Qaldibek Seydanov. O‘zbek xalqining bovuri (1990)

Sobit og‘a Muqonov rang-barang ijodi bilan umumsovet adabiyoti kamolotiga ulkan hissa qo‘shgan ajoyib qalam sohibidir. Ijod maydoniga 20-yillar boshida she’riy asarlari bilan kirib kelgan adib badiiy adabiyotning hamma janrlarida unumli qalam tebratib, qozoq sovet adabiyotini ittifoq doirasiga olib chiqishda munosib hissa qo‘shdi.

U qozoq sovet adabiyotining birinchi bo‘g‘ini bo‘lmish Saken Seyfullin, Beyimbet Maylin, Ilyos Jonsugirov, Muxtor Avezov kabi ijodkorlar bilan bir safda turib, ona yurt jamolini, qozoq xalqining baxt-saodatini, o‘tmishi va bugunini, orzu-umidlarini madh etish bilan birga, xalqlar do‘stligi va birodarligini, baynalmilal g‘oyalarni jo‘shib kuyladi. Qardosh xalqlar adabiyoti vakillari bilan, jumladan, o‘zbek sovet adabiyotining peshqadam qalam sohiblari bilan do‘st tutindi. Ulug‘ o‘zbek shoiri Alisher Navoiyni ustoz sifatida tanib, Muqimiy, Furqat, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Hamza asarlarini mutolaa qildi.

«1927 yilning kuzi. Ulug‘ Oktyabr sotsialistik revolyutsiyasining bayram arafasi. Qozoq sovet adabiyotining asoschisi, Qozog‘istonda Sovet hokimiyatini barpo etishda faol ishtirok etgan inqilobchi shoir Saken Seyfullin menga Oktyabr bayramini Toshkent shahrida o‘tkazishni taklif qildi. Men Toshkentda ilgari bo‘lmagan edim, Toshkentga kelib, «Revyu» mehmonxonasiga joylashdik», deb xotirlaydi Sobit Muqonov «Buyuk madaniyat arbobi» maqolasida. O‘sha kezlarda Hamza, A. Qodiriylar bilan tanishadi, ular bilan hamsuhbat bo‘ladi. Saken Seyfullin Hamzani «Birinchi o‘zbek revolyutsioner shoiri», deb tanishtiradi. «Revyu» mehmonxonasiga joylashganimizdan keyin, ertasi kuni bizni Abdulla Qodiriy o‘z uyiga mehmonga taklif qildi. Sakenning tavsiyasi bilan men A. Qodiriyning «Mehrobdan chayon» asarini hijjalab bo‘lsa-da, o‘qib chiqqan edim. Uning uyidagi mehmonlar orasida bug‘doyrang, siyrak mo‘ylov bir kishi so‘zga chechan, hazilkash va quvnoqligi bilan boshqalardan ajralib turardi. Bu kishi Hamza Hakimzoda ekan», deb eslaydi adib.

Sobit Muqonov qardosh o‘zbek yozuvchilari bilan bo‘lgan aloqalarni keyinchalik ham davom ettirdi. Ayniqsa u G‘afur G‘ulom bilan juda yaqin edi. O‘z navbatida shoir o‘rtadagi do‘stlikni qadrlab, Qozog‘istonning 25 yilligi munosabati bilan yozgan «Qozoq elining ulug‘ to‘yi» she’rida jumladan shunday deb yozgan edi:

Maqtanmayman, chin aytganda,
Bir chamalab qarayman.
Aytisuvda Sobit bilan
Tortishuvga yarayman.

Sobit Muqonov jonajon do‘sti G‘afur G‘ulomni dafn etish marosimida: «…Men u bilan 35 yil do‘st bo‘ldim, ikkalamiz hamkasb, qadrdon edik»,— degan edi chuqur qayg‘u bilan ko‘ziga yosh olib. Har ikkala qalam sohibining birbiriga yozgan xatlarini, she’rlarini ko‘zdan kechirar ekanmiz, o‘rtadagi samimiy do‘stlik tuyg‘ularining guvohi bo‘lamiz. Ular ijodida turmush madaniyati, xalqlarimiz urf-odatlari, azaliy do‘stlik tuyg‘ulari maroq bilan kuylandi. Chunonchi, Sobit Muqonov «Sirdaryo» romanida o‘zbek qizi Saodat obrazini gavdalantirdi, keyingi qator asarlarida qozoq-o‘zbek xalqlari do‘stligini tarannum etdi. Bundan tashqari, «Salom, O‘zbekiston», «Buyuk madaniyat arbobi», «Qardoshligimiz haqida so‘z», «Hamniyatlar», «G‘afurning so‘nggi daqiqasi», «Kamolotimiz ko‘rigi» kabi adabiy-tanqidiy maqolalarida o‘zbek adabiyoti vakillarining o‘ziga xos xususiyatlarini ochib beradi. Adib o‘zbek-qozoq xalqlari birodarligi haqida fikr yuritar ekan: «Bu ikki xalqning taqdiri ham bir! Tarixga nazar tashlasak, ularning ichki va tashqi dushmanlarga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib, kurashib kelganliklarini bilib olish qiyin emas. Birining boshiga qiyinchilik tushganda, ikkinchisi unga yordam qo‘lini cho‘zgan. Shunday qilib, ular bir vaqtlar o‘zlarining yerlariga bostirib kirgan mo‘g‘ul bosqinchilariga qaqshatg‘ich zarba berishgan, ichki dushmanlarga qarshi ayovsiz kurashganlar», deb har ikkala xalq o‘rtasidagi do‘stlikning mohiyatini ochadi. O‘z navbatida, adibning «Hayot maktabi», «Cho‘loq polvon», «Yilqichining bolasi» qissalari hamda mashhur «Bo‘tako‘z» romanlari o‘zbek tiliga tarjima qilindi.

Mohir shoir, yetuk nosir, ajoyib dramaturg, yirik adabiyotshunos olim, ulkan jamoat arbobi, xalqlar do‘stligining otashin jarchisi — Sobit og‘a Muqonov 1973 yili 73 yoshida olamdan o‘tdi. Lekin, u yaratgan rang-barang ijod durdonalari, xalqlar do‘stligi va birodarligini rivojlantirishga qo‘shgan xizmatlari hamda adabiy aloqalarning yangi-yangi qirralarini ochishdagi tahsinga sazovor ishlari qalblardan-qalblarga o‘tib, abadiy yashayveradi. Shuning uchun ham hozir keng jamoatchilik uning 90 yilligini qizg‘in nishonlamoqda.

Qaldibek Seydanov, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi qoshidagi qozoq adabiyoti kengashining raisi

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 5-son