatiga yot bo‘lgan printsiplarga amal qilishga majbur etadi». V. V. Kuybishev sulhni bekor qilishni (oradan ancha vaqt o‘tgach) va «Madaminbekni asta-sekin shashtidan tushirib, uni oddiy bir itoat etuvchi kishi darajasiga keltirib qo‘yishni»[18] taklif etadi. Oradan bir necha kun o‘tgach (Madaminbek o‘ldirilgandan so‘ng) «Farg‘ona viloyati partiya qo‘mitasi maxsus qaror qabul qildi: Turkiston Komfirqasi, — deyiladi bu qarorda, — o‘lka firqa qo‘mitasidan va Turkiston Harbiy Inqilobiy Kengashidan Madamin bilan tuzilgan sulh bitimi matnining kirish qismi va 5-bandidan boshqasini bekor qilish so‘ralsin, chunki u viloyat firqa qo‘mitasi va Harbiy Inqilobiy Kengashning ba’zi a’zolarining fikricha siyosiy jihatdan mutlaqo noto‘g‘ridir»[19].

Madaminbek Sho‘rolar tomoniga o‘tgach, «Amiri lashkari Musulmon» lavozimini Ko‘rshermat (Shermuhammadqul) egalladi. U qizilarmiyachilar o‘qidan omon qolgan bosmachilarni uyushtirishga harakat qildi.

1920 yilning mart oyida Madaminbek Ko‘rshermat va Xolxo‘jaga muzokara olib borish uchun bir necha marta odam yubordi. Va Ko‘rshermatdan quyidagi javob maktubini oldi.

«Bismillahir rahmonir rahim. Yetimlar, yesirlar va kambag‘allar do‘sti, yengilmas sarkarda Muhammadaminbekka, Shermuhammadquldan.

Sizning dovrug‘ingiz Buxoroyu Sherobod va Kobulgacha borib yetibdi. Butun musulmon lashkariga bosh bo‘lib, Sho‘rolar hokimiyati xizmatiga kirib, tinchlik va osoyishtalik uchun kurashayotganingizni biz ham eshitdik.

Mening ham yigitlarimni umumiy to‘daga qo‘shish uchun, birgalikda kengash o‘tkazish maqsadida Garbuva qishlog‘ida sizni va o‘rus maslahatchilaringizni kutaman»

Shermuhammadqul.
Hijriyning (qamariy) 1238 yili Sha’bon oyining 3-kuni. Vodil qishlog‘i
[20].

Madaminbek Ko‘rshermat bilan yuzma-yuz muzokara olib borish uchun 12 ta yigiti bilan Uchqo‘rg‘onga Ko‘rshermat huzuriga yo‘l oladi. Ular Uchqo‘rg‘on yo‘lidagi Qorovul qishlog‘iga yetib kelganida, bir necha kun ilgari o‘ziga bo‘ysungan, o‘zining sobiq quli Xolxo‘ja tomonidan qo‘lga olinadi. Vatan xoinligida ayblanib, 1920 yilning 14 mayida Qorovul qishlog‘ida Xolxo‘janing o‘zi bekni boshidan judo qildi»[21].

Madaminbek o‘limidan so‘ng armiyasining asosiy qismi yana bosmachilar tomoniga qochib o‘tdi. Bosmachilik harakati esa yana bir necha yil davom etdi.

Biz uzoq vaqt tarixiy shaxslarga, jumladan Madaminbekka va madaminbekchilar faoliyatiga, shaxsiga baho berishda, ular yashagan zamonni va davr ruhini esdan chiqarib qo‘yganmiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak butun xo‘jaligi, ijtimoiy hayoti dehqonchilikka asoslangan o‘lka farzandidan marksizm-leninizmni talab qildik. Go‘yoki, Madaminbek kommunist, uning cho‘ntagida firqa bileti borday munosabatda bo‘ldik. Va ularni firqaning mafkuraga bag‘ishlangan Oliy Kengashlarida muhokama etdik. Sarkarda hayoti bilan bog‘liq ayrim esdaliklar va arxiv hujjatlari bilan tanishib shu narsani angladimki, Madaminbek Vatanini, xalqini, dinini sevgan baynalmilalchi sarkarda bo‘lgan ekan. Agar u xalqini sevmaganida tinchlikka intilmasdi, hayotini garovga qo‘yib Uchqo‘rg‘onga Ko‘rshermat qarorgohiga yolg‘iz bormasdi. Madaminbek endigina 28 yoshga to‘lgandi. Afsuski u dovyurakligini ham, xalqparvarligini ham o‘zi bilan birga olib ketdi.

Mabodo o‘sha alg‘ov-dalg‘ov zamonda dovyuraklarimiz tirik qolganida minglab vatandoshlar vatangado bo‘lib xorijga chiqib ketmasdi, imlo-alifbolarimiz o‘zgartirilib savodsizlikka mahkum etilmasdik. Agar Madaminbekday sarkardalarimiz omon qolganida jahon urushida millionlab yurtdoshlar qumursqadek qirilib ketmasmidi? Balkim ular millatparvar generalimiz bo‘larmidi? Turkiy xalqlar o‘rtasidagi harb ilmi ham bugungidan boshqacharoq bo‘lardi. Moskvalik olimadan markaziy matbuot orqali «o‘zbek xalqi jismonan nochor, harb ilmiga uquvsiz, ularning armiyadagi salmog‘i oshgan sari Vatanimiz mudofaasi ham shunchalik kuchsizlanib borayapti» degan dashnomlarini eshitmasmidik. Balkim «bosmachiilik davri 10 yilgina oldin tahlil qilinganida Turkiston fojeasi Afg‘on fojeasi bo‘lib takrorlanmasdimi? Minglab begunoh tengqurlarimizning qoni daryo bo‘lib oqmasdi. Bugungidek turna qator temir tobutlar kelmasdi. Gdlyan va Ivanovlar xalqimizni bugungichalik xo‘rlay olmasdi.

Shuncha yo‘qotilgan qadriyatlar va nobud bo‘lgan farzandlarimiz evaziga biz bugun nimalarga ega bo‘ldik?.. «O‘tmishni o‘rganish bu kelajakni oldindan ko‘rish» deydi donolarimiz. Keling yaxshisi hechdan ko‘ra kechi ham yaxshi deganlariday, Vatani, xalqi, millati uchun jonini fido etgan qahramonlarimiz ruhini shod etaylik. Madaminbek orzu qilganday, harbiy maktablar ochaylik, o‘rus birodarlarimiz suvorovchi bo‘lganiday biz ham temurchi va boburchilar bo‘laylik. Temur va temurchi bobolarimiz qoldirgan harb ilmlaridan bahra olaylik. Mazkur harbiy maktablarda ukalarimiz, farzandlarimiz turkiy tilda saboq olsinlar. Va maktablarimizni Vatanim, xalqim deya jon bergan Bobon botirlar, Olimquli va Nomozbotirlar, Muqanna-yu Torobiylar nomi bilan ataylik.

Yovga qarshi jangda shahid bo‘lgan Temur Malikka Xo‘jandda, Iskobelevday fotihni tiz cho‘ktirgan Bobon botirga Samarqandda, istilochi Chernyayev to‘piga ko‘kragini tutgan Toshkent himoyachisi Olimquliga Toshkentda, yarim podshohlikni larzaga keltirgan Nomozbotirga Dahbetda, tulkidek ayyor Kaufmanni magpub etgan Mulla Ishoqxonga Andijonda haykal o‘rnatsak, ularning vatanparvarligini himoya qiluvchi muzeylar tashkil etilsa, kinofilmlar yaratilsa ana shundagina yosh avlod qalbiga VATAN tuyg‘usidek muqaddas ruhni singdirgan bo‘lamiz.

“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 4-son

________________________

[1] P. Alekseenkov. «Krestyanskoye vosstaniye a Fergane» izdaniye Aktsioner. Obshestva «Sredazkniga» T.1927., str.67. (Otdel SredAz Byuro SK VKP(b) po izucheniyu istorii partii Oktyabrskoy revolyutsii v Sredney Azii).

[2] P. Alekseenkov, O‘sha asar, 25-bet.

[3] P. Alekseenkov, O‘sha asar, 39-bet.

[4] P. Alekseenkov, O‘sha asar, 68-bet.

[5] O‘zSSJ. Markaziy Davlat Arxivi, R-25-fond, opis 1, delo — 18, 38-39-varaq.

[6] P. Alekseenkov. O‘sha asar, 52-53-betlar.

[7] P. Alekseenkov. O‘sha asar, 60-62-betlar.

[8] P. Alekseenkov, O‘sha asar, 71-bet.

[9] Shermuhammadqul Farg‘onada tug‘ilgan. Tarixga Ko‘rshermat nomi bilan kirdi. Ko‘rshermat Farg‘onada mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng, o‘ziga sodiq 140 ta yigiti bilan Qashqarga qochib o‘tadi. 1923 yili Peshavorga yetib keladi va Angliya hukumatidan siyosiy boshpana so‘raydi. Ayni vaqtda Xitoy va Hind musulmonlaridan najot izladi. Ingliz olimi Glenda Frezer o‘zining 1987 yili Londonda chop etilgan «Bosmachilar» deb nomlangan kitobida ta’kidlashicha, 1924 yilning martida Angliya hukumati Ko‘rshermatga yordam bera olmasligini bildirgan. Afg‘oniston hukumati esa unga 500 afg‘on rupiysi miqdorida nafaqa tayinlagan (K. N. Abdullayev. «Iz istorii Buxarskoy poslerevolyutsionnoy emigratsii» Obshestvennыe nauki v Uzbekistane 1990 g. № 4, str. 54.)

[10] Turkistonda bosmachilik davrida ikkita Ergash qo‘rboshi Sho‘rolarga qarshi jang kildi. Birinchisi, katta Ergash 1918 yilnint yozida Marg‘ilon shahri yonidagi jangda halok bo‘ladi, u bungacha Musulmon armiyasining ko‘rboshisi etib saylangandi. Ikkinchisi 1920 yili Qo‘qonda mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng siyosiy faoliyatdan chetlashib ketdi.

[11] Sho‘rolar Armiyasining Markaziy Davlat arxivi. 25859-fond, 1-izohnoma, 35-delo, 92-varaq.

[12] O‘zSSJ Markaziy Davlat arxivi, Fond R—243, 1-izohnoma (opis), 6-delo, 9-varaq.

[13] O‘zSSJ Markaziy Davlat arxivi, 17-fond, 1-izohnoma (opis), 250 «a» delo, 9-varaq.

[14] P. Alekseenkov. O‘sha asar, 71-bet.

[15] «Kratkiy ocherk vozniknoveniya i razvitiya basmachestva v Fergane» (po dannыm 1 marta 1922 goda) Tashkent 1922 god; 21-str.

[16] Rezolyutsii i postanovleniya sezdov kommunistichesnoy partim Turkestana 1918—1924 gg. Tashkent, izd-vo «Uzbekistan» 1968 g. str. 26.

[17] Sho‘rolar Armiyasining Markaziy Davlat arxivi, Fond —110, opis 1, delo —62, 101-varaq.

[18] Sho‘rolar Armiyasining Markaziy Davlat arxivi, fond— 110, 1-izohnoma, 62-delo, 107-varaq.

[19] M. X. Nazarov. Turkiston interventsiya va birodarkushlik urushi davrida «O‘zSSJ Davlat nashriyoti». Toshkent — 1961 yil. 227-bet.

[20] Mark Polikovskiy. «Konets Madaminbeka». Tashkent — 1961 god, 157. (zapisi o grajdanskoy voyne)

[21] KPSS Markaziy Qo‘mitasi qoshidagi marksizm-leninizm institutining arxivi 122-Fond, 1-izohnoma, 44-delo, 124-varaq.