(O‘rta asrlar, tarjimai holi noma’lum)
Ey, siz – mansablarga o‘ch birodarlar,
Ertangi kun haqda o‘ylangiz, axir!
Xuddi qum o‘ynagan bir yosh boladek,
Nafsu mansablarga asirsiz hozir.
Erta quyosh botar umr osmonida –
Javob berajaksiz hisob onida…
* * *
Moviy bulutlarda kezadirsan sen;
Men uchun oppoq qor – baridan rohat.
Mansabu boylik deb to‘zadirsan sen;
Qashshoqlik va sukut – menga halovat.
Ustimdan kulasan – mansab yayratgan,
Sening ustindan-chi, kular Yaratgan.
* * *
Mening ota-onam yer va samodir,
Tabiat iffati – mening ayolim;
Cho‘qqilar, daryolar menga birodar;
Shamol bilan oydir do‘sti halolim.
O‘lguncha sodiqman ushbu hayotga,
Shukr aylab barchasin yaratgan zotga…
Rus tilidan Karim Bahriyev tarjimasi