Amriddin Berdimurodov. Toptalgan meros (1989)

Har bir xalqning tarixi uning o‘tmishi haqidagi muqaddas xotiradir. Shu boisdan madaniyatning yuksak pog‘onasiga ko‘tarilgan xalqlar o‘z tarixiga, yodgorliklar va qo‘lyozmalariga mehr-muhabbat bilan qaraydilar, avaylab asraydilar, doimo sinchiklab o‘rganadilar. Negakim, ularning qadr-qimmatini har bir narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Arxeolog sifatida, xalqimizning o‘tmishini so‘zlovchi tirik guvohlar — osor-atiqalarning bugungi ahvoli meni qiziqtirib keladi. Borlarini har holda asrab-avaylab kelyapmiz. Lekin bir vaqtlar olib ketilganlar hozir qayerda? Ularga kimlar egalik qilyapti? Ularni o‘z yurtiga qaytarish mumkinmi-yo‘qmi? Masalan, Moskva, Leningrad va ko‘pgina chet ellarga borgan vatandoshlarimiz u tomonlardagi muzeylarda saqlanayotgan eng sara, noyob osor-atiqalarimizni ko‘rib hayron qoladilar. Xo‘sh, bu yodgorliklar qanday qilib vatandan ayri tushdi? Ularni bu yerlardan olib ketishda kimlarning hissasi bor? Bu ishlarni asosan kimlar amalga oshirganlar?

Men ana shu savollarga javob izlab, quyidagi mulohazalarni o‘rtaga tashlamoqchiman. Keling, gapni ko‘hna Samarqand osor-atiqalaridan boshlaylik. Ma’lumki, 1868 yilning 2 mayida general-ad’yutant Fon Kaufman boshchiligidagi chor qo‘shinlari Samarqandni bosib olgach, chorizmning ma’muriy tartib-qoidalarini joriy etdilar. Bu yerga kelgan harbiylar va amaldorlar o‘rtasidagi qadimgi buyumlar bilan savdogarchilik qilish avj oldi. Xarobalar, maqbara va madrasalardan xazina axtaruvchilarning bozori chaqqon bo‘ldi. O‘sha paytlarda «Sыn Otechestva» jurnalining knyaz Trubetskiy haqida yozgan xabariga quloq tuting: «Afrosiyobni aylanib yurgan polkovnik kechqurun ishdan qaytayotgan mardikorlarni uchratdi. Ular bir so‘m evaziga, «omad uchun» xarobani qazishga rozi bo‘lishdi. Yarim soatdan so‘ng mardikorlar yonboshlab, o‘ng qo‘liga sherning shaklini ushlab turgan ayol haykalchasini topishdi…» Bunaqa «omad uchun» xazina axtaruvchilarning soni kundan-kunga oshib borardi.

Afrosiyobdagi tarixiy buyumlar bilan Peterburgdagi amaldorlar ham qiziqib qolishdi. Shu sababdan, Zarafshon okrugining boshlig‘i A. Abramov, 1874 yilda mayor Borzenovga, Afrosiyobdan osor-atiqlarni topib Ermitajga jo‘natishni buyruq berdi.

V. Shishkinning yozishicha, 1883 yilda general-gubernator M. Chernyayevning buyrug‘i bilan, podpolkovnik V. Krestovskiy Afrosiyobda qazish ishlarini boshladi. U topilmalarning bir qismini Toshkentda qoldirib, eng noyob, qimmatbaholarini Peterburgdagi Arxeologik komissiyaga jo‘natdi.

Afrosiyobga hujum navbati, keyinroq, N. Veselovskiyga keldi. Uni ilmiy natijalardan ko‘ra, ko‘proq qimmatbaho buyumlar qiziqtirardi. Shuning uchun u, zo‘r berib, qimmatbaho topildiqlarni axtardi. U to‘plagan asl yodgorliklar hozirda Samarqandda emas, afsuski, Leningradda saqlanmoqda. 1894-95 yillarda Frantsiyadan Samarqandga Shaffinjon degan kimsa kelib Peterburg Arxeologik komissiyasining ruxsati bilan, Afrosiyobda qazish ishlarini boshlaydi. Afsuski, u ham oldingi «tadqiqotchilar»dan farq qilmadi. Faqat yaltiroq, qimmatbaho buyumlarni zo‘r berib axtargan Shaffinjon, topilmalarning bir qismini Arxeologik komissiyaga jo‘natib, qolganlarini Parijdagi Osiyo etnografiyasi muzeyga olib ketdi.

Shu o‘rinda Peterburgdagi Arxeologik komissiyaning g‘alamislik faoliyati to‘g‘risida ham aytib o‘tish lozim.

Bu yerga chor Rossiyaning qaram o‘lkalaridan katta miqdorda tarixiy buyumlar kelib tushardi. Komissiyadagilar o‘zlarining didlariga mos kelmaydigan, fahm-farosatlari yetmaydigan turli xil noyob tarixiy va qimmatbaho buyumlarni eritib, podsho xazinasiga bizning ham qator osor-atiqalarimiz eritib yo‘q qilib yuborilgan.

Qadimiy merosimiz shu tariqa toptalib, yo‘qotilib, borlari esa musofir buyumlarga aylandi. Ularning ayrimlari katta pullar evaziga sotilgan bo‘lsa, ayrimlarini olimlarning o‘zlari tashib ketdilar. Masalan, 1895 yilda N. Veselovskiy boshchiligidagi ekspeditsiya a’zolari mahalliy to‘ralar bilan kelishib, Amir Temur maqbarasining nafis bezakli naqshinkor eshigini Peterburgga olib jo‘nadilar. Maqbaraning g‘arb tomonidagi eshigi tabaqasi ham o‘g‘irlab sotildi. Hozirda u Londondagi Viktoriya va Albert muzeyida saqlanyapti.

Samarqandning arxeologik va me’moriy yodgorliklaridan qimmatbaho buyumlarni vahshiylarcha qazib olib yoki qo‘porib chetga pullash asrimiz boshlarida ham keng avj oldi.

M. Massonning yozishicha, qurolli o‘g‘rilar 1901 yili Ulug‘bek madrasasidan qimmatbaho toshni o‘g‘irlab chetga pullaganlar. 1903 yili, imperator Aleksandr III ning muzeyi uchun, Amir Temur maqbarasi oynasidan bir qismini jo‘natish so‘raldi. Mahalliy to‘ralar bu iltimosni a’lo darajada bajarishdi; oyna qo‘porilib, Peterburgga jo‘natildi. 1905 yilda Amir Temur maqbarasiga yana katta ziyon yetkazildi. Peshtoqdagi nafis yozuvli lavha o‘g‘irlandi va 1906 yilda Qonstantinopolda sotildi. Uni Berlindagi Fridrix-Muzeumning direktori T. Bode o‘n ming frankka xarid qildi. Elchilik yozishmalaridan so‘ng, lavha Rossiyaga qaytarildi. Hozirda u Ermitajda saqlanmoqda. Lavhada: «Jahongir Amir Temur Ko‘ragonning qabri, xudo uni rahmat qilsin va abadiy jannatda bo‘lsin», degan yozuv bitilgan.

Oktyabr inqilobidan so‘ng ham o‘lkamiz osor-atiqalarini markazga tashib ketishga chek qo‘yilmadi, aksincha ko‘paytirildi. Shu maqsadda bir necha ekspeditsiyalar tashkil etildi. 30-yillarda arxeolog G. Grigorev Darg‘om kanalining qirg‘og‘idagi Qofirqal’a qoldiqlarini o‘rgandi. Arablar istilosidan oldin barpo etilgan bu yodgorlikdan qadimgi san’at va madaniyatimizga oid buyumlar topildi. Lekin topilgan osor-atiqalarning barchasi ruxsatsiz Leningradga tashib ketildi. Samarqandning janubida Talli Barzu yodgorligi bor. Tadqnqotlarning ko‘rsatkshkcha, ushbu shahar So‘g‘diyo a tarixida muhim o‘rin egallagan. Ushbu yodgorlik Maymo‘rg‘ hokimligining poytaxti va ayni vaqtda Samarqand podsholarining mustahkam qarorgohi bo‘lganligi ma’lumdir.

Yodgorlikda G. Grigorev qazish ishlarini 1936—40 yillarda olib bordi. Topilgan sopol ko‘zalar,tovoqlar, haykalchalar, yozuvlar bitilgan taxtachalar hamda diniy va dunyoviy ahamiyatga molik osor-atiqalarning eng saralari Ermitajga olib ketildi. Eh-he, yana qanchadan-qancha yodgorliklar Ermitajga sababsiz olib ketilmadi, deysiz? Masalan, Temurning buyrug‘i bilan, 1391 yili To‘xtamish ustidan qozonilgan g‘alaba sharafiga bag‘ishlab, ikki tilda yozuv bitilgan tosh, Ishratxona, Bibixonim machiti, Ulug‘bek madrasasining devorlaridan ko‘chirib olingan naqshinkor parchinlar, lavhalar, koshinlar… Bularning barchasini sanab o‘tishning o‘zi mushkul.

Shu o‘rinda Samarqanddagi ahvol-ku ma’lum, lekin boshqa viloyatlardagi ahvol qanday, degan savol tug‘iladi. Qeling, yaxshisi, Xorazmdagi qadimiy madaniy yodgorliklar taqdiri bilan qiziqaylik-chi? Sharq madaniyati durdonalaridan biri bo‘lgan Xorazm yodgorliklarining shuhratini olamga yoyishda marhum arxeolog S. Tolstov boshliq ekspeditsiyaning xizmatlari beqiyosdir.

Ekspeditsiya a’zolarining yaxshi xizmatlari bilan birga, kishini ranjitadigan ishlari ham borligini, ya’ni ular topgan noyob osor-atiqalarini Moskvaga olib ketganliklarini aytishimiz kerak. Ekspeditsiya a’zolari 1951—57 yillar davomida, eramizdan oldingi IV asrlarda bunyod etilgan Qo‘yqirilganqal’a nomli yodgorlikni qaziganlar. Bu yerda maqbara, qasr va doira shaklidagi ikki qavatli ibodatxona ochilgan. Shuningdek, sopoldan yasalgan tobutlar (ostadonlar), har xil suratlar, hamda sopollarga bitilgan qadimgi Xorazm yozuvlaridan lavhalar topilgan. Bu qimmatli osor-atiqalar hozirda Moskvada Etnografiya institutida saqlanmoqda. Xuddi shunday achinarli hol Tuproqqal’ada ham sodir bo‘ldi. Eramizning II—III asrlarida bunyod etilgan ushbu obida Xorazmning eng mashhur yodgorligidir. Bu yerda xorazmshohlarning «Muqaddas saroyi», ibodatxona va ma’muriy binolar ochilgan. Arxeologlar Tuproqqal’adan 150 dan ortiq xonalarni va devorlariga musiqachilar, sanamlar, raqqosalar, malikalar va podsholarning suratlari chizilgan hamda haykallar o‘rnatilgan zallarni ochganlar. Bu yerdan Turonning antik davriga oid tarixi, san’ati, madaniyati va dinini oydinlashtiruvchi osor-atiqalar, yozuvlar, hujjatlar topilgan. Hozirda devoriy suratlar, haykallar va boshqa qimmatli topilmalar Moskvadagi Butunittifoq ta’mirlash ilmiy-tekshirish instituti (BTITI) da saqlanmoqda.

Bulardan tashqari, Buyuk Xorazmning antik va o‘rta asrlarga oid tarixini o‘z bag‘rida avaylab saqlab kelgan bozorqal’a, Burgutqal’a, Ayozqal’a, Devqal’a, Yonboshqal’a, Guldursun, Qizilqal’a, Qal’aliqir, Teshikqala, Qirqqizqal’a, Shohsanam, Qo‘rg‘onqal’a, Yakkaporson va boshqa yodgorliklardan topilgan bebaho osbr-atiqalar ham Moskvaga olib ketildi. Shu yodgorliklardan topilgan ajdodlarimizning diniy olami haqida qimmatli ma’lumotlar beradigan, mohirlik bilan yaratilgan bir necha tosh tobutlar (ostadonlar) Sharq xalqlari san’ati muzeyida saqlanmoqda…

Endi Surxondaryodagi yodgorliklar ahvoliga bir nazar solaylik. Ma’lumki, bu o‘lkada tosh davrida yashagan neandertal qizning jasadi topilgan Teshiktosh g‘oridan tortib, ilk shahar madaniyatini o‘zida mujassamlashtirgan Sopollitepa yodgorligigacha hamda Baqtriya podsholari, kushonlar, termizshohlar tomonidan bunyod qilingan yodgorliklargacha bor.

Amudaryo sohilidagi Ko‘hna Termiz xarobalarida joylashgan, II—IV asrlarga oid Qoratepa nomli budda ibodatxonasini dastlab Sharq xalqlari madaniyati muzeyi xodimlari tekshirganlar. 1961 yildan boshlab esa B. Staviskiy rahbarligidagi Butunittifoq ta’mirlash institutining ekspeditsiyasi ishlamoqda. O‘z me’moriy yechimlari va jihozlari bilan g‘oyat noyob bu yodgorlikda, yuksak iqtidor bilan yaratilgan sopol idishlar, tangalar, toshdan yo‘nilgan lavhalar, sopol taxtachalarga va devorlarga bitilgan hindcha, Kushon-Baqtriya, fors-pahlaviy bitiklari topilgan. Ajdodlarimizning hayot tarzi, mafkurasi haqida qimmatli ma’lumotlar beradigan bunday bebaho osor-atiqalar Moskvaga olib ketildi. Qoratepadan topilgan bag‘oyat nafis va bejirim qilib ishlangan Budda haykalining yana biri hozir Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Surxondaryodan markazga «yo‘l olgan» noyob osor-atiqalardan biri, Ayritom xarobasidan 1932 yilda topilgan piramon (friz)dir. Piramon qachonlardir bu yerda savlat to‘kib turgats budda ibodatxonasi bezaklarining bir bo‘lagi bo‘lib, unda yonma-yon turgan va musiqa asboblarini chalayotgan musiqachilarning qiyofalari gavdalantirilgan. Bu topilma qadimgi Turon haykaltaroshlik san’atining noyob bir qismi sifatida g‘oyat qadrlidir. Nadomatlar bo‘lsinkim, bu buyuk san’at asarini O‘zbekiston hukumati 30-yillarda Ermitajga hadya etgan. Surxondaryodagi Zartepa shaharchasini qazigan leningradlik arxeologlar ham topilgan osor-atiqalarni olib ketdilar. Gerakl, Bodisatva va Buddaning haykalchalari, Kushon podshohi Xuvishkaning tasviri tushirilgan medalon, qo‘chqorning boshiga o‘xshatib ishlangan qadah, qadimgi baqtriya yozuvi bitilgan sopol idish va boshqa topilmalar hozirda Arxeologiya institutining Leningrad bo‘limida saqlanmoqda.

Bunday faktlarni yana istagancha keltirishimiz mumkin. Masalan, Buxorodagi mashhur Varaxsha va Paykent yodgorliklaridan topilgan buyumlarning taqdiri ham yuqoridagilardan farq qilmaydi. Varaxsha Narshaxiyning yozishicha, buxorxudotlarning yozgi qarorgohidir. Mazkur yodgorlikda 1937 yilda V. Shishkin rahbarligida qazish ishlari boshlandi. Bu yerdan devoriy suratlar, haykalchalar, tangalar, idish-tovoqlar hamda ko‘plab san’at asarlari topildi. Bularning barchasi hozir Moskvadagi Sharq xalqlari san’ati muzeyida va Ermitajda saqlanmoqda.

Paykent shahrini 1939 yilda A. Yakubovskiy va 1940 yilda R. Kesati qazib, topilgan kushonlar, sosoniylar, so‘g‘diylarning tangalarini hamda boshqa qimmatli narsalarni Ermitajga olib ketdilar. 1980 yilda Davlat Ermitaji bilan O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti olimlari hamkorlikda Paykentni qazish haqida shartnoma tuzib, ishlarni boshladilar. Leningradlik arxeologlar topilgan osor-atiqalarni hattoki yonma-yon ishlayotgan hamkasblariga ham ko‘rsatmay, o‘zlari bilan olib jo‘nadilar. Leningradliklarning Paykentda qo‘lga kiritgan topilmalari haqida o‘zbekistonlik hamkasblari 2-3 yildan so‘nggina matbuot orqali xabar topdilar.

Agarda B. Latinin, N. Gorbunova, Yu. Zadneprovskiyning Farg‘ona vodiysidagi yodgorliklardan, Gaydukevichning Sirdaryo viloyatidagi Munchoqtepa shaharchasidan Leningradga olib ketgan ko‘plab noyob topilmalarni ham tilga olsak, bu boradagi ahvol yanada oydinlashadi!..

Biz yuqorida asosan arxeologik qazishmalar natijasida qo‘lga kiritilib, so‘ngra chetga olib ketilgan osor-atiqalar haqida gapirdik. Lekin bundan boshqa yo‘llar bilan tarqab ketgan yodgorliklarimiz ham talaygina. Quyida shular haqida ham qisqacha to‘xtalmoqchimiz.

Ma’lumki, 1870 yillardan boshlab, xalqimiz orasidan Mirza Abdulla Buxoriy, Mirza Barot, Mulla Abdurahmon, Hofiz, Akrampolvon Asqarov kabi osor-atiqalarni qadrlovchilar va to‘plovchilar yetishib chiqdilar. Ular Turkiston tarixiga oid qadimgi tangalarni, san’at asarlarini va boshqa qimmatli buyumlarni yiqqanlar. Bu kishilar to‘plagan qimmatbaho tarixiy buyumlarning ko‘pchiligi hozirda Ermitajda saqlanmoqda, ayrimlari esa qo‘lma-qo‘l bo‘lib yo‘qolib ketgan. Bulardan tashqari, Ermitajda Oktyabr inqilobidan oldin olib ketilgan osor-atiqalardan chor askarlarining 1873 yildagi Xeva yurishida qo‘lga kiritilgan oltin va kumush buyumlarni, Buxoro amiri tomonidan 1910—11 yillar Peterburgga yuborilgan qimmatbaho yodgorliklarni ham aytib o‘tishimiz lozim…

Turkistonning qadimgi tarixiga oid osor-atiqalar Ittifoqimizdan tashqari — Rimdagi Vatikan Apostollik, Angliyadagi Britaniya va AQShning Nyu-York shahridagi Metropoliten muzeylarida va ko‘plab shaxsiy jamg‘armalarda saqlanmoqda. Bu ro‘yxatni yana istagancha davom ettirish mumkin edi-yu, lekin endi masalaning boshqa muhim tomonlari to‘g‘risida gapirmoqchimiz..

Xo‘sh, bugungi kunda ahvol qanday? Tashib ketishlarga chek qo‘yildimi yoki yo‘qmi? To‘g‘risi, ahvol yaxshilanmadi. Moskvadagi ta’mirlash institutining B. Staviskiy rahbarligidagi ekspeditsiyasi Surxondaryodagi Qoratepa budda ibodatxonasidan hamon topilmalarni olib ketmoqda. Yaqinda bu yerdan topilgan Buddaning ajoyib haykali ham markazga olib ketildi. Aslini olganda, Ta’mirlash instituti rahbarlari noyob osor-atiqalarini ta’mirlab, so‘ngra o‘z vatanlariga qaytarishlari lozim. Lekin ular qimmatli yodgorliklarnk ta’mirlab bo‘lgach, joyiga qaytarish o‘rniga, Moskvadagi muzeylarga pullab yubormoqdalar. Institut rahbarlari bunga qachon chek qo‘yadilar?

SSSR Fanlar akademiyasi Etnografiya institutining Xorazm ekspeditsiyasi olimlari hamon Buyuk Xorazmning osor-atiqalarini Moskvaga tashib ketmoqdalar. Moskvaliklar shunchalik ko‘p topilmalarni olib ketganlarki, ularni saqlashga hattoki joylari ham yetmay qolgan. Natijada, osor-atiqalar Etnografiya institutining yerosti xonalarida va Moskvaning burchaklaridagi omborlarda ayqash-uyqash bo‘lib yotibdi.

Bular ustiga, Moskvadaga Sharq xalqlari san’ati muzeyining G. Shishkina rahbarligidagi yangi ekspeditsiyasi har yili Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi eng qimmatli yodgorliklarni qazib, topilganlarini Moskvaga ruxsatsiz olib ketmoqdalar. Ular Samarqandning g‘arbidagi Do‘rmontepadan topilgan tangalar, sfinks haykalchasi, yozuv bitilgan taxtachalar, Varaxshadan topilgan qadimgi san’atimizning noyob durdonalarini Moskvaga tashib ketdilar. Bu achinarli hol shu kecha-kunduzda ham davom etyapti.

Mening bu boroda fikrim bitta: O‘zbekistondan tashib ketilgan barcha osor-atiqalarni o‘z vataniga qaytarish, bundan buyon birorta yodgorlikni olib ketilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak! Amir Temur maqbarasidan ko‘chirib olingan nafis yozuvli lavhaning va jimjimador eshiklarning o‘rni faqatgina maqbaradadir. Avvalambor, har bir xalq o‘z merosiga o‘zi egalik qilishi, — uni birovga namoyish qilishdan oldin o‘zi ko‘rishi, anglashi lozim. Merosidan o‘zi bahramand bo‘lmay, uni birovlarga berib qo‘yish xosiyatli emasligini, keyingi yillarda xalqimiz boshiga tushgan kulfatlar ham isbotlab turibdi. Aynan bizning boy tarixiy merosimizning eng noyob durdonalarini muzeylarida saqlab, tomosha qilib, ularning orqasidan foyda ko‘rib yurganlar, o‘zbek xalqini «poraxo‘r», «savodsiz», «o‘g‘ri», «boqimanda» deyishdan tilini tiya olmadilar.

Qolaversa, Armaniston, Gurjiston va Boltiqbo‘yi xalqlarining tarixiy meroslari markazdagi mashhur muzeylarda saqlanmaydi. Lekin bunday ular hech narsa yutqizmaydilar ham. Aksincha, ular oriyat bobida ham, madaniyat bobida ham bizdan ancha ustun turadilar. Balki bu xalqlar tarixiy meroslarini o‘z vatanlarida asrab, o‘zlari his qylganliklari uchun ham har qanday duch kelgan nobakorga o‘z qadr-qimmatlarini toptashga yo‘l bermayotgandirlar. Buni biz ham o‘ylab ko‘rsak yomon bo‘lmasdi. Axir, hammaning ham Moskva, Leningradga borib o‘z tarixiy merosini ziyorat qilib  kelishga qurbi yetavermaydi-ku!..

Kelgusi yili Moskvada qadimgi san’at va madaniyatimizning ko‘rgazmasini o‘tkazish mo‘ljallanmoqda. Shu bois bir qancha arxeologlar ko‘rgazmaga qo‘yiladigan topilmalarning katalogini (majmuasini) tuzishga kirishdilar. Ko‘rgazmani o‘tkazish haqida maxsus hukumat qarori bo‘lsa-da, lekin ular juda qattiq qiyinchiliklarga uchradilar. Chunki, u yoqlardagi muzeylarning rahbarlari topilmalarni bermadilar. Ayniqsa, Ermitaj O‘zbekistondan olib ketilgan va hozirda o‘zida saqlanayotgan noyob osor-atiqalarning birortasini ham ko‘rgazmaga bermasligini ma’lum qildi. Oqibatda, katalog chala holda chop etilmoqda. Vaholanki, qadimiy merosimizning eng katta, noyob, boy qismi Ermitajda saqlanmoqda. Katalog ingliz tilida ham chop etilib, chetga tarqatiladi. Ko‘rgazma ochilganda, unga bir necha minglab kishilar tashrif buyuradilar. Lekin ulara ko‘rgazmada o‘zbek xalqining boy merosidan faqat yarmigina bu yerga kelganligini, qolganlari esa Leningradda yotganligini bilmaydilar-ku!

Tashib ketilgan osor-atiqalarni qaytarishni taqozo qiladigan omillardan biri, hozirgi Ittifoqda yangi iqtisodiy siyosatga o‘tilayotganligidir. Hozir muzeylar o‘zlarida saqlanayotgan ioyob yodgorliklarni suratga olish va tahlil etish uchun katta miqdorda pul talab qilmoqda. O‘zbekistonlik mutaxassislar markazga borib, muzeylardagi merosimizni ko‘rishni, o‘rganishni istasa, ularga mablag‘ni kim beradi? Talab qilingan pulni to‘lamasa, unga hech kim birorta siniq sopolni ham ko‘rsatmasligi ayon-ku! Misol uchun, ko‘rgazma tashkilotchilaridan biri K. Abdullayevning aytishicha, Moskvadagi Tarix muzeyi xodimlari, o‘zimizdan olib ketilgan 10 ta topilmani suratga olish uchun 600 so‘m talab qilishgan.

Agar O‘zbekistondan olib ketilgan topilmalarni qaytarishning iloji bo‘lmasa, unda, Ittifoq hukumati aralashuvi vositasida, muzeylar rahbarlari bilan; shartnoma tuzish lozim. Shartnoma, avvalambor, bu topilmalar O‘zbekistonning ma’naviy boyligi ekanligi, bu topilmalar hech bir moneliksiz, bepul berilishi ta’kidlanishi kerak.

Agarda Ittifoq rahbarlari aralashmasa, bu borada biror ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi mushkul. Yana bir o‘rinli taklifni o‘rtaga tashlamoqchiman. Toshkentda maxsus arxeologik markazni ochish vaqti allaqachon yetildi. Ochilishi kerak bo‘lgan bu markaz jumhuriyatimizdan tashib ketilgan va qator muzeylarda saqlanayotgan noyob osor-atiqalarni jamlash, targ‘ib qilish, hamda chet ellarda ko‘rgazmalar uyushtirishi kerak. Shuningdek, markazda zamonaviy jihozlarga ega bo‘lgan yuzlab saqlash xonalari bo‘lishi shart. O‘zbekistonning eng chekka bir qishlog‘idan topilgan tarixiy buyum ham markazning diqqatida bo‘lishi kerak. Markaz o‘z nashriga ega bo‘lib, u o‘zbek tilida, bu yerdagi topilmalar haqida ommaga xabar berib borishi lozim.

Arxeologiya markazi shuning uchun ham kerakki, bu yerga O‘zbekiston maydonidan topilgan so‘g‘d, baqtriya, kushon, xorazm, uyg‘ur va turkiy yozuvlar bitilgan sopol, yog‘och, metall lavhalarni, Afrosiyob, Tuproqqal’a, Varaxsha, Bolaliktepa, Qoratesa kabi yodgorliklardan: topilgan devoriy suratlarni, haykallarni, zargarlar, kulollar va boshqa hunarmandlar yasagan noyob osor-atiqlarni jamlab, xalqqa namoyish etilsa. Chunki, o‘z zaminidan chiqayotgan tabiiy boyliklaridan mahrum bo‘lgan o‘zbek xalqini ma’naviy merosidan ham judo qilyshga hech kimning haqqi yo‘q.

O‘rni kelganda shuni aytishimiz kerakki, chet ellarda ishlayotgan Sovet arxeologlari barcha topilmalarni o‘sha davlat ixtiyoriga qoldirib keladi. Hattoki, qo‘shni Tojikiston SSRning Panjakent shahrida ishlvyotgan leningradlik arxeologlar ham topilmalarni Tojikistonda qoldirib ketadilar.

Nega bizda ahvol o‘zgacha? Bu borada qonun-qoida bormi? Bor bo‘lsa, qonun nima deydi? Eskirgan va davr talablariga javob bermaydigan qonunni O‘zbekiston Oliy Kengashi va uning yangi saylangan vijdonli xalq deputatlari, hozirgi kunning talabi bilan, insof va adolat elagidan o‘tkazib, qayta ko‘rib chiqishlari lozim. Shundagina merosimizni tiklash va avlodlarga qaytarish mumkin.

«Fitna san’ati» (2-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.