Umar Sayfiddin. Zaytun va non (hikoya)

Agar bermasa Ma’bad
Nima qila oladi Mahmud?
(Xalq maqoli)

Bu yosh, oppoq, sog‘lom xotin xuddi zolim oshig‘ining zulmiga duchor bo‘lgan ilgarigi zamon joriyalariga o‘xshar edi… O‘ngib ketgan chit ko‘ylagi dalva-dalva yirtilgan. Quyuq, jingalak, tilladay sochlari marmar kabi oppoq yelkalariga to‘kilgan, jallodini kutuvchi bir ma’sum kabi g‘ussaga cho‘mgan holda, chirik panjarali kunjakdan ko‘chaga boqardi. Zaynab Komil kasalxonasiga boruvchi bu yo‘l bo‘m-bo‘sh edi. Qo‘shni devorlar ustidan oshgan, bahor chechaklari bilan bezangan qalin shoxchalar buzuq tosh yo‘lga nozik to‘r kabi ko‘lankalar yoymish. Bo‘g‘otlardagi siniq cherepitsalar orasidagi uyalarida insoniy safolatni sezmagan baxtiyor chumchuqlar boshqa bir bayram zavqini so‘rayotgan kabi chirqillashar, uchishar, sevinchlaridan terilariga sig‘masdilar. Yosh, oppoq, sog‘lom xotin birdan:
— A… — deb hayqirdi. Sonlarini titroq bir harakat bilan juftlashtirdi. Tizzalarini tirab ko‘tarildi. So‘ngra tirsaklarini deraza chetiga tayadi. Shu yo‘sinda, tik turgan joyida birdaniga jonlangan haykal kabi nafis qiyofa kasb etdi.
— Sobira! Sobira! — deb qichqirdi.
Qo‘chadan o‘tib ketayotgan ikki olifta xotin darrov to‘xtadi. Uzun bo‘yligi bir oz shoshib, ovoz kelgan tarafga qaradi. Qora qoshlarini kerib, uy panjarasiga boqdi. Nozik ipak chorshofi* ostidan shakli ko‘rinib turgan, zardo‘zi qo‘l sumkasini silkitib turib so‘radi:
— Kim u?
— Men.
— Sen kimsan. Hey?
— Nojiya!
Zar tikilgan sumkasini hovuchlariga olib, asabiy ravishda siqdi. Burchak tomonga yaxshiroq qayrildi. Takror so‘radi:
— Qaysi Nojiya?
— Baxtiyor afandining qizi!
— Qaysi Baxtiyor afandining?
— Kassir Baxtiyor afandining.
— Nima?
— Shunday…
Bir lahza shunday to‘xtab qoldi. Bu uyining uchgan-tushgan xaroba ko‘rinishiga va ustki shuvoqlariga boqdi. Siniq deraza oynalari o‘rniga gazeta qog‘ozlari yopishtirilgan edi.
— Hey, bu yerda nima qilib yuribsan?
— Hech.
— Hech deganing nimasi?
— Uyimiz shu!
— Uyingizmi?
— Shunday.
Uzun bo‘yli xotinning yonidagi ham hayron edi. Bir-birlariga boqdilar. Bir hazil gap eshitgan singari kulimsiradilar. Uzun bo‘yli xotin panjaraga qarab dedi:
— Yolgonchisan! Eshikni och, ko‘ray-chi… Men sening bu yerda nima qilib yurganingni bilaman, — dedi.
Ustiga mahalla bolalari bo‘r bilan qush suratlari solgan eski eshik yoniga yaqinlashdi.

* * *

Sobira bilan Nojiya bolalikda o‘rtoq edilar. Bolqon qoch-qochi boshlangan zamon xuddi shu yerda birisining otasi qozi, birisiniki kassir edi. Qochgan chog‘da bir-birlarini yo‘qotdilar. Hozir oradan olti yil o‘tgach, yana bir-birlariga duch keldilar. Faqat Sobira Nojiyaning usti-boshini ko‘rgach:
— Bu nima ahvol, qiz? Seni quturgan it taladimi? — deb qichqirdi. Nojiya ham uning qora ipak chorshofiga, ochiq bo‘ynidagi yirik zumrad toshli platina taqinchog‘iga, qo‘lidagi katta zardo‘zi sumkaga qarab, hayron qoldi. O‘z ahvoliga qarab siqilib:
— Faqirlik! — deb qo‘ydi.
Sobira ko‘zlarini atrofga yugurtirdi. Shuvoqlari to‘kilgan bo‘lmalar, shuvoqsiz, yalang‘och ship bu uyga og‘ilxonadan ham xarobroq eski bir kulba tusini bergan edi. Yonidagi xotinga qayrilib:
— Qanday, juda go‘zal emasmi? — dedi.
— Mosholloh…
Bu xotin o‘zidan bir oz katta, lekin yana ham oliftaroq, yana ham tannozroq bir xotin edi. Oq sariq qiyofasida charkaslarga o‘xshagan bir g‘urur bor edi. Munchalik xarob bir uyga kirishni o‘ziga ep ko‘rmaganday eshikdan mo‘ralab, ichkari kirmadi. Hayron qolarlik bir jimlik ichida uch xotin qayta-qayta bir-birlariga tikildilar. Sobira, o‘z ichida g‘ayri ixtiyoriy bir marhamat ovozi sezganday, shafqatli bir ohangda dedi:
— Esiz Nojiya, esiz!.. Onang qayerda?
— O‘ldi.
— Otang-chi?
— U ham o‘lgan…
— Akang-chi?
— U ham o‘lgan…
— Bu yerda nega o‘tiribsan?
— Bu uy erimning uyi.
— Eringga qarashli uymi?
— Shunday.
— Ering kim bo‘lib ishlaydi?
— G‘isht teruvchi usta edi. Lekin hozir askar…
— Qayerda?
— Shu yerda. Haydarposhshoda. Ishchi batalonda.
Yana jim qoldilar. Boyaqish ayol, bu olifta xonimlarni uy ichkarisiga chaqirishga tortindi. Lekin Sobira boylarga, kiborlarga xos tavoze bilan kulib:
— Ichkari kiraylik, sen bilan gaplashaylik, — dedi, — esiz Nojiya, esiz… O‘rtoqjon sen juda tolesiz ekansan-ku.
— Marhamat eting.
Sobira yonidagi o‘rtog‘iga qayrildi:
— Kel, bir oz o‘tiraylik. Ko‘rdingmi bu qizni…
Shunchalik go‘zal bir xotinni hech uchratganmisan? Xudo haqi juda sevimli. Sochlarini ko‘r… Bu jingalaklar tabiiy! Hech sun’iylik yo‘q, diqqat et, xudo haqi… Jiddiy xotin kulimsiradi va:
— Mosholloh, mosholloh… — dedi.
Tor, past, qorong‘i, zax dahlizdan o‘tdilar. Ichkari uyga kirgach, qashshoqlikning barcha xunuk manzarasi bu ikki xotinning etini junjiktirib yubordi. Biror yerda o‘tirolmadilar, o‘tirguday joy ham yo‘q edi. Nojiya ham o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Go‘yo bu qashshoqlik o‘z jinoyati kabi yerga qarar, uyalar, siqilar va qizarar edi. Burchakdagi yirtiq bo‘yra ustiga bir necha ko‘rpa taxlangandi. Bo‘yra chetida bir gazlik Lama sandig‘i turardi. Kattagina bir ko‘za, yonida kartochka bilan beriladigan qora non, yashil bir sopol kosada zaytun turardi. Xum turgan pardasiz deraza oldidagi taxta so‘richa ustiga nafis eski bir kigiz to‘shalgan edi. Nojiya:
— O‘tiring! Toza! — deb shu joyni ko‘rsatdi.
Ikki xotin taxta so‘riga o‘tirdilar. O‘rtog‘i pastak shipga, oqlanmagan devorlarga boqarkan, Sobira bolalikdagi dugonasi bilan gaplasha boshladi:
— Qani, yonimga kel, seni tuzukroq ko‘rayin.
— Kel yonimga!
Nojiya ham so‘richaga o‘tirdi.
— Nima bo‘ldi senga bunchalik?
— Taqdir, nasiba shu ekan-da!
…Sekin-sekin hikoya qila boshladi. Otasi Salanikda kasal bo‘lib, Istanbulga kelgan oydayoq vafot etgan. Onasi bilan Uskudorda bir uy topib, boshlarini suqishlari bilan yana xastalikka yo‘liqqan. Onasi zotiljam kasalidan o‘lgan. Nojiya yolg‘iz qolgach, uy egasi bo‘lmish tul xotin unga rahmi kelib, bozor boshidagi bo‘ydoqlar yotog‘idan kuyov topib bergan. To‘rt yildan beri shu eri bilan yashaydi. Bu odam boyoqish yaxshi-yu, lekin juda kambag‘al edi. Urushdan avval kuniga bir majidiya olib qurilishlarda ishlardi. Askarga ketgach, Nojiyaga o‘ttiz qurush oylik tayinlandi. Ruxsat bilan uyga kelgan oqshomlar ba’zan askariy qozonchada sho‘rva ham keltirardi.
— Xudoga shukur, tirikchilik o‘tib turibdi!
Bu gapni eshitgan Sobira jo‘shdi:
— Shu ahvolingga shukur etib o‘tiribsanmi hali?
— Alhamdulilloh!
— O‘rtoqjon, sen jinni bo‘libsan! Kecha-kunduz qora non… Qattiq zaytun… So‘ngra shu holinggayam shukur deb tavba ham qil!..
Birdan, oq-sariq kelgan katta xotinga qayrildi va:
— Ko‘rdingmi, Fusun xonim, xudoning qanday yaxshi bandalari bor, — dedi.
Ikkovlari ham Nojiyaga hayronlik bilan ko‘z yugurtirdilar. Ochlik, qashshoqlik ichida bu rang, bu go‘zallik, bu vujud qanday qilib so‘lmasdan, o‘zini saqlagan? O‘zlari esa boy turmushda, shirin yemaklar, sharoblarga serob holda, qonsizlik kasalidan qutula olmaydilar.
Nojiya bir oz uyalibroq so‘rashga jur’at etdi:
— Sening otang qayerda?
Sobira:
— Bilmayman. Tashqarilarda, allaqayerlarda yuradi! — dedi.
Nojiya olifta xotinning ko‘zlariga tikildi:
— Onang-chi?
— U ham birga…
— Sen-chi?
— Menmi? Uzun hikoya. Avvalo, bir ofitser bilan turmush qurdim. So‘ng ajralishib ketdim.
— Endi kim bilan turibsan?
— Qarindoshlarim bilan.
Biroq Nojiya, Sobiraning Istanbulda qarindoshlari, ayniqsa boy qarindoshlari borligini bilmas edi. Zotan u ham o‘zi kabi rumeliyalik* edi. Lekin ortiqcha surishtirib o‘tirmadi. Jim qoldi. Ikki xotin uning go‘zalligiga hayron qolishar, quyuq sochlarini silashardi. Sobira chidab turolmadi. Chit ko‘ylak ostida silkillab turgan badanlarini ushlab, bo‘ynidan o‘pdi. Nojiya xijolat tortdi. Ikki xotin baxt-toleining bu go‘zal vujudga ro‘para kelmaganiga achinishar, xunuk-xunuk boy xotinlardan bahs etishardi. Sobira dedi:
— Rafiqani o‘ylab ko‘r, Fusun! Xuddi yalmog‘iz kampirday… Ko‘shklarda, avtomobillarda! Inson uning yuziga qarashga qo‘rqadi. Endi mana bu Nojiyaga boq! Ajabo, agar Jamil bunday bir xotinni tushnda ko‘rsa nima qilarkin?
— Ko‘zlariga ishonmas!
— Vallohi ishonmaydi…
Sobira, o‘z yonida qizarib, terlab, boylikning na’shasi qarshisida tamoman o‘zini yo‘qotib turgan Nojiyadan:
— Rostini gapir, oyiga faqat o‘ttiz qurush bilan kun kechirasanmi? — deb so‘radi.
— O‘tgan yil askarlarga kiyim tikar edim. Bu yil topolmadim.
— Voy boyoqish!
— Ishonmayman. Qanday yashaysan?
— Shunday!
— Jonim, qanday yashaysan? O‘ttiz qurush bilan kichkina bir sa’va ham kun kechirolmaydi.
— Erim har hafta hech uzmasdan yarim kilo zaytun keltirib turadi. Men ham iqtisod qilib turaman.
Bunga Sobira bilan Fusun ishonishmadi. Uylaridagi xizmatchilarning qora non yemaganlarini xotirlab, qattiq-qattiq kulishardi.
Fusun:
— Nima desam ekan, dunyo shunaqa! — deb boshini qimirlatdi. — Demak bu non ham ko‘ngilga urar ekan. Vallohi biz bobikka berdik yemadi. Achchig‘i keldi. G‘azablanib, shu qadar vovilladiki… quturdimi deb hisobladik…
Sobira asabiy bir harakat bilan:
— Men seni bu yerda qoldirmayman, vallohi, Nojiya! — deb qichqirdi, — qani, tur o‘rningdan.
— Qayoqqa?
— Biznikiga ketamiz.
— Voy, qanday bo‘larkin?
— Qanday bo‘lardi, shunday!
— Erimdan ruxsat olmasdan…
— Yuraver, jinnilik qilma, bir kecha bizda qol. Yegin, ichgin so‘ngra ko‘rgin-chi, bu yerga qaytging kelarmikin?
— E… e…
— Yura qol, yur deyapman-ku.
Uydan chiqib, ruxsatsiz bir yerga ketishga Nojiyaning aqli bovar qilmas edi. Voqean eri bu kecha kelmas edi. Lekin qanday bo‘larkin. Ikki xotin unga achinishmoqda, to‘rt yildan beri kulbasida issiq ovqat pishmaganini eshitgach, juda ta’sirlanib, nima qilishlarini bilmas edilar. O‘zlari bugun izvosh bilan Kadikuyundan bu yerga bir oshpaz xotinni qidirib kelganlar, lekin bu xotinning uyini topolmaganlar. Uydagi osh pishiruvchi xizmatchilari bilan chiqishmas ekanlar. Shuning uchun uni bo‘shatib yubormoqchi bo‘lganlar. Fusun bu oqshomgi yemaklardan gap boshladi. Pishirtirgan totli ovqatlardan so‘zladi. Sharobdan, shampanskoyedan bahs ochdilar. Nojiya, bolalikdagi dugonasining har ovqatda qirq liralik shampanski ichishini eshitarkan, quloqlariga ishonmas edi, shirinliklar, yog‘lik somsalar, qovrilgan go‘shtlar hikoyasidan og‘zidan so‘lakaylari oqquday bo‘ldi. Ularning gaplaridan keyin o‘z baxtsizligi, qashshoqligi ko‘z o‘ngida yana ortiqroq kuchayar, o‘z falokatini yaxshiroq tushunardi. Ichida: «O‘tib ketadigan bir mehmonlik! Nima bo‘lardi? Borib, to‘yib-to‘yib bir ovqat yeb kelaman!» derdi. Qochqin vaqtidan beri bir necha yil bo‘ldiki, shirinlikka, somsaga yuragi eziladi. Hatto, zaytundan, sirdan boshqa hamma narsaning ta’mini esdan chiqarganday edi. Yemak qayg‘usining chidab bo‘lmas tutqanoq dardi uni esankiratdi. Bu kecha Sobiralarnikiga bormoqchi bo‘ldi. Faqat usti-boshi juda uvada edi. Xijolat torta-torta uzr so‘radi, Fusun bilan Sobira bir-birlariga boqdilar. Sobira:
— Nojiyani olib, Do‘g‘onchilikka, Muazziz xonnm yoniga boramiz. Uni chiroyli qilib kiydiramiz. Muazziz ham durkun xotin. Kuylaklari, chorshofi Nojiyaga juda to‘g‘ri keladi! — dedi Fusun.
— Vallohi, yaxshi fikr aytding. U telbani ham bugun olib ketamiz, — deb javob qaytardi.
O‘rinlaridan turdilar. Nojiya ertalabdan beri hech narsa yemagan edi. So‘ng darajada ochiqqanidan qora non bilan zaytunni ham me’dasi ko‘tarmas edi. To‘rt yildan beri boyoqish och qola berib, ovqatdan ham ko‘ngli sovugan edi. Nojiyaning me’dasi ovqat, oshpaz, shirinlik, somsa to‘g‘risidagi gaplarni eshitgach, yana xiyla g‘alayonga keldi. Ortiq bir narsa o‘ylamas: «Oh, bu kecha, kim bilsin, nimalar yeyman?» der edi. Kutmaganda uyiga kelgan bu baxtiyor dugonasining qanday boy bo‘lganini muhokama etmas, ovqat fikri dimog‘iga yoqimli hidlarni keltirib, og‘irlashardi. G‘ayri ixtiyoriy ravishda ko‘z o‘ngiga oq dasturxon solingan bir stol kelar, bu xayoliy stol ustida qovrilgan go‘shtlar, kompotlar, palovlar, morojniylar ko‘rganday bo‘lar edi. Ovqat xulyosi bilan orziqib, tamomila boshi qotgan edi. Xotinlar o‘rnidan turgach, u ham majhul bir sevinch bilan qomatini tikladi, ko‘rpa orasidan eski, yamoqli, keng bir qora jun chorshof chiqardi. Uyalib-uyalib kiydi. Sobira unga tikilar va der edi:
— Xudo haqi, Fusun, bir marta unga boq! Bu juldurlar ichida ham u xuddi malikadek ko‘rinmayotirmi?
Eshikdan chiqqandan so‘ng ko‘p yurmadilar, kichik ko‘cha oldida ularni bir izvosh kutib turmoqda edi. Izvoshga chiqqach, Sobira izvoshchiga:
— Do‘g‘onchilikka hayda! — dedi.
Nojiya ularning ro‘parasiga o‘tirdi. Yo‘lda hamon o‘yin-kulgidan, kiyimdan, modadan gaplashdilar. Lekin Nojiya ularning gaplariga ko‘p quloq solmas, bu oqshom mazali ovqatlar yeyishini xayol qilib borardi, xotinlar esa hamon uning go‘zalligiga boqishar, qo‘llarini ushlashardi.
Fusun:
— Nojiya xonimning qo‘llari ham buzilmagan, — dedi, — xuddi har kun sut bilan yuvganday…
Haqiqatan Nojiyaning panjalari, qo‘llari nihoyat darajada go‘zal edi. Har oqshom mahalla bulog‘idan oqqan sovuq suv bilan yuvinardi. Sovun juda qimmat bo‘lgani uchun kirlanishdan qo‘rqar, qora qishda ham sovuq suv bilan tahorat olardi. Oqqa bo‘yalgan kattagina bir uy qarshisida izvoshni to‘xtatdilar. Bu uy mahallaning eski, taxtalik, bo‘yalmagan uylari o‘rtasiga mehmonga kelgan begona bir qo‘noqqa o‘xshardi. Eshikni oppoq fartuk tutgan bir qiz ochdi. Sobira so‘radi:
— Xonim uydami, Elep?
— Uyda.
— Yugur, bizni xabar qil!.
— Marhamat…
Marmar to‘shalgan bir hovliga kirdilar. Xizmatchi qiz yugurib yuqori chiqdi. Ular zinapoyalardan chiqayotganda telba singari bir xotin ularni qarshi oldi:
— Oh, xonimlar! Nechuk shamol uchirdi…
Avval, Fusunga chirmashdi, so‘ng Sobirani quchoqladi. O‘pishdilar.
— Qanday shamol uchirganini o‘zing bil, ko‘raylikchi!
— Bilmadim… Bu kecha shu yerda qolasizmi?
— Yo‘q…
Bu, anchagina pardozli, ancha yoshi o‘tgan, ammo juda go‘zal, horg‘in bir xotin edi. Katta ko‘zlariga quyuq surma qo‘ygandi. Nojiyaga boqdi. So‘ngra ko‘zlarini qisib, mehmonlardan so‘radi:
— Bu yashirincha kelgan xonim kim?
— Yashirincha emas, o‘z usti-boshi…
— Hazillashmasang-chi!
Sobira ont ichishga majbur bo‘ldi:
— Xudo haqi, yashiringan emas! Sendan ko‘ylak, yubka, chorshof, tufli olishga keldik. Bu kecha bizda mehmon bo‘ladi!
— Yolg‘on, yolg‘on!..
— Xudo haqi dedim-ku…
Xotin, qip-qizargan Nojiyaga boqar, ishonmas edi. Xuddi erkak sifat:
— Qanday chiroyli, voy-voy! — deb qichqirdi.
Hammalari Nojiyani qayta-qayta tomosha qildilar.
Fusun:
— Avval kiyinsin, shundan so‘ng siz uni bir tomosha qiling! — dedi.

* * *

Keng bir yotoqxonada, katta oynali javon qarshisida uch xotin Nojiyani yechintirdilar. Uni yalang‘och holda ko‘rgach, telba bo‘layozdilar. Uy egasi Muazziz, ko‘zlarini sonlariga urar va:
— Yo rabbi, erkak bo‘lganimda edi! — deb hayqirardi.
Nozik, oppoq ipakdan juda qimmat baho bir ko‘ylak kiydirdilar. Paypoqlarini kiydirar ekan, oyoqlarining, tizzalarining oqligi, go‘zalligi ularni qizg‘antirardi… Sochlarini tuzatdilar. Bu tilla rang, jingalak, ko‘rkam sochlar shu qadar quyuq ediki, ulama soch qo‘yishga sira hojat yo‘q edi. So‘ng o‘sha yerda o‘tirishib, o‘z asarlariga hayron qolgan san’atkorlar singari o‘zlari yasantirgan vujudni tomosha etdilar. Nojiya hech narsa so‘zlamas, kulimsirar, go‘zalligi uchun so‘zlangan so‘zlarni bir oz mubolag‘ali hisoblar: «Ajabo, to‘g‘rimi?» deganday ko‘z qiri bilan oynadagi aksiga boqardi.
Xizmatchi qiz kumush patnusda choy keltirdi. Kichik bir manqal yoniga moviy ipak qoplangan kursilarni tortib o‘tirdilar. Nojiyani qam ro‘paralariga o‘tirgizdilar. Zarlangan sigaralarni yondirdilar. Faqat erkaklarga doir gaplashdilar. Nojiya ularning gaplarini eshitib, sof bir xotin mantiqi bilan ich-ichida: «Ehtimol bular buzuq xotinlar bo‘lsa kerak…» der, lekin bular naqadar boy! Kiyganlari ipak, o‘tirganlari ipak. Oyog‘i ostidagi, yumshoqligini sezib turgan guldor qizil gilam ham qech shubhasiz ipakli edi. Kim biladi, ovqatlari qanday… Kumush patnus ustidagi oltin naqshli qantdonga tikilar, ertalabdan beri hech bir narsa totimagan, ro‘za tutgan bir odam kabi ko‘ziga kaboblar, palovlar, shirinliklar, somsalar ko‘rinardi. Yana uni qiqichoq tuta boshladi. Yaxshiki, u ham bu oqshom shunday issiq, shu yog‘liq ovqatlardan yeyajak edi. Hiqichoqdan bezovtalanar, go‘yo bu g‘ayri ixtiyoriy hol buyuk bir ayb kabi xijolat tortardi. Hiqichoqni to‘xtatishga urinarkan, go‘yo quloqlari yangi ochilganday Sobira va o‘rtoqlarining so‘zlarini eshitdi. Biri shunday dedi:
— Rizo bu ayolga bir kecha uchun ming lira beradi!
Muazziz uning gapini rad etdi:
— Bermaydi! U iflos faqat kattalik qiladi, ammo pulga kelganda nomard.
— Milovichga o‘n ming lira beribdi!
— U boshqa…
— Nechun boshqa?
— O‘chakishgandir balki…
— Ehe, Hoji Ibrohim ko‘rsa nima qilarkin?
— Undan qo‘rqaman. Pul bermaydi-yu, ammo darrov uy-joy hozirlashga tushadi.
Nojiya, gap o‘zi to‘g‘risida bo‘layotganini tushungach, yuragi o‘ynamoqqa boshladi. Ehtimol uni bu kecha birovga tortiq qilarlar.
G‘ayri ixtiyoriy ravishda o‘rnidan turib, yechinmoq, yana o‘z eski-tuskilarini kiymoq, yugura-yugura uyiga qochmoq istadi. Qimirladi. Yonidagilar unga ham bir sigara chektirishga urindilar.
— Chekmayman, vallohi! — dedi. Majbur etdilar. Ipak kiyimlar ichida u shu qadar rohat etgan ediki, qo‘lidagi pushti to‘r ipak ta’rif etib bo‘lmas bir lazzat bilan badaniga tegmoqda edi. «Bir kecha qolsam nima bo‘ladi? Darrov birovning quchog‘iga otmaslar… Bu oqshom bir oz issiq ovqat yeyman! Ertaga ertalab yonlaridan qochaman!» deb o‘yladi. Me’dasi xuddi yurak singari tipirchilamoqda edi. Yana ularning so‘zlari qulog‘iga kirmay qoldi, to‘rt yildan beri hasratini tortgan go‘shtlarni, shirinliklarni xotirladi. Qorni nihoyat darajada ochiqib ketgan edi. Agar bu yerdan turib qochsa, uyida nima ham yeyar edi. Uyidagi sandiq ustida turgan yashil sopol kosa uning qo‘z oldiga keldi. Uning ichidagi qora zaytunlar go‘yo bir azob quroli edi. Qop-qora nonni chaynayotganday bir on tishlarini g‘ijirlatdi. Yutindi. Nima bo‘lsa bo‘lsin, bu kecha bular bilan qoladigan bo‘ldi. Ichida: «emak uchun… yemak uchun..» der, xavf ostida qolajak nomusini aqliga keltirmoq istamasdi. Sobira, Fusun, Muazziz qilmoqchi bo‘lgan ishlarini undan yashirmas, uni bir necha beklarga ko‘rsatib, hammasini ham telba qilajaklarini so‘zlardilar. Muazziz:
— Hozirdayoq izvoshga tushing. Soat to‘rtdagi kemaga yeting! Modaga chiqib yoshlar o‘rtasida aylanishing! Albatta birortasiga duch kelasiz, — dedi.
O‘rinlaridan turdilar. Chorshoflarini yopindilar. Nojiyaga ham qora ipakdan bir chorshof kiydirdilar. Qo‘liga zar hoshiyali chiroyli bir baxmal sumka berdilar. So‘ngra uzoq o‘pishmoqqa boshladilar. Muazziz Nojiyani ham o‘pdi. Eshikka chiqquncha hammalarini kuzatdi. Bir oz qisilishib, Nojiyani o‘rtalariga olib o‘tirdilar. Quvvatli otlar izvoshni bo‘m-bo‘sh yo‘ldan uchirib olib bormoqda edi. Nojiya yana ovqat xayollariga berildi. Sobira bilan Fusunning gaplashganlari qulog‘iga eshitilib tursa ham tushunmadi. Haydarposhshoda dengiz qirg‘og‘idan o‘tayotgan choqlarida atrofiga xira nazar bilan boqdi. Qodiquyuni hech ko‘rmagan edi. Uskudorda, o‘z mahallasidagi xarob uylarga o‘rgangan ko‘zlari ozoda, parketli ko‘chalarga, tosh imoratlarga ajablanib boqarkan, o‘zini begona mamlakatda yurgan deb gumon etardi. Yo‘lda g‘oyat olifta kiyingan erkaklar ularga ta’zim qilardilar. Nihoyat, izvosh bir maydonda to‘xtadi.
Bu yer obod bir joy edi. Odatdagi bir sayilgoh singari g‘ala-g‘ovurli edi. Atrofda baland daraxtlar o‘sgandi. Daraxtlar orqasidan cheksiz dengiz sathi ko‘rinmoqda edi. To‘xtab turgan izvoshlar ham ko‘p edi. Xotinlar bilan erkaklar aralash kezmoqda, gaplashmoqda, kulmoqda edilar. Nojiya atrofiga boqarkan, birdan Sobiraning bir odam bilan gaplashganinn eshitdi. Boshini o‘girdi. Bu odam katta mo‘ylovli, nozik, oq-sariq bir yigit edi. Oq shim va lojuvard bir jeket kiygandi.
— Xudo haqi, bu kim? — deb so‘radi. Sobira kuldi:
— Bilmayman! Yonimizga tushib keldi.
Nojiya quloq soldi. Yigitning ko‘zlariga ko‘zlari to‘g‘ri kelgach, xuddi hurkkanday yuzini Fusun turgan tomonga o‘girdi. Bu xotin o‘zini g‘oyat jiddiy tutmoqda, yigitni ko‘rmaganday turmoqda edi.
— Xudo haqi, so‘zla, bu kim?
— Bir inson-da axir…
— Farishta-ku…
— Nima deb o‘ylading?
— Azizim, Sobira, men bilan tanishtir.
— Erkaklar bilan gaplashmaydi, jonim. U bizga maxsus…
— Xudo haqi, o‘tinaman.
— Bu kecha bizga kela qol.
— Uyingiz g‘ala-g‘ovur. Bilasanmi, men endi ortiq ichmayman. Siz hali o‘ynaysiz. Keyingi kema bilan keldim. Qornim ham to‘q. O‘rtangizda men tomoshabin bo‘lib qolaman.
— Xo‘p, mayli, tomoshabin bo‘lib qol.
— O‘lja tushadimi?
— Hali sen o‘lja tushadimi deb, bu pari qizni olib ketmoqchimisan?
— Sobira, o‘jarlik qilma. Biznikilar bir haftadan beri Buyukotada… Uyda hech kim yo‘q. Bunday qulay fursat topilavermaydi. Shu ayolni menga taqdim et; bir necha kun sening davlating ko‘lankasida kayfu safo surayin…
Juda sekin gaplashmoqda edilar. Lekin Nojiya yurak urishining tovushi bilan baravar ikkovining so‘zlarini ham aniq eshitardi:
— Mening davlatim ko‘lankasida kayfu safo surar ekansan, menga nima berasan?
— Sen ayt! Nima istasang beray!
— Yo‘q, aytmayman!
— Hozir senga yuz lira beraman.
— Yana osh! Yana osh!
— Yuz yigirma.
— Eski bozordamisan, yohu! Qurushma-qurush oshib o‘tirishning nima hojati bor?
— Yuz ellik, Sobira!
— Osh, osh! Ko‘z oldingga u qarri Milovichni keltirgin-da, so‘ng diqqat bilan, istaganing bu qizga bir qaragin. Osh, azizim, bir oz.
— Ikki yuz.
— Unga nima berajaksan?
— Sen aralashma.
— Gapir, gapir.
— Vallohi, Sobira, men umrimda bundaqa go‘zalni ko‘rmadim. Balki o‘ynash qilarman, yoki olarman.
— Ket yo‘qol bu yerdan, uch yildan beri har ko‘rganingni o‘ynash qilmoqchi bo‘lasan. Esingda bormi, meni ham olti oygacha laqillatib yurding.
— Ammo bu juda ham chiroyli ekan!
Nojiya, o‘z tepasidan savdolashayotganlarini angladi. Joni koyidi, izvoshdan tushib qochmoq fikriga keldi. Lekin qayerga ketadi? Ochligidan madori qurigan edi. Uyini xotirladi. Tishlarini qisdi. Yana ovqat hidlarini sezayotganday bo‘ldi. Sobira bilan gaplashgan yigit ularni birga aylanishga taklif etdi. Fusun rozi bo‘ldi. Izvoshdan tushdilar. Sobira hayron qolarli bir shoshilish bilan orqaga qayrilib:
— Bolalikda maktab o‘rtog‘im, Nojiya xonim! — dedi, Nojiyaga esa:
— General otasining pullarini shopirib-sovurib yurgan Fasih Bek, — deb mahovat qildi. O‘zini yo‘qotib quygan Nojiya kulimsiradi. Sayr etib yurgan odamlar ichiga aralashib, bular ham aylana boshladilar. Yengil ipak ko‘ylakli xotinlar, yoshlar hadeb ularga qarashardi.
Sayr etish ancha davom etdi.
Nojiyaning qorni shu qadar ochiqib ketdiki… qorni g‘ijimlab og‘riy boshladi. Ko‘zlari oldida qop-qora ko‘lkalar uchdi. Quyosh daraxtlar orqasiga berkinmoqda, dengiz tepasi ko‘kish, pushti, qiznl bulutlar bilan to‘ldi. Odamlar ichidan ba’zan velosipedli bolalar ham o‘tib turardi. Sobira:
— Yuring endi, bolalar, ketaylik, — dedi. — Charchadim. Bu kecha ziyofatimiz ham bor. Bizni kutadilar. Fusun so‘radi:
— Fasih Bek ham boradimi?
— O‘zidan so‘ra. Bormaydi.
Fasih javob berdi:
— Meni kechirasiz, xonim.
— Fasih! — dedi Sobira, — bu kecha bizda g‘ala-g‘ovur ko‘p. Nojiya shovqin-suronga o‘rganmagan. Bu kecha senda mehmon bo‘lib qola qolsin!
— Bosh ustiga, marhamat qilsinlar!
Nojiya javob bermadi. Charchaganidan darmoni qurib qimirlashga holi yo‘q, zaif bir arvoh kabi edi. Faqat kulimsirardi. Sobiraga qolsa, cholg‘i, o‘yin, ichkilik, to‘polon ichida ehtimol, yemoq vaqti uzayajak, balki yarim kechagacha ovqat yeyish uchun o‘tirilmas. Holbuki, bu yigitning uyi tanho. Vaqt ham allama hal bo‘lib qoldi. Bularning qo‘lidan qochish, qutulish ehtimoli ham qolmadi. U bilan birga ketish durustroq bo‘larmikin? — dedi u va ichida «Hozir borib ovqat yegani o‘tiramiz. Qornimni to‘ydiraman! So‘ngra biror bahona topilar, balki tongga qadar taslim bo‘lmasman. Keyin qochib ketarman!» deb o‘yladi. Fasihning izvoshi bu maydonning chetida turardi. Sobira va Fusun bilan xayrlashdilar. Yigit darrov uni qo‘ltiqlab oldi. Izvoshga chiqdilar. Lampalari yoqilgan do‘konlar orasidan o‘ta boshladilar. Yigit uning favqulodda go‘zalligi haqida gap ochib:
— Xudoyo tavba! Siz qayerda tug‘ilgansiz? Qayerda katta bo‘lgansiz? Qanday latofat! — deb, kulgili savollar berdi. O‘zini unga taqdim etgani uchun Sobiraga ikki yuz lira bergan bu yigitning boyligini o‘ylagan Nojiya bu oqshom qanday dasturxon yonida o‘tirishini ko‘z oldiga keltirishga urinardi. Olti yo‘l og‘zidan, Bog‘dod prospektidan bor bo‘yicha ot choptirib o‘tdilar. Fasih bek ayolning o‘ychanligini ham juda nafosatli topib, undan so‘radi:
— Nimalarni o‘ylayotirsiz, xudo haqi… Birorga g‘amingiz bormi?
— Hech, afandim.
— Nega bu qadar xayol surasiz?
— Hech, afandim!
Yigitga qayrilib: «Hozir to‘g‘ri dasturxon yoniga o‘tiramiz! Xo‘pmi?» degusi kelardi. O‘ng tarafida botgan quyoshning qizil shu’lasi hamon o‘chmagan edi. Arg‘uvonzordan o‘tdilar. Izvosh to‘xtaganda og‘ir bir uyqudan uyg‘onganday seskandi. Fasih yerga sakrab tushib, unga qo‘lini uzatdi.
— Marhamat qiling…
Pastga tushib, temir panjarali bir darvoza oldiga kelishdi. Ichkarida, daraxtzor, qorong‘i bir yo‘lning oxirida bir bino ko‘lankasi ko‘rinardi. Darvozadan kirgach, Fasih:
— Islom, Islom! — deb chaqirdi.
Uzoqdan bir arnavut* tovushi keldi.
— Afandim?
— Yugur, zalning chiroqlarini yoq!
Bularni qarshi oluvchi, uzun bo‘yli, bog‘bon kiyimidagi bir odam edi!
— Bosh ustiga afandim!
Fasih Nojiyaga o‘girilib dedi:
— Uyda bog‘bondan boshqa hech kim yo‘q. Xotirjam bo‘l, hech tortinma, azizim!
— O‘zingni erkin tut endi…
— Xo‘sh…
Keng tosh zinapoyalardan chiqdilar. Dahlizning, zalning chiroqlari yoqilgan edi. Nojiya umrida ko‘rmagani bu hashamat va bezaklarga og‘zi ochilib qoldi. Zaldagi ajoyib narsalarni ko‘rgach, qorni ochligini ham unutib qo‘ya yozdi. Gilamlar, devorlardagi suratlar, vazalar, qimmat baho pardalar, o‘rtadagi chiroyli stol… barchasiga ayrim-ayrim ko‘z tikdi. Zaldagi hamma narsani tomosha qilib tamomlagach, yana qorni ochligini sezdi. Tabiiy, yemak xonasi ham shu singari bezatilgan bo‘lishi kerak. Kim bilsin qanday ovqatlar bor ekan. Go‘sht va somsalarning hidlari dimog‘iga urilganday tuyuldi. Fasih bulbulday sayramoqda edi. Nojiya tushunmaydigan bir qancha narsalar so‘zlar, unga abadiy ishqlardan, hatto, uylanishdan, tug‘ilajak bolalardan, cheksiz baxtlardan bahs etardi.

* * *

Qancha vaqt o‘tdi, Nojiyaning xabari bo‘lmadi. Fasih:
— Yuring endi, azizim yuqori chiqaylik! — dedi. Fikrida ovqatdan boshqa narsa bo‘lmagan Nojiya, g‘ayri ixtiyoriy ravishda so‘radi:
— Qayerga?
— Yotoq bo‘lmamizga, azizim!
— Lekin…
— Nima deysiz, jonginam?
Nojiya zo‘r xijolat ichida:
— Bir oz narsa yesak… — deya oldi. Fasih:
— Voy, deb qichqirdi, — qanday eshak ekanman? Go‘zalligingiz meni shoshirdi. Qorningiz ochmi-to‘qligini so‘ramadim. Xudo haqi, afv etasiz. Men Istanbuldan to‘yib kelgan edim. To‘xtang, hozir bir narsa topamiz.
O‘rnidan turib, ochiq derazadan boshini chiqardi-da:
— Islom, Islom!— deb chaqirdi.
— Afandim.
— Kel bu yoqqa, hoy, tez deyapman.
— Afandim!
— Yugur, yeydigan biror narsa top!
Nojiya yemak to‘g‘risidagi bu gapga diqqat bilan quloq soldi.
— Nima qilayin, afandim?
— Nima qilsang shuni qil?
— Yarim kecha bo‘ldi, afandim, hozir hamma joy berkildi.
— Hey, boshimni og‘ritma deyapman, bor, nimaiki topsang darrov yemakxonaga keltir.
— Afandim, hozir hamma joy yopiq…
— Gapni cho‘zma deyapman-ku!.. Nima topsang top!
Arnavut ketgach, Fasih yana Nojiyaga o‘girildi. Chiroyli qo‘lini ushladi, o‘pmoqqa, silamoqqa boshladi.
— Bu xatoni kechir, azizim. Ertalab restorandan keltiramiz. Mening aqlimga kelmabdi. Afv et.
— Astag‘furulloh…
— Haqiqatan eshaklik qildim.
— Astrag‘furulloh…
— Shunday bo‘ldi: yemak to‘g‘risida hech o‘ylamadim. Sizni ko‘rgandan keyin esimni yo‘qotdim, vallohi…
Ichkari kirayotgan arnavutning oyoq sharpasi eshitildi. Nojiya Fasih so‘zlagan gaplarni endi eshitmas, faqat oyoq tovushini eshitganday bo‘lar edi. Arnavut eshik tashqarisidan dedi:
— Yemak tayyordir, begim, marhamat eting!
O‘rinlaridan turdilar. Dahlizdagi stol yonidan aylanib o‘tdilar. Fasih bir eshik oldida to‘xtadi.
— Marhamat eting, xonim! — dedi.
Nojiya darrov ichkari kirdi. Kirgan uyi keng, mukammal bir yemak zali edi. Bufetlarning billurlarida aks etgan chiroq shu’lalari porlamoqda edi, kattakon to‘rt burchak stol chekkasiga qarama-qarshi ikki kursi qo‘yilgandi. Faqat bir kursi oldida bir tovoq turardi.
— Marhamat eting, xonim!
Fasih Nojiyani kursiga o‘tqizdi. Nojiyaning ko‘zlari tovoq ichidagi narsaga tushgach, birdan betoqat bo‘lib, shovqin ko‘tardi:
— A!..
Tovoq ichidagi: qop-qora zaytun donalari edi. Uning yonida, to‘rt yildan beri ko‘ngliga urgan qora non parchalari turardi. Qo‘llari bilan stolga tayandi. Boshini qo‘llari ustiga qo‘ydi. Yig‘lamoqqa boshladi. Ovozi boricha ho‘ngrab-ho‘ngrab yig‘ladi. Fasih, bir lahza ichidagi bu o‘zgarishdan hech narsa tushunmadi. «Nima bo‘ldi?» deya olmas, Nojiyaning orqaga tashlangan ro‘moli ostidan ko‘ringan oppoq yelkasiga tikilar, qora non bilan tovoq ichidagi zaytunlarni ko‘rmas edi.
Arnavut uydagi itga beriladigan qora nondan boshqa bir narsa topmagan edi. Oqshom lo‘yalarni ham tamomlagan, hech qolmagan edi.
Buhron shiddatlandi, Nojiyaning ko‘z yoshlari qo‘llarini ho‘l qildi. Fasih to‘xtovsiz:
— Nima bo‘ldi, jonim? Nima bo‘ldi? — der edi.
Yosh xotin:
— Hech! — deb o‘rnidan turdi. To‘g‘ri eshik tomonga yurdi. Fasih uning yo‘lini to‘smoqchi bo‘ldi.
— Xudo xayr bersin, meni chiqarib yuboring. Bo‘lmasa ish yomon bo‘ladi! — deb baqirdi xotin. Chiroyli moviy ko‘zlari baqrayib ketgan edi. Yigit chekindi. Yosh xotinning uy eshigidan chiqib ketishiga qarab qoldi. Boqchaning qumlariga bosilgan qadam ovozini eshitarkan:
— Qanday asabiy xotin! Qiziq bir muammo… — dedi.

* * *

Nojiya qorong‘ilik ichida ketmoqda edi. Bir ovqat uchun bu kecha nomusini qurbon etayozdi. Uni faqat bir taqdim etganlari uchun ikki yuz lira berildi. So‘ngra, bu jannat kabi muhtasham saroylar singari bezantirilgan uyning oltinli, kumushli, billurli yemakxonasida yana uning ro‘parasiga zaytun, non chiqdi. Yurdi, yurdi. Endi yig‘lashdan to‘xtadi. Uning qalbi go‘yo toshga aylangan, ko‘ksida uning og‘irligini sezmoqda edi. Katta ko‘chadan kichkina bir ko‘chaga qayrildi. Bu — bir tepalik edi. Yana jadalroq yurdi. Qayerga ketayotganini bilmas edi. So‘ngra yana katta ko‘chaga chiqdi. Uzoqdan to‘lqinlarning ovozini eshitdi. Qorong‘ilik ichida yana ham qoraroq ko‘ringan daraxtlar shamolda g‘uvullashardi. Dengiz to‘lqinlarining ovozi kelgan tomonga yurdi. Xuddi dengiz o‘rtasiga qarab bir ko‘lanka uzangan edi. Shu ko‘lanka tepasidan yurdi, yurdi. Bir bino oldidan o‘tdi, yana yurdi. Salqin bir shabada yuzlariga urilmoqda edi. Boyagi ko‘lankali yo‘l tamom bo‘lgan edi, to‘xtadi. Qop-qorong‘i dengizga boqdi, boqdi, boqdi.
O‘zini dengizga tashlashdan boshqa chora yo‘q edi. Jannatga ketsa ham, qashshoqlikdan birato‘lasi qutula olmas edi. Lekin o‘zini dengizga otishga yetarli quvvat topolmadi. Turgan yeriga yiqildi. Qarshisida katta bir yulduz kabi porlab turgan fonarga ko‘zlarini tikdi. Tikilgan sari bu yorug‘lik ko‘zlari ichida buyuklashar, oltin tovoq kabi qizillashar, go‘yo ko‘zlariga kirgan yoqimli, mayin nur toshga aylangan, muzlagan qalbini asta-asta isitib, eritmoqda edi.

Turkchadan M. Davron tarjimasi
_____________
* Chorshof — turk xotinlari paranji o‘rnida boshiga yopinib yuradigan libos.
* Rumeliya — Turkiyaning Yevropadagi qismi.
* Arnavut — albaniyalik.