Mikelanjelo (1475-1564)

Mikelanjelo Buonarroti (Michelangelo Buonarroti) (to‘liq nomi Mikelanolo di Lodoviko Lionardo di Buonarroto Simoni; 1475.6.3, hoz. Kapreze—Mikelanjelo, Toskana — 1564.18.2, Rim) — italyan haykaltaroshi, rassomi, me’mori va shoiri; Uyg‘onish davrining buyuk arboblaridan. Rassom Girlandayo (1488—96) va haykaltarosh Bertoldo di Jovanni (1489— 90)dan ta’lim olgan. Jotto, Donatello, Mazachcho kabilarning asarlari va qad. haykaltaroshlikni o‘rganishi Mikelanjeloning ijodiy kamolotiga muhim ta’sir ko‘rsatgan. Mikelanjeloning dastlabki asarlaridayoq uning ijodiga xos asosiy xususiyatlar — mahobatlilik, obrazlar shaklining qudrati va dramatizmi, inson go‘zalligiga ehtirom ko‘zga tashlanadi: «Zinapoya oldida turgan Madonna» va «Kentavrlar» releflari (ikkalasi ham marmar, taxm. 1490—92). «Vakx» haykali (1496—97, Rim), «Isoga motam» haykallar guruhi (1498— 1501, Rimdagi Avliyo Pyotr ibodatxonasi)da an’anaviy gotika tasviriga yangi insonparvarlik mazmunini singdirgan. 1501 y.da Florentsiyaga qaytgan Mikelanjelo respublika fuqarolarining jasoratini ifodalovchi «David» hay-kali (1501—04), «Madonna» (1503), «Muqaddas oila» («Madonna Doni», 1503—05) kartinalarini yaratdi. Mikelanjelo 1505 y.dan Rim Papasining iltimosiga ko‘ra, qabr yodgorligi yaratish ustida ishladi, shular jumlasidan: buyuk jo‘shqinlik va irodaga ega bo‘lgan titan «Moisey» (1515—16, Rimdagi cherkovda) yodgorlikning markaziy bo‘lagiga aylangan; «Isyonkor qul» va «O‘layotgan qul» (1513—16, Luvr) asarlarida kuch-qudratga to‘liq kishanlarni uzayotgan va zanjirdagi o‘limiga rozi bo‘lgan ikki navqiron qarama-qarshi qo‘yiladi. Mikelanjelo yaratgan asarlaridagi obrazlar yorqinligi b-n qimmatlidir.
1520 y.dan Mikelanjeloning qarashlari fojiali tus ola boshladi. 1534 y.da Rimga butunlay ko‘chib o‘tadi. Ijodidagi bu ohanglar Florentsiyadagi San-Lorentse cherkovida Lorentso va Juliano Medichi qabrlariga ishlagan yodgorliklarida o‘z ifodasini topdi (1520—34).
Rimdagi Sikst kapellasida «Dahshatli sud» freskasini yaratdi. Umrining oxirigacha o‘zining qabriga o‘rnatiladigan yodgorlik — «Isoga motam» haykallar guruhi ustida ishladi (1555—64), uning loyihasini shogirdlari nihoyasiga yetkazgan.
Mikelanjelo umrining oxirgi yillarida she’riyat va me’morlik b-n shug‘ullandi. 1546 y.dan Rimdagi Avliyo Pyotr Sobori, Kapitoliy maydoni ansambli me’morligi ustida ishladi, o‘limidan so‘ng uning loyihasi asosida qurib bitkazilgan. «She’rlar» kitobi vafotidan so‘ng dastlab 1623 y.da nashr qilingan. Mikelanjelo g‘oyalari insonparvarlik, xalqchillik, realizmning keyingi rivojiga xizmat qildi. Mikelanjelo asarlarida insonga muhabbat va uning ulug‘vorligi hamda go‘zalligiga ishonchni saqlab qola oldi va ifoda eta oldi.

IKKI SONET

Hikmatni qa’rida marmar jo qilar –
Unga so‘z qo‘sholmas hatto daho zot.
Marmar hikmatini aylagay ozod
Faqat teran aql elchisi – qo‘llar.

Quvonchmi kutarman yo chekarman g‘am –
Marhamatli donna, qarzdorman – sizni
Ko‘rsam uyalarman – jamolingizni
Madh etmoqqa ojiz manim qo‘lim ham.

Na ishq, na yuzingizda balqigan sehr,
Na qahr, na la’nat, na bu iztirob
Aybdordir! Faqat men – o‘zim gunohkor!

Zero sizda yashar o‘lim va mehr,
Men bo‘lsam – aldadim bamisli sarob:
Men faqat o‘limni ayladim oshkor.

* * *

Nahot, donna, nahot (o, garchi qiyin –
Buni tan olmoqlik), marmarda ayon
Bo‘lgan chehra yashar abadul zamon
Hatto yaratgani o‘lgandan keyin?

Ha! Inson dunyoda abadiy qolmas!
San’atning qismati yuksak, misli baxt,
Hatto tabiatdan yuksak! Hatto vaqt
San’at yaratganin o‘ldira olmas.

Shu sabab marmarga va bo‘yoq-rangda
Sizni va o‘zimni qilib namoyon
Boqiylik qudratin bag‘ishlay deyman.

Asrlar o‘tsa-da, odamlar anglar:
Siz qanday go‘zalsiz! Men qanday giryon!
Naqadar donoman – sizni suyibman!

Xurshid Davron tarjimalari

* * *

— Go‘zallikning o‘zi nima , ayt, Amur?1
Unga qalbim intiladi, yo‘q to‘zim.
Farog‘atni o‘zda topaymi o‘zim,
Dag‘al toshda orzum ko‘rgaymi umr?

Chorlaysan-a meni qilmakka kufr,
G‘ovga uchrar o‘yim bo‘lib bir tizim.
Fidoyi, zahmatli ishda qo‘l har zum —
Bo‘ldi, endi tirik chehra ko‘rsin ko‘z… uzr.

— Ajib go‘zallikning asirisan, bil,
Unga talpinadi har bir ijodkor,
Eng yuksak rohatni anglamoq uchun.

Unga tengdir faqat navbahor va gul,
Unda ruhiyatning tasvir, aksi bor.
Shuni anglayolsang — komilliging chin…

* * *

Bir kun men ham bir hovuch kul bo‘lurman,
Olov so‘nib birga so‘ndi cho‘g‘im ham.
So‘nggi onim keldimi deb o‘ylasam —
Mo‘jiza qutqarib, qarzdor qolurman.

Tirikmanki esdan chiqarmam aslo
Go‘zal chehra asta-sekin so‘nishin,
Tangriga men shuncha nola qilishim —
Bekor ekan, nuqta qo‘yibdi Alloh.

Ostonadan hatlab o‘tayin men ham,
Ajib nursiz qolib bir yetim kabi,
Kundan-kunga ozib, mung‘ayib, to‘zib —

Bo‘lib qoldim misli titrab turgan sham.
Olur meni komiga ajalning xobi,
Gar cho‘g‘idan Amur bermasa uzib.

* * *

Hunarining barcha sirlarin anglab,
Metinni olov-la yengar temirchi.
Otash purkar damni tutar damgarchi,
Temirga g‘aroyib go‘zallik tanlab.

Jon – jahdi-la o‘tga talpinib Humo,
Oxir qismatini topib bo‘lar kul.
Men ham dilda o‘tsiz o‘likman butkul,
Lekin behudaga yonmoq ham yomon.

Baxtliman, olovga esh bo‘lgan dilim,
So‘nmas o‘t dil yoqib, lazzat baxsh etar,
Hayotim shom tomon ketayotsa ham.

Axir ko‘hna gapni aytadi elim,
Falakning bag‘riga taft singib ketar,
Nahot endi men ham me’roj aylasam!

* * *

Ishq dilimdan nari yashar, ammo yonimda.
Mo‘min-qobil sevgi esa o‘ta vafodor.
Yurak qurg‘ur sho‘x, o‘ynoqi, o‘t, olovbardor,
Hislar esa tinlik bermay, qaynar qonimda,
Rohat totib, uyg‘oqlikni sezib jonimda;
Bildim: xudo o‘zi berar, o‘zi aylar xor.
Ming g‘aroyib husning bo‘lsa hamki, senga yor —
Foniylikni ravo etar, meni qilib zor.

Olovu iliqlik xuddi ikki egizak,
Ilohiylik bilan chiroy hamisha birga.
Va shul sabab yuragimda yashaydi orzu.

Sening tomon talpinadi hamisha yurak,
Havas chulg‘ab kunlarimni o‘raydi gulga,
Hayhot, endi kipriklaring yummagil bir zum!

* * *

Bilmam, so‘nggi zangim urilar qachon,
Umrim esa o‘tdi qisqa on bo‘lib.
Ruhim bu dunyoning nafsidan to‘yib,
Qiynalib kutadi chiqishini jon.

Razillik yo‘lida bo‘lib zo‘r sarbon —
Bu dunyo yashaydi gunohga to‘lib:
Yolg‘onlar boshqarib, Haqiqat o‘lib,
Potrar orzu-umid tayanchi — karvon.

Ruhim ko‘p qiynalar gumonlar aro.
Tangrim, ne javobni kutayin sendan?
Adolatga ishonch so‘nmoqda, hayhot.

Har kimsani ajal qilganda xarob,
Mehrga qahrini yo‘rgaklab shunda —
Shuuring o‘z kuchin ko‘rsatmas nahot?

* * *

O, bu dillar uchun muqaddas fasl,
Ayoz, qishlar o‘tib, bahor kulgandek,
Hushhol hayajonga vujud to‘lgandek,
Ruhim yashar yana uyg‘oq muttasil.

Ishqqa bir xil tashna qarilik, yoshlik,
Sevgi ikkisiga berolar malham.
Haqiqat bor Amur so‘zlarida ham:
“Meni tanimagan hayotda — o‘lik”.

Go‘zallik ikkimiz do‘stmiz vafodor,
U mening orzuyim, matlabim mening.
U mening ishonchim kabi barqaror.

* * *

Arg‘umoqdek niqtaymiz tunni
Va izlaymiz kundan halovat.
Yo‘q umidning ishonch ustuni,
Orom qolur tushlarda faqat.
Hayot — rangin iplar tuguni,
Ezgulik, yovuzlik — egizak abad.

* * *

Ona tabiatning o‘lchovi oqil:
Ikki omil birga yashashi uchun
Go‘zallikka qahr payvand, yor ekan.

Tabassumingizda baxt edi nozil,
Bolning mazasiga qolibman uchib,
Unutib — arining nishi bor ekan.

* * *

Toshda izlasam ham abadiyatni,
Har on xayolimda oxirgi kunim.
Mushtarak bo‘lolmas ajal va ijod.

Agar qaytarilsa hayotim yana,
San’atga qilardim xizmat betama,
Tangrining ishlari ajibdur, hayhot!

Nodira Rashidova tarjimasi