Aleksis Kivi (1834-1872)

Aleksis Kivi (Aleksis Kivi) – fin shoiri, adib, dramaturg. Fin eposi “Kalevala” ohanglarida “Kullervo” pesasini, “Lea” dramasini yaratdi. Uning “Etti aka-ukalar” asari fin tilidagi birinchi roman hisoblanadi.

QUShLAR UYI

Qaylardadir moviy dengizda
Yashnab yotar yoqimli orol.
Chor atrofi o‘t-o‘lan, o‘rmon
Qirg‘oqlar tik, metin, bezavol.

Peshvoz chiqar sho‘x-sho‘x to‘lqinlar –
Bolalari dengizning azal.
O‘ynasharlar, oqish kundalar,
Halovati qushlarning go‘zal.

Bu – orolning zangor o‘tlog‘i,
Bu o‘tloqda oltin dalalar
Hosildordir, xirmoni baland,
Go‘daklarni o‘rmon allalar.

Bu o‘rmonda gullar barq urib,
Ko‘hna qasr tomon yelishar.
Unda makon qurishgan qushlar,
Po‘kanaklar tomdan kelishar.

Chorlab mitti asalarini
Qushlar chah-chah urar shodumon.
Bunda baxtli karliklar yashar
O‘ta sodda, o‘ta mehribon.

Ertakdagi sehrgarlarday
Yovuzlikni bilishmas aslo.
Qo‘rqishmaydi burgut, ukkidan,
Qo‘shiqlari dilkash, dilrabo.

Sokin tongda shafaq oralab,
Yangrab ketar qarqur kulgusi.
Yaqinlashar bo‘ron tovushi,
Shiddatkordir, kelmas uyqusi.

Aylanadi qora bulutlar,
Yoyiladi chaqinlar bir qur.
Ko‘k pardasi ortida bo‘ron,
Yashirindir alvon-alvon nur.

Olislardan keladi bo‘ron,
Unda shamol, yellar bokira.
Nafasidan egilar gullar,
Buni bo‘ron o‘ylamas sira.

Parvoz etar yer shari bo‘ylab,
Ortga qaytmas, taqdirdan qochmas.
Gir aylanar, chir aylanar u,
Tosh devorlar qular basma-bas.

Qarag‘aylar qamishday behol
Erga asta engashib qolar.
Soyliklarda atirgul hidi,
Jozibasi aqlingni olar.

Yuragingga bo‘ronni joylab,
Sen ham chiqding zulmatni yorib!
Bu tasodif emas – qismating,
Orzularing nurlarga qorib!

Ko‘hna dunyo bag‘rida xushhol
Sezayapman toshlar titrog‘in.
Baliqchi qush kabi to‘lqinlar
Qoldirajak yangi iz betin.

Yaqin, yaqin kelar men tomon
Yaltirab ko‘k ko‘ksida chaqmoq.
Zirillaydi qoyalar kuchli,
Maftunkordir to‘rt taraf mutloq.

Kirib keldi fin tuprog‘iga
Bahor g‘oyat orombaxsh, dilbar.
Mayinlashar iliq to‘lqinlar,
Orom? Jimlik? Sovuq naqadar…

Qancha vaqtga kelmish iliqlik?
Qoyalar, ayting-chi, ey, falak,
Bir so‘z kutayapman – zulmatni
Kesaman deb bu nurlar halak.

Maysazor, zangor o‘tloqlar,
Qilichlar o‘rnini bo‘shatdi
Bugun omochlarga, bugun dalaga,
Naysonlar tuproqni ushatdi.

Tekis urayotir tomirlar,
Ko‘klam berar borliqqa oro.
Hammayoqda – hayotbaxsh kuylar,
Kengaymoqda osmon tobora.

Suomi, muhtaram onajon,
Umididan ayrilmas yurak.
Sen kutgan vaqt ila baxt keldi,
Kakku sanar, yengil yelvizak.

In yasaydi qorayaloqlar,
Er haydaydi yigitlar o‘ktam.
Qizlar nafis mato to‘qiydi,
Ko‘zi charos, o‘ylari ko‘rkam.

Oq ko‘ylakda yashnab ketishar,
Gulchambarlar yasab gullardan.
Boshga taqar, beliga boylar,
Mushku anbar anqir yo‘llardan.

Tayyorlashar o‘rmonda tushlik,
Dasturxonlar yozib shodumon
Hazil-huzul, yengil tabassum,
Bo‘ynidagi sharflar yoysimon.

Elkalari uzra bezavol
Tilla sochlar yoyilgan sari
Ovozlari yel shiviriday,
Tinmas shodlik qo‘ng‘iroqlari.

Er yigitlar ertak boshlaydi
Olis yurtdan ko‘rgan-ko‘rmagan.
Ayollar lol tinglaydi, o‘rmon
Hali bunday xayol surmagan.

So‘ng bir-birin qo‘lini ushlab,
Kirib ketar quyuq o‘rmonga.
To‘lqinlanib yo‘l soladi, yo‘l
Mayin shamol o‘tloq tomonga.

Kuylashadi, raqs etishar,
Moviy dengiz bo‘yida oqish
Oqqushlar tinch suzadi, Parus
Qanotlari – ilhom va olqish.

Bu qadrdon orolda uzoq
Flot yashar ko‘ksi yarqirab.
Sirg‘aladi oqqush patidan
Namxush havo silliq nur tarab.

Gul qizlarni kutib oladi
Oshiq ko‘ngil qo‘shiq nolasi.
Jo‘r bo‘lishar dilobar qizlar,
Titroq solar muhabbat sasi.

O‘rmonda aks-sado jaranglar,
Singar sevinch tuyg‘ulariga.
Go‘yo dengiz tubidan qalqib,
Parda tortar qayg‘ulariga.

Mayda-mayda baliqlargacha
Aylanishar orolni ahil.
Qayiqlari oqqush karliklar
Yumushlari tugamas, xil-xil.

Bu bokira o‘rmon chiroyi,
Boy karliklar boru yo‘g‘ini,
Talab-talab bitirishsa ham
O‘chirishmas yurak cho‘g‘ini.

Ko‘ngillari nafis matodir,
Siniq dilga sig‘maydi orom.
O‘lpon to‘lash, xo‘rlikka chidash,
Qachongacha etadi davom?

Xalq yashaydi, o‘lmaydi, hamon
So‘rayotir: qayda haqiqat?
Qo‘l sovumas dala, omochdan,
Shamollarga uchmas adolat.

Bolalarni quchib, erkalab,
Vatan qursak, deydi bag‘ri yoz.
Haq soati bong urdi xurram,
Jo‘rovozdir, kuylar jo‘rovoz!

Rus tilidan Oygul Suyundiqova tarjimasi