Ivan Bunin (1870-1953)

Bunin Ivan Alekseevich [1870.10 (22) 10, Voronej 1953.8.11, Parij] — rus shoiri. Peterburg Fanlar akademiyasi faxriy akademigi. (1909). 1920 yildan emigratsiyada. Poeziyada rus mumtoz she’riyati an’analarining davomchisi («Xazonrezgi», to‘plam, 1901). Hikoya va povestlarida (ko‘pincha o‘tmishni qo‘msash kayfiyatiga berilgan holda) dvoryanlar xonadonining qashshoqlashuvi («Antonov olmalari», 1900), qishloqning og‘ir qismati («Qishloq», 1910; «Qaqragan vodiy», 1911), turmush ma’naviy asoslarini unutishga mahkumlik fojiasi («Sanfrantsiskolik janob», 1915) yaqqol tasvirlangan. Kundalik tarzidagi «Badbaxt kunlar» (1918 yil, 1925 yilda nashr etilgan)da Oktyabr to‘ntarishi keskin rad etilgan; Rossiyaning o‘tmishini tiklash, adibning o‘z bolalik va yoshligiga qaytish kayfiyatlari aks etgan. Sevgi haqidagi hikoyalarida («Mityaning sevgisi», 1925); «Qorong‘i xiyobonlar» (1943) kitobida insoniyat taqdirining fojiaviyligi qalamga olingan. G. Longfelloning «Gayavata haqida qo‘shiq» (1896) asarini tarjima qilgan. Nobel mukofoti laureati (1933).

* * *

Keng ochil quchog‘im, qabul etmakka
Mehmonlar — bahoriy his-tuyg‘ularni!
Tabiat, quchog‘ing ocha qol menga
Qo‘shilay husningga men uyg‘unlanib!

Sen, yuksak va olis bepoyon osmon,
Moviylikda tengi topilmas osmon!
Keng, yashil dalalar, sizlarga har on
Jonim-la, tanim-la talpindim chunon!

HOVUZ BO‘YIDA

Jimjit hovuz uzra tongdanoq,
Qaldirg‘ochlar o‘ynab uchadi.
Goho pastlab — suv uzra shundoq
Qanotlarin urib qochadi.

Uchayotib sayrashar yangroq,
Atroflarda yotar o‘tloqlar.
Ko‘zgu misol hovuz yarqiroq,
Aks etadi unda qirg‘oqlar.

Ko‘zguda aks aylagansimon
Ko‘rinadi teskari o‘rmon.
Ko‘rinadi tubi yo‘q osmon,
Ko‘rinadi bulut har zamon.

Bulutlarki, mayin va oppoq,
Osmon tubsiz hamda yorqindir.
Dalalardan keladi yangroq
Bir ohangki, dilga yaqindir.

DALA YO‘LIDA

Cho‘l salqinin ufurar shamol…
Dalalarda hokim sokinlik.
Bug‘doy o‘sgan dalalar tomon
Pechak o‘tlar o‘sgan yugurik.

Maysalarda ko‘miladi iz
Undan nari ikki tomonda
Javdarzorda gullar bo‘tako‘z.
Zig‘irpoya ko‘rinar yonda.

Kumush rangdir arpa boshog‘i,
Sulilarning ko‘kligin ko‘ring.
Xushbo‘y yelning yo‘qdir adog‘i,
Yoqib yurar injuday shudring.

Va ko‘ngilga bag‘ishlar sevinch,
Vahimalar bir zum quvilar.
Dala yo‘li quvonchli va tinch,
Cho‘l yo‘llari sozdir naqadar.

BULOQ

Yashil o‘rmon quchog‘i aro
Mangu salqin namlikda toshib,
Tik darada oshiqib-shoshib,
Buloq qaynar muzdek, dilrabo.

Qaynar, o‘ynar shoshqin va shoshqin,
Billurdayin tip-tiniq bo‘lib.
Shoxlab o‘sgan emanlar kulib,
O‘z aksini ko‘radi yorqin.

Osmonlaru tog‘ uzra o‘rmon
Jimjitlikda turadi qarab.
Suv ostida toshlar yarqirab
Turganiga bo‘lgancha hayron.

KOSADAGI YoZUV

Qadimiy kosani topdi u dengiz bo‘yidan,
Qadimiy qabrdan, yovvoyi qumloq qirg‘oqdan.
Ko‘p zahmat chekdi u: harfni harfga qo‘shib
Maqbara uch ming yil saqlagan qutlug‘ kosani
Va unda o‘qidi qadimiy
Gung, soqov qabr so‘zini:

“Abadiy yashovchi dengizdir va osmonlardir,
Abadiy quyoshdir, yerdir va yerning chiroyi.
Tiriklar joniyu ruhini qorong‘u qabr-la
Ko‘rinmas ip ila bog‘lovchi narsa abadiy”.

YoLG‘IZLIK

Shamol, yomg‘ir, qorong‘uliklar
Huvillagan yerda hukmron.
Hayot o‘lgan bahorga qadar,
Bahorgacha bog‘lar shipshiydon.
Men yolg‘izman dala hovlida,
Shamol o‘ynar qorong‘u uyda.

Kecha kelding sen huzurimga
Va zerikding men bilan bo‘lib.
Yomg‘irli kech shunda bir zumda
Xotinimday qolding tuyulib…
Choram nedir, xayr, alvido!
Bahorgacha yasharman tanho…

Bugun yana bulutlar izg‘ir
Poyoni yo‘q to‘da-to‘dadir.
Zinapoya yonida izing
Yoyilmoqda, suvga to‘ladir.
Menga og‘ir yolg‘izlik chog‘i,
Qora oqshom sovuq quchog‘i.

Men ortingdan hayqiray dedim:
“Qayta qolgin, men senga do‘stman!”
O‘tmish yo‘qdir ayolga lekin,
Sevmay qo‘ysa sen begonasan.
Pechni yoqib ichurman aroq,
Yaxshi edi it solib olmoq.

QIZIQChILAR

Siz quvnoq qiziqchilar,
Topqir odamlar.
Kuldiringlar boyonni
Qiliqlar bilan!

U zerikkan keng uyda!
Kunduzi uxlab to‘ygandir,
Nardu ertak, matallar
Jon-joniga tekkandir.

Par to‘shakda o‘ltirib,
Xayol surar otaxon,
Sariq libos egnida
Mayin baxmaldan.

Qiziqchilar, kuldiring!
Jonlanmoqda u!
Qisiq-qisiq ko‘zlari
Yaltirab boqar.

Uning silliq yuzlarin
Ajin bosdi kulgudan.
Og‘zidagi tishlari
Ko‘rinmoqda qorayib…

Ko‘pni ko‘rgan siz itlar
Bekor o‘yin qilmaysiz.
Kuldiringlar! Qo‘shnilar
Havas qilsin bizlarga!

YoShLIK

O‘rmon ichra uzun qamchindan
Cho‘chib tushar sigirlar bari.
Boychechaklar ochilar chindan,
Bossang sinar eman barglari.

Boshim uzra yomg‘ir buluti,
Dalalarda beg‘ubor shamol.
Qalbing sirli quvonch bilan lol,
Hayot cho‘lday bo‘sh, yo‘q hududi.

OQShOMGI QO‘NFIZ

Nafarmon ko‘kda ham
Tillarang oy soz.
Bug‘doyzor oralab
Yangrab turar soz.

Qanotli sharpa bu,
Mudroq mast qo‘ng‘iz.
Kuylar u serqayg‘u.
Kuylamas bejiz.

O‘zligim yo‘qotib,
Mundoq qarasam,
Yaraqlab oy balqib,
Yorishdi olam.

Faqat oy, osmon bor.
Sarg‘ayib mayin
Etilgan bug‘doyzor,
O‘lik vatanim.

ILK BULBUL

Bulut osha nur sochadi oy,
Olma guli ochadi chiroy.

Bulutlarning mavjlari mayin,
Oy nurida tovlanar tayin.

Xiyobonda yonmagan chiroq,
Lekin bulbul sayraydi yangroq.

Derazasi ochiq uy ichra
Oy nurida soch o‘rar qizcha.

Ming bir marta eski bo‘lsa ham
Unga yangi tuyular ko‘klam.

BAYTAL

Uning egar, jabdug‘in olib,
Ozod etdim, ketdi yugurib,
Botayotgan quyoshga boqib,
Boshim egdim sajdalar qilib.

Yoli to‘zg‘ir takror va takror
Shamollarga tutib burnini,
Ishqiy sog‘inch birla baxtiyor,
Chaqirmoqda chorlab kimnidir.

Har bir jonni yaratmish Olloh,
Yaratguvchi qodir, pok va sof.
Bor tilagim, shukrimdan ogoh,
U menga ham berajak insof.

ESLASh

Yotog‘imda yarim kechada
Shamlar gullar, uchlari oltin.
Derazamning oldida pastda
Bog‘ shivirlar tashvish-la to‘lg‘in.

Bu yomg‘irlik namchil qorong‘u.
Uyga kirar toza havosi.
Zarrin gullar titrar serqayg‘u,
Moviy zamin ular asosi.

Uyqu olar salqin to‘shakda,
Maftun etar titragan har gul.
Yozilajak shan kelajakda
Yosh qo‘shiqqa to‘ladi ko‘ngil.

MARVARIDGUL

Yap-yalang‘och sovuq chakalak…
Sen yashnading go‘zal va shirin.
Men yosh edim, jon edi halak,
Yaratolmay birinchi she’rim.

Va manguga jonimga malham
Bo‘lib qoldi o‘shandan beri.
Dimog‘imda qoldi mustahkam
Rohatijon xushbo‘y iforing.

TUN

Muzday kecha, uvillar bo‘ron,
(Hali-beri tinmaydi chog‘i.)
Derazadan ko‘rinar ravon
Bu yerlarning adiru tog‘i.
Tillarang nur erinibgina
To‘shagimda topmishdir panoh.
Oydin tunda yo‘qdir hech kimsa,
Faqat men bor va bordir Olloh.
Mening jonsiz qayg‘u-hasratim
Faqat unga, Ollohga ayon.
Insonlardan neki asradim…
Tashqarida sovuq va bo‘ron.

QO‘ShIQ

Gullar ochildi
Yayrab, bo‘zarib.
Ko‘nglimga boqmas
Yorim ko‘zlari.

Zig‘irpoyalar
Yodimda hamon.
Ular olisda
Gullar charog‘on.
Yorqin nigohlar
Yodimda hamon.
Unga qarashga
Qo‘ymas hech inson.

ONAMGA

Yodimdadir yotoq, shamchiroq,
O‘yinchoqlar va issiq to‘shak.
Sening so‘zing — ovozing yangroq:
“Farishtalar parvonang, go‘dak!”

Echintirib meni enagam,
Koyir edi biroz bebardosh.
Uyqu kelib ko‘zimga beg‘am,
Elkasiga qo‘yar edim bosh.

Sen o‘parding, yodga solarding,
Xudo, menga yorliging aniq.
Qayta-qayta esga olarding…
Qulog‘imda ovozing tiniq.

Eslagayman u tun, u onni,
Unutmagay aqlimu ko‘zim.
Eslagayman u chirog‘donni,
Emasmiding farishtam o‘zing?

PAYG‘AMBARNING UMMATLARI

Dunyoda shohliklar, mamlakatlar ko‘p,
Bizlarga bir oddiy bo‘yra bo‘lsa bas.
Masjidga boramiz to‘planib to‘p-to‘p,
Sharobu qahvalar emasdir havas.

Savdogar emasmiz. Bo‘lmasmiz shodon,
Karvon o‘tar ekan chang ichra karaxt
Bog‘larga burkangan Damashqqa tomon
Ingliz ehsoni bizga ne hojat?

Biz chidab kelamiz. Ularning ammo
Oppoq liboslari ko‘rgimiz kelmas.
Birovga yomonlik ko‘rmagin ravo
Degan gap to‘g‘ridir, hech bejiz emas.

Salomlash, biroq sen ko‘k libos kiyib,
Boqqancha sarvi ba’zida kunga.
O‘xshama hech qachon devorda yurib
O‘zgarib turguvchi buqalamunga.

FIROQ

Ko‘rimsiz bir dengiz sohili,
Oy nur sochar, atrof charog‘on.
Oy yaqindir, to‘lqilar nurli,
Taram-taram suvlar zarsimon.

Parchalan uzoqda to‘lqin,
Silliq sovut yanglig‘ yaltirar.
Qum ustida dengizchi g‘amgin,
Sevgilisi bilan o‘ltirar.

Oy ularga boqarkan o‘ylar
Insonlarday xo‘rsinib g‘amgin:
“Nechanchi bor bunda o‘ltirar
Bo‘sa olib firoqdan oldin?”

O‘tar yillar va asrlar ham,
Avlod kelar avloddan keyin.
Dengizchining ko‘zida alam,
Farahli bir dard bordir lekin.

KARVONDA

Oy nurida janub tomonda
Jimirlaydi qumlar suv misol.
Rafiqangni unut bu onda,
Unut uning nigohin darhol.

Jimirlaydi tilla suviday
Oy nurida qumlar tovlanib.
Naqadar soz tuya ustida
Bir maromda borsang tebranib.

Oy nurida har buta, har tosh,
Yorqin-yorqin borliq hammasi.
Issiq shamol go‘yoki otash,
Bamisoli jonon nafasi.

* * *

Dengiz yuzi yana osuda,
Yulduzlardan ko‘k olmish chiroy.
Yozning iliq kechasi bunda
Sukunatda jozibaga boy.
Senga qanday shukr dey, Olloh,
Bu dunyoda yulduzga boy tun.
Dengiz tunin ko‘rmoq va sevmoq
Baxtin menga berganing uchun.

Aziz Abdurazzoq tarjimasi

* * *

Ey qalb! Kengroq ochil, qabul ayla, oh,
Bahoriy hislarni — oniy mehmonni!
Tabiat, et meni og‘ushingga jo,
Chiroyingga fido etayin jonni.

Ey sen, yuksak osmon, yiroqdan-yiroq,
Cheksiz moviy kenglik — yo‘q senda sarhad.
Ey poyonsiz dala — yam-yashil o‘tloq,
Chin dildan talpingum sizlarga faqat!


QIShLOQ TILAMChISI

Uxlab yotar eman tagida
Tilamchi chol, nochor, nogiron.
Yamoqlari mo‘l chakmonining,
Etagida oftob saqlar jon.

Mo‘l yo‘l yurib, horigan dilxun,
Yotib qolgan eman ostida.
Oyoqlari tolgan, yonar kun,
Tig‘ sanchar o‘t cholning ustiga.

Oh, qashshoqlik yengmishdir butkul,
U boshpana topmas hech joydan.
Qismat erur g‘aribga nuqul,
Ostonadan tilamoq foyda.

Gadolar yo‘q poytaxtda aslo,
Muhtojlik xor aylagan yakkash!
Zindon ichra — panjara aro,
Kam uchraydi bu xil jafokash.

Uzoq umrin yo‘llarida ul
Bor quvvatin mehnatga berdi.
Go‘r qoshida o‘sha kuch butkul
Etmay qolsa netsin? Ne derdi?

Qishloqlardan qishloqqa o‘tar,
Tili arang o‘qir duoni.
Yo ajal — haq qo‘lidan tutar,
Jabri ko‘pdir qadim dunyoning.

Uxlar. Yana qalqiydi tezda:
“Xudo haqqi, xayr qil. Yana xayr… ”
Ayanch – buncha xo‘rlikni Rusda,
Ato etgan bo‘lsa nahot dayr?!

DALA GULLARI

O‘t shu’lasi, oyna orti yashirin,
Nozlanib ochilar bebaho gullar.
Nafis atri tiniq, musaffo, shirin,
Bargi, bandi go‘zal, nodirdir ular.

O, gulni o‘stirar issiqxonada,
Moviy ummon osha keltirmish uni.
Qo‘rqitolmas uni sovuq shabada,
Chaqmog‘u guldurak, tunlar salqini.

Vatanimning so‘lim dalalarida
Shu gulning kamtarin aymoqlari bor.
Ochilar bahor, yoz pallalarida,
Bag‘rida goh yashil o‘rmon, o‘tloqzor.

Oyna issiqxona, yo‘q, yo‘q, bu gullar,
Osmon kengligini ko‘radir dilband.
O‘tga emas, sirli ma’voga ular,
Abadiy burjlarga bo‘lgancha payvand.

Ulardan uyatchan go‘zallik esar,
Yurak va ko‘zlarga yaqin qarindosh.
Boshqa kim ham o‘sha kezlarni eslar,
Allaqachon unut va… tag‘in sirdosh.

* * *

Yodimdadir uzoq qish tuni,
Ola-oydin. Sukunat har yon.
Ajib porlar shamlar yolqini,
Ostonada yig‘laydi bo‘ron.

«Bolajonim, — shivirlar onam, —
Uyqung kelgan bo‘lsa agarda,
Ertaga ham bo‘lish-chun bardam,
Uyg‘onish-chun shodmon saharda,

Unut bo‘ron uvlayotganin,
Mening birla ekaning unut.
Esla o‘rmon mayin shivirin,
Qaynoq kunlar taftin yodda tut.

Qayinlarning sadosin tingla,
Yod et — o‘rmon ortida uvat.
Dalalarda, yuzlab, ming-minglab
Zar boshoqlar to‘lqini qat-qat».

Men ham tanish maslahatni-ku,
Dasturamal bildim o‘zimga.
Orzularning og‘ushida tun,
Uyqu kela boshlar ko‘zimga.

Uyqu bilan kelar yonma-yon,
Alla aytgan xayol nafasi,
Ham shivirlar pishib bo‘lgan don,
Anglab bo‘lmas qayinlar sasi…

* * *

Qaldiroq-la meni qo‘rqitma,
Toshqin suvning shovqini quvnoq!
Bo‘rondan so‘ng bo‘lar, unutma,
Moviy osmon chunon moviyroq.
Tingach bo‘ron, yana yosh bo‘lib,
Yangicha ko‘rk yaltirashida
Iforliroq, chiroyga to‘lib,
Gul ochilar aylab nashida!

Qo‘rqaman, lek yog‘inli kundan,
O‘ylash og‘ir, hayot o‘tadi.
G‘amsiz, baxtsiz, goh u, goh bundan,
Tirikchilik olib ketadi.
Borar so‘lib quvvatda hayot,
Na mehnatsiz, na bir kurashsiz,
G‘amgin, namchil, tuman ham, hayhot,
Mehrni umrbod ko‘madir shaksiz!

* * *

Ko‘rinmaydi qushlar. Huvilloq, bemor,
Chiriydir taqdirga tan bergan o‘rmon.
Zamburug‘ yo‘q, lekin achchiq izi bor,
Jarliklardan, ko‘ring, anqir bearmon.

O‘rmon qa’ri cho‘kdi, oydindir oydan,
Butalar bag‘rida o‘lan yonboshlar.
Kuz, yomg‘ir zarbidan so‘ljaygan loyday,
Qora barglar tag‘in qoraya boshlar.

Dalada-chi, shamol. Kun esa sovuq,
Qovog‘i soliqdir, men-chi kun bo‘yi,
Kimsasiz dashtzorga borgancha yovuq,
Ketaman qishloqdan dunyoga to‘yib.

Meni allalaydi otlar dupuri,
Darddosh bir qayg‘u-la anglayman alhol,
Miltig‘im nayida — bir xil sururi,
Neni navo aylab kuylaydir shamol?


ONA

Kun bo‘yi, tun bo‘yi — sahargacha to,
Dashtlarda quturdi bo‘ron ham chunon.
Chetan devorlarni ayladi vayron,
Qishloqlar buzilib ketgandi hatto.
Kimsasiz bir uyga kirgandi bosib,
Deraza oynasi ketdi zirillab,
Quruq qor aylandi qaqshab, chirillab,
Zimiston xonaga emas munosib.

Ammo olov bor-di — kechasi o‘chmay,
Yoritib turardi qovoqxonani,
Tongga qadar holin ko‘ring onani,
Ayol yummay ko‘zin, na yeb, na ichmay,
Bunda bo‘ldi… Yo yel, yo bitgan moyi —
Daf’atan o‘chirdi chiroqni so‘ngra,
Bolasini olib kiftiga o‘nglab,
Ayol yo‘lga tushdi qilib xirgoyi…

Tun rosa cho‘zildi — Yaldo ham bekor…
Ba’zan uni shirin mudroqqa chulg‘ab,
Sekin sas berar bad quyun ochmay lab,
Qora peshayvonda shopirgancha qor.
Bo‘ron yovvoyi his iskanjasida,
To‘satdan tashlanib qolgandi uyga.
Dir-dir titragay deb borgandi o‘yga,
G‘amda kimdir uning muz panjasida.
Dashtda zaif ingrar — tushmish ne ko‘yga?
Necha bor tonggacha, qo‘yganmi tanda?
Horg‘in ko‘z yoshdan yaltiramadi,
Demam, bola ko‘rgach — qaltiramadi,
Unga nursiz ko‘zi bilan boqqanda…


MAYoQ

Ko‘zsiz oyna, mayoq ichida,
Kuz shamoli yelar uvillab,
Shovqin solar mayoq uchida,
Salqin shamol meni mast qilar.

Men burama zinada to‘xtab,
Pastga boqdim — to‘lqinlar sasi.
Sohil mavji, osmondir ajab,
Va ummonning moviy nafasi.

Pastda to‘lqin, tepada tordek
Zanjir bog‘i jaranglab kuylar.
Mayoq, ko‘rfaz, to‘lqin o‘rkachdek
Va men, osmon, bulutlar, uylar…


IKKI KAMALAK

O, bir juft kamalak — zarnigor, malham,
Bahor yomg‘irlari. Jilo sochar nur.
Quyuq daraxtzorlar ichra ushbu dam
Namchil may havosi qoldirgan billur.
Ufqda qorong‘u bulutlar zil-zil,
Qora nuqta — qushning qanot izlari.
Kamalak turfa rang, nofarmon, yashil,
Anqir boshoqlarning totli islari.

Rus tilidan Tursun Ali tarjimalari

* * *

Naqadar nurafshon gullagan bahor!
Har galgidek boqib ko‘zimga bedod
Va, ayt-chi, nimaga ma’yussan dildor,
Nimadan so‘zingda buncha iltifot?

Sukut ichra nafis guldek titraysan…
O, mayli, gapirma! Iqror ne kerak?
Angladim: iltifot – hijrondan darak,
Men yana yolg‘izman!

* * *

Bugun tunda kimdir kuyladi uzoq,
Zimiston dalani kezib darbadar.
O‘tmish baxt va erkni qo‘msadi ko‘proq,
Ovozida silqib o‘kinch va kadar.

Sen orom olarding… Darchani birdan
Ochdimu qo‘shiqni yonib tingladim.
Javdar bilan yomg‘ir hidi ufurgan
Salqin kecha g‘oyat xushbo‘y va nadim.

Bu nola qalb torin chertdimi? Bilmam,
Ma’yus xotiralar dilda uyg‘ondi.
Seni shunday jondan sevgandim men ham,
Sen ham  sevgan eding meni qachondir.

* * *

Yolg‘iz qarshilayman shodmon kunlarni:
Shimolda, ovloqda… Sizda-chi, ko‘klam
O‘rmonga jon berar eritib qorni,
Ko‘rfaz maysalari lojuvard, ko‘rkam.

Oq qayin qimtinib yashillanadi,
Balandroq oladi bulut zabtini.
Shamol bog‘ni silqib, sokin enadi
Darchaga ufurib aprel taftini…

* * *

Qanday osoyishta va qanday ochiq,
Huvullagan zamin g‘arib tus olgan.
Xazonrez bog‘larda xotirot sochiq,
Ulug‘vor osmon ham sovuq, bo‘zargan.

Ey bepoyon osmon, sening zabonsiz,
Sokin haybatingdan shoshib qolaman.
Axir, bu g‘ariblik ko‘nglimga egiz,
Men kuzni quvonib qarshi olaman.

Sochilgan olovday yaproqlar lak-lak,
Nodir bo‘yoqlarda tovlanar ekan.
Bog‘da ora-chira chirqillar chittak,
Ularga xush yoqar shu unut maskan.

Faqat kuz shamoli guvlagan tunda,
Manzara o‘zgarar, havo ayniydi.
Oshiq qalb hijrondan bo‘zlaydi shunda,
Oh, ko‘nglim mahrami bo‘lsa qaniydi!

* * *

Bir kun kelib jismu jonim yo‘qolar,
Lek shunda ham huvullagan bu xona
Butun ashqol-dashqoli bilan qolar –
Avvalgiday oddiy holatda yana.

Va, yana shunday tinsiz uchib yurar
Qanotlari rangin kapalak:
Parillar, shitirlar hamda pirpirar
Zangori shift uzra jonsarak.

Va, yana shunday osmon ham pastga,
Ochiq darichaga boqadi asta.
Moviy dengiz jimir-jimir tinmaydi –
Bo‘m-bo‘sh keng bag‘riga chorlab imlaydi.

* * *

Qarovsiz bog‘dagi o‘shal bukri tol osti
Hovuzda tun chog‘i sokin chayqalgan yulduz –
Sahargacha miltiragan shu cho‘g‘ni, rosti,
Men endi hech qachon ko‘kda ko‘rmasman, afsus.
Bolaligim kechgan olis qishloq jonajon
Va, bag‘rida men yonib ilk qo‘shiqlar bitgan,
O‘smir orzularim ro‘yobini zor kutgan
Ota uyimga ham endi qaytmam hech qachon…

BIRINChI BULBUL

Ko‘kda novvot kabi erib, yaltiraydi oy,
Olma guli oq, qo‘ng‘iroq  – ajib bir chiroy.

Ko‘k yuzida taram-taram jimirlar shafaq,
Oy tegrasi niliy rangda tovlanar faqat.

Shovullar sovuqda yupun va harir bog‘cha,
Mahzunlikda bulbul nolon sayraydi chah-chah.

Ochiq daricha oldida nim qorong‘uda,
Qizcha sochlarini o‘rir oy yorug‘ida.

Shunchalar totlidir, bu bahoriy hikoya –
Ming aytilsa-da, yana yangi, benihoya…

OQShOM

Baxt desa, biz faqat eslaymiz har chog‘.
Holbuki, u mavjud har yonda, har vaqt –
Ana, chayla ortidagi kuzgi bog‘
Va darchadan esgan sabo erur baxt.

Tubsiz osmon uzra parqu bulutlar
Yastanar, tovlanar… Uni shu asno
Kuzatib, angladim, bizlar bexabar,
Baxt esa g‘ofilga berilmas, aslo.

Ochiq darichaga chirqillab bir qush
Qo‘narkan, kitobdan ko‘z uzib shu on,
Horg‘in nigoh tashlab qo‘ydim u tomon.

Oqshom cho‘kayotir, osmon ro‘yi xush.
Tegirmon qo‘shig‘in tinglaydi tandir…
Ko‘ryapman, eshitdim – baxtim shundadir!

Rus tilidan Sirojiddin Rauf tarjimasi

* * *

Daryoning ortida ko‘kladi yaylov,
Suvdan ko‘tarilar toza nafaslar.
O‘rmon emas – qushlar bozori go‘yo,
Yangraydi turfa xil orziqqan saslar.

Ilmiliq dasht yeli mayin ufurar,
Yangi tok zangining taxir ta’mlarin.
Eh, bahor! Qalb buncha yana baxt so‘rar,
Bahorda bunchalik yoqar g‘amlarim?!

Oftob mehr bilan barglarni silar
Va ohista kezar bog‘da, yo‘lakda.
Bilmayman, qaygadir ketvorgim kelar,
Ne hislar gullaydi bu dam yurakda?

Bilmayman, men sevgan, sog‘ingan shuncha
Aziz insonim kim? Va, bundan ne g‘am?
Ezilib yashayman baxtni kutgancha,
Ishonmay qo‘yganman ammo baxtga ham!

Menga alam qilar, yelga sovurmoq
Umrimdagi go‘zal, laziz onlarni
Va, el qilmay negadir insonlarni,
O‘z holimcha quvnab, yolg‘iz qayg‘urmoq.

ATIRGULLAR

Oftob – tandir o‘tida rosa
Toblanmoqda, bulutlar hil-hil.
Go‘yo cho‘g‘ga to‘la juft kosa –
Rom oldida ikki  atirgul.

Salqin uyga oynadan qarar
Jazirada lohas yashil bog‘.
Pichanlar anvoyi bo‘y tarar,
Ruhga orom bag‘ishlab shu chog‘.

Ba’zan og‘ir hamda zardali
Qaldiraydi osmon toqlari.
Ammo, pashsha vizillar hali
Va kuylaydi kun bo‘yi ari.

Goho shatir-shutur qilgancha
Moviy yomg‘ir sellari oqar.
Lek, ko‘p o‘tmay, yal-yal kulgancha
Ko‘lmaklardan ko‘k maftun boqar.

Oftob yashnar, bir juft atirgul
Hayo bilan egib turar bosh,
Ikkisi ham jilmayar nuqul,
Olov to‘la ko‘zlarida yosh.

* * *

Qadrdon yurtimdan olis joylarda
Tushlarimga kirar sokin bog‘larim,
Qarag‘ayzor, yo‘llar, shoshqin soylarda,
Dala-dasht, ekinzor, nayson chog‘lari.
Tongdanoq erkalar lojuvard samo,
Oq, harir bulutlar oqar mavjlanib,
Shudgorda go‘ngqarg‘a shoh kabi yurgay,
Erdan hovur chiqar… Osmonda to‘rg‘ay
Shunday sayraydiki, go‘yo avjlari –
Ko‘kdan taralguvchi ajib bir navo.

Qadrdon yurtimdan olis joylarda
Tushlarimga kirar bahor – kelinchak:
Ko‘zlari moviyrang, yuzi oylarday,
Qaddi – sarv, sochlari – oltin chambarak.
Aziz yer, pok tongga munosib malak,
Unga ona yurtim, dashtlarim yoqar,
Yoqadi sukunat, qashshoqlik, mehnat,
Shundanmi, dalamga mehr-la boqar:
Labida tabassum, ko‘zida shafqat,
Bu o‘sha – bolalik, bahor, muhabbat!

* * *

Xaroba saroylar soyasi yanglig‘
Ufqda bulutlar rasmi chizildi.
Iliqqina oqshom tund hamda munglig‘,
Qorong‘i xonamda yolg‘iz ezildim.

Qadamimdan chiqqan har bir tovushga
G‘amgin sado berib qo‘yadi qandil.
Olisda ufq ufqni olar og‘ushga,
Karashma qilar tun – go‘zalu sangdil.

ChORRAHADA

Tashlandiq dalaning chorrahasida
Qabrtoshi qora quzg‘unga makon.
Manzil qarovsiz-da, o‘t bosgan juda,
Chim ichra – zanglagan eski bir qalqon.

Chorrahada yana shunday yozuv bor:
“To‘g‘riga yo‘l yursang – g‘am-kulfat bisyor,
G‘amlarni yengishing va uying tomon
Sog‘-omon qaytishing o‘ta dargumon.

Agar o‘ngga yursang – qolib ulovsiz,
Hayoting och, yalang, yolg‘iz o‘tadi.
So‘l tomonga ketsa qaybir yo‘lovchi,
Uni yot dashtlarda o‘lim kutadi…”

Meni vahma bosar! Tegramda mozor…
Dahmalarda mangu uxlaydi moziy…
“Qora quzg‘un, qani chiqar ovozing,
Menga borar yo‘lni ko‘rsatib yubor…”

Peshin mudrayotir. So‘qmoqlar – jo‘yak,
Ularga ekilgan sho‘ra va suyak…
Qovjiroq dasht aro uch yo‘l ko‘rinur,
Bilmayman, qismatim qaybiri erur?

Bu vahshiy kenglikning bormi adog‘i?
Sukut cho‘mgan dashtga boqqanim chog‘i –
Kimdir chaqirdiyu tutib otimni,
Cho‘chitib yubordi hurkak otimni?

Bir o‘zim mardona chiqdim maydonga,
Hayot chorlar, mamot poylaydi biroq.
Qabr ustidagi o‘sha makonda
Qora quzg‘un turar mudhish va mudroq.

* * *

Bizlar muyulishda uchrashdik, nogoh,
Shoshardim kechaning qarolig‘ida.
Qarshimda chaqnadi qaroqlar – chaqmoq,
Quyuq kipriklarning arolig‘idan.

U harir libosda – lahzada ko‘klam
Elidan havodek ketsa-da, to‘zib –
Yoniq ko‘zlarida, yuzlarida ham
Tanish jonlanuvni payqadi ko‘zim.

Bir erka qosh qoqib, bahoriy yeldan
Mohitobonini to‘sdi-yu, o‘tdi,
Muyulishda yitdi… O‘shanda, ko‘klam…
U mening bahrimdan kechdi – unutdi.

* * *

Kunlardan bir kuni bo‘lmam bunda, yo‘q,
Huvillagan ushbu xonamda ammo,
Hech narsa o‘zgarmas: stol, o‘rindiq,
Devordagi o‘sha qadimiy siymo.

O‘sha-o‘sha, barqut qanotin maqtab,
Kirib keladida yana jonhalak,
Moviy shiftda ipak guldek yaraqlab,
Uchib-qo‘nib-uchib kezar kapalak.

Xuddi o‘shandayin, ochiq oynadan
Keng osmon tikilib qarayveradi
Va, ummon – zangori, yaydoq bir maydon,
Kimsasiz bag‘riga chorlayveradi…

Rus tilidan G‘ulom Mirzo tarjimasi

KAVSAR

Bunda oxiratning diyori. Sho‘rxok sahro
Yuzlab chaqirim, yo‘qday sohili mutloq.
Zumradday feruza – suvlari ammo,
Ipakday oq qorlari qordan-da oppoq.
Qum barxanlarida ko‘karadi yavshanlar faqat,
Olloh o‘stiradi, rizqin teradi otar.
Bu yerlarda osmon haddan lojuvard,
Oftob – jahannamning olovi, Saqar.
Jazirama, sarob yarqiraydi oynaday
Jami dunyo botgan bir buyuk tushga.
Cheki yo‘q shu’lalarga yer qapishib yig‘lagay,
Qalbi jannat bog‘iga ketgan shodlanishlarga.
Tumanlar ortidagi Ravzada shaffof bir jom,
Daryolarning onasi, mavjlanib yotar Kavsar.
Bor yurtu elatlarga bag‘rida yetgan orom.
Iymon keltir, sabr ila ibodat qil, birodar.

LAYLAT UL-QADR

Bu tunda Robbilari izni ila farishtalar
va Ruh (Jabroil) barcha ishlar uchun
(ko‘kdan) tushiriladi.
Qur’oni karim, “Qadr” surasi, 4-oyat.

Qadr tuni. Ko‘klar yaqinlashib, yer-la yakdil bo‘lishar,
Mo‘minlarning dastorlari esa ko‘kka yetadi o‘sib.
Muazzin, azon chaqir! Hali jilolanar xarsangli muzlar,
Biroq tor dara, vodiylarda yurar zulmat sovug‘i ham pusib.

Qadr tuni. Qop-qorong‘i qoyalarni yoqalagancha hali
Oq bulutlar qavat-qavat tushib kelishar zebo.
Muazzin, azon chaqir! Ulug‘ arshning oldida, kelgan gali
Ko‘pirib mavjlanadi. Ayqirar olmos Daryo.

Jabroil – Ruh ul-Quddus sezdirmay, bildirmay hech
Uxlayotgan dunyoni kezib yurar. Yorlaqagin, As-Salom,
Qutlug‘ligi tilsim safardagi ziyoratchini bu kech,
Ham muhabbat va omonlik tuningni yerga et in’om!

IBLISNING OLLOHGA ISYoNI

Esla, farishtalarga: “Odamga sajda qilinglar”
deganimizni. Bas, sajda qildilar, magar iblis bosh
tortdi, mutakabbirlik qildi va kofirlardan bo‘ldi.
Qur’oni karim, “Baqara” surasi, 34-oyat.

Men – olovdan, zabun tuproqdan – Odam,
Amr etding: “Odamga sen qilgin, – deb, – sajda!”
O‘tda sovriladi quruq zaytun barglari zumda –
Shavqlilarni ojizlarga “Bo‘ysun!” deganing ajab.
Bo‘ysunmasman aslo! Qizil tug‘imni halol
Ko‘tararman baland. Odamingning esa holiga qara:
Uni to‘rt tarafdan etdim-ku qamal! Men xuddi kulol,
Ul sopolni kuydirib-toblab, chiqaraman o‘zgacha jarang.

MUHAMMAD (s.a.v.) HIJRATDA

Uchadi sahrolar ko‘kida ruhi
Xarsangli chohlarni subh oralab
Alamdiyda so‘zlar jaranglar xuddi
Unut Haqning amrlariday chorlab.

Qumlarda yalangoyoq, poradir bag‘ri,
Der muk tushib sog‘inch o‘rtagani on:
“Kimni yaxshi ko‘rsam, yiroqda bari,
Biyobonda Yoding mengadir darmon”.

Sado berar Olloh: “Kim ojiz, horg‘in
Payg‘ambar tanlanmoqqa emas hech loyiq”.
G‘amgin viqor bilan der Rasululloh:
“Kechir, toshlar bilan dardlashsam, Xoliq”.

KA’BANING QORA TOShI

Qachonlardir nodir xarsang bo‘lgan ul,
Biron-bir dog‘dan asar topilmas oppoq.
Xushbaxt jannatdagi misoli bir gul,
Bahorda tog‘ boshida qorday yarqiroq.

Jabroil berib darak, keksa Ibrohim
Qum barxanlar aro topgan uni zap.
Qismat yuzlashtirsa, Ka’ba devoriga kim,
Ul ko‘ksida durday turardi porlab.

Oxirzamon yaqinlashgan sari, paydar-pay
Unga duo-munojotlar daryoday oqib.
Ka’ba yuragiga cho‘ng dard ortmoqlaganday
Nurdan judo – qora shu’laga sohib.

Olloh! Olloh! Nodir mo‘jizang oq dur –
Odamzod dard-gunohidan qoraygan erur!

FAQIR

Botayotgan yulduz yuksakligicha
(Unga) hamd ayt.
Qur’oni karim

Bog‘lar sershabnamdir, iliq uyalarida
Polaponlar shirin chug‘urlab mizg‘ir.
Yulduzlar ketayotir – yuksaltir hamd ila,
Germon vodiyi yorishar tog‘lar ortida sirli.

So‘ng esa saodatmand, sarpoychan, do‘stim,
Qo‘lda kashkul bilan daraxt soyasiga bor.
Dunyo erib borayotgan changdir, azizim!
Haq yangi kun berdi, shukr qil, dil yor!

PAYG‘AMBAR UMMATI

Dunyoda saltanatlar, yurtlar bir talay,
Qamish gilamlarni xushlar ta’bimiz.
Mayxonalar emas, jome’ chorlagay,
Oftobli hovlilari obod va tamiz.

Bozorda tujjormasmiz. Etmas hech ham shod
Mol ortiq karvonlardan ko‘tarilgan chang.
Qutlug‘ Damashq, bog‘-bog‘chalarin, hayhot,
Ingliz chaqalariga mushtoq deb bilmang.

Sobirmiz. Bo‘lganidan emas kiyimlari oq,
Oq dubulg‘alarni ham ko‘rmoq niyatimiz yo‘q.
Aytgan: begonalarga tilama yomonlik mutloq,
Nomahramga tikilib qarama – ko‘zni etib lo‘q.

Unutma, musulmonsan, salom ber har chog‘,
Sarvday adl turib, ko‘ziga boq tik.
Boqqin osmonlarga, buqalumun bo‘lmagin biroq,
Har joyda har nag‘maga qul o‘ynaganidek.

TOShKO‘MIR

Mug‘ul Temur keltirdi sabiy o‘g‘liga
O‘tni gurillatadigan la’l va toshko‘mir.
U oqil erdi: na toshko‘mir, na-da la’lga
O‘g‘lida talpinish bo‘lmasin bo‘lmag‘ur.

Temur dedi: “Mubtalolikdan har qachon,
Bilgin, o‘tda kuymoq a’lo, ajrat nafini”.
Lekin Xudo Rahmon zot: u bolaga mehribon –
Uning O‘zi yelpib turdi go‘dak kaftini.

QIYoMAT KUNI

Oltin qalqoni osiq taxtining tepasiga,
Surini puflaganda maloyika Isrofil –
Chumoliday oqamiz Hashrga yoppasiga
Yorilgan qabrlardan tizilgancha muttasil.

Qalqon guvillab qolar – go‘rdan chiqargung betil,
Mashhargohga Qiyomat soyang tushganda, Qahhor.
Osmon qonli terining raftoriday qip-qizil,
Ko‘nchi ichin ag‘darib sho‘r suvga solgan so‘ngbor.

PARDA

Olloh shunday degan: “Agar, sevimli bandam,
Qur’onni dushmanlarim ichra qilsang qiroat,
Men o‘zim oraga ajab parda tashlarman mubham,
Xush jarang oyatlarim johillar etsa haqorat”.

Alomat hislar, qancha go‘zal fikrlar boshda,
Sir tutarman sizdan. Yo‘qdir yo‘limda xatar.
Hech kim ko‘nglim bilmas, Ollohdan boshqa:
U O‘zi o‘zining pardasi bilan bizni ajratar.

MUHAMMAD (s.a.v.) VA SAFIYa

Chaqqon turmaklarkan, Safiya tongda uyg‘onib
Qora sochlarini oppoq qo‘llari ila.
Yuzin yuvgan yoshlarni artmay der yonib:
“Hazrat, hamma juhud deya meni turtkilar”.

Muhammad kulimsib, boqqancha bir zum
Der muhabbat bilan: “Aytgin, azizam:
“Ibrohim – otam mening, Muso – amakim,
Muhammad – zavjam”.

FARZ

Har nega qodir Olloh nomiga qasam!
Qalamga taqdir etdi yozmoqni azal.
Aytgan: “Omonat bil So‘zni, ey odam,
Til nega va’da bersa, muqarrar bajar”.
Qonun yoziq, qulsan qabul et, kulma
Yo rad etgin va yo ulug‘la chindan.
Kitob ko‘tarib yurgan eshakday bo‘lma,
Faqat yuk bo‘lmasin yelkangga mingan.

* * *

Botar, so‘nar ko‘mir cho‘g‘iday oftob,
Kulrang sahro. Mudrar, egilar shu tob
Odam boshlari. Fursat juda ham yaqin:

Shamsni uzatib, shippaklarni yechadir hamma,
Yulduzlar ostida, qosh qoraygan palla
Egamga ko‘taramiz namozimizni sokin.

Dasht cho‘ponlari biz, bilardik neni!
O‘z yurtimiz minoralarin endi
Bolalik ertaklaridek eslarmiz, dil – qon.

Qayyum Rabbim, sahro ko‘kida yoygin
Oqshomgi qora – ko‘kishda ilohiy oydin
Sayyoralar kitobi – bizning Qur’onni!

Bukkancha tizimizni, ko‘zlarni yumib,
Jon totli bir taqvoga raso ko‘milib,
Yuzga tortamiz salqin qumlar yolqinin.

Munojot bilan dildan tiyolmay yoshni
Huzuringga zabun xokisor egamiz boshni,
Qirg‘oqqa bosh urganidek dengiz to‘lqini.

* * *

Kimsasiz zamin ko‘kida yonar qahkashon,
Qutlug‘ Olapar yulduzlari qo‘r to‘kkan mag‘rur.
To‘sindan zulmat bosar – cho‘g‘-olov ilon,
Er qorong‘iligi uzra osmonni yoradir kimdir.
Yo‘lchi, hech qo‘rqmagin! Dashtda mo‘jizadir mo‘l.
Bu quyunmas, balki jinlar tashvish uyg‘otgan
Farishtalar sardori, mehribon Ollohning quli,
Iblislarga tunlar oltin nayzasin otgan.

IBROHIM (a.s.)

Qorong‘i tun edi bir kun sahroda porloq
Yulduz ko‘rib ko‘kda, xitob qildi Ibrohim:
“Mana mening Rabbim!” Tun yarmida biroq
Yulduz botib ketdi, endi ko‘rolmas hech kim.
Tongga yaqin edi bir kun sahroda porloq
Hilolni ko‘rib, xitob qildi Ibrohim:
“Mana mening Rabbim!” Yulduz kabi biroq
Nuri so‘nib, botib ketdi oy ham, topgay kim?
Erta tong chog‘i edi bir kun sahroda porloq
Quyoshga qo‘l uzatib shod xitob qildi Ibrohim:
“Mana mening Rabbim”. Oftob ham biroq
Shomda botib ketdi sirg‘alib ufq ortiga jim.
Haq yo‘lni Ibrohimga o‘zi ko‘rsatdi Olloh!

KO‘ZGU

Qish kuni qosh qorayar, tun cho‘kadi xotirjam,
Ko‘ngilga qular bir-bir – jilvalanganlar bari.
Ko‘zguda ko‘ringanlar yo‘qolgan – so‘nganday sham…
O‘lim ham xuddi shunday, shundaydir o‘lim jari.

Lahad qorong‘iligida faqat mening sigaram
Ajib chaqnab turadi, cho‘g‘i qizarinqirab.
U ham so‘nadi oxir, iz qoldirib biror dam
Ortidan xushbo‘y, ukpar isi ham qolmas, yorab.

Kim bu Zot, o‘ynayotgan? Kimning aziz barmog‘i,
Chaqnab uzugi har on, simlar ustida tolmas?
Ko‘nglimni yoritgancha orzu-armon chirog‘i,
Qabr qorong‘ilig‘i meni hech qo‘rqitolmas.

Rus tilidan Vafo Fayzulloh tarjimasi

ChAShMA

Ko‘kalamzor xilvat o‘rmonda,
Namxush soya kezinar doim.
Tog‘ ostida. Jarlik tomonda
Muzdek chashma mavjlanadi jim.

Qaynar, o‘ynar, oshiqar yana,
Billur mavjlar aro charx urib.
Sershox eman ostida, ana,
Sokin oqar shishadek erib.

Moviy samo, tog‘li o‘rmon va
Boqar o‘ychan sukutda atrof.
Junjikibmi, sahnida go‘yo
Titrar turfa naqshlar – shaffof.

BIRINChI QOR

Qish sovug‘i ufurdi achchiq,
Yaydoq o‘rmon etagin silkib.
Yallig‘langan yaradek ufq
Lovulladi shafaqdan kilkib.

Tunda dovul quturdi rosa
Tong yorishgach quvib g‘uborni,
Bo‘m-bo‘sh bog‘lar, dala, qishloqqa
Hadya etdi birinchi qorni.

Qarang, bugun oppoq choyshabin
Dalalarga to‘shagan – nafis.
Qaytayotgan galalar tomon
Qo‘l silkishga kechikdik, afsus.

BOLALIK

Kun cho‘g‘day qizisa, qarag‘aylarning
Shirasin bo‘yidan tamshanadi lab.
Qushdek yengil tortib shodlanaman, so‘ng
Kezaman quyoshli chodirlar bo‘ylab.

Atrof shu’lazordir, oh, qanday yorqin,
Qumloq – ipak kabi mayin, muloyim.
O‘n yoshga to‘lganday va olgancha tin,
Ulkan qarag‘ayni quchoqlayman jim.

Qizargan, burushgan dag‘al po‘stlog‘i
Otashdan lovullab yolqinlanar bot.
Qarag‘ay bu qadar taratmasdi bo‘y,
Quyosh qo‘r to‘kmasa beayov va shod.

ShIMOL QAYINI

O‘rmondagi ko‘l qo‘ltig‘ida
Yashil qayin bo‘y cho‘zgan ko‘rkam.
Namxush bahor kunlari, qizlar,
Sovuq yeldan qaltirar tanam.

Yomg‘iru do‘l, qorlar par misol,
Goho shu’la yaltirar nafis.
O, qizlarjon, o‘rmonzor, alhol,
Bahor husnin qiladi ko‘z-ko‘z.

Attang, yana tundlashdi havo,
Qarag‘ayzor guvillar bebosh.
Mayli, bugun junjikay, ammo
Ertaga-da chiqajak quyosh.

QOR BO‘RONI

Bo‘ron uvillaydi tungi dalada,
Tebranar qayinlar tushlanib horg‘in.
Bulutlar chokidan oy sochar shu’la,
Bo‘zargan soyalar bekinar sokin.

Go‘yo oq qayinlar oralab Ayoz
Tumanli nur ichra kezar behadik.
Belanchak g‘ichiri qanotlanar boz,
Yog‘och uy tarafdan sovuq yel kabi.

Kumushdek yarqirab oy porlar yana,
Yaxmalak yo‘laklar yiltillaydi soz.
Qayin shoxlarining orasidan-da,
Jim kuzatar yog‘och kulbani Ayoz.

Muz qotgan dalalar, qadrdon qishloq,
Tunda bo‘ron sizni silkiydi betin.
Izg‘irin kuyidan uxlaydi har yoq,
Yolg‘iz qarag‘ay ham mudraydi beun.

Xayolda jonlanar: dashtdagi ovloq
Qabristonda bo‘ron kezinar uyg‘oq.

HOVUZDA

Quyoshli tong. Hovuzga tikka
Qaldirg‘ochlar to‘sh urar shitob.
Yuksalar so‘ng moviy bo‘shliqqa
Nam qanotin silkitib shu tob.

Og‘ushida masrur va xushbo‘y,
Termiladi zumrad o‘tloqzor.
Hovuz shisha kabi samoviy,
O‘z qirg‘og‘in zumrad aksi bor.

Xuddi oyna, o‘rtada qamish,
Qirg‘oq bilan qulagan o‘rmon.
Bulut guldek tasmali yonmish,
Tubida-chi, bir parcha osmon.

* * *

Yomg‘ir yog‘ar yashil o‘rmonda,
Shovqin solar zaranglar betin.
Tingla, qo‘shiq yangrar, shu onda
Ko‘kka o‘rlar ovozlar erkin.

Yomg‘ir yog‘ar yashil o‘rmonda,
Shovqin solar zaranglar betin.
Osmon qa’ri tortar musaffo,
Har yurakka kuylar qurar in.

Azoblaru ham etar maftun,
Yomg‘irlarning yog‘ishi takror.
Nafosatning sozida butun
Timsolingni topaman Bahor!

* * *

Toshqin to‘lqinlardan yoyiladi suv
Bo‘g‘iq shovqin ichra otganicha to‘r.
Uchib o‘tayotgan qushlar galasi
Viqor-la qichqirar tutib-da surur..

Qora do‘ngliklardan o‘rlagan hovur
Tongdanoq qizdirar muzdek havoni.
Nurlar chiltoridan taralgan shovur
Qitiqlay boshlaydi yerning tovonin.

Choshgoh chog‘ deraza ostida ko‘lmak
Oynaday yaraqlar quyosh to‘kkach qo‘r.
Mitti quyonchalar ayvonda, sergak,
Shalpang quloqlarin o‘ynatar bir-bir.

Nafis bulutlarning ortida havo
Samoga iladi moviy pardasin,
Quyoshning yoqimli taftidan, illo
Xirmon sukunatning qavir ko‘rpasin.

O, bahor! Qarshilar seni tirik jon,
Unutish mumkinmi ko‘klam na’shasin.
Bog‘lar shiviridan entikar osmon,
Kezar tomchilarning zangor sharpasi.

Suvlar shildirashi, yarqirashi ham,
Xo‘roz qichqirig‘i jarangsoz biram.
Ko‘zlar yumiladi farog‘atdan va
Namxush shamollarning vasfidan yana.

DERAZADAN

Kedr shoxi – yashil so‘zana,
Go‘yo deysiz qalin, to‘q baxmal.
Ortida bor shaffof bog‘, yana,
Unga hech ne bermaydi xalal.

Ilon izi ko‘kimtir so‘qmoq,
Boz tovlanar zumrad maysazor.
Qayinlarning shoxida – baldoq –
Kulrang bargak taratar ifor.

Zaranglarning tillarang xoli
Ulashadi qalbga bedorlik.
Huv vodiylar mizg‘iydi tolib,
Zimistonda erigan qordek.

* * *

Kuz. O‘rmon. Barg raqsidan
Qurigan botqoq mudrar.
Oqimtir ko‘l aksidan
Osmon gumbazi xira.

Nilfiyalar gullagan,
Za’far ochilgan qiyg‘och.
Barg yo‘llarni qoplagan,
O‘rmon bo‘m-bo‘sh, yalang‘och.

Baribir sen go‘zalsan
Quriganing chog‘da ham.
Mox bosgandan o‘salsan,
Maftunkorlik senda jam.

Ko‘rfaz burnidan shundoq
Keksa daraxt boqar lol.
Ovutar uni mudroq,
Bahorga qadar alhol.

* * *

Tuman pardasiga berkindi yobon
Qo‘qqis yomg‘ir yog‘gach qiyalab sho‘xchan.
Nafosat o‘tiga chulg‘andi o‘rmon,
Yomg‘irdan so‘ng osmon billurlashdi – shan.

Otashu rutubat og‘ushida mast,
Baxmaltus bug‘doyzor quyoshdan porlar.
Qayin butog‘iga qo‘nib zarg‘aldoq
Beparvo g‘ujurlab nenidir chorlar.

O‘rmonzor oralab qo‘zg‘algan shamol
Barglarni erkalab o‘ynar, yulqilar.
Qayin-chi, shabnamlar sochib bezavol,
Ko‘z yosh orasidan tabassum qilar.

* * *

Tashqarida kezinadi jim
Siyoh tusda tonggi soyalar.
Chorlar go‘yo qoqqanicha im
Gul bog‘lagan bedapoyalar.

Allaqachon kun taftga ingan,
Eshitilar bolta tovushi.
Oq chorloqlar galasi chindan,
Unutilgan damlarning tushi.

Jaranglaydi daryo ortidan
Kakkularning kukulashi ham.
Qayinzordan taralar shu on,
Yaproqlarning bo‘ylari – xushta’m.

Shaffof daryo hayotlanadi
To‘lqinlarning jimirlashidan.
Rangin kuylar qanotlanadi
Don xirmonin g‘imirlashidan.

* * *

Quyosh qo‘ygach bolishiga bosh
Cho‘g‘lanar shom, bo‘zarar atrof.
Halqalanib tinar dala-dasht
Ekinzorni aylab-da tavof.

Marjumaklar gullagan – oppoq,
Asal hidin ufurar mayin.
Qishloq uzra shomgi qo‘ng‘iroq
Ibodatga chorlaydi tayin.

Kakku esa allaqayoqdan
Kukulab-da, sayraydi yayrab.
Totli lahza entiktirgan dam
Qolgung kelur dalada tunab.

Quyosh asta yashirdi yuzin,
Yolqin sochib lovullar shafaq.
Issiq shamol qo‘zg‘aldi sokin,
Har neni-da turtar xushchaqchaq.

Tun quyuldi. Yer oldi bo‘sa
Yulduzlarning shu’lalaridan,
Ekinzordan horgan har kimsa
Uxlar endi dala-dasht bilan.

XAZONREZGI

O‘rmon bir ko‘shkdirki – naqshinkor,
Serjilo ranglardan serhasham.
Bo‘y cho‘zgandir guldor bir devor,
Kamalakdan yoqqandayin sham.

O‘yma naqshdek barglar, ajabo,
Yaltiraydi havorang tusda.
Zaranglar-ku kahrabo, hatto
Qora tortar archalar kuzda.

Daraxtlarda barglar siyrakdir,
Anqir eman, qarag‘ay hidi.
Ko‘kdan mayin to‘kiladi nur –
Yigirilar urchuqsiz xuddi.

Uzilmagan sarg‘ish mevadek
Quyosh qotgan, jilmaydi sira.
Kuz mehribon ma’sum bevadek,
Kirib ketar guldor ko‘shkiga.

* * *

Dala tutab yotar tong otar oni,
Tumanli cho‘l uzra qurq-qurqlar burgut.
Yovvoyi unida ochlik fig‘oni
Sovuq g‘ira-shira ichra sochar o‘t.

Xushbo‘y hid taratar uyquchan dala,
Burganlar shabnamdan chatnar beg‘ubor.
Hatto sovug‘ing ham yoqimli, maza,
Sening chorlovingdan adilman, Bahor!

Tuman burqsib suzar cho‘lning bag‘ridan,
Burgutlar qiy-chuvi shamolda talosh.
Bulutlarni yoqib, zulmat qa’ridan
Shardek ko‘tarilar samoga quyosh.

* * *

Deraza qirovdan kumushlanar tong,
Xrizantemalar gullagan kecha.
Osmon toqi yorqin, toza, nafarmon,
Qor uchquni o‘ynar bo‘g‘otlarda-da.

Quyosh-chi, junjikib sovuqda qotgan,
Deraza tovlanar tillarang tusda.
Bir shirin sokinlik bo‘y cho‘zgan tongdan
Oppoq qor hovuri suzadi, muzday.

Yorqin va musaffo osmon etagi,
Shu’lalar qor uzra raqs tushar rangin.
Kumushlanib porlar derazamdagi
Xrizantemalar kulgu, jarangi.

* * *

Arazli kelinday faromush Bahor,
Kel, ko‘zimga tik boq, o‘tmishni unut.
Ma’yussan ne uchun, o‘kinma zinhor,
Nedan suyuklisan, kel, qo‘limdan tut.

Eh, jimsan, so‘lg‘insan uzilgan guldek,
Qo‘y endi, gapirma, iqrorlik nechun.
Vidoingda balqir inja erkalik,
Tokay boj to‘layman yolg‘izlik uchun!

OChIQ DENGIZDA

Ochiq dengiz uzra to‘sh urgan osmon
Shamollar zabtidan qo‘zg‘algay og‘ir.
To‘lqinlar mavjidan chayqalib yelkan
Kulrang qanoti-la quyi og‘adir.

Zangor quloch yoyib yugurur shamol
Ochiq dengiz uzra bulutlar bilan.
Sen esa unutsan, tush misol, alhol,
Cheksiz olisdasan, nazdimda, yo‘qsan.

To‘lqinlar chayqalib arazin to‘kar
Yolvorib urgancha oyog‘imga bosh.
Allakim samoviy ko‘zlarin tikar
Lip-lip o‘ynayotgan mavjlarga yuvosh.

Nedandir imo bor tirikligingga,
Moviy suv singari erking ham ozod.
Yodingga soladi beparvo chog‘da
Sening mangu unut bo‘lganliging bot.

* * *

Qora bulut tindi, namxush harorat
Bahor shomi ila tillashdi shu zum.
Shamol qanotida yelpinib behad,
Zaif qizaradi cho‘l shafag‘i jim.

Harir tuman qo‘ng‘ir daryo ustida
Kumushsimon pardek suzadi yengil.
Daryo ortida-chi, alanga ichra
Ko‘z olar tillarang ufqning yengi.

Sokin bog‘da bulbul xonishi tinar…
Zimistonda iliq tun hovuridan,
Tomchilar tizilib shoxlarga qo‘nar…
Bog‘ uyg‘oq shumurtlar bo‘y-shovuridan.

* * *

Qarag‘ayzor bo‘ylab tashlayman qadam
Qumlik qiyalikdan vodiyga tomon.
Xufton soya tashlar, tog‘ cho‘qqisi ham
Hurpayadi, o‘rmon hurpaygani on.

Qorong‘ulik cho‘kar chakalakzorga,
Tag‘in yo‘llar qochib yashiradi iz.
Qalbimda ishonch bor yolg‘iz Xudoga,
Ola qarar menga izvoshchim ruhsiz.

Otlar ildamlaydi, kumush qo‘ng‘iroq
Jarangi singadi ufqlarga bot.
Baxtiyor lahzalar sehri umrzoq,
Mungli kuyingda-da zavq bor, ey Hayot.

* * *

Tungi xiyobonda daraxtlarga boq:
Yupqa tutun bilan qoplanar uchi.
Ortida bo‘zargan ufqdir – mayoq,
Oq ko‘lanka to‘shar bulutlar ko‘chi.

Yulduzlar naqshinkor shu’lasi bilan
Elvizak yolini kumushga bo‘yar.
Oyoqlar ostida shitirlab xazon
Olis bahor tushin hurkitar, suyar.

Nahot qalb begona yil bo‘yi mendan,
Navqironman, axir, qadamim yengil.
O‘zim ham bilmayman, neni kutaman,
Umid cho‘g‘in yutar kutishdan ko‘ngil.

* * *

Qushlar ko‘zga tushmas osmonda bir bor,
O‘rmon itoatda faromush, yo Rab.
Kimsasizlik tavqi ezadi takror,
Xastalik har neda bo‘y cho‘zar, ajab.

Jarlikda zax bosgan qo‘ziqorinlar
Achchiq hid taraydi havoga betin.
Xilvatga undaydi bepanoh kunlar
Yorug‘lik ilinjin unutib butun.

Kuz yomg‘iri yog‘ar, muzdek to‘zonlar
Erning tushlarini hurkitar, evoh.
Qorayib ko‘ringan bargi xazonlar
Chirish mavsumidan etadi ogoh.

Qovog‘i uyilgan daraxtlar, afsus,
Sovuqdan junjikib titraydi behol.
Faqat erkinligin qiladi ko‘z-ko‘z,
Dasht aro kezib-da darbadar shamol.

Huv olisda qishloq. O‘yladimmi, oh,
Otlarning dupuri uyg‘otar uyqum.
Uchqur shamol erkin tuyaman nogoh,
Shodligu qayg‘udan jaranglar tuyg‘um.

TO‘LIN OY

Suzayotir muzday tumanda,
Xira nurin sochib to‘lin oy.
Maysazorlar porlar tubanda,
Shabnamlardan sham tutar Chiroy.

Ovloq daryo qirg‘oqlarida
So‘lg‘in tortar qorayib qamish.
Ko‘rinadi daryo narida
Oq tol uchi, ko‘zingga tanish.

Qayerdadir tegirmon bo‘g‘iq
Shovqin sirin vaqtga bermas boy.
Tun bo‘zargan, qishloq etmas churq,
Huv yuksakda porlar to‘lin Oy.

* * *

Yo‘l bo‘yida sokin qayinzor qalin
Momiq qor ostida sham kabi porlar.
Ortga uloqtirib ulkan shoxlarin,
Chil oyoq bug‘ular ildam choparlar.

Archalar uchiga tekkach shoxlari,
Qor uyumi ko‘char shovullab mayin.
Umid yalovidan belgi har bargi,
O‘rmonning uyqusin buzishi tayin.

Ana iz tashlaydi yolg‘izoyoq yo‘l,
Negadir bug‘ular sapchidi nogoh.
Daf’atan atrofda qo‘pganday dovul,
Novdalarni tishlab qoqardilar, oh.

Bo‘ronli vodiydan chiqoldi erkin,
Shiddatkor kuch ila to‘dani olib.
Sohir go‘zallikni (quvnoq va durkun).
Ajalning domidan qutqazgach g‘olib.

* * *

Yirtqich hayvonlaru qushlarda bor in,
Bukun eziladi g‘ashlikdan ko‘ngil.
Ha, ota hovlimdan ketgandim u kun,
Avf etgin, jonajon uyim, kechirgil.

Yirtqich hayvonlaru qushlarda bor in,
Evoh, yuragimni yoqar qayg‘u, g‘am.
Ijara uylarda cho‘qindim har kun,
Elkamda chiridi safar xaltam ham.

XAYRLAShUV

Chinorlar ortida oqargan vodiy,
Qurigan chashmalar o‘yida yonar.
Tilla barglaridan taratgancha kuy,
Qirmizi lolalar mahzun to‘lg‘onar.

Osmon qorayadi kuyarkan quyosh,
Sovuq shamol yelpir vodiy etagin.
Moviy ko‘zlaringda billuriy ko‘z yosh,
Feruzadek xira tortadi tag‘in.

ShAFAQSIZ TONG

Mudrar keksa qayinzor,
Boshida ko‘k chambarak.
Bu yerda na mozor bor,
Na orzudan bor darak.

Uyg‘onib yoz shamoli,
Novdalardan uzar barg.
Olis dala xayoli,
O‘ylarimda urar charx.

Na o‘choq bor, na qozon…
Bo‘m-bo‘sh orzu yo‘lagi.
Egnimdan tushmas hamon,
Talabalik ko‘ylagi.

Nahotki sen yolg‘izsan,
Yotmi dilim kulbasi.
Yaqinsanu olissan,
Yoniq umid shu’lasi.

Butun yer shari bo‘ylab,
Kezayapman hamon men.
Navqironman, ha, kuylab,
Senga yetgum omon men.

* * *

Orzularim kabi ma’yus tun,
Muhabbatim dog‘ida ado.
Huv xilvatda chorlaydi betin,
Gulxan milt-milt yonar ekan to.

Seni qanday atashlarin, o,
Kimga aytib dil yorgum bu kun.
Olis yo‘llar dog‘ida ado,
Orzularim kabi ma’yus tun.

TUYaYO‘NG‘IChQA

Derazadan men sari akam,
Uzdi-da juft gulni irg‘itdi.
Menga alam qildi chunonam,
Bu juftlikning aybi ne edi.

Sho‘rlik sariq tuyayo‘ng‘ichqa,
O‘gaylikning qurboni esiz.
Alamimni yutdimu ichga,
Darhol cho‘lga otlandim beso‘z.

O dalalar, ko‘zga xo‘p yaqin,
Tilla rangda tovlanar, bay-bay.
Asalari g‘uvillashi chin,
Yoqimlidir har nedan, hay-hay.

Dim havoda izg‘ir mavjudot,
Sharpalari urilib yuzga.
Dala bo‘ylab yoyadi qanot
Za’far yog‘du – yonishi o‘zga.

Ertaga ham kun qaynar, demak,
Yog‘ilajak o‘gaylik tavqi.
Olov sochib shamol esajak,
Bo‘y cho‘zajak qashshoqlik xavfi.

Ochlik zulmi yoyilar har yon,
Neki yo‘g‘on, tortar ingichka.
Har lahzada har ne balodan,
Qutqazajak tuyayo‘ng‘ichqa.

* * *

Tun oqarib oy botganda tik,
Daryo orti silkiydi etak.
Uyqusirab tuman kumushdek
Maysazorda yarqirar – oynak.

Buruqsigan namxush qamishni,
Shildiratar tortqilab shamol.
Sukunatga chayqatib tushin,
Qarta chiymay qishloq ochar fol.

Butxonada esa jinchiroq*,
Xiralashar yonishdan horib.
Nim yorug‘da junjikadi bog‘,
Cho‘l shamolin shu’laga qorib.

Kengliklarga tutib zarvaraq,
Loladayin qizarar shafaq.
____________
Jinchiroq* – bu yerda ikona (sanam) poyiga yoqib quyiladigan lampada

VATAN

Osmon tubi jonsiz, qoramtir,
Qovoq osgan tag‘in qishki kun.
Qarag‘ayzor qo‘llarin silkir,
Qishloqqacha yo‘l olis, uzun.

Tuman moviy hamda sutsimon,
Diltang etar beozor anduh.
Qorli cho‘lda esgandek bo‘ron,
Faryod chekar quvg‘indagi ruh!

IKKI KAMALAK

Zarrin rangli ikki kamalak,
Yashnar tingach bahor yomg‘iri.
Tussiz, qoshi to‘kilgan falak,
Taftga inib, uchar shiviri.

Yolqinlanib pag‘a bulutlar,
Jim tinglaydi bog‘lar allasin.
Qora nuqta misol ko‘rinar,
Olislashgan qushlar galasi.

Kamalaklar rango rang tusda,
Muattar bo‘y tarar ohista.

MOMAQALDIROQ

Chaqin chaqib momaqaldiroq,
O‘rmon uzra gumbirlagan on.
Issiq yomg‘ir quyildi, biroq
Ko‘lmaklarga sho‘ng‘idi osmon.

Kezib o‘rmon so‘qmog‘i bo‘ylab,
Fazoga ko‘z tikkandim: tiniq.
O‘tgan kunlar xotirin kuylab,
Ko‘z yosh to‘kar yulduzlar – siniq.

Mening esa yulduzim boshqa,
Kipriklari tim qora, uzun.
Bulut qaynoq nafas yutganday,
Chaqmoq hidin tuyaman mahzun

Bir fursatki, bahor bo‘roni
Girdobida qolganimdayin,
Olis chaqmoq nuri tug‘yoni
Yuragimga bo‘ylagan sayin…

Jimjimador changalzor tomon,
Termulaman yulduz kabi jim.
Shivirlashim o‘zimga ayon:
Eh, men seni qanday sevgandim!

* * *

Qushlar ko‘zga tushmas osmonda bir bor,
O‘rmon itoatda faromush, yo Rabb.
Kimsasizlik tavqi ezadi takror,
Xastalik har neda bo‘y cho‘zar, ajab.

Jarlikda zax bosgan qo‘ziqorinlar,
Achchiq hid taraydi havoga betin.
Xilvatga undaydi bepanoh kunlar,
Yorug‘lik ilinjin unutib butun.

Kuz yomg‘iri yog‘ar, muzdek to‘zonlar
Erning tushlarini hurkitar evoh.
Qorayib ko‘ringan bargi xazonlar
Chirish mavsumidan etadi ogoh.

Qovog‘i uyyulgan daraxtlar, afsus,
Sovuqdan junjikib titraydi behol.
Faqat erkinligin qiladi ko‘z-ko‘z,
Dasht aro kezib-da darbadar shamol.

Huv olisda qishloq. O‘yladimmi, oh,
Otlarning dupuri uyg‘otar uyqum.
Uchqur shamol erkin tuyaman nogoh,
Shodligu qayg‘udan jaranglar tuyg‘um.

QUTB YuLDUZI

Muzlar orasidan o‘zining yolg‘iz,
Yovvoyi o‘tovin tikladi Ajal.
Nuqra yog‘du sochib Qutb yulduzi,
Olti oyki, to‘lar zulmatga badal.

Tuman ko‘lkasida gohida paydo,
Goh o‘tov yonida o‘ltirar yolg‘iz,
So‘qir nigohini tikkandan, evoh,
Mangu muzdek qotgan ul porloq Yulduz.

TO‘LIN OY

Suzayotir muzday tumanda,
Xira nurin sochib to‘lin oy.
Maysazorlar porlar tubanda,
Shabnamlardan sham tutar Chiroy.

Ovloq daryo qirg‘oqlarida,
So‘lg‘in tortar qorayib qamish.
Ko‘rinadi daryo narida,
Oq tol uchi, ko‘zingga tanish.

Qayerdadir tegirmon bo‘g‘iq
Shovqin sirin vaqtga bermas boy.
Tun bo‘zargan, qishloq etmas churq,
Huv yuksakda porlar to‘lin Oy.

* * *

Yarim tunda uydan yolg‘iz chiqaman,
Og‘ir qadamimdan titray boshlar Yer.
Qoraygan bog‘larga yulduzlar qo‘ngan,
Oq poxol tomlarda behol o‘ynar nur.

Neki narsa mavjud, bari motamda.

* * *

Turfa rang izlari xazonlarda jam,
Qochib qayga borgung taqdir izmidan.
Osmon mayin yog‘du sochadi bu dam,
Yalang‘och emanlar orasidan – shan.

Qandaydir samoviy darakdan nishon,
Jimlikda g‘amginlik akslangan on.
Yana qalb kechirdi va takroran, bil,
Kechirarmikansan, eh aldoqchi yil!

QO‘NOQ

Shomda qaynoq o‘rmon zimistonida,
Suv yuzida shafaq yog‘dusi xira.
Muzlagan boshpana tor ayvonidan,
Qani biroz pastla , kuyinma sira.

Erkin qanot qoqgil, shabnamlar qo‘ngan,
Barglar orasida, mayli ertalab.
Billur havo ichra g‘oyib bo‘lgin-da,
Vatanga qaytishni unutmagil, Qalb!

* * *

Jo‘xori poyada tashlanar ko‘zga,
G‘ildirak izlari, bargi xazonlar.
Junjikib tirishar sovuq dengizda,
Rangsiz meduzalar – mitti g‘ilmonlar.

Kuzgi dalalaru yalang‘och dengiz,
Qoya jarliklari to‘mraygan – mahkum.
Yarimshol dengizda oshkor ochar so‘z,
Sirli xilqat aro muqaddas udum.

–Suvni ko‘ryapsanmi?
–Simobli go‘yo,
Tuman shu’lalanib nim hol yaltirar.
Ko‘zga ko‘rinadi na yer, na samo,
Ma’yus yulduzlarning shu’lasi xira.

* * *

Yarim kecha olis sahroda,
Qanotlanar jaranglagan un.
Yovshanlardan asal hidi va
Rangpar oydan yog‘ilar kukun.

Hayot, vaqtdan qarangki, go‘yo
Tashqarida qolganday o‘zim.
Uyqudadir zimiston sahro,
Sehrlagan misoli ko‘zi.

* * *

Ro‘paramda yalang‘och o‘rmon,
Tepamda-chi oqaringan oy.
So‘qmoqdaman, sachrab-da, limon
Barglarini qoraytirar loy.

Muzday shovqin suzar yuksakda,
Pastda sukut jaranggi paydo.
Yoshlik o‘tdi darbadarlikda,
O‘y-xayollar ovutar tanho!

* * *

Bamisli tun kunduzday yorug‘,
Ortimizdan ergashar soya.
Atirgullar tutgan kumush tug‘,
Ufqda oy yerga hamsoya.

Tutib olgum xayrlashuv on,
Rangsiz, sirli, g‘amgin nigohing.
Yuragimda yashirgum, bejon
Murda kabi sovuqlikni so‘ng.

* * *

Kun boshlanar, g‘oyib bo‘laman,
Bo‘m-bo‘sh xonam qolar huvillab.
Neki mavjud bari bir xil rang,
Oddiy, eski, sira etmas jalb.

Qo‘nib rangdor kapalak sokin
Kashtadagi gulga bosar lab.
Qanotlari hilpirab mayin,
Uchar keyin moviy shift bo‘ylab.

Shu on ochiq derazadan boq,
Parcha osmon – o‘xshar yenglikka.
Xuddi ko‘kish dengiz – yarqiroq,
Tag‘in chorlar moviy kenglikka.

YoShLIK

Yalang‘och o‘rmonda qamchi chars-chursi,
Sigirlar mo‘ngrashi havolangan on.
Oyoqlar ostida barglar shitiri,
Boychechak kulgusi yangrar – za’faron.

Oqargan dalaga horg‘in iz tashlar,
Yomg‘irli bulutlar tikkancha viqor.
Yurak-chi sirli bir shodlikni qo‘msar,
Hayot esa cho‘ldek cheksiz, ulug‘vor.

* * *

Xo‘mraygan, ko‘kimtir sovuq bu tunda,
Qordek oppoq atrof porlar naqadar.
Qishloq burjidagi g‘arib bir kulba,
Deraza oynasi nafis qizarar.

Tungi shimol taraf qo‘rqinchli va tund,
Qanotlanar johil salobati ham.
Ayozli oq g‘ira-shirada bu tun,
Qasrdan yoqimli yovvoyi kulbam!

* * *

Qoraygan dalalarda poyonsiz dengiz kabi,
So‘nayotgan shafaqlar qayg‘uli tusga kirar.
Tungi sayxonlik uzra mayin arg‘amchi otib,
Shafaqlarning izidan soyalar jim izg‘ishar.

Qo‘shoyoqlar oralab sirli, xuddi ruh kabi,
Izg‘ib-da, yumronqoziq hushtak chaladi go‘yo.
Tovushsiz sapchish bilan so‘ngra iz yashiradi,
To‘satdan oyna tutib sodir bo‘lganday ro‘yo.

* * *

Tog‘da qaynar jarangos chashma,
Chalganicha kumush qo‘ng‘iroq.
Qoraygan but xo‘rlikka oshna,
Qayin cho‘mich yonda – yarqiroq.

Qo‘rqoqliging, qulliging uchun,
Nechun seni sevayin, o Rus!
Sendan shu but, oq cho‘michchaning
Kamtarligi ming karra durust.

ShOM

Neki mavjud bari chala uyquda,
Oqargan soy uzra sovuq yel uchar.
Qoraygan tog‘lardan tortib homuza
Quyuq tuman quyi sirg‘alib tushar.

Qoyalar to‘shiga urilib shitob,
Tubanda to‘lqinlar guvillar nolon.
Kulrang tuman ichra bug‘lanib shu tob,
G‘ira-shiralikda g‘oyibdir osmon.

Yovvoyi suronda tikib salobat,
G‘ala g‘ovur ichra tutundek qalqir.
Tog‘lar-chi ilohiy pahlavon sifat,
Ulug‘vorlik bilan oftobday balqir.

Ibodatxonaga qadam qo‘yar tun,
Tog‘lar etagidan asta uzilib.
Qayg‘uli kuylashar tumanda betin,
Sirli ma’budlarga jo‘rovoz bo‘lib.

SIRIUS*

Qaydasan, muqaddas porloq yulduzim,
Samoviy go‘zallik gultoji o‘zing.
Sirli jozibangdan hayratda ko‘zim,
Somon yo‘li bo‘lib yarqirar izing.

Qaydasan, yarim tun darbadar kezib,
Yorug‘ kengliklarni etguvchi oshyon.
Pokdomon umidlar shavqida yuzib,
Olis yillarimdan so‘ylaysan pinhon.

Mayli yon, o‘ynagil samo ko‘ksida,
Ilohiy qudratdan otashlan ko‘zim.
Xudo ham unutgan qabrim ustida,
Xanjarday yaraqla, so‘nmas yulduzim!
___________
*Sirius – yulduzlardan birining nomi.

SATURN

Olovli don yanglig‘ faromushxotir,
Bepoyon fazoda kezinadi u.
Qalb ham lahzalarga itoatkordir,
Bamisli yulduzdek. Tangri ajri bu.

Biroq yarim tunda sharqda yuksalar,
Xuddi qo‘rg‘oshindek porlab benajot,
O‘t purkab dahshatli o‘lik sayyora…
Ishing mukammaldir yaratguvchi zot!

KEMADAN

Ko‘pirgan to‘lqinlar oq uchqun otar,
Qirg‘oqlarga so‘ylab hayot ertagin.
O‘lik baliqchilar kemada yotar,
Kim ham afsus qilar ularga tag‘in.

Feruza rang osmon shodlanar mubham,
Ammo ustixonlar qurib qatlangan.
Ko‘zni cho‘qib olar yarqirashi ham,
Evoh tubanlikda har ne xatlangan.

SOLLAR

Daryoning mavjlari qoraygan chog‘da,
Elvizakning muzday nafasi tinar.
Quyoshning taftini tuymay qumloqda,
Maysalar oqarib nursiz ko‘rinar.

To‘lqinlarni yamlab suzadi sollar,
Toshli qoyalarga urilmay barhaq.
Yog‘siz pilik misol tutab-da yonar,
Sovuq kunbotarda qizarib shafaq.

* * *

Ko‘ksimni keng ochdim qabul etmoqqa,
Bahoriy hislarni – oniy mehmonni.
Go‘zalliging ila singib ketmoqqa,
Tabiat, bichib qo‘y tandagi jonni!

Sen yuksak samosan, ham uzoqdagi
Moviy kengliklarning quyisan, inon!
Sen yashil dalasan – ko‘klam ertagi,
Senga intilaman qalb bilan har on!

* * *

Oq bukri tollarning xarob bog‘ida,
Qora suvda qalqdi men sevgan yulduz.
Gulxan miltillardi sahar chog‘ida,
Endi osmonlardan topolmam, afsus.

Qishlog‘imda o‘tgan yoshlik yillarim,
Qo‘shiqlar aytardim jo‘r bo‘lib kuyga.
Kutganman tolening quvonch gullarin,
Men endi hech qachon qaytmayman uyga.

* * *

Shovqin solar barglar chirpirab uchib,
O‘rmon qarshilarkan kuzgi suronni.
Shamol kulrang qushlar galasin quchib,
Barglar-la raqs tushar, to‘zg‘ib har yonni.

Hali bola edim, beg‘am hazilkash,
Qushlar g‘ul-g‘ulasi yoqardi biram.
Qanoti ostidan uchsa g‘ovurlash,
Zavqlanib o‘ynardim, sakrab shod, xurram.

Shovqinli girdob-la xohlardim birga,
O‘rmon bo‘ylab uchib hayqirishni ham.
Vujud yonib, to‘lib cheksiz sururga,
Uchratgan mis bargni quchardim mahkam.

ERUVChANLIKDAN SO‘NG

Yog‘di taftli nayson yomg‘iri,
Tuman yumshab moviylashdi boz.
Maftun etib havo shiviri,
Tongi epkin ila uchdi soz.

Olis o‘rmon yoqasida shan,
Sokin uxlar yashil qarag‘ay.
Uning xushqad ustuni tuman
Namxush bo‘yin har yon taragay.

Nafis naqshin barglar yutib cho‘g‘,
Navdalar-da tutdi yashil tug‘!

MARVARIDGUL

Yalang‘och bog‘larga ufurdi sovuq…
Xazon orasidan nur sochding kulib.
Unda bola edim, har neki yovuq,
Ilk she’rim bitgandim ilhomga to‘lib.

To abad pokiza yashash sabog‘in
Uqmoqqa ont ichdim yosh qalbim bilan.
Mahliyo etgandi sersuv yaprog‘ing,
Musaffolik tuydim achchiq hidingdan.

* * *

Nayson o‘rtasida bulut ortidan,
Ochildi osmonning moviy parchasi.
Ko‘kimtir o‘rmonda tebrandi birdan,
O‘rgimchak inining quruq soyasi.

Qimirlagan chog‘i g‘ovakda ilon,
Eman barglarining uchdi shitiri.
Binafsha tusiga burkangach o‘rmon
Ko‘kka qanotlandi moviy shiviri.

Qayinzor atlasdek yarqirab shu dam,
Ochdi yaproqlarning nafis kitobin.
Bu aldov lahzasi, baxt lahzasidan,
Yuz karra shirindir sog‘inch azobi!

SIRKDA

Bo‘m-bo‘sh balandlikda, samo ostida,
Egilib, tebranib, silkinadi dor.
Sim bo‘ylab sirpanar dorboz ohista,
Qo‘lida langar cho‘p, sergak va hushyor.

Skripkaning ajib kuyidan qotib,
Tikilar yuksakka minglab nigohlar.
Miltillagan shamday hayrat uyg‘otib,
Bo‘m-bo‘sh moviy falak burgutdek boqar.

Allaqanday g‘ayri siqiq kuch-quvvat,
Simni titratgan on uchib bir nola,
Tubsizlik qa’riga yoprildi behad,
Xuddiki, Nayada – oyparast bola.

SO‘Z

Qabrlar sukutda, ustuxonlar ham,
Faqatgina so‘zga berilgan hayot.
Azal zulmatidan qabriston – olam,
Qadimgi yozuvlar sado berar bot.

Axir bizda bundan boshqa boylik yo‘q,
Asramoq vijdoniy sharaf, burchimiz.
Azobu uqubat bo‘lolmas to‘siq,
Bizga boqiy in’om – ul muzaffar So‘z.

TO‘XTA, QUYoSh

Ucharu yaltirar lipillab kegay,
Sog‘inchdan titrarman men ham tashnahol.
Oldinda uchar jang aravasi, hay,
Yo‘l sari boqaman qarchig‘ay misol.

Nima bor oldinda? Jarlikmi, girdob,
Shafaqning qontalash shu’lasi, hayhot.
Navin* hayqirig‘i jaranglar shu tob:
“To‘xta, quyosh! To‘xta, joyingda tosh qot!”
_________
Navin* – Qadimiy ahdlarga ko‘ra Musoning yordamchisi

KEKSA OLMA DARAXTI

Qor yog‘sayam xushbo‘yu xushqad,
Sochur shodlik jarangin faqat.
Guling o‘ynar arilar bebosh…
Keksardingmi, qadrdon o‘rtoq?
Qo‘y, qayg‘urma, bo‘larmi shundoq–
O‘zgalar ham keksalikda yosh!

SIROKKO*

Tog‘lar uzra dovulning shovqini-yu gumburi,
Yarim tunda olisda alahlaydi telbavor.
Zaytun bog‘idagi hov oyning-da xira nuri,
Uyqusiz chigirtkalar qo‘shig‘idek jarangdor.

Tillaqo‘ng‘izlar oyoq ostida milt-milt yonar,
Nuqradek o‘rab olgan xira po‘rtanalar ham.
Qayiqlar qabristoni cho‘maru ham to‘lg‘onar,
Zavq-shavqda uchirmoqda qaygadir barin olam.
________
*Sirokko – Afriqoda esadigan quruq shamol

OQShOM

Baxt zohirdir bizning xotirda faqat,
U esa har yerda, ehtimol baxt bu –
G‘aram ortidagi kuzgu bog‘ yohu
Musaffo havodir ruhafzo qudrat.

Tubsiz osmondachi tegrasi oppoq
Parqu bulut osiq, yarqirar chunon.
Kuzatgum… kam ko‘rlik, kam bildik. Ayoyon,
Baxt berilar uni bilganga har choq.

Derazaga qo‘ndi chiychiylab bir qush,
Horg‘in nigohimni uzdim kitobdan.
Osmon cho‘kar, osmon bo‘mbo‘sh qolar va

Tegirmon g‘uvlashi eshitlar shan.
Tinglabu ko‘ryapman, baxtliman demak,
Barisi o‘zimda jam ekan beshak.

ALYoNUShKA

Alyonushka o‘rmonda yashar,
Bug‘doyrang qiz,sevinchi toshar.
Nigohlari otash va chaqnoq,
Tik boqqan chog‘ otadi chaqmoq.
Sayr istab so‘qmoq yo‘l bilan,
O‘sha mitti qizaloq sho‘xchan.
O‘rmon bo‘ylab ketdi o‘sha dam,
Bir do‘st izlab panapastqamdan.
Kim ham uchrar o‘rmonda axir?
Diqqat bo‘ldi qizaloq oxir.
Azob tortdi bekorchilikdan,
Alyonushka so‘ng yoqdi gulxan.
Quruq yerda gurillab olov,
O‘rmonga o‘t tushdi, beayov
Yomg‘ir yamlar to‘nka, daraxtni,
Qushlar omon qoldi, nebaxtki,
O‘zi g‘oyib bo‘ldi qay tomon,
Bilolmayin dog‘daman hamon.

BEGONA

Sevasan, lek o‘zgaga yorsan,
Faqat meni sevasan jonim.
Unutolmay adoi zorsan
So‘nggi kunga qadar, inongum.

Hurliqosan, uning ortidan
Soya misol ergashding hatto.
Ma’sumgina boqqaning bilan.
Senga qiya boqmadi ammo.

Ayoliga aylanding shunda,
Sen qiz bola emasmidang, a?
Har nag‘mangdan porlabda kunday,
Go‘zallikda bo‘lding ma’buda.

Vafosizday tuyulding, biroq
Faqatgina bir bora dildor.
Bir iboli porladi bu choq
Mehr to‘la ko‘zlaring oshkor.

Sir saqlashni bilmaysan, inon,
Unga mangu yotligingni ham.
Unutmaysan meni hech qachon,
Tangriga chin ichganday qasam.

BIZ YoNMA-YoN BORARDIK…

Biz yonmayon borardik, ammo
Kuch topmading solmoqqa nazar.
Mart kunlarin shamolida boz,
Quruq suhbat xo‘p g‘ashga tegar.

Oqarardi sovuqdan bulut,
Tomchilarga do‘ngan bog‘ bedor.
Porlar yuzing uzra oppoq o‘t,
Gullar kabi ko‘zlaring zangor!

G‘uncha misol ochilar labing,
Cho‘chir nigoh tegib ketishdan.
Quruq shodlik tutadi tag‘in,
Bizga o‘sha g‘alati olam.

NEChUN, NIMA HAQDA GAPIRMOQ KERAK?

Nechun, nima haqda gapirmoq kerak?
Orzuyu muhabbat, qalb ila jo‘shqin.
Yurak intiladi fosh qilmoq uchun,
Nima bilan deganso‘z ila beshak.

Odamzodga oid so‘zlar-da azal,
Allaqachon ular izdan chiqmagan!
Ma’no izlamangiz ulardan har gal,
Mazmun unutilgan, ma’no yig‘magan.

Kimga ham bu haqda so‘zlamoq kerak?
O‘tli yurak yo zo‘r istak bilan, bas.
Azob- uqubatning bor kuchin beshak,
Uddasidan chiqmas tushunmoqni kas.

SISILIYaDA

Qirlar qo‘ynidagi huv monastrlar,
Merosidir dengiz qaroqchilarin.
Unutilgan bo‘mbo‘sh makonda, do‘stlar,
Ruhim qachonlardir yashagan tag‘in.

Men sizni sevaman odmi hujralar,
Devori zil cho‘kkan hovlilarni ham.
Mog‘ordan oqargan tuprog‘ing va
Ko‘prik ostidagi butangni har dam.

Sirpanchiq kulrang tosh, palaxsalaru
Zaytunaro go‘yo ko‘mko‘k ko‘ringan,
Qirg‘oqni band qilgan tog‘ yonbag‘rini,
Qoya ostidagi zilol suving — shan,
Zaytun barglaringni sho‘rtak shamoli,
Xushbo‘y zira hidin taratar g‘olib.

Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi

MOVIY KO‘ZLARGA

O‘zimni sezaman juda baxtiyor,
Moviy ko‘zlaringga ko‘zim tushgan kun.
Sevgi uchqunlari charaqlar unda
Moviy osmon kabi tiniq va durkun.

O‘zimni sezaman g‘amgin va xomush
Ko‘zlaringni mendan olib qochgan kun.
Baribir sen meni sevasan, jonim,
Aytgil, muhabbatni yashirmoq nechun?

Qalbim munavvardir har vaqt, har doim,
Yonimda bo‘lsang gar, qalam qoshligim.
Azizim, hech qachon zavol topmasin
Sening go‘zalliging, quvnoq yoshliging.

GADO

Shudringlarga cho‘milgan bog‘da
Inlarida uxlaydi qushlar.
Shukrona ayt, yulduzlar ketib,
Olmon tomon qizara boshlar.

Ey gado, kel, ko‘zangni qo‘yib,
Tol tagida bir pas olgin tin.
So‘ngra otlan sharafli yo‘lga,
Seni kutar oldda ulug‘ kun.

QONUN

Allohga hamd bo‘lsin avvalo!
Bandalarga yuborib kitob,
Dedi: Qiling va’daga vafo,
Qonunlarni o‘rganing shu tob.

Qabul qilgach bu qonunlarni,
Chin ko‘ngildan siz amal qiling.
Kim ilmiga amal qilmasa,
«Yuk ortilgan eshak», deb biling.

KA’BANING QORA TOShI

Qimmatbaho nodir tosh edi,
Billur kabi toza va shaffof.
Xuddi jannat gulidek nafis,
Tog‘ qoridek oppoq hamda sof.

Ruh Jabroil Ibrohim uchun
Keltirgandi tog‘u toshlardan.
Qo‘riqladi necha daholar
Go‘zal toshni sangtaroshlardan.

Yillar o‘tdi, ko‘payib bordi
Ziyoratga keluvchilar ham.
Tillarida tavba, tazarru,
Dilida g‘am, ko‘zlarida nam.

Alloh, Alloh, oppoq edi u,
Qoraytirdi uni hasrat, g‘am.

Hasanboy G‘oyib tarjimasi