Iosif Brodskiy (1940-1996)

Brodskiy Iosif Aleksandrovich (1940.24.5, Leningrad — 1996)— rus shoiri. Ijodiy faoliyati 60-yillarda boshlangan. 1962—64 yillarda turli ayblar bilan qamalgan va surgun qilingan. Ammo A. Axmatova, S. Marshak, D. Shostakovich singari mashhur kishilarning sa’y-harakati bilan 1965 yil surgundan ozod etilgan.
Siyosiy tuzumga nomaqbul shaxs sifatida 1972 yilda Sovet davlati hududlaridan chiqarib yuborilgan; 1974 yildan AQShda yashagan. «Sahrodagi bekat» (1967), «Ko‘rkam davr intihosi» (1972), «Uraniya» (1987), «O‘git» (1990) va boshqa she’riy tuplamlari xorijda nashr etilgan.
Bu to‘plamlarda yolg‘izlangan kishi bilan bir kam dunyo o‘rtasidagi ziddiyatlar kinoyaviy kutarinki uslubda aks ettirilgan. Brodskiy she’riyatidagi voqelikni uziga xos benazir tarzda idrok va tasvir etish, antik davr she’riyatidagi badiiy shakllardan samarali foydalanish — shoir novatorligining mohiyatini tashkil etadi. Brodskiyning ingliz va qisman rus tillarida e’lon qilgan she’r, pesa va publitsistik maqolalari G‘arb adabiyoti hodisasi sifatida maydonga kelgan. Nobel mukofoti laureati (1987).

* * *

Osmon qora edi, zimziyo, biroq
Otning sag‘risidan edi u oqroq.
O‘ltirardik gulxan yonida bedor,
Paydo bo‘ldi shunda bir qora tulpor.
Ta’rifga sig‘masdi to‘sdek siyog‘i,
Ko‘mirdek qop-qora edi oyog‘i.
Yo‘q edi sirtida qilcha ham ziyo,
Yolidan dumiga qadar sim-siyoh.
Bag‘oyat tim qora edi ushbu dam
Uning salt yag‘rini — egar ko‘rmagan.
Tek qotib turardi. Uxlardi go‘yo.
Qora tuyoqlari g‘alati, bejo.
Soyani sezmasdi qoraligidan,
Sira bo‘lolmasdi qoraroq bundan.
Qora edi — go‘yo zulmat suvrati
Yo xuddi yaltiroq igna siyrati.
Qora edi nursiz uzlatday mutlaq
Yo ko‘krak qafasin bo‘shlig‘iday naq.
Shundoq shudgor bag‘ri — urug‘ tushgan joy,
Bizning ham ichimiz qora, hoynahoy.
Boqar u haykaldek — tek qotib butun!
Vaqt-chi, endigina edi yarim tun.
Lekin qo‘yolmasdi oldga bir qadam,
Og‘in chulg‘agandi quyuq tun bu dam.
Turardi sharpadek chiqmayin sasi,
Qolmagandi uning biron qashqasi.
Ko‘zlari yarqirar bir juft tirqishdek,
Qo‘rqinchliroq edi qorachig‘i lek.
Tasviri edi u kimningdir qora,
Nega yugurishdan to‘xtab u, yo rab,
Nega nafas olib qora havodan,
Bexos shox-shabbaga tegib damo-dam,
Gulxanning yonidan ketmadi aslo,
Yonimizda qoldi sahargacha to?
Nega sochar ko‘zi sim-siyoh yog‘du?
Chavandoz tanlardi oramizdan u.

STANSLAR

Haqqim yo‘q tolega
Domongir bo‘lmoqqa,
Vasilevsk oroliga
Kelaman o‘lmoqqa.
Lek seni bu paytda
Chulg‘arki tun-tuman, —
Men namchil asfaltga
Yiqilgum yuztuban.

Va qalbim ozurda
Zulmatda urinar,
Petrograd ustida —
Ko‘prikda ko‘rinar.
Aprel jalasi-yu,
O‘ynarkan qor g‘ujg‘on,
Tinglayman bir sasni:
— Xayr endi, jo‘rajon.

Bu loqayd vatanga
Bosgancha yuzimni, —
Daryoning ortida
Ko‘raman o‘zimni.
Kizchalar misoli
Bokira, sho‘x yillar –
Turishib orolda
Qo‘llarin silkirlar.

* * *

Men ashaddiy yirtqich o‘rniga kirdim qafasga,
Muddatimni va qavmimni qizigan mix-la barakka o‘ydim.
Dengiz sohilida yashadim, uchragan har kasga
Befarq boqdim va hoyu havasga to‘ydim.
Muzliklarning cho‘qqisidan yarim dunyoga termildim bir qur,
Uch bor cho‘kdim va chavaqlandim men ikki marta.
Suyub ulg‘aytirgan yurtdan bosh olib ketdim mag‘rur,
Meni unutganlar bir shahar bo‘lar, to‘planishsa agarda.
Daydidim cho‘llarda — yovvoyi xunnlar izg‘ib-hayqirgan,
Qayta urfga kirgan liboslarni egnimga kiydim.
Javdar ekdim, xirmonlarni qora to‘l bilan to‘sdim yomg‘irdan,
Nuqul suv ichmadim, maydan ham gohi nafsimni tiydim.
Tushlarim-chun izn etdim soqchining qora qorachig‘iga,
Kuvg‘in uqubatin nonini yedim, qoldirmay ushoq.
Ovoz pardalarim doddan bo‘lak qichqiriq berdi—jon achchig‘ida,
Keyin shivirlashga o‘tdim. Qirqdaman bu choq.
Nima deyin hayot haqda? Ko‘nglim o‘rgandi dardga, firoqqa.
Men faqat g‘ussalar-la ulfatman, qilurman ular-la yorlik.
Toki og‘zim to‘lmas ekan bir kun qora tuproqqa,
Undan yangrayverar rahmat, tashakkur va minnatdorlik.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

NATYuRMORT

Onaizor dedikim:
– O‘g‘limmisan, tangrim yo?
Xochga parchin vujuding…
Uyga qanday ketay, oh?

Uyni o‘zimga ravo
Qanday ko‘ray? Ayt, bu dam
O‘g‘limmisan, tangrim yo,
Yo‘qmisan, yo bormisan?

Javob ayladi Iso:
– O‘likmanmi yo hayot,
O‘g‘lingmanmi, tangring yo,
Senikiman, aziz zot.

QUTB TADQIQOTChISI

Itlar yeb bo‘lindi. Kundalikda ham
Qolmadi so‘zga joy. Fikrini yozdi
Hatto rafiqasin rasmiga. Raqam
Yasama xollarday chehrani bosdi.

Yozdi singlisining rasmiga so‘ngra, –
Ayab o‘tirmadi – ilm sababi…
Tizidan qora et o‘rlar tepaga,
Varete qizlarin paypog‘i kabi.

* * *

Qafasga yovvoyi hayvonday kirdim,
Jazavamdan jazo yondi barakda.
Sohilda yashadim, qartani urdim,
Kechda ovqatlandim oppoq frakda.

Boqdim muz cho‘qqidan – yastandi olam.
Uch bor pichoq yedim, besh marta cho‘kdim.
Kechdim meni boqqan mamlakatdan ham,
Meni unutganlar shahardan ko‘pdir.

Xunlar sasi singgan dashtlarda kezdim,
Udum – lash-lushlarni kiydim bemiqdor.
Dalada ziroat ekishdan bezdim,
Ichdim – quruq suvdan o‘zga neki bor.

Tushimda konvoyning qarg‘a qarog‘i,
Quvg‘inda nimalar ko‘rmadi boshim.
Doddan boshqasini aytdi tomog‘im,
Endi shivirlayman. Qirqdadir yoshim.

Xo‘sh, nelar aytayin hayot haqida?
Ha, uzun… Kun ko‘rdim g‘am bilan hamdam.
Biroq, to qolguncha tuproq tagida,
“Tashakur, tashakur” deganim-degan.

Usmon Azim tarjimasi

O‘ZING BILAN TAQQOSLA…

O‘zing ila taqqosla, ko‘zing ila o‘lchab ko‘r,
Muhabbat va ehtiros, og‘riq, behollik – egiz.
Fazogir huv Mirrixda parvoz qilganida hur,
Avvalo o‘z uyida bo‘lmoqni istar so‘zsiz.

Uzoqda shoshib qolsang miyaga sanchilar o‘y,
Erkalash qo‘ldan kelmas, parchalanasan nogoh.
Eru osmon hijronda, olovda ko‘rsatsang bo‘y,
Eng yuqori cho‘qqida shunda topasan panoh.

SONET

Mayli, barcha uchun kechirgil hayot,
Yangitdan yashagil to‘lib va to‘lib.
Raqsga tushayotgan qor kabi kulib
Va shu qor singari uchgil beqanot.

Uzlatda yashagil vazminu mubham,
Xilvat bilan yasha, xayol sur tanho.
Yasha hech yechilmas tugunlararo,
Yaxshilik, yomonlik orasida ham.

Biroq bir lahzada yasha, lahzada
Asrlik hayotni kechirgil, tashna,
Qichqirib yashagil va kulib yasha.

She’r uchun yashagil yutmayin zada,
Qalbingga yor bo‘lsin ishonch muqarrar,
Barcha uchun yasha, yasholsang agar.

SIZGA QO‘L KO‘TARIShMAYDI

Qo‘l ko‘tarishmaydi sizga deymanu,
Zo‘rg‘a gap qo‘shmoqqa etaman jur’at.
Qandayin gunohning tushunchasi bu,
Uddasidan chiqgum g‘ashlikni albat.

Har bir kunim uzun, ikki bor ortiq,
Demak gunohkorman, ishonchim komil.
U yurtga sevgimni qilgan choq tortiq,
Mendan o‘girasiz yuzingiz butkul.

SO‘NGGI QAVAT

So‘nggi qavat.
Avval, ha,
His qilganda
Zulmatni,
Atrofdagi manzara
Ko‘z-ko‘z qilgay
Suratin.

Men seni
Quchaman-da,
So‘ng bag‘rimga
Bosaman.
Yomg‘irmi,
Derazada
Yihi-sig‘i qilar –
Shan.

Yig‘isi yorib o‘tar
Oynani,
Yur, ketaylik.
Yiltirar kumush iplar,
Har lahzada
Yitaylik.

Bizning davrimiz ancha
Oldin
O‘tgani ayon.
Intildik,
Yondik qancha,
Xotirada
Namoyon.

O‘zgarishlar tartibi,
Yashash hukmin o‘qigan.
O‘zga soat chiq-chig‘i,
O‘zga kuylar to‘qigan.

* * *

Avvaliga jarlikka stul,
Keyin esa uchdi karovat.
Stolim ham viz uchdi butkul,
Uni o‘zim otgandim albat.

Istamayman yashirishni hech,
“Ona tili” kitobi uchdi.
Oilaviy surat beilinj,
Asta jarlik tubini quchdi.

Keyin pechka, to‘rtta devor ham
Uchdi. Palto bilan men qoldik.
Uzukni yech endi, azizam,
Yolg‘izlikning chekini oldik.

Yo‘qotishlar tortdi o‘ziga,
Kimdir tahdid etsa muqarrar.
Tupurishing mumkin yuziga,
Egallasa o‘rnimni agar.

QAChONKI ORTINGDA…

Qachonki ortingdan qo‘psa qo‘pdan ko‘p,
Barchasi, ayniqsa, iztirob, og‘riq.
O‘zgalar imdodin kutma, og‘rinib,
Dengiz sohilini sayr ayla ochiq.

Dnggiz g‘alayonga ochganda quchoq,
Yolg‘izlik hissini quvar beomon.
Unchalik quvonchli emasu biroq
Azob, iztirobdan avlo hayajon.

MAKTAB YoShIDAGILAR UChUN

Bilasanmi, qorong‘ulik tushgan on,
Ko‘zim bilan chamalashga uringum,
Chaqirimlarimni-da sanab chiqaman,
Neki mavjud, barchasida ko‘ringum.

So‘zlar bilan uchrashadi raqamlar:
A tarafdan chiqqan Sarosima va
B tarafdan chiqqan Ishonch muqarrar,
Go‘yo mangu kesishmagan chiziqda.

Chiroq tutib ikki sayyoh yonma yon,
Zulmat bo‘ylab sayr etadi beg‘ulu.
Ayriliqdan iz tashlaydi alvon tong,
Hech bo‘lmasa aqlda g‘olib bo‘lsin u.

* * *

Finlyandiyadagi tuplarda abad,
Qarag‘aylar keskin hukmronlik qilar.
Cheksiz shodlanaman Komarova va
Qachonki ko‘rfazda yog‘sa yog‘dular.

Daraxtlarning beg‘am barglariaro
Nurlar kamalagi taraganda kuy.
Yashash mumkin yayrab muhabbatingiz va
Sizdagi ezgulik bilan abadiy.

Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi

* * *

Na hasrat, na sevgi, nainki azob,
Na ko‘ngil dard chekar,
nada intizor,
Go‘yo bir umrni boy berdik bu tob,
Oldimizda faqat yarim soat bor.

Albatta, ko‘rasan, qaytsang orqaga,
Orqa ko‘chamizda taksilar tinmas,
Kuzgi bog‘lar aro daraxtlar esa
Hasta bolalarga aytar qo‘shiq, va’z.

Huv olis,
huv izsiz o‘tmishimizdan,
Yoshgina yigitcha nigohin qadar.
Qayerdadir esa chalinar birdan,
Eski pianino baland pardada.

Bilmaysan,
bir fikr qaynar boshingda:
Eshitmas qismating arzu dodingni.
Besh qizil gumbazla qabrtoshingga
Vasiyat etasan o‘z hayotingni…

* * *

Qo‘lim ko‘tarilmas sizga hech qachon,
Balki, demoqqa ham jasoratim yo‘q.
Ayting,
aytmoq uchun qancha yil kerak,
Zulmatda porlagan haqiqat nurin.
Nima deb atayin men bu gunohni?

Kunlar kechar bir-biridan battarroq,
Tinmayman o‘zimga azob berishdan,
Va
albatta kechiraman sevgini,
Qayg‘u to‘la yuzingizga boqqan dam…

* * *

Tashakkur demoqqa kechikdik biroz,
Ehtimol, har nega, har kimga, har vaqt…

Ha, sizga qachondir, bir kuni, kimdir,
Ilk bora kuladi go‘zal va tabiiy.
Vafosiz muhabbat yana qaytgaydir,
Biroq avvalgidek boqmas samimiy.

Tanish ko‘chalardan o‘tganda bir-bir,
Tutilib so‘zladim: “Xayr, alvido”.
Deraza titradi bu sasga asir,
Akslandi ovozim: “Qo‘y, azob yutma”.
Qator hovlilarda so‘ndi chiroq, nur.
Alvido, ey ishqim, meni unutma!

Hech qursa bir marta, qayt, ortingga qayt,
Qorong‘u uylarga nazar sol bir on.
Ularning yonidan har yili shu payt,
Jimgina kechadi behis olamon…

* * *

Ataylab emas yo‘q, to‘satdan, bir kun,
Alvido aytaman kadarli biroz,
Bu uyga, ko‘chaga silkiydirman qo‘l.
Na shahar bu sasdan turar oyoqqa,
Na uni uyg‘otar bu g‘amgin ovoz.
Ketaman…
“Xudoga topshirdim. Sog‘ bo‘l, omon bo‘l…”

Parishon zinalar, ko‘cha zim-ziyo…
Shahardan narida tumanli havo,
Ko‘llar sukun ichra, tunggi shabada,
Oralab o‘tishning kelganda gali —
Huv yoshli ko‘zlarga — mening borligim,
Na achchiq so‘zlarim berar tasalli…

Biroq qayerda u — ko‘rinmas olam.
Sarg‘aygan maysalar, og‘ochlar barbod, —
Bu sirli ma’voda yo‘qdir bir odam.
Na sen unda baxtli,
na men bunda shod…

Rus tilidan Rahmat Bobojon tarjimasi