Silva Kaputikyan (1919-2006)

Kaputikyan Silva (Sirvard) Barunakovna (1919.20.1, Yerevan – 2006.26.08, Yerevan) — arman shoirasi.
Birinchi she’riy to‘plami — «Shu kunlarda» (1945). «Zanga sohillarida» (1947), «Mening qarindoshlarim» (1951), «Oq yo‘l» (1954), «Samimiy suhbat» (1955), «She’rlar» (1959), «Yarim yo‘ldagi o‘ylar» (1960), «Kutish vaqti» (1983), «Tashvishli yo‘llar» (1985) va boshqa she’riy hamda nasriy asarlar muallifi. Kaputikyan she’rlarida oddiy kishilarning qalb kechinmalari, sevgi iztiroblari, sadoqat tuyg‘ulari samimiyat bilan kuylangan («Sevgi qo‘shiqlari», «Men va u», «Sadoqat» va b.). «Karvonlar hamon yo‘lda» (1964), «Xaritalar yoki odamlar meridiani» (1976) romanlarida xorijdagi armanlar hayoti tasvirlangan. Kaputikyanning she’rlari Zulfiya tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan. U o‘zbek shoirlari bilan yaqin ijodiy aloqada bo‘lgan.

KO‘RNING TUShI

Ko‘r tush ko‘rar — ko‘nglida lazzat,
Lablarida kulgu nishoni.
El uyquda, u esa faqat
Tunda ko‘rar yorug‘ dunyoni.

Boqar, qanday moviy bu samo,
Qanday yorug‘, qanday keng jahon.
Qayon boqsa, o‘zgacha jilo,
Qayon boqsa, go‘zallik pinhon.

Har xush bo‘yning bor o‘zga tusi,
Har yon maysa, har yon gul-chechak.
Mana uning bolalik do‘sti,
Kecha edi sochi jamalak…

Qiz turadi daryo labida,
Pastda to‘lib oqar yulduzlar.
Yillar osha kelmish u bunda,
Yo‘llar yurib kecha-kunduzlar…

Ko‘r tush ko‘rar, boqar hayotga
Ol etguncha shafaq samoni!
To‘xta, quyosh, uni uyg‘otma,
Ko‘zlaridan olma ziyoni.

O‘G‘LIMGA

Sen a’lochi emassan, o‘g‘lim,
Maqtovlar ko‘p yog‘ilmas senga.
Onalar ham orzumand bo‘lib,
Havas bilan boqishmas menga.

Buving kuyar, bilmaysan qo‘nim,
To‘p quvganing quvgan, deb, faqat.
Taqillatar eshikni qo‘shnim
Qilmoq uchun sendan shikoyat.

Lekin, goh dard cheksam yonimda
O‘tirasan o‘yinni qo‘yib,
Erkalanib xushnud onimda,
G‘amgin bo‘lsam, boqasan kuyib.

Senga sovg‘a etilgan qandni
Ko‘rarkansan do‘sting-la baham,
Janjallarda ojiz — dardmandni
Olarkansan qanotga har dam, —

Havas bilan qaradim senga,
Tahsin o‘qib, qoshingda turdim.
Urib turgan yoniq ko‘ksingda
Buloqday sof qalbingni ko‘rdim.

Balki olim bo‘lmassan, bolam,
Sendan chiqmas shoir ham, biroq —
Yulduz bo‘lib porlamasang ham,
Mayli, bo‘lgin yo‘llarda chiroq!

Bolaginam, odam bo‘l, odam!..

***

Sevgi sirin bilmoq bo‘ldim,
urindim, ammo bila olmadim.
Sevgan ko‘ngil shoh bo‘lurmi
va yoki gado — bila olmadim.
Seni sevdim, ammo ko‘ngling ma’yus,
beorom, o‘ylaring pinhon.
Seni shaydo ayladimmi, yo
o‘zim shaydo, bila olmadim.

***

Sen mening sevgim eding,
Sevgim hamon sensan o‘zing.
Qalbga oshno bo‘lsa kim —bu,
Begumon, sensan o‘zing.

Mayli, bizni bir-birovdan
Aylamish taqdir judo,
O‘zgani sevsang-da lekin,
Dilsiton sensan o‘zing.

Mayli, sen birla emasman,
Chorlamasman hech seni,
Borlig‘im band aylagan
Jismimda jon sensan o‘zing.

Men ham o‘zga birladurman, —
Yo‘q, bu oson bo‘lmadi,
Baribir qalbimda oshkoru
Nihon sensan o‘zing.

Erga yomg‘ir jon berur, sen
Men uchun obi hayot,
Yashnagan bog‘im-bahorim
Har zamon sensan o‘zing.

VATAN SEVGISI

Ona mehri misli bir ko‘klam,
Bo‘ston etar ko‘ngillar bog‘in.
Ammo, axir, tipratikon ham
O‘z bolasin deydi yumshog‘im.

Ishq bir otash sevgan dillarga,
Hijron yengar qalb bardoshini.
Ammo juftin yo‘qotsa agar,
Kabutar ham egar boshini.

Bir sevgi bor, lekin dunyoda.
Tabiatda topilmaydi ul.
Barcha ishqdan erur ziyoda
Ona yurtga qo‘yilgan ko‘ngil.

Inson yurgan oshib dovonlar
Shu muhabbat cho‘qqisi sari…
Bu ishq uchun necha zamonlar
Olam kezgan yer o‘g‘lonlari.

Erkin Vohidov tarjimasi

ARARAT VODIYSI

— Armaniston! — deganda tog‘lar keladi ko‘zga,
Mangu qorga burkangan cho‘qqilaru qoyalar,
Chaman-chaman gullagan bog‘lar keladi ko‘zga,
Toshu tuproqni surib oqqan toshqin daryolar…

Sen-chi, tavoze bilan o‘ychan, sokin oqasan,
Shivirlaysan nimadir bu jimlikda ohista.
— Armaniston! — deganda, sen hammaga yoqasan,
Bolalikdan jonparvar, xotirimda omuxta.

Na’ra, tortding shiddatli, o‘t-olovli yillari,
Ko‘kragingni rost tutib chiqding zulm ostidan.
Ararat vodiysida qilingan mehnat bari
Ezgulikka aylanar darhol inson dastidan.

Qulf uradi bog‘laring, kuylab yotar dalalar,
Novdalar shivirlaydi; boshoqlar-chi so‘lim, soz.
Toshlaring tilga kirar, nafasingda yallalar,
Barakali yerlaring mehnatingga ishqiboz.

Shu muhtaram tuproqda mening butun borlig‘im,
Bamisli toklaringdek ildiz otib ketganman.
Nork* qalbidan ayondir senda mening borligim,
Qadim Ararat kabi visolingga yetganman.

Navqiron poytaxtimning yoshligi ham sendadir,
O‘zing qadim tarixsan, guvohdir bunga zamon.
Zavodlar tutuniga tutashib ketdi, axir,
Qamish*dan yonib chiqqan afsonaviy qahramon.

Sen ko‘zasan — qadim Karmir-Bilurda* topilgan,
Favvorasan — jonlarga aro jaziramada.
Toshsan — Zvarnotsda usti yo‘sin bilan yopilgan,
Hashamatli ravoqsan go‘yoki zamzamada.

Qayda bo‘lmay, jigarim, qayda yurmay shod, xurram,
Yaqin o‘lkalardami, uzoq qit’alardami?
His qilaman o‘zingni, marhamatingni hardam,
Olijanob, muazzam tuprog‘ingning qatlamin.

Shu sababdan yer uzra bugungacha yuribman,
Sohibaman, sobitman qadamimga, shukrona!
Bobolarim so‘zisan, senda Vatan quribman,
Uyim, she’rim, o‘g‘limsan, sozim senga parvona!
______________
* Nork — Yerevanning tevaragidagi joylardan biri.
* Qamish — Qamish tanasidan yonib chiqdan arman afsonaviy qahramoni Vaagn ko‘zda tutilmoqda.
* Karmir-Bilur — Yerevan tevaragidagi qadimiy yodgorliklarni qazish vaqtida ko‘za topilgan tarixiy joy.

Ruschadan Turob To‘la tarjimasi.

* * *

Ha, men sizga o‘shanda “keting”, dedim ammo siz,
“Sensiz qayga boraman”, desangiz bo‘lmasmidi?
“Meni kutmang, xayr”, desam, ketavermay, qayrilib,
Yonginamda bir umr qolsangiz bo‘lmasmidi?
U shunchaki tilimda aytilgan so‘zlar edi,
Eslasam, dilda armon, yosh quyilar ko‘zimga.
Siz ketdingiz, dilrozim, nigohlarimda qoldi,
Ko‘zlarimga boqmasdan, ishondingiz so‘zimga?

Rus tilidan Dilorom Abdurahmon tarjimaci

* * *

Nechun uchmoqchiman chiqarib qanot,
Sen yerga bog‘langan chog‘ingda mahkam?
Nechun meni chorlar yuksakka osmon,
Sen esa mutlaqo beparvo, beg‘am?

Kutaman ko‘zingda yonsin deb hayrat,
Sen qorning to‘ygani bilan mamnunsan.
Sen nafsning rohati bilan shod, xushbaxt…
Men esa seni deb yondim, mahkumman.

Nahot, seni sevmoq – qismat, peshona,
Nahotki, baxt menga bir umr armon?!
Nahot, orzu-umid bizga begona,
Nahot, unut bo‘lsa, qanot va osmon?!

* * *

Yuragingga zanjir bog‘la,
arqon sol,
qul kabi ketingdan ergashtirib yur.
Yashamoq og‘irdir,
kurashmoq mahol,
Taqdir o‘z qo‘lingda:
o‘zing mahkam tur.

Sen kabi oqko‘ngil bo‘lolmas hech kim,
Ko‘ngildek ko‘ngil yo‘q,
Toza, musaffo.
Yuragingni g‘amdan asragin, jonim
Yurak urishingga arzimas dunyo.

ODAM

Bir-birin yeyishga shay turar odam,
shaxmat donalari misoli.
Bir-birin yengmoq uchun jang qilar odam
shaxmat donalari misoli.
Shoh – piyoda, g‘olib – mag‘lub oqibat,
quti ichra yotar, lek mudom.
Bir-birin ustiga ot surar odam,
shaxmat donalari misoli.

Rus tilidan Zumrad Masharipova tarjimasi