E’tibor bering-a, inson qishda issiqni, yozda esa soya-salqinni qo‘msaydi. Vaholanki, odamzotning yaxshi yashab, sog‘lom turmush kechirishi uchun o‘z paytida yoz ham, qish qam juda-juda kerakdir. Kerakli narsalar esa, bamisoli qahraton qishday yoki jazirama issiqday yoqimsiz bo‘lishini negadir «hazm» qilolmaymiz. Jumladan, tanqid, taftish, achchiq so‘zga munosabatimizda shunga o‘xshash holni ko‘raman, achchiq so‘z menga asaldek shirindir, deb bong uradigan odamni uchratish amrimahol-ku! Aslida odam tanasi o‘z vaqtida qattiq sovuq yoki saratondan yetarli darajada bahramand bo‘lmasa, kasallanib, dardga chalinib qolganidek, tanqidu taftishsiz, achchiq so‘zsiz ma’naviy-ruhiy sog‘lomlik ta’minlanmaydiki, bu oddiy haqiqatni so‘zda bajonidil e’tirof etamiz, ammo amalda-chi?
Afsuski, e’tirof etilgan ko‘pgina oddiy haqiqatlar, ayniqsa, tanqidu taftish, o‘z-o‘zini tanqidni rivojlantirish haqidagi g‘oyatda to‘g‘ri, asosli gaplar baralla aytiladi-yu, biroq aksari hollarda amaliy ishlar bilan mustahkamlanmasdan quruq gap, yangroq so‘z, chiroyli chaqiriq sifatida qolib ketaverdi.
Mana shunday achinarli, og‘ir, murakkab vaziyatni tubdan o‘zgartirib, ijtimoiy, ma’naviy, iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash maqsadida qayta qurish, oshkoralik va demokratiyalash jarayoni boshlanganiga to‘rt yildan ortiq vaqt o‘tib borayapti, biroq jamiyat, inson turmushini, ahvolini keskin yaxshilaydigan muvaffaqiyatlarga erishilmayapti, ba’zi sohalarda vaziyat hatto turg‘unlik davriga nisbatan ham yomonlashayapti. Axir, dabdababozlik, madhiyabozlik, poraxo‘rlik avjiga chiqqan paytlarda ham sovun, shakar kabi mahsulotlar tanqisligi yo‘q edi-ku?!
Ha, bunday tanqislikni ko‘rmaganmiz, ammo ma’naviyat hamda iqtisoddagi, ayniqsa, tabiatdagi «o‘pirilishlar» fojialarni keltirib chiqargan ob’ektiv shart-sharoitlar, sabablar, omillar to‘g‘risida bosh qotirmaganmiz. Aytaylik, bir-ikki yoki o‘n, hatto yuz arbob yoki rahbarning xohishi bilangina partiya, davlat tashkilotlarining eng quyi tarmoqlaridan boshlab yuqori pog‘onalarigacha hukmronlik qilgan buyruqbozlik, ma’muriyatchilik kasali kelib chiqqanmi? Agar shunday bo‘lsa, nega o‘sha bir qancha rahbarlar, arboblarning o‘rnini almashtirish, ularni lavozimlaridan xalos qilish bilan qayta qurilish to‘la amalga oshirilib, chinakam ijobiy o‘zgarishlar bo‘y bermayapti?
Albatta, rahbariyatni tozalash, uni yangi kuchlar bilan mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi, lekin bu ishning muvaffaqiyatli bajarilishiga nomenklatura degan qonun-qoida katta to‘siq bo‘layotgani markaziy matbuotda ro‘yi-rost aytilmoqda. Xo‘sh, uning nimasi yomon? Avvalo shuki, iste’dodli, qudratli, uddaburro, ishchan, dono rahbarlarni tanlash uchun ijodiy musobaqaga yo‘l berilmaydi. Axir, kimlarning qanday lavozimlarga tayinlanishi, hatto saylanishi besh, o‘n-yigirma yil oldin kimlarningdir istagi, saviyasi, manfaatiga ko‘ra qat’iy qilib belgilanadi-ku! Ayniqsa, rahbarlikka nomzodlarning keng xalq ommasi ishtirokida muhokama etilmasligi, jamoatchilikdan sir tutilishi jiddiy e’tiroz tug‘diradi. Yana shunisi borki, o‘sha nomzodlar bir sohaga rahbarlik qilib, ishni buzsa, izdan chiqarsa, ikkinchi sohaga, uchinchisiga, to‘rtinchisi, beshinchisi… o‘ninchisi, yigirmanchisiga o‘tkazilaveradi. Nomenklaturaga kirib qoldingmi, demak, bir umr ba’zan quyi-past, ba’zan o‘rta, gohida esa yuqori bosqichlardagi rahbarlik mansabi bilan ta’minlandim, deb hisoblayverasan. Bordi-yu, bir falokat bosib, og‘ir siyosiy xato qilmasangiz yoki og‘ir jinoyat ustida tutilmasangiz bas, yuqori martabali rahbarlar doirasida ayshingizni suraverasizki, buni tasdiqlash uchun yuzlab, minglab misollar keltirish mumkin.
To‘g‘ri, ularning ichida ba’zan, onda-sonda tasodifan iste’dodli, aqlli, tadbirkor rahbarlar uchrab turadiki, buni shu yil iyul oyida jumhuriyatimiz partiya tashkiloti rahbariyatida ro‘y bergan o‘zgarishda ko‘rayapmiz. Endi bu o‘zgarishni keng miqyosda avj oldirib, astoydil mustahkamlash uchun o‘sha nomenklaturadan voz kechish zarur, deb o‘ylayman. Lekin nomenklatura bir-ikki yildan buyon emas, balki qariyb yarim asrdan ortiq vaqt ichida jamiyatimizda chuqur ildiz otib ketganki, undan qutilish oson emas.
Ha, undan voz kechib, yangi qonun-qoida ishlab chiqish uchun qattiq kurashish talab qilinadi. Bordi-yu, bu kurashda g‘alaba qozonilsa, jamiyatimizning ko‘p sohalaridagi inqilobiy yangilanish, poklanish jarayoni ancha tezlashardi. Bunga ishonch hosil qilish uchun misol tariqasida «Birlik» xalq harakatiga jumhuriyat firqa va davlat tashkilotlarining qanday munosabatda bo‘lganini sharhlashning o‘zi kifoyadir.
Ma’lumki, bu norasmiy uyushma inqilobiy qayta qurishning bir mevasi sifatida dunyoga kelgan edi. Axir, mamlakatni boshqarishning barcha tarmoqlaridagi buyruqbozlik, ma’muriyatchilik, byurokratiyani tugatish, paxta hokimligiga barham berish, paxta xarid narxini oshirish, Orolni himoya qilish, yeru suvlar, butun tabiatning sofligi, tozaligi, pokligini ta’minlash, milliy, madaniy, ilmiy-estetik taraqqiyotni yo‘lga qo‘yish orqali xalqimiz iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy mustaqillikka erishish, pirovardida ijtimoiy adolat, halollik, haqqoniylik, tenglikni tiklashni o‘zining asosiy vazifasi deb hisoblashi bejiz emas-da!
Shunday ekan, «Birlik»ni millatchi tashkilotdir, deb qoralashga hech qanday asos yo‘q. Shuning uchun uni birinchilardan bo‘lib Temur Po‘latov himoya qilib chiqdi. U o‘zining o‘tgan yili Butunittifoq yozuvchilari uyushmasi plenumida so‘zlagan nutqida (bu nutq «LG»da bosildi-yu, biroq jumhuriyatimiz matbuoti yuzini ko‘rmadi) «Birlik»ning programmasi — inqilobiy qayta qurish ruhi bilan sug‘orilib, partiya manfaatlariga mos tushadi, degan fikrni qat’iy qilib aytgandi. So‘ngra KPSSning o‘z tasarrufidagi «Uchitelskaya gazeta»da A. Usmonov O‘zbekistondagi norasmiy uyushma faoliyatini tahlil qilib, uning maqsad va vazifalari ifodalangan programmaning muhim nuqtalariga izoh beradi, pirovardida ayrim noaniqliklar, mavhumliklar, ba’zi kamchiliklarga qaramasdan «Birlik» xalqimizning milliy ongu tafakkurini, uning siyosiy faolligini rivojlantirishga qaratilganini ishonarli ko‘rsatadi.
Ko‘rayapsizmi, markaziy matbuot «Birlik»ni qo‘llab-quvvatlayapti, uning reaktsion, millatchi tashkilot emasligini isbotlayapti, ammo shunga qaramasdan jumhuriyatimizdagi eng yuqori bosqichdagi bir qancha rahbarlar bilan birga ularning «o‘rtacha», «quyi» pog‘onadagi izdoshlari, ittifoqchilari bu uyushmani tuhmatu bo‘htonlarga «ko‘mib», uning boshliqlari, a’zolarini tazyiq ostiga olmoqchi ham bo‘ldilar. Yana shunisiga e’tibor berilmaydiki, shu yil 28 mayda «Birlik»ning qurultoyi bo‘lib, unga barcha viloyatlardan vakillar qatnashdi, eng muhimi, O‘zbekiston xalq shoirlari Shukrullo, Erkin Vohidov, jumhuriyat yozuvchilar uyushmasi kotibi Muhammad Solih, rassomlar uyushmasining raisi Bahodir Jalolov, taniqli dirijyor, professor 3. Haqnazarov, o‘nlab iste’dodli yozuvchilar, fan doktorlari (ularga mazkur satrlar muallifi qo‘shilgan), nomzodlari ishtirok etdi, ularning aksariyati mazkur uyushma hay’atiga saylandi.
Xo‘sh, mana shunday nufuzli ijodkor ziyolilar, oddiy ishchilar, dehqonlar, turli xil millatlarning vakillari uyushgan tashkilot xalq manfaatlariga zid faoliyat ko‘rsatishi mumkinmi? Yo‘q, aslo… Bugina emas. «Birlik» tashkil etilgan kundanoq chinakam inqilobiy qayta qurish, oshkoralik, demokratiyalash g‘alabasi uchun astoydil kurashayotgan partiya arboblari, a’zolari, hukumat boshliqlari, xizmatkorlari bilan hamkorlikda ishlashga tayyor ekanliklarini baralla aytdilar. Ularga «Birlik» shu mazmundagi iltimoslar bilan murojaat etdilar, lekin muntazam ravishda raddiya oldilar. «Birlik» hayotning barcha sohalaridagi qoloqlik, turg‘unlik mohiyatini yoritib, qanday ijobiy amallarga suyangan holda mavjud «o‘pirilishlar»ni tugatish orqali ijtimoiy, iqtisodiy hamda ma’naviy, madaniy taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan taftish o‘tkazuvchi o‘tkir qurol sifatida maydonga chiqdi.
Xayriyat, jumhuriyat miqyosidagi yuksak rahbariyatda o‘zgarish bo‘lishi bilanoq «Birlik» faoliyatiga xayrixohlik bildirildi. Uning rahbarlari, faollariga televideniye orqali xalqqa murojaat qilishiga imkon berdi. «Sovet O‘zbekistoni», «Pravda Vostoka» gazetalarining 9 sentyabr sonida mazkur norasmiy uyushma programmasi mohiyat-e’tibori bilan partiyamizning qayta qurishga qaratilgan qarorlari, ko‘rsatmalariga hamohang, mushtarak ekanligi e’tirof etildi.
Bordi-yu, «Birlik»ka munosabat yanada yaxshilanib, ro‘yxatdan o‘tkazilsa, rasman e’tirof etilsa, erkin, mustaqil faoliyat ko‘rsatish uchun zarur shart-sharoit yaratilsa, u partiyamizning sof, sog‘lom, salmoqli ijobiy kuchlari bilan birlashib, hamkorlikni keng quloch yozdirib, partiyaning o‘zidagi, jamiyatimizning barcha jabhalaridagi faqat so‘zda qayta qurish, oshkoralik, demokratiyalashni tan olgan, ammo ana shunday yangilanish, poklanish jarayoniga qattiq qarshilik ko‘rsatayotgan salbiy kuchlarga qarshi murosasiz kurashga safarbar etilishi shubhasizdir. Zotan kundan-kunga mustahkamlanib, ommaviylashib borayotgan xalq harakati birinchi galda rahbariyatdagi buyruqbozlik, ma’muriyatchilikni bartaraf etib, moddiy hamda ma’naviy boyliklarni ishlab chiqarish jarayonining barcha sohalarini taftishdan o‘tkazishga kirishgani bejiz emas. Shuning uchun norasmiy uyushmaning har bir rahbari, a’zosi jamiyatimizning hamma tarmoqlarini adolat g‘alviridan o‘tkazuvchi taftishchi, mavjud nuqsonlarni ro‘yi-rost ochib tashlab, qo‘lga kiritilgan yutuqlarni himoya qilish bilan birga taraqqiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan tanqidchi sifatida maydonga chiqayotgani sezilayapti.
Bu adabiy tanqidchilikka ham tegishlidir. Negaki, u badiiy asar, ijodiy jarayonni tahlil etish orqali adabiy, ilmiy-estetik tafakkur, so‘z san’ati ravnaqiga hissa qo‘shish bilan birga iqtisodiy, ijtimoiy hayotning ijobiy o‘zgarishiga turtki berishi darkor. Axir, Belinskiy, Dobrolyubov, Chernishevskiy, Pisarevlar shuning uchun bu sohaning buyuk namoyandalariga aylandilarki, ular adabiy-badiiy asarlar, hodisalar, materiallar tahlili orqali faqat yozuvchilar faoliyatiga baho berish bilan cheklanmasdan hayotning ijtimoiy-falsafiy, ma’naviy mohiyatini yoritganlar, dunyo taraqqiyotiga oid barcha muammolar yuzasidan mulohazalar yuritib, davr ruhini ochib tashlaganlar-ku! Binobarin, chinakam tanqidchi shunchaki taftishchi emas, balki faylasuf, mutafakkir, olim deb ta’riflanishiga hayotning o‘zi asos beradiki, bu oddiy haqiqatni ko‘p vaqtlardan beri e’tirof etib kelayotganimizga qaramasdan endi idrok eta boshladik. Misol tariqasida Yo‘ldosh Solijonovning «Ko‘nikish yuki» («O‘z AS», 1989 yil, 7 iyul) maqolasini tilga olmoqchiman.
Gapning indallosidayoq shuni ta’kidlashim darkorki, mazkur maqola belinskiychasiga yoki dobrolyubovchasiga yozilgan juda barkamol, yetuk, deb g‘ururlanib gapirishga asos bermaydi. Chunki unda ko‘pgina asarlar umumiy yo‘sinda ta’riflanib tavsiflanadi-da, chuqur hamda aniq, yorqin tahlildan o‘tkazilmaydi, lekin tanqidchi shunday adabiy-badiiy faktlar, voqealarni izohlab, sharhlab beradiki, bu sharhlar, izohlarda ongu tafakkurimiz, ruhimizni boyitib, cheksiz zavq-shavq bag‘ishlaydigan so‘z san’atini, jangovar, murosasiz, qudratli ijodkorni qo‘llab-quvvatlovchi qalb tug‘yonini sezib turamiz. Bu tug‘yon, ayniqsa Said Ahmadning «Jimjitlik», Nurali Qobulning «Unutilgan sohillar» romanlari tanqidida oshkora namoyon etilgan. Negaki, Y. Solijonov shunchaki qoralash, nomiga taftish etish, atayin «urib» tashlash uchun qo‘lga qalam olgan emas. U «Jimjitlik» romani yaxlit olganda adibning «Ufq»i singari hayajon bilan o‘qilmaydi, romandagi qahramonlar omonat turgandek, «puf» desangiz, uchib ketadigandek taassurot qoldiradi», degan fikrni o‘rtaga tashlab, buni asardagi ayrim shaxslarning xatti-harakatlarini izohlash orqali ishonarli ko‘rsatadi. Xuddi shu tarzda «Jimjitlik» madhiyachilaridan biri — A. Aliyevning bu asarni asossiz ko‘klarga ko‘targaniga qarshi chiqadi. N. Qobulning «Unutilgan sohillar» romanida yozuvchining aytadigan jiddiy gaplaru boru, ammo ular badiiy tafakkur chig‘irig‘idan puxta o‘tkazilmaganini achinib ta’kidlaydi (Ta’kid bizniki — N.X.).
Hayotiy materiallar, qahramonlar faoliyatini «badiiy tafakkur chig‘irig‘i»dan o‘tkazish muammosi faqat N. Qobul oldidagina emas, boshqa qalamkashlarning oldida ham ko‘ndalang turibdi. Qaysi ijodkor shu muammoni to‘g‘ri yechib, yaxshi natijalarni qo‘lga kiritayapti, aksincha, qaysi birlari mag‘lubiyatga uchrayapti, degan talabga muvofiq Y. Solijonov ayrim asarlar va ularning mualliflarini ilmiy-estetik taftishdan o‘tkazishga intilgan. Lekin bunday intilishlar nihoyatda kam bo‘lib, o‘zbek tanqidchiligida keng quloch yozmayapti, taraqqiyotga salmoqli ta’sir ko‘rsatmayapti.
To‘g‘ri, ilmiy-estetik taftish qayta qurish, oshkoralik, demokratiyalash davrida biroz jonlandi, turg‘unlik paytlarida tanqiddan tashqarida turgan nomi ulug‘ — suprasi quruq ayrim qalamkashlar sha’niga achchiq, haqqoniy ta’nayu tanbehlar aytilmoqda. Shu ma’noda M. Qo‘shjonovning «O‘zbekiston kommunisti» jurnalining shu yil mart sonida chop etilib, o‘zbek adabiyoti hamda tanqidchiligida rashidovchilik, brejnevchilik balosining urchishini fosh etuvchi maqolasi alohida ajralib turadi.
Shunisi g‘alatiki, hali bizda adabiyotimizning barq urib ravnaq topishiga xalaqit beradigan illatlarni yoritishga endi kirishildi-yu, ammo negadir tanqidchiligimizda fosh etish kuchayib ketdi, yutuqlarimizni tasdiqlab, qo‘llab-quvvatlash susayib ketdi, degan shikoyat avjiga chiqayapti. Qani fosh etuvchi maqolalar, taqrizlar? Axir, ularni barmoq bilan sanash mumkin-ku?! Aslida maqtov ruhida chiqishlar hukmronlik qilmoqdaku?! Go‘yo fosh qiluvchi tanqid zararlidir, o‘tmishga oid voqealarni taftish etishning foydasi yo‘q-ku, degan ovozlar yangramoqda. Buni «Sog‘lom muhit — ijodiy muvaffaqiyat garovi» («Sovet O‘zbekistoni», 1989 yil, 6 sentyabr) hamda «Xolis va haqqoniy» («O‘z AS», 1989 yil, 11 avgust) maqolalarida ko‘ramiz.
Avvalo shuki, har ikkala maqolaning asosiy yo‘nalishi, ulardagi adabiy jarayonni, ijodkor faoliyatini xolis, haqqoniy tahlil qilish orqali sog‘lom muhitni yaratishga da’vat etish kayfiyati hech qanday e’tiroz tug‘dirmaydi. Ulardagi ayrim mulohazalargina bahslidir.
Ikkinchi maqola xuddi shu jihatlari bilan birinchi maqolaga hamohangdir, mushtarakdir: «… bugun G‘afur G‘ulomni Qodiriyga qarshi qo‘yish, Usmon Nosir bilan Hamid Olimjonni sinfiy dushmanga aylantirish — stalincha ma’murlar yasagan o‘zaro dushmanchilik muhitini qaysi bir tarzda davom ettirish yoki takrorlash bilan barobar emasmi?»
Boringki, shu savolni o‘rinli deb hisoblaylik, biroq kimlar qachon, qayerda nima uchun G‘afur G‘ulomni Qodiriyga qarshi qo‘yib, Usmon Nosir bilan Hamid Olimjonni sinfiy dushman sifatida qoralabdi?
Faqat sezgir, zehnli kitobxonlar hamda badiiy, ilmiy-estetik ijod muammolari bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar har ikkala maqoladagi bunday savollarning manbai «Yoshlik» jurnalining shu yil 5—7-sonlarida bosilib chiqqan «Qodiriyning so‘nggi kunlari» deb nomlangan hujjatli xotira qissasi ekanligini bilib olishi qiyin emas.
Mazkur asar shunday mazmun, salmoqqa egaki, uni alohida olib chuqur tahlil qilish, ilmiy-estetik xulosalar chiqarish orqali faqat o‘tmishgagina emas, balki hozirgi kunlarga bog‘langan dolzarb masalalarni yoritishga imkon tug‘diradi, lekin hozircha Habibullo Qodiriy o‘zbek realistik asarining, o‘zbek milliy romanchiligining asoschisi — mo‘tabar otasining hamda o‘zining hayoti, faoliyatidan olingan fojiali sahifalarini tarixiy hujjatlar, aniq faktlar asosida namoyish qilib, o‘ziga xos jasorat ko‘rsatgan va bu jasorat mevasini bizlarga yetkazib bergan «Yoshlik» jurnali juda xayrli, zarur, foydali ish bajargan, deb baralla aytamiz. Shunisi foydali, zarur, xayrliki, qissada bitta Qodiriy emas, balki Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir kabi nohaq qamalgan, shafqatsizlarcha tahqirlangan, nihoyat, o‘limga mahkum etishga asos bo‘lgan faktlar, hujjatlar birinchi bor o‘quvchilarga havola qilinayapti. O‘sha hujjatlar, faktlarning «ta’mi»ni totib ko‘rishingiz uchun ulardan atigi bitta ko‘chirma keltiraman: «Bitsin bizning oramizdan
haydalgan va bizning adabiyotimizni buzishga uringan xalq dushmanlari — trotskiychi, buxarinchi, millatchi, aksilinqilobchi Z. Said, Elbek, Cho‘lpon, Fitratlar!.. Biz shunday asarlarni yarataylikki, bizning bundan keyin yaratgan asarlarimiz bizning adabiyotimizni, dramaturgiyamizni, poeziyamizni bo‘g‘moqchi bo‘lgan sinfiy dushman, xalq dushmanlari 3. Said, Elbek, Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy va boshqa dushmanlarga qarshi ikkinchi bir zarbali javob bo‘lishi kerak» («Yoshlik», 6-son, 1989, 48-sahifa).
Darvoqe, «xalq dushmanlari»ga zarba beruvchi asarlar ham yozildiki, ulardan biridan olingan quyidagi satrlarga diqqatingizni tortaman: «Ey Botu, ey Ramiz, ey Badriddinov… Senlar Mussulini (Mussolini bo‘lsa kerak—N.X), Chemberlenning qon ichib zo‘raygan erka avlodi. Ey britan, Antantaning fashist o‘g‘ullari, usta jallodi!.. To‘lqinni bo‘g‘moq istagan yovlarga — O‘lum! O‘lum! O‘lum!»
Bu parcha Komil Yashinning 1933 yilda chop etilgan «Komsomol» to‘plamidagi «Zarba» (Badriddinovlar sudida) nomli sochma she’ridan olingan.
Bundan oldin keltirilgan misol ham K. Yashinga tegishli bo‘lib, uning «xalq dushmanlari»ni «fosh» etishga bag‘ishlangan plenumda so‘zlagan nutqidan keltirilgan.
Habibullo Qodiriy ularni xiyonatkor, jinoyatchi deb qoralamaydi, so‘kmaydi, la’natlamaydi, faqat hujjatlarni keltirish bilan cheklanadi. «Yoshlik» jurnali shunga rioya qilib, Komil Yashinning «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 1988 yil 16 dekabrida bosilgan maqolasidan bir ko‘chirmaga diqqatimizni jalb etadi: «… o‘ttizinchi yillardan tortib, to elliginchi yilning boshlarigacha bo‘lgan davrda bekorga aziyat chekkan, eng aziz umrlarini boy bergan ajoyib yozuvchilarimiz, olimlarimiz va san’atkorlarimiz haqidagi bor gaplarni bilish, jon saqlash maqsadida ularga bo‘htonlar yog‘dirgan, tuhmatlar uyushtirgan, familiyalarini yashirib laqab ostida ish ko‘rgan Yejov, Apresyan, Leonov, Og‘abekov degan qonxo‘rlarga chin ixlos bilan xizmat qilgan, ta’qibga uchraganlarning hisobiga yashaganlar kimlar ekanligini hamma, ayniqsa, yosh avlod bilib qo‘ysin!».
«Yoshlik» jurnali xuddi mana shu talabga rioya qilib, o‘zining shu yilgi may-iyul sonlarida «Qodiriyning so‘nggi kunlari» hujjatli qissasini bosib chiqarganligi maqtovga sazovordir. Shunday ekan, 30 yoki 50-yillarda jonni saqlab qolish uchunmi, hasadu qizg‘anishdanmi yoki xiyonatkorlik, qotillik ko‘chasiga kiribmi, besabab qon to‘kilishiga ko‘maklashgan odamlar nomini ochiq aytish, ularning qilmishlarini fosh etish zarurligi haqidagi K. Yashinning hozirgi gaplari uning o‘ziga ham taalluqlidir. Ammo shunga qaramasdan K. Yashin yo H. Olimjon yoki A. Qahhor qanday ezgu ishlar qilib, xalqimizga qaysi barkamol asarlari bilan ma’naviy oziq, saboq bersa, bularni ham inkor qilish kerak, degan ma’no kelib chiqmaydi-ku, axir! Ayniqsa, A. Qahhor 30—50—60-yillarda «Sarob», «Qo‘shchinor», «Tobutdan tovush», shuningdek o‘nlab hikoyalari, boshqa asarlari bilan ma’lum ma’noda hozirgi inqilobiy qayta qurishga zamin hozirlashga muhim hissa qo‘shganligini yo‘qqa chiqarib bo‘lmaydi. Axir, ba’zan inson o‘zini himoya qilayotib raqibini o‘ldirib qo‘yishi, shu yo‘sinda jinoyat qilishi mumkin-ku! Bunday paytda jazo ham yengillashtiriladi, biroz vaqt o‘tgandan keyin jinoyatining mohiyatini chuqur anglab, aybi, gunohini halol mehnatlari, to‘g‘ri faoliyati bilan «yuvsa», yaxshilar qatoriga qo‘shilishi hech gap emas.
Tang, og‘ir, murakkab, chigal ahvolga shunday yondashish qanchalik ijobiy ahamiyat kasb etishini «LG»ning shu yil 13 sentyabr sonida bosilib chiqqan A. Ananevning maktubini o‘qigandan keyin yanada yaxshiroq his qildim.
Ma’lumki, A. Ananev — SSSR Yozuvchilari uyushmasining kotiblaridan biri, «Oktyabr» jurnalining bosh muharriri. Mehnat qahramoni yulduzi bilan taqdirlangan rus adiblaridan biri. U o‘tmishda Andrey Saxarov, Aleksandr Soljenitsin kabi g‘oyatda zo‘r olim va yozuvchining begunoh asossiz ta’qib etilishiga, tahqirlanishiga ishtirok etganini oshkora e’tirof etib, buning uchun hozir aziyat chekayotganini, pushaymon bo‘lganini, tavba-tazarru qilayotganini bildiradi. «Lekin, — deb yozadi u, — buning o‘zi yetarli emas. Gunohu ayblarimni yuvish uchun iste’dodlarga, yaxshi odamlarga ko‘maklashib, ularning og‘irini yengil qilishimiz kerak».
O‘zgalarning xatolarini ko‘rsatish unchalik qiyin emas, ammo o‘zingning qayerda «qoqilib», qanday nuqsonga yo‘l qo‘yganingni taftish etish juda og‘ir, qiyin kechadi-ku! Lekin kimki, har qanday sharoitda ham achchiq haqiqatning yuziga tik qarab, o‘zining qayerda, nima sababdan, qanday ayb, gunoh qilganini bo‘yniga olsa, unga xayrixohlik tuyg‘usi uyg‘onadi. Axir, pichoqni oldin o‘zingga ur, og‘rimasa birovga ur, deb bekorga aytishmaydi-ku! Ex,-ha, «pichoqni o‘zingga urish», o‘z-o‘zini tanqid qilish, taftishdan o‘tkazish qanchalik tashvishli, hatto dahshatli ish! Ammo usiz, o‘z-o‘zini taftish qilish, taftish orqali qanday ijobiy, qanday salbiy xususiyatlar borligi aniqlamasdan kamolot yo‘lidan g‘alabalar sari muttasil borish aslo mumkin emas! Yana shunisini nazarda tutish zarurki, o‘zingning nuqsonlaring tufayli ham o‘zing, ham o‘zgalar aziyat chekadi, og‘ir yo‘qotishlar bo‘ladi, hatto halokatga olib kelishi hech gap emas. Shuning uchun kimlarningdir aybi bilan o‘limga mahkum etilgan Abdulla Qodiriy yo Cho‘lpon, Fitrat o‘rniga o‘zimizni qo‘yib ko‘raylik! Inson o‘z aybi, o‘z jinoyati bilan jazoga tortilsa, qancha qiynalmasin, ezilmasin, biroq, mayli, o‘z aybim, gunohimga yarasha «mukofotlanayapman», deb taqdiriga tan berishi mumkin. Bordi-yu, tuhmatu bo‘htonlarga asosan «xalq dushmanlari» deb qoralansangiz, turmaga tashlansangiz, pirovardida, otib tashlansangiz, bundan og‘ir, dahshatli jazo bo‘lmaydiku! Shuning uchun Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat kabi xalqimizning eng aziz, iste’dodli, halol farzandlari bo‘htonu tuhmatlarga «ko‘mib» tashlanganlarida necha marta o‘lib tirilgandek holatni o‘z boshlaridan kechirganlarki, buni his qilgan odam butun vujudi bilan «dod-voy» qilishi, na’ra tortib, butun dunyoga jar solishi hech gap emas. Axir, bexosdan qayeringizgadir igna kirib ketsa, andak yaralansangiz yoxud biron joyingiz og‘risa, qanchalik qiynalib, shirin joningizni asrash, muhofaza qilish uchun kurashasiz-ku! Bordi-yu, sizni hech qanday aybsiz, gunohsiz avvalo nomingizni bo‘htonu tuhmatlar bilan bulg‘ab, so‘ngra hayotdan ko‘z yumishga majbur qilishsa, bunga chidash mumkin emas-ku, axir! Vaziyat yana shunisi bilan og‘irlashadiki, dono, nodiru noyob iste’dodlar har kuni emas, faqat onda-sonda dunyoga keladi, ularni yo‘qotish bir-ikkita shaxsning emas, balki butun el-yurtimiz, xalqimiz fojiasidir. Ayni choqda iste’dodsiz, qobiliyatsiz shaxslar hammavaqt ko‘pchilikni tashkil etib, o‘shanday fojialarni keltirib chiqaradi, o‘shanday fojialar hisobiga yashaydi. Shuning uchun ular taftishu tanqidning ashaddiy dushmanlari sifatida maydonga chiqadi. Axir, adolat ruhi bilan sug‘orilib, har jihatdan isbotlangan taftishu tanqid iste’dodliman, zo‘rman, buyukman, deb ustalik bilan niqoblangan g‘alamislarning asl basharasini ochib tashlaydi-ku! Aksincha, chinakam talantli ijodkorlar, olimlargina emas, qobiliyatli, dono mehnatkashlarning doimo muttasil ravishda unib-o‘sishiga ko‘maklashadi va shunisi bilan taraqqiyotning bir manbai, vositasi, quroli sifatida hamma vaqt yashayveradi, undan, ya’ni tanqidu taftishdan xalos bo‘lish halokatga mahkum etilishning boshlanishi deb qaralishi lozim. Ammo ba’zan buni ayrim iste’dodli ijodkorlarimiz, olimlarimiz ham tushunmasdan taftish, tanqid obro‘mizni to‘kadi, rivojlanishimizga xalaqit beradi, deb o‘ylaydilar-da, tanqidu taftishga tish-tirnoqlari bilan qarshi turadilar. Ayni choqda bag‘ri keng, qudratli, dono mutafakkirlarimiz, ijodkorlarimiz, umuman yaratuvchi, kashf etuvchi ziyolilarimiz, hatto oddiy mehnatkashlarimiz har qanday qattiq, keskin, lekin asosan, adolatli tanqidu taftishdan qo‘rqish tugul, shunday tanqidu taftishni rivojlantirish tarafdori bo‘lib maydonga chiqadilar. Buning yorqin bir misoli sifatida shu yerda M. S. Gorbachevni tilga olish joizdir.
Keyingi yarim asr mobaynida partiya hamda davlatimizning mana shu sardorigina o‘zi tirikligida, qizg‘in faoliyat ko‘rsatib turgan paytda o‘z sha’niga oshkora tanqidiy fikrlar bildirilishiga yo‘l ochib berdiki, buni o‘ziga xos mardlik, jasorat deb baholash zarur. Axir, SSSR xalq deputatlarining birinchi qurultoyidagina emas, balki boshqa yig‘inlarda, markaziy matbuotda, xususan «Noviy mir», «Ogonyok», «Literaturnaya gazeta» sahifalarida uning inqilobiy qayta qurish, oshkoralik, demokratiyalash jarayonining asoschisi, boshlovchisi, sardori sifatida e’tirof etilishi bilan birga ayrim nuqsonlari goho to‘g‘ridan-to‘g‘ri bevosita, goho bavosita ko‘rsatilayotgani inqilobiy yangilanish, poklanishga xizmat qilayapti-ku! Markazdagi bir qancha davlat, partiya, ilm-fan, madaniyat, badiiy ijodiyot arboblari masalaga shu nuqtai nazardan yondashib, tanqidu taftishni har tomonlama rivojlantirmoqdalar. Ammo jumhuriyatimizda haligacha buning aksincha bo‘lishi uchun kurashuvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular haqiqiy taftish, adolatli tanqid boshlanishi bilanoq nuqul fosh qilish bilan shug‘ullanib, yutuqlarimiz, yaxshi ishlarimizni inkor etayapmiz, deb noliydilar. Vaholanki, jumhuriyatimiz ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-madaniy hayotining barcha sohalarida kecha va bugun ro‘y berayotgan ko‘pgina hodisalar ilmiy jihatdan barkamol, yetuk taftishdan o‘tkazilmayotir, mavjud nuqsonlar ro‘yi-rost ochib tashlanmayotir. Aytaylik, brejnevchilikning, rashidovchilikning moddiy hamda madaniy boyliklarni ishlab chiqarishda keltirgan zararlari, ayniqsa, ular avj oldirgan buyruqbozlik, ma’muriyatchilik siyosati qat’iy zarbaga uchragani yo‘q-ku, axir! Hozirgi inqilobiy qayta qurish, oshkoralik, demokratiyalash talablaridan kelib chiqib, jumhuriyatimiz, xalqimiz o‘tmishi, fanimiz, adabiyotimiz tarixini haqqoniy taftishdan o‘tkazib, qanday an’analarni rivojlantirish, qanday illatlardan voz kechish vazifasini bajardikmi?
Yo‘q, bajarishga endi kirishayapmiz, biroq bu ishni boshlamasdanoq unga qarshilik ko‘rsatuvchilar ko‘payib bormoqda. Yaqindagina Hamzaning yuz yillik tavalludini nishonlaganimizda buni yaqqol ko‘rdik.
Rostini aytaylik: bu adibimizning besh jildlik to‘la asarlar to‘plami bosilib chiqishi bilan uning nomiga nisbat berilib kelingan «Yasha, Sho‘ro» she’ri, «Boy ila xizmatchi» dramalarining asl nusxasi, ya’ni Hamzaning o‘z qo‘li bilan yozgan nusxasi yo‘q ekanligi ma’lum bo‘ldi. Vaholanki, xuddi mana shu asarlarga asoslanib, Hamzani o‘zbek sovet adabiyotining asoschisi, deb bong urdik. Yana shunisi ma’lum bo‘ldiki, u Oktyabr inqilobini darrov tushunib yetmabdi, oldin «Qo‘qon muxtoriyati»ni madh etibdi. Ayni choqda xalqimizning necha asrlardan buyon qoloqlikda, qashshoqlikda yashab, o‘z haqqi-huquqi uchun kurashmayotganini iztirobli dardli satrlarga joylabdi…
His qilayapmizki, Hamzaning ilohiylashtirilgan, «qizil» rangga bo‘yab tashlangan qiyofasini emas, asl qiyofasiga oid ayrim belgilar, ba’zi xususiyatlarni ko‘rayapmiz va shu haqda bir-ikki olim ozgina mulohaza yuritib, tarixiy haqiqatni yoritishga intildilar, lekin bu intilish hali keng quloch yozib ulgurmasdanoq «Ana, Hamzani kamsitayaptilar, yerga urayaptilar!» degan ovozlar yangrayapti. Bordi-yu, bunday ovozlar matbuotda yangrasa, ularning asossiz ekanligini ko‘rsatardik. Afsuski, jumhuriyatimizda ayrim yig‘inlarda, rasmiy doiralarda shunday qilinayaptiki, bu, bora-bora vahimali «mishmish»larni keltirib chiqaradi.
Gap faqat Hamza ijodi, faoliyatini qayta baholash, yangicha taftishdan o‘tkazish haqidagina borayotgani yo‘q. Axir, bir arbob, yo ijodkor qanchalik buyuk, zo‘r bo‘lmasin, baribir masalaning asl mohiyatini yoritish, tarixiy haqiqatni ko‘rsatish uchun asos bo‘lolmaydi-ku! Zotan, u yoki bu sohadagi bir-ikki ijodkorni tanqid qilish bilan vaziyatni tubdan o‘zgartirib, katta g‘alabalarga erishish qiyin. Ayni choqda shuni ham unutmaslik darkorki, yaramas buzoq butun podani buzadi, deganlaridek, ayrim nobop shaxslar yaratish, kashf etish muhitini bulg‘aydilar, hatto gohida salbiy tomonga o‘zgartirib yuboradilar. Binobarin, qayerda kim bo‘lib, qanday xizmat bajarayotgan shaxslar yoki ijodkorlar yoxud ijobiy hamda salbiy voqealar haqida gap ketmasin, ularning hayot taraqqiyotini ta’minlashga bevosita, bavosita aloqador jihatlarini taftishdan o‘tkazish orqali yaxshi yashash, yaratish, kashf etish zarur shart-sharoitlarni tozalash, yangilashga erishishimiz zarur. Shuni nazarda tutib, M. S. Gorbachev yaqinda millatlararo munosabat muammosi tahliliga bag‘ishlangan partiya Markaziy Komitetining plenumida quyidagilarni alohida ta’kidlaydi: «… biz tarixiy haqiqatni to‘la tiklash tarafdorimiz. Bugungi kunning ehtiroslari va da’volari oldida bo‘yin egib, sub’ektiv tasavvurlar va siyosiy kitoblarga mayl qo‘yib, tarixni qaytadan yozib bo‘lmaydi. Voqealar rivojini orqaga burib bo‘lmaydi. Tarixiy haqiqatga va hozirgi dunyoning realliklariga tayanibgina olg‘s borish mumkin». Zotan, tarixiy haqiqatni to‘la tiklab, unga tayangan holda hozirgi davr haqiqatining tug‘ilishi, g‘alaba qozonishi bilan barakali mevalar berishiga qaratilgan tanqid, o‘z-o‘zini tanqid, taftish har tomonlama keng quloch yozdirilib, chuqur ildiz ottirilmasa, chinakam taraqqiyot bo‘lishi mumkin emas.
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 1-son