O‘roz Haydar. Ruhiyat farroshi (2012)

Men ilk mashqlarimni eslolmayman. Ammo “Gulxan”, “G‘uncha” singari jurnallar tahririyatidan ko‘ngilni ko‘taruvchi maktublar olganim esimda. O‘sha paytlari qo‘liga qalam tutgan kimsa borki, ulardan “tarbiyalovchi” nimarsalar talab qilingan. Bizning qishlog‘imizda bir mashhur molboqar bo‘lardi. Men ilk marta ana shu kishi haqida yozganman. Uning o‘zidan ham nomi mashhur edi. Bilasizmi, ana shu odam keksaygan chog‘ida dildan hamsuhbat bo‘ldim. “Podaning eng yaxshi sog‘in sigirlarini “katta”larga sovg‘a qilardim-da, o‘rnini kichikroq g‘unajinlar bilan to‘ldirib qo‘yardim, bolam”, deydi. Bu qalloblikda podachining qanchalik aybi borligini bilmadimu, ammo ana shu “ishbilarmon” kishi haqida she’r yozganim rost.
Maqtanishga yo‘ymassiz degan umid bilan aytishim mumkinki, men bolalikdan she’rga nisbatan juda talabchan edim. Shuning uchun “O‘qish kitobi”ni unchalik jinim suymasdi. Kitobdagi she’rlar yoqimsiz edi. “Rosa pishsa yoz oylari, Qashqadaryo bug‘doylari…” singari tuyg‘usiz she’rlarni bidillab aytishganida peshonam tirishib ketardi. Bunaqa qofiyalar shaqildog‘ini chalguvchi she’rlar g‘ij-g‘ij edi. Ayniqsa, “Mening ikki onam bor” deb boshlanuvchi she’rni o‘qib rosa kulganman. O‘qituvchim Jo‘ra aka meni doskaga chiqarib, shu she’rni yod aytishni so‘raganda: “Mening ikki enam yo‘q” deganman.
Shu o‘qituvchimizning yaxshi bir odati bor edi. Qo‘shimcha dars soatlarida yangi-yangi ertaklar o‘qib berardi. Yaxshi taassurotlar bilan uyga qaytardik. Yana bir odati: eng qoloq o‘quvchilarni ham maktab kutubxonasiga yetaklab borib, bolalarbop kitoblarni tanlab o‘qishga majbur etardi. Yuqori sinflarda adabiyot fani yomon o‘qitildi. Mutaxassis yetishmaganidan chet maktablardan o‘qituvchilar yollanardi. Ularga yo‘l uzoqligi sabablimi, darslar o‘tilmay qolib ketardi. Bolalar o‘yinqaroq bo‘lib qolishgandi. Adabiyot darslari ko‘pincha tanaffus bilan o‘tganligi uchun bolalarda fanga nisbatan mehr yo‘q edi. Shuning uchun ham maktabni tugatgandan keyin ko‘pchilik sinfdoshlarimiz aniq fanlar bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga kirishdi.
Darvoqe, o‘sha paytlarda oliy o‘quv yurtlariga kirishda insho yozish shart qilib qo‘yilgan edi. Rostini aytish kerak, insho savodxonlikni belgilaydi. Bugungi o‘quvchilar insho yozishni nechog‘lik bilishidan bexabarman, ammo mana shu an’ana nihoyatda foydali edi. Bugun shunchaki so‘zlarni hijjalab o‘qiydiganlar ham uyalmasdan istagan oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishayapti. Nazarimda inshoning mavqeini tiklash kerak.
Adabiyotga qiziqishim Chingiz Aytmatovning “Momo yer qo‘shig‘i” asaridan so‘ng boshlangan. Kitobga kiritilgan “Bo‘tako‘z” qissasini go‘yoki she’rday yod olganman. “Hey, akademik” sadosi haliyam qulog‘im ostida jaranglab turadi. O‘quvchilik yillarida bolalar haqida she’rlar mashq qila boshladim. Shoir Tursunboy Adashboyevning “Olatog‘ – lolatog‘” kitobi menga qanot bergan. Tabiat manzaralarini yorqin bo‘yoqlarda aks ettiruvchi she’rlar quymaligi bilan hayratlantirgan. Shundan keyin molboqaru tovuqboqarlar haqida yozishni bas qilganman.
Ilk she’rim rahmatli akam Nazar Shukurning tashabbusi bilan “Yoshlik” almanaxida bosilgan. O‘shanda 22 yoshda edim. Enam rahmatli xalq og‘zaki ijodini yaxshi bilardi. Akamiz ikkimizga termalar aytib berardi. Yozning sutday oqshomlarida ikkalamizdan “Jetigan julduz jettiga borsa savob bo‘larmish, nafas chiqarmay aytinglar” derdi. Aka-uka bo‘g‘ilib qolguncha bu kalimani ayta-ayta uxlab qolardik. Shoirlik nuqsi ikkalamizga ham onamdan yuqqan.
Ilk to‘plamim “Navqiron davra” jamoa to‘plamida “Quyosh o‘tovi” nomi bilan chiqqan. Qattiq suyingan bo‘lsam kerak, enam: “Sevinchingni ichingga yut, bolam”, deb qo‘yganligini eslayman. Ammo kitobimni qo‘limga olib biror kishiga tutmaganman. Professor Nizomiddin Mahmudov mening ijodimga alohida e’tibor berganligi ko‘nglimni ko‘targan. “Kuylovchi toshlar” to‘plamim hech qanday baholanmadi. Hech kimdan emas, o‘zimdan o‘ksindim. Mardona va dadil yozmoq kerakligini uqdim.
Eng og‘iri, akamning vafoti meni chilparchin qilib tashladi. Uzoq yillar qo‘limga qalam tutolmay yurdim. Yozganlarim ohorsiz edi. Tuman adabiy muhiti esa nihoyatda g‘arib edi. Ana shunday parishon kunlarning birida keksa bir cho‘pon yelkamga qo‘lini qo‘yib: “O‘roz, sen o‘zingni dadil tut. Endi ikki shoir uchun yashashing va ijod qilishing kerak. Ayrimlar akasi she’r yozib berib yurganligi uchun ham u yozishdan to‘xtagan deb aytayapti. Sen chekinma” dedi. Ustimga bir chelak sovuq suv sepib yuborgandek bo‘ldi. Cho‘ponning mana shu daldasi hamon qalbimga qo‘r tashlab turadi. Shundan so‘ng o‘z siniqlarimni terib olib, hayotga mardona boqdim. Akamning qo‘lyozmalarini alohida tartibga soldim. Ularni ko‘z qorachig‘iday saqlab kelayapman. Bir safar ukam Shoimnazar: “Shoirning orqasida uni tushunadigan odam qolishi kerak ekan. Men bu qo‘lyozmalarni egasiga vafolik qilmagan deb yoqib yuborgan bo‘larmidim” deganida yuragim muzlab ketdi. U baribir haq edi. Ko‘zimdan yosh quyuldi. Shoir uchun uni tushunadigan tayanch zarur. Akamning “Orzusi mo‘l ketsa shoirni tushun” satrlari vujudimga olov purkaydi. U o‘zi hayot bo‘lganida bir varaq qog‘ozni ham mening zimmamga tashlamagan bo‘lardi. Aksincha, mening tinib qolishimni sira istamasdi. Hatto o‘limidan ikki oy oldin “San’at saroyi” yo‘lagida menga: “O‘roz, hali sen yaxshi she’rlar, nasriy asarlar yozasan. Senga ishonaman, zo‘r shoir bo‘lasan” deganida avvaliga toshday qotdim. Ko‘zimdan yosh potradi. Yuragim yax tortdi, yurishga mador topmay qoldim. O‘shanda aka-uka yarim kechagacha gurung qildik. Endi bilsam, o‘sha payt menga u vidolashuv so‘zlarini aytgan ekan.
Akamning vafotidan keyin “Vaqt xiyobonida”, “Vido”, “Meni kechir, muhabbat”, “Sen qaytmasang” singari kitoblarini nashr ettirdim. Odil Hotamovning “Yuksakdagi daraxt” xotira-qissasini chop ettirishga erishdik. Xotira-qissa samimiy bitilgan. Kitobni o‘qib, akam hamon biz bilan birga nafas olayotgandek tuyuldi. Bu kitoblarning chop etilishiga ukam homiylik qildi. Ammo kitoblar juda kam nusxada chop etildi. Akamning qo‘lyozmalarini o‘rganish jarayonida yangi-yangi she’rlari topilyapti. Armonim: mana shu bitiklar keng miqyosda o‘quvchilar qo‘liga yetib bormayapti.
Inson o‘zining o‘zi tarbiyachisidir. To‘g‘ri, ustozlar ijodiy turtki berishadi. She’rlarimni akamdan yashirib, Odil Hotamov bilan tanishib qolib, u kishiga ko‘rsatmoqqa jur’at topganman. U kishi mashqlarimni ishlash jarayonida ulug‘ ijodkorlar asarlari haqida tushunchalar berib borgan. Haqiqiy she’r qanday yozilishini dam-badam eslatib turgan. Ahmad A’zamga bir turkum she’rlarimni ko‘rsatmoqqa jazm qildim. U kishi siylashni yomon ko‘rardi. Rosa “patim”ni to‘kib, o‘nga yaqinini “Yoshlik” almanaxiga olib qoldi. Turkum she’rlarim shu bois matbuot yuzini ko‘rdi.
Oradan yillar o‘tib, ish yuzasidan Qarshi shahriga kelishim ijodim tubdan burilishiga sabab bo‘ldi. Ijodkor izlanmay qo‘ygan kunidan boshlab to‘xtaydi. Shoir o‘sib va o‘zidan o‘zib yozmagan kuni jarlikka qulaydi. Shoirning to‘shagi hamisha jar labida to‘shalgan bo‘ladi. Shuni aytishim kerakki, mening tengqurlarim va besh-olti ko‘ylakni ilgari yirtgan ijodkorlarning ko‘pchiligi yigirma-o‘ttiz yoshida qanday yozgan bo‘lsa, ellik yoshda ham shu ko‘rinishda yozishayapti. Kitoblarini qayta-qayta o‘qiyman, o‘sha-o‘sha.
Nazar Eshonqul, Bahrom Ro‘zimuhammadlar bilan aloqa o‘rnatish menga ijodiy qanot baxsh etdi. Mashhur shoir Abdulla Sher saboqlari yozishga va hushyorlikka rag‘bat uyg‘otdi. Menda ijodiy turtki uyg‘otgan ijodkorlarni ustozim deyishga haqliman.
Shu kungacha yigirmaga yaqin to‘plamlarim chop etildi. Adadiga kelsak, 45000 nusxani tashkil etadi. Ayrimlarini shoshib tayyorlaganimdan izza chekaman. Men o‘zimni katta shoir bo‘ldim deyishga haqqim yo‘q. Shoir safar odami. O‘z dunyosining sayyohatchisidir. Ijodkor yozganidan qanoatlangan kun tugaydi. U safar yo‘llanmasidan mahrum bo‘ladi. O‘zimga qattiq talab qo‘yaman. To‘g‘risi, keyingi paytlarda madh etuvchi she’rlar bolalab ketdi. Xuddi saraton xastaligini eslatadi. Yurakni g‘ijimlaydi. Havodan havo yutolmay qiynalasan. Maddohlik baloi ofat. Ba’zida madh etuvchi she’rlarni qasidaga yo‘yamiz. Qasidaning o‘z shakl-shamoyili borligini unutmaylik. Hazrat Navoiyning “Tafakkur tuhfasi” qasidasi qasida qanday yozilishini belgilab bergan. Abdulla Oripovning “O‘zbekiston” qasidasini olaylik: “Temur tig‘i yetmagan joyni Qalam bilan oldi Alisher” satrlari qalbni yuksakka ko‘taradi. Qasida boshdan oyoq nurli satrlar bilan to‘yingan. Vatanning obod va ozodligini maqolabop so‘zlar bilan emas, yangicha tashbehlar bilan bezatish lozim. Sho‘ro davrida “Mening bobomlar – Lenin bobomlar” kabi satrlar bilan she’rlar bitib, kitobini nashriyotdan chop etilishini talab qilgan qanchadan-qancha shoirlarni ko‘rdik. Hatto adabiyotga otalik da’vo qilganlar ham bo‘ldi. Qani, endi ularning asarlari? Bor-yo‘g‘i makulaturaga aylanishdi.
Adabiyotsiz tiriklik suvsiz qaqrab yotgan daryo o‘zanini eslatadi. Adabiyot – ruh farroshi. Inson ruhi poklanmas ekan, vujudi og‘irlashadi. Borlig‘i yuragi tubiga qulaydi. Adabiyot insoniyatni ma’naviy yuksaklikka yetaklaydi. Adabiyoti yuksalmagan millat erta qariydi, qurigan og‘ochga aylanadi. Bugungi kunda maktab adabiyot darsliklarida jahon adabiyotiga juda kam o‘rin berilgan. Menimcha, 6-sinfdan boshlab jahon adabiyoti darsligini yaratish kerak. Katta daryodan suv ichgan yoxud ummon qudratini his etgan qalbda hayotga teranroq qarash xususiyati shakllanadi. Chexov yoki Folkner hikoyachiligini bilmasdan turib nasrda yutuqqa erishib bo‘ladimi?!
Yaqinda bir guruh talabalar tahririyatimizda amaliyot o‘tashdi. Ular ijodiy muloqotlarimizdan birida juda achchiq bir mulohazani o‘rtaga tashlashdi. Ular aytishdiki, “Hozirda yaxshi-yomon adiblarni ajratib bo‘lmay qoldi. Boyvachcha tog‘asi yoki amakisining puliga kitob chiqarayotganlar ko‘payib ketdi. Ayrim yozuvchilar bir haftada roman yozib tashlashyapti. Hashar yo‘li bilan asar yozuvchilar ham ko‘payib ketishgan. Bu holatda adabiyotimizning ertangi kuni qanday bo‘ladi?” Bugungi har bir fidoyi ijodkor ana shu savolning javobi ustida bosh qotirmog‘i kerak.
Men milliy nasrimizni yerga urmoqchi emasman. Ammo tan olishimiz kerak, nasrimizning orqa oyog‘i o‘z ko‘lagasiga botib qolgan. Kitob do‘koni javonlari detektiv kitoblar bilan tirband. Didsiz kitobxonga esa baribir. Do‘kondorning adabiyot haqida tushunchasi yo‘q. Aslida farosatli do‘kondor eng yaxshi kitoblar targ‘ibotchisi hamdir. Noshirlarga pul kerak. Cho‘ntagi baquvvat yozg‘uvchidan sira ajralmaydi. Axir asarning badiiy qiymati bo‘lmasa, u aynigan taomday gap. U ruhiyatni og‘ulaydi. Yengil-elpi yozilayotgan asarlar va soxta maddohlikdan qutulmay turib, yuksak adabiyotga yo‘l topib bo‘lmaydi. Kitobxon Folknerni tushunmasa ayb kimda? Albatta, adabiyottanuvchilarning tomoshabinligi, loqaydligining hosilasidir. Adabiy tanqid tugagan joyda suvarakcha fikrlash yuzaga keladi.
Adabiyotshunoslarimiz o‘tgan asrning 80-yillarida adabiyotda ko‘tarilish yuz berganini e’tirof qilishadi. Ammo bu ko‘tarilish adabiyotga nima berdi? Yozuvchi Nazar Eshonqul bu avlodni ot mingan avlod deb atadi. Lekin “Kecha va kunduz”ga bo‘ylashadigan asarlar paydo bo‘lmadi-ku! Onnetti, Borxes, Folkner, Kortasar, Kafka, Kamyu, Akutagava yaratiqlari kabi yangi yaratiqlar inkishof etilmadi-ku! Menimcha, ijodkor ijod bobida toshning suvini siqib ichadigan bo‘lishi kerak. Bu oliy maqom hammaga ham nasib etavermas ekan.
Adabiyotimizda kishini quvontiradigan jihat tarjimachilik sohasida paydo bo‘lmoqda. Hozirda jahonning yetakchi adiblari asarlari ona tilimizga o‘girilyapti. Buni olqishlash kerak. Qodir Mirmuhammedov (marhum), Nizom Komilov, Ibrohim G‘afurov, Ahmad Otaboy, Amir Fayzulla va boshqa tarjimonlar mehnati e’zozga loyiq. Afsuski, bizning ijodkorlarimiz asarlari jahon sari kengroq va ochiqroq bo‘ylay olmayaptilar. To‘g‘ri, milliy ruhdagi asarlarni tarjima qilish juda og‘ir kechadi. Hermann Hessi “Pushkinning asarlarini tarjima qilib bo‘lmaydi” degan. Shu o‘rinda Abdulla Oripov asarlarini o‘zga tilga o‘girish oson emas. Shoir she’riyatidagi ilohiy ohang shovqinga aylanib ketishi mumkin. Bizning urf-odatimiz, osori-atiqalarimizni bilmagan va tanimagan tarjimon yanglishishi turgan gap. Hassos shoirning she’rlarini tarjima qilish azonni tarjima qilish bilan barobar. Jahon adabiyotining ilg‘or an’analari, umuminsoniy qarashlar bilan shakllantirilgan yangi oqimlar tajribalari bu o‘rinda juda asqotadi. Milliylik qobig‘iga haddan ortiq berkinish ham yaxshilik alomati emas.
Bugun hukumatimiz tomonidan adabiyotimizga katta e’tibor qaratilmoqda. Ijodkor ahlini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun “Ijod” fondining tashkil etilishi ham buning yorqin dalilidir. Shu ozgina fursat ichida “Ijod” fondi homiyligida bir necha yosh ijodkorlarning ilk kitoblari katta nusxalarda chop etildi. Bu yaxshi-ku.
Respublikamizda yuzdan ortiq nashriyot bor. Har bir nashriyot yiliga 20-30 turdagi kitoblarni bosmadan chiqarsa, ularning soni qancha bo‘ladi? Bu kitoblarga muxlis topiladimi? Oqibatda maktab, kollej va boshqa o‘quv yurtlari ostonasida paydo bo‘lamiz. Yaxshi kitob bo‘lsa-ku bu ezgulik belgisi. Bir chaqaga qimmat bo‘lsa-chi? Yana kitobxon jabr chekadi. Yana ularni saviyasizlikda ayblaymiz.
Yana bir gap. Viloyatlarimizdagi adabiy muhit ko‘ngildagidek emas. Yaxshi ijodkorning asari hamisha ham o‘z qadrini topolmayapti. Kimdir yalovbardorlik qilishi kerak. Yozuvchilar uyushmasining ayrim viloyat bo‘limlari mendan ketguncha, egasiga yetguncha qabilida ishlashyapti. Misol uchun, men yashayotgan viloyatda so‘nggi ikki-uch yil oralig‘ida biror marta ijodkorlar gurungi tashkil etilganini eslolmayman. Maktab yoki kollej talabasining ilk kitobi taqdimoti o‘tkazilganligi quloqqa chalinadi, xolos.
Ammo shunisi aniqki, chin ijodkor uchun bular bahona bo‘lolmaydi. Faqat yoshlarning adabiy didi pastga sho‘ng‘imasligini o‘ylab aytayapman, xolos. Bizda adabiy andishasizlik unchalik modaga kirmagan. Biroq loqaydlik dushmanlikdir. Aytadilar-ku, “qars ikki qo‘ldan”. Baribir, ijodiy bahslari bo‘lmagan adabiyot to‘nib qoladi. Bu barchamizni hushyor etmog‘i kerak.

ADIB HAQIDA

O‘roz HAYDAR – 1957 yil Chiroqchi tumanida tug‘ilgan. O‘zMUni tamomlagan. Hozirgi kunda Qashqadaryo viloyati IIB nashri – “Posbon” gazetasi bosh muharriri vazifasida faoliyat yuritmoqda. Uning “Quyosh o‘tovi” (1984), “Kuylovchi toshlar (1990), “Musiqor”(1993), “Qizaloq va qizg‘aldoq” (1993), “Hazilkash qish”, “Aksioma” (2003), “Oq soya” (2004), “Vaqt iztirobi”(2005)”, “Yaylovdagi oq chodir” (2005), “Ruhafzo” (2006), “101 sonet” (2010), “Kechikkan fasl” (saylanma, 2010), “Falak favvorasi” (2012) she’riy va “Talvasa” (2004), “En” (2005), “Ikki o‘lim” (2011) nasriy asarlari chop etilgan. Bir nechta publitsistik to‘plamlari nashr qilingan. “Talvasa” detektiv romani asosida ko‘p qismli videofilm suratga olingan. “Kechikmagan tazarru” dramasi viloyat musiqali drama teatrida sahnalashtirilgan. “White shadow” (ingliz), “Beyaz go”lge” turk tilida kitoblari chop etilgan. Bir turkum she’rlari rus, assam, tojik, qozoq tillariga tarjima qilingan. Hindistonda nashrdan chiqqan “O‘zbek she’riyati antologiyasi”da assam tilida va “XX asr o‘zbek she’riyati antologiyasi”da bir turkum she’rlari o‘rin olgan.

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 6-sonidan olindi.

O‘xshash maqolalar: