Jorj Rodenbax (1855-1898)

Jorj Rodenbax (Georges Rodenbach, 16 iyul 1855, Turne, Belgiya — 25 dekabr 1898, Parij) — belgiyalik frantsuztilli shoir va yozuvchi. Ilk she’rlar to‘plami – “O‘choq va dala” 1877 yilda nashr etilgan. Huquqshunos va jurnalist bo‘lib ishlagan. “Figaro” gazetasida chop etilgan “O‘lik Bryugge” (1892) qissasi unga shuhrat keltirgan. Qissa ko‘p marta ekranlashtirilgan. Keyinroq bu asar asosida opera yozilgan. Ijodkorning sakkizta she’riy to‘plami, to‘rtta roman va qissasi, bir nechta hikoyalar to‘plami, pesalari nashr etilgan.

O‘TMISh ShAHRI

Yillar ayvonidan o‘tmishni ko‘rib,
Kuzata boshlaysan oqshom – parishon,
Orzu va tashnalik qalbingga kirib,
Xuddi avvalgidek hammasi ayon.
U yoqda o‘tmishing – chiroqlar, uylar
Shaharga o‘xshaydi, xira osmonda
Tutun bilan uyqash yoqimli nurlar
Soymisol tutashar qora tumanda.
O, yoshlik quyoshi, hammayog‘ing qon,
Jon taslim qilursan zulmat qo‘lida,
Rangsiz orzularni qoplagan alvon
Shu’lalar so‘nadi tutun yo‘lida.
O‘, o‘tmishning shahri, ketasan o‘chib,
Tumanda ketasan tamom ezilib.
Lek hurkak va nozik xotira kuchi
Olisda har yerda turar sezilib.
U yerda bolalik minoralari,
Yoshlik jome’lari – unda kamolot,
Donjon kuzatadi, yo‘q choralari,
Minora soati yarqiraydi bot!
Unda rangli toshlar – himoya, asos,
O‘tmishni madh etmoq, kuylamoq uchun
O‘tgan kun ovozi – qudratli ovoz,
Ilohiy falakdan kelmoqda bu kun!

SUKUNAT

O, oqshom sururi! Kuz qorong‘usi!
Ajalday og‘riqsiz tugamoqda shom.
Soyalar devorda o‘rmalagusi,
Xonalar mudraydi, yorug‘lik tamom.
Ajalday og‘riqsiz, shodon jilmayib
Qorong‘i cho‘kadi. Ko‘zguning qa’ri
Tomon chekinasan, qiyofang g‘arib,
Hayotmas, shoshgandek O‘liming sari.
Oppoq devorlarda qop-qora surat,
O‘ychan bir manzara – qalb manzarasi.
Qora qorlar yog‘ar – ezar sukunat,
Olis oqshomlarda qayg‘u darasi.
O, oqshom sururi, arfayu viol
Klarnet kuyiga bo‘lgansan xumor!
Oshiqlar ko‘k qushin etadi xayol,
Gilamdagi surat qilmish beqaror.
Qani, bu nafaslar bo‘lganda tutash,
Bir mavjudot bo‘lib – qanday marhamat!
Bir narsa haqida jim turish, o‘ylash,
Shafaqda so‘nggi nur qolganda faqat.

Rus tilidan Komila Nosirova tarjimasi