Men uni ilk daf’a Spayk shahri ta’mirlash ustaxonasida uchratdim. Mashina bo‘limida kichikroq dinamo uchun tagkursi yotqizayotgan edilar, u ishni boshqarayotgandi: goh kimnidir baqirib so‘kar, goh amrona ovoz bilan nimanidir buyurardi. Uning qo‘l ostida o‘ntacha italiyalik ishlar, ularning hammasi bir xil – o‘rta bo‘yli, bug‘doyrang, chorpahildan kelgan odamlar; kattasi ellik yoshlarda, kichigi yigirma beshdan oshmagan, ular binodan uncha uzoq bo‘lmagan zaxira yo‘lda turgan vagondan qurilish materiallarini tashimoqda edilar. Vagonda tsement, shag‘al, eski-tuski taxtalar, zambilg‘altak va boshqa mehnat qurollari bor edi.
U bo‘lsa, pidjaksiz, yenglari shimarilgan, mashina bo‘lmasi eshigi oldida turar va asl irland lahjasida jon kuydirib qichqirardi:
– Ey, Mett! Ey, Jimmi! Belkurakni ol! Qum tashi, tosh tashi! Sement qani, a? Sement deyapman! Menga tsement kerak! Bu yerda nega ivirsib yuribsiz? Sizni laylak haydash uchun yollashganmi? Tezroq! Qani, jonli-jonli ishlanglar-chi! – u dag‘dag‘ani tugatgach, yorug‘ olamda faqat o‘zigina shoshilmasdan harakat qilishga haqli ekanligini ko‘rsatmoqchi bo‘layotgandek u yon-bu yonga bo‘ynini sekin burib, g‘oz qarash qilib qo‘ydi.
Bu paytda men boshimdan uncha-muncha sarguzashtlarni kechirib, har xil xo‘jayinlarga nisbatan norozilik kayfiyatim, ayniqsa, mana bunaqa baqiroqlariga nisbatan nafratim shakllanib bo‘lgandi. “Buni qarang, naq quldorning o‘zginasi! Ho‘kizga o‘xshamay o‘l!” deb o‘yladim ichimda. Vaholanki, u tashqi ko‘rinishidan yoqimtoygina ko‘rinardi. Bu o‘rta bo‘yli, mitti gavdali, bo‘yni yo‘g‘on bir kishi edi. Oq oralagan mo‘ylabi va sochlari kalta qilib kuzalgan. Ta’sirchan, o‘ynoqi, jigarrang ko‘zlari asl irlandlarga xos yaltirab, olovlanib turardi. U o‘zini shunday hokimona tutardiki, menga kimdir bo‘ysunmasligi ham mumkin, degan fikrni xayoliga yaqin yo‘latmasdi, chamasi. Barcha xatti-harakatlari bilan: “Men bu yerda xo‘jayinman”, deyayotganday edi. Darhaqiqat, u bu yerning haqiqiy xo‘jayini edi. Irlandlardan yer yuzining barcha burchaklarida a’lo darajali boshliqlar chiqayotganiga sabab ham aynan shu xususiyat emasmikin?
Uning bu yerda olib borayotgan ishi nechog‘li murakkab va muhim ekanligi yolg‘iz xudoga ayon, ammo bu qiziqarli ish edi. O‘nga o‘n ikki fut o‘lchamda chuqur qazib, ichida taxtadan shakl hosil qilish, keyin beton qorib, bu shakllarga quyish va motor o‘rnatish uchun unda temir izlar qoldirish kerak edi. Bu ish u qadar ham shoshilinch bo‘lmay, xotirjamroq bajarish ham mumkin edi. Ammo kishining g‘ayrati oshib-toshib yotgan bo‘lsa, agar unga atrofidagi shovqin-suron va g‘ala-g‘ovur yoqsa, ish garchi bir joyda turgan bo‘lsa-da, kishi ishim olg‘a ketyapti, deb o‘ylashni yoqtirsa, nima ham qila olardingiz. Aftidan, u bu shovqin-suron va shoshma-shosharlikdan qoniqish hosil qilardi. U boshlagan ishni tezroq tugatishni shu qadar istardiki, charchash nimaligini bilmasdan tsex bo‘ylab yelib-yugurar va qichqirardi.
– Ey, Mett! Ey, Jimmi! Jimmi! Belkuraklarni keltir! Kerkini obkel! Qani, tezroq! – vaqti-vaqti bilan og‘zidan buyruq gaplar sharsharaday otilib turardi.
– Ol! Pastga! O‘ngga! Ha, yuqoriga! Chapga! To‘g‘riga! Orqaga! Olg‘a! – va bu buyruqlarning har birini o‘zining tengsiz “Jin ursin” jumlasi bilan quvvatlantirib turardi. Keyinchalik men shunga ishonch hosil qildimki, “Jin ursin” uning og‘zida har qanday do‘stona murojaatdan ham beozorroq yangraydi. Qisqasi, bu o‘zining beqiyos talanti bilan atrofdagilarni maftun qiluvchi, Kiplingning Nemgey Dulasiga o‘xshagan o‘ziga xos, ajoyib nusxa edi.
Avval aytganimday, dastlab u menda dahshatli, to‘g‘risi, jirkanch taassurot qoldirdi. “Irland maxluqi! – dedim ichimda. – Tirik odamlar uning uchun ishlashi kerakmish, go‘yo. Uning zardalariyu, tahqirlashlarini kim ko‘taradi?” Vaholanki, tez orada uning ko‘pam ahmoq emasligini anglab yetdim, keyinchalik u menga yoqib qoldi.
Mendagi bunday tez o‘zgarishga qo‘l ostidagilarning unga munosabati sabab bo‘ldi. U qancha qo‘pollik bilan ularni ishga haydamasin, ishchilar aslo ko‘ngliga olmas, nima bo‘lganda ham ishdan chalg‘imasdi. U ishchilar tepasida turib: “Tepaga! Tepaga! Tepaga! “ yoki “Pastga! Pastga! Pastga!” – deb baqirishi, bunga asab tolalari emas, arqon ham dosh berolmasligi mumkin. Ular bo‘lsa, shovqinga soatning chiqillashidan ortiq e’tibor berishmasdi. Ular bu shunday bo‘lishi kerakday, odatdan tashqari hech ish bo‘lmayotganday qabul qilishardi, aftidan, ishchilar allaqachon o‘rganib qolishgandi. O‘zlarining erinchoq qadam tashlashlari bilan ular chorbog‘da yoki xiyobonda sayr qiluvchi bekorxo‘jani eslatar, taxta va toshlarni bebaho va nozik narsaday avaylab ko‘tarib o‘tardi. Bu manzarani ko‘rgan har qanday kishining labiga tabassum yugurardi. Bo‘lib o‘tayotgan voqealarning kulgili mohiyatini anglab yetgach, men chiday olmadim va beixtiyor kulib yubordim. Rurk menga o‘girildi va istehzo bilan, ammo beg‘araz tanbeh berdi.
– Ha-ha-ha! Bular kabi ishlasang edi, bunday kulmagan bo‘larding!
“Ishchilaring qursin!” deb javob bermoqchi bo‘ldim, ammo buning o‘rniga og‘zimdan quyidagilar chiqdi:
– Qo‘ysangiz-chi? Men ularning haddan ziyod qiynalganini ko‘rmayapman. O‘zingiz ham qiynalmayapsiz! Siz sirtdan shafqatsiz ko‘rinsangiz-da, aslida, unchalik shafqatsiz emassiz.
Shundan keyin italiyaliklarning emas, uning ustidan kulayotganimni tushuntirdim. U esa buni bag‘rikenglik bilan qabul qildi. Biz sekin-asta temir yo‘l ishlari haqida gaplashdik. (Kamina nomigagina ishchi hisoblanardim, sog‘lig‘im tufayli qancha ishlay olsam, shuncha ishlashga ruxsat berilgan edi. Bu ishim uchun soatiga o‘n ikki tsent olardim.) Bizning do‘stlashuvimiz shunday boshlangandi.
O‘sha kuni ertalab Rurkning qurilish ishlari bo‘yicha pudratchi ekanligini bildim. U Nyu-Yorkdan ellik uchinchi kilometrgacha cho‘zilgan hududda murakkab bo‘lmagan har xil ishlarni bajarardi – beton platformalar, suv yurishi uchun zovurlar, toshko‘mir bunkerlari, yo‘laklar, ko‘priklar uchun tayanchlar, imorat devorlari – umuman, beton, g‘isht yoki toshdan nimaiki qurish mumkin bo‘lsa, barini qurardi. Qo‘l ostida o‘nlab ishchilar mehnat qilar, ixtiyorida vagon ham bor edi, Rurk qayoqqa borsa, vagon ham o‘sha yoqqa olib borilardi. Uni esa qayerda xizmati kerak bo‘lishiga qarab, goh u yoqqa, goh bu yoqqa jo‘natib turardilar. O‘zining aytishiga qaraganda, ba’zan soat yettida ish joyiga ulgurish uchun tonggi soat to‘rtda uyqudan uyg‘onardi. U xizmat qilayotgan katta temir yo‘l kompaniyasi faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlab ishlardi. Rurk va ishchilari dam oladimi, yo‘qmi, bu ularni aslo qiziqtirmas edi. Rurk bo‘lsa, o‘zining tan olib aytishicha, og‘ir ishdan qochmasdi ham. U og‘ir ishni yoqtirardi. U bu kompaniyada roppa-rosa yigirma ikki yil ishlagandi. “Yomg‘irdayam ividim, quyoshdayam qoraydim – hammasini ko‘rdim”. Bo‘ron ham, momaqaldiroq ham, go‘ristondagiday zulmat ham, hech narsa uni to‘xtata olmasdi.
– O‘z vaqtida ish joyimda bo‘lishim kerak-ku, axir, – dedi u bir kuni o‘zining o‘ynoqi irlandcha tabassumi bilan. – Menga to‘shakda yotganim uchun haq to‘lamaydilar-ku! Mana, sen, – qo‘shimcha qildi u mening ozg‘in va so‘lg‘in gavdamga ishora qilib, – bir yilgina shunday ishlaganingda edi, xudoning bermish kuni xo‘roz qichqirig‘i bilan uyg‘onganingda edi, balki sendan haqiqiy erkak chiqqan bo‘larmidi?
– Shunday deb o‘ylaysizmi? – xotirjam ohangda so‘radim men. – Siz qancha pul olasiz?
– Kuniga ikki yarim.
– Nimalar deyapsiz! – qichqirdim yasama hayrat bilan.
Mana, qanday saxovat ko‘rsatmoqda bu temir yo‘l korporatsiyasi, o‘zimcha o‘yladim men. O‘n soatlik ish kuni, shunday muhim qurilish ishini olib borish va nazorat qilib turish uchun ikki yarim dollar! Rurk bizning amerikacha shiorimizga ko‘ra “baxtli bo‘lishga haqli” edi, shubhasiz, ammo bu baxt uning qo‘liga tegishi dargumon edi. Men o‘zim bu vaqtda undan ham battarroq ahvolda edim. Uzoq bemorlikdan so‘ng o‘n soatlik ish kunida soatiga o‘n ikki tsent ola boshlagandim. Eng yomoni, o‘z ish boshqaruvchimni o‘lguday yomon ko‘rardim. U surbet va baqiroq, johil bir kishi bo‘lib, peshonasida olovrang kokili yoqimsiz hurpayib turardi. Undan jon-jon deb ketishga tayyor edim. Bu unchalik qiyin emasdi: temir yo‘lda mening o‘zimga yarasha aloqalarim mavjud bo‘lib, endi kaminaga munosibroq bir ishni beradigan odamni topishim kerak edi. Mana shunday odamni topishim qiyin kechayotgandi. Rurkni kuzatganim sayin u menga yoqib qolayotgandi. Ko‘rinib turibdi, yaxshi odam, haqiqiy dilkash, muomalada hayratlanarli darajada sodda, samimiy odam. Men uning qo‘lida ishlashga qaror qildim.
– Meni o‘zingizga ishga olmaysizmi, mister Rurk? Sizda ishlashni juda xohlayman, – bu yerga qanday kelib qolganimni aytib bergach, tortinibgina so‘radim.
– Yaxshi, nega olmas ekanman. Kerak bo‘lib qolarsan, – deya javob berdi u.
– Italiyaliklar bilan ishlaymanmi? – belkurak va kerki bilan ishlay olishimga ko‘zim yetmay so‘radim men. Bu savol aftidan uning zavqini qo‘zg‘atdi – kaminaning zaifgina qomatim uning tasavvuridagi jismoniy mehnatda chiniqqan kishilar obraziga to‘g‘ri kelmasdi.
– Senga shundog‘am ish topiladi. Belkurak va kerki oq tanlilar uchun emas, – meni tinchlantirdi u, – mayli, negrlar azoblanaversin. Ularning beliga qara, yelkalarini ko‘r! Qanday baquvvat! Seniki-chi?
Uyatdan qizara boshlaganimni sezdim. Men yuqoridan qarashga moyil bo‘lgan bu italiyaliklar jismoniy rivojlanishda kaminadan o‘zib ketishgandi.
– Rurk, nega siz ularni negrlar deb ataysiz? – deb so‘radim biroz jim turgach, – ular qora emas-ku?
– Ey-y, oq ham emas-da, – so‘ng qat’iy ishonch bilan qo‘shimcha qildi. – Buni ularga qaragan har qanday odam darhol tushunadi.
Bu bema’ni gapni u shunday ishonch bilan aytdiki, men hatto kulib qo‘ydim.
– Mayli, – rozi bo‘ldim men, – qora bo‘lsalar, bo‘la qolishsin.
Shu bilan bu mavzuga chek qo‘ydik.
Tez orada Rurkning taklifiga ko‘ra, uning boshqaruviga o‘tkazishlarini so‘rab ariza yozdim. Talabimni qondirishdi. Uning jamoasiga o‘tganimda ular Nyu-York shimolidagi Xarlem daryosi bo‘yidagi kichik stantsiyada, Vilyamsbrij oldida toshko‘mir saqlash uchun beton bunker qurishayotgandi. Bu g‘oyat go‘zal manzarali go‘sha bo‘lib, to‘rt tarafda maysazoru daraxtlar. Qorong‘i va diqqinafas ustaxonaga nisbatan beqiyos xushmanzara maskan. Menga bu yer jannatday ko‘rindi. Erkalovchi tong quyoshi! Daraxtlardagi yam-yashil yaproqlar! Yoqimli, salqin shabada! Qanday go‘zal!
Rurkni platforma ostidagi hozirgina qazilgan chuqurlikdan topdim, u har xil asboblar yordamida nimanidir o‘lchab, belgilamoqda edi. Meni ko‘rib, jilmayib qo‘ydi.
– Ah-a, axiyri bizga kelibdilar-da, – dedi u tabassum aralash.
– Ha, – javob berdim men ham jilmayib.
– Ayni vaqtida kelding. Senga ish bor! Idoraga kir.
“Xo‘p” deb ulgurmasimdanoq, yangi qazilgan tuproq hidini taratgancha chuqurdan sakrab chiqdi va o‘zining eskirib qolgan malla pidjagiga egildi, uning cho‘ntaklarini kavlashtirib, o‘ralgan va ifloslanib ketgan xat chiqardi. Xatni yo‘g‘on va qo‘pol barmoqlari bilan ochib, nafrat bilan ko‘z yugurtirib chiqqach, menga tutqazdi.
– Vudlonga jo‘na, – davom etdi u, – u yerdan bolt ol – bir bochka bolt bor, talabnomani to‘ldirib bu yoqqa jo‘nat. So‘ng idoraga kirib ularga mana bu narsani ber. – shunday deb u yana cho‘ntaklarini kavlashtirdi va g‘ijimlanib ketgan boshqa bir qog‘ozni topdi, bunisi sariq rangli edi (ular mening xotiramda shunday o‘rnashib qoldi). Bu muhrlangan blankalar edi – tez orada men ular bilan yaxshilab tanishib oldim! – har qanday materialni olish uchun to‘ldirilib, qo‘l qo‘yiladigan maxsus blankalar, bu “material” hatto bir dona taxta, mix yoki bolt bo‘lsa ham ana shu blankalar to‘ldirilishi shart edi. Kompaniya bunday qog‘ozlarni hamma o‘nboshilardan talab qilar va shu orqali aniq hisob-kitob olib borardi. Bu talabnomalarsiz buxgalteriya qo‘li kesilganday bo‘lib qolardi. Rurk esa bularning barini keraksiz va bema’ni narsalar deb bilardi. Uning fikricha, odamdan har qadamda qog‘oz talab qilish mumkin emas.
– Bular meni aldab ketadi deb o‘ylaydilarmi? – derdi u xafa bo‘lib va alami kelib.
Men bundan shuni tushundimki, Rurk kompaniya tomonidan o‘rnatilgan tartiblarni buzgan va buning uchun yaxshigina ta’zirini ham olgan bo‘lishi kerak. Ularning ta’biri bilan aytganda, “dumini burab” qo‘yishgan. U irlandlarga xos jangovar fe’l-atvorining bor qudratini namoyon qilib g‘azablanar, bezovtalanardi. Shu bilan birga, endi bu bema’ni ishlarning barchasini men o‘z yelkamga olib, uni shu yukdan xalos qilishim haqidagi fikr Rurkni biroz tinchlantirardi. U tajribali kishi bo‘lib, mendan yaxshigina yordamchi chiqishi mumkinligini bir qarashdayoq tushunib yetdi. Keyinchalik faqat shu yumush uchungina meni ishga qabul qilganiga to‘liq ishonch hosil qildim. Yo‘lga otlanganimda u boshliqlar sha’niga yana bir qo‘pol gap aytdi:
– Ularga aytib qo‘y, qachonki materialni olsam, keyin qo‘l qo‘yaman, undan oldin bulbulchamni ham qo‘ymayman!
Men bu oxirgi gapni “aytib qo‘yish” kerak emasligini tushunardim, albatta. Rurkning o‘zi ham bu gaplarni yetkazishimni istamasdi, shunchaki uning irlandcha hamiyati qo‘zib turgandi, xolos. Vudlonga kelib, boltlarni qo‘lga kiritdim, keyin idoraga borib yozuv-chizuv ishlari bilan shug‘ullanadigan xodimlar boshlig‘ini topdim. U bashang kostyum kiygan, miqti jussali, raqs ustasiga monand ozg‘ingina kishi edi. Ma’lum bo‘ldiki, u ham g‘azablanib yurgan ekan. Rurk materiallar haqidagi ma’lumotlarni yubormaydi. Bu materiallarga ham, avvalgilariga ham qaydnomalarni yuborgani yo‘q. Hisobot berish uchun bu qog‘ozlar muhim ekanini tushunmaydi. Rurk ma’lumotlarni bir oylab kechiktirib yuboradi, ba’zan undan ham ko‘proq kechiktiradi – bu vaqtda material undan foydalanishlarini kutib qayerdadir chang bosib yotadi! Bosh hisobchi Rurk bu holni qanday izohlashini bilmoqchi. U, aftidan, materiallarni biror stantsiyaga to‘plab, o‘sha yerdan ularni kerak bo‘lgan vaqtda olib, so‘ng qaydnomalarni rasmiylashtirish lozim deb hisoblaydi, shekilli, degandim, bosh hisobchi g‘azabdan portlab ketayozdi.
– Nima?! – dedi u boshini changallab. – Men kimman unga? Uning fikricha, men hisobotlarni qanday tuzaman? Hali u hamma materiallarni bir joyga to‘plab, keragicha olavermoqchimi?! Rurk deganingiz bedavo bir ovsar! Unga mening so‘zlarimni xuddi shunday yetkazing. Hoziroq uning oldiga boring va unga aytingki, biror material uning hisobiga o‘tganini aytganlari hamono u qaydnomalarni to‘lg‘azib, qo‘l qo‘yib menga yetkazishi shart. Nima olishidan qat’i nazar, bir dona yong‘oq oladimi, bir vagon qum oladimi, menga baribir. Menga ma’lumotlar kerak. Nima chala qolgan bo‘lsa, hoziroq to‘ldirsin, aks holda yaxshi bo‘lmaydi. Men bunga ortiq chidayolmayman. Unga qolsa, men hisob-kitobni kanday yurgizaman? Bu ishni sizga yuklasin, baxtiga siz hozir shu yerdasiz. Bu bizni ko‘p noqulayliklardan qutqaradi, Rurkka esa joyini saqlab qolishiga yordam beradi. Eslab qoling, bundan keyin sira kechikmang! Qaydnomalarni vaqtida taqdim qiling! Aks holda yo u ketadi, yo mening ketishimga to‘g‘ri keladi.
Bu qaydnomalar va yana yigirmaga yaqin uzundan-uzoq xomcho‘tlaru hisobotlar, qaysiki, ish bilan bog‘liq materiallarni qabul qilgani uchun imzo chekishdan tortib, narxi bir chaqalik bir varaq oq qog‘ozning ishlatilgani haqidagi hujjatga qo‘l qo‘yishgacha bo‘lgan ikir-chikirlar Rurkning hayotini chidab bo‘lmas holatga olib kelgandi. Keyinchalik menga ma’lum bo‘lishicha, uning butun oilasi, hech bo‘lmaganda katta o‘g‘li va ikkita qizi ko‘pincha tun bo‘yi ana shu hisobotlar ustida ter to‘kib chiqqan. Bu yumushlarning Rurk yoqtiradigan qurilish ishlariga hech qanday aloqasi yo‘q; ammo shu ikir-chikirlar u ishlaydigan boshqaruv tizimining muhim qismi edi. Buni u sira qabul qila olmasdi. Bu yozuv-chizuvlarning salbiy tomoni ham bor edi: agar qog‘oz bilan ishlay oladigan, sabr-toqatli odam hozirgi ishning yarmini bajarsa ham boshliqlar nazarida yaxshilar qatorida hisoblanishi mumkin edi; aksincha, qancha yaxshi ishlamasin, ma’lumotlari tushunarsiz yoki chala to‘lg‘azilgan kishining yutuqlari hisobga olinmasdi. Rurk buni tushungani uchun battar g‘azablanardi. U o‘z ishini iloji boricha yaxshiroq bajarishga intilar, vijdonan ishlardi, shu bilan faxrlanardi, ammo xuddi jo‘rttaga qilganday, undan yozuv-chizuvni so‘rab, ishdan qoldirishardi. Uning fikricha, bu qaydnomalar va hisobotlar qurilishga xalal berishdan boshqasiga yaramaydi – Rurkning xatosi ham shunda edi. Shuning uchun ham ko‘plardan yaxshi xizmat qilayotgan Rurk hisobot tuzishni bilmagani sababli, ayniqsa, bosh hisobchining nazarida obro‘si past xodim hisoblanardi. Bosh hisobchiga aytganlarini so‘zma-so‘z Rurkka yetkazishga va’da berib, undan uzoqlashdim.
Qaytib kelgach esa, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga qaror qildim. Agar shu ishni eplay olmasam, belkurak va ketmon bilan ishlashimga to‘g‘ri keladi, bunday mehnatga yaramasligim ehtimoldan yiroq emas. Shuning uchun ham men bosh hisobchining holatini eng ta’sirli ohangda tasvirlab bergach, Rurk olgan materiallari uchun qaydnomalarni lozim tarzda yetkazib bermasa, sho‘rlik bosh hisobchi ishdan ketib qolishi ham mumkinligini gap orasida qistirib o‘tdim.
– Bilsangiz, ishlar shunaqa, Rurk, – deb so‘zimni yakunladim.
U, aftidan, hamma gapga tushundi, ammo g‘azabi hali pasaymagandi.
– Qaydnomalar! Qaydnomalar! – g‘udrandi u og‘rinib, ammo asta-sekin yumshay boshladi. – Qaydnomalar kerakmi, unga? Bu qaydnomalar unga nima qilib berarmish? Yopishib olganini ko‘r! Non o‘rniga qaydnoma yeydimi, bu? Men ham o‘nboshi, ham hisobchi bo‘lishim kerak – bir yo‘la hammasini bajarishim lozim! U kishimga qaydnomalarni to‘lg‘az! Mening boshqa ishim yo‘qmi? – u yoniga tupurdi va jim bo‘lib qoldi.
Biroz vaqt o‘tgach bag‘rikenglik bilan tan oldi:
– O‘zim ham qaydnomalarni mutlaqo unutib qo‘yibman-da.
Keyingi oyda bizni ishga ko‘mib tashlashdi. Morisaniyada platforma qurish, Tarritaunda dudburon o‘rnatish, Uayt-Plensda piyodalar uchun yo‘lakcha yotqizish, Takaxoda esa, kattakon tsisternani ko‘mib, tosh bilan qoplab chiqish kerak edi. Bundan tashqari, biz Van-Kortlen va Maunt-Kiskoda platforma qurishimiz, Xay-Bridj va Ardslida suv minoralari, Kerileda – yo‘lka va zovur, Bronks-Parkda ariq va oqovalar uchun zovur, Melrozda imorat uchun qirqtacha deraza orasiga beton ustunlar qurishimiz kerak edi.
Buning uchun faqat Rurkning o‘zi eplay oladigan qurilish ishlarini bajarish va nazorat qilishdan tashqari katta hajmdagi hisob-kitob va har xil yozishmalar bilan shug‘ullanish talab etilardi. “Bu nimasi, – o‘ylardim men, – og‘ir qurilish ishlari bilan qulog‘igacha ko‘milib yotgan kishini hisob-kitobdan aqalli qisman xalos qilish uchun unga yordamchi yoki hisob yurituvchi berishmasa”. Agar Rurk ozgina ziyrak bo‘lganda, o‘ziga shunday yordamchini allaqachon topardi – o‘z ishchilaridan birini idora xizmatchisiga aylantirib qo‘ysa, olam guliston edi. Ammo aftidan, bu Rurkning xayoliga ham kelmagan. U faqat o‘z oilasining mehnatidan foydalanishga odatlangandi. Buyurtma berilgan materiallarni ishga tayyorlash, o‘z vaqtida yetkazib berish va kerakli joyga tushirish uchun ham alohida xodim talab qilinar, ammo Rurk bularning barini o‘zi bajarishga majbur edi.
Shunga qaramay, u a’lo darajada ishlardi. Men mehnat qilishda unga teng keladigan boshqa bir odamni uchratmaganman. To‘g‘ri, u buyruq berishni yoqtirardi – devor tepasigami, tuproq uyumigami chiqib olib o‘sha yerdan nimanidir o‘lchash, hisoblash, ko‘rsatma berishni sevardi. Ammo biror ishni tez bajarish talab qilinganda, u belkurak yoki chilvir yo shoqulni qo‘liga olib, soatlab ishlardi. Charchoqdan sira shikoyat qilmas, aksincha, nimanidir xirgoyi qilib, hushtak chalib, toki biror ishkal chiqib qolmaguncha ishlayverardi. Ishkal chiqishi bilan jazavaga tushib, qichqira boshlardi:
– To‘xta! To‘xta! Sen biron narsani tushunasanmi o‘zi? Nima qilayapsan? Men senga nima dedim? Yerga qo‘y! Qo‘y deyapman! Nima, kallang ishlamaydimi? Kaltafahm! Esipast! Miyasini yegan ovsar!
“Yo, Xudo! – o‘ylardim men, – yana nima ro‘y berdiykin?” Qandaydir falokat yuz berdi, deb o‘ylash mumkin edi. Ammo odatda arzimagan xatolik o‘tgan bo‘lib chiqar, yomon oqibatga olib kelishi mumkin bo‘lgan bu kamchilik osongina tuzatilardi. Italiyaliklar bir necha daqiqa yugurishib, shoshib qolishar, keyin yana hammayoq tinchib, Rurk qadimiy bir irlandcha qo‘shiqni xirgoyi qilar, yoki biror ohangni hushtak qilib chala boshlardi.
Rurkning eng yoqimli xislati, uning hayotga ochiq ko‘z bilan qarashida, asosiysi, gap-so‘zlar ham, hisob-kitoblar ham emas, muhimi, nimanidir qurish, barpo etish, moddiy ne’mat yaratish ekaniga qat’iy ishonchida edi. To‘g‘ri, men uning qo‘lida ishlab turgan kezlarimda yozuv-chizuv bilan bog‘liq yumushlarning unga hech bir daxli yo‘q edi. Ammo o‘ziga qolsa, osmon yorilib sakkiz ming bosh hisobchi safga turib qaydnoma va hisobotlarni to‘ldirishni talab qilganda ham, ularning barchasini ishni bitkazib olgunga qadar kutib turishga majbur qila olardi. Kunlarning birida o‘sha idoraga qandaydir ma’lumotnoma berish kerak bo‘lib qoldi va men shuning uchun Rurkni ishdan chalg‘itishga jur’at etdim. U menga rosa o‘dag‘ayladi:
– Hisobotlar! Hisobotlar! Ulardan nima foyda bor? Qani, ayt, qani! Shu hisoboting uchun ishni tashlab ketishim kerakmi? Shu ish bo‘lmasa, sening hisoboting kimga kerak? – men chin yurakdan uning fikriga qo‘shildim. Haqiqatan ham kimga kerak bu “hisobot” degan dahmazalar?
Rurkning yana bir ta’sirli xislati uning qo‘l ostidagilarga munosabatida namoyon edi. Ular bilan do‘stona munosabatda bo‘larkan, vaqti-vaqti bilan to‘polon ko‘tarib qolsa-da, keyin yana xushmuomala bo‘lib, muloyim tortib qolardi. U ishchilarini beg‘araz hazil bilan rag‘batlantirishning uddasidan chiqa olardi va bu ularga ijobiy ta’sir qilardi.
Ertalab ishga kelarkan, u quvnab qichqirardi:
– Salom, yigitlar! Bugun bir ishlaylik! Jimmi, belkuraklarni keltir! Chilvirni bu yoqqa uzat, Mett! – agar qazish ishlari ketayotgan bo‘lsa, ariqqa dastlab o‘zi tushardi.
To yana bir ishkal chiqmaguncha qurilishda osoyishtalik hukm surardi. Yo‘l-yo‘lakay Rurkning abadiy qurol tashuvchilari – Mett va Jimmi haqida bir necha so‘z aytib o‘taman. Ikkovi ham qirqdan oshgan. Qismat badarg‘a qilgan darbadarlar, ozg‘in, kir-chir, qo‘pollashib ketgan, Xudo biladi, kim qaysi yo‘llar bilan Amerikaga kelib qolishgan, boshlaridan qanday sarguzashtlarni o‘tkazganlari ham yolg‘iz Xudoga ayon. Endi ular Rurkning qanoti ostidan panoh topib, bir burda nonlarini halollab topishmoqda, Rurk ular uchun qudratli homiy maqomida edi.
Mett past bo‘yli, quvnoq italiyalik, mayin ovozi va nazokatli xatti-harakatlari bilan o‘zgalardan ajralib turardi. Rurk uni juda yaxshi ko‘rar, ammo unga ayamay tanbeh berardi ham – u Rurk ishlayotgan zovurda paydo bo‘lgan zahoti quloqni qomatga keltiradigan shovqin ko‘tarilardi:
– Bu yoqqa qo‘y! Bu yoqqa deyman! Qo‘y! Bu yoqqa! Bu yoqqa! Jin ursin seni! Befarosat!
Rurkning darg‘azab qichqiriqlari orasidan Mettning norozi to‘ng‘illashi eshitilib turardi. Aftidan, u boshlig‘i oldida hech qanday qo‘rquvni his qilmas, jazolanib qolishni o‘ylamasdi ham. U Rurk bilan anchadan beri birga ishlagani bois bunday baqir-chaqirlar unga ta’sir qilmay qo‘ygan, hatto norozilik bildirishdan ham hayiqmasdi. Har doim emas-u, lekin ba’zida, shunday norozilikdan so‘ng Rurk chuqurdan qip-qizarib sakrab chiqar, uning hatto bo‘yinlariga ham qon quyulib kelar va qichqirardi:
– Men seni haydayman! Sabrim tugadi! Yalqov ho‘kiz! Ahmoq! Sen o‘zi nimaga ham yaraysan? Nima qila olasan? Hech balo! Hech balo! Ana endi men seni haydayman! Shoyad sendan qutulib, orom olsam.
U chuqur atrofida yugurib, baqirib, tishini qayrar, toki yana biror narsa uning diqqatini chalg‘itmaguncha tinchimasdi. So‘ng u yana birdaniga tinchlanib, kengfe’l bo‘lib qolardi. Bu shovqin-suronlar Rurkka lazzat bag‘ishlardi, nazarimda. U jang qilgandagina baxtli bo‘ladigan kishilar toifasidan edi. Shunday ham bo‘lardiki, u Mettga bir og‘iz ham gapirmasdan uyiga ketib qolardi. Men “Tamom, Mett endi haydaladi”, degan xayolga borardim. Ammo bunday emasligiga tezda guvoh bo‘lardim. Ertasi kuni Mett hech gap bo‘lmaganday ishga kelar, Rurk esa, o‘tgan voqea haqida boshqa eslamasdi ham.
Bir kuni shunday to‘polondan keyin men Rurkdan keyingi uch yilda necha marta Mettni ishdan haydayman, deb qo‘rqitganini so‘radim.
– Qo‘ysang-chi, – dedi u o‘zining ta’sirchan tabassumi bilan, – aytganingning hammasi ham hisobga kiravermaydi.
Uning jamoasidagi eng g‘alatisi yuqorida eslatilgan Jimmi edi – ovozi shirali, ko‘zlari xumor, Kalabriyada tug‘ilgan bug‘doyrang Jimmi tulkiday ayyor, qarg‘aday qaqildoq edi. U Xarlemdagi ko‘plab italiyaliklar yashaydigan shaharchalardan birida Rurk bilan qo‘shni yashardi – Rurk ona tovuqday o‘z jo‘jalarini qanotlari ostida saqlardi. Jimmi unga xizmatkor qatorida edi. Rurk undan xat-xabar yuborishda foydalanardi. Qanday xislatlari uchun unga bunday hurmat ko‘rsatilgani noma’lum, har holda tezkorligi uchun emas. Nima bo‘lganda ham u doimo qandaydir topshiriq bilan chopib yurar, yelkasida shalvirab turgan, eskirib, chang bosib ketgan kiyimi uni hozirgina tashlandiq boshpanasidan chiqib kelgan mast-alast daydi qilib ko‘rsatardi. Og‘ir ishga uni majburlash hali hech kimga nasib etmagan. Jimmi bunday ishni o‘zi uchun haqorat deb bilar va har doim o‘ziga boshqa bir osonroq ish topishning tadorigini ko‘rib yurardi. U tsement tayyorlash, uskunalarni tashish bo‘yicha mutaxassis bo‘lgani uchun ham bunga erishishda sira qiynalmasdi.
Agar-da, kimdir, masalan, men (menga u yot unsurga qaraganday qarardi) uni tartibga chaqirmoqchi bo‘lsak, Jimmi odatda shunday javob berardi:
– Qo‘yaver, qo‘yaver, men o‘z ishimni juda yaxshi bilaman. Xudoga shukr, Rurk bilan o‘n besh yildan buyon birga ishlayman. Nima qilishim kerakligini o‘zim bilaman.
Agar Rurkka shikoyat qilguday bo‘lsangiz, u bunday derdi:
– Shunaqami, ayyorligini qara-ya!
Yoki:
– Shoshmay tursin, men unga ko‘rsatib qo‘yaman! – vaholanki hech nimani hech qachon “ko‘rsatib” qo‘ymasdi.
Ammo kunlarning birida Jimmi jazolandi: u Rurk tomonidan ishonib topshirilgan vazifani bajarmadi, to‘g‘ri, uning xatosi hech qanday zarar keltirmadi, shu munosabat bilan Rurkka xos bo‘lgan juda kulguli sahna o‘ynaldi. Bizning temir yo‘l kompaniyamizda shunday qat’iy qoida bor edi: “ Poyezdlarning jadval bilan belgilangan kelishi, to‘xtab turishi va jo‘nash vaqtida stantsiyada yoki boshqa to‘xtash joylarida baxtsiz hodisaga sabab bo‘ladigan birorta chuqur ochiq turmasligi shart!” Rurk buni yaxshi bilardi. Yuqoridagi ko‘rsatma qachonlardir yuborilgan bo‘lib, bir nusxasi uning jamlanma hujjatlar jildida saqlanardi. Rurk shu qoidaning ijrosini Jimmiga topshirdi. Topshiriq Jimmiga juda yoqib tushdi, endi u poyezdlar kelib-ketishini kuzatayotgan kishi bo‘lib, xohlagancha bekor yurishi mumkin edi. Shuning uchun ham u ikki baravar aybdor bo‘lib qoldi.
Bu voqea shunday ro‘y bergandi. Biz Vilyamsbrijda platformada ishlayotgandik, ko‘mir bunkeri uchun o‘ra tayyorlanayotgandi. Xuddi shu payt stantsiyaga kelib to‘xtagan poyezddan ustalar boshlig‘i tushib keldi, u bajarilgan ishni tekshirmoqchi edi. To‘xtab turgan poyezdning yonginasida Rurk ishlayotgan chuqur og‘zini osmonga lang ochib turardi. U qo‘lini siltagancha nimadir deb baqirardi, – topshirig‘i bajarilmay qolgan bo‘lishi mumkinligi uning xayoliga ham kelgani yo‘q. Menimcha, Rurkni yuqori baholaydigan ustalar boshlig‘i chuqurga qaradi va xotirjamgina dedi:
– Bunday qilish mumkin emas, Rurk, siz poyezd kelishidan oldin chuqurni yopib qo‘yishingiz lozim edi. Men bu haqda avval ham sizga aytgandim.
Rurk boshini ko‘tarib yuqoriga qaradi va tili tanglayiga yopishib qoldi. Boshliq oldida bunday noqulay ahvolga tushganidan xijolat tortdi. Shuni ham aytish kerakki, u boshliqlarni haddan ortiq hurmat qilardi. G‘azabdan bo‘g‘ilib, bir lahza turib qoldi-da, keyin guldiragan ovoz bilan Jimmini chaqira boshladi. Jimmi odatiga ko‘ra:
– Nima? Nima? Nima kerak? – degancha chopib keldi.
– Nima! Nima! – baqirdi irlandiyalik g‘azabdan butun vujudi qaltirab. – Sen, shaytonning erkatoyi, o‘zing bilmaysanmi nimaligini? Qaysi go‘rga daf bo‘lding? O‘ra nimaga ochiq yotibdi? Men senga hech ish qilmasang, qilma, lekin poyezd kelganda chuqurni ochiq qoldirma, deb aytmaganmidim? Sen nima qilding? O‘-o‘, merov! Nega chuqurni ochiq qoldirding, jin urgur? Shunaqa ham bo‘ladimi, mister Vilson shaxsan o‘zlari bu yerga keldilar, chuqur esa ochiq!
U jiqqa terga botib, sholg‘omday qizarib ketdi – hozir yuragi xuruj qiladiganday tuyuldi. Qo‘ng‘ir sochli, rangpargina, ma’yus ko‘rinishli, aftidan oshqozon kasaliga chalingan kishi – mister Vilson uning yonida zo‘rma-zo‘raki xo‘mrayib turar, ammo lablarida istehzoli tabassum jilvasi sezilardi. Aftidan, bu hodisa uni zavqlantirar va ishonchim komilki, u qattiqqo‘llik qilmoqchi ham emasdi.
Shoshib qolgan Jimmi nima deyishini bilmas, Rurkning bosh usta huzurida bunday g‘azablanganidan o‘zini yo‘qotib qo‘ygandi. O‘z aybini yuvmoqchi bo‘lib, chuqurni yopishga tutinarkan, go‘yoki belkurak olib kelish uchun ketgani haqida nimalarnidir g‘o‘ldirardi.
– Belkurak! – ko‘zlari yonib qichqirdi Rurk. – Belkurak! Xudo urgan eshaksan! Belkurak izlaganmish! Poyezdni ko‘rmay qolibdi! Xayriyat, sen ahmoqni poyezd bosib ketmapti! O‘ra bo‘lsa ochiq! Vilson janoblari esa shu yerdalar! Men senga nima degandim? Senga nima uchun oylik to‘layman? Mishiqi! Belkurakmish-a? Men senga belkurakni ko‘rsatib qo‘yaman! Boshingni yoraman! Taxtani qo‘y! Yana bir marta o‘rani ochiq qoldirsang, izingni o‘chiraman, ovsar!
Ustalar boshlig‘i mingan poyezd stantsiyadan uzoqlashgach, Rurk tinchlandi, ammo shundan keyin ham bir necha marotaba tutoqib oldiki, bechora italiyalik hamma vaqt o‘zini xuddi ignaning uchida o‘tirganday his qilib turdi.
Oradan bir soat o‘tib yana poyezd keldi, buning biror sababi bormidi, yoki Jimmining yalqovligi va o‘ta boqibeg‘amligi sabablimi, ishqilib, o‘ra yana ochiq qolgandi. Jimmining o‘zi vokzal ortida, allaqayerda o‘ralashib yurar, Rurk bo‘lsa, odatdagiday o‘rada ishlayotgandi. Bu safar Rurkni taqdir ayab o‘tirmadi, zero, unga ustalar boshlig‘ini emas, jiddiy va vazmin kishi – inspektorning o‘zini yo‘llagandi, Rurk uning oldida qo‘rquvdan doim titrab turardi. Inspektor haddan ziyod salobatli, vazmin va talabchan kishi edi. Men uning jilmayganini ko‘rgan emasman. U o‘raga yaqinlashdi va pastga ta’nali qarab dedi:
– Siz poyezd kelishiga o‘rani shunday bekitasizmi? Temir yo‘l qoidalarini o‘rganadigan vaqtingiz keldi.
– Jimmi! – bor ovozi bilan baqirdi Rurk o‘radan uchib chiqarkan. – Jimmi! Shayton! Qaysi go‘rga yo‘qoldi bu yaramas italiyalik! Men unga o‘ralarni yopishni buyurgandim-ku! – Uning o‘zi shoshib-pishib taxtalarni o‘ra ustiga tera boshladi.
Yana bir ko‘ngilsizlik ro‘y berganini anglagan Jimmi oyog‘ini qo‘liga olib o‘ra tomon choparkan, qo‘rquvdan aqldan ozayozdi. Tabiiyki, qoramag‘iz yuzi oqarib ketganini payqash qiyin emasdi. Uning yuz ifodasi soniya sayin o‘zgarib turardi. Rurk, aftidan, uni joyida o‘ldirgan bo‘lardi, va hayajondan bir so‘z ham deya olmasdi. Ammo oldida inspektorning o‘zi turardi, – qoida! Tartibni saqlash majburiyati! – Rurk italiyalikni boshliqni oldida o‘ldira olmasdi. U faqat g‘azablanishi va kutishi mumkin edi. Uni shaxsan inspektorning oldida kalaka qilishdi! Qanday dahshat! Uning yuzi va bo‘yni arg‘uvon tusga kirdi, ko‘zlarida uchqun chaqnardi; quloqsiz xodimga qadalgan olovli nigohi go‘yo: “Shoshmay tur, hali!” – deyayotganday edi. Nihoyat, poyezd jo‘nab ketdi: stantsiyadagi gap-so‘zlar ulug‘ boshliqning muborak quloqlarini haqorat qila olmaydigan darajada ortda qolishi bilan Rurk Jimmiga o‘z hukmfarmo va jizzaki tabiatining butun tiyiqsizligi bilan tashlandi:
– Demak, sen o‘rani yopmading? Men o‘n besh daqiqa oldin senga ataylab tayinlagandim-a? Qani, endi o‘zingni nima deb oqlaysan?
– Men beton qorish uchun suv tashiyotgandim, – dedi noligan ohangda Jimmi.
– Beton qorish uchun suv! – ingrab yubordi Rurk – u allaqachon sokin gapira olmaydigan holga kelgandi – va g‘azabdan qiyshayib ketgan basharasini italiyalikni betiga yaqin olib bordi.
– Beton qorish uchun suv! Men bo‘lsam bu yerda o‘tiribman ahmoqqa o‘xshab! Mister Milz esa, kelib ko‘rdiki… Eh, sen ho‘kiz! Eh, sen baxtiqaro haromi! O‘h, men beton qorish uchun sening o‘zingdan suv siqib olaman! Italyancha qovoq kallangni yanchib tashlayman! Hozir boshini shu suvga tiqaman-da, bo‘g‘ilib o‘lguningcha ushlab turaman, yaramas masxaraboz, sening miyang achigan! Men senga ko‘rsatib qo‘yaman, o‘rani ochiq qoldirishni! Buning ustiga men o‘zim o‘radaman-a! Qani korjomangni yechib ber-u ko‘zimdan daf bo‘l! Yech deyman senga! Yo‘qol ko‘zimdan! Keraging yo‘q menga! Nima keraging bor! Yetar! Tur, jo‘na! Qayta ko‘zimga ko‘rinma!
Rurkning qo‘llari italiyalikni burda-burda qiladiganday harakatga keldi.
Ammo Jimmi ahvoli qay darajada xatarli ekanini bilgani uchun Rurkning changaliga tushmaslikning chorasini oldindan ko‘rib qo‘ygan edi. Rurk unga baqirishni boshlagani hamono u qadam-baqadam orqaga chekinib, tobora uzoqlashib bordi va endi o‘ziga yarashmagan tezlik bilan qocha boshladi: bunaqa holatga oldin ham bir necha bor tushgani ko‘rinib turardi. Zum o‘tmay u stantsiya binosi ortiga o‘tib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, biroz vaqt o‘tib, Rurk tinchlanib, yana ishga kirishib ketgach, Jimmi astagina o‘sha Xudo qarg‘agan o‘ra tepasiga kelib, uni qo‘riqlay boshladi. Parovoz ovozini eshitar-eshitmas jon-jahdi bilan taxtalarga yopishib, o‘raning ustini yopa ketdi, poyezd to‘xtashidan avval taxtalar o‘raning ustida tartib bilan terilib turardi. Bu hodisaga Rurk zarracha etibor bermadi. Kunning qolgan qismida u Jimmini mutlaqo e’tibordan soqit qildi, go‘yo u bu yerda yo‘qday. Ertasi kuni tongda Jimmi har doimgidek ishga keldi va tezda Rurkning odatiy hayqirig‘i yangradi: “Ey, Mett! Ey, Jimmi!” – go‘yoki hech gap bo‘lmaganday. Hayratimning chegarasi yo‘q edi.
Bundan ham kulgiliroq, ustiga-ustak Rurkni qurshab turgan muhitni tavsiflovchi boshqa bir voqea oktyabrning sovuq yakshanbalaridan birida ro‘y berdi. Xay-Brijda temir yo‘l qiyaligidan buloq chiqib qoldi, suv temir yo‘l polotnosini qo‘porib tashlashi mumkin edi. Rurkka zudlik bilan suv qochirish kanali qurish topshirildi. Buyruq shanba kuni kechasi berildi, uni bajarish uchun yakshanbada kun bo‘yi ishlashga to‘g‘ri kelar, Rurk esa bunga sira odatlanmagandi. Buyruq o‘z yo‘liga, ammo Rurk barcha iymon-e’tiqodli katoliklar singari yakshanba kunlari ertalab, ishga kirishishdan oldin ibodat qilish uchun cherkovga borib, u yerda aqalli tonggi ibodat kuyini tik turib tinglashga o‘zida ma’naviy ehtiyoj sezardi. Shunga ko‘ra u o‘zining yakshanbalik libosi – uzun etakli syurtugini kiyib oldi – men uni bu libosda avval hech ko‘rmagan edim. Bu marosim libosi uning baquvvat gavdasiga juda ajoyib ko‘rinish baxsh etgan edi. Syurtuk unga tor kelib qolgan, buning ustiga anchagina eskirgan – menimcha, Rurk uni nikoh to‘yiga atab tiktirganu, shundan buyon uni har yakshanba kuni albatta qoldirmay kiyardi. Boshiga mallarang qalpoq qo‘ndirib, tanib bo‘lmaydigan holga kirgandi.
Qiziqishning zo‘ridan, shuningdek, toza havodan ko‘proq nafas olish uchun soat to‘qqizdan ish joyimga kelib oldim. Rurkni soat o‘ngacha kutishga to‘g‘ri keldi. Yaqinginamizdan oqib o‘tayotgan Xarlem daryosidan salqin shamol esardi, men gulxan yoqdim. Keyin Rurk cherkovdan keldi, quvnoq, xushchaqchaq, bayramona kayfiyatda, ammo marosim kiyimlaridan biroz xijolat tortayotgani sezilib turardi.
– Rurk, – dedim uni to‘rt tarafidan tomosha qilib, – bugun siz naqadar po‘rimsiz. Men sizni hech qachon bunday bashang libosda ko‘rmaganman.
– Behuda gaplarni bas qil, – javob berdi u, – po‘rimligimni yaxshi bilaman.
Keyin u, odatdagidek, g‘ayrat bilan ishga kirishdi: qilingan ishlarni tekshira boshladi. Biroq yuzidagi jiddiy, ishchan ifodaga qaramasdan, kostyumi haqida o‘ylayotgani sezilib turardi, bizning fikrimizga ham e’tiborsiz emas edi. Nima deysizki, har kunlik libosida u o‘zini ancha erkin his etardi.
Dastlab, hammasi yaxshi ketayotgan edi, bulutsiz choshgohimizga biror narsa soya solmayotgandi. Tushga yaqin temir yo‘lda biz tomon yugurib kelayotgan bir kishiga ko‘zim tushdi. U Rurkni ko‘rmoqchi ekan. Bu Rurkka o‘xshash pahlavonkelbat, sarg‘ish soqoli silliq olingan girdig‘um bir kishi edi. Oftobda rangi o‘chib ketgan mallarang kostyum gavdasini sirib turar, qora qalpog‘ini ko‘zlariga bostirib olgan edi. Uning ichib olgani shundoqqina ko‘rinib turardi, uni ko‘rgan Rurkning g‘azabi qaynab ketdi va doim bunday kezlarda bo‘lgani kabi go‘yo uni ichidan birov puflayotganday shisha boshladi.
– Yaramas! – g‘udrandi u, – bunga yana nima kerak? – Notanish odam yaqin kelganda qo‘shimcha qildi: – Mening bu yerdaligimni qay go‘rdan bilibdi? Idoradan aytishdimikan?
Bu orada muhokama ob’ekti temir yo‘lni kesib o‘tib, to‘g‘ri Rurkka qarab kela boshladi. Uning aftidan va butun bo‘y-bastidan yaxshilik bilan kelmayotgani sezilib turardi.
– Qani, balki endi siz menga pulimni berarsiz? – gap boshladi u kelgan zahoti. Rurk unga yovqarash qildi, ammo hech nima demadi; shunda u davom etdi:
– Skarborodagi mehnat haqimning qolgan qismini qachon to‘lashingizni bilmoqchiman. Kutish jonimga tegdi.
Rurk nafratdan titrab ketdi. Aftidan bizning oldimizda bu nusxaning paydo bo‘lishi unga juda alam qildi – buning ustiga shunday osuda va tantanali tongda kelsa-ya.
– Men senga aytdim-ku, – o‘pkalaganday gapirdi u biroz jim turgach, – sen ish haqingni to‘liq olding. Hatto ortig‘i bilan olding. Ishni tugatmay ketganing uchun mendan ortiq bir tsent ham ololmaysan. Yana olmoqchi bo‘lsang, idoraga bor. Ko‘ramiz, u yerda senga nima deyisharkin. Menda sening haqqing qolgani yo‘q, – so‘ng Rurk qo‘llarini orqasiga qilib gulxanga yaqinroq bordi.
– Siz mendan yana yetti dollar qarzsiz, – e’tiroz bildirdi notanish kishi, Rurkning tushuntirishlarini e’tiborsiz qoldirib, – shu pulni to‘lab qo‘ying.
– Nima bo‘lganda ham, – javob berdi mening xo‘jayinim, – bermayman deyildimi, bo‘ldi-da! Men senga hech vaqo bermayman.
– Hali shunaqami? – dedi kelgan kishi. – Ko‘ramiz! Yaxshilik bilan bermasang, haqimni tortib olaman. Laqillatib ketaveraman, deb o‘ylayapsanmi? Meni chuv tushirishlariga yo‘l qo‘ymayman.
– Mening sendan qarzim yo‘q, – takrorladi Rurk. – Oyog‘ing butunligida jo‘nab qol. Senga hech narsa bermayman. Norozimisan, idoraga bor. – U butun vujudi bilan ortiq eshitmasligini namoyish qilib, keskin burildi va yo‘l-yo‘lakay bu nusxaning mastligi haqida to‘ng‘illagancha italiyaliklar tomon ketdi. Ammo notanish kishi unga ergashib, munozarani davom ettirdi. Rurk iloji boricha sabr qilib turdi, ammo axiyri chiday olmay o‘shqirdi:
– Meni o‘z holimga qo‘y, badmast!
– Men mast emasman, – tishlarini g‘ichirlatdi notanish kimsa, – oxirgi marta so‘rayapman – pulimni berasanmi, yo‘qmi?
– Yo‘q, bermayman! – javob berdi Rurk.
– Unda haqimni sendan tortib olaman, – po‘pisa qildi notanish kimsa. Lekin po‘pisasiga yarasha harakat qilish o‘rniga faqat turgan joyida jur’atsizgina tepinib qo‘ydi. Aftidan nima qilishni uning o‘zi ham bilmasdi.
Rurk unga ortiq e’tibor bermay, gulxan yoniga qaytdi, u o‘zini vazmin tutishga urinsa-da, hamon jahlidan tushmagandi. Notanish kishi yoki boshqacharoq aytganda sobiq g‘isht teruvchi – menimcha, kasaba uyushma a’zosi emasdi – uning izidan ergashib keldi, gulxan yonida sarmastlarga xos surbetlik bilan Rurkning basharasiga baqrayib turarkan, qanday chora ko‘rishini bilmasdi. Nihoyat Rurk, ko‘proq vaziyatni yumshatish uchun (chunki notanish kishi uning sha’niga yana haqoratomuz so‘zlarni yog‘dira boshlagandi), teskari o‘girilib ko‘mirni kavlashtira boshladi, so‘ng esa bir necha o‘tin-cho‘pni olib, olovga tashladi. Haligi kishi xuddi shu payt bir lahzalik g‘azab alangasiga bo‘ysunib, oldinga sapchidi va syurtukning orqa etagiga mahkam yopishdi. Joni boricha tortib, uni oxirigacha qaqratib yuborarkan qichqirdi:
– Hali sen qarzingni to‘lamaysanmi? Haqimni bermaysanmi? A?
Bir lahzada xuddi sahnadagi kabi hamma narsa o‘zgardi. Rurk qomatini tikladi, keskin qayrildi va qichqirdi:
– Ha, sen hali syurtugimni yirtadigan bo‘ldingmi? Ko‘rsatib qo‘yaman! Popugingni pasaytiraman hali! Shoshmay tur! Endi hazir bo‘l! Oyog‘ingni sindiraman! Bekorxo‘ja! Piyonista!
Va g‘alati yurishlar qilib, raqibiga yaqinlasha boshladi. Uning ko‘zlari qisilib, mushtlari titroq holatda bir tugilar, bir ochilardi. Notanish kishi xatarni sezib, Rurkday g‘alati yurishlar bilan chekina boshladi. Ular misoli qandaydir harbiy raqsni ijro etayotganday edi. Yuzlarida cheksiz g‘azab, qonga tashnalik ifodasi aks etardi. Ular go‘yo ikki hindu yoki Zulu qabilasining ikki jangchisi misoli bir-birini poylab aylanardi, faqat qush patlari va eshakmunchoqlardan yasalgan kiyim-bosh o‘rnida eskiroq bo‘lsa ham marosim syurtuklari kiyishgandi. Rurk tinimsiz qichqirardi:
– Bu yoqqa kel! Yaqinroq kel! Tayyor bo‘ldingmi? Men senga ko‘rsatib qo‘yaman! Majaqlab tashlayman! Hali mening kiyimimni yirtadigan bo‘ldingmi? Shoshmay tur! Yaqinroq kel! Tayyorlan! Hozir seni pora-pora qilaman! O‘lguningcha eslab yurasan! Qani! Bu yoqqa kel! Kel!
Ularga qarab turib, bular bir-birini ko‘rmayapti, aylanib axtarayapti, deb o‘ylash mumkin edi. Yaqinlashib kelayotgan mushtlashuv xursand qilmasdi, albatta, ammo Rurkning belini ko‘rib men kulgidan o‘zimni zo‘rg‘a tiyib qoldim. Manzara shunday: syurtuk etagidan yoqagacha yirtilgan, jandasi chiqib shamolda o‘ynab yotibdi, tagidan kraxmallangan ko‘ylak va nimcha ko‘rinib turardi. Notanish kishining yuzida qandaydir mastona tantanavorlik aks etgandi, go‘yo: “O‘lsam, o‘laman, lekin taslim bo‘lmayman!” deyayotganday edi. “Eh, hali bir miriqib kulib olaman-da!” – deb o‘yladim.
Bilmadim, agar tashqaridan chek qo‘yishmaganda bu janjalning oxiri nima bilan tugardi. Atrofda olomon yig‘ilib bo‘lgandi. Men va hayajonlangan, xo‘jayinlarini himoya qilishga tayyor turgan italiyaliklardan tashqari bir qancha o‘tkinchilar va qo‘shni stantsiyadan kelgan yo‘lovchilar gulxan atrofida to‘planishgandi. Biz bilan ishlayotgan qo‘shni guruhning boshlig‘i ham bu yoqqa chopib keldi. U Rurkni ham, uning raqibini ham bir hamlada saranjomlashga qodir davangirday kishi edi. Dastlab u nima gapligini surushtirdi, keyin janjalkashlarni tinchlantira boshladi:
– To‘xtang! Nima gap? Nima to‘polon? Hoziroq bas qiling! Rurk, sen politsiyani chaqirsang-chi? Qamab qo‘yishsin buni! Yoki sen uning uyini bilasan-ku, bor, o‘sha yerda xohlagancha janjallashinglar! Bu yerda urishish mumkin emas! Biror boshliq kelib qolsa, nima bo‘ladi? – u shunday deb o‘zining og‘ir gavdasi bilan raqiblar orasiga turib oldi.
Bu aralashuvdan Rurk biroz o‘ziga keldi, ammo hamon g‘azab va uyatdan qoni qaynagancha, hansirab qichqirdi:
– Kiyimimni ko‘r! Qara, nima qildi! Ey, yaxshilar! Men bunga chiday olamanmi? Uchragan badmast meni haqorat qiladi! Men unga ishlaganidan ortiq pul to‘lashim kerak emish! Ishni tashlab ketsayam, pul to‘lashim kerak ekan! Unga ko‘rsatib qo‘yaman! Qovurg‘asini ezib tashlayman! Odamlarni ishdan qoldirib, daydib yurish qanday bo‘lishini bilib qo‘ysin! – shunday deb u yana jangga kirishdi, ammo oraga tushgan devkelbat kishiga bas kelish qiyin edi.
– Qani, shunday bo‘lsa, politsiyani chaqiraylik-chi, – derdi o‘rtaga tushgan qo‘shni guruh rahbari tinchlantiruvchi ohang bilan, – bu yerda urishish mumkin emas. Sen urishmasliging kerak, Rurk! Boshliqlar nima deb o‘ylashadi? Keyin o‘zing pushaymon bo‘lasan.
U notanish kimsaga tushuntirish uchun o‘girilganda, o‘sha nusxa allaqachon qochib qolgandi. Olomonning tobora ko‘payayotganini ko‘rib, jiddiy xavfga ro‘baro‘ kelayotganini his qilgan Rurkning raqibi Matt-Xevnga boradigan temir yo‘l bo‘ylab qochib borardi. Uning uzoqlashayotgan gavdasini ko‘rib, Rurk yana qichqira boshladi:
– Men senga ko‘rsatib qo‘yaman! Hali bu uchun javob berasan! Turmada chiritaman! Shoshma! Qutulib bo‘psan! Yerning tagidan bo‘lsa ham topaman!
Ammo bu momaqaldiroqning so‘nggi guldiragi edi, xolos. Dilozor ketgan, bo‘ron tingandi. Birozdan so‘ng Rurk ham yirtilgan kiyimlarini almashtirish uchun Maunt-Vernonga, uyiga jo‘nadi. Men uni hech qachon bunday gangigan holda ko‘rmagan edim: uning qovog‘idan qor yog‘ar, bezorini jazolash uchun qonunga murojaat qilar holatda edi. Ammo oradan hafta o‘tib o‘sha badmast bilan bog‘liq ish qay ahvolda ekanini sekin surishtirganimda, u bunday dedi:
– Nima ham qila olasan? Unda pul yo‘q, qamatay desang, xotini, bolalari bor…
Shu bilan bu sof irlandcha voqea yakun topdi.
Men Vilyamsbrijga kelganimdan so‘ng tez orada Rurk kompaniya Mat-Xevnda, o‘zining yirik saralash stantsiyalaridan birida bino qurmoqchi bo‘layotgani haqida gapirib qoldi. Uning aytishicha, qurilish hajmi juda katta edi. G‘isht va toshdan uzunligi ikki yuz va eni oltmish futli bino barpo etilishi kerak. Qurilish muddati – uch oy. Kompaniya tashqaridan ko‘mak olmasdan, o‘z kuchi bilan bunday binoni eplay olish-olmasligini aniqlash uchun shunaqa muddat belgilagandi. Rurkning yuz ifodasidan men shuni angladimki, bu ishni bajarishni o‘z zimmasiga olishni judayam istayotgandi; bu kompaniyaga ishga kelishidan oldin shunaqa yirik qurilishlarda ko‘p bor ishlagan Rurk, aftidan, hozir bunday imkoniyatdan mahrumligi uchun ich-ichidan kuyinmoqda edi. U o‘zini hozir bajarayotgan mayda-chuyda ishlaridan ancha yuqori deb bilar, yana qaytadan katta miqyosdagi quruvchi sifatida o‘zini namoyon etib, kompaniya rahbariyati nazarida obro‘ orttirmoqchi edi. Vaholanki, mening nazarimda, baribir undan yaxshi ish boshqaruvchi chiqmasdi.
Matt-Xevndagi qurilish Rurkka qanchalik jozibali ko‘rinsa, bu loyiha bilan bog‘liq idora yozuv-chizuvlari – hisobotlaru qaydnomalar unga shunchalik qo‘rqinchli tuyulardi. Idora ishlari uning uchun azob edi.
– O‘zingni qanday his qilayapsan, Teddi? – tez-tez so‘raydigan bo‘ldi u endi mening sog‘lig‘imga oldingidan ko‘ra ko‘proq e’tibor berib (men unga moddiy sabablarga ko‘ra tez orada bu yerdan ketishimga to‘g‘ri keladi, shekilli, deb bir necha bor aytgan edim).
– Yaxshi, Rurk, a’lo desam ham bo‘ladi, – deb javob berardim odatda, – kundan-kun tuzalib borayapman.
– Ana! Ko‘rdingmi? Demak, bu yerda sening ham o‘z o‘rning bor! Yana bir-ikki yil qolsang, otday bo‘lib ketasan. Qara, qanday ozg‘insan. Ko‘kraging quvvat olishi kerak, – shunday deb u qoqsuyak ko‘ksimga sekin urib qo‘ydi, – mana, men umrimda biror marta kasal bo‘lmaganman.
– Ha-a, – salomatlik manbai bo‘lgan bu odamning yonida uzoqroq qolish istagini chuqur his qilgan holda, unga do‘stona javob berdim: – Bu yerda iloji boricha ko‘proq qolishga harakat qilaman.
– Harakat qil. Harakat qil, bu sening foydangga! Agar yangi bino qurilishini menga topshirishsa, senga yana ham yaxshiroq bo‘ladi! Bu seni ovutadi.
“Ha, ajoyib ovunchoq!” – deb o‘yladimu, fikrimni ovoz chiqarib aytmadim. Bu baquvvat irlandiyalikni shunchalik yoqtirib qolsamu, uning hech bir g‘arazsiz shuhratparastlik orzulari kaminaga shunchalar tushunarli bo‘lsa-yu, unga qanday yordam bermaslik mumkin? U buyurtmani qo‘lga kiritib binoni qurib bo‘lmagunicha bu yerdan ketmasligimni aytdim. Bu Rurkka qattiq ta’sir qildi. Unga minnatdorchilik tuyg‘usi begona emasdi, ammo o‘ziga ishongan va sal narsaga ranjib qolaveradigan g‘alati fe’li bor ediki, o‘ziga sezdirmasdan, yashirin holda yordam berish kerak bo‘lardi. U hamma narsani o‘zi bajarishni xohlardi, hatto bu omadsizlikka olib kelsa ham. Lekin men uning omadsizlikka uchrashiga ishonmasdim – Rurkning kuch-g‘ayrati haddan ziyod edi.
Oradan uch hafta o‘tib unga o‘sha ishni rostdan ham berishdi. Ana shunda uning haqiqiy irlandcha manmanlik va hokimlik jihatlari namoyon bo‘ldi. Biz har xil yirik stantsiya qurilishlari borayotgan Matt-Xevnga ko‘chib o‘tdik: u yerda, ko‘plab temir yo‘llar kesishadigan joyning qoq markazida biz yangi binoni barpo qilishimiz lozim edi. Rurkka ko‘plab ishchilar berishdi. Duradgorlar, g‘isht teruvchilar (bular, albatta, ishchilar uyushmalari a’zolari, qo‘lidan ish keladiganlar va uddaburonlar, shuningdek, ishi yurishmagan omadsizlar) dan tashqari qirqta italiyalik mehnat qilardi. Ular tayyorgarlik ishlarini olib borishardi – poydevor uchun tuproq chiqarishar, shunga o‘xshash boshqa yumushlarni bajarishardi. Rurk ularga katta zavq-shavq bilan ish buyurar va o‘zini suvdagi baliqday erkin sezardi. Uni ayniqsa, ishning tez borishi quvontirardi. U qurilish bo‘ylab qandaydir g‘ayriixtiyoriy tabassum bilan kezib yurar va buyruqlarni shu qadar baland ovoz bilan aytardiki, butun atrofga eshitilib turardi. Men uni zavq bilan kuzatardim. Ba’zan u yer kovlovchilar tuproq chiqarayotgan chuqur tepasiga kelib, belkurakka engashgan yelkalarning uzun qatorini tomosha qilib turardi-da, qo‘llarini bir-biriga ishqagancha derdi:
– Ish ketayapti, Teddi! Ketayapti! Men allaqachon o‘zimni tomda tasavvur qilayapman. – Va u shu zahoti ishchilarni shoshirib, turtkilay boshlardi, buni u shunga ehtiyoj bo‘lgani uchun qilmasdi, shunchaki toshib borayotgan g‘ayratini namoyish etardi, xolos.
– Shunday ham kavlaydilarmi! Eh, siz! Mahkam, mahkam oling!
Yoki:
– Ketmonni noto‘g‘ri ushlayapsan, ko‘rmaysanmi? Mana bunday ushla, – baqirardi u, ba’zan o‘zi chuqurga sakrab tushar va ketmonni aynan qanday tutish kerakligini ko‘rsatib, ishchilarni xursand qilardi. Ba’zan u mening oldimda o‘z sohasining turli g‘aroyib usullarini namoyish etardi, masalan, o‘n fut naridagi taxtaga belkurakni otib qadab qo‘yar yoki belkurakka tuproq olib, uni havoda shunday aylantirardiki, tuproq yerga to‘kilmasdi; bu paytda: “Ana shuni eplamaguningcha haqiqiy g‘isht teruvchi bo‘la olmaysan”, deya gap qo‘shardi.
Ishchilar bilan aytishish joniga tegsa, men materiallarga talabnoma-yu xomcho‘tlar va hisobotlarni tirishqoqlik bilan yozayotgan yog‘och uychaga – oldimga kelardi. Qog‘ozlarni ko‘zdan kechirar – bu paytda uning yuzida ifodalangan iftixorni tomosha qilganingizda edi! – ishlar silliq ketayotganini ko‘rib odatda shunday derdi:
– Sening joying xuddi shu yer, Teddi! Sendan ajoyib hisobchi chiqadi, agar meni prezidentlikka saylashsa, seni davlat maslahatchisi qilib olardim.
Ammo hammadan ko‘proq uni qiziqtirgan va hayajonlantirgan narsa, shu kunlarda kutilayotgan g‘isht teruvchilarning kelishi edi. Ular bilan muomalasi qanday bo‘ladi? Ishchilar dunyosining bu o‘zboshimcha qaroqchilari qachon xohlasa, keladi, qachon xohlasa, ketadi, hech kimdan shafqat ham so‘ramaydi, hech kimning ishlariga aralashishiga yo‘l ham qo‘ymaydi. Menimcha, u g‘isht teruvchilarning yovvoyilarcha erkinliklarini ko‘rolmasdi, shu bilan birga ularni qo‘lga olib, o‘z biligicha boshqarishiga ishonardi – bu juda nozik diplomatiya talab qiladigan ish ekanini aytib o‘tish kerak. Ishchilar uyushmasi g‘isht teruvchilari! G‘alati xalq! Hayotga nisbatan bunaqa quvnoq, beg‘am, insofsizlarcha munosabatni men boshqa hech kimda uchratmadim. Bular aytish mumkin bo‘lsa, zamonaviy qaroqchilar, bizning kunlarimizning kapitan Kiddilari, ular “kuniga olti dollarni berib qo‘yginu, men bilan ishing bo‘lmasin”, deb talab qo‘yishardi. Ishni boshlashar va xohlagan paytlarida tugatishar, o‘zlarini iloji boricha ozroq koyitishga intilishardi. Eng mas’uliyatli, eng qiyin lahzada ketib qolishaverar, umuman, ularning xizmatidan foydalanishga majbur bo‘lgan korporatsiya vakillarini jonidan to‘yg‘azishdan rohatlanishardi. Meni kasaba uyushmalariga qarshi deb o‘ylamang, menga uyushgan ishchilar yoqadi. Bu baquvvat xalq. Ularning tomirida hayot jo‘sh urib qaynaydi. Ammo ular bilan ishlash unchalik ham oson emas.
Rurk ular haqida o‘ylab, bo‘lajak janjallarni oldindan sezib huzurlanardi. Ularning kelishi unga yuragi nimani hammadan ko‘p istasa, o‘shani – haqiqiy odamlar bilan, o‘ziga o‘xshagan kuchli, qat’iy, jo‘shqin kishilar bilan tortishib-talashish, xumordan chiqquncha so‘kishish imkoniyatini va’da qilardi. Bu azamatlar uning ta’na-yu, dashnomlarini indamay, jimgina ko‘tarib ketaverishmaydi, ular unga javob qaytarishadi, – uning fikricha, haqiqiy erkaklar shunday bo‘lishi kerak. Ular haqida gapirib charchamasdi.
– Shoshmay tur, ular o‘ttiz kishi, hatto qirq kishi bo‘lib kelishganda, – dedi u bir kuni menga, – har biri “olti yuzta g‘isht teraman – tamom!” deb qichqiradi. Ana o‘shanda ko‘rasan. Bir tomosha bo‘ladi! Bir tomosha bo‘ladi!
– Nimani ko‘raman? – so‘radim qiziqish bilan. – O‘shanda nima ro‘y beradi?
– Yoqalashish boshlanadi, nima bo‘lardi. Axir ular o‘lamsa italiyaliklar emas-da. Ular o‘zlarini xafa qildirib qo‘ymaydi! Ularga baqirib ko‘r-chi. Shu yerning o‘zida bilagingni shimarishga to‘g‘ri keladi!
– Ha, yoqimsiz holat, – dedim men, keyin qo‘shimcha qildim. – Rurk, nima deb o‘ylaysiz, siz ularni qo‘lga ola bilasizmi?
– Qo‘lga ololamanmi? Menmi? – hayqirdi u bo‘lajak to‘qnashuv haqidagi o‘yning o‘zidanoq jangovar ruhga kirib. – Menga desa ming kishi bo‘lmaydimi, barini qo‘lga olaman! Ularning barcha nayranglarini bilaman! Meni aldab bo‘pti ularing. Do‘stginam, – nasihatomuz qo‘shimcha qildi u, – senga ham mashg‘ulot topiladi: ular bilan hisob-kitob qilish uchun idoraga qatnaysan. Rosa yugur-yugur bo‘ladi, bunisi aniq.
– Siz, nima, ularni ishdan haydamoqchimisiz? – ajablandim men.
– Sen nima deb o‘ylovding? – qat’iy javob berdi u. – Nega haydamas ekanman? Nima ular boshqalarga o‘xshagan odam emasmi? Nega ularni ayashim kerak? – biroz jim turgach, qo‘shib qo‘ydi. – E, yo‘q, men ularni ishdan haydamayman, qo‘rqma. O‘zlari hisob-kitob pattalarini so‘rab qolishadi. Axir, ular adi-badi aytib o‘tirishni yoqtirishmaydi. Eh, sizga bizning ish uslubimiz yoqmasa, marhamat, mana pattangiz! Ko‘rasan, ishga shunaqa azamat keladi, ichkilikdan karaxt boshi yorilguday – chunki ular hech qachon hushyor bo‘lmaydilar, – ana shunda ko‘rasan ular nimalarga qodirligini!
Tan olishim kerak, bunday kelajak menga qiziqarli tuyulmadi, lekin ishning kulgili jihatlarini qadrladim.
– Agar shunaqa janjalkash bo‘lishsa, o‘sha g‘isht teruvchilarni yollash shartmi? – deb so‘radim Rurkdan.
– Qayerdan topasan ishchilarni? – javob berdi u. – Yaxshi ishchilarning bari kasaba uyushmasida. Boshqalari bir pulga qimmat. Yalqov va aroqxo‘r. Kompaniya uyushmaga qarshi bo‘lmaganda, men uyushmaga yozilmagan biror kishini ishga olmasdim. To‘g‘risini aytganda, – o‘ylanib davom etdi u, ovozida hamdardlik ohanglari sezilib, – uyushma g‘isht teruvchilari o‘zini shunday tutishga haqli. Axir ular oddiy ishchilar emas. Agar ular xohlashsa, kuniga sakkiz yuzta g‘ishtni ham tera oladilar. Ularga buyruq berishning ham hojati yo‘q. Ularning o‘rnida sen ham shunday bo‘larding. Boshqa ish topishning imkoni bo‘lganida seni ezishlariga yo‘l qo‘yishning nima keragi bor? Men ularni ayblamayman. O‘zim bir paytlar g‘isht teruvchi edim.
– Ammo siz o‘zingizni bu g‘isht teruvchilarday tutmagan bo‘lsangiz kerak?
– Nega endi? Xuddi shunday tutganman!
– Siz bu bilan faxrlanayotgandaysiz?
– Nima qipti? – qizishib ketdi u. – Men o‘z huquqimni himoya qilganman. Qanaqa odam bo‘ldi bu, boshiga chiqib olishsa ham indamay tursa, bu ahmoqlik. Bunday bo‘lishi mumkin emas.
Men uni yanayam g‘azablantirmaslik uchun fikrini tasdiqlab qo‘ya qoldim.
Nihoyat, g‘isht teruvchilar ham yetib kelishdi, haqiqatan ham jangovar xalq ekan! Qanday erkinlik! Qanday talabchan ohang! Huquq va erkinliklariga aloqador nizom qoidalariga nisbatan injiqlikni ko‘ring! Men ularga hayrat bilan qarardim.
Ularning aksariyati baquvvat, sog‘lom, qo‘lidan har qanday ish keladigan kishilar edi. Ammo o‘z huquqlari haqida shunchalik qichqirishar, kasbiy mahoratlari bilan shunchalik maqtanishardiki, ular bilan birga ishlash juda yoqimsiz edi. Bunday holatda qaysar va qiziqqon irlandiyalik emas, cherkovning popi ham chiday olmasdi. “Birinchi navbatda”, bizning qurilishda shunday ibora qo‘llanardi, ular kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lmaganlar bu yerda bormi-yo‘qmi, shuni bilish uchun kelishgandi, agar bor bo‘lsa, ularni ishdan haydash ma’muriyatga foydali emasmikin? Talablari rad etilsa, ular darhol ishni tashlashadi. Shu munosabat bilan Rurk adoqsiz so‘kishlar va haqoratlarga ancha-muncha kuch va so‘zamollik sarf etdi. Ammo baribir uyushmaga aloqasi bo‘lmagan ishchilarni ishdan haydashdi. Shundan so‘ng bizning “sevimli” g‘isht teruvchilarimiz pulni ularga qachon, qayerda va qanday to‘lashlari bilan qiziqishdi. Ular ish haqini qachon so‘rashsa, birinchi murojaatdayoq berishlarini istashardi – bu yangi tortishuvlarga sabab bo‘ldi, chunki temir yo‘l kompaniyasi oyda bir marta maosh berardi. Ammo bu borada ham g‘isht teruvchilar g‘olib chiqishdi. Qurilish bo‘limi bilan tuzilgan alohida shartnomaga ko‘ra, g‘isht teruvchilar talab qilishlari bilanoq ish haqi to‘liq berilishiga qaror qilindi. Men esa qachon ular talab qilishsa, shu zahotiyoq idoraga borib ularning ish haqini olib kelishga majbur edim. So‘ng yana tortishuvlar boshlandi – ular soatiga qanchadan g‘isht terishlari kerak, har bir devorni terish uchun necha kishi belgilanadi va ular qancha muddatda ishni tugatishlari yoki tugatishni xohlashlari mumkin va hokazo va hokazolar. Rurkka xuddi shu kerak edi. Nihoyat, u o‘zini qadrdon muhitda his qildi – u baqirar, qo‘lini siltar, ulardan adi-badi aytishni bas qilishni yoki qoralarini o‘chirishni talab qilardi. Bularning barchasi bir yoqlik bo‘lgach, g‘isht teruvchilar nihoyat belkurak va andavalarni qo‘lga olishni lozim topdilar va ish qaynadi. Ish ulug‘vor va ilhombaxsh bir tarzda borardi – qirq, hatto ellik nafar g‘isht teruvchi bir qator bo‘lib tizilib olishdi, ularning atrofida yigirma chog‘li kishi yordamchilik bilan ovora; italiyaliklar yangi-yangi g‘isht uyumlarini tashib ulgurisholmaydi, boshqa o‘nboshi rahbarligidagi duradgorlar tez ko‘tarilayotgan devorlarga to‘sin va to‘siqlar yotqizishga tayyorlanmoqda.
Rurk maydonchadan bir qadam ham jilmasdi. U bir vaqtning o‘zida o‘n yerda ko‘rinish bera oladiganday edi. Bir ishchi bilan tortishar, ikkinchisining adabini berar va albatta kimnidir hisob-kitob qog‘ozini olib kelish uchun haydardi. ”Tush! Tush pastga deyapman!” – eshitilib qolardi g‘azabli qichqiriq, so‘ng Rurk paydo bo‘lar, uning ortidan g‘azablangan g‘isht teruvchi tahdidli so‘zlarni yog‘dirib ergashardi. Rurk mendan hoziroq idoraga borib uning ishlagan soatlari uchun ish haqini keltirib berishimni talab qilardi. Men idoraga borib kelgunimcha g‘isht teruvchi qurilish bo‘ylab daydib yurar va boshqalarni ham ish tashlashga da’vat qilardi. Ba’zan, ammo doim ham emas, janjal kelishuv bilan yakun topardi. Ko‘pincha esa, g‘isht teruvchining o‘zi pulni olib, uni tezroq sarf qilganidan xursand bo‘lardi. Rurk bunaqa janjalkashning ketishi yoki qolishiga hayratlanarli darajada xotirjam munosabatda edi.
– Yigitchaning ichgisi kelib qolibdi, – derdi istehzo bilan. Mening nazarimda, go‘yo kichik-kichik sahna ko‘rinishlari namoyish etilayotganday tuyulardi.
Asta-sekinlik bilan hamma narsa iziga tushib ketdi. G‘isht teruvchilar ham, Rurk ham janjaldan to‘yishdi. Ish yana-da tezroq ilgarilay boshladi. Rurk qo‘llarini orqaga qilib tobora o‘sib borayotgan devorlar ustida yoki pastda, maydonchada, poydevor yonida yurar; ish natijalarini ko‘rgach, unda g‘alati kekkayish paydo bo‘lgandi, ishchilarga qizg‘in tabassum hadya qilarkan, butun vujudi bilan gerdayib yurardi. Ish shunday yaxshi ketayotgandiki, kimga tanbeh berishini bilmasdi, ammo jangovar ko‘rinishini saqlab qolishni o‘z burchi deb bilardi. U hatto hozir ham qandaydir jangari g‘isht teruvchi bilan janjallashish yo‘lini izlab topar, hatto hisob-kitob qilish uchun idoraga yo‘llab qolardi. Ammo bunday voqea endi juda kam yuz berardi.
Uch haftadan so‘ng, men ketishim lozimligi, sog‘ligim ancha-muncha tiklangani, hamyonim esa bo‘shab qolgani va moliyaviy ahvolimni o‘nglab olishim kerakligi haqida Rurkka aytmoqchi bo‘lib turganimda, dekabrning sovuq kunlarining birida falokat yuz berdi. Rurk va bir necha italiyalik (jumladan, Mett va Jimmi ham) bitay deb qolgan markaziy zalda ishlashayotgandi. Uch devor tutashgan joyda, bino ichida joylashgan bug‘ qozoni portlab ketdi; portlash bir devorni yiqitib, to‘sin va to‘siqlarni uchirib yubordi, ikkinchi va uchinchi qavat – o‘n besh ming g‘isht – to‘laligicha ichkariga qulab tushdi. Bir necha daqiqa g‘isht va yog‘ochlardan iborat bo‘ron qo‘zg‘alib turdi. Hamma tinchiganda Rurk va besh nafar italiyalikning ko‘milib qolishgani ma’lum bo‘ldi. Jimmidan boshqa hammasi jiddiy jarohat olgandi. Ikkita italiyalik joyida jon taslim qilgan, uchinchisi bir necha kundan so‘ng vafot etdi. Rurk portlash paytida eng xavfli joyda turgani bois juda og‘ir jarohatlangandi. Uni g‘isht uyumi beligacha ko‘mib qolgan, bahaybat to‘sin yelkasidan bosib tushgan, boshi ezilgan, qulog‘i uzilgan edi. Unga qaragan odam qo‘rqib ketardi – butunlay qonga belangan, og‘riqdan afti qiyshayib ketgan. Ammo u na qo‘rqqan va na ruhi cho‘kkandi, undan boshqacha holatni kutish ham mumkin emasdi.
– Eh, meni ezib tashladi-ya! – dedi u so‘zga lab ochib. – Yaxshiyamki, faqat oyoqlarimni, hamma yerimni emas. Qo‘ying, qo‘ying, meni chiqarib olishga shoshilmang, boshqalarni qidiring. Italiyaliklar shu atrofda.
Biz gapiga quloq solmay, uni qutqara boshladik. G‘ishtlarni olib to‘rt tarafga itqitayotgandik, yana bizni to‘xtatdi.
– Italiyaliklarga yordam bering! – hamishagi hokimona ohang bilan baqirdi u. – Italiyaliklar ko‘milib qoldi. Jimmi va Mett shu yerda. Menga hech narsa qilmaydi, kutib turaman! Ularga nima bo‘lganini aniqlang!
Aytganini bajarishga to‘g‘ri keldi. Biz Rurkni qo‘yib, italiyaliklarni qazib ola boshladik. Bu paytda stantsiya va ustaxonadan ko‘plab odamlar yugurib kelib, bizga ko‘mak berishdi. Qattiq shikastlangan Rurk azobli og‘riqqa bardosh berib, hamon baqirish, buyruq berishga tirishardi. Ammo endi Rurkda ilgari unga xos bo‘lmagan allaqanday ulug‘vorlik mavjud edi. U xuddi afsonaviy pahlavonga o‘xshar, yarim odam, yarim xudo, beligacha et va qondan, belidan pasti g‘isht va toshdan yaratilgan, tog‘day balandlikdan bizning zaminiy urinishlarimizga qarab turganday edi.
– To‘sinni ko‘tar! Uchidan ushla! Ana u yerda! Endi g‘ishtlarni ustidan ol! Ana, ana uning boshi! Ko‘rmaysanmi? Eh! Ahmoq! Ana, ana-ku boshi!
Buni ko‘rib shunday o‘ylash mumkin edi: bizlar uning xaloskori emas, uning buyruqlarini ko‘r-ko‘rona bajarishga majbur bo‘lgan xizmatkorlari va qullarimiz.
Rurk va uning beshala yordamchisini tezda qutqarib oldik. Ikkitasi vafot etgan, Mett boshidan og‘ir jarohat olgan, Jimmi beziyon, arzimas jarohat olgan – yuzi ko‘karib, yelkasi shilingan edi. Qo‘rqqanidan biroz o‘zini yo‘qotib qo‘ygani sababli shunday fojeali lahzada ham beixtiyor kulgi qo‘zg‘atardi.
– Mana bu gursillab tushdi! – dedi u o‘ziga kelib. – Men oxirzamon bo‘ldi deb o‘yladim! Mista Ruk! Mista Ruk! Qayerdalar Mista Ruk?
– Men shu yerdaman, yaramas italyancha! – xursandlik bilan javob berdi yengilmas Rurk siniq g‘ishtlar ostidan. Bu paytda biz uning yarim gavdasinigina qutqargandik. Keyin u kuchsizroq ovoz bilan qo‘shimcha qildi: – Seni yaxshigina ezg‘ilagandir?
– Yo‘q, yo‘q, Mista Ruk! Hechqisi yo‘q, Mista Ruk! Mista Rukka yordam bering! – baqirardi Jimmi yugurgancha “Mista Ruk”ni kavlab olayotganlar oldiga borib, g‘isht bo‘laklarini uloqtirarkan.
Nihoyat, biz uni g‘isht bo‘laklari ostidan kavlab oldik. Uning atrofida yelib-yugurarkanmiz, shuncha odam uning uchun kuyib-pishayotganidan uyalib bizni o‘zidan uzoqlashtirardi, bir safar to‘sinni olish uchun zo‘r berarkanmiz shunday qichqirdi:
– Astaroq! Shoshmanglar! Nima keragi bor? Ahvolim unchalik og‘ir emas. Shoshma! Jimmi, hov anavi taxtani yo‘ldan ol!
Ammo uni kavlab olganimizda ahvoli ancha og‘ir ekanligi, juda qattiq, hatto o‘lar darajada ezilgani ma’lum bo‘ldi. Keyinchalik do‘xtirlarning aniqlashicha, uning beli ezilgan, ikki oyog‘i singan va ichki a’zolari shikastlangan edi. Rurkni bosib yotgan g‘isht bo‘laklaridan ozod qilganimizdagina ahvoli naqadar og‘ir ekanligini o‘zi tushundi, chamamda. Qirindi to‘shalgan yerga vagon parki boshlig‘i keltirgan brezentni to‘shab, ustiga Rurkni yotqizishdi, xuddi shu payt ikkita tez yordam karetasida shifokorlar yetib keldi va tekshiruvni boshlab yuborishdi. Ular tekshirishayotganda Rurk do‘xtirlarni kinoyadan xoli bo‘lmagan tanqidiy nigoh bilan kuzatib turdi va hatto ikki marta qandaydir hazil gap ham qildi. Uni olib ketishayotganda menga nima qilibdi, degan savoliga shifokor tetik javob berdi: “Xavfli joyi yo‘q!”. Rurk atrofga bezovta bo‘lib qaray boshladi. Ko‘zlarimiz to‘qnashdi. Men uning ko‘zlaridan o‘z holining naqadar xarobligini juda yaxshi anglab turganini uqdim.
– Ruhoniy bo‘lgandaydi, Teddi! – shivirladi u. – Keyin malol bo‘lmasa, Maunt-Vernonga borib xotinimga voqeani aytib ber. Telegramma yuborishganda qo‘rqib yurmasin. Sen unga ehtiyot bo‘lib… Menga jiddiyroq bir gap bo‘lgan deb o‘ylamasin. Kerakmas… Axir meni unchalik kuchli ezgan emas-ku.
Uning va’dasini bajarishga so‘z berdim. Shu payt do‘xtirlardan biri bemor chidab bo‘lmas azob chekayotganini ko‘rib, beliga kokain ukol qildi. Bir necha daqiqadan so‘ng Rurk hushidan ketdi. Men uni tibbiy xodimning ixtiyoriga qoldirib, ruhoniyga odam jo‘natdim, o‘zim esa, Maunt-Vernonga shoshildim.
Rurk shafqatsiz dard iskanjasida yana bir hafta yashadi. O‘limidan bir yoki ikki kun oldin men u yotgan kasalxonada bo‘ldim. Iloji boricha hamdardlik izhor qilib, hayotda hech narsani oldindan bilish mumkin emasligi naqadar qo‘rqinchli ekanini gapirdim va ehtiyotsizligi portlashga sabab bo‘lgan yuk ko‘tarish mashinasi boshqaruvchisini koyidim. Ammo Rurk hech narsadan shikoyat qilmadi.
– Bu istalgan vaqtda yuz berishi mumkin, – dedi u, – bundan saqlanib bo‘lmaydi. Shu paytgacha qo‘limda ishlaganlardan hech kim mayib ham bo‘lmagan, o‘lmagan ham edi. Endi esa, ahvol bunaqa. Demak, taqdir shu ekan.
Qudratli Rurk! Dafn marosimiga kelgan italiyaliklarning ko‘pligiga qarab, Maunt-Vernonda yashovchi hamma italiyalik uni bilar va sevar ekan deb o‘ylardingiz. Go‘yoki, ular uchun bu davlat ahamiyatidagi ishday edi. Ular to‘da-to‘da bo‘lib kelib, Rurk doim ibodat qiladigan g‘ishtin cherkovni tobora to‘ldirib borishardi. Boshi bog‘langan, betob va haddan tashqari g‘amgin Mett ham keldi. Jimmi, biz bilgan nayrangboz, qitmir Jimmi o‘zini mutlaqo yo‘qotib qo‘ygandek ko‘rinar edi. U yuzini qo‘llari bilan bekitib, achchiq-achchiq yig‘lar, xo‘rsinar, entikar, dag‘allashgan qop-qora qo‘llaridan ko‘z yoshlari sizib to‘kilardi.
– Mista Ruk! Mista Ruk! – entikib takrorlardi u jasadga qarab. Keyin tobutni qabristonga olib keta boshlashdi, u boshini quyi qilib tobutga ergashdi, tobutni qabrga qo‘yishayotganda Jimmi yana o‘kirib yig‘lashdan o‘zini tiya olmadi.
– Mista Ruk! Mista Ruk! Men u bilan o‘n besh yil birga ishlagandim!
Rus tilidan Orif Hoji tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 7-son