Muhsin Hamidov. So‘z harorati (1989)

Badiiy o‘qish ustasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Muhsin Hamidov

— Muhsin aka, avvalo Sizning haqingizda juda kam narsa bilishimni eslatib o‘tmoqchiman. Necha yillik gazeta-jurnallarning boylamlarini ham ko‘zdan kechirib, faoliyatingiz batafsilroq yoritilgan maqolani uchratmadim.

— Moliya mutaxassislarining hisob-kitoblariga qaraganda, tomoshalarim bilan davlatga yuz million so‘m foyda keltiribman. Agar o‘sha mablag‘ning bir foizini o‘zimga berishganda ham millioner bo‘lgan bo‘lardim. Ammo hech qachon menda kassa daftarchasi bo‘lmagan. Yo‘q, men boylik, mansab yoki unvon ortidan quvmadim. Laganbardorlikdan hazar qilib yashadim. Birov oqni qora desa, unga ko‘r-ko‘rona jo‘r bo‘lmadim. O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetida o‘tgan yig‘ilishlarning birida Markaziy Komitetga mafkura xodimlari to‘g‘ri tanlanmaganligini aytdim. Mana shuning oqibatida madaniyatimiz orqada qolayotganini ta’kidladim. Markaziy Komitet yonida o‘zbek xalqining rivojlanish tarixi, madaniyati tarixi namoyandalarining suratlarini, ular haqidagi materiallarni to‘playdigan arxiv bo‘limi ochish kerak. Bu madaniyatimizning oltin fondi bo‘lib qoladi. Sizlar bugun kelib ertaga ketadigan amaldorsizlar. Ammo o‘zbek xalqining talantli olimlari, san’atkorlarining ishi kelajak avlodlarga meros bo‘lib qolishi kerak, dedim. Shuningdek, notiqlik, badiiy so‘z san’atini rivojlantirishni keng yo‘lga qo‘yish kerakligi haqida ham to‘xtaldim. Ammo taassufki, fikrlarim ba’zilarga yoqmadi. Ma’lumki, ular notiq emasdi. So‘z san’atining sehrini his qilmasdilar. Fikrlarimga e’tiroz bildirish bilan cheklanmay, zimdan zarba bera boshlashdi. Uyim tintuv qilindi. Qamab yuborishlariga oz qoldi. Mana shular oqibatida turmushimning anchagina qismi lo‘lilarning hayoti kabi ijarama-ijara sargardonlikda kechdi. Men haqimda yozib G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotiga topshirilgan risolani chop etish man qilindi. Lekin men bu tahqirlashlardan tushkunlikka tushmadim. Har kun erta tongda bolaligimda o‘rgangan bir forsiy to‘rtlikni oyatday takrorlashga o‘rgandim.

Vaqteki tu omadi ba dunyo uryon,
Olam hama xandonu tu budi giryon.
Yak kore bikunki vaqti raftan,
Olam hama giryonu tu boshi xandon.

(Mazmuni: Sen qip-yalang‘och dunyoga kelganingda hamma kulib, sen yig‘lagan eding. Shunday bir ish qilginki, o‘lganingda hamma yig‘lab qolsin, sen kulib ketgin).

Atrofimda ro‘y berayotgan ochko‘zlik, yulg‘ichlik, poraxo‘rlik, meshchanlik kabi illatlarga qarshi yig‘inlarda turli antiqa rivoyat, hikoyatlarni, Shayx Sa’diy ruboiylarini o‘rganib ijro etardim. Shulardan bittasining mazmuni mana bunday: «Ey dil, nega olam ishidan bexabarsan? Kechayu kunduz boylik haqida o‘ylaysan. Bu dunyoda tegishing bitta kafan, xolos, uni ham olib ketasanmi-yo‘qmi, gumon».

— Sharq klassik she’riyatiga, umuman umuman badiiy so‘z san’atiga qiziqishingizning boisi nimada?

— Bunga yoshligimda otam Mirza Hamid qori, za’rif ta’bli amakim Mirza bobolar sababchi bo‘lishgan. Ular meni 1927 yilda Qo‘qonda nom qozongan muallimlardan biri Po‘lat Qayumov rahbarlik qilayotgan maktabga o‘qishga berishdi. Bu maktabda Usmon Nosir, Amin Umariy, Temur Fattoh, O‘tkir Rashid bilan birga tahsil oldik. Mening shoirlikka havasim ana shu do‘stlarim davrasida kurtak otdi.

Maktab qoshida «Firqa» klubi tashkil etilgandi. Qo‘qon viloyatining zabardast san’atkorlari ishtirokida bu klubda muntazam kontsert va spektakllar qo‘yib berilardi. Bu san’atkorlar orasida H. H. Niyoziy, Mirshohid Miroqilov, Mariya Kuznetsova, Abdurazzoq novcha va boshqalar bor edi. 1928 yilda klubda yoshlar drama to‘garagi tuzildi. Nabi Rahimov, Hojiqurbon Nazarov, men to‘garakka faol ishtirok etardik.

1929 yilda bizni Samarqandda tashkil etilgan yangi respublika teatriga ishga chaqirishdi. 1930 yilda esa teatr Toshkentga ko‘chirildi (hozirgi Hamza nomidagi akademik drama teatri). Endi men spektakllarda Abror Hidoyatov, Shukur Burhonov kabi yetuk san’atkorlar bilan sahnaga chiqardim. «Jaloliddin Manguberdi» (Shayxzoda asari)da Temur Malik, «Ernst Telman»da Telman, «Hamlet»da birinchi aktyor obrazlari qiyofasida tomoshabinlarga tanildim. Ayniqsa «Hamlet»dagi birinchi aktyor monologini o‘kiganimda zal suv quygandek sukutga cho‘mardi. Ko‘pchilik tomoshabinlar ana shu monologni tinglash uchun nechanchi bor qayta spektaklga tushayotganliklarini izhor qilishar, ko‘nglimni tog‘dek ko‘tarishardi. «Sening talaffuzingni yaxshi ko‘raman, — dedi Mannon Uyg‘ur bir gal bu monolog haqida gap ketganda. — Shuning uchun ham spektaklning shu sahnasi kelganda zalga kirib eshitib o‘tiraman».

Ustoz san’atkorlar bilan ishlash qanchalik maroqli bo‘lmasin, teatr meni keyinchalik qoniqtirmay qo‘ydi. Mehnatkashlar bilan yuzma-yuz o‘z kechinmalarimni, yuragimning tug‘yonlarini to‘kib solishni istab qolgandim. Shu istak-orzu, so‘z aytishga tashnalik meni san’atimiz darg‘alari bo‘lmish qadrdonlarim davrasidan chiqib, O‘zbek Davlat estrada teatri (hozirgi O‘zbek Davlat filarmoniyasi)ga ishga kirishimga sabab bo‘ldi. U yerda badiiy so‘z ijrochisi bo‘lib ishlay boshladim. Badiiy o‘qish san’ati orqali men o‘zim uchun zarur yo‘l topganday bo‘ldim. Chunki bu jangovar va safarbar etuvchi janr teatr yetib borolmaydigan burchaklarga ham nur kabi kirib borishga qodir edi. Ayniqsa, urush yillari notiqlik san’ati fashistlarga qarshi qurolga aylandi. «Hamma frontga!», «Hamma narsa front uchun!» da’vatkor shiorlari yangragan paytda so‘z san’atining qudrati beqiyos edi. «O‘rtoq komissar», «Leninning Finlandiyadan qaytishi», «Jangchi va bulbul», «Ulug‘ nom» kabi asarlarimni xalq oldida — harbiy komissariatda, ishchi-kolxozchilar huzurida o‘qib, necha bor qayta-qayta taskin topganman.

— San’atshunoslarimiz hozirgi zamon Sovet va jahon bir aktyor teatri janriga o‘zbek badiiy so‘z ijrochiligi san’ati asos solgan deb ta’kidlaydilar. Sizningcha, ularning bu da’vosi to‘g‘rimi?

— Teatrshunoslar A. Ya. Zakushnyakni sovet bir aktyor teatri janrining asoschisi deb ataydilar. Chindan ham A. Ya. Zakushnyak badiiy so‘z ijrochiligi san’atini mustaqil teatr, mustaqil professional janr darajasiga ko‘tardi. Bu borada unga o‘zbek xalq badiiy so‘z ijrochiligi san’ati qo‘l kelgan.

Gap shundaki, V. E. Meyerxold, V. F. Komissarjevskaya kabi yirik san’atkorlar bilan hamnafas ijod kilib yurgan professional aktyor A. Ya. Zakushnyak 1910 yillar dan boshlab «Intim o‘qishlar oqshomi» nomi bilan kechalar tashkil etib, tor doirada hikoyalar ijro etib yurgan. O‘sha yili ular  Toshkentga kelishadi. Zakushnyak bozor maydonida quyosh selini pisand qilmay nimanidir miq etmay tomosha qilib o‘tirgan olomonni ko‘radi. Ularning oldida baland va uzunchoq arava ustiga chiqib olgan, bashang kiyingan bir o‘zbek, ajib bir musiqiy ovozda nimalarnidir hikoya qilayotgandi. U goh alvon rangli choponiga burkanar, goh go‘yo o‘zining qo‘li ostida turgan qandaydir mayda narsalarga ishora qilib, ovoz ohangi va qomati holatini tez-tez o‘zgartirib turardi. Zakushnyak hayajonga tushadi. U o‘zi uchun zarur shaklni topgandi! Shunday qilib, o‘zbek bozorida topilgan bu janr Zakushnyak iste’dodidan bahra olib, Sovet Ittifoqi bo‘ylab, so‘ngra esa butun jahon bo‘ylab tarqaldi.

— Darhaqiqat, san’atshunoslarimiz o‘zbek bir aktyor teatri tarixini sizning nomingiz bilan bog‘lab talqin etadilar.

— A. Ya. Zakushnyak tajribalari men uchun maktab rolini o‘tagan. Yangi ish joyimda deyarli har kuni o‘z ustimda ishlash, tomoshabin oldiga chiqish imkoniyatiga ega edim. Shu bilan birga, siyosiy targ‘ibotning eng faol shakli bilan shug‘ullanishga ehtiyoj sezdim. Dastlabki chiqishlarimda V. Mayakovskiy, H. Olimjon, G‘. G‘ulom she’rlaridan tuzilgan o‘n-o‘n besh minutlik adabiy sahnalarni ijro etdim. Keyinroq mustaqil ravishda she’riyat kechalari tashkil etishga kirishdim. Afishalarda «Adabiy kontsert» deb atalmish e’lonlar paydo bo‘ldi. Navoiy, A. S. Pushkin, Hamza, G‘afur G‘ulom, Uyg‘un, Shayxzoda va yana o‘z asarlarimdan tashkil topgan badiiy o‘qishlar tinglovchilarning qabul qila olish darajasiga qarab 45 minutdan bir yarim soatgacha davom etardi. Mana shunday qilib, o‘zbek bir aktyor teatri janri respublikamizda o‘z hayotini boshladi.

1952 yilda Boris Pechorin «Ulug‘ hayot sahifalari» nomli ikki bo‘limdan iborat adabiy-badiiy asar ustida ish boshladi. Unda V. I. Lenin, Ya. M. Sverdlov, F. E. Dzerjinskiy, S. M. Kirov kabi bir qator davlat arboblari nomidan gapiriladi. Bu asar bilan men O‘zbekistonnigina emas, bir necha qardosh respublikalarning ham ko‘pgina viloyat va rayonlarini ham kezib chiqdim.

Keyinroq Rasul Rizoning «V. I. Lenin» poemasi asosida «Lenin va Sharq», shuningdek, «So‘nmas u kunlar shuhrati», M. Gorkiyning «Inson» nomli falsafiy asari asosida adabiy o‘qish materiallari yozildi.

— Bular haqda Boris Pechorin shunday deydi: «Bu badiiy o‘qish materiallarining g‘oyasini dastavval Hamidov berdi. Qolaversa, ularning qanday asar va lavhalardan iborat bo‘lishi, material tanlash va montaj qilish jarayoniga ham u juda faol qatnashdi». Ijro etiladigan spektaklning tili juda ravon, kundalik oddiy so‘zlarga yaqin va pishiq bo‘lishi shart. Aks holda, u kitobiy bo‘lib qoladi va tinglovchiga ta’sir etmaydi.

* * *

San’atshunos S. Imomxo‘jayev «So‘nmas u kunlar shuhrati» adabiy o‘qish spektaklini hozirga qadar o‘zbek bir aktyor teatri janrining shoh asari deb baholaydi. Umuman, olim Muhsin Hamidovning quvvai hofizasi haqida deydi: «Aytaylik, Shukur Burhonov, Olim Xo‘jayev, Razzoq Hamroyev kabi yirik aktyorlar eng kami 15—20 soatlik asarlarni yod bilganlarki, bu bir tomondan g‘ayrioddiy, ikkinchi tomondan mashq qilib chiniqtirilgan xotira kuchining mahsulidir. M. Hamidov ham ayni shu toifadagi kishilar, ya’ni bir yoqdan tabiatan yuksak darajada taraqqiy etgan xotira kuchiga ega bo‘lgan, ikkinchi tomondan esa, o‘zining ana shu tabiiy imkoniyatlarini maxsus mashq va izlanishlar orqali rivojlangan kuvvai-hofizasi oliy darajagacha rivojlangan san’atkorlarning soni butun respublika bo‘yicha ham barmoq bilan sanarlidir. Muhsin Hamidov ana shu kam sonli san’at allomasidir.

U bir chiqishning o‘zida bir-bir yarim, hatto ikki soatlik asarni yoddan gapiradi. Ijro etganda ham shunday emotsional, tug‘yon, shunday tabiiy ehtiros, hissiyot bilan ijro etadiki, xuddi asar birov tomonidan yozilgan emas, xuddi shu topda uning yuragi qa’ridan qaynab chiqayotganday taassurot qoldiradi. Shuning uchun ham ko‘pchilik tinglovchilar uning quvvai-hofizasidan hangu mang bo‘lib qoladilar. «Shuncha narsani qanday eslab qolasiz?» deb so‘raydilar. Holbuki, ana shu uzoq muddatlik asar Muhsin Hamidov yod bilgan hamma narsa emas, balki uning xotira xazinasidagi behisob badiiy javohirlarning faqat bir qismi xolos.u

Suhbatdoshimga olimning bu fikrlarini aytib, so‘radim:

— Chindan ham Sizning badiiy o‘qish san’atingiz oldida hayratga tushmay iloj yo‘q. Ayting-chi, siz bunga qanday erishasiz? Buning biz tinglovchilaringizga ma’lum bo‘lmagan siri bormi?

— Buning siri inson irodasining toblanishida, deb bilaman, — javob beradi san’atkor. — Notiq bo‘lish uchun odamda avvalo yoniq dil bo‘lmog‘i lozim. Ya’ni u qaynay bilishi zarur. Bizning ko‘pchiligimiz dangasa bo‘lib ketganmiz. O‘z nutq madaniyatimiz, so‘z boyligimiz ustida ishlashni xayolimizga ham keltirmaymiz. So‘zda avvalo o‘zingiz bo‘lishingiz kerak. Ana shundagina u tinglovchiga borib yetadi. Shu bilan birga, ma’lumot, iroda, fidoyilik talab qilinadi.

Men har bir badiiy asarni yodlash uchun bir-ikki hafta sarflayman xolos, Asar doirasidagi bajariladigan harakatlar aniq bo‘lgandan keyin so‘zlar o‘z-o‘zidan yod bo‘lib qoladi.

Adabiy asarni asosan ertalab, soat 5—6 larda turib, biror sokin bog‘da yoki xiyobonda yodlayman. Erta tongdagi ikki soatlik yodlash asarning juda yaxshi esda qolishiga yordam beradi.

— Shoirlarimizning o‘z she’rlarini o‘qish san’ati borasida nimalar deya olasiz?

— Bilasizmi, she’rni nasrga yaqinlashtirib o‘qish yaxshiroq natija beradi. Shaxshaxador qilib o‘qish madaniyatdan emas. Quyoshmi, quyoshning haroratini bera ol o‘quvchiga. Nasrni esa nazmga ko‘chirsangiz, o‘quvchi qofiyani o‘zi topib oladi. Hozir esa bizda she’rning satrlarini cho‘zib, xuddiki lo‘li fol ochayotganday o‘qiydilar. Bu bilan she’rning qimmatini tushirib yuborganliklarini bilishmaydi. Shoirmi, professormi yoki xalq rahbarimi, o‘z vazifasini halol uddalashni istasa, avvalo notiqlik san’atini egallashi lozim. Dohiymiz V. I. Lenin, Kirov, Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov ham zo‘r notiqliklari bilan xalqqa ta’sir qilganlar. Ilgari N. Muhiddinov Namangan viloyati partiya komitetining sekretari vazifasida ishlardi. Leningradda o‘tgan yigilishlarning birida so‘zga chiqqanda uning talaffuziga leningradliklar hayratda qolishgan…

— Shogirdlaringiz?

— Afsuski, ular yo‘q. Toshkent Teatr va rassomlik instituti talabalariga ikki yil badiiy o‘qish san’atidan dars berdim. Ammo yoshlarimizning badiiy o‘qishni o‘rganishga qunt qilmasliklari, so‘zga harorat bag‘ishlay olmasliklarini ko‘rib, hafsalam pir bo‘lgan. Badiiy o‘qish kafedrasi ochilsa, ehtimol, ishlar yurishib ketarmikan, degan umid bilan rektoratga murojaat qildim. Ammo iltimosimni inobatga olishmadi. Juda katta soha bu. Avvalo jag‘larni ishlata bilish, ovoz, nafas olish ustida ishlansa, hatto cho‘pdan notiq tayyorlasa bo‘ladi.

Suhbatni N. Yo‘ldosheva yozib oldi.

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 8-son