Herta Myuller (1953)

Herta Myuller (Herta Müller) «Inson – bahaybat qirg‘ovul», «Tulki o‘sha davrlardayam ovchi edi» singari g‘aroyib romanlari bilan jahonga tanilgan nemis adibasi. Xususan, 2009 yilda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lganidan so‘ng dunyo miqyosida dovruq qozondi. Herta Myuller 1953 yilda Ruminiyaning Nitskidorf qishlog‘ida tug‘ilgan. Hozirgi davrda Berlin shahrida istiqomat qiladi. «Soch tugunida bir xonim yashar»,
«O‘ldirilgan do‘st», «Kumush qo‘ng‘iroq sochli avtomobil qayoqqa boradi» nomli she’riy to‘plamlari mashhur.

* * *

Ko‘ylak ostiga ko‘milib men,
Sichqonlarning tolesiga evrilishim mumkin.
Ha, stol atrofida jimirlayapti jimlik,
Cholni qog‘ozdan yasab qo‘yishibdi.
Katdagi kattakon ochlikmi,
Tizzadan sachrayaptimi yurakkacha otquloq
Yoxud bular tamomila o‘zgacha mavjudotmilar.
Yana seni o‘ziga tortar davlat iplari,
Bir soat chamasi uyma-uy yurmasdan,
Kumush va qo‘rquvdan iborat kalavani ko‘rasan.

OLMA

Ustaxonasida
Porloq po‘st
Kartoshkagul ustaxonasida
Kindik buramasi
Pashsha ustaxonasida
Xoda yutgan kabi ozg‘in tan musiqasi
Lablar ustaxonasida qor
Pag‘a-pag‘a vatan sog‘inchini deb
Ko‘mirga qarshi isyon qilib turibdi

***

Ey, kumush qo‘ng‘iroq sochli avtomobil qayga boradi?
Chinnidanmikan, chin iyakmikan haydovchi iyagi,
Dedi: chivinlar kun o‘tib, qora klarnetga hamda orzudagi
Jo‘ngina qo‘shiqqa ega bo‘lishar ekan.
Tafovut shu. U sochlarini oldirdi.
Quloqlariga yopishmish tola-tola soch.
Dedi: ko‘cha marhum ishvagar xonim nomida ekan,
Bir kuni qo‘rquv o‘sha xonimga o‘xshab gumbur-gumbur qildi.
Palto kissasida turgan gugurt qutisi emasman,
Bir kuni yo‘lda ketayotib yo‘qolib qoldim.
Bir kuni lomakon zinalarini ko‘rdim.

***

O‘t-o‘lanlar makonida o‘ldirilgan do‘st
Bepul tunash huquqini qo‘lga kiritdi.
Ko‘cha mushugi qornida
Issiqqina sutni olib yuribdi.
Bosh suyagida yashil mudhish cho‘g‘ uchqunlamoqda
Shamol o‘zi g‘uvillab kirayotgan
Yaproqlar sokinligini bilmaydi
Tun ham bilmas o‘zi tikkan ovozni
Ko‘tarayotgan ko‘ylakni
Bugun barvaqtroq oqshom cho‘kdimi

Nemis tilidan Mirzaali Akbarov va Bahrom Ro‘zimuhammad tarjimalari

* * *

Ovqat yeymiz tunu kun
dunyo ishqi yuzlarda
qoshiq va lablar aro
qon kabi bir to‘p malina.
Behushlik yashiringay tunga
soatlar aro
bunda o‘rmalaydi bitta qurt,
eb bitirar tsiferblatni
tevarakda bir o‘zing
boshqasini unut…

* * *

Sanchqi yerga tushdi, voh.
Onam aytdi: “Ol uni!”
Stol ostiga kirdim
Ko‘rdimki unda –
Issiq edi – olma po‘chog‘i kabi
Nafis qayishli onamning oyoq kiyimi
Va oyoqlarining o‘n ikkita barmog‘i
Mening esa ikki jimjilog‘im yo‘q edi…
So‘rashga yetmas jur’at
Onam esa sanchqini ko‘rsatib der:
“Boshqasini keltiring, ofitsiant!”

* * *

Tamaki dalasida
Elektrchi simga osilib qoldi.
Politsiya keldi
Ko‘k rangli chirog‘i bilan.
Bechoraning kiyimidan
Uch yo to‘rt yovvoyi o‘rdak
Maysaga qularkan
Eshitilar xizmatchilar qah-qahi.
Baxtsiz hodisami bu, afsus, nima o‘zi.

* * *

Oftob osmon ostidan o‘tar
Sim kabi uzun qovurg‘alari aro
Va kunduz kuni hech bir daraxt o‘smagan o‘sha qoyada
Teraklarning soyasi qalqar xiyobon kabi
Faqat bu ko‘p yillik yo‘ng‘ichqa xiyoboni
Uy oldida to‘xtar mashina va
Undan quti ko‘targan odam tushar
Otam rad etadi, chunki
Mashinada boshqa quti bor edi
Va orqa qatorda
Uchta qovun, o‘rindiq, yostiq va adyol
Otam so‘radiki, nega aynan biz?
Qutida sizlar o‘ylagan narsa emas,
Shunchaki bu burchakda ko‘pmi-ozmi yashayapsizlar…
deganda otam yig‘lab yuboray dedi.

Rus tilidan Gulbahor Said G‘ani tarjimasi