Shayxzoda Babich (1895-1919)

Shayxzoda Babich (Shәexzadә Mөxәmmәtzәkir ulы Babich) Ufa viloyatidagi Bo‘ri tumanida mulla oilasida tug‘ilgan. O‘n besh yoshigacha otasining madrasasida, so‘ng Ufadagi Oliya mad­rasasida tahsil oladi. She’rlar yozadi, folklor asarlarini to‘playdi. 1917 yilda Orenburgdagi “Qarmoq” gazetasida ish boshlaydi. So‘ngra milliy ozodlik harakatiga qo‘shiladi. Garchi 1919 yili sho‘rolar tarafiga o‘tib, mas’ul vazifalarda ishlasa-da, ko‘p o‘tmay qizillar tomonidan o‘ldiriladi.

XALQIM UChUN

Oppoq oltin qo‘shig‘imni kuylamasdan turay nechun?
Kuylay oltin elim uchun, kuylay ona xalqim uchun!

Sof, kumushday qo‘shig‘imni aytmayman men oltin uchun,
Aytay uni sof, kumushday, shu sofyurak xalqim uchun!

Gul-chechakday qo‘shig‘imni aytmasman bo‘sh talqin uchun,
Aytay uni gul-chechakday qizlarga boy xalqim uchun!
Qo‘shig‘imda dard to‘lqini, aytay qirg‘oq, to‘lqin uchun,
Uni kuylay dard-quvonch-la to‘lqin urgan xalqim uchun!

Yig‘lamasman, gar kunlarim bo‘lsa sovuq, salqin uchun,
Yig‘larman men, gar bo‘lsa xor, miskin, faqir xalqim uchun!

Yoshlik chog‘im, oltin chog‘im, yolqin chog‘im bo‘lsin fido
Xalqim huzurinda turib, bergan so‘zim, ontim uchun!

BOY VA FAQIR

Sen sabr etsang, sabr et, boshqasi sabr etmasin,
Yo‘q, tuzalmasman sabr-la! Aqchasi jabr etmasin!

Ich yonar turmushda tengsiz ommani o‘ylab yana,
Mungli, miskin bandalarning mungini so‘ylab yana.

Men chiqib boqdim ko‘chamga, kim so‘rar o‘z xalqini,
Ko‘zga chiqdi yosh bo‘lib ko‘ksimdagi dard yolqini.

Ko‘zlarim o‘nginda yig‘lab xoru yo‘qsillar o‘tar,
Kambag‘al, miskin faqirlar yosh ko‘ngilni ranjitib…

MANDOLINA

Yangra, munglig‘ mandolina, men-da tinglab, munglanay!
Munglanib, qayg‘ularimdan sal uzoqlab, o‘nglanay!
Sen mening jon sirdoshimsan, mungdoshimsan, yangragin!
Sirga botgan, mungga botgan haybating-la cho‘nglanay!

Shu sening tovshinggina har dardima darmon berar,
Shu berar har narsani, shu jon berar, farmon berar,
Shu menga o‘y, shu menga his, shu menga oq ong berar,
Shu menga sir chashmasindan la’liyu marjon berar!

Ey, mening ko‘nglimni soflovchi muqaddas mandolin!
Tinglagach, ko‘z yoshlanar – jismim dali, shu jon dali!
Tinglar erkan, har gidirdan, har ne kirdan poklanib,
Kuchlanib borgay bu jonim “Olloh! Olloh! Tavba!..” deb.

Ey, sehrli, sirli cholg‘u! Kel, seni men bir chalay,
Yangra cholg‘u, soflanay, sal jonlanay, iymonlanay!..

Tatar tilidan Tohir Qahhor tarjimaci