O‘tkir Hoshimov. Pardoz emas, husn kerak! (2007)

Atoqli adib Said Ahmadning ustoz Abdulla Qahhor haqidagi xotiralarida ibratli fikr bor. Ba’zi shogirdlar ustozi haqida xotira yozayotganda o‘zini o‘sha alloma bilan tengma-teng qo‘yishga urinadi. Go‘yo ulkan adib nuqul shu shogirdi bilan bamaslahat ish qilgandek. U yoki bu asarini aynan shu shogirdining tavsiyasi bilan yozgandek. Bu — yumshoq qilib aytganda, nokamtarlik.
Abdulla Qahhor nihoyatda ziyoli, nihoyatda madaniyatli, hech qachon ovozini ko‘tarib gapirmaydigan inson edi. Biroq 60-yillari adabiyot ostonasida dovdirab turgan biz kabi yoshlar u yoqda tursin, Qahhor domlaning tengqurlari ham u kishi bilan o‘ylashib gaplashar, bir qadar hayiqib turishardi. Sababi, Abdulla Qahhor har qanday vaziyatda ham avvalo adabiyot manfaatini himoya qiladigan, haq gapni aytishdan hayiqmaydigan vijdonli adib edi…
1963 yili “Sharq yulduzi” jurnalida “Cho‘l havosi” degan birinchi qissam e’lon qilindi. Toshkent davlat universiteti(hozirgi Milliy universitet)ning uchinchi kursida o‘qir edim. Bo‘kada paxta terib yurganimizda kursdoshimiz To‘lqin Alimov(hozir taniqli tarjimon) Toshkentga — uyiga borib keladigan bo‘ldi. (To‘lqin aka yangi uylangan, domlalar insof qilib, oyda bir-ikki marta uyiga yuborib turishardi.) Ertasiga qaytib borib, “Senga Abdulla Qahhordan xat kepti, fakultetga kelgan xatlar orasida yotgan ekan, uyimga tashlab keldim”, dedi. Bu — men uchun eng baxtli kun edi! O‘sha kezlari Qahhor domla “yilt” etgan iste’dod paydo bo‘lishi bilan asarini o‘qib, darhol yo‘qlar, yosh ijodkorlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga harakat qilardi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O‘lmas Umarbekov, Uchqun Nazarov kabi iste’dodli qalamkashlarning dastlabki asarlariga yuqori baho bergan, iliq fikrlar bildirgan edi. Men uchun domladan xat olishning o‘zi katta voqea edi. Demak, ustoz jurnalni o‘qigan. Mayli, qissa ma’qul kelmagan bo‘lsa, koyigan bo‘lsa ham xursandman. Domla o‘qiganining o‘zi katta gap.
Yana bir necha haftani “ichim qurib”, amallab o‘tkazdim. Nihoyat, “oq oltin” dalalarida tag‘in bir oycha “javlon urgach”, Toshkentga qaytdik. Birinchi qilgan ishimiz — qopimizni orqalab, To‘lqin akaning uyiga bordik. Qo‘limiz titrab, xatni o‘qidik. Ustoz yosh yozuvchining boshi osmonga yetadigan samimiy so‘zlar yozgan, birdan lov etib alanga bilan boshlangan ijodning kelajagi porloq bo‘lishini aytgan, ammo shu alangani hech qachon pasaytirmaslik, ijodni tugatmaslik zarurligini ham alohida ta’kidlagan edi…
Qahhor domladek qattiqqo‘l ustoz maqtovini eshitgan bizdek “azamat” oldida yangi muammo paydo bo‘ldi. Domlaga minnatdorlik bildirish kerak. Ammo qanday qilib? Xatga javob xati yozish — oliftagarchilik. Rahmat aytib, qo‘ng‘iroq qilish — nokamtarlik. Uyiga boray desam, nima bahona topishni bilmayman, odobsizlik bo‘ladi, deb o‘ylayman. Kunlardan birida oqsoqol adib Yo‘ldosh Shamsharov “Seni Qahhor domla so‘radi”, deb qoldi. Yo‘ldosh akaning daldasi bilan domlaning Yozuvchilar bog‘i yonboshidagi shiyponiga bordik. Abdulla Qahhorning sochlari oppoq, yuzidan nur yog‘ilib turar, past, osoyishta ovozda gapirar, osoyishta kular, kulganida chehrasi yanayam yorishib ketganga o‘xshar edi… Avvalo, esimda qolgani shuki, Kibriyo opa paramach olib keldi. Qahhor domla “Bu — Kibriyo opangizning “pajarniy ovqati”, masalliqni tayyorlab qo‘yadi-da, mehmon kelishi bilan dasturxonga tortadi”, dedi. Rostini aytsam, qisinib-qimtinib yeganim o‘sha paramach chindan ham g‘oyat mazali edi. So‘ng adabiyot, ijod, ijodkor haqida gap bo‘ldi. Men bir og‘iz ham gapirmadim. Qahhor domla ham so‘zlashdan ko‘ra ko‘proq tingladi. Yo‘ldosh aka o‘z mulohazalarini ancha erkin bayon qildi.
Qahhor domla aytgan va xayolimda muhrlanib qolgan birinchi fikr shu bo‘ldi. Oybek katta yozuvchi. “Navoiy” zo‘r roman. Faqat bir narsa yozuvchini xiyla qiynab qo‘ygan: romanda obraz ko‘p. Albatta, tarixiy roman uchun shu narsa kerakdir. Ammo asarda qatnashadigan odam qancha ko‘p bo‘lsa, ular obraz emas, shunchaki “personaj”ga aylanib qolishi, o‘quvchi ko‘z o‘ngida tirik odam sifatida jonlanmasligi mumkin…
Kitobdagi har bir ism ortida odam turadi. Ijodkorning eng qiyin vazifasi ham asardagi odamlarga jon ato etish. Domla obraz haqida tag‘in bir fikr bildirdi: “Asar qahramoni iloji boricha torroq teshikdan o‘tgani ma’qul”. Bu gap ma’nosini tushundim. Kitobdagi qahramon, ya’ni odam qancha ko‘p sinovlarni boshidan kechirsa, qancha murakkab vaziyatga tushsa, o‘quvchi xotirasida shuncha chuqurroq muhrlanib qoladi.
Ammo ustozning bir gapini tushunganim yo‘q: “Badiiy asarda detal pardoz emas, husn bo‘lishi kerak! Aks holda, tegirmonchining maxsisiga o‘xshab qoladi”. Ajab, tegirmonchi maxsisining detalga nima daxli bor? Oradan ma’lum fursat o‘tgach toqqa — So‘qoq qishlog‘iga bordik. So‘qoqlik shoir Orif Odilxonovdan qishloqdagi suv tegirmoniga olib borishni iltimos qildim. Kirdik. Tegirmonchining ishini kuzatdik. Tegirmonchilar ko‘pincha(hatto o‘sha zamonda ham) namozxon odamlar bo‘larkan. Bundan tashqari, un tortilayotganda albatta oyog‘iga maxsi kiyib yurar ekan. Sababi, don tegirmon do‘lida aylanganda un kukuni atrofga sochiladi. Tegirmonchi tashqariga chiqayotganda unni uvol qilmaslik uchun oyog‘ini qoqadi. Shunda oppoq un to‘kilib, burishgan maxsi ko‘rinib qoladi…
Domla, har qanday chiroyli detal ham, agar asar to‘qimasiga tabiiy ravishda singib ketmasa, asarning husnini ochish o‘rniga uni xunuk qilib qo‘yadi, demoqchi ekan.
Tabiiyki, Qahhor domlaning o‘zi har bir detalga ayricha ma’no yuklardi. Adibning 60 yoshli to‘yi munosabati bilan domlaning iste’dodli shogirdlaridan biri — taniqli yozuvchi va rejissyor Uchqun Nazarov ustoz haqida qisqa metrajli hujjatli filmni suratga oldi. Chamasi bugungi kungacha Qahhor domlaning jonli qiyofasi, so‘zlari, gap ohangi saqlanib qolgan film shu bo‘lsa kerak. Filmning bir lavhasi Yozuvchilar bog‘idagi qadimiy arg‘uvon ostida suratga olindi. O‘sha lavhada shunday holat bor. Ustoz ijod olami muqaddas narsa ekani haqida gapirib, “Adabiyotga mushukka o‘xshab eshik qolib, tuynukdan kiradiganlar ham bor”, deydi. Shu lavha suratga olingach, ustoz jinday qoniqmadi. “Bitta so‘zni aytmabman, — dedi. — Mushukka o‘xshab emas, “o‘g‘ri mushukka o‘xshab” deyishim kerak edi”. Bilmadim, u paytda kino lentalari tanqis bo‘lganmi, yo har bir lavhani qayta-qayta suratga olaverish bir qadar charchatganmi, yangidan tasvirga olishga rag‘bat sezilmadi. Shunda Ozod aka jo‘yali gap aytdi: “Endi, domla, eshik qolib tuynukdan tushganidan keyin o‘g‘ri mushuk bo‘lmay, to‘g‘ri mushuk bo‘larmidi, shu jumlaning o‘zi kifoya shekilli”, dedi. “Shunaqa-ku, — dedi domla kulimsirab, — adabiyotga eshik qolib tuynukdan kiradiganlarni shunchaki mushukka o‘xshatsak, mushukning haqi ketadi-da. Bunaqalar jo‘n mushukmas, o‘g‘ri mushuk!”
Filmda Qahhor domlaning tag‘in bir ibratli gapi bor. Ustoz “Adabiyot kasbmi, hunarmi?” deb savol beradi-da, unga o‘zi javob qilib adabiyot, ya’ni ijod shunchaki “sababi tirikchilik” hisoblanuvchi kasb emas, juda kamyob hunar, ya’ni san’at ekanini alohida ta’kidlaydi…
Abdulla Qahhor yozuvchilik avvalo fidoyi grajdanlikdir, degan aqidaga amal qilar, hayotdagi yuzakichiliklar, oldi-qochdilarga beparvo qaray olmas edi.
Sun’iy qahramon “yasashlar”, “qo‘shib yozishlar”, havoyi “ura-ura”lar haqida 60-yillarning boshidayoq tashvishlanib yozgan “Husnbuzar”, “Nurli cho‘qqilar” kabi maqola va hikoyalarida, poraxo‘rlikni fosh etuvchi “Tobutdan tovush” satirik komediyasi va boshqa asarlarida butun sho‘rolar mamlakatida odat tusiga kirayotgan bunday illatlar oxiri yaxshilikka olib bormasligi haqida ogohlantirmoqchi bo‘lgandek edi. Chindan ham o‘sha yillari “yo‘q joydan bor qilishlar”, “puflab shishirish”larni tez-tez uchratsa bo‘lardi…
O‘sha yillari keng tarqalgan bir latifa esimda qolgan. Bir kuni shaxsan Xrushchyov paxta teruvchining mahoratini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi bo‘pti. Paxtasi terilmagan dalaga borishibdi. “Po‘lat ot chavandozi” — qahramon mexanizatorni tayyorlab qo‘yishibdi. O‘sha mashinani yaratgan keksa olim ham yetib kelibdi. “Qani, ko‘rsat, hunaringni!”, — debdi Xrushchyov. Qahramon mexanizator sho‘rlik hayajonlanganidan shpindellarni sharaq-sharaq qilib pastga tushiribdi-da mashina tepkisini shunaqangi kuch bilan bosibdiki, mashina quturgan buqadek o‘kirib “javlon ura boshlabdi”. Bunkerga paxta, ko‘rak, g‘o‘zapoya aralash-quralash bo‘lib to‘kilib yotganmish. Bu ham yetmagandek, pushtalarning abjag‘i chiqib, chang-to‘zon ko‘tarilayotganmish. Keksa konstruktor sho‘rlik “endi tamom bo‘ldim”, deb qo‘li qaltirab hassasiga suyanib tursa, jinday “otib olgan” Xrushchyov xitob qilibdi: “Vot eto kombayn! Vot molodets! I xlopok sobirayet i stebelya ubirayet i zemlyu pashet!”…
O‘z zamonasining “hushyor tanqidchilari” ko‘zoynak u yoqda tursin, mikroskop bilan qaraganda ham illat topishi qiyin bo‘lgan “Sinchalak” qissasidan ham xato topishgan. Hamma gap markaziy gazetalardan birida “Sinchalak”dan kichik bir parcha bosilishidan boshlangan. Gazeta chiqqan zahoti hammayoq to‘s-to‘polon bo‘lib ketgan. Buni qarangki, A.Qahhor o‘z asarida “davlat siri”ni fosh qilib qo‘yibdi. O‘sha parchada yozilishicha, chet eldan kelayotgan mehmonlarni qayerga olib borish avvaldan kelishib olinadi. Bu — “davlat siri” ekan. Chet elliklarning qayerga borishi o‘zining ishi ekan… Gazetaning o‘sha soniga navbatchilik qilgan bo‘lim mudiriga hayfsan beriladi, boshqa choralar ko‘riladi. Bo‘lim mudiri alamiga chidolmay yozuvchining o‘ziga qo‘ng‘iroq qiladi. Shunda Abdulla Qahhor o‘sha gazeta rahbarlaridan birining xonasiga kirib boradi. Rahbar adibning salobatini ko‘rib o‘rnidan turib ketadi. Shunda Abdulla Qahhor bir og‘iz so‘z aytadi. “Burga yo‘talsa, tizzasi qaltiraydigan rahbar ekansiz! Qo‘rqmang, tagingizdagi kresloni hech kim tortib olmaydi. Bu asar allaqachon Moskvada chiqqan” — deydi-da, mashhur adib Konstantin Simonov tarjimasida “Sinchalak” bosilgan “Znamya” jurnalini uning stoliga tashlab chiqib ketadi.
Qahhor domla shogirdlariga qancha mehrli bo‘lsa, shuncha qattiqqo‘l ham edi. Yoshlarning har bir yutug‘idan quvonar, ammo ijodga nisbatan yengiltakroq munosabatda bo‘lsa ayab o‘tirmasdi. Buni o‘zimning achchiq tajribamda sinaganman. Birinchi asarim ancha “dovruq qozongach”, goh u, goh bu nashrlardan “buyurtma”lar tusha boshladi. Bir jurnalning iltimosi bilan hikoya yozib berdim. Insof bilan aytganda, hikoya judayam yomon emas edi. Ammo tahririyat o‘zi buyurgan mavzuga o‘zi xo‘jayin bo‘lgisi kelgan shekilli, “tahrir”ni shunaqangi boplabdiki, bo‘shgina, sovuqqina hikoya bosilib chiqdi. Kunlarning birida do‘stlarim domla meni yo‘qlayotganini, nimadandir xafaligini shama qilishdi. Yuragimni hovuchlab ustozning shahar hovlisiga bordim. Hozir “po‘stagim qoqilishi”ni bilib o‘tiribman. Kibriyo opa dasturxon yozdi. Choy keltirdi. Ustoz bir og‘iz ham koyimadi. Adabiy jarayon haqida fikrini aytdi. Jahon adabiyotidan kimlarni yaxshi ko‘rishim bilan qiziqdi. Faqat, chiqib ketayotib, ostonada botinkamning bog‘ichini terlab-pishib bog‘layotganimda bir og‘iz so‘z aytdi. “Haqiqiy yozuvchi qanday mashhur bo‘lib ketganini o‘zi bilmaydi. Uni xalq ko‘taradi. Men haliyam borman, deb eslatish uchun bo‘sh asarni e’lon qilish shart emas…”. Ana, men ham “nasibam”ni oldim! Bundan ortiq kaltak bo‘lmasa kerak! O‘shandan beri, hamisha, hozir ham biron narsa yoza boshlasam, domla yelkam osha qarab, “Xo‘sh, buyog‘i qandoq bo‘layapti?”, deb turganga o‘xshayveradi…
Ustozdan bir marta madad so‘rab borganim esimda. “Shamol esaveradi” degan qissam e’lon qilinganda uyushmadagi katta yig‘inda bir munaqqid ”Falonchi o‘z asarini “Tendryakovdan qo‘chirib olgan” deb da’vo qildi. Bu — yomon aybnoma edi. Aslida men Tendryakovning o‘sha asarini ko‘rgan ham emasdim. Faqat mavzu bir-biriga yaqin bo‘lib qolgan ekan. Har ikkala asarda ham xuddi o‘sha — 60-yillari boshlangan “keng ommani ergashtirish uchun sun’iy qahramon” yasashga urinish qoralangan.
Bir mamlakatda, bir xil muhitda yashaydigan ikki adib bir-biridan bexabar holda bir mavzuda asar yozishi tabiiy hol. Buni plagiatga yo‘yish og‘ir aybnoma. Ayniqsa, yosh qalamkash uchun… Dardimni kimga aytishni bilmay, Qahhor domlaning oldiga bordim. Hayajondan tutilib-tutilib bo‘lgan gapni aytdim. Ustoz negadir xotirjam jilmayib qo‘ydi. “Sizni ko‘chirmakashlikda ayblagan o‘sha mullaga aytib qo‘ying. Shu gap rost bo‘lsa, Tendryakov mendan ko‘chirgan bo‘lib chiqadi. “Qahramon” yasab, ko‘z-ko‘z qilish haqida men ham allaqachon yozganman. Bir mavzuda o‘nta yozuvchi o‘n xil asar yozishi mumkin. Hamma gap o‘sha mavzuni kim qanday uddalashida. Uyog‘ini so‘rasangiz, adabiyotda bir-biriga o‘xshash lavhalar ham yetarli. Aytaylik, “Boy ila xizmatchi”da ham, “O‘tgan kunlar”da ham, “Qutlug‘ qon”da ham asar qahramonlari zahar ichib o‘ladi. Nima, shu bilan yozuvchilar bir-biridan ko‘chirgan bo‘lib qoladimi? Bu asarlarning birini olib qolib, boshqasini tashlab yuborish kerakmi, endi?”
Ustoz huzuridan yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek yengil tortib chiqdim…
Abdulla Qahhor haqida gap ketganda, Kibriyo opani eslamaslik adolatdan bo‘lmaydi. Ustoz nimaiki yozgan bo‘lsa, hammasida umr yo‘ldoshining xizmati bor. Opa umr bo‘yi adibning ijod qilishi uchun imkon qadar qulay sharoit yaratib berishga uringan. Qolaversa, o‘zi ham ijodkor sifatida domlaga jo‘yali maslahatlar bergan. Domla vafot etganidan keyin ham Kibriyo opa o‘z umrining oxirigacha har yili sentyabr oyida adib tug‘ilgan kunni xotirlab, ustozning do‘st-birodarlari, sodiq shogirdlarini bir davraga to‘plashdan charchamadi. Opa vafotidan so‘ng bu an’anani Kibriyo opaning ukalari, jiyanlari davom ettirdilar. Qahhor ruhini hamisha e’zozlab keldilar.
Abdulla Qahhor bir umr Vatan ozodligi, yurt istiqlolini orzu qilib yashadi. Mamlakatimiz Prezidenti qarori bilan Abdulla Qahhor tavalludining yuz yilligini nishonlashga kirishilgani ustoz umr bo‘yi orzu qilgan adolat tantanasidir, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 18-sonidan olindi.