Pavlo Movchan (1939)

Pavlo Mixaylovich Movchan (15 iyul 1939, Bolshaya Olshanka) — ukrain jamoat arbobi, jurnalist va siyosatchi; shoir, tarjimon, stsenarist. Ukrainada xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1993). Ukraina Yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1972 yildan). Taras Shevchenko nomidagi Ukraina Davlat mukofoti laureati (1992).

* * *

Lahzalarda maydek toshar
telbalanib qon,
lahzalarda dalilligu
uchish va zavol
tayyor turar,
muhabbatdan o‘layotgan on,
yarador qalb bag‘ridagi
hayqiriq misol.
Toshga tekkan
shisha yanglig‘ chil-childir havo —
umid qurar havo qasrin,
havo minorin,
unda ikkov yashash uchun
Sharqu G‘arb aro,
Saharu shom aro,
qilmay ro‘zg‘orning zorin.
Yangrar edi
niliy gumbaz tagida so‘zlar;
yaratganni olqishlardi: berding deb, chidam…
Ammo birdan
chopdi to‘lqin diydorni ko‘zlab,
barin yuvdi:
toshu tomni, bo‘yoqlarni ham.
Siniqlarni artib,
ko‘rdim: yorug‘ga solib —
toshda turib
uchgansan, sen, yulduzlar tomon…
Men qichqirdim,
kimdir yitdi ovozim olib,
go‘yo titrab chinqiriqqa
sanchilgan paykon.
Toshni olib,
otdim sening izingdan, yohu,
ruhim tushib,
taqdirimdan qahrga to‘lib:
so‘qir havo yo‘li bo‘ylab
uchib borar u,
ortda izi cho‘ziladi
qizil ip bo‘lib.

Ruschadan Ergash Muhammad tarjimasi.