Sooronbay Jusuyev (1925-2016)

Sooronbay Jusuyev 1925 yil 15 mayda Qirg‘izistonning Kara-Kulja tumanida tug‘ilgan. Qirg‘iziston Qahramoni (2007), xalq shoiri (1981), To‘xtag‘ul nomidagi davlat mukofoti sohibi (1998). O‘sh shahridagi pedagogika institutini, Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi adabiyot institutini bitirgan. “Kommunizm uchun”, “Lenin yo‘li” gazetalarida, “Ala-Too”, “Chalkan” jurnallarida, Qirg‘iziston yozuvchilari uyushmasida ishlagan.

Ilk she’riy kitobi “Mehnat kuyi” nomi bilan 1950 yili chop etilgan. 30 dan ortiq kitoblari qirg‘iz tilida, 14 kitobi rus tilida chop etilgan. She’riy kitoblari qozoq, o‘zbek, ukrain, ozarbayjon, tojik tillarida bosilgan. S. Jusuyev Shekspir, Pushkin, Lermontov, Shevchenko, Abay, Maxtumquli, Isaakyan, Umar Xayyom, Mayakovskiy, Yesenin, Tыchina, Hamzatov, Quliyev, Mag‘jon asarlaridan qirg‘izchaga tarjima qilgan.

BO‘Z UY

Bir o‘tov — bo‘z uy turar keng jilg‘ada,
Tepasiga qistirilgan o‘qiriq*.
Pastda esa parvo qilmay suv oqar,
Oshib-toshib, qirg‘oqlarni o‘pirib.

Bosh silkitib, yilqi chivin qo‘riydi,
Mast qiladi mayna-qushning xush sozi.
Shu payt birdan buzdi tog‘ning oromin
Chaqaloqning «inga» degan ovozi.

Tog‘da tovush aks-sado qaytarib,
Bamisoli qoyalarga jon berdi.
Qirg‘iz soni milliondan oshdi, deb
Xabar berdi, chor atrofga bong urdi.

Odam bo‘lar vaqti kelib bu go‘dak,
Shu torgina bo‘z o‘tovda tug‘ilgan.
Balki nomi yer shariga tarqalar,
Shu chodirda tog‘u toshda yo‘g‘rilgan.

Bolalikda chibiq minib, yalangbosh,
Shu torgina bo‘z o‘tovni aylanar.
Ammo keyin, er yetganda kosmosga —
Raketada uchmoqqa ham shaylanar.

Zotan, bizda ona yerni odamlar
Unutmaydi, shundoq tashlab qo‘ymaydi.
O‘sha o‘g‘lon vaqti kelsa bo‘z uymas,
Butun jahon taqdirini o‘ylaydi.

Tursunboy Adashboyev tarjimasi.
___________
* O‘qiriq — uchiga qil arqon bog‘langan tayoq.

ODAMLAR

Olamlar, turli-tuman, har xilsizlar,
Istarali, achchiqli, yorqinsizlar.
Shomday xira, tong kabi nurafshonu
Kunday issiq, Oy kabi salqinsizlar.
Elsizlar, shamolsizlar, bo‘ronsizlar,
Temirsiz, kumushlarsiz, oltinsizlar.

Keksalar bor, yoshlar bor, kasinglar bor,
Novchanglar, o‘rta bo‘ylar, pastinglar bor,
Fe’li keng to‘qinglar bor, ochinglar bor,
Mutlaqo sog‘inglar bor, mastinglar bor,
Oq ko‘ngid do‘st, g‘animu yotinglar bor,
Ne bo‘lsa-da odam degan otinglar bor.

Yo‘l singari ochiqsizlar, tuyuqsizlar,
Suv kabi zilol tusli, tiniqsizlar.
Bo‘zargan tumansizlar tog‘da kezgan,
Osmondagi oqu qora bulutsizlar,
Har qanaqa bo‘lsangiz-da bu dunyoda
Odamlar, sizlar so‘zsiz ulug‘sizlar.

G‘o‘sillagan qo‘polsizlar, siliqsizlar,
Oyna simon butunsizlar, siniqsizlar.
Bag‘ri keng jo‘mardlaru baxilsizlar,
Til olar yoki qaysar, qiyiqsizlar,
Olamga tutqa, rizq-ro‘z, ko‘rku sassiz,
Odamlar, birgina siz muqaddassiz!

KEKSALAR

Atrofida yaylovning ko‘k gullari,
Qimiz ichib o‘tirishar keksalar.
O‘ziga xos bosib o‘tgan yo‘llari,
Har narsa bor endi o‘ylab ko‘rsalar.

Bugun ular—uyli-joyli, kiyimli,
Mehmon kelsa hamma narsa tap-tayyor.
Farandlari mehnatsevar, bilimli,
Har birining el tchida qadri bor.

To‘g‘ri so‘zlab, qilni qirqqa kesishar,
G‘ayurligu qing‘irlikni sezishar,
Qitmir so‘zxlar qo‘ysa kimni taxqirlab.

Afsus, afsus, xo‘sh, nima ham qilardik,
Juda-juda go‘zal umri ularning—
Borayotir, borar kunda oxirlab…

YuRAGIMNING DORISI

Duxtur menga chin so‘zini aytganda,
Tengdoshlarim afsulanib koyishdi.
— Ko‘p yurmagin. Xizmatingday qaytganda
Qiynamasdan yurakni…yot, deyishdi…

Men bo‘lsam-chi, sayrlarni xush ko‘rib,
Erta-kechda kezishimni qo‘ymadim.
Terlab, xorib, pastu baoand yo‘l yurib
Toqqa chiqdim—yurakni xo‘p qiynadim.

Shundan keyin—ishonadi bunga kim!—
Sanchiq tugab, yaxshilandi sog‘ligim.
Dorib ketdi xastalikning barisi.

Quyosh makon, toshida gul o‘sgan yer,
Kiyik, kaklik qoni qaynab jo‘shgan yer—
Shu tog‘daykan yuragimning dorisi!

O‘Sh

Men O‘shga yulduz kabi boqib ketib,
Men O‘shga yulduz kabi boqib kelgum.
Men O‘shdan Oqburaday oqib ketib,
Men O‘shga Oqburaday oqib kelgum.

Men O‘shga qishu yozda yona kelgum,
O‘shdan ketdim deyishga botinmagum.
Kelmayman desam O‘shga yana kelgum,
Men O‘shdan olislasam—yaqinlagum.

O‘ylasam—bir ko‘rmoqqa tashna etar,
O‘ylasam—ming xayolga oshna etar,
Axir O‘sh—kuchu ilhom, tiragim-da!

O‘tirsam, kulsam, hatto qayg‘ursam ham,
Uzoqlarda yo yaqinda men yursam ham,
O‘sh turadi, O‘shim turar yuragimda!

SULAYMONTOV

Sulaymontov — O‘sh bilan taqdirdosh tog‘,
Toledosh, ajralmas, toq sirdosh tog‘.
Oriyatin o‘ziday sarbaland tutgan,
Nomusini oldirmas sog‘, qurdosh tog‘.

Sulaymontog‘ bilan O‘shning tomiri bir,
Bosgan yo‘li, borar joyi, zamiri bir.
Ne zamonlar suyanishgan bir-biriga,
Elday g‘olib—chunki ular xamiri bir.

Sulaymontog‘ O‘shday ko‘krak kerib turar,
Har ma’vodan ko‘ray deb el kelib turar.
Odamlarning qo‘msagan oq tilaklarin
Iymrnli tog‘, muqaddas tog‘ berib turar.

Payvand bo‘lib O‘shpirimga ulangan tog‘,
O‘sh quvonsa mamirab quvongan tog‘.
O‘shning azal savlat, faxri, maqtangani,
Omadli tog‘, eng suluv tog‘ Sulaymon tog‘!

AYoLZOTNING ASILI

Ayolzotlik, buyukliklar nur ilib,
Oradagi g‘ovlar chetga surilib,
Karomatli Qurvonjonday donishmand
Keldi qayta qirg‘izimga tirilib.

Oramizda bugun bizning dodhomiz,
U biz yoqda, biz ham dodho yoqdamiz.
O‘z qizi uchun yuragiga elimning
Sig‘magan kez hozir faxr, g‘urur, his!

O‘tdi yillar aqlimizni sayqallay,
O‘tdi yillar dodho elga payqalmay.
Qurvonjonning ismin saqlab yurakda,
Biroq yurdik kimligini aytolmay…

Yitib ketdi jallod yillar surlangan,
Omad keldi shu’lalangan, nurlangan.
Hozir har bir tili bor odam tugul,
Gung qoyadan ovoz chiqar «Qurvonjon!»

Qurvonjonning ismi aziz, qutli ot,
Sovrin olgan, xumor yozgan, o‘tli ot.
Qizdan olg‘ir shunqor toblab o‘stirgan
Qirg‘izlarga suqlanar Sharq, odamzot!

Davr keldi haqiqatga zoriqqan,
Davr keldi yuksak barcha ta’rifdan.
Shodlan qirg‘iz, qizing asl, donishdir,
G‘oyat oldi o‘rnin ulug‘ tarixdan!

ChIN INSON

Akademik Musa Adishev xotirasiga

Olay yeri baland tog‘li yer bo‘lib.
Yotar ar on moviy ko‘kka termilib.
Ko‘chki ko‘chib — falokatlar kasridan
Necha marta qolgan ko‘ngli kir bo‘lib…

Bugun esa zamin nogoh «uv!» dedi,
Daryo bo‘zlab, toshlar uchib «zuv!» dedi.
Zilzilada bo‘lmas edi bunchalik—
Qancha yurak bexos-tuyqus shuv dedi.

Titrab ketdi necha qari, yosh buloq,
Cho‘qqilardan tushdi pastga tosh qulab.
Hafa bo‘lib qancha qoboq uyuldi,
Qancha ko‘zdan zumda ketdi yosh qulab.

Ko‘kka tekkan cho‘qqilari oq qordan
Shu Olayning tog‘-toshida bahorda—
Tug‘ilgan zot, asl inson o‘ldi deb
Er silkindi nogoh sovuq xabardan

Ham atoqli, ham ardoqli jon eding,
El-yurt uchun jon fido inson eding.
Faqat Olay tog‘lariga o‘g‘il emas,
Olatovga farzand eding, shon eding.

Axir tog‘lar sir-asrorin sen ochding,
Aql bilan talay g‘azna, kon ochding.
Borib Habib Abdullaning izidan,
Odamzotga keng bag‘ringni keng ochding.

El dilini, yer sirini zo‘r bilgan,
O‘zini er, o‘zgalarni sher bilgan
Odamlarning odamiyding, ey Musa,
Qishu yozda tog‘ ko‘ziga termilgan.

Ish deganda joning fido, ozarding,
Ish deganda ming bir reja tuzarding.
Shu sabab ham yoqar eding ellarga,
Shuning uchun shum xabardan bo‘zardik!..

Ko‘mdik seni — ko‘zimizda yoshlar jiq,
Ko‘mdik seni — armonlarga boqib tik.
Sen, azizim, kelibsan bu olamga
Qilish uchun elu yurtga yaxshilik!

Senga kuydik dilga to‘lib alam-g‘am,
Yuz yuvildi ko‘zdan oqqan sho‘r namdan.
Chunki faqat olim nomin oqlamay,
Odam nomin oqlab o‘tding olamdan!

QAYSIN QULIEV KO‘ChASI

G‘ayratchan, donish shoir edi Qaysin,
Kavkazdan uchib chiqqan soru lochin.
Chorasizdan kun ko‘rdi bu yerlarda,
Qafasda yurgani ham edi rost-chin.

Zamona uning dong‘il yo‘lin to‘sdi,
Taqdiri qiyinlashib, g‘ami o‘sdi…
O‘shanda qo‘l uzatib, quchoq yoydi
Qaysinga qirg‘iz eli bo‘lib do‘sti

Qayrilib uchdi keyin Kavkaziga,
Qo‘ndi o‘z qoyasiga, qish-yoziga.
Yayradi, biroq o‘tkir ko‘zi yetdi
O‘limga chora-amal topmasiga…

Osilgan murtad ajal qayda qolsin,
Der edi muzday joydan o‘rin olsin…
Qadri bor,teri tomgan Olatovga
Qayrilib kelolmadi,xayhot, Qaysin!

O‘y, niyati birlashibon, yaqin bo‘lib,
Bizga ham qolgan edi oqin bo‘lib.
Qirg‘iz eli ardoqladi—nomin qo‘ydi
Bishkekning ko‘chasiga hurmat qilib.

Uni men eslayman ko‘p. U yonimda—
Tura ryoshu qari bilan turganimda.
Qaysinning zo‘r she’rlarin yod aytaman
Qaysinning ko‘chasida yurganimda!

MIRTEMIR

Istarali, jaydari, sayron edi,
U borgan joyda to‘yu bayram edi.
Olmosday tiniq,nurli,sirli she’ri
Olislarga uning ismin yoygan edi.

Mirtemir eldan ilhom olgan doim,
Xalqi unga suyub nazar solgan doim.
O‘zi o‘sgan Turkistonning osmonida
Cho‘lpon yulduz kabi yonib qolgan doim.

Mirtemir yaxshi she’rni tuyib o‘tdi,
She’r deya yig‘lab, kulib, kuyib o‘tdi.
Majnunday jonin berib she’rlariga,
Majnuyeday she’riyatni suyib o‘tdi.

Yuragi she’r nag‘masin sezib urdi,
Ash’or deb darvesh kabi kezib turdi.
Mirtemir shon-shuhratga ergashmadi,
Shon-ardoq Mirtemirga erchib yurdi.

O‘zbekning ul ko‘k tiragan tog‘i, yeri,
Umrining chin mazmuni bo‘lgan she’ri:
Davronlarga yengilmasdan turaverar
Karomatli, zo‘r shoiri Mirtemiri!

TAQDIRI BIR IKKI XALQ

O‘zbek, qirg‘iz boryotsa bitta yo‘lda,
Yo‘lashgan — bir-biriga qaralashib.
Oq qalpoq, O‘sh do‘ppili bovurdoshlar
Azaldan yashaganlar aralashib.

O‘lganidan totuvlik bitta maqsad
Bo‘lingan emas sira el orasi.
Bo‘lmagan ikki elni cho‘chitguchi,
Yovlashtirish quroli — chegarasi.

Qirg‘izga o‘zbek kelsa mehmon bo‘lib,
Astoydil izzat qilib qo‘yin so‘ygan.
O‘zbekka qirg‘iz borsa qo‘nog‘im deb
Siylagan palov damlab, qovun so‘ygan.

Ikki el kasni birday g‘anim bilib,
Bir-birini qo‘llashni o‘ylab kelgan.
Ne asrlar chetga ketmay, birga yashab,
Qiz olib, qiz berishib, to‘ylab kelgan.

Qadimdan zamondoshmiz, davrdoshmiz,
Qo‘shnimiz yo‘li baland, yo‘li pastmiz.
Tog‘lardan quvvat olgan dengiz kabi
Kamimas, qurib qolmas, so‘limasmiz.

Bir xil bizning shamolimiz, yomg‘irimiz,
Niyat bitta, o‘rtadadir tog‘-qirimiz.
Bir yo‘ldan tayrilmaymsiz, ayrilmaymiz,
Birlashgandir mangulikka taqdirimiz!

IKKI ELNING ULUG‘ O‘G‘IL-QIZLARI

Nodira — o‘zbekning chin shoirasi,
Adolat, ozodlikdan yangrar so‘zi.
Uchrashib, sir aytishitb, inoq bo‘lgan
Qirg‘izning Qurvonjonday asl qizi.

El biladir To‘qtag‘ul, To‘ychi hofiz
Do‘st bo‘lgan, kasbi-kori o‘xshashganin.
Biri qo‘miz, biri esa dutor chertib,
Ikki elning ko‘nglini xushlashganin.

El otasi Yo‘ldosh Oxunbobo o‘g‘lin
El otasi O‘razbekov do‘stim degan.
Topganidan qondoshlar dong‘il yo‘lni
Ikki elning tolesi bo‘lgan bekam.

Ko‘p yillar yurt boshqargan Usmon ota
Bir zotdan yurgan doim ko‘ngili to‘q.
Razzoqov unga ini, shogird bo‘lgan,
Uning o‘zbek do‘stlariga son-sanoq yo‘q.

Temirqul Mirtemirni yo‘qlardi ko‘p,
Biri biriga qo‘llashib, qarashardi.
Ikki elning ikki ulug‘ so‘z ustasi
Sayr etishsa juda-juda yarashardi.

Mukarrama — el suqlangan ayol edi,
Raqqosaydi, o‘rtanardi ko‘rgan ko‘ngil.
Har qachon gurunglashgan, fikrlashgan
Atoqli Bubusara bo‘lgan singil.

Burhonov va Risqulov — sahna piri,
Ko‘rganni maftun etib qaratishgan.
Sahnaning ular tengsiz ustalari,
Ikki el dong‘in olis taratishgan.

Bularda pok, ulkan qalb bor ekan deb
El suygan — yuraklarin nurlashtirib.
Mustahkamlab do‘stlikni, ittifoqni
Ikki elni yurgan shular birlashtirib!

DANTESNING KENJA QIZI

Leoniya Sharlotta ajoyib qiz,
Otasining davrida o‘ynab-kular.
Erkaligi yetmaganday, nedir bois,
Opalari yurishiga taqlid qilar.

Opalari so‘ng kuyovga chiqib ketib,
Yolg‘iz qolib daoda bo‘ldi otasiga.
Endi har kun otboqarga amr etib,
Ot minishni aylantirdi odatiga.

Otboqar chol, manglayida ajini liq,
Qizni otga mindirarkan dedi bir kun:
— O‘z tilingda Pushkinni bir o‘qib chiq,
So‘ng menga ayt qanday shoir ekanligin…

Ne uchundir qulog‘ida shu so‘z qoldi,
U ba’zan otboqarni tinglar edi.
Leoniya-Sharlotta qiz o‘yga toldi,
Keyin cholning aytganin qilay dedi.

Oy ortidan oy o‘tdi bilinmasdan,
Kitob zavqi yuragiga otash soldi.
U o‘qidi rus so‘zini ilinmasdan,
Fikrlarning teranlarin ilg‘ay oldi.

Mahliyo bo‘ldi Pushkin she’rlariga,
So‘ng boshlandi hayotining alomati…
Qonib bordi shoir nazmin sirlariga,
Ayon bo‘ldi she’riyatning karomati.

Maftun etdi uni mudom sehrli his,
Sezdi dunyo go‘zallikka to‘liqligin.
Tan oldi u — Leoniya-Sharlotta qiz
Aleksandr Sergeevichning ulug‘ligin.

Leoniya maqtanishni ko‘rdi-da ep,
Fikrin aytdi kuz xabari kelgan bog‘da
— Sening otang shu shoirning qotili! — deb
Chol so‘zladi qizcha otga minar chog‘da.

Dong qotdi qiz, serraydi cholga boqib…
Otboqar chol chorasizday o‘ychan turdi.
So‘ng Parijning ko‘chasiga yoshi oqib,
Qiz otasi huzuriga shoshib kirdi.

Otasi ne uchundir noxush kuldi…
So‘ng ko‘rindi qaddini rostlagani.
Shart otilgan o‘q kabi eshitildi
Otasining nihoyat «Rost» degani!..

Aylanib ketdi qizning chor tomoni,
Atirgulday hislariga botdi tikan.
«Buyuk shoir qotilidir otajonim!»
Dedi qiz she’rlar yodga tushar ekan.

Tushda ko‘rdi: manglayida teri, tafti,
Qo‘lin cho‘zib, chorasiz, go‘zal yorga—
Shoir Pushkin yotibdi… O‘layapti!..
Qizil qoni chak-chak tomib oppoq qorga…

Tushlar har kun qiynadi qizcha jonin,
O‘zin sezdi mudom dahshat qarmog‘ida.
Ko‘zi tushar: tomayotir shoir qoni
Otasining uzun—uzun barmog‘idan…

Chinqirdi qiz ochib o‘ksuk ko‘zlarini!
Ota arang yupatadi kenjatoyin.
Qiz o‘qiydi shoirning o‘t so‘zlarini,
Yara qilib ota qalbin ancha joyin.

Ota hayron bo‘lganicha tebratar bosh,
Qiz og‘zida doim Pushkin – she’r dahosi.
Hozirgina qulasa rov ko‘zidan yosh,
Dam o‘tmasdan eshitilar qahqahasi..

Yillar o‘tdi tunu kunni hech unutmay,
Ota esa leb qo‘ymadi «…pushaymonman».
Chakillab qon tomgan qor tushdan ketmay,
Qiz kasali kuchaydi kuchaygandan…

Qotilni dildan ota demay yurib,
Qiz bechora dunyomizdan bevaqt o‘tdi.
Jon berarda Dantesdan shart yuzin burib,
Devor tomon astagina qulab ketdi…

Usmon Temur tarjimalari

BAHOR KELDIDA…

Zilol suv kuylab oqar,
Oy kulib, iliq boqar,
Oq kiygan o‘rik yoqar,
Bahor keldida…

Ko‘kda jilmayar yulduz,
Rohatbaxsh kecha-kunduz,
Nimadir kutar gul yuz,
Bahor keldida…

Bulbul kuyin bastalar,
Nafas rostlar xastalar,
Jamlanar guldastalar,
Bahor keldida…

Chaqaloq ko‘z ochadi,
Dillarga nur sochadi,
Armon nari qochadi,
Bahor keldida…

Dala to‘la odamlar,
Ariga yem bodomlar,
Qiz talashar nodonlar,
Bahor keldida…

Havo isir, goh sovir,
Daladan qochar hovir,
Kampirlar ko‘rpa qovir,
Bahor keldida…

Non isrof boy xonada,
Ona ko‘ngli bolada,
Bolachi, choyxonada,
Bahor keldida…

Bo‘y qizlar soch o‘rishar,
Sovchilar uy so‘rashar,
Bo‘ydoqlarchi, kurashar,
Bahor keldida…

Xo‘roz urishtirgan bor,
Muchal surishtirgan bor,
G‘iybat qorishtirgan bor,
Bahor keldida…

Ota uyin qiz yo‘qlar,
Bemehr uka uxlar,
Kabobga boqar suqlar,
Bahor keldida…

Qo‘shiq tinglashar yoshlar,
Ammo tebranmas boshlar,
Qizda terilgan qoshlar,
Bahor keldida…

Jonon bozor kezadi,
Puldorga ko‘z suzadi,
Essizni pul buzadi,
Bahor keldida…

Qizg‘aldoq tog‘ – cho‘lida
Qaychi chollar qo‘lida,
Yangi yil o‘ng-so‘lida,
Bahor keldida…

Anhor bo‘yida chechak,
O‘zgardi kiyim-kechak,
G‘o‘ra qo‘msar kelinchak,
Bahor keldida…

Yigit, qiz yer muzqaymoq,
Ishq o‘tidan so‘z qaymoq,
Eslanar yosh kez qaynoq,
Bahor keldida…

O‘zgarib borar olam,
Maysalar misli gilam,
…Sevgim kelyapti biram,
Bahor keldida…

OLTIN ChINOR

Oy yog‘dusi, kun nuriga cho‘milar,
Atrof quyuq soyasiga ko‘milar.
Oltin chinor quloch yoyar osmonga,
Tog‘ qo‘ynida yo‘q bu chinor kabilar.

Chinor bir payt jabru jafo ko‘p ko‘rdi,
Sellar oqib, zaminini o‘pirdi.
Shatir-shutur muzday do‘llar savalab,
Shamol bargu butoqlarin uchirdi.

Kuzda bo‘ron yalang‘ochlab shoxlarin,
Qish-qahraton eshitmadi ohlarin.
Bahor kelib qushlar qo‘ndi, sayradi,
Chinor shunda yashillandi, yayradi.

Shul chinordan yuragimga nur oldim,
Qo‘shiq oldim, qalbimga surur oldim.
Xalqim – chinor, umrboqiy daraxtku,
Men bir chiviq – novdaman, toleim shu.

Oltin chinor oltin nurga chulg‘asin,
Olatovning o‘r-qirlarin, jilg‘asin.
Chin dilimdan shivirlayman xalq so‘zin:
“Chiviq sinsa sinar, chinor sinmasin!”

DONO AYoL

Tog‘, yaylovli Olayim,
Tag‘in she’rga solayin.
Garchi, uqqansan bunday
Maqtovlarning talayin,
Dodxo ona to‘y qilar,
Qanday chetda qolayin.
So‘z aytilmay ko‘p yillar,
To‘silgan edi tillar…
G‘oyat kelib xush zamon
Dodxoni eslar ellar.
Ulug‘ inson to‘yiga
Kelar odamlar oqib,
Oqbo‘sag‘a kutadi –
Har o‘tovda uch sohib.
Siylar ruhin onaning
Ul aziz zotga boqib.
Aziz ota-bobolar
Saqlab qirg‘iz elimni –
Ardoqlagan hamisha
Qirq kokil qiz-kelinni.
Bejiz Jang‘il Mirzani
El xon deya yurmagan.
Atoqli botir Sayqalga
Manas ham qarshi turmagan.
Chopqir ot bilan olg‘ir qush,
Aqli tiniq qiz-kelin –
Erkakday baland ko‘targan
Obro‘sin ona yurt – elin.
Ularning shonu shavkatin
Ardoqlab, siylab kelamiz.
Munosib bunga har qachon
Qurvonjon dodxo enamiz.
Ayttirmay yurgan sho‘roga
Dillarda nafrat – o‘t yondi.
Uyquda yotgan elimiz,
Shukurki, erta uyg‘ondi.
Ajdodlar qanday kechirsin.
Unutsak agar o‘tganni?
Ta’zim qilib qutlaymiz
To‘y qilib, mehmon kutganni.
Bu ertakmas, haqiqat,
Tarix barin bot yozgan.
Generallar tan bergach,
Eli suyib qad yozgan.
Bel yechmagan bekka teng
Ayolning dodxo bo‘lgani.
O‘ylasam o‘sha zamonni
Yuragim ketar to‘lg‘anib.
Shabdon kelsa Kemindan,
Yo‘qotmay salcha o‘zini –
Har biriga yuk-yuklab
Aytgan dodxo so‘zini.
O‘rda beklari ichra
Dodxo shu yolg‘iz ayol.
Erkaklarga bu holat
Kelgandir ancha malol.
U Nodirabegimning
Ash’orin sevib o‘qigan.
Gap bor – erin so‘tiga
Kuyitdan she’r to‘qigan.
Dodxoga dodxo yor bo‘lgan,
G‘animga tikka or bo‘lgan.
Suyumli Qamchibegiga
Nomus – arqon, dor bo‘lgan.
Pand aytgan, yig‘lamagan –
Garchi dunyo tor bo‘lgan.
So‘z qiyqimin aytmagan,
Yovqurlikdan qaytmagan,
Donishmandi ko‘p uchun
Qirg‘iz elim bor bo‘lgan.
Hech kimga yomon sog‘inmay,
Pokdomon dala – tog‘inday,
Yaxshilikni poydorlab
Yaylovin toza saqlagan.
Japalak qizi bo‘lsa ham
Olayni suyub maqtagan.
Yoriga tikka qaramay
Ayollik burchin oqlagan,
Xonisha bo‘lib ketsa ham
El degan, elin yoqlagan,
…Shu kunning kelin-qizlari
Ibrat ol dono dodxodan.

KUNNING SIRI

– Nega ko‘zi qip-qizarib kun botar,
Yoki kimdir uni xo‘rlab, yig‘latar?

– Kun botgan so‘ng tingan qalblar ko‘p juda,
Qancha odam aytar: “Hayot, alvido!”
Kun ularni qayta ko‘ra olmaydi,
Yuzin silab, sochin taray olmaydi.
Kun munglanar, qayta ko‘rmas ularni,
G‘am-alamga botgan ko‘ngil kularmi?

– Koinotning go‘yo tanho erkasi,
Quyosh nega kulib chiqar ertasi?

– Kun chiqquncha dunyo yana o‘zgarar,
Tug‘iladi yana ming-ming o‘zgalar.
Xursand bo‘lgan ota kabi kun kular,
Tong ufqidan yoyiladi kulgular.

KELIN BILAN TOSh

Yoz bo‘lsa ham junjikkanday qaltirab,
Yolg‘iz ko‘kda mungli-mungli oy turar.
O‘z eridan xo‘rlik ko‘rgan kelinni
Yupatolmay olislardan mo‘ltirar.

Ovul cheti, el uyquga botgan vaqt
Sho‘rlik qizning kipriga to‘lgan yosh
Chak-chak tomar yonidagi bo‘z toshga,
G‘amga botib, unsiz turar muzdek tosh.

Shod etayin, desa toshning guli yo‘q,
Dalda bo‘lay desa, evoh, tili yo‘q.
Ko‘zidagi yoshlarini artsam der,
Dum-dumaloq sho‘rlik toshning qo‘li yo‘q.

Qirg‘izchadan Zuhriddin Isomiddinov tarjimasi