Ahmad Muhib Diranas (1909-1980)

Ahmad Muhib Diranas (Ahmet Muhip Dıranas) – turk shoiri va yozuvchisi.
1909 yili Sinopda tug‘ilgan. Anqara erkaklar litseyida Ahmad Hamdi Tanpinardan ta’lim olgan.
“Asarlar” (1994), “Soyalar” (1995), “She’rlar” (2006) kitoblari yaop etilgan.

SERENADA

Yashil derazadan bir gul ot menga,
Nur-ziyoga to‘lsin qalbimning ichi.
Keldim fasl kabi eshigingga,
Ko‘zlarimda bulut, sochimda qor ko‘chki.

Ochilgan bir gulsan sen – yaproq, yaproq…
Men ashkimda bahor keltirdim senga;
To‘zonli yo‘lingdan o‘tgandim uzoq,
O‘lkamdan sharqilar keltirdim senga.

Shaffof tomchilar bilan titragan, og‘ir
G‘unchaning ostida bukilgan har shox.
Sen uchun gullardan taralgan atir,
Jisming nilufar, chinnigul – munchoq…

Bir qush sasi kelar dudoqlaringdan;
Ko‘zlaring – ko‘nglimda ochilgan nargislar…
To‘kilgan bo‘salar dudoqlaringdan –
Oq akaslarda titragan sahar.

Derazangdan bir gul otganing zamon
Shu’laga to‘lgaydir qalbimning qa’ri.
O‘tmoqdaman fasl kabi darvozangdan,
Ko‘zlarimda bulut, sochimda qori.

Turk tilidan Yo‘ldosh Eshbek tarjimasi