Oshiq Umar (1621-1707)

Oshiq Umar – Umar Abdulla o‘g‘li 1621 yilda Qrimning Ko‘zleve (bugungi Evpatoriya) shahrida dunyoga kelgan.
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, otasi savdogar bo‘lib, ismi Abdulla, onasining ismi Sharifadir. Oshiq Umar Ko‘zlevrdagi madrasada o‘sha davrning yetuk shoiri Sharifiydan ta’lim oladi, Sa’diy va Hofiz asarlarini o‘rganadi. Keyinchalik mashur shoirlar Ahmad Poshsho, Fuzuliy va Atiyilar g‘azallariga muxammaslar bog‘lagani ham uning mumtoz she’riyatdan yaxshi xabardor bo‘lganini ko‘rsatadi.
Oradan yillar o‘tib, Oshiq Umar qo‘shni diyorlarga safarga chiqadi. U Dog‘istonda, Ozarbayjonda, Eron va Turkiyada bo‘ldi.Sakkiz yildan keyin yurtiga qaytgan shoir umrining oxirigacha Qrimni tark etmadi.
Oshiq Umarning devoni mavjud. Uning qalamiga mansub 38 to‘rtlikdan iborat va 105 shoirning nomi zikr etilgan “Shoirnoma” asari ham bebaho manbadir.
Oshiq Umar 1707 yilda sakson olti yoshida olamdan o‘tadi.

KIMNING YoRISAN?

Sallona sayron yerina
Chiqqan yor, kimnin yorisan?
Siyo zulfin oy yuzina
To‘kkan yor, kimnin yorisan?

Boqdim ko‘zina-qoshina,
O‘xshatdim humo qushina,
Mani hijron otashina
Yoqqan yor, kimnin yorisan?

Poyida yuz surgan qullar,
Damo-dam madhin qilurlar,
Oq yanoq ustina gullar
Taqqan yor, kimnin yorisan?

Sayrona kirar bo‘stona,
Bulbul qo‘nar gulistona,
Bizga mastona-mastona
Boqqan yor, kimnin yorisan?

Oshiq Umar,yora borma,
Borib ostonada turma,
Ola ko‘zga siyoh surma
Chekkan yor, kimnin yorisan?

TILI – BULBUL, YaNOG‘I – GUL

Tili – bulbul, yanog‘I – gul,
Forig‘ bo‘lmas ko‘ngul sandan,
Qopinda* man bir gado va qul,
Forig‘ bo‘lmas ko‘ngul sandan.

Yig‘laram do‘stim kelguncha,
Dardima darmon bo‘lguncha,
Oh,sevdigim,to o‘lguncha,
Forig‘ bo‘lmas ko‘ngul sandan.

Saqlaram, ishqing mandadir,
Devona ko‘nglum sandadir,
Netaykim,jon bu tandadir,
Forig‘ bo‘lmas ko‘ngul sandan.

Do‘stim yuzin ko‘rmaguncha,
Jonni unga bermaguncha,
Umar qabra kirmaguncha,
Forig‘ bo‘lmas ko‘ngul sandan.

AYRILDIM

Yaqinda bir malaksiymo
Pari-paykardin ayrildim,
Labi g‘uncha, yuzi zebo,
Bo‘yi arardan ayrildim.

Ko‘rinmas bo‘ldi diydora,
Ko‘nglumni etdi abgora,
Necha bir cheksam-da zora,
Guli ahmardan ayrildim.

Suyunib kiraman shola,
Mani ishq qo‘ydi bu hola,
Ravodir aylasam nola,
Man ul dilbardan ayrildim.

Labi shakkar,shirin so‘zli,
Qoshlari o‘q, ola ko‘zli,
Falakda bir quyosh yuzli
Mohi anvardan ayrildim.

Umar der: – Bo‘lmisham hayron,
Hajrida bag‘rim to‘la qon,
Bugun man bir labi marjon,
Tishi javhardan ayrildim.

QIZG‘ANARAM

Kel, dilbarim, qon aylama,
Sani qondan qizg‘anaram,
Yangi oydan,esgan yeldan,
Chiqqan kundan qizg‘anaram.

Kel, yonima,achchiq boqma,
Qalbimni yondirib-yoqma,
Yanog‘ingga gullar taqma,
Sani guldan qizg‘anaram.

Holim bilar holdoshim bor,
Yo‘lda ketar yo‘ldoshim bor,
Uch yoshlik bir qardoshim bor,
Sani undan qizg‘anaram.

Sani istar Umar har dam,
San bo‘lmasang vayron yurtam,
San bir qo‘zi,man bir gurdam*,
Sani Mandan qizg‘anaram.

* Gurd – bo‘ri

YaNA BODI SABO ESDI

Yana bodi sabo esdi,
Yorim chiqdi yotog‘indan.
Oshiqina boda sundi
Labi shakkar dudog‘indan.

Sallona bog‘chaya kirdi,
Chechaklar titradi-turdi,
Ho‘l binafsha bo‘yin egdi,
Gul qizordi yonog‘indan.

Kirma raqiblar so‘zina,
Zarar etursan o‘zinna,
Boq bu zolimning ishina –
Emar yorning dudog‘indan.

Bog‘chalarda bitgan guldir,
Yonindan o‘tgan bulbuldir,
Umar bir ojiz qulingdir,
Boqish-la kech gunohindan.

BIR GO‘ZAL KO‘RDIM

Bir kun bir go‘zal ko‘rdim,
Yashillar kiymish oq uzra.
Aqlimni boshimdan oldi,
Tura bilmam oyoq uzra.

Mani sarxush etmish jomi,
Qirmizi gullar ayyomi,
Har biri bir nayza kibi
Kirpiklari qaboq uzra.

Oy jamolina boqilur,
Man quling yonib-yoqilur,
So‘ylasa gar – bol to‘kilur
Lablarindan dudoq uzra.

Dilbar yuzin dersan gulshan,
Ul yusufdan olmish nishon,
Siyoh zulflari parishon
To‘kilmish ol yanoq uzra.

Qrim-tatarchadan Xurshid Davron tarjimasi.

IShQ SAVDOSI

Savdoi ishq boshga tushgandan beri,
Jami hasrat manga yor o‘ldi-ketdi.
G‘am daryosi boshdan oshgandan beri,
Tutashdi vujudim nor o‘ldi-ketdi.

Karvonim adashgan ellarda qoldim,
Chorasiz Majnunday cho‘llarda qoldim,
Boshi-oxiri yo‘q yo‘llarda qoldim,
To‘rt yonim, to‘rt tubsiz jar o‘ldi-ketdi.

Xastadir vujudim, sog‘dir, demangiz,
Yaram yurakdadir, tanda demangiz,
Aqlu hushim uchdi – manda demangiz,
Yorim o‘zgalarga yor o‘ldi-ketdi.

Orttirganim, Umar, g‘am-alam bo‘ldi,
Ko‘z yoshim – zorimdan daryolar to‘ldi,
Hijron girdobida sarsonlar qoldim,
Bu dunyo boshimga tor o‘ldi-ketdi.

FALAK

Faryodimdan kimga aylay shikoyat,
Mani diyorimdan ayirding, falak!
Na ko‘zda uyqu bor, na tanda rohat,
Sabru qarorimdan ayirding, falak!

Fayzsiz kechmishdek o‘chdimi noming,
Oqibat olamda kimga yarading?
Ne qasding bor axir, nedir muroding?
Erk-ixtiyorimdan ayirding, falak!

Visol istasa gar oshiq yor ila,
Qilding avval dardu g‘amga mubtalo,
Rohat ravo ko‘rmading aslo manga,
Sevgili yorimdan ayirding, falak!

Bir umr g‘urbatga duchor aylading,
Netay, ohu fig‘onga yor aylading,
Olamni ko‘zlarimga tor aylading,
Bog‘u bahorimdan ayirding, falak!

Dunyo manga badtar bo‘ldi o‘limdan,
Umarni so‘ydirib tilim-tilimdan,
Bir sarvi bo‘ylini olib qo‘limdan,
Asli bor-yo‘g‘imdan ayirding, falak!

TO‘XTAMAS

Yolg‘onchi dunyoga aldanma, begim,
Bu – foniy, o‘tgunchi, bir on to‘xtamas.
Ikki eshikli bir vayrona degim,
Bunga kirgan ko‘char, mehmon to‘xtamas.

Boqma aning qorasiga, oqiga,
Berma ko‘ngil bo‘stoniga, bog‘iga,
U mengzaydir bola o‘yinchog‘iga,
Bunga dohil o‘lg‘on inson to‘xtamas.

Topgin to‘g‘risini yurar yo‘llarning,
Kadrini bil har bir o‘tar yillarning,
Dunyo zindonidir mo‘min qullarning,
Bu zindonga tushgan har jon to‘xtamas.

Anglab ol, ey g‘ofil, o‘tar umringni,
Tuttirmas bu kunlar biri-birini,
Yukingni yuklab chiq, bog‘la belingni,
Bilki, yo‘lga tushgan karvon to‘xtamas.

Tur-da, ibodat qil Mavlon yo‘lina,
Bunda ne qilganing onda bilinar,
Bir kun safar xavfi senga ham kelar,
Yurt so‘rab o‘ltirgan sulton to‘xtamas.

Umr ado bo‘lib, daftar ko‘rilar,
Sirot chog‘i tarozuga qo‘yilar,
Shu dam bor qilmishing ham ayon bo‘lar,
Taqdirga yo‘q chora, farmon to‘xtamas.

El ardoqlab sevgan necha payg‘ambar,
Qani Umar, Usmon, Bakr va Oydor,
Qani Xalilulla, Siddiq, Alilar,
Bunga kelgan ketar, bir jon to‘xtamas.

Umr misli anhor, to‘xtamay oqar,
Bugun topilmaydi kechagi chog‘lar,
Ayo, bu ummonga kirganlar cho‘kar,
Jilg‘alar ko‘milar, daryo to‘xtamas.

Yoz faslimi, qishmi, bahormi yo kuz,
Ko‘k sultoni Oymi va yoki yulduz,
Amri Alloh, bari bo‘lur tep-tekis,
Davronlar aylanar, bir on to‘xtamas.

HAYHOT

Sarson-sargardonlar kezib, dunyoda,
Bir jonon ko‘yida qul bo‘ldim, hayhot!
Savdolarga soldi falak ziyoda,
O‘tgan toptab kechar, yo‘l bo‘ldim, hayhot!

El-ulusin na belgi – nishoni bor,
Na alami, na ko‘ngilga komi bor,
Sahroda Majnunning na imkoni bor?
Men ondin-da badtar xor bo‘ldim, hayhot!

Dard ekan-da, boshga tushganda bildim,
Bu ishq tuzog‘iga qaydin ilindim,
Otashida tutab, jizg‘anak dardim,
Yonib-yonib, oxir kul bo‘ldim, hayhot!

Umid, so‘ndi bor umidim zorinnan,
Ayrildim ishonchu sevinch borinnan,
Bir sarvi qadlining dil ozorinnan,
Bukildi, oh, belim dol bo‘ldim, hayhot!

Qrim-tatar tilidan Qurbon Muhammadrizo tarjimasi