Naim Karimov. Ikki darg‘a (1990)

Otajon Hoshim va Oybek tavalludining 85 yilligi munosabati bilan

O‘zbek madaniyatining 20-yillarda jo‘sh ura boshlagan ikki bulog‘i Otajon Hoshim va Oybekdir. Ularni o‘zaro bog‘lovchi hayot va ijod rishtalari oz emas. Ikkisi ham Toshkentda — bir adabiy muhitda tug‘ilgan, o‘zbek va rus madaniyatlaridan bahramand bo‘lib o‘sgan bu siymolar Madaniy qurilish ilmiy-tekshirish instituti, so‘ng Til va adabiyot institutida o‘zbek fani va madaniyatining ravnaqi yo‘lida sidqidildan xizmat qildilar. Ularning biri institutning, hatto jumhuriyat Fanlar Qo‘mitasining rahbari, ikkinchisi esa o‘sha vaqtda oddiy ilmiy xodim vazifasini ado etgani ular o‘rtasidagi ijodiy aloqaning bir tomonlama kuchga ega bo‘lganini anglatmaydi. Ular yosh jihatdan ham, iste’dod jihatdan ham, bilim boyligi va mehnatsevarlik nuqtai nazaridan ham bir-birlaridan olisda emas edilar. Ammo shunga qaramay, o‘ylaymizki, ilmiy xodim Oybekning, masalan Abdulla Qodiriyga bag‘ishlangan asarining yuzaga kelishi va uning ilmiy yo‘nalishi belgilanishida direktor Otajon Hoshimning xizmati oz bo‘lmasa kerak. Lekin bu boradagi bizning fikrimizni tasdiqlovchi yo rad etuvchi dalillar hozircha yetarli emas. Shuning uchun ham bu ikki siymo o‘rtasidagi ijodiy munosabatni «Evgeniy Onegin» she’riy romanining tarjimasi misolida kuzatishni o‘rinli deb bilamiz.

Zamondoshlarning guvohlik berishicha, A. S. Pushkin vafotining 100 yilligi munosabati bilan 1936 yilda bir guruh o‘zbek shoirlari va yozuvchilari uning asarlarini tarjima qilishga bel bog‘laganlarida, bu ayni paytda ham mushkul, ham ulug‘ ishga Otajon Hoshim mutasaddilik qilgan. Shunda A. S. Pushkin ijodining shoh namunasi bo‘lmish «Evgeniy Onegin»ni tarjima qilish Oybekning mekiga tushgan. Shu vaqtga qadar o‘zbek tarjima madaniyati hali shakllanmagani, Oybek esa Pushkin, Gorkiy va Anatol Fransdan kichik parchalarnigina o‘zbek tiliga o‘girgani va katta tajribaga ega emasligiga qaramasdan, unga «Onegin»ning topshirilishi iste’dodli shoir va olimning ijodiy imkoniyatlarini yaqindan bilgan va qadrlagan Otajon Hoshim tufayli ro‘y bergan. Oybek ham uning muharrir sifatida bo‘lajak yordamiga tayangan va shu sababdan ham o‘ta mas’uliyatli ishga rozi bo‘lgan.

«Onegin»ni tarjima qilishdan avval ikki muhim masalani hal qilish zarur edi. Biri — asarni qaysi yo‘l bilan, erkin yo so‘zma-so‘z tarjima yo‘li bilan o‘girish bo‘lsa, ikkinchisi — qaysi vazn bilan ag‘darish muammosi edi. Oybek bu muammolarni yechishda o‘zi hurmat qilgan ikki kishining fikriga quloq osdi. Bularning biri ustoz Cho‘lpon bo‘lib, u Oybekning iltimosi bilan «Onegin»ning bir bandini o‘zbek tiliga o‘girib, o‘n bir hijoli barmoq to‘qqiz hijoli yambda yozilgan bu asar uchun eng qulay vazn ekanligini isbot qilib berdi. Ikkinchi maslahatni bergan kishi esa Otajon Hoshim bo‘lib, u yosh tarjimonning muqobil tarjima yo‘lini tanlab olishida chetda turmadi.

Oybek aytganidek, «Romanda turli voqealar tasvirlanadi, turli-tuman qahramonlar uchraydi, sharoit tasvirlari, manzaralar beriladi. «Evgeniy Onegin»ning hammasini o‘qib chiqib, yangidan she’riy romanni yaratish to‘g‘ri bo‘lmaydi». «Albatta, romanni erkin tarjima etish, — degan edi Oybek tarjimaning 1937 yilda bo‘lib o‘tgan muhokamasida, — menga qulaylik yaratgan bo‘lardi. Lekin o‘sha davrni ko‘rsatish nuqtai nazaridan bu tamoman noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham men romanga juda erkin munosabatda bo‘lmadim. Ayniqsa, tarjima redaktori Otajon Hoshim bunga yo‘l qo‘ymadi. Pushkin asarining tiliga xos so‘zlarning tushib qolishi natijasida ma’no buzilishi mumkin edi».

«Onegin»ning tarjimasiga kirishishdan avval ana shu ikki muhim masalani hal qilib olgan Oybek 1936 yilning yozida Chimyonda qattiq ijodiy mehnatdan so‘ng tarjimani qo‘ldan chiqardi. «Men bu tarjimani bir hafta davomida ko‘chirib chiqmoqchi bo‘ldim. Ammo bu ish bir yarim oyga qadar cho‘zildi. Dastlab tarjimaning qo‘pol chiqqan joylari ko‘zga tashlandi. Men ularni tuzatib chiqishga ulgurmagan ham edimki, Otajon aka menga tarjimadagi mavhumroq chiqqan joylarni ko‘rsatdi. Men bu o‘rinlarni ham tuzatdim. Tarjimani originalga solishtirgan sari undagi yangi-yangi nuqsonlar ko‘zga chalina berdi».

Oybekning boyagi muhokamada aytilgan bu so‘zlaridan uning Otajon Hoshim bilan hamkorlikda olib borgan ishi haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘lamizki, ular 1936—1937 yillarda o‘zbek tarjima maktabining qanday paydo bo‘lganligi masalasiga ham oydinlik kiritadi. Shu narsa diqqatga sazovorki, Pushkin dahosining bu ulug‘ mevasi o‘zbek tiliga o‘girilgan va tahrir etilgan kezlarda bu har ikkala ijodkor endigina 31 — 32 yoshdagi navqiron yigitlar edi. Ammo bundan oltmish yildan ziyodroq vaqt muqaddam amalga oshirilgan tarjimani ham, unga muharrir tomonidan yozilgan debocha maqolani ham bugun o‘qir ekanmiz, ularning har ikkalasi zukko ijodkorlar sifatida Pushkin asarini teran his etib va tarjima qilibgina qolmay, balki ayni paytda o‘zbek tarjima san’atiga poydevor qo‘yganlarining ham baxtli guvohlari bo‘lamiz.

Otajon Hoshim Oybek bilan tarjima ustida qanchalik samarali ish olib borgan bo‘lmasin, shu asnoda to‘plangan tajriba mislsiz darajada katta qimmatga ega ekanligini sezib, bu tarjima saboqlaridan kitobxonlar ommasini ham bahramand etmoqchi bo‘lgan. Shu maqsadda u «tarjima tili va uning tarkibi, tarjima tilining bo‘yoqdorligi va badiiyligi, obrazlarni aniq, ravshan berish, mazmunni berishda erkinlik, tarjimada qahramonlar va avtorlar so‘zi, vazn va musiqa masalalari» bo‘yicha maroqli kuzatishlar olib borgan va ularni bayon qilgan. U «Evgeniy Onegin»ning badiiy xususiyatlarini birma-bir ko‘zdan kechirar ekan, bu o‘lmas va ajoyib asarni tarjima qilishdagi «eng to‘g‘ri talab o‘zbekcha tarjimasidan ham Pushkinning «hidi» kelib tursin, uning poemadagi mazmunini, fikrlari, hislari, tuyg‘ulari, hayajonlari unda ham pushkinchasiga jaranglasin, quyulsin va kishini to‘lqinlatsin», — deb bildi. «Badiiy tarjima uchun eng muhimi… — deb yozadi u, — badiiy til masalasidir, ona tilini, konkret holda o‘zbek tilini yaxshi bilish ham uni badiiy ustalik bilan ishlata bilishdir. Til esa so‘zlardan, so‘zlar esa ma’lum mazmunni, ma’noni, fikr, his va tuyg‘ularni hamda badiiy asarda bo‘lgan ohang, musiqani hayajonli, sodda, ravon ham siqiq berishga muvofiq terilgan, ishlangan bo‘lishi kerakki, bu har bir yaxshi tarjimaning birinchi va asosiy xususiyatidir».

«Onegin»ning tili va uslubiga xos xususiyatlardan biri shunda ediki, unda yunon va rim mifologiyasi bilan bog‘liq obrazlardan, dvoryanlar olami bilan bog‘liq yampshk, barin, bal, duel, obrok kabi so‘zlardan tashqari, o‘nlab rus va ovrupolik tarixiy shaxslarning nomlari ham oz emas edi. Bu tarixiy, maishiy va mifologik atamalarni o‘zbek tiliga tarjima qilish qanchalik ma’nosiz bo‘lsa, tarjima tilini ular bilan to‘ldirib yuborish ham shunchalik zararli edi. Ana shunday sharoitda Oybek va Otajon Hoshim tarjima uchun yana bir yo‘lni tanlab oldilar. «Zaruriy minimum» deb atalgan bu yo‘lga ko‘ra, chet tildan kirgan eng muhim so‘z, ism va atamalargina tarjimada aynan saqlanishi mumkin edi.

«Onegin»ni tarjima qilishning nazariy masalalari bu har ikkala ijodkor tomonidan bir xil hal qilinganiga qaramay, tarjima fikrlar kurashi, yumshoqroq aytganda, tarjimon bilan muharrirning ijodiy hamkorligi jarayonida tobora sayqallanib bordi. Masalan, rus hayotining maishiy o‘ziga xosligi sifatida romanda ishlatilgan so‘zlar orasida rostbiff degan so‘z ham bor. Oybek dastlab bu so‘zdan tarjimada aynan foydalanishni ma’qul topmay, uni «laziz ovqat» deb ifoda qildi, ammo u erkin tarjimaning har qanday ko‘rinishlarini hazm qila olmagan Otajon Hoshim ta’sirida rostbiff so‘zini aynan qoldirishga majbur bo‘ldi. Ayni paytda u rus milliy rangdorligiga rioya etish istagida Tatyana imeninasida berilgan taomlar tasvirini o‘zbek tilida bunday ifodaladi:

Tatyanada bo‘lgan sarosimani
O‘ltirganlar bari bila olardi.
Lokin muhokama, ko‘zlar nishoni
Shu topda tortilgan moy somsalarda.
(Baxtga qarshi, somsa bo‘lgan sho‘rtangroq);
Jarkop, blan manje orasidayoq
Keltirib qo‘yishar tsimlyanskiyni…

Ammo Otajon Hoshim bu satrlardagi o‘zbek tiliga yot atamalar munosabati bilan bunday yozadi: «Bunda blan-manje so‘zini saqlashga to‘g‘ri keladi, lekin tsimlyanskiy so‘zini tushunishni shu joyning o‘zida osonlashtirish mumkin edi. Buning uchun tsimlyanskiy bilan birga sharob so‘zini ustalik bilan ishlatib yuborish yetarli edi». Bu, ehtimol, nazariy jihatdan to‘g‘ri mulohazani e’tiborga olish uchun tarjimon shu satrlardagi boshqa biror so‘z, biror mazmunni qurbon qilishga majbur edi. Shuning uchun u muharrirning hamma mulohazalariga ham quloq sola bermagan. Agar u Otajon Hoshim bilan fikrdosh bo‘lganida, u o‘z tarjimasida ulvny, bokira, vosila, g‘addor, ro‘yo, maxmura, kadar singari «omma tiliga va hozirgi adabiy tilimizga kirmagan so‘zlar»dan istifoda etmagan va tarjima tilini xiyla kambag‘allashtirgan bo‘lardi.

Otajon Hoshim bu holni, aslida, nozik his etadi va shuning uchun ham yozadi: «Pushkinning har bir so‘zida ham tasvirida chuqur ma’ni, mazmun va his biqinib yotadiki, ularning teranligini berish uchun boy badiiy, jonli til bo‘lishi kerak. Aks holda, hisobsiz «oddiy» so‘zlarni ishlatishga to‘g‘ri keladi».

Munaqqid tarjima tilining obrazli, kartinali, badiiy til bo‘lishida Oybek erishgan mahoratni keng tahlil qilib, uning, chunonchi, «pustыnya» so‘zini sahro, cho‘l, go‘sha, deb «svet» so‘zini dunyo, qaynagan hayot, yuksak olam tarzida, «tolk» kalimasini esa ma’no, tafsir, mish-mish, jo‘yish singari shakllarda tarjima qilganida tarjimon mahoratining belgilarini ko‘radi. Ayni paytda u Oybek tarjimasiga umuman yukori baho bergani holda «tarjimaning ayrim joylarida hali ham yetarli soddalik, ravshanlik, aniqlik yo‘qligi»ni, «poemaning boshidan oxirigacha to‘la ravonlik, saktasizlik butunlay ta’min etilmaganini alohida qayd etadi. Bu holni Oybekning o‘zi ham sezib, «o‘ylaymanki, tarjimada tahrirtalab o‘rinlar hali ham bor. «Evgeniy Onegin»dek ulkan asarni shoshilinch tarjima qilganim sababli unda kamchiliklar ko‘p bo‘lishi tabiiy», — deb yozgan va bu tarjimaga sayqal berishda keyinchalik ham davom etgan.

«Evgeniy Onegin» tarjimasidagi Otajon Hoshim qayd etgan nuqsonlar, ayniqsa, asarning yaqinda iste’dodli shoir Mirza Kenjabek tomonidan yangitdan tarjima etilishi Oybek tarjimasi ustiga chiziq tortmaydi. Munaqqid 1937 yildayoq bu tarjimaning beqiyos ahamiyatini teran his etib, «Oybekning tarjimasi Pushkinning buyuk asaridan iborat bo‘lgan «Evgeniy Onegin»ni tarjima qilishda, umuman badiiy tarjima san’atini olg‘a surishda va egallashda qo‘yilgan bir zo‘r qadamdir», deb unga xolisona baho bergan edi.

Oybek o‘zining qalamkash safdoshlari Cho‘lpon va Usmon Nosir, Shayxzoda va Mirtemirlar bilan birga o‘zbek tarjima maktabining tugilishiga ulkan hissa qo‘shgan bo‘lsa, bu maktabning nazariy aqidalarini ishlab chiqish va unga ustozlik qilishda Otajon Hoshimning ham unutilmas xizmatlari bor.

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 9-son