Nasimxon Rahmonov. To‘g‘ri matn yaratish mac’uliyati (2011)

Matnshunoslik va mumtoz adabiyot o‘zaro biri ikkinchisini taqozo qiladigan, biri ikkinchisisiz mavjud bo‘la olmaydigan sohalardir. Matnshunoslik ayni paytda to‘g‘ri matn yaratish uchun ham asos bo‘ladigan soha. Bu sohada maktab yaratgan olimlarning mehnatlari, tajribalari bugungi kunda qo‘l kelmoqda. Ularning maktablari nasihatgo‘ylik yoki matndan faqat xato izlashdan iborat emas, balki uctozlarning tayyorlagan matnlari, tayangan printsiplari matnshunoslikni shakllantirdi. Maktab katta qalb, chuqur bilim, ilmga muhabbat, qolaversa, ilmiy madaniyat orqali yaratiladi. Bir misol. Rus adabiyoti tarixida rus yilnomalari matnlari bo‘yicha S.Shambinago, I.Tixomirov kabi olimlar tadqiqotlar yaratgan. Ammo bu matnlar yuzasidan ish shu bilan to‘xtamagan. Bu yo‘nalishda mashhur matnshunos A.Shaxmatov ham ish olib bordi. U matndagi xatolarga e’tibor qaratar ekan, ustozlar bilan ziddiyatga kirishmadi, balki tadqiqot usulini o‘zgartirdi: avval matnni tadqiq etib, keyin nashr qildi. Nihoyatda ibratli usul! Muayyan bir davr adabiy yodgorligining mazmun-mohiyati uning kim tomonidan nashrga tayyorlangani bilan o‘lchanmaydi, balki adabiyot tarixida tutgan o‘rni bilan o‘lchanadi, qolaversa, matnning yashashi, avlodlardan avlodlarga o‘tishi ham matnshunos yaratgan matnning caviyaci bilan belgilanadi.

Adabiy yodgorliklar bilan avlodlarni bog‘lab turadigan, matnning qanday caviyada bajarilganini ko‘rsatadigan bir omil — majmualardir. Majmua badiiy asarlardan muhim parchalarni olib, bir kitobga jamlashdangina iborat emas, ayni paytda u tuzuvchining didi, asarga munosabati va matnning qanchalik qimmatli ekaniga e’tibor qaratishni taqozo etadi. Majmualar ana shunday puxta nashrlardan parchalar tanlab, yaratiladi.

Biz mumtoz adabiyot asarlari matnini yaratish muammosi to‘g‘risida so‘z yuritar ekanmiz, matnshunoslikda shu kungacha davom etib kelayotgan majmualar va ularning yaratilish printsiplariga e’tiborni qaratmoqchimiz. O‘zbek adabiyotida majmua yaratishning o‘ziga xos an’analari bor. Abdurauf Fitrat, Olim Sharafiddinov, Hodi Zarif va boshqa olimlar tuzgan majmualar bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotmagan. Matn tanlashda did, izchillik va mantiqiylik ular yaratgan majmualarning umrboqiyligini ta’minladi. Birgina Fitrat domlaning «Eng eski turk adabiyoti namunalari»(Toshkent, «Mumtoz so‘z», 2008; nashrga tayyorlovchi: Orzigul Hamroyeva) majmuasiga nazar tashlash kifoya. Fitrat «Devonu lug‘otit turk»dagi to‘rtliklarga muayyan mantiqiy izchillikda tartib berib, Alp Er To‘nga marsiyasini tikladi, to‘rtliklarni lug‘at va izohlar bilan ta’minladi. Majmua XI asr va undan oldingi davr adabiyoti to‘g‘risida tasavvur hosil qilishda o‘z vazifasini bajardi. Bu va bu singari majmualar adabiyot tarixi uchun ishonchli manba vazifasini o‘tashi shubhasizdir.

Mumtoz adabiyot tarixi majmualari yangilanib borishni taqozo etadi. Yangi manbalar kitobxon ixtiyoriga havola qilingandagina mumtoz adabiyot o‘z vazifasini bajargan bo‘ladi. Ulug‘ ustozlar an’analarini qo‘ldan kelgancha davom ettirgan holda, biz tomonimizdan «O‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari» (Toshkent, “Fan”, I jild, 2003, 2005; II jild, 2007) chop qilindi. Albatta, oldingi majmualarni aynan takrorlamagan holda. Zotan, eski majmualar o‘z vazifasini bajardi. Biz tayyorlagan majmualarga, birinchidan, ilgari o‘zbek tilida chop etilmagan yangi matnlar boshqa tillardan tarjima qilinib kiritildi va o‘zbek adabiyotining mulkiga aylantirildi, ikkinchidan, imkon qadar matnlar(masalan, ayrim noma, munozara janrlariga oid matnlar) fotonusxasidan foydalanilib, ayrim tuzatishlar qilindi; uchinchidan, XIV asrgacha bo‘lgan og‘zaki va yozma manbalar oliy o‘quv yurtlari uchun mo‘ljallanib, qo‘llanma vazifasini bajarishi nazarda tutilgan holda tuzildi.

Majmualar qanday printsiplarga ko‘ra tuziladi, qanday matnlar olinadiyu, qaysi biri olinmaydi, degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Majmua tuzishning o‘ziga xos printsiplari bor. Birinchidan, matnlarni qiyoslash va saralash talab etiladi. Bu printsipga Fitratning yuqorida biz aytib o‘tgan majmuasi eng yaxshi misol bo‘la oladi. Turk olimi Ko‘prulizodaning «Devonu lug‘otit turk» yuzasidan olib borgan kuzatishlariga Fitrat har bir to‘rtlik yuzasidan munosabatini bildirib, puxta majmua yaratganini aytishimiz darkor. Biz ham matnlarni tanlashda shu printsipga acoclanishga, ayniqsa, nomalar va Sayfi Saroyi ijodidan namunalar tanlashda harakat qildik.

Sayfi Saroyi XIV asr o‘zbek adabiyotida alohida o‘rin tutadi. U Oltin O‘rda adabiyoti va Misrda turkiy qavmlar barpo qilgan Mamluklar davlatidagi adabiy muhitning yorqin vakili. Shayx Sa’diyning «Guliston» asarini «Gulistoni bit-turkiy» nomi bilan ilk bor turkiychalashtirdi, o‘z davrining malik ush-shuarosi sifatida shuhrat qozondi. Sayfi Saroyi ijodi, xususan, uning tarjimonlik mahorati haqida hali ko‘p gaplar aytilishi kerak. Biz bu ulug‘ shoir bilan bog‘liq boshqa muhim masala — uning asarlari nashri ustida qisqacha to‘xtalmoqchimiz.

Sayfi Saroyining «Gulistoni bit-turkiy» acarini Turkiyada o‘tgan asr o‘rtalarida Faridun Nafiz O‘zluq chop ettirgan; Qozonda, Qozog‘istonda bu shoir ijodi bo‘yicha o‘sha davrda bir qancha ishlar amalga oshirilgan. O‘zbekistonda bu asarning ikki nashri — E.Fozilov va N.Davron amalga oshirgan nashrlari bor. Biz ham «O‘zbek mumtoz adabiyoti namunalari»ning II jildiga bu shoir ijodidan namunalar olib, izoh va sharhlar bilan ta’minladik. Matnni kim tayyorlagani emas, badiiy caviyaci majmuada asosiy mezon bo‘lgani uchun Sayfi Saroyining zamondosh shoirlarga javob g‘azallarini Amir Najip nashridan, «Gulistoni bit-turkiy»dan namunalarni Nasrullo Davron nashridan ayrim tuzatishlar bilan olishga to‘g‘ri keldi. E.Fozilov tayyorlagan nashr o‘z-o‘zidan chetga surilib qoldi. Bunga sabab — E.Fozilov nashrining caviyaci yukcak emacligi bo‘ldi. Co‘zimizning isboti uchun Amir Najip va E.Fozilov nashrlaridan Mavlono Qozi Muhsin g‘azaliga e’tibor beraylik. To‘rtinchi baytning birinchi misrasi Amir Najipda:

Yanag‘i mehrulara olma sotar.

Misraning mazmuni tushunarli: Yorning yonoqlari shunchalik qizilki, xuddi quyoshga qizil olmani sotmoqchi bo‘layotgandek, quyosh bilan bahslashayotgandek.

Endi yuqoridagi misrani E.Fozilov qanday ag‘darganiga e’tibor beraylik:

Yangog‘i sayrulara olma sotar.

Mazmun mubham, «mehr»ni «sayr»ga almashtirgan E.Fozilov nimani nazarda tutgan — o‘ziga ma’lumdir-u, ammo kitobxonga qorong‘u.

Yana shu g‘azalning beshinchi bayti Amir Najipda:

Ne yangoqkim mot etar toza gulni.

Misra mazmunini tushunishda hech qanday muammo yo‘qligi uchun sharhlamaymiz-da, shu baytni E.Fozilov qanday tushunganini ko‘ramiz:

Ne yangoqkim, mot otar(?) toza guli(?).

Na mantiq, na mazmun bor, balki «otar»ning birinchi harfi alifni E.Fozilov kaltak deb tushungan bo‘lsa kerak? Bo‘lmasa, motni otib bo‘ladimi?! Kimdir kimnidir mot qiladi!

Yana shu she’rning oxirgi bayti Amir Najipda:

Qosha ko‘za aldanursa dag‘iylar.

Ya’ni «dag‘iylar»boshqalar demoqchi ekani ma’lum. E.Fozilovda:

Qosha, ko‘za aldanursa doiylar.

Shu she’r muallifi Qozi Muhsinga nisbatan ishlatilgan Mavlono so‘zini matnchi chala-yarim qilib Mavlo deb o‘qiganini ham tushunish qiyin. Biz shu g‘azaldagi unchalik ahamiyatsiz, she’r mazmuniga xalal bermaydigan qusurlarga e’tibor bermadik.

Sa’diy «Guliston»ining forscha asl nucxasi uchinchi bobi 22- hikoyasi oxirida «Men aytdim» iborasi bor. Sayfi Saroyi tarjimasida «Xayolga Xoja Ishoq Xorazmiyning quyidagi hikmati kelur» degan jumladan keyin quyidagi to‘rtlik keltirilgan:

Tushib bir kun otindin, bu masalni

Badiha nazm etti Xoja Ishoq:

«Jahon sevgan kishining ko‘zlarini

Qanoat to‘ldirur yo o‘lsa tuproq».

«Gulistoni bit-turkiy»ni sinchiklab o‘rgangan Amir Najip shu shoirning g‘azaliga Sayfi Saroyi javoban yozgan g‘azalning birinchi baytini quyidagicha chop ettirgan:

Taolalloh zihi surat, zihi mahbubi ruhoniy,

Kim oning husni shavqidin ko‘ngullar bo‘ldi nuroniy.

Baytning birinchi misrasidagi ruhoniyni E.Fozilov ravhoni deb o‘qiganini hech ham anglab bo‘lmadi.

Agar Sayfi Saroyining E.Fozilov nashrga tayyorlagan kitobini shu tarzda tahlil qilishni davom ettirsak, bugungi avlodda 60- yillardagi matnshunoslar shu darajada nochor bo‘lgan ekan-da, degan fikr paydo bo‘lishi mumkin. Aslida, eng layoqatli matnshunoslarni o‘sha davr yetishtirgan. Faqat yuqoridagidek nashrlar mumtoz adabiyotning qimmatini bir oz tushiradi, xolos.

Matnshunoslik bir yozuvdan boshqasiga harf ag‘darishdan iborat emas. Yoki duch kelgan matnni olib, majmua yasashdan ham hech kim naf ko‘rmaydi. Matnshunos, birinchi navbatda, matnni did va savodxonlik bilan tayyorlash malakasiga ega bo‘lsa, majmua tuzuvchilar uchun ham, kelgusi avlodlar uchun ham katta ish qilgan bo‘ladi. Matndagi xato majmuada ham davom etaversa, bora-bora mumtoz adabiyotning qiyofasiga dog‘ tushadi. Ikkinchidan, matn talabaga yoki keng ommaga mo‘ljallanganda, albatta, lug‘at va izohlar bilan ta’minlanishi kerak. Umuman, matn tayyorlash va shu asosda majmualar tuzish bir-biriga bog‘liq jarayon ekanini har doim e’tiborda tutishimiz lozim.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2011 yil 18-sonidan olindi.