Mahkam Mahmudov, Hamidulla Boltaboyev. Barakali umr (2010)

Asrlar davomida allomalar, mutafakkirlar yozib qoldirgan nodir asarlar vaqt, abadiyat ummonidagi tafakkur kemalari bo‘lib, ular doimo insonlarga ilm, ma’rifat ulashadi.

O‘zbekiston filologiya ilmida she’riyat poetikasini chuqur o‘rgangan olimlar Alibek Rustamov, Anvar Hojiahmedov, Yoqubjon Ishoqov qatorida Vahob Rahmonovning ham o‘rni bor, desak xato bo‘lmas. Agar lutf qilib aytilsa, bu yaxshi ma’noda qaysar olim ijodiy faoliyatining ko‘p yillari o‘z hamkasblari va ba’zi ustozlarining matnshunoslikdagi xatolarini tuzatish bilan o‘tgan. O‘zi bevosita nashriyotlarda ishlamasa ham, mumtoz Sharq adabiyoti asarlarini chop etuvchi barcha nashriyotlarning Vahob Rahmonga hojati tushadi.

Yarim asr davomida O‘zbekistonda Alisher Navoiy, Fuzuliy, Nasimiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy, Munis, Komil, Nodira, Uvaysiy singari mumtoz shoirlarning asarlarini nashrga tayyorlagan ko‘pchilik atoqli olimlar “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”da, “Sharq yulduzi” jurnalida ham Vahob Rahmonovdan tanqidiy fikrlarni eshitganlar. Bu olim uchun mumtoz asarlarni nashrga tayyorlovchilarning maqomi-yu martabasi, yoshi emas, balki qadimiy, asl matnni, undagi har bir so‘zning ma’no tovlanishlarini, ayrim hozirgi so‘zlar qadimda boshqa, aksincha ma’noni anglatishini ham bilishi muhimdir.

Vahob Rahmonov mumtoz Sharq she’riyatining Nizomiy, Sa’diy, Hofiz, Haydar Xorazmiy, Sayyid Qosimiy, Atoyi, Sakkokiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur, Mashrab singari allomalari ijodi ummonida dur izlovchi g‘avvosday suzadi, topgan durlarini do‘stlari, kasbdoshlari, zamondoshlari, talabalarga nisor etadi. Olim “She’r san’atlari” kitobida, mumtoz poetikaga doir kitoblarga asoslangan holda, tahlil doirasiga hozirgi o‘zbek shoirlarining ijodidan ham namunalar keltiradiki, bu asarning qimmatini beqiyos oshiradi. Albatta, “She’r san’atlari” kitobiga badiiyroq nom qo‘yish mumkin edi. Har holda, poetikaga doir asarga nafisroq nom qo‘yilgani ma’qul. Biroq asar nomi bugungi kun o‘quvchilariga tushunarli bo‘lishi, asar mazmunini o‘zida to‘la ifoda qilishi muallif uchun muhimroqdir. Mazkur kitobda tashbehi musalsal (zanjirli tashbeh) san’atiga Navoiyning ajoyib bir g‘azalini misol qilib keltirilgan:

Yordin ayru ko‘ngil mulkedurur sultoni yo‘q,
Mulkkim sultoni yo‘q, jismedururkim, joni yo‘q.
Jismdin jonsiz ne hosil, ey musulmonlarkim ul,
Bir qaro tufroqdekdurkim, gulu rayhoni yo‘q.
Bir qaro tufroqkim, yo‘qtur gulu rayhon anga,
Ul qorong‘u kechadurkim, mahi toboni yo‘q…

Muallif tashbehi aksga Mamarasul Boboyev she’ridan, tazod san’atiga Hamid Olimjondan, tafre’, tarse’ va muqobil san’atlariga Abdulla Oripovdan misollar keltiradi.

Olim mumtoz adabiyot ta’limi, tanqidi va ilmida omilkordir. U o‘rta maktab o‘quvchilari uchun “O‘zbek klassik adabiyoti asarlari uchun qisqacha lug‘at” tuzib, nashr ettirdi. Tanqidiga kelsak, ilmga qadam qo‘yibdiki, jiddiy, asosli tanqidiy chiqishlari, murosasiz fikr-mulohazalari bilan matnshunoslik sohasida jonbozlik ko‘rsatib kelayotir.

Mumtoz adabiyot ilmida Avazning “Devon”ini, Mashrabning “Devon”ini, Alisher Navoiyning “Xamsa” va “Lison ut-tayr” asarlarini arab yozuvidan kirill va lotin alifbosiga ko‘chirib, nashrga tayyorlagan iqtidorli matshunos ellikka yaqin mumtoz adabiyot namunalari nashrini tahrir etgan mas’ul muharrir hamdir.

Alisher Navoiy asarlari nashrining qaysi bir namunasi bo‘lmasin: “Qaro ko‘zum”, “Topmadim” kabi yirik g‘azallar to‘plami yoki “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin” singari dostonlarimi, Vahob Rahmonov mas’ul muharrir sifatida ularni nashrga tayyorlovchilarga yordam bergan va har bir kitobdagi 500 dan 1500 tagacha jiddiy xatoni isloh qilgan. U “Lison ut-tayr” va “Xamsa” dostonlarining XX asrdagi nashrlaridan ko‘ngli to‘lmay, olti dostonni arab yozuvidan qaytadan nashrga tayyorladi. Shu o‘rinda olimning Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 525 yilligi munosabati bilan amalga oshirgan ishlarini tilga olganda, “Boburnoma”ni filologiya fanlari nomzodi Karomat Mullaxo‘jayeva bilan hamkorlikda hozirgi tilimizga o‘girganini, “G‘aribing andijoniydur” to‘plamini so‘zboshi va lug‘atlar bilan ta’minlaganini, professor Fathiddin Ishoqov tomonidan tuzilgan “Boburnoma”ga qisqacha izohli lug‘at”ga mas’ul muharrirlik qilganini ham esga olish joizdir.

Nozikta’b olim Bobur “Devon”ining nisbatan tugal 1994 yilgi nashrini ko‘zdan kechirganda:

Ne aning ishini qilmoqqa ilik,
Ne aning gunohini bilmakka bilik —

baytidan ko‘ngli to‘lmaganini aytadi. Asli “kunhi” so‘zini “gunohi” deb o‘qish mazmunning ham, vaznning ham buzilishiga olib kelgan, chunki bu so‘zning ma’nosi “mohiyat”ni anglatadi. Shunday ekan, misradan birovning gunohini emas, balki masalaning mohiyatini topish muhimroq edi, degan xulosaga keladi.

Darhaqiqat, Vahob Rahmonov mumtoz adabiyotimiz namunalarining bugungi kundagi nashrlarini kuzatganda ham kimningdir “gunohi”ni emas, balki masalaning mohiyatini qidiruvchi olim sifatida namoyon bo‘ladi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 23-sonidan olindi.