Maritsa Bodrojich (1973)

Maritsa Bodrojich (Marica Bodrožić) 1973 yilning 3 avgustida Xorvatiyada tavallud topgan. 1983 yili Germaniyaga ko‘chib kelgan. O‘n yoshidan e’tiboran Berlin shahrida istiqomat qilmoqda. “Tito o‘ldi” nomli hikoyalar to‘plami (2000) orqali adabiy jamoatchilikka tanildi. “Botiniy lahzalar o‘yinchisi” (2005) romani, “Bitta patida o‘zgarmabdi kolibrining” (2007) she’riy kitobi nashr etilgan. “Xotiraning qalb surati” badiiy filmi tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan. O‘nga yaqin mukofotlar sovrindori.
M.Bodrojichning turkum she’rlari “Guliston”, “Jahon adabiyoti” jurnallarida, “Hurriyat” gazetasida, “Meros yulduzlar jilosi” essesi “Jahon adabiyoti” jurnalida bosilgan. Nemiszabon xorvat adibasi she’riy turkumi “XX asr jahon she’riyati” antologiyasiga (Toshkent, 2011) kiritilgan.

OTAM MENI QOR QIZIM DERDI

Boisi tug‘ilgan vaqtimda
og‘zimdan onamning ko‘ksiga
qor uchqunlari sochilgan ekan.
Qish kelsa ko‘zguning ichiga kirib
qayta chiqqisi kelmaydigan qorqiz edim
Onamning yumshoqqina bag‘rida
osuda uxlardimmi yoki…
bularning bari xotiramda yo‘q.,
Jigarrang chambarli do‘ng ko‘krak,
biroq avvalgiga nisbatan o‘ta yangi joy.
Hali “Men” qiyomiga yetmagan
qayga qaramang mensizlik.,
barcha-barchasi mensiz,
barchasi hamisha mensiz.
Ota-onam sayohatga chiqishlaridan sal oldin
meni boshqa ism bilan atagan ekanlar.
Biri Dengizga Yaqin deyishsa,
ikkinchisi Yorug‘ deb chaqirgan.
Aynan o‘shanda
yoz soyam uzra uzoq cho‘zilgan,
biroq menga yaqin kelmay shuvillaganicha
o‘tganu ketgan.
Otamning tushlarida: Qor, Qor Ayol,
Millionlab hujayralar
va vergul,
vergul ortida millionlar –
o‘zini batamom unutish uchun.
Men Dengizga Yaqin va Yorug‘,
O‘zimni haqiqiy yozga atab asramoqda edim.
Oq uchqunlar
oq rangni surib olib
yuz-ko‘zlarga urilar edi.
Hatto quloqlardan pag‘a-pag‘a bo‘lib
qor yog‘ar edi.
Quloqlardan yog‘ayotgan qorni nazorat qilib
bo‘lmasdi. Burundan muz tushar edi,
muzdan boshqa hech vaqo yo‘q edi.
U yerda mening muzim
chana uchishga mo‘ljallanib qotib qolgandi.
Kanday yaxshi hammayoq yax, yax, yax –
bo‘g‘iq tovushli qish,
uchib ketolmagan kaptarlarning sovuq ini,
g‘o‘ngillab yurgan eski asalari
o‘z fe’lidan qochib
to‘ppa-to‘g‘ri menga qarab uchib kelmoqda.
Tosh otdim – qulab tushdi.
Qo‘limdagi ashyo – musiqa negizi.
Qishloqqa rosmana yoz keldi,
Yozdan tug‘ilgan kunimga atab bir bo‘lak
tortib oldim.
Onam shaharga keldi,
eshik qo‘ng‘irog‘ini chaldi
va bor vujudi bilan
to‘ldirib turdi avgust oyini.
Cho‘ntagidan chak-chak
tomardi
bo‘sag‘aga,
na-da bo‘sag‘aga, oyog‘im ostiga,
na-da oyog‘im osti, butun hayotimga
muqaddas Bibi Maryam bayramining daqiqalari.

* * *

Bitta pati-da o‘zgarmabdi kolibri*ning
tush odamiga kirib kelarkan
qanotlari ila havoni chizar
men osmonman, deydi,
men moviy osmonman.

Odamlar uchayotgan go‘zallik
qoshida lol qolisharkan,
ustomonlik qilishar
chamalab-chamalab
shunday deyishadi kolibriga:
sendagi rang — rang emas, xayol.

Qush taajjubni odamlardan o‘rgandi
binafsha rang gullar yoqqa uchib ketdi.
Daf’atan sehrli kitobini ochib ko‘rdi-yu
shosha-pisha varaqladi-yu
kapalakka aylandi varaqlar yopilguncha to.

Qanotlari ila havoni chizib
men osmonman, deydi,
men moviy osmonman.

Bundan buyog‘iga bolalar tush ko‘rishmas,
gapirayotgan mo‘jizani barmoqlari orasiga
olishsa chang to‘kiladi.
Kapalak battar sarg‘ayib
uchib ketdi suratlarning ko‘hna makoni tomon,
unda limon hidi hukm surardi.

Endi u — kolibri. Bitta pati-da o‘zgarmagan
parvoz qilayotgani tushlar olami.
Yana o‘sha tevarak-atrof,
yana o‘sha hayrat og‘ushidagi odamlar.
_________
* Kolibri — Dunyodagi eng kichik qush

* * *

Bir ming yil o‘tar ikki bora,
toki mo‘jizalar kurtak yozguncha,
yorongulga aylanguncha so‘zlar navbatma-navbat,
dam uzilib, dam suzilib o‘sishgunicha,
o‘zlarini unutib ahyon-ahyonda.

Botinida — Ulkan ko‘z.
Bu dunyoga nisbatan
Misoli Ko‘zgu.
Unda akslanadi taqdir chigalliklari,
beomon urush lavhalari. Ochlik. Qahatchilik.
Qalbning o‘ziga xos o‘rta asri.

Biroq bunda ham kitoblar yozilar.
Asl shimol bug‘ulari
tavallud topar. Yoz o‘z mavsumini tugatar.
Ertaklar, rivoyatlar,
shamol birma-bir sanab yurgan mavjudotlar.
Binobarin o‘sha daho Motsart
bir kuni albatta tirilar qayta.

* * *

Apelsin osmoni. O‘zga bir ohang
aylanar foniylik girdobi ichra
xush damlarning samimiy sasi.

Mevalar ko‘zi rangdor jomadon,
gir-atrof mezbon. Havodan ilingani
Mehr. So‘ragani — Mo‘jiza.

Inson bulutlarni ushlab ko‘radi:
to‘kilayotgan shabnam — orzusi,
nur esa go‘zal ishqdan charchab ko‘rgan tushlari.

* * *

Baliq parvoz qilar.
Soyalar avval daryoda
so‘ng ko‘lda cho‘milishadi.

Kindigimda shahodat bitigi bor,
kindigimga Yer yashiringan.
Yakshanba shitob ila o‘tarkan
bir kishi Yerni zambilg‘altakda tashiydi.

Shunda barmoqlarim hunar ko‘rsatadi
Yomg‘ir tomchilari ostida ochiladi.
Dov-daraxtlar ketishga taraddud ko‘rar
ularning qismati shu-da axir.

Shamol daraxt uchlari bilan majlis tuzib
shoxchalarning shivir-shiviridan iborat
suhbatini taqqa to‘xtatdi.
Go‘yo shuni kutib turganday
Uyg‘onar mushuklar oilasi ham —
Botinimda. Peshona va yurakning orasida.

Yolg‘izgina delfinim bor edi
munofiq odamlar delfinimni
uzoq vaqtgacha yashirib qo‘yishgan ekan.
Men buni bilib qoldim.

Yana bitta ilova:
O‘zimni ko‘rdim — shuncha urinib-turtinib
hech qachon meni o‘z izmiga sololmagan
O‘zimni ko‘rdim.

* * *

Shamollar ortida, palmalarning narigi tarafida
qanaqa bitiklar bizni kutib olmoqchi ekan.
Ular bizni yashillik og‘ushida kutishadi.
Ular tog‘lardagi
hech qachon topib bo‘lmaydigan
sarhadlarda bizga ilhaqdirlar.

May marvaridguli vodiysida
gul muhabbatga qodirligini namoyon etar.
Kun to‘xtab qolgan edi. Hamon bugungi kun edi
chunki marvaridgullarni ko‘rinmas narsalar ila oziqlantirdik.
Sal-pal teginib, sabrli tilimiz ila parvarish qilarkan
tasvirlanishga munosib qilardik marvaridgullarni.

* * *

Yuzma-yuz tuyg‘u,
ko‘llar pastda, yerda
kuldirgichlar osha sochilgan mo‘jizalar —
ortga qarayotib shularni ko‘rdik.
Soatimiz millarini qordek sovuq farishtalar to‘xtata bilmadi,
buning sababi xotirot og‘riqlari qo‘llarimizga ma’no berib turardi.

O‘shanda dekabr oyi edi, advent o‘rtalari
bildikki, xamirtog‘arada bilimimiz uxlab yotgan ekan
ashyolar go‘zalligini tush ko‘rib.

Ismlarimiz oyoqlarimizdagi poyabzal kabi
fe’l-atvorimizga mos tushgan edi.
O‘lchoqlarimizni hech kimga o‘g‘irlatmagan edik.

Tashqarida esa
insonlarning haqiqiy dunyosida
hozirgi zamon qalingina kiyinib olgan edi.
O‘tmish lom-lim demadi.
U bilan azob-uqubatlarni baham ko‘rganlar
bu yoqqa tashrif buyurmadilar ham.

Sen va men,
ya’ni singlim va sening bolang
yoyilgan masofalarni fikrlar cho‘tkasi ila
tarab-tarab bosib o‘tishdi.
Gumbaz yerto‘lasida,
qadam tovushlarimiz ortida
asalli kulchalar hamda ziravorlarning
dimoqni yorguday xush bo‘ylari anqir edi.

Dekabr ob-havosi iliq kelgandi.
bu tarovat davrimizgayam yuqar edi
qadam-baqadam.
Davrimizda dekabr iliqligi qulf urar edi.

* * *

Bir tulki ishkom oralab
yaproq kosasidagi shudringlarni sipqorib qo‘ydi,
dum-dumaloq ko‘zlari ila menga uzoq tikildi,
xuddi tanbeh berishimni kutib turganday.
Men esa uni ham, boshqa bir hayvonni ham
huzurimga chorlamagan edim.

Ro‘parada tog‘ darasi,
yuqoriga qarasam darada aksim ko‘rindi.
Shunda
pirillab qushlar uchib chiqishdi daradan,
qanotlarida notanish ifor —
begona bir hid.
Qornimda
xayrixoh qo‘shiq jarangi,
kelishuv, botiniy bitim nomasi.

Ichkariga kirdim, ko‘zim yoridi,
tulkiga ko‘rsatdim bolamni.
Tulki go‘dakning mitti quloqlaridan
oyoqchalariga qadar tikiddi.
Shunda shosha-pisha
birvarakayiga to‘rtta soatiga qarab
oyog‘ida yaltillagan shudringga imo qildi.

Ko‘rsatkich barmog‘iga
mahliyo bo‘lib turgan paytimda
bolaga chang soldi,
ko‘z ochib yumguncha g‘oyib bo‘ldi u.

Uzumzorga qarasam marvarid shudring donalari,
ishkom uzra g‘ir-g‘ir esmoqda yoqimli bir tong shabbodasi.
Havoni simirdim.
O‘yga cho‘mdim,
so‘ng esa uyimga jo‘nadim.

Kelasi kuzda,
yangi hosil yig‘imi vaqti,
yana ko‘rib qoldim o‘sha tulkini.
Anchayin horg‘in…
Aytishiga qaraganda bu yoqqa atayin kelmagan ekan,
yo‘l-yo‘lakay burilgan shunchaki.
men bu gapiga ishondim.
Shundan so‘ng boshqa ko‘rmadim uni.

KO‘NGIL NIMA DEYDI

Suzib o‘tayotgan momiq bulutlar
bir-biri ila tutashsa, evrilar farishtaga.
Dunyo qay taxlit yaralganini, kim boshqarayotganini
ich-ichimdan bilaman. Qarangki, bandargohda
nurdek porloq kemalar ko‘rinmas. Buning o‘rniga
yap-yangi motorlar gurillar tinmay.
Quvg‘indan qutulgan jangchilar
yangi asr tomon jo‘nagan go‘yo.
Atirgul, ayt-chi, ular ro‘shnolik ko‘risharmikan,
shamol eshiklarini taraqlatgan uylar jim.
Javobi yo‘q savol. Kulsam, ko‘rib qolar yana atirgul.
Atirgul baridan voqif… Negaki
aynan menga o‘xshash menlik yo‘q.

* * *

Bir quchoq bo‘sada — ummon cheksizligi,
bugunga yetadi. Balki asqotar
ertangi buyukroq kunlar uchun ham.
Shundan so‘ng, ayt-chi, Ilm, atirgul tikonlari
qovjirab qolmasmikan qo‘qqisdan? Ifori
etib borarmikan ummonlar oshib
olis-olis kelajak tomon? Shu haqda so‘yla, Ilm,
odamlar chin ovozga, chin o‘zakka
egamilar tik o‘sgan qarag‘ay kabi? Ko‘z qorachiqlariga
g‘amu tashvishdan ayro. Bu haqiqiy kelajak uchun
tatirmikan? Kifoya qilarmi ekan?
Ayt, Ilm, men endi senikimanmi,
yoki tug‘ildimmikan ko‘zgu ichida?
Bu haqda so‘rama, der Ilm. Yashna, yashnayver,
sen o‘zimning atirgulimsan.

* * *

Joy bo‘shating qariyalarga
totli tushlar, qir chechaklari ifori
umr shafag‘ida ularniki bo‘lsin.
Qadah jaranggini, bulut soyasini, non hamda
shirin so‘zlarni darig‘ tutmang qariyalardan.
Yosharsin sizga o‘xshab. Xizmatini qiling.
Xo‘roz uch bora qichqirguncha to
xiyonat fosh bo‘lar. Og‘ir tong otar.
Bitar. Mo‘jiza rangsizlanar. Baribir
kundalik hayot tashvishlarini bir chekkaga uloqtirib
issiq non yanglig‘ bizni lol qoldirishadi.
Mana shuning uchun ham yashashni xohlaymn,
Asrab-avaylamoq — asl maqsadim.

* * *

Kambag‘al – ahdiga sodiq,
chunki tasodifni tushungancha to
so‘nggi umid bilan birga yashaydi.
Osmonni g‘o‘ch yigitdek kayf ichra ko‘rar.
Qirg‘oq chekkasida esa dirijabl kattaligidagi yurak
pirpirab suzib yuribdi.
Asalni o‘pkaning burama chiziqlarini
silliqlash uchun tayyorlashmagan. Biroq, yo‘l — tep-tekis,
yo‘lovchiga pand bermas. Turma qopilari lang ochiq,
nega ochiq bo‘lmasin, axir, ichonda
o‘sha bir-biriga sodiq tutqunlar.
Dishonda hamma narsa muhayyo.
Ko‘p-ko‘p dala-tuz…
Ko‘p-ko‘p qir, adir…
Ko‘p-ko‘p yoz, undan ham ko‘p qish,
Sukunat ham
ko‘p-ko‘p.
Hamma narsa ko‘p.

* * *

Evropada har kuni ham,
har kuni ham o‘lavermas
qush.
Aks holda parrandashunos
kasbini tez o‘zgartirgan bo‘lur edi.
Bir gal shu haqda o‘ylayotib
“Ovchilar-chi?” degan so‘roq
miyamda ko‘ndalang turdi.
Bordim ovchining uyiga.
Ovchi otishni unutib qo‘ygandek go‘yo,
shunchaki… havoga qarab ham o‘q uzmadi.
Miltiq o‘qtalmadi. Boisi
ikkalamiz o‘z tasavvur doiramizda edik.
Ilk marotaba derazam yonidan
zog‘ uchib o‘tdi. Lekin uni ham
mushuk ko‘rgan ekan bizdan oldinroq.

SOAT MILIDAN YuQORIGA ChIQDI VAQT

Tanaffus haddi a’losida Vaqt qo‘rqinchlari jonsarak:
hayot endi vaqt sarhadidan chekkada o‘tar.
Hunarmandlar sayyora tutqichini aylantirishar.
Qadam tovushlarida tushki paytning soyasi,
tomirlarda qirsillayotgan anor donachalari,
yuzda akslanayotgan — jannat rohati.
Yarq etib ochilayotgan — “Men”,
davomiylik hududida bir ohang ustuvorligi,
birgina porloq nigoh,
og‘iz burchlari tiniqligidan to‘yingan.
O‘pishmoqdan muddao ne — so‘rayman,
birlik son nima istar — so‘rayman,
qovushmoqdan neni istaydi
yoki lazzat onlarini eslashdan ne naf?
Yo‘q, shundayku-ya baribir
savolim savol
odamlar o‘pishishlari kerak,
bir-biriga kerakli bo‘lmog‘i kerak.

* * *

Tashna, har narsaga intiq qalb,
qaroqchining dum-dumaloq ko‘zlari,
dov-daraxtlarning hilpiragan uchlari osha
chayqalayotgan boshqa bir dengizni ko‘rib qolgandi.
Go‘yo padari buzrukvor yuksakda,
havoda chordona qurib o‘tirar,
jami ezguliklar — mulki,
barcha tillar — tasarrufida,
“sen”lashib gaplashadi rub’i maskun bilan.
Balki keksa bir farishta yonida o‘tirgandir,
oppoqqina hamda shaffof bolalik,
momiqqina jajji farishta
Irida oldida turgandir nayza tutib.
Balki u yerda ipakdan to‘qilgan mamlakatu
siyohrang muhabbat oftobi,
bolalikning pok muhiti
hamda kuchi, quvvati, shon-shuhrati pinhon.
Yurak tadriji, ishqning yulduzli onlari
bordir ehtimol.

* * *

Yonoqlarimni yondirib turgan
arxiv ranglarini o‘qiyman.
Nega ham o‘qimay
yuzi ostida bitta yuz bo‘lishi mumkin-ku, axir.
sizga aytsam, qishning qisqagina kunduzi chog‘i
badanim ostida badan borligini
payqab qolganman.
Ehtimol, bu ko‘ngil asali,
hamma qishning so‘nggi kunlarida
boshqa odam shaklida o‘zidan qochgisi kelar.
So‘zlar tili cho‘g‘lanmog‘i uchun
yozning issiq tilini bilmog‘ing joiz.
Bu gapim So‘z shakliga daxldor emas,
Shuningsiz ham chiroylidir So‘zning chehrasi.

* * *

Goho kuch bag‘ishlar kutish onlari,
Unga qarshilik qila olmasman.
U kutishimni,
poyiga kelib tiz cho‘kishimni kutadi.
Men uning ixcham tuzilmasiga ta’zim qilaman,
Sabr saroyiga borib qolganimni ilg‘ayman.
Bu yerda nima qilaman, — so‘rayman o‘z-o‘zimdan,
axir boshqa odamlar muhabbati bilan shodumon.
Men esa hamon kutaman,
kimnidir yoki nimanidir.
O‘ylab ko‘rsam Sabrni mahv etsam bo‘larkan.
uy oldidagi bodom po‘choqlarini
supurib tashlagan kabi
miyamdan chiqarsam bo‘larkan Sabr degan narsani.
Yoz boshlandi deguncha
barcha yugoslavchasiga zerikkanidan
sigareta buruqsita boshlaydi.
So‘zlar avvaldan So‘z ichida uxlaydi,
radiodan musiqa tinglash amali
shubha uyg‘otmaydi odamda.
Bugun men sabr deb atagan narsani
yuqorida zikr etilgan manzaralarni
tomosha qilganimda kashf etgandirman.
Qanchalik pokdoman esam-da,
hech kim meni esga olmas.
Faqat cho‘kka tushib nimanidir kutib o‘tiraveraman.
Goho kuch bag‘ishlar kutish onlari,
u kuch mening hozirgi zamonimni o‘g‘irlab qo‘yar
va o‘zin do‘kon kabi sotvorar.
Men o‘tiribman bunda,
kursining ustida,
tashqarida chinorlar muzlar,
lekin hech sovqotmayman.
Sabrda
shunday kuch borki —
kutishdagi kutilmaganlik.
Va hech kim bu yerda
o‘zimni unutib o‘tirganimni
eslatib qo‘ymaydi hatto bir bora.

SEHRLI KITOB

Salmoqligina bir sehrli kitob bor,
bunda qoidalar yo‘qdir.
Chunonchi, kim neni xohlasa shuni qiladi.
U hamisha shakllanishda.
Darvoqe, u qonunlar majmuasi emas,
har sahifasi raqamdan iborat,
hech kim sahifalarni ocha olmaydi:
ochqasangiz u — tushki taom.
Uni to‘yib yeyish — bu yaxshi amal.
Kimniki ko‘zi bo‘lsa uni ko‘rgisi keladi.
Poyonsiz otizlarda tonggi chig‘ uzra tush uchi
ko‘r-ko‘rona tin oladi.
Go‘yoki kimdir sayr qilib yurganday,
dalillanmagan xotirotdan guldasta tuzadi.
Shunda posbon hamisha bahor
“kun ajoyib bo‘ladi” deydi.
Tonggi g‘ira-shiralikda kattakon yorug‘lik meni
bejirimgina qo‘lga olib dast ko‘taradi.
Aynan o‘sha daqiqalarda kitob sahifalari
o‘z-o‘zidan ochiladi —
jimgina, sassizgina.
Bir hayrat uning yonida,
mitti bolakay.
U bu yerda sokingina yashar,
gapirmas. Uni momiq badanini quchib
otamni his etaman. Ana u tut tagida o‘tiribdi,
nigohlari asta-asta so‘nmoqda.
Quyosh uning suratlarini old hovlisiga yo‘llar
va u menga xuddi o‘z bolalarini sanayotganday tuyuladi.
Barmoqlariga rosmana odamdek qarab turibdi,
daf’atan ustida o‘rmalab yotgan shilliqqurtlarni ko‘rdi,
shu onda u tomon shoshildim.
Ota, deyman, kelaqol, kitob ikkimizga atalgan.
Men mitti bolacha bo‘lishni istamas edim,
qon-qardoshlik belgisi sifatida
kitoblar bitishni xohlar edim.
Mayli deydi u, bir daraxt uchiga chiqib kelay.
(Ohistagina ketdi u,
havoda birdan-bir ulug‘ narsani tervoldi)
Qaray-qaray hech ishongim kelmadi, u alifboni o‘g‘irlab
samo qa’riga o‘zi bilan olib ketdi.
Ota, dedim, axir bu barchamiz uchun-ku,
agarda boshqalar ishonmasa,
biz kitob yoza bilmasmiz.
Yaxshi, unday bo‘lsa, alifboni olaqol, dedi.
Men kitobni olib qo‘llarimda ushlay turib
So‘zlarni,
Yaratganning yo‘rig‘ini nima qilishni bilolmay
uzoq vaqtlargacha lojaram bo‘ldim.
Shunda otam kitobga — asliga qaytib dediki: quloq sol,
sahfalarga oid ketish tanho alifbo ila bo‘lishi kerak.
U daraxtlarni xuddi tushdagidek
ildiz-pildizi bilan qo‘lga olib
ularning uchlarini
qalbim mamlakati saroyi tomon yo‘naltirdi.
Men esa daraxtlar
ne istayotganini bilmay yig‘lavordim,
uzoq-uzoq yig‘ladim. So‘ng raqsga tushdim.
Pirovardida, ko‘z o‘ngimda sehrli kitob qoldi,
sehrli kitobni achchiq sevgi ila sevdim.

* * *

Taqdiri azal o‘z qo‘lingda bo‘lsa, bo‘lmasa
unda men bulut odam shaklida tug‘ilardim, deyman,
unda men ob-havo hududiga evrilardim.
Chunonchi hech kim, hatto o‘zim ham
Yugoslaviyada tug‘ilishimga xalal berolmasdim.
har kuni turlicha ob-havoyim bo‘lardi.
Quyosh almashinuvi dunyodagi eng oddiy hodisa sanalardi.
O‘pkalarim bilan Andralidaga sayr qilgan bo‘lardim,
Zuhro hududini mushukona sakrashga to‘ldirar edim.
Havo ber, derdim o‘shanda. Va albatta kulib…
chunki, botinimdagi eng jiddiy narsa o‘zgargan —
kutayotganlarning, o‘tirganlarning, chegara ochilishidan
umidvorlarning jo‘r bo‘luvchisiga aylangan bo‘lardi.
Odamlar bilan ellashib, tillashib ketardim.
Daraxtlar hamisha ko‘z o‘ngimda.
O‘lchami — o‘sha-o‘sha.
Ya’ni, yomg‘irni kutib olishga qodirdirlar.
Yakshanba kuni edi. Berlinda yomg‘irli kun. Shunda uchta
voyaga yetmagan minoradan bittasini ko‘rib qoldim.
Shunda Yerdan o‘sib chiqib gaplashishga fursat topdim.
O‘z-o‘zimga dedimki, minoralar nurdan yasalganida bormi,
unda taqdiri azal bilan ishim bo‘lmagan bo‘lur edi.
Shuni o‘ylab turuvdim oshxonamda
quyosh manbai jaranglab, o‘n uchinchi minora o‘z
mavjudligini ma’lum qildi.
Ro‘yo ro‘yobi shumikan? Haqiqatimdan voz kechdim.
Barcha bo‘lib o‘tgan hodisotlardan mosuvoman.
O‘z nomimni namunali posbonlar qatoriga kiritib
qo‘ysam bo‘lardi. Shundan mamnun edim men.
Lekin u odam
uni mahkamroq ushla, dedi.
Qo‘yib yuborma, dedi.
u senga u yerda, bu yerda yordam beradi,
poyafzal bilanmi yoki poyafzalsiz
oyoq bilanmi, yoki ko‘ngil bilan
olg‘a bosishingga
buning nafi ko‘p, dedi.

Nemis tilidan Mirzaali Akbarov va Bahrom Ro‘zimuhammad tarjimaci