Muhammad Hofiz Ibrohim (1871-1932)

Muhammad Hofiz Ibrohim (محمد حافظ بن إبراهيم) – misrlik shoir, “Nil shoiri” nomi bilan mashhur bo‘lgan.

ShE’RIYaT

She’r –bunyod bo‘lgansan orzu-armondan —
Yozgan ahli donish, hisga bo‘lib g‘arq.
G‘ofil el uyquga cho‘mib yotganda,
G‘azal bitdi oqshom bir farzandi Sharq.

She’riyat, tillaring neni kuylardi?
Madh etding shohlarni, ohular ko‘zin.
Kimni shoh ko‘rsatsa, mazax qilarding,
Marhumga azaday sovuqdir so‘zing.

Fanoga sarflading boqiy dahoni,
Surding davroningni, kayfu safoni.
Xalqdan uzoq bo‘lding, shoh so‘zin deding, —
O‘tgan zamonlarda sen shunday eding.

Goh hasrat ham tushdi iste’dodingga,
Ko‘chmanchilik paytin olding yodingga,
Eski do‘stlaringga ochding janoza,
O‘tmish fojesiga tutyapsan aza.

Bugun o‘tgan kunni qo‘msashing nechun?
Kuyma qaqroq sahro, tuyalar uchun.
She’riyat, bugunning dardidan och so‘z, —
Yolg‘onning zilday tosh kishanlarin uz,

Erkingni anglagin, qulligingdan qoch,
Bag‘ringni bo‘ronu shamollarga och…

KIYIM

Bilinglar, odamlar,
bilinglar, do‘st-yor,
Endi mening po‘rim
kiyimlarim bor.

Endi hamma joyda
bu ahli kirom
Kiyimimga qarab,
qilur ehtirom.

Ruhlar charxlaganday
naqshlari zarhal.
Ipi nozik, pishiq,
go‘yoki metall.

O, ranglari ko‘zni
yashnatar, bezar.
Baxt ninasi ila
tikkanday chevar.

Gunohkor tan yayrar
jannatiy iyib,
Subhiy shafaq ila
o‘rasa kiyim!

Ay sen, kiyim,
panoh bo‘l ismatimga.
Sen-la keldi ishonch
bul qismatimga.

Oftobdan nur olgan
naqshin so‘zana,
Seni kirlay olmas
sahro to‘zoni!

Atrofda odamlar –
kiyimim vahma,
Go‘yo men – serhasham,
amir yo shohman.

Mana,
xushomadgo‘y
to‘dalar ham shay,
ayozda sandalga
talpingan jonday!

Ilgari bo‘zlardim
qismatdan to‘yib:
yurardim topganim
jandani kiyib.

Yirtiq kiyim edi
yalang‘och tanda,
Ibn-Xarba to‘niday
juldur bir janda!

Kunduz uyalardim
yo‘lda yurganda,
Hamma qochar edi,
moxov ko‘rganday.

Jandam rangsiz edi,
go‘yo chirmovuq,
Fosh bo‘lgan yolg‘onchi
yuziday sovuq.

O sen, po‘rim kiyim –
nomus, alanga,
Ko‘tarding meni ham
juda balandga.

Qiynalaman endi –
har bitta arab
Baholar
etigim,
to‘nimga qarab.

Xo‘p, elga – to‘n aziz,
lek kerak haq ham,
Istamam bo‘lmoqni
po‘rim muttaham.

Agar poklamasam
gunohkor ruhni,
Jarga otay, Alloh,
hasham, shukuhni!

Karim Bahriyev tarjimasi

BIZ – ARABLARMIZ

Misrda, Suriya yo boshqa joyda –
Baribir emasmi tug‘ilding qayda?
Sen tug‘ilgan vatan, men tug‘ilgan vatan
Bitta oila-ku, bir jon va bir tan!
Yoshligimiz o‘tgan bulog‘imiz bir…

ARAB ShE’RIYaTI

Men arab she’riman, qalb donoligi
Hamda serhasham kuy oraligida,
Johil qalb, mubham o‘y oralig‘ida
Shashtimni yo‘qotib, oxir adashdim.
Doim uyqu bosgan nozimlar bilan,
Quruq, siyqa so‘zli nazmlar bilan
Yalqov, mudratguvchi xitoblar aro
Adashdim chang bosgan kitoblar aro..
Sharqdagi juda ko‘p shoirlar bugun
She’r yozar qanotsiz, xayolsiz butun.
Meni safga olmoq uchun estetlar
Bo‘lmag‘ur gaplardan she’r yozdirdilar.
Ular zolimlarga bitar qasida,
Ular yozgan she’rda fikrlar mayda.
Chuchmal notabiiy hazinlik ila
Shaloq yarim telba hislarga to‘la.
Bezbet yolg‘onlardan topishar ma’ni,
She’rni pastga urib, maqtab ishvani.
Yolg‘izlikka mahkum jinoyatchiday
Shu bois mazlum xalq meni unutgay
Chunki men unutdim she’riyat burchin
Bo‘lmag‘ur mavzular aro adashdim.
Og‘ir yo‘lga chiqqan o, zo‘r odamlar,
Olib tashlang mendan tumshuqbog‘im, bas,
Chunki u eslatar qoloq damlarni
Toza havolardan oldiring nafas.

MIF GAMR QIShLOG‘IDA YoNG‘IN

Uy ketidan uylar yonganin qanday
Xoh kundan, xoh tundan so‘ranglar birday;
Bola onasini yo‘qotgan qanday,
O‘t isitgan emas, kuydirgan birday…
Ona o‘ligiyu bola o‘ligi,
Bir yonda tom bosgan chollar o‘ligi.

Yo Olloh, tushuntir, aybsizlar bu kun
Gunohsiz insonlar kul bo‘ldi nechun?
Qismatning qo‘lini to‘xtat, e Tangrim,
Hamma gunohlardan o‘t, ayla rahm!
Tirik qolganlarni – kampir-chollarni
O‘smirlarni kechir, kechir bollarni!

Lutf ayla tuproqni gullatish uchun,
Qishloqqa bir jala ato et bu tun:
Bahaybat cho‘g‘ kabi yiltillar kecha,
Xuddi qonli tongday lovullar buncha!
Qonli uchqunlarga to‘ldi ko‘k bu choq,
Quturgan arslonday turipti qishloq.

Yirtqich otash yutdi uylarni butkul,
Shuncha yoqtirarmi qonxo‘rlikni ul –
Odamlarga zarra rahm yo‘q unda,
Tirik har jonzotni bitkazdi tunda.
Qo‘rquvin bosolmay qochdi ko‘plari,
Shunday bir qo‘rquvki, jonsarak bari.

Ey, siz ko‘rmaslikka olmang odamlar,
Ey, boylar, ularni qo‘llang bu damlar.
Ha,mulkingiz cheksiz, hozircha biroq,
Tilangan saslarga solingiz quloq:
Ko‘k toqi ostida yalang‘och, nonsiz
Qolganin aytmoqda bir qisim donsiz.

Yuz bergan ofatdan uyalar qashshoq,
Sizga qo‘l cho‘zishdan tortinar biroq.

DO‘STLARIMGA

Mehr-muhabbatda o‘zgardi ma’no,
Sizdan sal nariga o‘rnashib qoldim.
Ergacha yetmagan nur kabi go‘yo
Eski do‘stlik ipi havoda qoldi.

Achchiq endi do‘stlik aloqalari,
O‘rtamizda endi jarlik bor qaro.
Ko‘lmakda yomg‘irning pufakchalari
Singari qolmadi do‘stlikda vafo.

Sizlarni chalg‘itdi katta meroslar…
Nima ham der edik… ha, boyidinglar…
Ammo eski do‘stni unutgan kaslar
Hech qanday do‘stlikka arzimaydilar.

Rus tilidan Miraziz A’zam tarjimasi