Velimir Xlebnikov (1885-1922)

Shoir Velimir Xlebnikovning hayoti va ijodiy faoliyati kishini hayratga soladi, ajablantiradi. Nega deganda, u qisqa hayot yo‘lida ulkan hamda betakror adabiy merosni kelajak avlodga qoldirib ketadi. U 1885 yilning 9 noyabrida Astraxan guberniyasining Malo Derbet qishlog‘ida biolog olim oilasida dunyoga keladi. 1903 yili Qozondagi gimnaziyani tugatib, Qozon universitetining fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kiradi. Talabalar qo‘zg‘olonlarida ishtirok etgani uchun bir qancha vaqtga qamoqqa olinib, o‘qishdan haydaladi. Faqatgina 1911 yili Peterburguniversitetida o‘qishni bitiradi.
Xlebnikovning birinchi ijod namunalari 1905 yilgi parrandashunoslik bo‘yicha yozilgan maqolalardan iborat bo‘ladi. Uning adabiy asarlari esa 1908 yili dunyo yuzini ko‘radi. Ko‘p o‘tmay, ya’ni 1910 yili Budetlyanin taxallusida ijod qilayotgan (aynan shu taxallusda “Kulgi jodusi”, “Hayvonotxona”va boshqa bir qator she’rlar bitadi) Xlebnikov ijodi haqida so‘zlay boshlashadi. Shoir “Gileya” nomli avangard uyushmaga qo‘shilib, poetik tilning islohoti bilan yaqindan qiziqadi. 1916-1917 yillarda Xlebnikov zaxira polk tarkibining oddiy askari bo‘lib xizmat qiladi, aynan shu davrda uning urushga qarshi she’rlaridan tarkib topgan va butunjahon do‘stlik orzusi bilan sug‘orilgan “Qopqondagi urush” (1919 y.) dostoni yaratiladi. Shoir 1917 yili inqilobiy voqealarni olqishlaydi, biroq “qizil terror”ni keskin tanqid ostiga oladi.
Xlebnikov 1920 yili “Okopdagi tun”, “Ladomir”, “Osmondagi chaqalar” dostonlarini, 1921 yili esa “Tungi tintuv”, “Cheka rahbari”, “Sovetlar qarshisidagi tun” she’riy asarlarini yaratadi. Xlebnikov 1921 yili “Qizil Eron” gazetasining muxbiri sifatida Qizil armiya qo‘shini bilan birga Forsga tashrif buyuradi. Bu esa uning she’riyatida o‘ziga xos o‘rin qoldiradi.
Umrining so‘nggi yillarida shoir Moskvaga ko‘chib o‘tadi va ko‘p o‘tmay bezgak kasalligiga chalinadi. Velimir Xlebnikov 1922 yilning 28 iyunida Santalovo qishlog‘ida vafot etadi.

IRODA

U tomonga – ozodlik uchun
Tug‘ ko‘tarib o‘tar odamlar.
Oqqushlarning qanotida jim,
To‘kiladi hayot kuyi – zar.

Erkinlikning g‘amli ko‘zlari,
Olovlanar g‘imirlab – sovuq.
Ha, yerdagi qiyofasin u,
O‘ziga-da ko‘radi yovuq.

Intilamiz otash qo‘shiq-la,
Olg‘a deya ozodlik sari.
Tirilgaymiz halok bo‘lsak-da,
Tanamizga jon ham kiradi.

QAChONKI O‘LAYoTGANDA…

Otlar o‘lar chog‘i jim nafas olar,
O‘t-o‘lanlar so‘lsa, quriydi bedog‘.
Quyosh jon berar payt so‘naru tinar,
Odamlar-chi qo‘shiq kuylar o‘lar chog‘.

BUGUN YaNA BORAMAN…

Men boraman bugun ham yana,
Bozorga, ha, qaynoq hayotga.
Kurashmoqlik ko‘hna an’ana,
Jo‘r bo‘lgancha otash bayotga!

YuLDUZLARGA TO‘LA TUN

Yulduzlarga to‘lganida tun,
Taqdirlardan fol ochar beun.
Kitobmisan? Tarayapsan nur,
Istibdodu erkmisan, yohu?
Qismatimdan o‘qding ne ma’no,
Yarim tunda hadsiz osmonda?

AFSONAVIY MAXLUQ

Afsonaviy maxluq cho‘qqida
Yashar, boqsang cho‘lg‘aydi qo‘rqinch.
U ko‘zani olib qo‘liga
Nigohi-la axtarar ilinj.

Tebranadi mevadek behush,
Baroq qo‘llar shoxida betin.
Afsonaviy maxluq – badburush,
O‘z bo‘sh vaqtin ovutar beun.

YaNA BIR BOR…

Yana bir bor, ha, yana bir bor,
Men siz uchun yorug‘ yulduzman.
Dengizchining holiga voy – xor,
Mahbubasin topolmay jisman.

Yulduzlar-chi
kuylaydi g‘amgin,
Parchalangan toshlaru tag‘in
Suvostining bo‘rlari haqda…
Bu qandaydir mavhum aqida.

Parchalangan qalbim ustidan
Toshlar mazax qilib kuladi.
Qanday mazax qilib ustimdan,
Kulganingiz kabi.

YILLAR, ODAMLAR…

Tez oqar suv yanglig‘ jo‘shqinlik aro,
Mangu yugurishar odamlar, yillar,
Tabiatning rangin ko‘zgusida, o,
Izidan ergashar so‘qmog‘u yo‘llar.
Yulduzlar – yoyma to‘r, biz baliqmiz bir,
Xudolar zulmatning sharpalaridir.

OQShOM, SOYaLAR…

Oqshom. Soyalar.
Behol lopillaydi go‘ng ko‘lankalar.
Oqshomni ichgancha o‘ltirardik biz,
Har ko‘zda bug‘uning yugurishi,

Nayzalar uchishi har bir nigohda
Aks etar.
Shafaqda jahonning g‘azabi qaynab,
Havolangan chog‘i do‘kondan uchib
Chiqib-da bolakay qichqirdi:
“Issiq!”
O‘ngga qaraganda chaproq, men esa
Chapga qaraganda ko‘proq so‘z edim.

* * *

Cho‘ldirabu ham sayrab,
Qushlar uchishdan tindi.
Titroq barglar-la yayrab,
Uchishmadi, jim ko‘ndi.

Patlarin to‘zg‘itib so‘ng,
Uchdi bulut-la birga.
Sakradim bulutga men,
Tushunmadim bu sirga.

ODAMLAR, QAChONKI ULARNI SEVIShGANDA

Odamlar, qachonki ularni sevishganida,
Bir-biriga uzoq solishardi nazar.
Uzoq nafas olib chiqarishardi…
Yovvoyi otlarni qachonki sevishganida,
Ko‘zlariga g‘ashlik qo‘yilib,.
Suvlig‘idan ko‘pik ko‘pirardi.
Quyoshni qachonki sevishganida,
Zamindan tunni mato bilan yopardi.
Xudolar qachonki ularni sevishganida,
Koinotning me’yorida titrashini o‘rab olardi,
Xuddi Pushkin singari –
Volkanskiy oqsochining qaynoq sevgisi.

Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi

OChLIK

Bulanlar va Quyonlar o‘rmon bo‘ylab yurishar sakrab,
Olis-olislarga, chekka-chekkalarga panalab, nechuk?
Odamlar yeb qo‘yishdi Osina po‘stlog‘in, poyasin,
Qarag‘aylarning yashil novdalarin ham.
Xotinlar va bolalar o‘rmon aro izg‘ishar,
Qarag‘ayning tepa barglarin terishar
Karam sho‘rva uchun,
Ayron uchun,
Sut oshi uchun.
Qarag‘aylar uchi,
Kumushrang moxlar, po‘panaklar go‘yo,
O‘rmon yemishi.
Bolalar,
O‘rmon josuslari
Qoyalardagi daraxtzorlar bo‘ylab daydishar.
Oq chuvalchanglarni qovurishar gulxanda.
Quyon karami, xo‘ppa semiz qurtlarni
Yoxud o‘rmon o‘rgimchaklari –
Yong‘oqdan totliroq ekan.
Ovlashar ko‘rsichqonlarni, kulrang kaltakesaklarni,
Vishillagan ilonlarni kamonda otishar.
Sho‘radan shirin kulcha yopishar.
Ochlikdan yugurishar parvonalar izidan.
Bir qopini yig‘dilar –
Bugun kapalak sho‘rva bo‘ladi,
Onalari tushiradi paqqos.
O‘rmon bo‘ylab jozib sakrashlar ila
Dikong-dikong yugurayotgan Quyonga
Go‘yo tushdagidek,
Yorug‘ olam ko‘rinishi, tushlaridagi afsunlardek
Katta-katta ochiq ko‘zlar ila
Qarashar hayrat-la,
Ochlikdan ilohiy avliyolarday
Ishonmaslar Haqiqatga hech.
Biroq u sho‘x sharpadek qoladi qochib,
Quloq uchi qorayib.
Ortidan uchadi kamon o‘qlari.
Ammo kech,
To‘yimli tushlik qochib ketdi-ya!
Bolalar sehr-la so‘rrayib turishar:
“Qara-chi, kapalak, anetdan o‘tdi uchib!
Yugur, tutaqol! Huv, anuv yerda ko‘m-ko‘k!”
O‘rmonda zimiston,
Olislardan yugurib keldi Bo‘ri.
O‘tgan yili qo‘zichoqni yamlagan joyda
Izg‘ib yurdi uzoq.
Chor atrofni hidlab, iskab bo‘y oldi,
Biroq hech vaqo qolmagan
Chumolilar dastidan
Qurigan tuyoqdan o‘zgasi.
Xafa bo‘ldi Bo‘ri.
Qapishgan qovurg‘alarini qisgancha
Ketdi o‘rmon ortiga u.
Qizil qoshli Qurlar,
Oq sochli Qurqurlar
Qor tagida uxlab yotguvchi
Og‘ir panjalaring ila bossang gar,
Qor zarralari ila ko‘milsang…
Tulkivoy, momiq, olovrang,
Yotib oldi to‘nka tepasida.
Bir burda bo‘lib oldi go‘yo
Halqoblar uzra.
Kelajak haqida u surdi xayol.
Balki it bo‘volib,
Odamlarga xizmat qilsammikin!
To‘r tashlab qo‘yilgan ancha —
Istaganingcha yetib ol!
Yo‘q, xatarli yumush!
Eh, Malla tulkini
Itlarni yutgandek yeb tashlaydilar!
Hurmay qo‘ydi qishloqda itlar…
Tulki yelkandek baland ko‘tarib quyrug‘in
Yumshoq panjalari ila cho‘mila boshladi,
Vaysagancha Olmaxon dedi:
“Qani, qayda qoldi, yong‘oqlarim?
Cho‘chqa, yong‘oqlarim qani?
Yamlab yutdi odamlar”.
Sokin, tiniq qo‘nmoqda oqshom,
Qayin bilan Jo‘ka shivirlab sekin
Muchchilashdi, bir-birini achomlab.
Balki nonushtaga kallaklashar ularni ertaga!

* * *

Sovuq muzli irmoqlardan
Hatlab yurar edim darg‘azab mulla singari,
Qay joy yaxshi bo‘lsa.
Qirq chaqirim nariga “Cheka” meni chaqirdi so‘roqqa.
Uchradi yo‘limda eshaklar.
Otliq meni chorladi o‘ziga.
Besh chaqirim yo‘l yurdik.
“E!” – otliq ushatar oltin misoli non.
Ho‘l pishlog‘u moviy rang sharob mo‘yqalamin uzatdi:
Ko‘k ilonlar tuxumlarin oldim inidan,
Faqat onam emas yonimda.
Eldirdik otlarni, yo‘l-yo‘lakay
Osmon in’omlarin qilgancha tanovul.
Otlar biqini turtinar egar ayllari ila.
Tabassum jilvasi o‘rtog‘im lablarida yana:
“Esang-chi, og‘ayni!” – yo‘l-yo‘lakay
Cho‘zilar mo‘yqalam tutgan qo‘lga dengiz ko‘zlari.
Ikkimiz ot yeldirib borardik
Tog‘lar poyidagi tergovga.
Meshlardagi toza sharob, oltinrang un ham mo‘l,
Naq yonimda qalin o‘rmon,
Qadimiy Daraxtlar boshdan oyoq itoatsiz
po‘panakka o‘ralgan.
To‘ng‘iz o‘qday otilib o‘rmonni teshib o‘tsin, e!
Gulxanlardan qolgan qora dog‘lar,
Oqarib ko‘rinar kul, suyaklar uyumi.
Ming qo‘yli suruv yopirilib kelar misli To‘fon.
Cho‘pon boshchiligida qarshimizdan chiqib kelmoqda
Barhayot dengiz qora dolg‘alari misoli.
Kora kamar darada birdan zimiston boshlanar,
Qorayib ko‘rinar daryo ham yonboshda.
Ming-minglab toshlar uzra sirpanar yashil kashta ham.
Shom tushdi birdan, kamdan-kam tomchilar to‘ri
Chirmab oldi darhol bizlarni.
O‘sha o‘r, badqovoq dara,
O‘zga bir Kitobxon tosh kitobiga evrildi tuyqus.
O‘zga olamlarning ko‘zlari hijjalagulik.
Ovulda sochilib yotgan kulbalar
Tushunarsiz alifboning harflari go‘yo.
Osmonga Qizil tosh o‘rlab boradir
Yarim chaqirim qad rostlagan
Kimdir o‘qiyotgan kitob misoli.
Qaydadir, shundoq yonimda sharpadek kezsa ham,
Kitobxonning o‘zini Osmonda ko‘rmadim lekin.
Balki Qabila sardori sallasidir boshida.
Xizmat burchin ado etgancha Daryo shovullar pastda.
Ko‘kka bo‘y cho‘zishar daraxtlar yakka
Tosh qotgan yangiliklar o‘qday satrlar bo‘lib
Osilib qolgandek sekin.
Bir kundan keyin “Cheka” chaqirdi keraksiz tergovga.
Bokuga poyezdda jo‘nab ketdim men.
Tirmashib men chiqqan qoyalar,
Ovloqlarda hayqirar daryo.
Tasodifiy bo‘shliq qanorlarida,
Olaqorong‘i osmonga xizmat joylarda
Ibodatxonalar giyohlari,
Amallar va izdihomni tanib qolardim.
Yovvoyi uzum butog‘in uzgandim shunda.
Qo‘llarim butunlay tilindi, tirnaldi, qonadi.
Kimning qichqirig‘i?
Nozik va sirli muhabbat tavsifimikan yo?
Tosh gazetalar uzra qo‘llarning barmoqlariday
Oqarib ko‘rinar bulutlar,
Nechanchidir yuz yilliklar sari suzganda.
Men ham jo‘nab ketdim.
O‘rlaganim ovloq jarliklarda
Qup-quruq o‘zanning qanorlarida
Giyohlar ibodatxonasi berkinib olgan.
Bog‘dagi qari nok novdalarida Malaklar chechagi,
Yam-yashil Omela o‘z shahrini bunyod aylamish.
Ulkan daraxt boshqa daraxtlar qadimiy qonin azoblar.
Gullar qirmizi.
Alvido, barcha-barchangizga!
Alvido, kecha oqshom, Tun malaklari, Oqbosh cho‘ponlar,
Qishloqqa haydab kelishardi Oltin mo‘yna suruvlarini.
Sigirlar bo‘kirib chopar, sut isi yuksalar daraxtdek ko‘kka,
Bulutlarga yetib borgudek.
Alvido, qora kipriklar panjarasiga
Yashirinib olgan Buqalarning qora-moviy ko‘zlari!
Onalik yog‘dulari odamlar va buzoqlarga sharros yog‘ilar.
Alvido, tun zulmati,
Poda va sigirlar
Bitta qora bulut bo‘lib ko‘ringan damlar.
Har oqshom qo‘llarim bilan
O‘tkir shoxlariga nuqirdim nuqul,
Boshlarida ko‘za,
G‘amgin ko‘zli ayollar, xonimlar
Qadami ohista, vazmin, ohista!

OSIYo

Mudom cho‘ri qiz,
Shohlar vatanidan ko‘ksi balandroq.
Qiymoch ko‘zlarida mangu bir og‘riq,
Quloqlar o‘rnida davlat muhri go‘yoki sirg‘a.
Ba’zan sen homila ko‘rmagan Qiz,
Qo‘lida qilich.
Ba’zida enaga,
Goh doya Kampir – isyonkor
O‘sha kitobning betlarin varaqlaysan sen.
“Imzo” – dengizlar qo‘lining zalvorli bosimi izi.
Tunlari odamlar siyoh bilan qiladi jilva.
E’tirozning g‘azabkor belgisi
Shohlarning tun bo‘yi otilishi edi.
“Vergul” bo‘lib xizmat qildi jangchilar g‘alabasi,
Dala bo‘lib quturishdek qo‘rqinch bilmas “Ko‘p nuqtalar”.
Xalq g‘azabkor ko‘rinur,
Yuz yillar chatnashi “Qavs” kabi mo‘tabar.

ERKINLIK

Ozodlik ortidan barcha – bir yoqqa!
Eh, odamlar oqqush qanoti-la,
Mehnat bayrog‘ini olib o‘tarlar,
Ozodlik nigohi otashi kuydirar,
Alanga, taqqoslaganda – izg‘irin,
Mayli, Zaminda izlangan timsol!
Yangilarini yozgay bir kuni Ochlik,
O‘tli qo‘shiqlarga boramiz birga,
Qani erk, ozodlik sari olg‘a!
Gar o‘lsak, tirilgaymiz tag‘in, albat!
Barcha so‘ngra jonlanar,
Ajib bir yo‘l tomon xushhol
Odim otamiz dadil.
Gar ilohlar bo‘lsa zanjirband,
Erk beramiz ularga ham shan: Ozodsan, iloh!

* * *

Maynavozning xira kuz tunukasin
Teraklar shoxlari savalagan joyda,
Osmonning zalvori yitib bir zumga,
Sizni tabassum qilishga undagan joyda,
G‘alla yanchilayotgan xirmon ostida
Tekis yer guvillagan joyda,
Kirimni hisoblash uchun Mordvinov
Ishonchli hisobdonlar va’zini tinglab,
Afsus, sevgidan baxtsiz raqibni,
Omadsiz mehmon tovonlari bilan tepkilagan joyda,
Ularni ham, bularni ham
Oltingugurt yorug‘ligi bekinmachog‘i,
Qutqazgan joyda,
Hayot ibtidosi Yanus ma’budi himoyasi ostida,
Kurkalar, tovuqlar, g‘ozlar yashayotgan joyda,
Siz tabiat – xolangiz g‘amxo‘rligi ostida
Shu yerda, sokin nigoh-la, gullamoqdasiz!

* * *

Oqshom.
Rutubat ko‘lankazori.
Pichan g‘arami.
Erinchoqlik. Rohat.
O‘ltirardik oqshomni simirib.
Har bir ko‘zda Bug‘u yugurigi,
Har nigohda Nayza uchishi, nihoyat.
Ufqda kun botar mahal,
Kahkashon g‘azabi qiynaganda,
Do‘kondan otilib chiqdi bir o‘g‘lon.
“Jazirama” hayqirig‘i bo‘lganda yo‘ldosh,
Men uning So‘zidan ham ancha so‘lroqda edim,
O‘ngiga sal yaqinroq, turgandim qo‘ldosh.

* * *

Zamon girdobida qamishlar
Ko‘lning sohilida shovullar!
Vaqt esa tosh qotgandek
Ular tosh bo‘lib lovullar!

Ko‘l qirg‘oqlari so‘lim-so‘limdir,
Vaqtinchalik hatto qamishzor.
Ko‘l bo‘yida kayhoniy ohang,
Ilohiy shovqinzor, ilohiy bozor!.

YILLAR, ODAMLAR VA ELLAR

Yillar, odamlar va ellar
O‘tib ketar bir yo‘la
Suv oqimi kabi.

Moslashuvchan tabiat ko‘zgusida
Yulduzlar osma to‘r, biz esa baliqlar,
Iloh – qorong‘ilik, ilohiy sharpalar!

ALFYoROVA

Yo‘q emasdi dovruqli qo‘mondonlar ham,
O‘layotib ular “baxtiyorman” degan.
Ko‘hna novgorodlik avlodi hardam,
Mag‘rur zotlar ichra yonib kul bo‘lgan.

Oppoq, yoldor paxmoq tulpor ustida,
U Polshada qirolni yengdi, eh, bular!
G‘alabalar-chi, makkora, ayyor,
Eski seviklilar ustidan kular!

O‘tirardi qari jo‘ka tagida u,
G‘alaba qozongan Izmail qal’asida, g‘olib.
Qog‘ozlar uyumi buyruqlari uzra engashgan
O‘layotib shivirlar: “Biz yengdik! O‘zgalar qolib!”

Tog‘am ot choptirgan jar tepasida,
O, Gunibni ruslar olishganida, ha.
Avarlar qilichi yaraladi, qon silqidi
Daryo, halok bo‘ldi dangal o‘shanda.

Ba’zida devonalar, ba’zida tim qora
Taqalarning gulduros jarangi ostida
Olib ketardilar chavandozlarni
Dunay qirg‘oqlari bo‘ylab ohista.

Otxonalar tuyoqlarning odimlariga
To‘ladir bobolar yurti, rus saltanati.
Ekilgandi zafar yurishlariga
Yoru do‘stlari ila sharaf ham oti.

U Sharqda xizmat qilgandi shaxdam,
Egilmay dog‘uli o‘qlarga, mag‘rur.
O‘z yuragiga qo‘lin qo‘ygandi
O‘layotib dushmanga ham dedi: “Tashakkur”.

Endi bo‘lsa-chi, uning mulklari,
Saroylari va xutorlari yonmoqda,
Qo‘rg‘on imoratlari, o, bari-bari,
Tun bo‘yi yondilar, yondi sabohda.

Biroq otalar-chi, odatiga sodiq,
Bobolarning o‘gitlariga soqchiday,
Yotoqlar bo‘ylab yurar bezovta
Shopdek mo‘ylablarin uchin g‘ijimlay.

Bobolar burjiga kirar uning o‘zi ham!
Poytaxtning talangan oliy zotlari,
Qosh, qovoqlarin uyib chekib g‘am,
Boqar ko‘hna rasmlardan. Kimdir otlari?

Rus tilidan Tursun Ali tarjimasi