Asad Asil. Qayga borsin, bechoralar (2000)

Hech kim inkor eta olmaydigan bir haqiqat bor: butun olamni, shu jumladan, yerni ham Buyuk Alloh yaratgan. Odamlar esa yerni o‘zaro taqsimlab, chegaralab olishgan. Odamlardan boshqa barcha tirik jonlar ham, tabiat ham bundan mustasno. Tog‘lar, daryolar, parrandayu darrandalar hech bir chegarani tan olmaydilar. Tog‘lar viqor og‘ushida mudraydi, daryolar qudrati tolguncha, tugaguncha o‘z yo‘lida davom etadi, qushlar istagan tomoniga uchadi, jonivorlar esa tinch va osuda makon izlab, hayot kechiradi. Odamlar-chi?! Odamlar hech kim va hech narsani tan olmasdan o‘zlari chegaralab olgan joylarida tabiatga mudom putur yetkazib kelmoqdalar. O‘z qo‘l ostidagi boyliklarini adoyi tamom qilganlaridan so‘ng esa qo‘shnilarining yerlariga ham ko‘z olaytirib, yovvoyi jonivorlarni, nabotot olamini harob qiladilar, toptaydilar. Atrofimizda bo‘layotgan bu kabi hangomalarni ko‘rib-kuzatib, hayot shu xilda davom etaversa, yuz berishi muqarrar bo‘lgan uning ayanchli oqibatidan odamning yuragi zirqirab ketadi…

O‘ZINI O‘QQA DUChOR QILGAN ONA KIYIK

Men tog‘lar bag‘ridagi qishloqda tug‘ilganman. Agar vaqt topsam, har kuni tog‘larga chiqsam, deyman. Bugun kechagidan, ertaga esa bugungidan ko‘ra yuksakroq cho‘qqilarga ko‘tarilgim keladi. Tobora ko‘rkamroq, go‘zalroq tabiatni qo‘msayman. Shu zaylda ellik yildan ziyod vaqt o‘tdi. Olis yo‘l davomida kichik-kichik hayajonli voqealardan tashqari kattakon dahshatli hodisalarning ham guvohi bo‘lganman. Ammo barchasidan kelib chiqadigan xulosa shuki, tabiatdagi yovvoyi jonivorlarning turi ham, hisobi ham tobora kamayib bormoqda. Bunga asosiy sabab nima?..

Shu o‘rinda bir voqeani muxtasar holda keltirib o‘taman. Mudom tabiat bag‘riga oshiqib yashab kelgan do‘stlarimizdan biri besh-olti yil avval meni uzoq va notanish tog‘lar bag‘riga taklif etgan edi. ”Pskom tog‘lari bag‘ridagi “Urungach” ko‘llarini tomosha qilasiz, bunaqasi yer yuzining boshqa joyida topilmaydi!” degan edi u meni battar qiziqtirib. Jon, deb rozi bo‘ldim. Chunki o‘zim ham shu tomonlardagi purviqor cho‘qqilarga havaslanib, qanday borishning chorasini topolmay yurardim. “U tomonlardagi tog‘lar bag‘irlarida poda-poda kiyiklar bor, har bir soyda to‘ng‘izlar to‘dalari uchraydi, hatto ayiqlar, baland qoyalar oraliqlarida esa qor qoplonlariga ham duch kelasiz”, degan gaplarni ko‘p eshitardim. Ustiga-ustak “Urungach” ko‘llarini tomosha qilsak… qanday ajoyib!..

Biz olis safarga otlandik. Yerli ovchilar ham bizlarga hamroh bo‘ldilar. Ot va eshaklarga yuklarni ortib, tong saharda nuqul tosh so‘qmoqlar orqali “Urungach” ko‘llari tomon ko‘tarila boshladik. Bir soatlar chamasi yo‘l bosgach, hajmi uncha katta bo‘lmagan zilol suvli birinchi ko‘lga yetib bordik. Uning hamma tomoni top-toza toshlar bilan qurshalgan edi. Unga qo‘shilayotgan biron jilg‘a yo‘q, ammo ko‘l etagidan kichik bir daryocha Pskom daryosi tomon oqib tushyapti. Xuddi ertaklardagidek! Biz yana yo‘lda davom etdik. So‘qmoqlar ham, atrof ham faqat katta-kichik toshlardan iborat. Ikki soatcha yo‘l bosib, ikkinchi ko‘lga duch keldik. Bunisi avvalgisidan ikki-uch hissa katta va chuqur edi. Qizig‘i shundaki, bu ko‘lga ham biron-bir ariq qo‘shilmaydi, undan chiqib ham ketmaydi. Yana yo‘l yurib, tushdan keyin bu ulkan tog‘larning naq yelkasida joylashgan eng katta uchinchi ko‘lga ro‘para bo‘ldik. Har qanday kemalar bemalol suza oladigan, tevarak-atrofi ko‘rkam manzara bilan qoplangan ulkan bu ko‘lga tog‘lardan zilol suvli kichik daryocha qo‘shilyapti-yu, undan pastga oqib chiqib ketmayapti. Demak, ko‘llarni suv bilan ta’minlab turuvchi daryocha boshdan-oyoq qalashib yotgan katta-kichik tosh va shag‘allar ostidan sizib o‘tib, aslo loyqalanmay, tevarak-atrofga zarracha putur yetkazmay, to Pskom daryosiga qadar oqib tusharkan. Tikka tog‘ bag‘rida marjondek tizilib turgan, bir-biridan ko‘rkam bu ko‘llar chiroyini ta’riflashga so‘z ojiz. Ushbu tabiiy go‘zallikdan bahra olish uchun u joylarga ataylab borish va maroq bilan tomosha qilish lozim. Yer yuzining boshqa taraflarida bunday go‘shalar topilmasa kerak! Afsuski, ko‘llarning atrofidagi tog‘lar va changalzorlarda biron-bir yovvoyi hayvon ko‘zga tashlanmaydi. “Diyorimizdagi shunday jannatmakon joylar tarovatidan, zilol suvlaridan, har qanday dardga shifo bo‘luvchi musaffo havosidan xalqimiz nega to‘la bahramand bo‘lolmaydi?! Axir bu go‘shalar “Ugam-Chotqol Davlat milliy tabiat bog‘i” tarkibiga kiradi-ku! Chet ellardagi singari olis cho‘qqilarni bir-biriga tutashtiruvchi osma yo‘llar qurilsa, shinam oromgohlar barpo etilsa, atrof-muhitga g‘oyat yuksak g‘amxo‘rlik ko‘rsatilsa, tevaragingizda go‘zal ohular o‘ynoqlab yursa, manavi ajoyib ko‘llarda esa mag‘rur oqqushlar, o‘rdak va g‘ozlar suzib yursa!” Ko‘nglimda beixtiyor uyg‘ongan bu shirin orzular yuragimni orziqtirib yubordi.

– Shundoq joylarda nega loaqal kiyiklar ham yo‘q? – so‘radim hamrohlarimdan.

– Bugun ko‘l bo‘yida tunab, tong saharda yo‘lga chiqsak, ertaga kiyiklar makoniga yetib boramiz, deyishdi ular. Tongda emas, yarim tundayoq yo‘lga chiqdik. Xullas, quyosh ko‘rinmasdanoq Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan chegaradosh Pskom dovonlarining eng tepasiga yetib bordik. Ovchilar ot va eshaklarini pastqam bir joyga bog‘ladilar-da, katta tosh panasida turib bir-biriga ulanib ketgan olis yonbag‘irlar, keraga toshlar va zovlarni durbin orqali ko‘zdan kechira boshladilar. Sal fursat o‘tgach, o‘zaro imo-ishora bilan pana bir joyga to‘planishdi. Meni ham yonlariga chaqirishdi va qo‘limga durbin tutqazib, eng olisdagi kungay bir yonbag‘irga ishora qilib shivirlashdi: “Ana, o‘ntacha kiyik o‘tlayapti, tosh ustida qotib turgan taka esa poyloqchilik qilyapti…” Durbin orqali ham ko‘zim zo‘rg‘a ilg‘ayotgan qora nuqtalar g‘imirlayotgani uchun ularning kiyik ekanligini angladim. Axir masofa kam deganda o‘n chaqirimcha narida edi-da.

– Nega shivirlayapsizlar, kiyiklar eshitib qolishmaydi-ku? – dedim ovozimni sal balandlatib.

– Jim bo‘ling! – ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosdi ovchilardan biri, yonginamizdagi soyning narigi tarafida qator turgan keragalar orasiga ishora qilib. – Anavi kiyik sharpamizni sezib qochib qolmasin, tag‘in. Siz ot-eshaklarni bo‘rilardan qorovullab, shu yerda dam olib yotaverasiz, biz ovni boshlayveramiz…

Ular shu zahoti toshlarning oralariga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar. Men harchand tikilmay, narigi yonbag‘irdagi kiyikni ko‘rolmas edim. Uzoqqa otuvchi miltiqning yurakni uvishtiruvchi o‘q ovozi eshitilgach, kiyikka ko‘zim tushdi. U toshdan-toshga urilib, zovga qulab tushayotgan edi. Shu dam kiyik qulagan joyda kiyik bolasining zorlanib ma’ragani eshitildi. Kiyikcha tosh ustiga chiqib, betinim ma’rar, hozirgina yo‘qotib qo‘ygan onasini jon boricha chaqirar edi. Shu zahoti yana bir o‘q ovozi yangrab, uloqchani ham onasi ortidan zovga qulatdi. “Ona kiyik ovchilar sharpasini sezsa ham bolasini tashlab ketishga ko‘zi qiymay, o‘zini o‘qqa duchor qildi-ya” – degan alamli o‘y yuragimni qiymalab o‘tdi…

YuQORIDAN KELGAN “BUYuRTMALAR”

Bu mash’um kun voqealari tafsilotiga ortiqcha to‘xtab o‘tirmayman. Chunki u haqda batafsil hikoya qilganman. O‘tib ketgan hangomalarni qaytadan eslab o‘tirishning hojati bormikan, degan savol tug‘ilishi, tabiiy. Gap shundaki, maqola chop etilgandan so‘ng viloyat bo‘yicha katta shov-shuv tarqalib, yugur-yugur boshlanib ketdi. Bu harakatlar atrof-muhit muhofazasi borasidagi ahvolni yaxshilash, nurab borayotgan tabiatni tiklash, yo‘qolib ketayotgan yovvoyi jonivorlar va nabotot olamini asrab qolishga qaratilsa, koshki edi! Viloyatdan kelgan tekshiruvchilar ham, tuman hokimiyat rahbarlari ham: «jangovar o‘qotar qurollarni va qonunga zid harakat qilgan ovchilarni topib bering!» deb qistalang qilishdi. Ularning maqsadi maqolada yoritilgan achchiq haqiqatdan xulosa chiqarib, atrof-muhit muvozanatini tiklash emas, “ichki sir”larni butun O‘zbekistonga oshkor etgan maqola muallifini jazolashga qaratilgan edi. Maxsus tuzilgan komissiya bilan birgalikda kiyik otilgan tog‘ oraliqlaridagi qishloqlarga borib, yerli xalq vakillari bilan suhbatlashdik. Ular tabiatning shafqatsizlik bilan toptalayotgani, agar buning oldi olinmasa, bora-bora tog‘laru daryolar g‘arib va bo‘m-bo‘sh ahvolga tushib qolishi mumkinligi haqida qayta-qayta kuyunib gapirishardi. Ularning aytishlaricha, jangovar o‘qotar qurollar hamma joydagi tabiat kushandalarining qo‘llarida bor. Ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bu qurollardan yashirincha foydalanayotgan qonunbuzarlar yovvoyi hayvonlar va qushlarga mudom qiron solmoqdalar. Butun umri davomida tog‘ qishloqlarida yashab kelgan oqsoqollarning guvohlik berishlaricha, hozirgi kunda tog‘lardagi yirik hayvonlar bo‘lmish, masalan, har yuzta kiyikdan taxminan to‘rtta, har yuzta ayiqdan va to‘ng‘izdan bittadan “vakil” qolgan, xolos. Qor qoploni esa butunlay yo‘qolib ketdi, deyish mumkin. Suvsar, tulki, bo‘rsiq singari jonivorlar taqdiri bundan ham ayanchli ahvolda. Bo‘rilar esa… ko‘payib bormoqda. Ular qishloq xo‘jaligiga juda katta zarar yetkazish bilan birga, yovvoyi jonivorlarning qirg‘in qilinishiga ham o‘z “ulush”larini qo‘shmoqdalar. Ularni “tartibga solish” masalasi esa hech kimning xayoliga kelmayapti.

Bu va boshqa qonunbuzarliklarga yerli tabiat kushandalarigina aybdor, deyish unchalik to‘g‘ri emas. Tog‘ qishloqlari odamlarining ta’kidlashlaricha, ko‘p yillar davomida “yuqori”dan kelgan “buyurtma”larni ro‘kach qilib oluvchi tabiat kushandalari otgan o‘rdaklarning o‘ntadan bittasini “buyurtmachi”ga yuborib, ko‘nglini ovlar, to‘qqiztasini esa o‘zaro xomtalash qilisharkan. Bunday ishlarga hatto vertolyotlar ham jalb etib kelingan. Qurollari esa ov qilinadigan uzoq tog‘larning o‘ngirlarida, gadoytopmas joylarda saqlab kelinarkan. Yotib yeganga tog‘ ham chidamas, deganlaridek, avvallari to‘lib-toshib turgan tog‘u daryolarimiz bugunga kelib g‘arib ahvolga tushib qoldi. Ayanchli bu ahvolni ko‘tarib chiqqanlar esa, yuqorida ta’kidlaganimizdek, turli tazyiqlar, do‘q-po‘pisalar, hatto jazolarga duchor bo‘ldilar. Balki, matbuot, radio, televideniye shu vajdan ham atrof-muhit muhofazasi xususida to‘laqonli materiallar bermayotgandir? Tabiat muhofazasiga tegishli sanalarda u yer-bu yerlardagi omon qolgan jonivorlar yoki o‘tkinchi qushlarni bir amallab tasvirga tushirib, namoyish etish, o‘rmon xo‘jaliklari, qo‘riqxonalar faoliyatlariga doir quruq maqtovu madhiyalar bilan cheklanmoqda, xolos. Ahvol shu zaylda davom etadigan bo‘lsa, hayotimiz davomchilari, barchamizning joni- dilimiz bo‘lmish sevimli farzandlarimizga nimani meros qilib qoldiramiz?

Uning oldini olish mumkinmi? Bizningcha, tabiat tanazzulini to‘xtatish va qayta tiklashga faqat mustahkam hamkorlik asosida astoydil kirishish orqaligina erishish mumkin. Axir yovvoyi jonivorlar tog‘ma-tog‘ kezib yurishadi. Odamlar har tomonlama ularni beomon qirg‘in qilaversa, bechoralar qayga borsin?! Tabiat kushandalari yo‘lini to‘sish uchun esa, avvalo, bu sohaning yuqoridagi mutasaddilari o‘z nafslarini tiymoqlari kerak. Shundan keyingina barcha qonunbuzar bag‘ritoshlarga qarshi keskin kurashish uchun yo‘l ochiladi. Bu masalada ommaviy axborot vositalari uzluksiz kurash olib borishi zarur.

Maqola so‘nggida bir taklifim bor: kelgusi yil nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni respublikalarda ham “Tabiatni muhofaza qilish yili”, deb belgilansa-yu, muhimdan-muhim bu ishga hamma bir jon, bir tan bo‘lib baravariga kirishsa.

“Markaziy Osiyo” xalqaro gazetasi,

2000 yil 3 mart soni.