Dilmurod Quronov. Ikki roman — ikki talqin (1991)

Badiiy asar faqat badiiyat mezonlaridan kelib chiqib baholanishi lozim degan fikr keyingi vaqtda bot-bot uchramoqda. Albatta, bosh mezon badiiylik bo‘lishi kerak, lekin masalani bu qadar keskin qo‘yish yana biryoqlamalikka olib kelmasmikin? Mazkur fikr uzoq vaqtlardan beri badiiy asarning mafkuraviy jihatini ustun qo‘yib baholash amaliyotga «aks ta’sir» sifatida yuzaga kelgani ravshan. Eskidan qolgan gal bo‘lsa-da, takrorlash joiz: badiiy ham g‘oyaviy tahlil — bir olmaning ikki pallasi, faqat… faqat ilgarigiday qonunan mustahkamlangan hokim mafkurani ustun qo‘yib, boshqalarini butkul, aksar hollarda ko‘r-ko‘rona inkor kilinmasa, zamonamiz bayrog‘iga yozilmish «plyuralizm» degan narsa kundalik haqiqatga aylansa…

Bugungi kunda «badiiy asar o‘qigandan gazeta o‘qigan qiziqarliroq» degan gap rasm bo‘ldi, sababki, osuda kechayotgan jamiyatimiz hayoti o‘zanidan chiqdi: nimalar bo‘layotganini, qay tomon borayotganimizni kim bilishni istamaydi deysiz. Aytmoqchimizki, jamiyat hayotida shunday davrlar bo‘ladiki, ijtimoiy-shaxsiy zarurat shoirning publitsistga, nosirning sotsiologga aylanishini taqozo qiladi.

Nasrimizda o‘lkamizning inqilob arafasidagi hayotini jiddiy tahlil etuvchi ikkitagina asar bor: «Kecha va kunduz» ham «Qutlug‘ qon» romanlari. Taqdir ularning har biriga o‘zgacha qismatni ravo ko‘rdi: birinchisi, qatag‘on qilindi, shunchalarki, xalq xotirasidan butkul o‘chishiga oz qoldi; ikkinchisi, targ‘ibu tashviq etilaverdi, shunchalarki, umrida romanning to‘la matnini ko‘rmagan kishi uni «o‘qigan» chiqadi.

Ma’lumki, Oybek talqinida asosiy ijtimoiy konflikt ezuvchi va eziluvchi sinflar orasida yotadi, Cho‘lponda esa mehnatkash omma ijtimoiy harakatdan chetda. Tabiiy bir savol tug‘iladi: qay biri haq ularning? Fikrimizcha, Cho‘lpon haqiqatga yaqinroq turgan ko‘rinadi. Albatta, mehnatkash omma bilan ezuvchilar orasida ziddiyat mavjud bo‘lganini inkor qilolmaymiz, lekin bu narsa o‘sha vaqtdagi Turkistonda asosiy konflikt (ya’ni ijtimoiy taraqqiyot yo‘lini belgilovchi) bo‘lganiga ishonchimiz kamroq. Nega? Tarixdan ma’lumki, 1905 yilda «revolyutsiya beshigi» Petrogradda marksistik tashviqot keng quloch otganiga qaramasdan, ishchilar pop Gapon ortidan ergashgan edilar. Petrograd sharoitini, poytaxt ishchilarining revolyutsion tayyorgarligini esa Turkiston voqeligi bilan qiyoslashga hojat bo‘lmasa kerak. Yana revolyutsiya kuychisi M. Gorkiyning 1917 yilda yozgan quyidagi gapiga ham e’tiborni qaratgimiz keladi: «Rossiya voqeligining hozirgi sharoitida sotsial inqilobga o‘rin yo‘q, zero, cho‘rtan baliq amri bilan 85 foiz dehqon aholini sotsialist qilib qo‘yish mumkin emas-ku…» Modomiki, revolyutsiya avangardi — rus ishchilar sinfi aholining bor-yo‘g‘i 15 foizini (ularning ham aksariyati kechagi dehqonlar) tashkil kilgan ekan, inqilobdan 70 yil o‘tgach, ishchilari aholisining atigi 20 foizini tashkil qilgan o‘lkamiz haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Cho‘lpon ijodining jonkuyar tadqiqotchisi Ozod Sharafiddinov adib haqida: «…u inqilob arafasidagi Turkiston voqeligini tasvirlar ekan, ijtimoiy hayotning eng chuqur qatlamlarigacha ko‘z tashlaydi…» — deb yozadi. Xo‘sh, Cho‘lpon «ijtimoiy hayotning eng chuqur qatlamlarida» nimalarni ko‘ra oldi?

«Kecha va kunduz»da asosiy ijtimoiy konflikt feodalizm (chor mustamlakachilari ham shuning ichida) bilan shakllanib kelayotgan milliy burjuaziya orasida yotadi. Shu jihatdan olib qaraganda, romanning yetakchi g‘oyaviy yo‘nalishini belgilashda mahalliy feodal va amaldor Akbarali bilan hali ijtimoiy kuch sifatida o‘zini tanimagan milliy burjuaziya vakili Miryoqub munosabati muhim o‘rin tutadi.

Akbarali mingboshi obrazi vositasida adib feodalizmning inqirozga yuz tutgani qonuniy hol ekanini ko‘rsata olgan. Akbarali — «o‘z qishlog‘i bilan mingboshining mahkamasi orasida daftar ko‘tarib ot chopish, qishloqdan odam haydab chiqib katta yo‘lga suv seltirishgagina» yaraydigan odam. Uning baharnav ishini eplab turishida Miryoqubning xizmati ulug‘. Akbarali birmuncha o‘zgargan ijtimoiy-iktisodiy sharoitda harakat qilishga qodir emas. Chunki o‘zgarishlarni anglashdan ojiz — aqli ko‘toh. Bu narsa uni osongina Miryoqub va noyib to‘ra qo‘lidagi qo‘g‘irchoqqa aylantiradi. U ikkalasiga ham birday zarur: birinchisiga iqtisodiy, ikkinchisiga esa siyosiy manfaatlar yo‘lida. Cho‘lpon yozadi: «er-suv, pul va boshqa boylikka ko‘milgan bu odamning butun borligi Miryoqubning qo‘lida edi. Yerdan chiqqan hosilning qanchasi o‘z qo‘liga o‘tib, qanchasi Miryoqub omboriga to‘kilganini mingboshi o‘zi hech qachon bilgan emas». Ko‘rinadiki, mol-dunyosi ko‘pligidan o‘zi ham hisobini bilmaydigan Akbarali Miryoqub uchun daromad manbai, xolos. Sarmoyasini uddaburonlik bilan ishga solish Akbaralining qo‘lidan kelmaydi, demak, iqtisodiy jihatdan uning kelajagi yo‘k. Mingboshi bilan Miryoqubning sirtdan «do‘stona» ko‘ringan munosabati tomonlar anglab yetmagan musobaqadan boshqa narsa emas.

Idora — boshqaruv ishiga uquvi yo‘q, mustaqil fikrga ega bo‘lmagan manfaatparast akbaralilar mustamlaka siyosatini o‘tkazayotgan chor chinovniklariga har jihatdan qo‘l keladi. Akbaralining qo‘li bilan ish yuritgan noyib to‘ra aybni o‘zidan soqit kilib, «biz yaxshimizu shu amaldorlar…» deya mahalliy amaldorlarga yuklamoqchi bo‘ladi. Akbarali tipidagi amaldorlar tepong‘ich uloqchi otlar orasiga bog‘langan yag‘ir eshakday gap. Agar mingboshi nogoh o‘lmaganida, rus to‘ralar uni amalidan tushirib «adolat kilishlari» va shu bahona el nazdida «oppoq» bo‘lib olishlari tayin edi. Afsuski, u o‘lib qoldi, lekin to‘ralar bundan ham ustalik bilan foydalandilar.

Cho‘lpon taraqqiyot yo‘lida to‘g‘anoq bo‘lgan feodal boylar, amaldorlar muhitiga bo‘lgan munosabatini Akbarali obrazi orqali ifodalaydi. Muallifning cheksiz nafrati qahramon tashqi qiyofasini chizishda, nutqiy xarakteristikada, oilaviy-maishiy hayoti tasvirida, qo‘ying-chi, u bilan bog‘liq har nuqtada seziladi. Nazarimda, Cho‘lpon obrazning badiiy barkamolligini maqsad — feodalizmning chirkin basharasini ochib tashlash — yo‘lida qurbon qilgandek. Akbarali obrazida tabiiylikdan ko‘ra sxematizmga moyillik kuchli. Muallifning akbaralilar ustidan chiqargan hukmi ham qat’iy: Akbaralining bepushtligi insoniy fojiagina emas, balki ijtimoiy fojia hamdir. Muallif bu bilan feodalizmning inqiroziga ishora qiladi. Ustiga-ustak, R. Otayev ta’kidlaganidek, romanda uning yagona qizi Miryoqubdan degan ishoralar mavjudki, bu, o‘z navbatida, akbaralilar o‘rniga miryoqublar kelayotganiga ishora. Balki fikrimiz asossizday tuyular, lekin Cho‘lponning rus adabiyotidan ta’sirlanganini, rus nasrida esa bu kabi usul (masalan, Buninning «Qishloq» qissasi, bosh qahramon Tixonning bepushtligi) keng qo‘llanganini nazarda tutsak, fikrimizga asos topilganday bo‘ladi.

Romanning bosh qahramoni — shakllanib kelayotgan milliy burjuaziya vakili Miryoqub. Bir qarashda Miryoqubning bosh qahramon ekani (bosh, ikkinchi darajali degan gaplar primitivday tuyulsa-da, ijtimoiy-tarixiy romanda buning ahamiyati katta) bahsliday, lekin romanning «Kunduz» qismi yo‘qolgani, unda ham, asosan, shu qahramonlar harakat qilishini nazarda tutsak, adib ayni shu odamni bosh qahramonlikka tayyorlagani seziladi. Bu fikrga kelishimizning boisi — birinchidan, Miryoqub obrazining mantiqan tugallanmay qolgani, ya’ni qahramon ijtimoiy faoliyat bo‘sag‘asiga kelganda birinchi romanga nuqta qo‘yiladi; ikkinchidan, yo‘qsul omma vakillari — Zebi, Enaxon, O‘lmasjon va boshqalarning ijtimoiy harakatdan chetdaligi, ijtimoiy-tarixiy romanda ularning birinchi planga chiqishi ehtimoldan uzoqligi.

Miryoqub bilan Akbarali munosabati orqali adib chirib borayotgan feodalizm bilan kuchga to‘lib borayotgan burjuaziya o‘rtasidagi musobaqani ko‘rsata olgan. Akbaralidan farqli o‘laroq, Miryoqub sarmoyasini harakatda tutadi: «Qishloqda ikkita baqqollik, bitta qassoblik do‘koni, guzarda ikkita samovar bor. Bilgan odamlar shu besh muassasadan to‘rti Miryoqubning kuchi bilan aylanganini so‘zlaydilar. Shaharda, katta yo‘lning bo‘yiga — qo‘rg‘on tashqarisiga — bir yangi paxta zavodi tushdi; zavodning bir kattakon paxta saroyi ham borki, paxta terim vaqtida uch tarozi bilan paxta oladi. Ana o‘sha zavodga ham Miryoqubni sherik deydilar».

Miryoqub — zamona kishisi, yangi iqtisodiy sharoitda yashashga, yashashgagina emas, balki ravnaq topishga ham qobil, demakki, kelajagi bor. Burjuaziya siyosiy hokimiyatdan chetlatilgan bo‘lsa-da, boshqaruv ishlarida Miryoqubning qo‘li uzun. Akbaralining siyosiy to‘nkaligidan, noyib to‘raning manfaatparastligidan foydalanib ish bitiradi.

Siyosiy-iqtisodiy jihatdan burjuaziyaning feodalizmga qaraganda progressiv hodisa ekanini ta’kidlagani holda Cho‘lpon uning chirkin ma’naviy qiyofasini ham ochib bergan. Yozuvchining mahorati shundaki, u Miryoqubdagi ma’naviy inqirozning ijtimoiy ildizlarini ko‘rsata bilgan. Miryoqubning hayotda o‘z oldiga qo‘ygan bosh maqsadi — qanday bo‘lmasin boylik to‘plash (hozirgi sharoitda bu da’vom erish tuyular, lekin endigina qaddini rostlayotgan burjua korchaloni rivojlangan kapitalizm korchalonidan tubdan farq qiladi), shunga ko‘ra uning «valine’mat»lari — Akbarali bilan noyib to‘raga xiyonatini foydasini o‘ylab, uzoqni ko‘zlab qo‘yilgan qadam deyish mumkin. «Mingboshidan tegadigan meros chakana bo‘lmasligini» bilgan Miryoqub Poshshaxon bilan aloqani uzmaydi, shu bilan birga «mingboshining o‘limiga yaqin uning Poshshaxondan boshqa merosxo‘ri qolmasligi»ning tashvishini qiladi. Shuningdek, noyib to‘raning xotini bilan ham aysh uchungina topishgan emas, uning uchun bu — «ish ustidagi birinchi uchrashuv, birinchi bay ochish». Xarakterli jihati shundaki, Miryoqubning vujudida uyg‘ongan «tergovchi» har ikki ishni ham birday oqlaydi: «Bizning olamda munday dadil niyatlarni qoralash emas, oqlash kerak!» Adib bu bilan insonlar orasidagi munosabatni manfaatga bo‘ysundirib, insoniylikni inkor etadigan, eng dahshatlisi, buni qonuniy holga aylantirib, rag‘batlantiradigan muhitga nafratini ifodalaydi.

Yozuvchi Miryoqub obrazining murakkab evolyutsiyasini mohirona tasvirlagan. Albatta, bu obrazning evolyutsiyasi «Ona» romanidagi Pavel yoxud «Qutlug‘ qon»dagi Yo‘lchi singari aniq-tiniq ko‘zga tashlanmaydi. Sabab shuki, «Kecha va kunduz»ning maqsad-mohiyati mutlaqo boshqacha. Yuqorida tilga olingan asarlarda syujet chizig‘i, asosan, bir qahramon dinamikasini ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lsa, Cho‘lponning dialogiyasi ko‘p syujetli, ko‘p planli asar sifatida rejalashtirilgan. Shunday bo‘lsa-da, kitobxon Miryoqubdagi o‘sish jarayonini kuzatish imkoniyatiga ega.

«Miryoqub burungi Miryoqub bo‘lsa, to mingboshi o‘zi gap boshlamaguncha bu qora xabar haqida gap ochishga ham botinolmasligi lozim kelardi…» — bu Akbaralining o‘ylari. Anglashiladiki, bundan o‘n yillar ilgari Miryoqub Akbarali va noyib to‘raga hozirgiday ojiz maxluq sifatida qaragan emas, aksincha, ularni chin ma’noda valine’matlari bilib, ularning panohida ish ko‘rishni afzal bilgan, zero, u vaqtda milliy burjuaziya siyosiy kuch sifatida shakllanmagan, feodal asoslar, chorizm inqirozi bu qadar chuqurlashmagan edi. O‘zining kuchayib borishi barobari Miryoqub akbaralilar, noyib to‘ralar dunyosi tugab borayotganini his qila boradi, tabiiyki, munosabati ham shunga mos o‘zgara boradi. «Miryoqub ham boshqa yoqadan bosh ko‘tarmakchimi?» Mingboshining bu tashvishi o‘rinli. Chunki shu paytgacha kuch sifatida topingani nurab borayotganini sezgan Miryoqubga o‘zini saqlab qolish instinkti g‘ayrishuuriy tarzda boshqa kuchga topinishi lozimligini anglatgan bo‘lsa, ajabmas. Shu asnoda poyezdda jadid yigitga duch kelishi undagi burilishni tezlatadi. O. Sharafiddinov aytmoqchi, «bu o‘rinda (Miryoqubning ikki-uch kunda jadid bo‘lib kolishida — D. Q.) ham biroz sun’iylikka yo‘l qo‘yilganday ko‘rinadi»[1]. Bu fikrga qisman qo‘shilganimiz holda yozuvchi qahramonidagi o‘zgarishlarni psixologik jihatdan asoslay bilgan degan fikrga kelamiz. Jadid yigit bilan uchrashuvga adib qahramonini obdon tayyorlaydi. Miryoqub «moviy ko‘z» dilbarga nisbatan uyg‘ongan «chin sevgi» bois o‘zidagi «itlik» fe’llaridan nafratlana boshlagan, noyib to‘ra uyidagi buzuqliklarni ko‘rib, imperiyaning chirib bitganiga inongan, oyog‘ini tirab turgan asos qimirlaganini bilib, oyoq tirashga boshqa zamin izlayotgan payt yuz beradi bu uchrashuv. Aytmoqchimizki, jadid sepgan urug‘ yetilgan shudgorga tushadi. Bundan tashqari, jadid yigit mohir tashviqotchi sifatida Miryoqubning nozik joyidan tutadi — vujudida mudrab yotgan milliy g‘ururini uyg‘otishga harakat kiladi. Shu o‘rinda noyib to‘ra uyiga rus injenerining kirib kelishi sahnasini eslash joiz. Injener «noyib to‘ra bilan betakalluf ko‘rishdi, Miryoqub bilan ko‘rishib ham o‘tirmasdan to‘ppa-to‘g‘ri stolning to‘risiga o‘tdi…» Noyib mehmonga Miryoqubni tanishtirganda, u «o‘tirgan o‘rnida sekingina bosh silkib qo‘ydi. Miryoqub g‘ururining kaltaklanishidan kelgan zaharxanda bilan kuldi». Miryoqubdagi o‘zgarish ancha sezilarli bo‘lgan bo‘lsa kerakki, noyib to‘ra bir necha bor uzr so‘ragan bo‘ladi. Muallif buni sharhlab yozadi: «Bir injenerning (u, axir, noyib to‘ra singari katta amaldor emas!), nahotki, bir injenerning bir-ikki marta sartlarni kamsitishi Miryoqubni shuncha bezovta qildimi? Yo‘q, unaka kamsitishlar har qadamda bor!»

Tushunish mumkinki, milliy g‘ururning kaltaklanishi Miryoqubni o‘z vaqtida qiynagan, keyincha, ishning foydasini ko‘zlab o‘zini ko‘nikishga majbur qilgan bo‘lsa-da, bu narsa uni tez-tez bezovta qilib turgan. Endi noyib to‘raning o‘zidan hech bir ortiq joyi yo‘qligini, u kilgan ishni o‘zi ham, ehtimolki, undan yaxshiroq uddalashini anglagach, Miryoqubning ijtimoiy faoliyat istab qolishi tabiiy ko‘rinadi.

Jadid bilan uchrashuv Miryoqub uchun izsiz ketmagan, bu narsa uning mingboshiga yozgan xati boshlamasidanoq seziladi. Poyezddayoq Miryoqub «U yerda (Qrimda — D.Q.) jadidlarning kattalari bor emish. Ularni ko‘raman, gaplashaman» — degan karorga kelgan. Ehtimol, aytganini qilgandir, jadidlarga astoydil qo‘shilgandir? Mingboshining mirzasi Hakimjon tilidan aytilgan gap: «U (Miryoqub — D.Q.) haq yo‘lni topsa bormi — noyob odam bo‘ladi» — Cho‘lpon qarashlarini bir qadar oydinlashtiradi. Miryoqubning ma’naviyatini qoralagan muallif ham, agar u haq yo‘lni topsa, elining ravnaqi haqida o‘ylay boshlasa, bebaho odam bo‘lishiga ishonadi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek «Kecha»da mehnatkash omma ijtimoiy harakatda chetda — pichoq suyakka qadalgan, sabr kosasi to‘lgan, lekin ongli harakatdan yiroq. Fikrimizcha, Cho‘lpon o‘ziga zamondosh bo‘lgan minglab rus ziyolilari kabi omma inqilobiy harakatga tayyor emas deb hisoblagan. Muallif inqilob arafasidagi Turkiston voqeligi tahlilidan kelib chiqib, elining taraqqiyotini milliy burjuaziyaga bog‘laydi, shu bilan birga xalqparvarlik, ma’rifatparvarlik pozitsiyasida turadi. Burjua-demokratik g‘oyalar o‘sha vaqtdagi Turkiston voqeligida nechog‘li progressiv bo‘lganini gapirmasa ham bo‘ladi. Zero, bizning kapitalizmdan «xatlab» o‘tib ketib qolishimiz inqilobga qadar hech kimning xayoliga kelmagan. Sababi «Sharq xalqlarining ko‘pchiligi Yevropadagi eng qoloq mamlakat bo‘lgan Rossiyadan ham battar ahvolda…»[2] edi. Bu yerda hali burjuaziya o‘zining tarixiy missiyasini o‘tamagandi. Ehtimol, shuning uchundir, inqilobdan keyin V. I. Lenin Turkistonda «…hozir kommunizm kurish emas, balki feodalizmni ag‘darish umumiy vazifa qilib qo‘yilsin»[3], deb ta’kidlagan edi.

Ma’lumki, tendentsiozlik badiiy ijod tabiatiga singib ketgan. Har qanday adib hayotni o‘zicha ko‘radi, o‘zini qiziqtirgan mavzuni dunyoqarashidan kelib chiqqan holda yoritadi. Umuminsoniy qadriyatlar davrimizning bosh mezoniga aylanib borayotgan ekan, har qanday badiiy asarda, garchi u o‘rtamiyona bo‘lsin, ular u yoki bu darajada aks etadi — busiz mumkin emas! Deylik, Cho‘lpon Akbarali tasvirida shunday ranglar ishlatganki, Oybek ishlatgan ranglardan ham o‘tib tushadi. Cho‘lpon zebilar, akbaralilar, miryoqublar olamini tasvirlarkan, taraqqiyotga to‘g‘anoq bo‘lganlarga, inson qadrining toptalishi,ma’naviyatning bulg‘anishi va insoniy munosabatlar sayqallanishiga qarshi isyon ko‘taradi. Adibning katta epik asarni lirik tabiat lavhasidan boshlashi ham bejiz emas. Tabiatdagi uyg‘onish bilan yosh qizlar ruhiyasidagi uyg‘onish, undagi bahoriy go‘zallik bilan qizlarning go‘zal ma’naviyati uyg‘unlik (garmoniya) kasb etadi. Hayotning ichiga chuqurroq kirib borilishi barobari uyg‘unlik yo‘qolib, nouyg‘unlik (disgarmoniya) bo‘rtib boradi. «Nega shunday? Nega hayotning har jabhasi birday go‘zal emas?..» Ko‘ramizki, adibni barcha buyuk san’atkorlarni o‘ylatgan muammo — tabiat va jamiyat hayotining uyg‘unlashuvi o‘ylatadi, nouyg‘unlikni yo‘qotish, uyg‘unlikka yetish yo‘llarini izlaydi u.

Yuqorida aytib o‘tganimiz, har qanday adib hayotni o‘zicha ko‘rishini «Qutlug‘ qon» misolida yana bir bor kuzatish mumkin. Cho‘lpon davrning asosiy ijtimoiy konflikti deb qaragan feodalizm va burjuaziya ziddiyatlari nima uchun Oybek talqinida ikkinchi planga o‘tib qoldi? Buning sababini «zamonasoz»lik bilangina izohlash mumkinmi? Bizningcha, yo‘q. Oybek yozuvchi bo‘lish bilan birga ijtimoiyotchi olim ham edi. Demak, u ma’lum manbalarga tayangan holda o‘zi tasvirlamoqchi bo‘lgan davrdagi Turkistonning ijtimoiy, siyosiy, iktisodiy ahvolini (Cho‘lponga o‘xshab bevosita zamondosh emasdi u, yosh bola edi) o‘rgangan va muayyan xulosalarga kelgan. Oybek Mirzakarimboy oilasini tasvir ob’ekti qilib olarkan, hokim sinf vakillari orasidagi farqlar (hali ziddiyat darajasiga ko‘tarilmagan)ni ko‘rsatishga harakat qilgan. Fikrimizcha, Mirzakarimboy tom ma’nodagi feodal emas. Ayni paytda tom ma’nodagi burjuaga xos inqilobiy sifatlardan ham mahrum, siyosiy hokimiyatni qo‘lga olish va shu orqali ijtimoiy-iqtisodiy hayotni qayta qurishni xayoliga ham keltirmaydi. Osiyo mamlakatlaridagi ahvolga baho berarkan V. I. Lenin 1913 yilda: «Osiyoning hamma joyida qudratli demokratik harakat o‘smokda, kengaymoqda va mustahkamlanmoqda. U yerda burjuaziya hozircha xalq bilan birgalashib reaktsiyaga qarshi bormoqda»[4] — deb yozgan edi. Albatta, bunda Lenin konservativ kayfiyatdagi mirzakarimboylarni emas, balki radikal kayfiyatdagi sharafutdin xo‘jayevlarni («Kecha va kunduz») nazarda tutgan.

Otasidan farqli o‘laroq, Hakimboyvachcha endi ota izidan borishning o‘zi bo‘lmasligini, yangicha sharoitda sanoatchi boylar ravnaq topishini anglagan. Uning otasiga: «Dada, endi paxta zavod qurmasak bo‘lmaydi. Modomiki, paxtachi bo‘ldim, zavodsiz iloj yo‘q. Garchi siz norozi bo‘lsangiz ham ishni boshlab yubormoqchiman» — deyishi fikrimizni dalillaydi. Hakimboyvachchaday eskicha odatlarni mahkam tutgan odam ota rizoligisiz ish boshlamoqchimi, demak, buning jiddiy sabablari bor. E’tibor berilsa, Hakimboyvachcha Abdishukurning gaplariga otasi kabi «quruq safsata» deb karamasligi, aksincha, uni ko‘p jihatdan qo‘llashi, otasining oldida ba’zi gaplarini silliqlab, eskichaga muvofiqlashtirishga urinishi ko‘rinadi. Aytish mumkinki, u ma’lum ma’noda jadidchilik ta’siridagi odam, endigina o‘zini yangi siyosiy kuch sifatida taniy boshlagan. Uning ukasi Salimboyvachchaning Abdishukurga munosabatidan, «tirrancha»larning gapini har joyda ma’qullashi va takrorlashidan jadidlar bilan aloqasi ancha mustahkam ekani seziladi. Afsuski, biz kenja boyvachchani faoliyatda ko‘rmaymiz, ustiga-ustak adib uni «o‘ldirtirib» yuboradiki, bunda ramziy ma’no bormi, yo‘qmi — sezmay qolamiz.

Xulosa qilib aytish mumkinki, romanda bironta radikal kayfiyatdagi burjuaning uchramasligi (hayotda esa bo‘lgan) Oybekning dunyoqarashi, Turkistonning ijtimoiy taraqqiyoti masalasida O‘Z FIKRI bo‘lgani bilan izohlanadi. Ya’ni adib inqilob arafasidagi ijtimoiy hayotni tahlil qilib, yurtining kelajagi, ravnaqu kamolini belgilovchi kuch sifatida mehnatkashlarni oladi, shundan kelib chiqqan holda ijtimoiy-tarixiy romanda kuchlar nisbatini belgilaydi. To‘g‘ri, Oybekning qarashlari «rasmiy nuqtai nazar»ga mos tushadi, lekin shunda ham adib atayin yuqoriga ma’qul keladigan kilib (keyingi tahrirlar bundan istisno) yozgan deyishdan tiyilamiz. Yosh Muso shaxs va adib sifatida shakllangan shart-sharoitlarni, uning OYBEK bo‘lishida Inqilobning ahamiyati nazarda tutilsa, yozuvchi o‘zi anglagan haqiqatni boricha, qo‘lidan kelgancha tasvirlashga harakat qilganini bilish qiyin emas.

Endi «butun kuch boyning salbiyligi, kambag‘alning ijobiyligini ko‘rsatishga qaratilgan»iga kelsak. Bizningcha, hayotda Mirzakarimboy kabi boylar ham, shuningdek, insofli, diyonatli, odamoxun boylar bo‘lganini ham birov inkor qilolmaydi. Shunday ekan, ularning qay birini ijtimoiy tip sifatida olish adibning o‘ziga havola emasmi?

Adabiyotshunos O. Sharafiddinov Miryoqubning poyezdda savdogar yigit bilan uchrashuvini «romanning asosiy g‘oyaviy mazmuni ifodalangan sahna» deb ataydi. Xuddi shu o‘rinda, jadid yigit — Sharafutdin Xo‘jayev paydo bo‘lishi bilan muallif o‘zini «chetga oladi», poyezddagi ishlar, suhbatlar Miryoqub va Maryam «kundalik»lari orkali ko‘rsatiladi. Bu usul shaklga bir qadam putur yetkazganday tuyuladi, lekin jadidlar haqida haqiqatni aytishning o‘zga imkoni yo‘q edi. Aytmoqchimizki, tanlangan usul muallif pozitsiyasini «betaraf» ko‘rsatishga xizmat qiladi. Stalin siyosati kuchga kirgan vaqtda Cho‘lponning jadidlar haqida «betaraf» bo‘lsa-da, xolis yozishi tom ma’nodagi ijodiy jasorat edi.

Sharafutdin Xo‘jayev Miryoqub bilan suhbatda jadidlik harakatining asosiy nuqtalariga to‘xtaladi. Aytib o‘tganimizdek, u avval suhbatdoshining milliy g‘ururini uyg‘otish payida bo‘ladi. Ayniqsa, uning Miryoqub bilan Maryam munosabatini bilgandan keyin aytgan gaplari xarakterli: «Bu bizning boshimizda danak chaqayotgan bir dunyoning qizi. Biz ularni ko‘nguldan yomon ko‘ramiz. Bular bizning dushmanlar! Faqat ular hammasi butun holda dushman! Yakka-yakka bo‘lganida oralaridan do‘st topa olamiz. Yaxshi do‘stlar topiladi. Juda yaxshi do‘stlar… U do‘stlar bilan og‘iz-burun o‘pishar ekan, ularning changalidan qandoq qilib qutulishni (o‘ylashni — D. Q.) bir nafas ham unutmaymiz…» Ko‘rinadiki, jadidning ruslarga munosabati ziddiyatli; ularning ichidan yaxshi do‘stlar topilishini e’tirof etadi, butun holicha dushman deb ataydi. Shu gapning o‘ziyoq, insof bilan yondashilsa, jadidning millatchiligi rus xalqiga emas, balki chor mustamlakachilik siyosatiga qaratilganini ko‘rsatib turibdi. Jadid millatlar orasidagi iktisodiy, madaniy aloqalarni inkor qilmaydi, aksincha, ma’lum tarixiy sabablar ta’sirida ortda qolgan Sharqning najot yo‘li — G‘arbdagi mavjud ilmlarni o‘rganish ekanini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, «Ibtidoiy tarbiyani rus maktablaridan boshlab bo‘lmaydi, uni milliy maktablarda berish kerak. Ilgari milliy hissini o‘stirib, o‘z millatini tanitgandan so‘ng rus maktabiga berish kerakki, hunarga, ixtisosga tegishli ilmlarni o‘qusun» — deydi. Ko‘ramizki, jadid milliy xudbin emas, aksincha, milliylikni inkor etmaydigan baynalmilal mavqeda turibdi. Taraqqiyot darajasi turlicha bo‘lgan millatlarning o‘zaro munosabati, ayniqsa, ulardan biri mustamlaka xalqi bo‘lsa, assimilyatsiyaga olib kelishi ayon. Shunga ko‘ra, Sh. Xo‘jayevning kuyinishlari o‘rinli. Jadidlik harakati millatchilik so‘zining eng yomon ma’nosi ila qoralangan paytda tarixchilar, ijtimoiyotchilar tomonidan O‘rta Osiyoning Rossiyaga «qo‘shib olinishi»ning ahamiyati imkon qadar bo‘rttirildi. Jadidlik harakati qancha qoralansa, keyingisining imkoni shuncha kengayardi. Shu darajaga borib yetildiki, Marks, Engels kabi daholar qoralagan chor mustamlakachilik siyosati haqida imkon qadar kam gapiradigan bo‘ldik, iloji bo‘lsa-yu, mutlaqo gapirilmasa. Aslida-chi? Aslida chorizmning mustamlaka siyosati haqida RKP (b)ning X s’ezdidan orttirib gapirish qiyin: «Chorizmning, pomeshchiklar va burjuaziyaning bu xalqlarga nisbatan tutgan siyosati — bu xalqlar o‘rtasida har qanday davlat kurtaklarini yo‘q qilish, ularning madaniyatiga shikast yetkazish, tillariga erk bermaslik, ularni jaholatda tutish va, nihoyat, ularni mumkin qadar ruslashtirishdan iborat edi.» Hech kimga sir emas, hozirgi kunda jamiyatimizning «og‘riq» nuqtasi — milliy masala. Sotsializm har bir millatning rivojlanishiga, ravnaq topishiga imkon yaratishi kerak edi, lekin noto‘g‘ri siyosat tufayli bu narsa amalga oshmadi. Aksincha, millat tarixiy Kategoriya ekani-yu, oxir oqibat millatlar ko‘shilib ketishi, milliy tillarning yo‘q bo‘lib ketishi zo‘r berib uqdirildi. Bu qo‘pol qilib aytganda, X s’ezd qoralagan «mumkin qadar ruslashtirishning» boshqacha ko‘rinishi edi. Xalqini mutaraqqiy millatlar qatorida ko‘rishni orzulagan Cho‘lpon bundan tashvishga tushishi, inqilobga yigirma yil to‘lar-to‘lmas imlosidan ayrilib, o‘tmishidan uzib qo‘yilgan xalq kelajagini tasavvur qilib o‘rtanishi tabiiy edi. Jadidlar millatchiligini — millatni, milliy o‘ziga xoslikni, milliy til va madaniyatni saqlab qolishga intilishni «millatchilik» desa bo‘ladimi? Bizningcha, yo‘q! Bu — mustamlaka o‘lkadagi zarurat, bu — vijdonli kishilarning grajdanlik burchi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas!

Burjuaziya tabiatiga ko‘ra doimo xom ashyo bazasi va bozor uchun kurashib kelgan. Zero, bular uning uchun yashash va ravnaq topishning birlamchi shartlaridir. O‘tgan asrning ikkinchi yarmida Turkistonning bosib olinishi 1861 yil islohotidan keyin faollashgan yangi siyosiy kuch — rus burjuaziyasining manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilgan yovuz niyatning natijasidir. «Siz — biz sog‘im sigirmiz, bizning shirin sutimiz bor; ruslar va boshqa ajnabiylar bizni emib yotadilar…» — Sh. Xo‘jayevning bu gaplari endi rus burjuaziyasi bilan milliy burjuaziya manfaatlari zid kelganidan dalolat beradi. To‘g‘ri, mustamlakachilikka qarshi turgan jadidlar, avvalo, o‘z manfaatlarini ko‘zlashgan, lekin bu manfaatlar mehnatkash xalk manfaatlari bilan oz bo‘lsa-da mos tushadi. Yetishtirilgan milliy boylikning chetga chiqib ketgani qayda-yu, kissangda bo‘lmasa-da, yurtingda qolgani qayda: «qo‘y ko‘rmasak ham qiy ko‘rganmiz», «qo‘ynidan to‘kilsa — qo‘njiga», «qatiq to‘kilsa yuki qoladi» degan hikmatlarni shu xalq to‘qigan, axir! Shu o‘rinda adib va shoirlarimizning keyingi ikki-uch yil mobaynidagi publitsistik chiqishlarini, iqtisodiy ahvolimiz haqida ularda keltirilgan faktlarni eslash joiz. Faktlar — shafqatsiz, ular bor gapni yuz-xotir qilmay aytib turibdi. Mustamlakachilik siyosatining ayrim printsiplari hozirda ham saqlanib qolayotir. Albatta, bu narsa 30-yillardayoq ko‘zga tashlangan bo‘lishi kerak. Atrof gulduros «ura»larga ko‘milgan paytda Cho‘lpon yurtining taqdiri haqida o‘ylagan bo‘lishi, yangi to‘n kiygan eski siyosatga munosabatini jadid tilidan aytgan bo‘lishi tabiiy.

Sh. Xo‘jayev haqida kitobxon Miryoqub vositasidagina tasavvur hosil qilsa-da, uning ko‘z oldida g‘oyalarini amaliyotiga tatbiq etayotgan, o‘z tashvishlaridan ortib yurti kelajagi haqida qayg‘urayotgan o‘qimishli, ma’rifatparvar, bir so‘z bilan aytganda, ijobiy odam gavdalanadi. Kitobxon beixtiyor «Qutlug‘ qon»dagi yoxud shu nomli videofilmdagi Abdishukurni ko‘z oldiga keltirib, ikkisining orasida yeru osmoncha farq ko‘rsa, ehtimol.

Abdishukur tutgan yo‘l birnav to‘g‘riday. Ammo e’tibor berilsa, «ko‘zi ochilmagan» boylar uning gaplarini jiddiy qabul qilmayotgani, ustiga-ustak uni mazaxlayotganlari seziladi. Buning boisi esa birinchidan, Abdishukurning qarashlarida izchillik yetishmasligi ham uning g‘oyasida sobit emasligi, ikkinchidan, shaxs sifatida ojizligi. U o‘zining qarashlarini quyidagicha ifodalaydi; «Kaminaning g‘oyaviy hayoti shunday, yana takrorlayman; milliy sarmoyani o‘z boylarimiz — musulmon boylarimiz to‘la egallasinlar, ya’ni butun Turkistonimizda tijorat o‘z boylarimiz qo‘lida bo‘lsin, bu bilan qanoatlanmay, zavod-fabrikalar qursinlar, Maskovga, Varshavaga va hokazo shaharlarga o‘zlari mol olib borsinlar, u yerlardan o‘zlari mol keltirsinlar, deyman. O‘rtadagi shu yahudiy, o‘ris savdogarlarining dumini qisib qo‘yish kerak, deyman».

Bir qarashda Abdishukur bilan Sh. Xo‘jayev yagona maksadga intilayotganday, lekin aslida unday emas. Sh. Xo‘jayevning milliy sarmoya haqidagi gaplari ham, ma’rifatparvarlik borasidagi gaplari ham bir maqsadga — mustamlaka zulmidan qutulib mustaqil davlat qurishga bo‘ysundirilgan. Abdishukur esa boylar bilan birga podshoga omonlik tilaydi, aytadiki: «To‘g‘ri, podshohimizning soyasida tinch yashaymiz. Lekin, biz deymizki, turmushimizda bir qadar isloh yuzaga chiqsin…» Sh. Xo‘jayevning sa’y-harakatlarini milliy-ozodlik harakatining bir ko‘rinishi sifatida qabul qilish mumkin edi. Abdishukur esa inqilobiy yo‘ldan islohotlar yo‘lini afzal biladi. Abdishukurning ma’rifatchiligi ham yuqoridagilardan kelib chiqib ikki maqsadga yo‘naltirilgan: birinchisi: «Milliy sarmoyani kuchaytirish uchun savdo-sanoat ilmini bilish, zamondan ogoh bo‘lish lozim… Kamersant bo‘lish kerak, ya’ni ilmi iqtisodni, ilmi tijoratni bilgan savdogarlar yetishuvi kerak», ikkinchisi: «Davlat Dumasida otashin nutqlar so‘zlab, Turkiston musulmonlarining huquqlarini mudofaa eta biladigan to‘rt-besh arbobi siyosat yetishsa…»

Ko‘rinadiki, o‘sha vaqt nuqtai nazaridan qaralsa, Abdishukurning qarashlari istiqbolga ega emas: birinchidan, rus burjuaziyasining manfaatlarini himoya qiluvchi chor hukumati ko‘l ostida «milliy sarmoyani» tom ma’noda rivojlantirish mumkin emas; ikkinchidan, yurtning bir qisminigina yangicha ilmlarga o‘qitib islohga erishib bo‘lmaydi. O‘z-o‘zidan ravshanki, bu g‘oyalar xalq manfaatiga zarracha bo‘lsin mos emas; faqat milliy burjuaziyaning tor manfaatlarini ko‘zlaydi.

Abdishukurning shaxsiy sifatlari ham g‘oyaviy qarashlariga mos tushadi. U boylarning oldida yaltoqlanadi, ularning davrasiga qo‘shilib yurganidan quvonadi. Sh. Xo‘jayev musulmon boylari orasida keng tarqala boshlagan buzuqliklarga qarshi, Abdishukur esa bu «ne’matlaridan totinganiga xursand. Bu narsa uning g‘oyasida sobit emasligini, maqsad yo‘lida fidoyi bo‘la olmaydigan, o‘z manfaatinigina ko‘zlaydigan diletant ekanini ko‘rsatadi.

Jadidlik harakati yaxlit bo‘lmagani, uning ichida turli yo‘nalishlar bo‘lgani ayon. Oybek shu okimlardan birini tanlab oladi-da, ijtimoiyotchi sifatida uning g‘oyalari puch ekanini bilgan holda tanqid qiladi, aniqrog‘i, «fosh qiladi». Adibning nega aynan Abdishukurni tanlagani esa yana uning Turkistonda yagona inqilobiy kuch sifatida mehnatkash ommani tan olgani bilan izohlanadi.

Shu o‘rinda bir voqea yodga tushadi. Birinchi rus inqilobidan keyingi reaktsiya yillari A. Kuprin «Dengiz kasali» hikoyasini e’lon qilganida Gorkiy qattiq g‘azablangan edi. Chunki Kuprin sotsial-demokrat ayolni sal bo‘lmasa fohishaga aylantirib qo‘ygandi-da. O‘ylab qolasan kishi: realizm va hayot haqiqatiga sodiqlik bir narsami? Aytaylik, hozirgi kunda uch yozuvchimiz bir mavzuda — «turg‘unlik» yillari raykom kotibi bo‘lgan ayol haqida asar yozdi: birinchisida ayol chinakam ishbilarmonligi, oqilaligi tufayli martabaga ko‘tarildi; ikkinchisida yuqorining «ayollarni ko‘tarish haqidagi ko‘rsatmasiga muvofiq» ko‘tarishdi; uchinchisida esa husnu tarovati tufayligina… Qay biri haq ularning? Munday qaraganda hammalari ham haqday, lekin unda tipiklik degan narsa qayda qoldi? Umuman, dunyoga sub’ektiv nazar solgan adib tom ma’noda tipik xarakter yaratishi mumkinmi? U yoki bu asarning, undagi voqea va xarakterlarning nechog‘li tipik ekanini kim belgilaydi? Qaysi mezonlarga tayanib kilinadi bu ish?..

Bular ketidan yana qator savollar ergashib keladi, bizni mulohaza yuritishga undaydi. Aytmoqchimizki, adabiyotga eskicha qarashlarni yangilamay (yangi to‘n kiydirish nazarda tutilmayapti) turib ijod erkinligini, fikr hurligini ta’minlab bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra, hammamiz ham biron asar haqida fikr bildirar ekanmiz, fikrimiz sub’ektiv ekanini, nisbiy ekanini nazarda tutishimiz lozim. Shundagina «Kecha va kunduz» ham, «Qutlug‘ qon» ham nasrimizning teng huquqli «grajdan»lari sifatida yashay oladi.

“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 6-son

______________________

[1] O. Sharafiddinov. Cho‘lponning ijodiy yo‘li to‘g‘risida. «Sharq yulduzi», 1988, 2-son, 62-bet.

[2] V. I. Lenin. TAT., T., «O‘zbekiston», 1978, 30-tom, 160-bet.

[3] O‘sha joyda, 41 tom, 170-bet.

[4] V. I. Lenin. TAT, 23 tom, 188-bet.