Mahsatiy Ganjaviy (مهستی گنجوی – 1098 – XII asr o‘rtalari) – fors shoirasi. Musulmon she’riyatining yoqin namoyondalaridan biri.
Mahsatiy (“Moh asti” – “Oysan” degani) fazlu kamol sohibasi bo‘lib, tarixiy manbalar uning ilmparvar xonadonda tug‘ilgani, mukammal tahsil ko‘rgani, iste’dodli ruboiynavis bo‘lib yetishganidan guvohlik beradi. Otasi maxsus musiqashunos yollab, qiziga musiqa va raqs ilmidan ham saboq olishiga sharoit yaratib bergan. Mahsatiy otadan barvaqt ayriladi. Ganja xatibining o‘g‘li Amir Ahmadga turmushga chiqquncha sargardonlik tashvishlarini boshidan kechiradi. Uning muhabbati elga doston bo‘ladi.
Mahsatiy xonim Xo‘jand, Zinjan, Mashhad, Marif, Balx shaharlarida bo‘ldi. Umar Xayyom, Nizomiy kabi ustozlar bilan ijodiy muloqotlar qildi. Tadqiqotchilar uning “Amir Ahmad” dostonidagi Amir Ahmad tilidan aytilgan ruboiylari Umar Xayyomga tegishli degan gapni aytishadi.
RUBOIYLAR
* * *
Ey, husni shaftoli guliday jonon,
Dudog‘ingning atri dardlarga darmon.
Jonon bisotida bir bog‘cha bordir,
Shaftolusin totib ko‘rsaydim bir on.
* * *
Achchiqlanma, dedi, ey yor, bu kecha,
Tingla nasihatni, dildor, bu kecha.
Ocharman qo‘ynimni senga, sabr ayla,
Qasosga shaylanma zinhor, bu kecha.
* * *
Arvotga bandani chulg‘aydi kafan,
Bu ishga shariat o‘zi yo‘l bergan.
Mening kafanim-chi, bir ruboiydir,
Bunga yo‘l beruvchi hech din bormikan?
* * *
Bir bo‘sa ber menga qand lablaringdan,
Bir emas, ikki, uch, to‘rt, beshni ber san.
Olti, yetti, sakkiz, to‘qqiz bo‘sa ber,
So‘ng esa o‘n bo‘sa lutf ayla birdan.
* * *
Seni yondirdilar, ayt-chi sham, nechun,
Yondirib, unutib ketdilar butun?
Qzing ayt, naylasin, inson o‘zi ham,
Yaralgan bo‘lsa gar yonmoqlik uchun?
* * *
Ey do‘st, muhabbatning umri tuzoqdir,
Orzum istagingdir, bu so‘zim haqdir.
Qarorimni oldi siforishlaring,
Sabr deganlari mendan uzoqdir.
* * *
Kel, ey, so‘zi ikki ishvakor o‘g‘lon,
Butun qilmishlari fitnakor o‘g‘lon.
Bergan va’dalarni uzum suvidek,
Qadahdan to‘kma sen, ayla or, o‘g‘lon.
Abdulla Oripov tarjimasi
RUBOIYLAR
Mard o‘l, gar jo‘mardlik sen uchun shior,
Boshim silamoqlik nahot senga or?
Zar berar bo‘samga dunyo shohlari,
Zorsiz sen bir o‘pich olmassan, ey yor!
* * *
Nomurod ayladi meni bu zamon,
Qo‘lidan kelgani – zahmatu ziyon,
Tilaging shu ersa chirpirat meni,
Toshingday aylantir, ey charxi davron!
* * *
Sevgi minbariga chiqdik qachon biz,
Ishqdan o‘zga kalom demadik hargiz.
Bizning bu manzilga qadam bosmasin
Ishq ichra yonmagan, muz kabi hissiz.
* * *
Oshiqlar uyining darvozasi, bil,
Ko‘pdan beri bo‘lmish bizim bu manzil.
Mevamiz qayg‘udir, behushlik mudom,
Shodlik bu xonaning mehmoni, degil.
* * *
Birovlarga kuning qolsa, bu – yomon,
Qurigan shox soya solibdi qachon?
Sabr – aziz aylar, tama’ etar xor,
Tansiq narsalarga qanoat darkor!
* * *
Jonga ora kirmas bu pul – bevafo,
Barchani supurgay ajal berizo.
Xarobotdan chiqib bir pir so‘yladi:
“Shod yasha, tuproqda yotgung benavo!”
* * *
G‘amingdan ko‘ngulda darmon qolmadi,
Bu yoshlik shavqiga poyon qolmadi.
Ishqing bir o‘limdir, bu xira nafas –
Tiriklik nomidan nishon qolmadi.
* * *
Gar haqning boshida bo‘lsang hamki toj,
Seni-da yig‘latar bir kun ehtiyoj.
Eling dardini bil, unga yaqin bo‘l,
Bir kun o‘zing elga bo‘larsan muhtoj!
* * *
Bu havo, sahroni tutgan zarralar –
Kayqubod, Faridun xoki muqarrar.
Dunyo ham falakning qo‘lidagi jom,
Qon to‘la piyola, desam, rost bo‘lar.
* * *
Oltin dedi: “Men ham kuningda kerak,
Tuz kabi muhtojdir menga har xo‘rak.
Meni o‘lik kabi tuproqqa ko‘mma,
Hayot uchun men ham eng yaqin ko‘mak”.
* * *
Purxun ko‘zlarimdan oqqan jolalar
Xanjardan silqigan qizil qon qadar.
Bag‘rim kabob o‘ldi – xundur selobi,
Kabobdan qon seli tommasmi magar?
* * *
Ko‘ngli egrilardan, bukrilardan dod,
Nomard erkaklardan yaxshiroq arvod.
Bevafo do‘stlardan dushman a’lodir,
Beburd do‘st uyidan oyog‘ingni tort!
* * *
Sham yonar boshidan, ko‘z yoshi to‘kar,
So‘xtasin darchadan birov irg‘itar.
Boshing-la maqtanma, shamdan saboq ol:
Mahv o‘lar boshidan oyoqqa qadar.
* * *
Ne bois jismingni yondirdilar, sham,
Yo‘ldan ozdirdilar bunda bir oqshom?
Sen o‘zing so‘ylagil, naylasin agar
Kuyib kul bo‘lmoq-chun yaralsa odam?
* * *
Seniki bo‘lsa Chin, Misru Rumo ham,
Bilki, sening bo‘lur butun dunyo ham.
Imoning pok saqla, o‘n arshin kafan,
Uch arshin yer oxir qismating, odam!
* * *
Ey do‘st, muhabbating – jonima tuzoq.
Sening bir visoling – ming bir ishtiyoq.
Aqlu qarorimni olmish nozlaring,
Sabr deganlari ko‘ngildan uzoq.
* * *
Xarobotga ko‘ngling bo‘lmasa, kirma,
Darveshlik tariqin bilmasang, kirma.
Boshidan o‘tganning yo‘lidir bu ko‘y,
Bu yo‘lda jon qurbon qilmasang, kirma!
* * *
Xarobot – manzili jo‘mard erlarning,
Bunda o‘rni yo‘qdir badkirdorlarning!
Ixlos-la qadam qo‘y bu joyga, bilki
Haddi yo‘qdir bunda hiylakorlarning!
* * *
Ey, sen ishvalari go‘zaldan go‘zal,
Noz etma, injima, rahm et loaqal!
Ey, sen qoshlariday va’dasi egri,
Ehson de bu jomni, to‘kmagil bir gal!
* * *
Ko‘zimdan sochildi qatra-qatra qon,
Ko‘klarga sovurdim tuproqni, inon.
Kimning duosi bu, bilmasman, ey do‘st,
Ki daryo g‘amingdan tirik qoldi jon.
* * *
Iqbol kelib bu kun koshonamizga,
Dunyo, qulingman, deb kiradi so‘zga.
Davlatki, dononi izlab kelibdi,
Kulib boqar endi tole ham bizga!
* * *
Aqdu band etilsa er bilan xotin,
Shariat ishi der, yo‘l beradi din.
Nikoh etilganman ruboiyga men,
Bormi bu nikohni qo‘llovchi oyin?
* * *
Yonar tosh bo‘lsang-da, ey soqiy, magar,
Ajal yomg‘irlari bir kun so‘ndirar.
Bu dunyo — bir kaft xok, mutrib, g‘azal ayt,
Soqiy, davra aylan, boda sun, yetar!
* * *
Senga jon bag‘ishlay gul dudog‘imdan,
Qora zulflarimdan, ol yonog‘imdan.
Shod-xandon, mastona raqsga tushay
Chang chalib shod etay visol bog‘ida.
* * *
Oyu Zuhromudir yuzing va ko‘zing,
Yusuf chohi erur xol birla yuzing.
Sen bug‘doy, men somonpoyadek sariq,
Somonsiz bug‘doy hech ko‘rdingmi o‘zing!
* * *
Dudog‘ing-la meni asir qil, jonon,
Makka toshiga elt, aylagil qurbon.
Gunohim bor esa, qo‘y, zindon o‘lsun –
Mendek gunohkorga chohi zanahdon.
* * *
Yorning tomiriga shox qo‘ygan zamon
Hazir bo‘l, injitma, tabib, nogahon.
Axir yor qo‘liga urgan nishtaring
Bir uchi qalbimga sanchilur, ishon!
* * *
Sen ariq bo‘yida sarxush sahar payt,
Oy yuzli jononim, ey sarvi qomat!
Men ko‘za ko‘tarib kelurman bu yon,
Suv – asli bahona, diydor – g‘animat!
* * *
Bul kecha dilbarim mehmon nihoyat,
Yolg‘iz tushlaridan aylar shikoyat.
Ey, kecha, dard-qayg‘u bo‘lsang-da ketma,
Otma, tong, bo‘lsang-da baxtu saodat!
* * *
Yorim barmog‘ida uzuk bo‘lsaydim,
Uning qo‘llarida koshki, yonsaydim.
Har gal yor kamondan o‘t otgan chog‘i
Gulday dudog‘idan o‘pich olsaydim…
* * *
Gul dedi: “Ochmadim qiyg‘os g‘unchalar,
Termadim saodat bog‘idan samar.
Gulob qilmoq uchun meni uzgan qo‘l
Bandimday kesilgay bir kun muqarrar!”
* * *
Yam-yashil chamanda tovlanadi gul,
Bulbul zavqi jo‘shib aylar arzi dil.
Ajab, har ikkisi maftun, mahliyo:
Gul – qisqa umriga, toqliqqa – bulbul!
* * *
Majlisning ko‘rkidir gul bila chechak,
Gul – go‘yo ko‘ylagi to‘zg‘igan go‘dak.
Ko‘rdim: qizarmishdir hayoli g‘uncha,
Lablarida duru gavhar tutgandak.
Gulning vatanidir chaman mudomo,
Ko‘ylagi yirtilmish etakkacha to.
Dedim: kim to‘zitdi sabr pardani?
“Men” dedi shivirlab saharxez sabo.
Uyg‘on, ikki yuzli ishvakor o‘g‘lon,
Lutfu qiliqlari fitnakor o‘g‘lon.
Bergan va’dalaring uzum suvidek
Qadahdan to‘kmagil, ayla or, o‘g‘lon.
* * *
Tashnalab o‘ldim men, qaqradi ko‘zim,
Zolim o‘qlariga yo‘q tobu to‘zim.
Ishqning olovinda suvday eridim,
G‘arqu g‘arqob bo‘ldim selida o‘zim.
* * *
Visoling-la to‘lin kechalar ketdi,
Kiprikdan uzilib injular ketdi.
Dilimning rohati, munisim, har ne –
Sen ketding, sening-la barobar ketdi!
* * *
Ey, sabo, sasingga bo‘layin qurbon,
Malak avlodiga etsang-chi ayon:
Ko‘rdim, intizoring bo‘lib bechora
Mahsatiy yo‘l uzra bermoqdadir jon!
* * *
Uyqu yo‘q, seningsiz g‘arib kechalar,
Uyqusiz ko‘zimdan otash sochilar.
Zulfingdek to‘zg‘igay tushlarim mening
Banogoh ko‘zlarim ilinsa sahar.
* * *
May berki, bu falak g‘amlarga makon,
Ey yorim, jonimdan to‘ydirdi hijron.
Men kabi shodlikni sevganni nechun
Bodasiz, jononsiz xo‘rlaydi davron?
* * *
Bir zahri botildir, kakradur firoq,
U jonni yoqquchi shavqu ishtiyoq.
O‘lim – jon xalosi, o‘limdan yomon –
Bu yorug‘ dunyoda yordan ayrilmoq.
* * *
Yorimdan ayirdi bu makkor falak,
Ko‘zim jolasiga do‘st qildi yurak.
Vasliga muyassar bo‘lmadim bir bor,
Ayriliq jafosi ayladi halak!
* * *
Ont ichayki oftob jamoling haqi,
Anbar sochlaringning shamoli haqi,
Parishon ko‘nglimning chamanzorini
Har kecha sug‘orgay ko‘z yoshim oqib.
* * *
Qalbim oshiqlarning sardaftaridir,
Ishqing azobiga bir mushtariydir.
Toshdan ham qattiqsan bag‘ri toshlikda,
Jabringga dosh bermoq zo‘r hunarimdur.
* * *
Istadim: Ajamdan bir noma bitsam,
Qalbim qon bo‘ldiyu bo‘g‘di meni g‘am.
Yuragim xuni-la bitdim xatimni,
Yig‘ladik ham maktub, ham men, ham qalam.
* * *
Maktubim ivitdi ko‘zlarim nami,
Qon rangida yonar har bir raqami.
Qalam ham men kabi g‘amboda erdi,
Boshi-la yig‘lardi yozguncha g‘amni.
* * *
Yozar esam sevgim ming yil yetmagay,
Ishqing hikoyati hargiz bitmagay!
Sig‘mas bu hikoyat qog‘oz-qalamga,
Ming noma bir suhbat o‘rnin tutmagay!
* * *
Ko‘rdim: Juma bozor yo‘lning roshida
Kaklik sayrar edi burgut boshida.
Kakarlab derdiki: “Jafokor bir kun
Shunday marg topadi falak toshidan!”
* * *
Qassobsan, qurboning o‘xshayman bu choq,
Dosh bergum suyakka yetsa-da pichoq.
Qassobning ishidir kesganni sotmoq,
Sen meni o‘ldiru, sotmagil biroq!
* * *
Menga ataganin u novvoy dilbar
Qoshu qovoq qilmas, noz ila tutar.
Xamirday iyladi ishqida meni,
Qo‘rqaman, non kabi kuymasam sahar…
* * *
Oy yuzlisan, ajab tikuvchi o‘g‘lon,
Senga yuz Mahsatiy chokardir, inon.
Har qatim tortganda shakkar labingga
Ipakday teginsam, yo‘q edi armon.
* * *
Men qum elovchiga bo‘laman hayron,
Tilim lol sirimni etgali bayon.
U-ku tuproq elab axtarar oltin,
Kaftimda tilloyu uni izlayman.
* * *
Ey, shohi dilorom, yasha ming yillar,
Soyangda baxtiyor kun ko‘rsin ellar.
Har yil ming oy bo‘lsin, har oyda ming kun,
Har soat ming kunga bo‘lsin barobar.
* * *
Tulporing falakka urardi tuyoq,
Sendan judo qildi uni ham firoq.
Boshini kesdilar arg‘umog‘ingni,
Quyrug‘iga hech kim tegmadi biroq.
* * *
Ey, shohim, shohlardan a’loyu mumtoz,
Senga baxt dulduli – toledan niyoz.
Oltin tuyoqlari botmasin deya,
Tuproqqa kumushdan soldi poyondoz!
* * *
Shohning lashkariga filingdan qiron,
Vaziringga asir ming qaysar, hoqon.
Ruxingga sadag‘a bo‘lsin bu jonim,
Shohlarni taxtidan tushirding, jonon!
* * *
Emishki: pistaning og‘zi bo‘lar tor;
Sening qatoringda tursa – pista xor.
Pista dahoningga o‘xshayman desa,
Demak, adabsizdir, chaqib qo‘ygil, yor!
Oydin Hojiyeva tarjimasi