David Shaynert (1916-1996)

David Shaynert (David Scheinert; 29 may 1916, Chenstoxova, Polsha — 24 avgust 1996, Kukelberg, Belgiya) — belgiyalik shoir, nosir, dramaturg; frantsuz tilida ijod qilgan. Adibning “Nur ham kuyladi” (1954), “Borliqqa do‘ngan” (1956), “Men nafas olgandek” (1960), “O‘n tikanga bir atirgul” (1968) kabi to‘plamlari xalq an’anaviy qo‘shiqlari bilan hamohang.

QIShKI QO‘ShIQ

Bo‘lsa edi yuz ming pulim,
Sotib olardim barcha gullarni,
Butun shaharni ko‘mardim gulga.
Butun qorni ezg‘ilar edim.
Bo‘lsa edi yuz frankcha pul,
Men bir to‘p rang olgan bo‘lardim
va cho‘tka bilan devorlarga
chizar edim bahorni!
Hech bo‘lmasa o‘n frank bo‘lganda edi,
Sotib olgan bo‘lardim limon
Sovib qolgan o‘choqda
Yonsin deya quyoshdek!
Bir frankka ham ega bo‘lmay,
Derazani ochaman lang,
Chaqasiz kirishin uyga
O‘tinaman bahordan!

ALIFBOLI QO‘ShIQ

Agar sanay olsang ko‘kda gar,
Anglat menga shuni marhamat:
Sariq-qizg‘ish bulutcha nega
Asalga intilar faqat va faqat?
Agar alifbo ila inlarni zabt etgan bo‘lsang,
Anglat menga shuni marhamat:
Sariq-qizg‘ish qushcha nega
Qordek oqqa intilar ko‘kdan?
Agar qalbim o‘qiy olsang gar,
Anglat menga shuni marhamat:
Quyoshda qoraygan qo‘l nega
nozik qo‘lga uzanar guldek?

KATALONIYa QO‘ShIG‘I

Juda oz joy kerak
faqirligimga,
Devordagi tosh ham
Etardi unga.
Shunday oz joy kerak
Mag‘rurligimga
xanjar tig‘i ham
Etardi unga.
Oz joy kerak shunday
Quvonchimga,
Tor bo‘lmasligi uchun
Gitara uning ko‘ksida.

TUMOV BO‘LGAN ShOIRGA

Tinglang, janob, ehtimol endi,
tushsangiz ham bo‘lar kursidan:
shom cho‘kdi va ketib qoldi insonlar.
Kim ham qadrlar bu dam
bukilishin olijanob oyoqlaringizning,
manglay ruhlanishiyu hurpayishin sochlarning
kim qadrlar ajab intilishni ko‘klarga
va abadiyatga?
Uvushdi oyoqlaringiz, qotdi-qoldi kaftingiz,
va ko‘z uzra
osilib qoldi muallaq
bo‘yinsunmas soch tutami,
biroq – bu qadar araz! – chekinadi buyuklik abas!
Atrof jimjit, faqat daydi zog‘ beg‘am cho‘qir
burningiz uchin.
Axir o‘lgudek zerikarli-ku
metal burunni cho‘qimoq,
zerikarli inson burni, ajib sog‘inch mahali
yulduzlar ostida
burni ila cho‘qiydi, –
va zog‘ uchib ketadi,
va tag‘in siz yolg‘iz bo‘shliqda.
Hatto mushuklar darvoza ostidan miyovlamay qo‘yishdi…
Va shunda bir damga unutib ertaknamo qasrlar jozibasini,
aksirasiz siz.
Eh, bu past tovush,
bu hayqirig‘i soddadil burunning,
hech qachon jur’at etmagan u
tantanali zallariga urib kirmoqqa
poemangizning…
Siz aksirdingiz va burishdingiz nogoh
va men achindim sizga janob shoir
zerikarli sizga nihoyat
kezinmoq o‘z kursingizda
kimsasizdir yon-atrof
va hech kim sizga yozib bermas tumov uchun tomchi dori
va yo‘qdir manqal,
junjikkan barmoqlarni isitmoq uchun,
hatto kechki bekchi g‘oyib bo‘ldi qayoqqadir,
va hech kim sizni
tepmas ortingizdan,
sizning tozalangan qoningizda
yugurmog‘i uchun birgina tomchi
dag‘al
erli
ajib hayotdan.

Rus tilidan Shermurod Subhon tarjimasi