Taniqli adabiyotshunos olim, filologiya fanlari nomzodi, Toshkent Davlat universitetining dotsenti Ahmad Aliyev 70 yoshga to‘ldi. Olimning adabiyotimizning hamisha tirik siymolari — Behbudiy, Cho‘lpon, Fitrat, Elbek, Botu haqida o‘nlab maqolalari adabiy jamoatchilik e’tiborini o‘ziga jalb etdi. Uning shu sohadagi yana bir maqolasi bilan tanishasiz.
Dunyoda hayotdan bevaqt ketganlar, nohaqlikdan, zulmdan qurbon bo‘lganlar ko‘p. Tirik qolganlar orasidagi sofdil kishilargina ularni hurmat bilan esga oladilar. Zotan, ajdodlari ruhiga, ma’naviy xazinasiga ehtirom bilan qarash — yuksak onglilik va madaniyatlilik belgisi. Tojikiston xalq yozuvchisi Jalol Ikromiy bu fikrni g‘oyat samimiyat bilan ifodalab yozgan edi: «…Xayriyatki… biz ularni hamisha yodlaymiz… Azizlar ruhi biz bilan, ezgu ishlariyu qoldirgan izlariga sodiqmiz, ijodu ixtirolariga hamdam va hamkormiz. Agar ularni unutsak, shaksiz, ko‘r bo‘lamiz, inson qadrini bilmaydigan, badbaxt, nobakor kimsaga aylanib qolamiz…» («Sovet O‘zbekistoni», 1987 yil, 7 mart).
Bizning hozirgi adabiyotimiz-madaniyatimiz qay darajada yutuqlarga erishgan bo‘lsa, hammasi o‘sha o‘tganlarning ilmiy, adabiy, ijodiy yutuqlari samarasidir. O‘zbek sovet adabiyoti poydevorini bir kishi emas, bir necha o‘nlab olim, yozuvchi, shoirlar yaratdilar. Ularning ijodi esa — yaxlit bir holda adabiy jarayonni tashkil etadi. Binobarin, har bir san’atkor o‘z ijodiy faoliyati bilan adabiy jarayonga muayyan ta’sir ko‘rsatadi. Ana shunday siymolardan biri o‘zbek sovet adabiyotining vujudga kelishi va rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan Abdurauf Fitrat 20—30-yillarda shoir, olim, yozuvchi, dramaturg sifatida juda sermahsul ijod qildi, boy meros qoldirdi. Biz Fitratning «Arslon» dramasi va uning o‘zbek sovet adabiyotiga ko‘rsatgan ta’siri haqida qisqacha to‘xtab o‘tamiz.
Agar 20-yillardagi proletkulchilar o‘tmishni, madaniytarixiy merosni yoppasiga inkor etish uchun kurashayotgan, o‘tmishga hurmat bilan qarashni zamonga qarshilik deb baholayotgan bir davrda Fitrat faqat va asosan o‘tmish mavzuida nasriy, she’riy, ilmiy ayearlar va dramalar yozganini hisobga olsak, yozuvchining naqadar yuksak ongli, bilimli, mustahkam e’tiqodli siymo ekanini yanada chuqurroq tasavvur qilamiz.
Fitrat o‘tmishni ilmiy, badiiy tahlil qilmay turib, zamonaviy muammolarni hal etib, kelajak taraqqiyotini ta’minlab bo‘lmasligini o‘sha vaqtdayoq tushunib yetgan edi.
«Arslon» pesasi 1926 yilda nashr qilinadi, respublikamiz sahnalarida muvaffaqiyat bilan o‘ynaladi. Asarning muqovasidagi yozuvga e’tibor qiling: «Arslon. Burungi Buxoro xonligida yashagan dehqonlar hayotidan olingan 5 pardali drama. Jumhuriyatimiz tomonidan muvaffaqiyat ham adolat bilan ijro etilmoqda bo‘lgan yer islohotiga bag‘ishlayman».
20-yillarning o‘rtalari va ikkinchi yarmida respublikada o‘tkazilgan yer-suv islohoti kambag‘al dehqonlar hayotida katta voqea edi. Yersiz dehqon yerli bo‘ldi, bu hol qishloq mehnatkashlari muhabbatini Sovet hokimiyati tomoniga butunlay tortib oldi. Mazkur voqelikka bag‘ishlab, uni qo‘llab-quvvatlagan Hamzadan tortib,Cho‘lpon, G‘ayratiylargacha qator badiiy asarlar yozib, sotsialistik tadbirlarni ma’qulladilar. Shular qatorida Fitrat ham «Arslon» pesasi bilan Sovet hokimiyatining agrar siyosatini qo‘llab, Oktyabr inqilobi, kompartiya va sotsializm kambag‘al dehqonga, batrakka nima berganligini badiiy ifoda etib berishni maqsad qilib oldi va bunga erishdi. Asarda voqea Buxoro amirligi davrida kechadi. Undagi kambag‘al dehqon Arslon, batrak — Botir, sudxo‘r — Mansurboy, viloyat hokimi — Bek, qishloq oqsoqoli — Ahmad oqsoqol, oddiy dehqon — Ko‘rhasan, ularning oila a’zolari, bir qator amir amaldorlari o‘rtasidagi munosabatlar, to‘qnashuvlar asar mohiyatini ocha boradi.
«Arslon» pesasi sahnaga qo‘yilishi bilan adabiy jamoatchilik o‘rtasida shov-shuv bo‘lgani va tomoshabinlar e’tiborini tortgani haqidagi bir dalilni eslatib o‘tish o‘rinli: mashhur jurnalist va tanqidchi Komil Aliyev asar nashr etilgandan keyin bir yil o‘tgach, «Qizil O‘zbekiston» gazetasining 1927 yil 28-sonida e’lon qilgan taqrizida shunday deb yozgan edi: «Sahnamiz eski asarlardan, ohistalik bilan bo‘lsa-da, qutilmoqda va ularning o‘rnini sinfiy ruhda yozilgan asarlar ishg‘ol etmoqdalar. 24 fevralda xalq teatrusida o‘ynalgan «Arslon» pesasi bunga dalil…»
Etmishinchi yillarda adabiyotshunos Tursun Sobirov Komil Aliyev fikriga qo‘shilib yozgan edi: «Ko‘rinib turibdiki, Fitrat o‘z dramatik faoliyatining bu davriga kelib sinfiy kurash masalasini realistik ifodalash yo‘liga o‘ta boshlagan. Bu yozuvchi ijodida va uning dunyoqarashida jiddiy burilish nuqtasidir. Shuning uchun ham «Arslon» dramasi bilan Fitrat o‘zbek dramaturgiyasida mehnatkash xalq hayotini aks ettirib berishda samarali ish qilishga kirisha boshlagan, desak yanglishmagan bo‘lamiz,». (Tursun Sobirov. «O‘zbek dramaturgiyasi», 1973 yil, 81-bet). Bu har ikki munaqqidning fikri o‘z davri uchun asosan to‘g‘ri, desa bo‘ladi. 20-yillarda ham, 70-yillarda ham badiiy asarga biryoqlamalik bilan yondashish — unda qaysi tabaqa vakillari hayoti aks etishi go‘yo asarning sinfiyligini belgilovchi omil, deb qarash odat tusiga kirgan va bu usul ko‘plab yozuvchilarimiz ijodini inkor etishga olib borgan edi.
Asarning bosh qahramoni Arslon Buxoro kambag‘al dehqonlari orasida endigina uyg‘onib kelayotgan va hayotdagi o‘rnini tushunib yetayotgan, istiqbolga katta umid bilan boqayotgan shaxs. U hatto oilaviy hayot qurishni ham maqsadlari amalga oshishiga bir vosita deb biladi. Sevgilisi To‘lg‘unga muhabbat izhor qilganda: «…To‘yimizni qilamiz. Seni uyimga keltiraman… Ikki uy birlashgach, kuchimiz ortadir, yashashimiz yengillashadir… Umrimiz shu ariqning suviga o‘xshab sof, tiniq, toza, kirsiz bo‘lib oqadir.. Ter to‘kamiz. Ishlaymiz-da, yashaymiz… Kimsaga topinmaymiz, kimsadan tilanmaymiz», deydi.
Ancha yetuk, sofdil, o‘z kuchi va mehnatiga, samimiy muhabbatiga butun vujudi bilan tayangan dehqon yigit endi baxtli hayot qurishiga qattiq ishonadi, yaxshi yashash ishtiyoqi bilan yonadi. Arslon, Botir, To‘lg‘unlarning hammasi o‘z oldiga ana shunday jangovar maqsad qo‘ygan, endigina shakllanib kelayotgan yangi kishilar dunyoqarashini aks ettiruvchi shaxslar edi. Arslon bilan To‘lg‘un o‘rtasiga Mansurboy rahna soladi. Nayrang bilan To‘lg‘unni to‘rtinchi xotini qilib olishga intiladi. Ammo To‘lg‘un faqat Arslonni deydi, agar Mansurboyga zo‘rlab berishsa, qochib ketajagi, tutib olishsa, o‘zini o‘ldirajagini dangal aytadi. To‘lg‘un bilan Arslonlar barcha xatti-harakatlari bilan partiya va hukumatimizning 20-yillarda amalga oshira borgan siyosatini ifoda etar va bu o‘z davri uchun muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega edi. Arslon butun ichki siriyu hayoti mazmunini o‘z sevgilisiga ochib tashlaydi. Jamiyatdagi boy va kambag‘al deb atash odat bo‘lgan tabaqalanishni yaxshi biladi. Boylar tekinxo‘r va ezuvchi, ularga qarshi keskin kurashish lozim, deb tushunadi, shunga bel bog‘laydi. Boylar «…bozorni bozor, shaharni shahar, qishloqni qishloq taladilar. Hukumatni emdilar, elni ezdilar… Bizlarga qarab ham tishlarini g‘ijirlata boshladilar. U murdor tishlarining bir kun qattiq bir toshga uchrab sinib ketishidan sira qo‘rqmaydilar…» Bu gaplar Inqilob arafasi va undan keyingi dastlabki yillarning ayni shiori edi. Ammo xuddi shu an’ana 30-yillarga kelib, shaxsga sig‘inish oqibatida otani bolaga, xotinni erga, akani ukaga dushman qilib, o‘z tug‘ishganini go‘rga tiqqan odamlarni qahramon deb rag‘batlantirishgacha borib yetishini hali Fitrat xayoliga keltirolmas, zotan Fitratning o‘zi ham shu oqimda halok bo‘lishini bilmas edi.
Asardagi qishloq imomi — so‘fi Mulla Ashur, xon amaldori — Dorg‘a, viloyat hokimi — Bek, uning amaldorlari, Mansurboining xotinlari — Zaynab oyim, Sharofatxon, oddiy qishloqi dehqonlar — Qo‘rhasan, To‘raqul, Tursun kabi bir qator obrazlar faoliyati orqali biz Buxoro tomonlardagi haqiqiy hayotiy voqealar — fojialar bilan chuqur tanishamiz. Asar butun mohiyati-e’tibori bilan muallifning sotsialistik inqilobga bo‘lgan e’tiqodini yorqin ko‘rsatadi. Butun qishloqda Mansurboydan ko‘ra obro‘li odam yo‘q. U domlaga ham, imomga ham, kattadan-kichik hammaga bemalol buyruq ohangida gapiraveradi. Uning xatti-harakatlari, yer-mulkini ko‘paytirishdan boshlab, xotinlari ustiga Arslondan To‘lg‘unni tortib olish bobida Bek, domla, imom, qishloq oqsoqollarigacha ishga solishini kuzatsangiz, Solihboyu G‘ofir, Jamilalarni ko‘rganday bo‘lasiz. «Arslon» dramasida ko‘tarilgan muammolar doirasi juda keng. Undagi har bir gap, so‘z, katta-kichik voqea-hodisalar hamisha biron-bir inson taqdirinigina emas, uning ichkitashqi dunyosini yuksak badiiylik bilan ochib beradi.
Boyning xotinlari To‘lg‘unni keltirmaslik uchun ming ko‘chaga kirib chiqadilar, issiq-sovuq qiluvchilarga, folbinlarga katta-katta pul berib, boyni aynitishga harakat qiladilar. Shu jarayonda esa Mansurboy oilasining kirdikorlari ochilaveradi. Sharofatxon bilan Zaynab oyim avval o‘zaro rashk qilardilar. Boy To‘lg‘unga ko‘z olaytirgandan keyin ziddiyat yana kuchayib ketadi. Arslon bilan Mansurboy o‘rtasidagi aslida mavjud bo‘lgan ijtimoiy ziddiyat ham To‘lg‘un munosabati bilan battar avj oladi, ochiq kurashga aylanadi. Ziddiyatlar shu darajaga borib yetadiki, Mansurboyning xotinlari erdan alam olish uchun o‘zlari dam soldirayotgan mullalarni o‘ynash qilib oladilar… Botir bilan Arslon oshkora hujumga o‘tadilar. Aslida toshyurak Mansurboyning dag‘alligi tobora oshib boradi. Unda insof degan narsa yo‘q. Kambag‘al dehqonlarni qiynab qarzini qistaydi, vaqtida berolmasa, uyjoyi yoki yosh-yosh qizlarini garovga so‘rayveradi. Qarzini vaqtida to‘lay olmagan Ko‘rhasan haqida imomga shunday deydi:
— Olish bor, berish yo‘qmi? Ko‘rning suyaklarini sindirib olaman, qo‘yamanmi uni!
Imom: Kecha biz bilan kengashdi, taqsir, 12 yoshar bir qizchasi bor. Shuni baholab bermakchi bo‘ldi. Bukun shunda to‘planamiz, shu ishni bitiramiz…
Arslon: Boy, shu eldan nima istaysiz? Boylik bo‘lsa oldingiz. Butun kentimizning bor-yo‘g‘i sandig‘ingizga oqib ketdi. Emdi nomuslarimizni yaralab, ko‘ngillarimiz bilan o‘ynay boshladingiz. Bunchasi uyatdir… Men shu qishloqning bolasiman; qishloq bolalarini sizning yomonligingizdan saqlamoq menga tushadir.
Yuqoridagi obrazlarning xatti-harakatlari va dialoglaridan ko‘rinib turibdiki, 20-yillar adabiyotida yangi hayot uchun keskin kurashlar ruhini badiiy ifodalash faqat inqilobgacha mavjud bo‘lgan barcha voqea-hodisalarga qarshi turish bilan, ularni parchalab tashlash bilan ta’minlanadi, deb hisoblanar edi. Bu yo‘nalish 30-yillarga kelib yanada keng miqyosda davom etdi, bora-bora inson bir-biridan nuqul xato, nuqson, ayb axtarib topadigan, bir-biriga qarshi kurashadigan, hatto bir qorindan talashib tushganlar biribirining tagiga suv quyadigan bo‘lib qoldi. Shaxsdagi asil insoniy fazilatlar tobora xira torta boshladi.
Gulsarani o‘z otasi bo‘g‘ib tashlasa, Nurxonni o‘z akasi o‘ldiradi. 30-yillar o‘zbek adabiyotida bu kabi voqealar tasviri juda ko‘p. Bir asarda kolxoz ichidagi dushman axtarib topilsa, ikkinchisida ilmiy tekshirish institutidagi zararkunandalar fosh etiladi. Asarlarga qo‘yiladigan nomlar ham xuddi shu ruhda. Biri «Yondiramiz» deb, ikkinchisi «Niqob yirtildi» deb ataladi va hokazo. Bunday yo‘nalish shaxsga sig‘inish davrida insonlarni hamisha bir-birini ta’qib qilish, bir-biridan shubhalanish, oqibatda hech kimga ishonmaslik ruhida yashashga olib keldi. Adabiyotning ulugvor vazifasi insonda insoniy fazilatlarni rivojlantirishday oliy maqsad orqaga surib tashlandi.
Adabiyotimiz tarixida qayta ko‘rib chiqishga oid bunday muammolar to‘lib yotibdi. Mana, «Arslon»dagi batraklarni olib ko‘raylik. O‘z yeriga ega bo‘lishdan ko‘ra kattaroq orzu ularda yo‘q. Yer-suv islohoti ularni rosa quvontirdi. Yer olish bilan jon-jon deb ishga kirishdilar. 30-yillarga kelib kolxoz-sovxozlar tuzila boshlandi. Katta yer egalariyu ko‘plab o‘rta dehqonlar «quloq qilindi». Yer endi kolxozniki deb e’lon etildi. Dehqon yana yerga egalikdan mahrum bo‘ldi. Yerdan sovidi. Ilojini topgani shaharga ko‘chib ketaverdi. Yerdan unum kamayib, iqtisodda tanglik ro‘y bera borgani endilikda hech kimga sir bo‘lmay qoldi.
20—30-yillar o‘zbek adabiyoti haqida gap ketganda, u davrda yaratilgan badiiy asarlarga baho berganda bunday voqea-hodisalarni ko‘zda tutmay turib, chinakam ilmiy tarixni tasavvur etib bo‘lmaydi. Fitrat «Arslon» dramasidagi ijobiy qahramonlar qiyofasi, dunyoqarashini chizar ekan, kambag‘al dehqon taqdiridagi bunday istiqbolni xayoliga ham keltirmagan, faqat ularning kelajagi porloq bo‘ladi, degan aqidaga qattiq ishonar edi. Yana bu asar yozilgan davrda partiyaning adabiyot sohasidagi siyosati haqidagi mashhur hujjati (1925 yil) e’lon qilingan edi. Unda sovet adabiyotini har qanday yot unsurlardan tozalash, adabiyotda proletariat g‘oyaviyligining yetakchiligi uchun kurash masalalari belgilab berilgan edi. Fitrat mazkur ko‘rsatmaga amal qiladi, o‘z asarining siyosiy jihatdan to‘gri bo‘lishiga intiladi. Ya’ni bunda proletariat g‘oyaviyligi masalasini birinchi o‘ringa chiqarishga alohida ahamiyat beradi. Boy — ezuvchi, kambagal — eziluvchi, Boy — noinsof, kambag‘al — insofli. Boyda biror to‘grilik, samimiyat yo‘q, kambag‘al hamisha rostgo‘y va samimiy. Boyning xotinlariyu o‘g‘il-qizlari ham o‘ziga o‘xshagan nopok, shaloq, buzuq, kambagalning xotiniyu o‘g‘il-qizlari pok, sadoqatli, bo‘yiga yetgan qizi ham faqat kambagalni sevadi, garchi yaxshi uy-joyi, ovqati, kiyim-kechagi bo‘lmasa ham unga sodiq. Fitrat siyosatda xato qilmaslik uchun 20-yillarning o‘rtalarida, ayniqsa «Arslon» dramasida xuddi shu yo‘ldan bordi. Zotan 20—30-yillardagi to biz keyingi davrlargacha maqtab kelgan badiiy asarlarning deyarli hammasi shu ruh bilan sug‘orilgan edi. Hamza, S. Ayniyning barcha asarlari shu xilda yaratildi.
Ammo kezi kelganda shuni aytib o‘taylikki, Abdulla Qodiriyning tarixiy romanlari mana shu nuqsondan xolidir. Otabek, Kumush, Yusufbek Hoji, Qutidor, Hasanali, O‘zbek Oyim, Oftob oyim, Anvar, Ra’no, Sultonali, Safar bo‘zchilarning qiyofalarini bir ko‘z oldingizga keltiring-chi! Yozuvchining buyukligi — insonni qaysi tabaqaga mansub bo‘lishidan qat’i nazar undagi fazilat bilan nuqsonlarni tub ildizlari bilan ko‘rsatadi. Shaxsni ijtimoiy kelib chiqishi emas, balki insoniy fazilat ulug‘laydi, degan g‘oya A. Qodiriy romanlarida bo‘rtib turadi. Xuddi shu xususiyat tufayli «O‘tgan kunlar» bilan «Mehrobdan chayon» qariyb yetmish yillardan buyon eskirmay qo‘ldan-qo‘lga, dildan-dilga o‘tib yuradi.
Yuqoridagi ayrim fikrlarni dalillash uchun «Arslon» dramasidan misollar keltiramiz:
Arslon: Uh… Yashamoq sovuq bir hazilmikan, bilmadim! Balo ustiga balo. Qayg‘u ustiga qayg‘u… Yana bularning hammasi bizga, biz kambag‘allarga keladir… Ota bilan o‘g‘il bizning oramizga kirib elni talamoqqa kirishdilar. Bularni jin urmaydir… Kampirlar yiglashlari dunyoni o‘zgarta olmas ekan, ona. U yig‘ladi, sen yig‘lading, sen kabi, u kabi yana ko‘p kampirlar yig‘ladilar, nima foyda?! Hech…
Tursun (Arslonning onasi): Nima qilmoq kerak, bolam?
Arslon: Uni men ham bilmayman!..
Botir (Arslonga): Menga yordam et. Meni bu holdan qutqor! U (boy) meni uyimdan chiqardi. Men uni dunyodan quvaman… O‘ldiraman. U yana besh yil dunyoda tursa, men kabi 20—30 yigitning o‘luklari sag‘anasiz, kafansiz ko‘chalarda chirib yotg‘usidir…
Shu zayil ziddiyat kuchayib borib, Botir Mansurboyga suiqasd qiladi, Arslon ushlab qolib boyni qutqaradi, do‘stiga bu yo‘ldan bormaslikni tavsiya qiladi. Shu tasodifdan foydalanib, boy Arslonni ham, Botirni ham o‘g‘rilar deb qamatib yuboradi va hokazo… Badiiy asardagi bu kabi yo‘nalish 20—30-yillar adabiyotining deyarli butun mohiyatiyu qimmatini belgilovchi omil ediki, Fitrat ham undan chetda qolmagan. Bu bilan Fitrat partiyaning badiiy adabiyot sohasidagi siyosatiga amal qilishni ko‘zda tutgan edi.
«Arslon» dramasida xotin-qizlar obrazlarini yaratishga katta o‘rin beriladi. Arslonning onasi Tursunbibi bilan Botirning onasi Nor xola, To‘lg‘un va uning onasi Oyto‘ksa kampir bir-birlariga samimiy dugona va sirdosh, dardkash, ezilgan tabaqa ayollari — niyatlari pok, halol yashaydilar, lekin turmushning barcha kulfatlari shular boshiga tushadi. Zaynab oyim, Sharofatxon Mansurboyning boyvuchcha, satang xotinlari — buzuq ayollar. Ular To‘lg‘unga muttasil zulm qilishadi, tahqirlashadi, sen nega boyga tegasan, deb tepkilashadi. Boy esa yana uni, sen menga nega tegmaysan, deb tepkilaydi… Mana ko‘rdingizmi, 20-yillarda bizning kelajagimiz, baxt-istiqbolimizning porloq bo‘lishi faqat jamiyatimizdagi bir-biriga qarama-qarshi turgan tabaqalar o‘rtasidagi kurashlarga bog‘lanar, buni sinfiy kurash deb atalardi. Kurash tobora qizib, keskinlashib boradi, hamma dushmanlarni sinf sifatida tugatmay turib sotsializm, kommunizmni qurib bo‘lmaydi, deb tushuntirilgan edi. Ana shu tushunchalar insonni bir-biriga nafrat bilan qarashga o‘rgatdi, yovuzlik, dushmanlik ortib bordi, hayotni shubhalarga to‘ldirdi, o‘zaro munosabatlar aksari yolg‘ondakam, yasama, sun’iylikka aylandi. To‘y-tomosha, dasturxon atrofida bugun maqtov gapini aytgan odam ertaga o‘sha «do‘sti»ga qarshi chuqur kavlaydigan bo‘lib qoldi. Biz «Arslon» dramasida va undan keyin yaratilgan qator asarlarda jamiyatimizdagi mazkur holatni ko‘ramiz. Hayotda odat tusiga tobora chuqur kirib borgan ana shu sinfiy qarashlar «Arslon» dramasidagi qahramonlarning taraf-taraf bo‘lib birlashishlariga olib keladi. Arslon, Botir, ularning oila a’zolari, dehqon chollar — Yarash, Boymurot, Ko‘rhasan va boshqalarning fojialari ham shu jarayonda ro‘y beradi. Mansurboy, domla, imom, Bek, oqsoqollar — yovuz shaxslar sifatida birlashib, hayotni fojiadan-fojiaga surgashaveradi, o‘zlari ham halokatga uchrayveradi.
Endi bir-ikki og‘iz so‘z «Arslon» dramasining 20—30-yillar o‘zbek adabiyotiga ta’siri haqida. Odatda adabiy jarayonda biror asar yoki undagi ayrim nuqtalar biror yozuvchida fikr uyg‘otadi va yangi bir asarning yaratilishiga olib keladi. Har bir yozuvchi adabiy jarayondan, shubhasiz, ijodiy foydalanishga haqlidir. Bunday jarayon ba’zi tasviriy vositalar, o‘xshashliklar bilan ham izohlanishi mumkin. Bunday kezlarda asarlar tub mohiyati, xulosalari bilan bir-biridan farq qiladi. Ammo bu hol nusxa ko‘chirish uchun hech kimga huquq bermaydi. Shu nuqtai nazardan «Arslon» dramasidan ba’zi misollar keltiramiz va xulosa chiqarishni o‘quvchilarning o‘zlariga havola qilamiz. Arslon bilan Botirni o‘g‘rilikda ayblab, Mansurboy, Bek, domlaimomlar yig‘ilib turib so‘roq qilishadi:
Bek: Sizni qo‘yamanmi, ko‘zlaringizga bigiz suqaman… O‘g‘rilar.
Xaloyiq: Botir bilan Arslonda gunoh yo‘q. Bu tuhmat!
Oqsoqollar: Qulluq, taqsir, qulluq!..
Arslon: (To‘lg‘unga) Men o‘lsam-da, sendan ayrilmayman, To‘lg‘un. Bizni hech kim ajrata olmaydir. Tog‘angizdan ming, boydan milliontasi oramizga kirsa, hammasini itarib, sudrab, yiqitib, toptab, tepib yuraman-da, senga erishaman.
To‘lg‘un: Onam ham meni yoqlab so‘ylaydi. Mansurboy qishlog‘imizda bor narsalarni olib bitirdi. Emdi menim birgina qizimga qo‘l uzatmay qo‘ya qolsin, dedi…
Mansurboy domla, imom, oqsoqollarni pisand qilmaydi, yedirib-ichirib, bemalol buyruq qilaveradi. Boy bilan Arslon ziddiyati kuchayib ketgach, boy imomso‘filarga dag‘dag‘a qiladi, imom «Arslonga nasihat qilamiz, tuzatamiz», deb qo‘yadi. Shunda boy «Nasihat-pasihatingizni qo‘ying, ular bilan bo‘lmaydi, — deydi.— Raisga xabar bering, eltib jazosini bersin, ko‘zini joyiga keltirsin».
Imom: Xo‘b bo‘libdir, taqsir.
Boy: Ahmoq, ayniqsa, kampirni demaysizmi, tag‘in shu benomozga qizini bermoqchi bo‘lgan-a! Nasihatni unga qilingiz, qizini tuzukroq bir kishiga bersun!..
Boy To‘lg‘unga birinchi marta betma-bet kelgandagi suhbatdan:
Boy: Rahmatlik otang yaxshi kishi edi, onangga ayt, biznikiga kelib tursin, o‘zing ham kelib tur, biz sizga karashib turamiz. Xizmatchingiz yo‘qmi?
To‘lg‘un: Xizmatchini kim boqadi? Biz o‘zimizni kuch bilan boqamiz.
Boy: E… Shundaymi, sizlar kambag‘al bo‘lib qolganmisiz? Nega menga bildirmaysiz, men pul beraman. Onangga ayt, qancha pul qarz istasa, yengilroq qilib beray, olsin.
To‘lg‘un: Onam biladir. (boy uning qo‘lidan ushlab tortadi, To‘lg‘un g‘azab bilan undan qochadi…)
Arslon (kelib qoladi): Boy, u qiz menga fotiha bo‘lgan, bilmaysizmi?
Boy (kulib): Qarg‘a qo‘ndirgani butoq topolmaysan, sen xotinni qanday qilib olasan?
Arslon: Qanday qilsam men qilaman, senga nima?
Boy: Menga nima emas, men shu kentning kattasi… Meni tingla, borib bechorachiliging bilan bo‘l. Ishlab, bir tilim non topib onangni to‘yg‘iz. Xotin olaman deb el qizlari orqasidan yurma, u qizni men olaman!..
«Arslon»dagi yana bir ko‘rinishdan parcha keltiramiz: Boyning xotinlari Sharofatxon bilan Zaynab oyimlar issiq-sovuqchi domlalarini o‘ynash qilib olishgani yuqorida aytilgan. Bir kuni Zaynab oyim oldiga paranji yopinib imom keladi va bemalol shakarguftorlik qilib o‘tirganda eshikdan boyning ovozi eshitiladi. Domla qo‘rqib ketadi, Zaynab sira pisand qilmay dik etib turib eshikka boradi va Boyga aytadi: «Kirmang, qo‘noq bor, o‘zim chiqaman».
Boy: Kim bor?
Zaynab: Xolamlar kelgan edilar. Xolamlar sizni so‘raydilar, Boy bobom qalay, yaxshimi deydilar.
Boy: Xudoga shukur. O‘zlaridan so‘rasak… Nechun biznikiga oz keladilar. Sizni sevmaydilar chog‘i!
Zaynab: Yo‘q, sevadilar-ku, endi ishlari ko‘p-da.
Boy: Dunyoning ishi bitmaydi. Tez-tez kelib tursinlar.
Zaynab (imomga kulib): Sizni yana uylanar ekansiz, deb eshitibdilar.
Boy: Yo‘g‘-e…
Zaynab: Xudo xohlasa, yangi xotinlarini ham kelib ko‘raman, deydilar.
Boy: Yo‘g‘e, shu borlarini kelib ko‘rabersinlar… Xolani kechasi saqlab qoling!
Zaynab: Men boya shuni aytdim, yo‘q dedilar.
Boy: Nechun, qolsalar yaxshi bo‘lardi-ku?!
Zaynab: Ishlari ko‘p ekan. Bu kecha qo‘noqlari bo‘lar ekan, meni ham chaqiralar, boraymi?
Boy: Albatta boring. Siz boring, ular kelsunlar.
Imom Zaynabni o‘z uyiga olib ketadi. Qishloq dehqonlari har ikkisi birga yotganda tutib, Arslon boshliq tumonat odam oqsoqolni ham birgalikda boy oldiga olib kelib sharmanda qiladilar. Boy o‘g‘liga: «Bolam, tur, onangni narigi uyga eltib, qo‘loyog‘ini bog‘lab qo‘y; bu ko‘rnamakni (imomni) og‘ilxonaga tiqib qamab qo‘y», deydi izza bo‘lib. Xullas, boy qishloqda gap-so‘zga qoladi… Buning uchun uning o‘g‘li Qudrat Arslonni o‘ldirishga qaror beradi, ammo Arslon o‘z kuchiga ishonib boyni ham, o‘g‘li Qudratni ham o‘ldirib alamdan chiqadi, asar shu bilan tugaydi.
1927 yilda G‘ozi Yunus A. Haqverdiyevning «Xonning sevgisi» degan asarini erkin tarjima qilib sahnalashtiradi. Pesaning asosiy mohiyati kambag‘al yigit Saidning go‘zal xotinini xon zo‘rlab tortib olishi, bu ishda vazir, imom va boshqalarning faoliyatini ko‘rsatish bilan ochiladi. Xon o‘z odamlarini to‘plab: «Xotinning eriga aytinglar, taloq qilsun», deb buyuradi. Vazirlar, maslahatchilar yig‘ilib Saidni o‘rtaga olishadi.
Vazir: Xon ovga ketaturib, xotiningni ko‘rib qolib, oshiq bo‘libdir… Amir qilamanki, xotiningni taloq qilasan va xon o‘ziga xotin qilib olsin. Nodon, qancha pul, amal so‘rasang berilur. Mamlakatning eng go‘zal qizlaridan birini olib beramiz…
Boshqa vazir: Said! Xon buyruq bersalar, seni bir zumda yo‘q qilurlar. Adolatni ko‘rginki, shahanshoh odil, qanday rahmdil va fuqaroparvarlarki, xotiningni zo‘rlab, olmaydilar!
Said: Men yaxshi bilaman, xon molu jonimni zabt qila oladir. Mani o‘ldirishga, yondirishga, dorga tortishga sohib ixtiyordir, ammo manim nomusimg‘a hech kimning qo‘l solishg‘a haqqi yo‘qdir… Man tirik ekanman, taloq qilmayman!
Fitrat va G‘ozi Yunusdan keltirilgan mazkur parchalar ulardan keyin paydo bo‘lgan bir qator asarlar paydo bo‘lishiga turtki berganday tuyuladi. «Arslon»dagi Mansurboy «Boy ila xizmatchi»dagi Solihboyga qanchalik yaqin. Solihboy Jamilani tortib olish uchun domla-imomlardan qozigacha ishga solishiyu G‘ofirni o‘rtaga olishdagi suhbatlar Mansurboy To‘lg‘unni, Xon Saidning xotinini tortib olish uchun ko‘rgan tadbirlarini eslatmaydimi?! Mansurboyning xotini Zaynabning xulqi-atvori A. Qahhorning «Mayiz yemagan xotin» hikoyasining yozilishiga turtki bergan bo‘lsa ne ajab?! Mansurboyning xotinlari tomonidan issiq-sovuq qilish borasida ko‘rgan choralari — dam solingan o‘lik xotin kallasiga igna tiqib, To‘lg‘unni bosh og‘rig‘i qilib o‘ldirishga urinish — «Qutlug‘ qon»dagi Nurinisaning xatti-harakatlariga, Mansurboyning To‘lg‘unga dastlabki duch kelgandagi suhbatlari Mirzakarimboyning Gulnorga uchragandagi holatlarni chizishga turtki bergan bo‘lishi mumkin-ku. Ammo «Boy ila xizmatchi»dagi ko‘pgina epizodlar, dialoglar, hatto dialogda qatnashuvchi obrazlar «Arslon» va «Xonning sevgisi» dramalaridagi ko‘pgina holatlarni yaqqol ko‘z oldimizga keltiradi. Zotan, «Boy ila xizmatchi» Hamza tomonidan ilgari yozilgan va uning asl nusxasi topilmaganini Komil Yashin e’tirof etib, dastlabki variantida o‘ynagan artistlarning xotiralari asosida yaratilganini ta’kidlagan edi. Shuning uchun ham asarning keyingi variantida biz yuqorida nomlarini aytib o‘tgan dramalarning ta’siri ko‘proq bo‘lganga o‘xshaydi.
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, o‘zbek sovet adabiyotida hozirgi mavjud ko‘p muammolarning deyarli hammasi 20—30-yillardan buyon davom etib keladi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Fitrat ijodi 20—30-yillarda ham jiddiy bahs va munozalarga sabab bo‘lgan edi, hozir ham shunday. Demak, katta ijodkor va serqirra iste’dodlargina uzoq davrlargacha xilma-xil fikr uyg‘ota oladi, odamlar ular haqida muttasil bahslashadi, yillar o‘tishi bilan oldinga surayotgan savollarga javoblar topilaveradi. Fitratning turli janrlarda yozilgan ko‘pgina asarlari qatorida «Arslon» dramasi ham o‘z qimmatini hamon saqlab qolgan.
Ahmad Aliyev, filologiya fanlari nomzodi
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 12-son