Xan Yon-un (1879-1944)

Xan Yon-un (한용운) – koreyalik taniqli shoir. Yaponiyadagi Komayava kollejida tahsil olib, buddaviylik va G‘arb falsafasini o‘rganadi. She’rlari “Ruh”, “Ijod”, “Dunyoning yaralishi” kabi jurnallarda chop etiladi. 1926 yili shoirning “Sevgi sukunati” she’riy to‘plami nashrdan chiqadi. Xan Yon-un yigirma olti yoshida rohiblikni zimmasiga olib, o‘ziga Manxe deya ism qo‘yadi.

BAG‘IShLOV

Sevgilim, sen ruhan yuz bora chiniqqansan,
Qabul ayla samoviy sevgimni,
tut daraxtin mevalari aylanmasdan burun
marvaridlarga,
Sevgilim, mening sevgim — tongning ilk nurlari.

Sevgilim, sen yaxshi bilasan
qarz yuki qanchalar og‘irligin,
tillaning yengilligin.
Qashshoqning dalasiga farovonlik urug‘ini sep.
Sevgilim, mening sevgim — ko‘hna jezning
ichkin tovushi.

Sevgilim, senga bahor yoqadi,
yoqar hayot va dunyo.
Sen himmatli inson bo‘lgin
ko‘z yoshi shashqator inson qalbida.
Sevgilim, sening sevging
sovuq dengizdan esgan
bahor yellaridir bamisli.

PAROMChI VA YO‘LOVChI

Men kechuvdagi paromman, siz — mening yo‘lovchim,
Siz doim chang oyoqlaringiz bilan chiqasiz,
Men esa sizni daryodan o‘tkazaman,
Sizni oldimmi — chuqur, sayoz, tezkor bo‘lmasin daryo —
o‘tkazib qo‘yaman.
Agar siz kelmasangiz,
Kunmi, tunmi, yomg‘irmi, qormi — men kutaveraman.
Siz o‘tib bo‘lgach, ketasiz, hatto
Ortingizga bir bor qayrilmay.
Men esa kundan-kun kutib,
Tobora unniqaveraman.
Men kechuvdagi paromman, siz — mening yo‘lovchim.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi.

SEVGI SUKUTI

Sevgi tark etdi, tark etdi sevgim.
So‘qmoqlardan kechib, ko‘m-ko‘k qir osha
Zarang o‘rmonzor sari.
Sobit va yorqin tilla gul kabi tuyulgan ahd
Bir nafasda muzdek eridi-ketdi.
Ilk o‘pichning og‘ir xotiralari
Kechib o‘tdi taqdir chizig‘in, chekindi va eridi.
Meni kar ayladi sevgilimning shirin ovozi,
So‘qir qildi meni chiroy ochgan yuzin yog‘dusi.
Sevgim uchratib, qo‘rqayozdim firoqdan, ayriliqqa tayyor emasdim.
Zero, hayrat to‘la yurak
yoriladi sog‘inchdan.
Qo‘rqib, behuda ko‘zyosh shashqatorining
sevgini payhon etishidan,
qayg‘uning, bedavo dardning butun kuchin –
yangi umid to‘lqiniga topshirdim.
Firoqqa duch kelganda qo‘rqamiz,
ayrilganda umid qilamiz visolga.
Sevgi tark etdi – ulgurmadim vido aytmoqqa.
Ajib qo‘shiq kuyin to‘xtatishga yetmaydi kuchi,
atrofda esarkan sevgi sukuti.

* * *

Vaqt sudranar, yolg‘izlikdan qo‘rqib,
Endi bizga ayrilmoq qolar.
Tinglayapman, shamolning esishidan
qulaydi shisha,
Eski shoiraning ko‘zlariga boqmoq kerak.
…Mayoqda…
Ko‘rinmas yog‘du,
Nursiz kelajak onida yohu,
Hech bo‘lmasa nayning yolg‘iz kuyin eslamoq.
Mayli barcha tark etsin, vido aytsin hayotga,
Ko‘ngilda qolgan mavhum tuyg‘ular aro,
Virjiniya Vulf haqida qayg‘uli hikoyani
tinglamoq lozim.
Ilon qoya sari o‘rmalar yoshligin izlagan misol,
Bir stakan may ichamiz, ko‘zni keng ochib,
Hayot yolg‘iz emas, biroq
g‘alat, xuddi jimjimador jurnal muqovasi kabi,
Balki shuning uchun ketamiz biz, achinishdan qo‘rqib.
Taxayuldagi ot,
Quloqlarda nay sadosi,
Bahor yeli
shivirlab qo‘yar qulagan shishaga.

Rus tilidan Shermurod Subhon tarjimasi