Mahbuba Qodirova. Nodira hayotida ijtimoiy sahifalar (1989)

Ko‘p asrli o‘zbek adabiyoti tarixida Mohlar oyim Nodira o‘ziga xos o‘rin tutadi. O‘z davri nazm gulshaniga tarovat baxsh etgan san’atkor ayni paytda o‘zining madaniyat va ma’rifatni rivojlantirish sohasidagi faoliyati bilan zamonasida «Nodirai davron» bo‘lib tanilgan edi.

Shoiraning o‘zbek va fors-tojik tillarida Nodira va Maknuna taxalluslari bilan yozilgan asarlari, jamlangan devonlari ularning nashrlari orqali kitobxonlarga yaxshi ma’lum. Yaqinda shoiraning Komila taxallusi bilan yozilgan asarlaridan iborat yana bir mo‘tabar devoni aniqlandi. Ushbu devon va undan o‘rin olgan asarlar haqida ushbu satrlar muallifi «Guliston» jurnalining 1989 yil 1-sonida bosilgan «Komila devoni» maqolasida ma’lumot berib o‘tgan edi. Shoira devoniga yozgan debochasida hayotdan juda erta ketgan umr yo‘ldoshi — Qo‘qon xoni Umarxonning bevaqt vafotini kuyinish bilan eslaydi. Uning shoirlik salohiyati haqida bir qadar hissiyot bilan gapiradi. Hokim sifatida olib borgan ishlariga ortiqcha maktovlar bildiradi. Shoira o‘zining dastlabki ijodiy qadamlari, she’riyatga bo‘lgan muhabbati haqida gapiradi. O‘z navbatida, ijtimoiy faoliyati xususida ma’lumot berib, Umarxon vafotidan keyin Qo‘qon xonligi taxtiga o‘tirgan o‘n to‘rt yashar o‘g‘li Muhammad Alixonga ko‘maklashib, mamlakat obodonligi, madaniyat va ma’rifat sohasiga homiylik qilib, shaxsan o‘zi olib borgan ishlarini qayd etib o‘tadi. Debochada bunday deyiladi (nasriy tarjima): «Kundan-kun ayriliq dardi va mushtoqlik alami haddan osha boshladi. Sabru chidam etagini har qancha ushlasam ham oxir qaror sizlikdan devonalik qo‘li bilan toqatim yoqasini pora-pora etadi. Goho uning xayoli bilan ko‘ngil iztirobiga tasalli berdim, goho uning yodini qilib dilning hayajonli holatiga orom va taskin yetkazdim. Sayyidlar, shayxu ulamolarga hadyalar, tortiqlar qilib, duolarini oldim. Barchasini uning poki ruhiga bag‘ishladim. Faqirlar va bechoralarga in’om va hadyalar bilan foyda keltirdim. Yaxshilik va muruvvat qilib, kambag‘al bechoralarni xursand qildim va ehtiyojsiz yashashini ta’minlash borasida marhamat va shafqatlar ko‘rguzdim… Gul bog‘da g‘ayrat bilan baland toqilik qilib, yarim doira shaklida mustahkam gumbaz bino qildim. Do‘stlarga duogo‘y joy bo‘ldi. Uning yoniga turli ilmlar o‘qiladigan, dilni ravshan qiluvchi salobatli madrasa soldirdim. Savdogarlar va sayohatchilar uchun katta mehmonxonalar barpo qildim. Astoydil kirishib qo‘shinlarni tarqatib, xalqni tinchlantirdim. Mamlakatni obod va bechoralar ko‘nglini shod qildim. Din ahllari, ulamolarga yordam berdim. Shariat rivoj topdi. Dunyodan voz kechuvchi (darveshlar)ga ixlos va ishonch bildirdim, din va millat kamol topdi. Ilm-hunar ahliga shafqat va marhamat bilan mehribonchilik ko‘rsatdimki, ular fikran ijodiy taraqqiy qildilar. Muhtojlar va gadolarni talablariga yetkazib, yaxshilik eshigidan noumid yubormadim». (Nodira devoni, inv. № 313, sah. 6—7, Qo‘lyozmalar instituti fondi).

Shoira debochada yana Umarxon vafotidan keyin saroydagi fozil ayollar, xattotlar yordamida ko‘plab kitoblarni ko‘chirtirgani, shu jumladan, o‘zining she’rlarini ham jamlab devon tuzgani haqida ma’lumotlar beradi. Nodiraning ilmga, madaniyat va adabiyot rivojiga homiylik qilishini kuzatib borgan zamondosh shoir va fuzalolar, tarixchilardan Xotif, Nodir, Hakimxon va uning atrofida bo‘lgan shoirlarning asarlarida Nodiraning o‘z devoni debochasida yozilgan voqeliklar yana bir karra qayd etiladi va tasdiqlanadi. Abdunabi Xotif Nodiraga bag‘ishlab yozgan asarida Umarxon vafotidan so‘ng mamlakat idorasi Muhammad Alixon qo‘liga o‘tgan bo‘lsa-da, unda Nodiraning ham ishtiroki katta bo‘lganini aytib quyidagilarni yozadi (biz tojik tilidan mazmunini berdik): «Uning aqlu farosatiga zamon ahli hayron va qoyil qolar edi… Umarxonning vafotidan so‘ng bu iffat sadafining injusi yorining motamida goh hasratdan guldek yoqasini chok chok qilar, goh ayriliqdan ko‘ksini loladek dog‘lar, ko‘zlaridan marvariddek yoshlar to‘kar edi. Ha, yorning firoqi oson emas, jonon g‘ami — jonning otashidir. Shu xilda bexud va besabrlik bilan uch yil umr o‘tkazdi. Firoq va hasrat kechalarida rangin nazmlar, ajoyib she’rlarni o‘ziga hamdam qilib, forsiy va turkiy jonbaxsh g‘azallarni yozish va o‘qish bilan mashg‘ul bo‘lar edi.

Uch yildan keyin ko‘rkam xislatli bu Komila inson ogohlik ko‘zini ochib, ming gulistondan ortiq bo‘lgan Chahor chaman bog‘iga bordi. Farg‘ona, Toshkent, Xo‘jand, Andijon va boshqa shahar xalq hunarmandlarini o‘z xizmatiga chaqirib, xayru ehson eshigini shunday ochdiki, hammalari mamnun bo‘lib tahsin va ofarin dedilar…

Shunday qilib, bu ayol aqlu donish va yaxshi fazilatlari bilan yagonai davron va Nodirai zamona bo‘lib tanildi va xalqlar tahsiniga sazovor bo‘ldi» (Nodira devoni, inv. № 313, sah. 68, 69).

Nodira o‘sha devon debochasida ko‘plab kitoblarni ko‘chirtirib, devonlarni jamlaganini yozgan edi. Bu haqda ham Xotif shunday eslaydi: «Bu kunlarda yana kitoblar yozdirish va ularga eebi-ziynat berishga qaror qilib, bir kutubxona bino etdirdi. Bu kutubxonada ishlovchi kotiblar, naqqoshlar, xattotlar va rassomlarga shunday karam va ehsonlar ko‘rsatdiki, buning ovozasi atrof olamga mashhur bo‘ldi. Amudaryoning bu tomonidan yoqut qalam kotiblar, Mirali raqam roqimlar, naqqoshlar, xalkorlar, Moniy kabi rassomlar bu yerga jam bo‘ldilar. Shu jamoadan Behzod xislatli domla Muhammadniyoz o‘z zamonasining yagonasi edi. Bu ustozga yana bir qancha mohir xalkor naqqosh hunarmandlarni qo‘shib, varaqlarga zebi-ziynat berish uchun tayinlandi. Haramxona xizmatkorlaridan Olima otin tashqaridagi davlat xodimlari va ular orasidagi ishlarni xonimga (Nodiraga) ma’lum qilish uchun tayinlangan edi» (o‘sha asar, sah. 71).

Nodira asarlar, devonlarning chiroyli va xatosiz yozilishini ko‘zdan kechirganidan keyin uning muqovasini bezatishni ham shaxsan kuzatib turar edi. U yaxshi ishlagan kotib va xattotlarga tilla qalam, kumush qalamdon berib, ularni «Zarrin qalam»lik mansabiga ko‘targan.

Shuningdek, «Mukammal tarixi Farg‘ona» asarida Nodiraning qabristoni kalondagi Madrasai Chalpak, taqagarchilik rastasidagi «Mohlar oyim» madrasasini soldirgani, bir yetimxona va musofirlar uchun bir saroy barpo etdirgani haqida ma’lumot beriladi.

Nodiraning zamondoshi Behjad shoiraning tashabbusi bilan bino qildirilgan madrasalardan birini nazarda tutib: «U (Nodira) chiroyli bir madrasa bino qildiki, uning har bir hujrasi jannatning qasriga o‘xshagan, ta’lim asboblari muhayyo qilingan darsxona edi», deb yozadi.

Shoir Mushrif ham madrasada o‘qigan talabalarning ovqat, kiyim-kechak bilan ta’minlanganligi, madrasa tokchalarida muhim tarixiy, ilmiy, adabiy kitoblar terilganligi to‘g‘risida yozadi, madrasa atrofidagi yer-suv, bog‘lar, karvonsaroylar, bozor rastalari, hammom va shu kabilar hammasi madrasaga vaqf qilinganligini qayd etib o‘tadi va unga quyidagi tarixni bitadi:

Yoftam in misrai hasbul marom
«Madrasai Xonimi neku qadam».

Bu keyingi misra abjad hisobi bilan jam qilinganda hijriy 1240, melodiy 1824—25 yillar kelib chiqadi.

Shoir Attorning «Tuhfatut-tavorix» asarida Nodira oqillarning nodirasi, g‘ariblarning g‘amxo‘ri, sof qalb egasi, fahm-farosat, ilm va donish, karam va saxovatda «yuz erdan ziyoda», «Nodirai davron» deb ta’riflangan. Attor shunday yozadi: «Mohlar oyim poklik hijlasida parda ostida o‘tirgan sahiylik qo‘lini uzatgan, u davrda Hotamitoyning nomini Nodirai davron (nomi) yengib chiqqan, hamisha hadyalar bag‘ishlab saho eshigini olimlar va fozillar, faqirlar va g‘ariblar yuziga ochib qo‘ygan, o‘z karamining dasturxonidan hammani tamomila mamnun qilgan edi. Har beva va bechoralarning dilini shod etar edi. Surat yuzasidan taxt egasi, bechoraparvarlikda juvonmard edi» (Attor. «Tuhfatut — tavorix». SSSR FA Osiyo mamlakatlari institutining Leningrad bo‘limi, inv. № 440, 229-varaq.).

Nodiraning devoni debochasida o‘z faoliyati haqida bildirgan fikrlarida, uning ilm-ma’rifat ishlariga homiyligi va insonparvarligi haqidagi qaydlarda haqiqat bilan birga o‘ta mubolag‘ali ta’kidlar ham yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Lekin o‘sha xonlik hayotining tor doirasida turib, ayol kishining olib borgan xayrli ishlari kishi diqqatini tortadi.

Nodira ijodi sovet davrida har tomonlama chuqur o‘rganila boshlandi. Bu sohada o‘ttizinchi yillardan ilmiy kuzatishlar yuzaga chiqa boshladi. Nodira haqida Lutfulla Olim va O‘tkir Rashid ilk maqola yozganlar. Vohid Zohidov, Vohid Abdullayev, Aziz Qayumov, To‘xtasin Jalolov va boshqa olimlarimiz Nodiraga bag‘ishlangan ilmiy ishlarida uning shoiraligi bilan birga ijtimoiy faoliyati haqida xarakterli fikrlar aytib o‘tdilar. Shoira hayoti va ijtimoiy faoliyati haqida o‘zbek adabiyoti tarixi, darsliklar va o‘quv qurollarida ham qiziqarli faktlar o‘rin olib bordi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, Mohlar oyim Nodiradek inson va uning hayotiga sadoqatmand, ma’rifatparvar tarixiy shaxsga baho berilganda uning faqat shoiraligigina nazarda tutilmasligi kerak. Bu ayol shaxsiy hayoti va sharoit taqozosi bilan o‘lka hayotiga homiylik qilishdek xarakterli ishni o‘z zimmasiga oladi va o‘zi ilmu donish, zakovati va o‘ta tadbirkorligi bilan madaniy-ma’rifiy ishlarning rivojlanishiga munosib hissa qo‘shdi.

«Guliston» jurnalining 1989 yilgi 1-sonida tarix fanlari kandidati X,. Bobobekovning «Nodira va zamon» sarlavhali maqolasini ko‘zdan kechirib qoldim. Nodira va uning muhiti haqida yaxshigina fikrlar bildirilgan bu maqolada «Mohlar oyim Nodira Muhammad Alixon davrida (1822—1841), Sulton Mahmudxon davrida (1841 —1842) ham davlatni boshqarishda faol ishtirok etmagan», deb yozadi. Maqola muallifi o‘z fikrini isbotlash maqsadida quyidagi shoshilinch xulosani bayon etadi: «Qo‘qon xonligiga oid barcha ma’lum bo‘lgan qo‘lyozma, tarixiy kitoblar va arxiv hujjatlarida Nodiraning davlatni boshqarishdagi ishtiroki haqida dalilni uchratmadik. Hattoki, chor Rossiyasi razvedkasi to‘plagan ma’lumotlarda ham Nodiraning davlatni boshqarishi haqida bironta ham ma’lumot topa olmadik». U holda shoiraning zamondoshlari Xotif, Nodir, Hakimxon va boshqa tarixchilarning asarlarida bayon qilingan fikrlar haqida nima deyish mumkin? Nodira o‘z devoni muqaddimasida xato fikrlarni aytmagandir axir. Xotif asarlarida «Bu ayol mamlakat nizomi va xalq ehtiyojini tadbir va adolat rasmida kamoli aql va farosat bilan shunday joyiga keltirdiki, tamomi umaro va fuzalo barcha xaloyiq uning davlatini yanada ziyoda bo‘lishini tilab duo qildilar. (U) Mamlakat xirojlaridan sarf qilib, bir madrasai oliy, naqshdor masjid, hammom, karvonsaroy bino qildirdi. Bu madrasa, masjid talabalariga bozor rastalaridan hisobsiz vaqflar tayin etdi», deb yozganiga shubha bilan qarashga haqlimizmi? Chor razvedkasi bu asarlarni o‘qib, mag‘zini chaqolmagani haqiqat-ku. Nega Nodira haqida fikr yuritmoqchi bo‘lgan bugungi olim yuqoridagi manbalarni e’tiborga olmay, «qo‘lyozma tarixiy kitoblarda Nodiraning davlatni boshqarishdagi ishtiroki haqida dadilni uchratmadik», deb osongina xulosaga keladi. Bu manbalarga yuzaki qarash oqibati emasmikin? Har holda, masalaga adolatli yondashuv manbalar asosida fikr bildirishni talab qiladi.

Nodira o‘zbek adabiyoti va madaniyati taraqqiyotida munosib iz qoldirgan siymodir. Uning serqirra faoliyatida davlat ishlaridagi ishtiroki shubhasiz.

Mohlar oyim — shoira Nodiraligicha, davlat ishlaridagi homiyligicha qoladi.

Mahbuba Qodirova, filologiya fanlari doktori.

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 7-son