Uning nomi bugungi o‘quvchiga unchalik yaxshi tanish emas, 20-yillardagi avlod uni yaxshi bilgan. Mash’um 30-yillarda bu nom Behbudiy va Fitrat bilan bir qatorda unutilgan edi. To‘g‘rirog‘i, kitobxonlar qalbidan ko‘plab shu xil nomlar qatorida sitib chiqarildi. Zamona zayli bilan 60-yillarda yana tilga tushdi. Hatto uch-to‘rtta she’ri matbuotda ham chiqdi. Biroq ko‘p o‘tmay, to‘xtab qoldi. Va bu qayta qurish shabadalari esgunga qadar davom etdi.
To‘lagan Xo‘jamyorov — Tavallo 1882 yilda Toshkentning Ko‘kcha dahasida ziyoli oilasida tug‘ildi. Eski maktabda savodini chiqargach, «Beklar begi» madrasasida o‘qidi. Eski Jo‘vada — hozirgi Kalinin maydonining kunbotarida joylashgan va ur-yiqit yillari to‘s-to‘polonda buzib yuborilgan bu madrasaning o‘z davrida e’tibori baland edi. Ikki qavatli hujralari shimol va janubga qarab tizilib ketgan, old tomondagi tik zinapoyalar tekis, katta sahndan to‘ppa-to‘g‘ri gavjum bozorga olib tushuvchi bu maskan o‘tgan 90-yillarda Toshkentdagi qizg‘in adabiy dargohlardan edi. Uning hujralaridan birida Muqimiy va Furqatning yaqin do‘sti, davrning mashhur shoirlaridan Karimbek Sharifbek o‘g‘li Kamiy (1865 —1922) faqirona hayot kechirardi. Yana birida Shayx Sa’diyning «Guliston»ini shu yillari o‘zbekchaga o‘girgan Murodxo‘ja domla istiqomat qilardi. Dovruqli shoirlardan Yusuf Saryomiy (1840—1912) Toshkentga har kelganida bu yerga albatta tushar edi. «Kalila va Dimna»ning tarjimoni, o‘zbek, fors, arab tillarida birday ijod qiluvchi qo‘shtutlik zakiy va nozikta’b Qori Fazlulloh Almaiy kunda-shunda edi. Bu yerga qo‘shni «Ko‘kaldosh» talabalaridan Mulla Qo‘shoq Miskin (1880—1937), Said Haybatulloxo‘ja Xislat (1880— 1945), Sirojiddin Sidqiy-Xondayliqiy (1884—1934) tez-tez chiqib turishardi. Mushoira-musohabalarni ko‘pincha madrasaning bosh mudarrisi ulug‘ yoshli «hazrati domla» Shomahmud (1903 yilda vafot etgan) boshqarardi. Bedilxonlikda esa muammoni Toshkentda tan olingan yetti bedilxonning biri, «Baroqxon» madrasasi mudarrisi Alouddin Fununiy (1861 —1932) ajrim qilib berardi.
«Beklar begi»dagi bu muhit yosh To‘laganning qalamkash sifatida shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. 1913 yilda Tavallo shoir Yusuf Saryomiyning «Devon»ini nashrga tayyorlar ekan, shunday yozadi:
Edim bu sohibi devona shogird,
Etardim xizmatini az dilu jon.
Otamning nomi Xo‘jamyor erdi,
Maning otim edi Mirzo To‘lagon.
«Tavallo» deb taxallus lutf birlan
Janobi ustozim mango qo‘ygon.
Ufadagi «Oliya»da o‘qib kelganligi va yangiparast bo‘lganligi uchun «Mo‘min kofir» laqabini orttirgan, «Beklar begi»da Tavallo bilan deyarli bir vaqtda — 1898—1905 yillarda tahsil ko‘rgan Mo‘minjon Muhammadjonov (1883—1964) Yusuf Saryomiyning Toshkentga kelganida doimo qalandarxonalik she’r muhibi Qosimxonto‘raning uyiga qo‘nganini ma’lum qiladi.
Bu uyda samarqandlik Saidahmad Vasliy (1870 —1925), xo‘jandlik Toshxo‘ja Asiriy (1864 —1916), toshkentlik Karimbek Kamiy, Mirahmadxon Miriy (1833—1916), Mulla Qosim Omiliy (1868—1944) va yosh havaskor shoirlardan Xislat bilan Tavallo tez-tez she’r suhbatiga yig‘ilib turar edilar. Qosimxonto‘raning o‘zi ham Muztarib (1858—1944) taxallusi bilan g‘azal mashq qilar edi. Goho Yusuf Saryomiy Sayramdan minib kelgan otini shu hovlida qoldirib, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona shaharlariga — do‘stlarinikiga yo‘l olar ekan.
1905 yil voqealari Turkistonga ham yetib keldi. Mahalliy matbuot izga tushdi. Beshyog‘ochlik Nozimaxonimning «Qonli yakshanba» voqealari ta’sirida yozilgan, ezilgan xalq huquqini himoya qiluvchi she’ri bosilib chiqdi.
10-yillarda Markaziy Rossiyada yuz bergan ocharchilik o‘zbek qalamkashlarining asarlarida aks-sado berdi.
Karimbek Kamiy:
Och qoldilar Ufau g‘arib Orenburg‘,
Na parcha non alarda va na bor qatra dug‘.
Ahli ayol birla cho‘juqlar yeb sag‘ug‘.
Tarki hayot qildi desam, so‘z degil, darig‘.
Boyon, vaqt etsangiz, imdod vaqtidur.
Vayrona dilni aylangiz, obod vaqtidur.
— deb yozdi. Ulkan Rossiya bag‘ridagi ezilgan millatlar va millatlar ichidagi sinflar o‘rtasida qandaydir hamiyat, hamdardlik va hamkorlik paydo bo‘la boshladi.
1913 yilning oxirlarida Abdulla Avloniyning tashabbus va g‘ayrati bilan toshkentlik taraqqiyparvar yoshlarni o‘z atrofiga uyushtirgan «Turon» teatr truppasi tashkil topdi. 1914 yilning 27 fevralida «Kolizey» (hozirgi Sverdlov kontsert zali)da truppaning birinchi spektakli — Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Padarkush» asari ilk marta namoyish qilindi. Bu kunni mahalliy gazetalar «tarixiy kun» deb yozdi.
Tomosha oldidan Munavvar Qori nutq so‘zladi. Xalq uning so‘zlarini olqish va karsak bilan kutib oldi. Zalda «sartiya» — o‘zbeklardan tashqari «rus, arman, tatar» millatlaridan ham bor edi. 1916 yilda Toshkentga kelgan sharqshunos A. N. Samoylovich «Kolizey»ga tushib, mahalliy spektakllarni ko‘rar ekan, «Turkistonda yangi adabiyot maydonga keldi. Bu men uchun kutilgan hol edi», deb yozdi. O‘zbek teatrining maydonga kelishi chindan ham Turkistondagi taraqqiychilikning eng muhim belgilaridan edi. Teatr uchun kurash taraqqiyot uchun kurashning ramziga aylanib ketdi.
Tavallo teatrga bag‘ishlab to‘rtta she’r yozdi. Ularning ikkitasi bevosita 1914 yil 27 fevral taassurotlari, quvonchlari asosida maydonga kelgan edi.
Ko‘rundi ko‘zga bukun millat(n)ing hayot asari.
Teatr o‘ynadi yoshlar — taraqqiyning xabari.
Keling, ko‘ring, yuguring, siz emdi yoshu qari.
Verar natijalar, ammo yo‘q buning tamom zarari.
Ko‘ringki, millata emdi bu bir hayot asari.
Teatr o‘ynadi yoshlar — taraqqiyning xabari, — degan satrlar bilan boshlanar edi ularning biri.
1914 yil 30 avgustda bir guruh toshkentlik taraqqiychi yoshlar «Nashriyot» shirkatini tuzdilar. Ular orasida Tavallo ham bor edi. Sanai ta’sisi o‘sha yil 19 sentyabr deb belgilangan bu shirkatning notarius Dm. Bgorov tomonidan tasdiqlangan nusxasi saqlangan. Unda quyidagilarni o‘qiymiz:
«Ming to‘qqiz yuz o‘n to‘rtinchi yilda 30 avgustda Toshkand shahrida biz, tubanda qo‘l qo‘yuvchilar — Toshkand musulmonlarindan: Oxunjon Abdulrahim o‘g‘li, Abdulhakim Sarimsoqov, Munavvar Qori Abdurashidxon o‘g‘li, Mullo Abdulla Avlonov, Tojixo‘ja Azizxo‘ja o‘g‘li, Muhammadxon Podshoxo‘ja o‘g‘li, Husanxo‘ja Dadaxo‘ja o‘g‘li (yozuvchi Said Ahmadning otasi — B. Q.), Ubaydullaxo‘ja Umarxo‘ja o‘g‘li, To‘lagan Xo‘jamyorov, Saidabdullo Saidkarim o‘g‘li Saidazimboyev (mashhur boylardan — B. Q.), Ilhomjon In’omjon o‘g‘li ham Komilbek Norbekovlar tubandagi moddalardan iborat shirkat ahdnomasiga sodiq bo‘lmoq uchun ittifoq yasaduk».
«Ahdnoma»ning birinchi punkti quyidagicha edi:
— 1) Biz, yuqorida yozilgan kishilar Turkiston musulmonlari orasig‘a jarida, majla va kitob kabi matbuot nashr qilib, Ovrupo madaniyatig‘a xalqimizni boshlamoq va aholini oqartmak niyati ila «Nashriyot» nom bir shirkat yasaduk. Mazkur shirkatga tamom sheriklik huquqi ila biz, tubandagi kishilar bosh muassislar bo‘lib sanalamiz…»
Jadidchilik degan gap uzoq yillar millatchilikdek qabul qilinib keldi. Panturkizm, panislomizm hamisha uning ikki qanoti sifatida talqin etildi. Holbuki, yuqoridagi faktlar buning aksini ko‘rsatib turibdi. Ular o‘z xalqini «Ovrupo madaniyatig‘a boshlagan» edilar, «o‘zbeku totor»ning «rus», «arman» bilan yonma-yon o‘tirib teatr ko‘rishidan mamnuniyat izhor etdilar.
1914—1917 yillar matbuotida Tavalloning she’r va maqolalari ko‘p uchraydi. Umuman, bu yillar shoir ijodida muhim yillar bo‘ldi. 1914 yilda uning «milliy she’rlar»ining birinchi juz’i bosilib chiqdi. Shoir uni «Ravnaqul islom» deb atagan edi. Aslida unda islom emas, Turkiston musulmonlari — tubjoy xalq ravnaqi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, bu nom uzoq muddat tadqiqotchilarni hurkitib keldi.
Kitobning boshqa juzlari haqida ma’lumot yo‘q. Ularning bosilgan-bosilmagani, hatto tayyorlangan-tayyorlanmagani haqida bir narsa deyish qiyin. Mazkur birinchi juz 64 sahifa, 70 tacha she’rni o‘z ichiga olgan. Dastlabki she’rni hisobga olmaganda, to‘plamda birorta diniy she’r yo‘q. O‘sha she’rning o‘zi ham pirovard-oqibatda zamonaviy masalalar bilan bog‘lanadi.
«Ravnaqul islom» mudroq, gungu lol, «ikki yelkasiga tepsalar ham indamas» Turkistonni uyg‘otish dardi bilan o‘rtangan shoirning iztirob to‘la kechinmalari bilan yo‘g‘rilgan.
Vatan mavzui, xotin-qizlar ozodligi, ma’naviy-axloqiy kamolot XX asr boshi o‘zbek she’riyatining eng dolzarb masalalaridan bo‘lgan edi. Tavallo bu mavzularda ham bir qator esda qolarli she’rlar yozdi. Masalan, «Qarindosh va hamshiralarimiz — mazluma qizlar tilindan» she’rida qizlar otalariga xitoban ularni «halokatdan», «malomatdan» qutqarishni — o‘qitishni, erk va hurlik berishni iltijo qiladilar. Bugina emas. Kelajak oila, teng va saodatli, muhabbatli va sadoqatli turmush masalasini ham qo‘zg‘aydilar:
O‘qutgon so‘ngra vergonda kuyov tengdoshimiz o‘lsun,
Ikov ham ilmlik, yoshlikda — birdek yoshimiz o‘lsun.
Jahonda shod o‘lub, hamoxirat qardoshimiz o‘lsun.
Agar chollarga tushsak, zahr ichgon oshimiz o‘lsun.
Iloho, saqla bizni dunyoda mundoq falokatdan.
Mana, «Ravnaqul islom»da 1914 yilda bosilgan she’r!
Shoirning «Suyukli vatan haqinda» she’ri
Movarounnahrdur tarixda bizlarga vatan,
Arzig‘ay bizlar sanga xizmatda bo‘lsak jonu tan. —
degan satrlar bilan boshlanar edi. U vatanni vasf etarkan, badanga qiyoslaydi, «bu vatandandur badan» deb yozadi. Binobarin, u har bir insonning tan-joniga ulangan vujudi. Inson degan tushuncha bor ekan, u — mavjud. Insoniyat yashar ekan, u muqaddas.
1915 —16 yillarda «Turkiston viloyatining gazeti», «Sadoyi Turkiston» sahifalarida, jurnallar, «Sabzazor» kabi to‘plamlarda Tavalloning juda ko‘plab she’rlari bosilgan. Jumladan, 1916 yilgi qahatchilik munosabati bilan yozilgan va «TVG»ning o‘sha yil 13 noyabr sonida bosilgan «Darig‘» radifli g‘azali ilgariroq Komil Yashin maqolalaridan birida keltirilgan ham edi. Unda quyidagi satrlarni uchratish mumkin edi:
Kambag‘al bechoralar holin so‘rar kimsa yo‘q,
Tortadur qimmatchilikda kunda zahmatlar, darig‘.
Boylar oldi g‘alla arzon chog‘da ombor to‘ldurub.
Kambag‘allardan chiqar chang, qilsa hasratlar, darig‘,
O‘ldi bu qimmatchilikdan kambag‘allar holi tang,
Iltifot etmas g‘anilar, yo‘qmu tiynatlar, darig‘…
O‘ylangiz insof etib, yoshu qarilar, emdi oz.
Yozaman haqqonasin, yo‘q manda tuhmatlar, darig‘.
Kel, Tavallo, sen haqiqat so‘zni yoz yoshurmayin,
Zoye o‘lmas millata har qancha xizmatlar darig‘.
Oktyabr inqilobidan keyin u 1918 yildayoq partiya safiga kirdi. Eski shahar favqulodda komissiyasi boshlig‘i bo‘lib ishladi. So‘ngroq butunlay adabiy ishga o‘tdi. «Mushtum» jurnalining muassislaridan bo‘ldi. O‘zbek sovet hajviyotining ajoyib namunalarini yaratdi. Keksa jurnalxonlar uning «Mag‘zava» laqabi bilan bosilgan keskin satirik she’rlarini hali-hanuz eslaydilar. Lenin va Oktyabr haqidagi g‘oyaviy, badiiy barkamol she’rlari siyosiy-badiiy lirikamiz rivojida, umuman o‘zbek sovet poeziyasining maydonga kelishida ma’lum rol o‘ynagan edi.
Tavallo 1939 yilda vafot etdi.
Begali Qosimov, filologiya fanlari doktori, professor
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 5-son