Amriddin Berdimurodov. Amir Temur bitigi (1991)

Ermitajda vatanimizning qadimiy tarixi, madaniyati va amaliy san’atiga oid ko‘plab osori atiqalar saqlanadi. Nafis san’at asarlariyu haykallar, tangayu suratlar, bitiktoshlar tarzida yetib kelgan ayni merosda buyuk bobolarimizning nozik did va iqtidorlari, e’tiqod hamda tafakkurlari muhrlanib qolgan. Shulardan biri diyorimizning temuriylar davri tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga molik bo‘lgan bitiktoshdir.

Olis o‘tmishdan shohidlik beruvchi ushbu bitiktosh Ulug‘ Vatan urushidan ilgari Qozog‘istonning Ulug‘tov manzilidan topilgan va Leningradga, Davlat Ermitajiga olib kelingan.

Bitiktoshning yuqori qismidagi yozuv uch qator bo‘lib, arab imlosi ham arab tilida; quyidagi yozuv esa sakkiz qator bo‘lib, uyg‘ur imlosida turkiy tilda. Boshdagi bitik juda mayda, atigi bir santimetr kattalikda, qolaversa, u necha asrdan buyon ochiqda turgan, shuning uchun ham yozuvni o‘qish mushkuldir. Bitikni ilk bor turkshunos olim N. Poppe o‘rgangan va matnni aniqlashga harakat qilgan. Oradan besh yil o‘tgach, sharqshunos olim A. Ponamaryov ham uni qayta o‘qishga urinib ko‘rdi. Olimning fikricha, dastlabki tadqiqotchi bitikning umumiy ma’nosini oydinlashtirgani holda ba’zi yozuvlarni noto‘g‘ri tushungan. Shuning uchun A. Ponamaryov ayrim so‘zlarni mohiyatdan kelib chiqib chuqur tahlil qildi va matnning boshqacha yo‘sinini taklif etdi. Agarda bitikning u rus tiliga qilgan tarjimasini o‘zbek tiliga o‘giradigan bo‘lsak, quyidagi mazmun kelib chiqadi: «Tarixning yetti yuz to‘qson uchinchi — Qo‘y yilida Turon sultoni Temurbek ikki yuz ming cherik bilan To‘xtamishxon ustiga yurdi. Shu yerda belgi bo‘lsin deb ushbuni o‘rnatdi. Tangri nisbat bergay, inshoolloh»… Toshning tepa qismidagi arabcha yozuvning faqat «Marhamatli va muruvvatli Xudovandi Karim sharafiga…» — degan jumlasini o‘qishga erishilgan. Boshqa qismi xiralashib ketganligi uchun aniqlashning iloji bo‘lmagan.

Muarrix Nizomiddin Shomiyning yozishicha, sohibqiron-jahongir Amir Temur Ko‘ragon 1391 yilning 28 aprel kuni To‘xtamishxon ustiga yurish qilgan, borayotib Ulug‘tov degan joyda to‘xtagan, baland tepalik ustiga chiqib tevarak-atrofga, uzoq-uzoqlarga nazar solgan va mana shu yerga bir belgi qo‘yish haqida buyruq bergan. Shunga ko‘ra har bir askar bittadan tosh keltirishi, toshlar bir joyga to‘planishi, shularning ichidan silliq bir tosh tanlab olinib, uning sirtiga ikki imloda, ikki tilda yozuv bitilishi lozim edi. Yuqorida ko‘zda tutilgan bitiktosh shu tariqa yuzaga kelgandir. Bu bitik qalbaki emasmikin degan shubhada ayrim olimlar uni qayta tekshirib, toshdagi qaydlarni tarixiy manbalar bilan solishtirib ko‘rdilar.

Bitikda zikr etilganidek, Amir Temur haqiqatan ham o‘zini Turon sultoni deb atagan va To‘xtamishxon ustiga ikki yuz ming lashkar bilan bostirib borgan edi. Bu yurish 1391 yil sodir bo‘lganligi, shuning sharafiga bitiktosh o‘rnatilgani temuriylar davrining yilnomachilari G‘iyosiddin Ali, Nizomiddin Shomiy va Sharafiddin Ali Yazdiylarning asarlarida qayd etilgan.

Xo‘sh, ushbu bitikda aytib o‘tilgan Oltin O‘rdaga yurish qanday boshlanib, qay tariqa yakun topgan. Buni oydinlashtirish uchun avvalambor Amir Temur bilan To‘xtamishxon o‘rtasidagi munosabatlarga qisqacha to‘xtalib o‘tish lozim. Ma’lumki, jahongir Amir Temur bilan To‘xtamishxonning ilk uchrashuvi 1375 yili Samarqand shahrida bo‘lgan edi. O‘shanda Oltin O‘rda xoni O‘risxonning ta’qibidan qochib, To‘xtamishxon panoh izlab kelgandi. Garchi Amir Temur mo‘g‘ullar istilosi tufayli xarob bo‘lgan Movarounnahrni qayta tiklash bilan band bo‘lsa-da, shunga qaramay To‘xtamishxonga izzat-hurmat ko‘rsatdi. To‘xtamishxon uning jamiki yordamini sidqidildan qabul qildi va unga sodiq qolishi haqida qayta-qayta qasam ichdi. Oradan yillar o‘tib, 1380 yildagi Kulikovo jangidan keyin mavqeyi yo‘qolgan Mamayxonni tor-mor keltirgach, Jo‘ji ulusida hokimiyatni ko‘lga kiritgan To‘xtamishxon salbiy tomonga o‘zgardi. Tabiiyki, u tasarrufidagi yerlarni kengaytirishga intildi — talovchilik yurishlarining rejasini tuzdi. Hatto homiysi Amir Temurning yaxshiliklarini ham hisobga olmay, uning qo‘l ostidagi yurtlarni bosib olish uchun 1387-88 yillarda ikki marta hamla qildi. Yaqindagina ko‘z yosh to‘kib, panoh izlab kelgan To‘xtamishxonning endi uyalmay-netmay qo‘shin tortib kelishi, tabiiyki, jahongirni qattiq g‘azablantirdi. U sekin-asta qad rostlayotgan vatanini himoya qilishga shaylandi. Sirdaryo bo‘ylarida To‘xtamishxon qo‘shinlari kuchli zarbaga uchradi. Bunday bo‘lishini kutmagan tajovuzkorlar tirqirab ketishdi. Amir Temur esa muzaffar qo‘shini bilan Samarqandga qaytdi. Albatta bu To‘xtamishxonning butkul mag‘lubiyatga uchraganini anglatmas, u katta qo‘shin to‘plab, hech kutilmaganda Movarounnahrga bostirib kelishi ham mumkin edi. Ya’ni, shimoli-g‘arbiy sarhadlarda Amir Temur saltanati osoyishiga putur yetkazuvchi kuchli dushman paydo bo‘lgandi. Shu bois u To‘xtamishxonni tamomila yanchib tashlash uchun hozirlik ko‘ra boshladi va 1389 yili Oltin O‘rdaga qo‘shin tortdi. To‘xtamishxon esa ochiq jang qilishdan cho‘chib cho‘lga qochdi. Uni quvish befoyda ekanligini anglagan Amir Temur muqarrar sodir bo‘lajak urushga yarasha kuch to‘plashga kirishdi.

Tarixchilar qayd etishicha, Amir Temur To‘xtamishxonga qarshi 1390 yilning qishida yurish boshlagan. Samarqanddan chiqqan qo‘shinlar Sirdaryoni kechib o‘tganda, Chinoz yaqinida qishlagan. Sohibqiron o‘z odatiga ko‘ra Shayx Maslahatning qabrini ziyorat qilish uchun Xo‘jandga borgan va atagan nazru niyozlarini beva-bechoralarga ulashib, tag‘in Chinozga qaytib kelgan. Shundan keyin u qattiq betob bo‘lib, qirq kuncha yotib qolgan. 1391 yilning yanvar oyida sog‘aygach, yana u shijoat bilan bo‘lg‘usi jangga hozirlik ko‘ra boshlagan. Jahongir amirlarga, lashkarboshiyu navkarlarga sovg‘a-salom ulashgan, ularning ruhini ko‘targan. O‘g‘iriqdagi malikalardan faqatgina go‘zal xotini Cho‘lpon Malikni olib qolgan, boshqalarini esa Samarqandga qaytarib yuborgan. Nihoyat, 22 yanvar kuni qo‘shin Toshkentdan o‘tib Qora Somon degan joyga yetishganda ularning huzuriga To‘xtamishxonning elchilari yetib kelgan. Bu bejiz emas edi, albatta. Amir Temur katta qo‘shin bilan yopirilib kelayotganligini eshitgan To‘xtamishxon talvasaga tushgan va muzokara olib borishga qaror qilgan edi. Sohibqiron ularni hurmat bilan kutib oling, deya buyruq bergan. To‘xtamishxon hadya sifatida in’om etgan va elchilar olib kelgan lochinni u qo‘liga qo‘ndirgan-u, biroq unga qayrilib qaramagan.

Elchilar Amir Temurning karshisida tiz cho‘kishib, unga To‘xtamishxonning maktubini topshirishgan. Ushbu nomada To‘xtamishxon unga qilgan xiyonatidan qattiq pushaymon ekanligi, Amir Temur agarda gunohidan o‘tsa, bundan buyon vassal bo‘lib, uning barcha buyrug‘ini so‘zsiz bajarishi aytilgan edi. Bu To‘xtamishxonning navbatdagi nayrangi ekanligi jahongirga sir emas edi, shuning uchun ham unga munosib javob qaytardi. Javob xatida nonko‘rlik qilgan To‘xtamishxonning va’dayu so‘ziga hech kachon ishonmasligini qayd etib o‘tadi. Shundan so‘ng Amir Temur yurishni davom ettiramizmi yoki Samarqandga qaytamizmi degan masalani hal qilib olish uchun qurultoy chaqirdi. Qurultoyda qatnashgan amirlar, shahzodayu lashkarboshilar yurishni davom ettirish lozim, To‘xtamishxon vaqtida tiyib qo‘yilmasa, baribir, bir kun shunga majbur bo‘linadi, deyishadi.

1392 yilning fevral oyi oxirlarida Amir Temur qo‘shinlari Yassa, Qorachuq va Savrondan o‘tib, bepoyon dashtlikka chiqishdi. Aprel oyining oxirlarida qo‘shin Ulug‘tovga yetib keldi. Xuddi shunda jahongir baland cho‘qqiga chiqqan va tevarak-atrofga nazar solib, ko‘ngli allaqanday hislarga to‘lgan, shu yerda o‘zidan bir yodgorlik qoldirmoqchi bo‘lgan.

Bitiktosh o‘rnatilgach, qo‘shin yana oldinga siljigan. Yalinib-yolvorishiga qaramay, baribir, yurish rejasidan qaytmagan Amir Temur lashkarini qay tariqa holdan toydirsam ekan, deb o‘ylagan To‘xtamishxon axiri bir qarorga kelgan, ya’ni raqib qo‘shinini ortidan ergashtirib, cho‘lda qochib yurishni, ularni horitishni, ochlikka duchor kilib, so‘ng birdan hujumga o‘tishni rejalashtirgan. Uning bu niyatini jahongir anglab, raqib lashkarlari izini topish uchun har tomonga mohir xufiyachilarni jo‘natgan, nabirasi, jasur lashkarboshi Muhammad Sultonga qo‘shin ajratib berib, old tomonga yuborgan. Shuningdek, Umarshayx Mirzoni ham 20000 lashkarga bosh qiladi va To‘xtamishxonni axtarishga yo‘llaydi.

Umarshayx Mirzo raqib qo‘shinlari bilan yuzma-yuz kelib, jangga kirishadi.

1391 yilning 18 aprelida Amir Temur o‘zi qo‘shinga bosh bo‘lib, Samara viloyatining Qunduzcha deb nom olgan joyida To‘xtamishxon qo‘shiniga qarshi jang boshlaydi. To‘xtamishxon lashkarlari tor-mor etiladi.

Amir Temur g‘alabani qo‘lga kiritgach, Yoyiq daryosidan kechib, Savron, O‘tror, Toshkent orqali Samarqandga qaytib kelgan. Bu yurishga jami 11 oy vaqt ketgan. Shundan so‘ng vatanning shimoli g‘arbiy hududlari ancha yillar osoyishta turdi…

Leningrad Davlat Ermitajidagi bu bitiktosh Amir Temurning vatan osoyishtaligi yo‘lida olib borgan kurashlaridan biri haqida hikoya qiluvchi yodgorlikdir. Jahongir uni Ulug‘tovda mangu tursin, kelajak nasllarga shavkatli ishlarimizni doimo eslatsin, deb o‘rnatgan bo‘lsa ehtimol. Shu ma’noda, qimmatli bu obida o‘zining azaliy joyi — Ulug‘tovga qayta o‘rnatilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.

“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 6-son