Sinkler Lyuis. Amerikaliklarning adabiyotdan qo‘rquvi (Nobel ma’ruzasi)

Shvetsiya akademiyasining muhtaram a’zolari! Xonimlar va janoblar!

Nobel mukofoti men uchun katta sharaf. Men to‘lib-toshayotgan hislarimni sizlarning huzuringizda to‘kib-solsam nosamimiy va ezma tuyulib ketishim mumkin, shuning uchun oddiygina “Rahmat” bilan cheklanaman.

Men, hozir zamonaviy Amerika adabiyotining ba’zi an’analari, unga tahdid solayotgan ayrim xatar va umidli istiqbollari haqida to‘xtalmoqchiman. Bu masalalarni mutlaqo ochiqko‘ngillik bilan, hech nimaga qaramasdan yoritish uchun ehtimol, biroz sharttakilik qilishimga to‘g‘ri kelar, axir, sizlarning oldingizda nosamimiy bo‘lish, o‘ylashimcha, sizlarni haqorat qilish bilan barobar.

Shunday qilib, o‘zimning jonajon vatanimdagi ma’lum idoralar va jamoat arboblari haqida achchiqroq gap aytishimga to‘g‘ri keladi.

Faqat, sizlardan o‘tinaman, bu odamning qanaqadir g‘alamislik niyatlari yo‘qmikin, deb o‘ylamanglar. Taqdir meni yaxshigina siyladi, yashash uchun og‘ir kurashlar nima ekanligini bilmadim, judayam nochor ahvolda qolganim yo‘q, ko‘plab yaxshi odamlarni uchratdim. Ammo vaqt-vaqti bilan o‘zim yo kitoblarim qattiq hujumlarga uchrab turdik. Masalan, pok niyatli, kaliforniyalik bir pastor “Elmer Gentri”ni o‘qib bo‘lgach, atrofiga xaloyiqni to‘plab, mening ustimdan Linch sudi o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Men shtatidan boshqa bir xudojo‘y odam meni qamoqqa tiqib qo‘yish uchun bironta arzigulik qonuniy bahona topilarmikin, deb qiziqqan. Bunaqa qahrli la’natlashdan yomonroq ishlar ham bo‘lgan: men bilan anchadan beri tanish bo‘lgan, klubda uchrashib yurgan jurnalistlardan ba’zilari meni yaxshi bilishlari haqida yozib, yaramas odam, yozuvchi deyishga arzimaydi, deyishibdi. Ba’zan menga xarsangtosh otishgan bo‘lsa, men ham qo‘limga tushgan toshchalarni otganman, buning uchun “yaxshigina” javob qaytmaydi, deb o‘ylasam, juda soddalik qilgan bo‘laman.

Yo‘q, men shaxsan hech kimdan shikoyat qilmayman, lekin Amerika adabiyoti, uning mamlakatda tutgan o‘rni haqida gap ketganda shuni aytishim kerakki, sanoati, sarmoyasi va fani rivojlangan mamlakatda san’atning hamma turlari ichida faqat arxitektura va kino — zarur, e’tiborga loyiq, deb topilgan bir paytda norozilik bildirishga arziydigan sabablar bor.

Misol sifatida, bundan bir necha kun ilgari Nyu-Yorkdan Shvetsiya tomon suzishimdan oldinroq Shvetsiya akademiyasi va menga tegishli ko‘ngilsiz bir voqeani aytay. Amerikada juda ko‘ngilchan, bir jentlmen qariya bor, o‘zi olim, bir vaqtlar pastor, universitet professori va diplomat bo‘lgan, adabiyot va san’at akademiyasining a’zosi, ko‘plab universitetlar uni faxriy darajalar bilan siylashgan. Yozuvchi sifatida, u asosan, baliq ovining gashti haqidagi maqolalar muallifi bo‘lib tanilgan. Hayoti treska yo seld balig‘i qanday suzishiga bog‘liq, haqiqiy baliqchilar bunday ovni ko‘ngilochar mashg‘ulot hisoblashlariga ishonmayman, lekin men eslatgan maqolalarni yoshlik paytlarimda o‘qib shunga amin bo‘lganmanki, agar baliq ovi bilan zaruriyat yuzasidan shug‘ullanayotgan bo‘lmasangiz, unda juda muhim va ko‘tarinki bir nima borligini sezasiz.

Ana shu olim ommaviy chiqish qilib, Nobel qo‘mitasi va Shvetsiya akademiyasi amerikacha tartiblar ustidan kuladigan mendek bir odamga Nobel mukofoti berib, Amerikani haqoratladi, deb aytdi. Bu sobiq diplomat ana shu gapidan kelib chiqib, xalqaro nizo chiqaradimi, yo‘qmi, Amerika hukumatidan Stokgolmga dengiz piyodalari qismini yuborib, Amerika adabiyot huquqlarini himoya qilishni talab qiladimi, yo‘qmi, buni bilmadim. Bunday qilmas, deb o‘ylayman.

Bu masalaga, ilohiyot fani doktori darajasiga yetgan, adabiyot doktoriyu yana bir necha ulug‘vor unvonlarga ega ziyoli odam boshqacha yondashganda, chiroyli ish bo‘lardi. Masalan, u mana bunday fikr yuritishini tasavvur qilish mumkin: «Bu yozuvchining kitoblari shaxsan menga yoqmasa-da, Shvetsiya akademiyasi unga mukofot berib, Amerikaning obro‘sini ko‘taribdi. Demak, amerikaliklar allaqaysi chekka o‘lkalarda yashaydigan, tanqidlardan titrab turadigan, bolalarcha fikr yuritadigan odamlar emas, balki mamlakati haqida aytiladigan har qanday achchiq gapni xotirjam va jiddiy qabul qila oladigan mardonavor millat ekan, deb hisoblabdi».

Dunyoga mashhur olim o‘ylab ko‘rishi lozim edi: Strinberg, Ibsen va Pontoppidandek adiblarning asarlariga o‘rganib qolgan Skandinaviyani, Amerika qanchalik boy va qudratli bo‘lmasin, odamzodning eng birinchi ehtiyojlarini qondirish darajasidagi yuksak madaniyat yaratolmadi, deb tanqid qilgan bir yozuvchi gangitib qo‘yarmidi?

Strinberg ham «Yulduzli yo‘l-yo‘l bayroq»ni doim kuylagan yoki rotarian klublarida nutq so‘zlayvergan bo‘lmasa kerak, ammo Shvetsiya bunga ko‘nikib ketgan ko‘rinadi.

Men baliqchi olimni tanqid qilishga bunchalik ko‘p vaqt sarflab yuborganim sabab, bu tanqid o‘zicha muhimligida emas, muhimi — uning namunaviyligida. Aksari amerikaliklar, na faqat o‘quvchilar, hatto yozuvchilar amerikacha hayotni, yutuqlarni ham, kamchiliklarni ham ko‘klarga ko‘tarmaydigan adabiyotdan qo‘rqishadi.

Bizda shov-shuv asar muallifi emas, chindanam sevimli yozuvchi bo‘lish uchun hamma amerikaliklar baland bo‘yli, chiroyli, badavlat, halol odamlar, ular golfning mohir o‘yinchilari, deyish kerak; hamma shaharlarimizning aholisi bir-biriga yaxshilik qilishdan boshqasini bilmaydilar, amerikalik qizlar tentak bo‘lsalar-da, ulardan yaxshi xotin, yaxshi ona chiqadi, deb maqtash kerak; Amerika jug‘rofiy jihatdan qaraganda millionerlar yashaydigan Nyu-Yorkdan, 1870 yillarning qahramonona va shiddatli ruhini buzmasdan saqlab qolgan G‘arbdan, oy yog‘dusiga mangu cho‘mgan va magnoliyalarning xushbo‘y hidiga to‘lgan, hamma yog‘ida plantatsiyalar yastanib yotgan Janubdan iborat, deb tasvirlashi kerak.

Drayzer va Uilla Kezer kabi Shvetsiyada yaxshi tanish yozuvchilarimiz hozir ham yigirma yillar ilgarigi kabi ommaga yaxshi tanilmagan, beta’sir qolib ketyaptilar. Yuqorida men eslatgan, hurmatli baliqchi-akademikning ochiq-oydin so‘zlaridan kelib chiqadiki: bir yuz million aholisi bor hozirgi Amerika ilgarigi qirq millionlik davridagi kabi oddiy va ko‘klarga ko‘tarib maqtaladigan mamlakatligicha qolgan; o‘n ming ishchisi bor zavoddagi ishchilar bilan xo‘jayin o‘rtasidagi munosabatlar 1840 yilda, bor-yo‘g‘i besh kishi ishlaydigan fabrikadagi kabi yaxshi qo‘shnichilik va qadimiy tamoyillarga asoslangan; o‘ttiz qavatli saroyning hashamatli xonalarida yashaydigan, yo‘lakda uchta oilaviy avtomobili kutib turadigan, tokchasida to‘rtgagina kitobi bor va bir hafta o‘tiboq muqarrar ajrashib ketadigan ota va bolalar, er va xotin o‘rtasidagi munosabatlar 1880 yillarda atirgullarga ko‘milgan, besh xonali kottejda yashaydigan oiladagi kabidir, deb yozadigan va ommaviy jurnallarga xizmat qilib yuradigan adiblargina ko‘proq hurmat-e’tiborga loyiq.

Qisqasi, bu yozuvchilar ta’kidlashicha, Amerika Sem tog‘aning qadimiy va sipolarcha soddaligini to‘laligicha saqlab qolgan holda qishloq xo‘jaligiga asoslangan koloniyadan dunyoga mashhur saltanatga aylangan.

Yo‘q, baliqchi-akademik meni biroz g‘iybat qilganidan xursandman, chunki u Amerikaning san’at va adabiyot akademiyasidagi muhim shaxs sifatida meni til qisiqlikdan qutqardi, akademiya haqida men ham, u men to‘g‘rimda aytganlari kabi ochiq-oydin so‘zlashimga huquq berib qo‘ydi. Zamonaviy Amerikaning aqliy faoliyatiga bag‘ishlangan har qanday halol tadqiqot bu g‘alati tashkilotga e’tibor qaratmog‘i lozim.

Biroq akademiyaga murojaat etishdan oldin, ruxsat bersangiz, men Atlantika okeanining bo‘ronli to‘lqinlari ustida sayohat qilgan bir necha kunlik majburiy bekorchilikda xayolimga kelgan fikrlarni e’tiboringizga havola qilsam. Sizlar, endi bilasizlarki, menga Nobel mukofoti berilgani Amerikada sovuq qabul qilingan. Bunday holat, shubhasiz, sizga tanish. O‘ylaymanki, sizlar Tomas Mannga mukofot berganda ham (uning «Sirli tog‘»i butun Yevropa hayotining qaymog‘i kabi tuyuladi menga), jamiyat hayotida katta rol o‘ynab, Britaniya imperiyasining yaratuvchisi, degan nom olgan Kiplingga berganda ham, hatto Bernard Shouni mukofot bilan taqdirlaganda ham, bu yozuvchilarning vatandoshlari orasidan sizlarning tanlovingizdan norozi bo‘lganlar topilgan.

Agar sizlar meni emas, boshqa bir amerika yozuvchisini tanlaganingizda nima gaplar bo‘lishi mumkinligini tasavvur qilib ko‘rdim. Misol uchun Teodor Drayzerni olaylik. O‘zining yolg‘iz yo‘lidan ketayotgan bu adibni, odatdagidek tushunmaydilar, ko‘pincha yomon ko‘radilar. U men uchun va amerikalik qator yozuvchilar uchun ko‘p narsa berdi, xususan, amerika adabiyotini viktoriancha va xouellscha tortinchoqlik[1] va jimjimadorlikdan qutqarib, hayotni halol, mardona va ehtirosli tasvirlash yo‘liga burib yubordi. Drayzerdek kashshof adib bo‘lmaganda boshqa birontamiz hayot qanday bo‘lsa, shunday yozib, uning barcha go‘zalliklariyu dahshatlarini tasvirlashga jur’at etolmagan bo‘lardik. Kim ham panjara ortiga tushib qolishni istardi?

Mening buyuk kasbdoshim Shervud Anderson Drayzerni yetakchi yozuvchi deb atadi, men bunga jon deb qo‘shilaman. «Baxti qaro Kerri» Drayzerning o‘ttiz yil avval nashr ettirgan birinchi ajoyib romani. Men uni yigirma besh yil avval o‘qiganman. Bu asar amerikacha meshchanlikning rutubatli muhitini erkin g‘arbiy shamol kabi yorib o‘tdi va Mark Tven bilan Uitmen davridan buyon bizning shinamgina xonaki dunyomizga toza havo oqimini olib kirdi.

Biroq sizlar mister Drayzerga mukofot berganingizda bormi, Amerikada oh-vohlar eshitilgan bo‘lardi. «Uslub» degan sirli bir tushuncha bor, men uni yaxshi bilmayman, lekin ikkinchi darajali tanqidchilarning asarlarida u haqda bot-bot aytilganiga qaraganda, shunaqa tushuncha haqiqatdan ham bor ekan. Mana, shu «uslub» degan narsa Drayzerda «og‘ir karvon», Drayzer so‘zni his qilmas, uning romanlari juda cho‘zilib ketgan emish. Va, albatta, hurmatli allomalar g‘azabnok bayonotlar qilib, mister Drayzer tasvirlagan ayollar va erkaklar ko‘pincha baxtsiz, hamma narsadan umidini uzgan gunohkorlar, haqiqiy amerikaliklarga o‘xshab xushchaqchaq va himmatli taqvodorlar emas, degan bo‘lardilar.

Agar siz mister Yudjin O’Nilni tanlaganingizda, uning gunohi oddiy tahqirlashdan ham yomonroq, uningcha, hayot — olimning ish joyidagi tokchaga terib qo‘yilgan narsalardek emas, qandaydir, ulkan, hatto to‘fon, zilzila yoki hammayoqni yamlab yutadigan o‘t balosi singari dahshatli narsa, deb eslatib qo‘ygan bo‘lardilar. O’Nilning Amerika teatri oldidagi bor-yo‘q xizmatlari shuki, qandaydir o‘n-o‘n ikki yil ichida bizning batartib, soxta komediyalardan iborat dramamizni butkul o‘zgartirib yubordi va bizga ulug‘vor, dahshatli va ulkandan-ulkan dunyoni ochib ko‘rsatdi.

Agar siz mister Jeyms Brench Kebellni tanlaganingizda, sizga uni tasavvurga sig‘maydigan darajada niyati buzuq deb ta’riflagan bo‘lardilar. Shuningdek, sizga Uilla Kezar xonim, Nebraska dehqonlari hayoti haqida yozgan asarlarining odatiy qadr-qimmatiga qaramay, «Tamom bo‘lgan ayol» romanida amerikalik manaman degan himmatpeshalarga xiyonat qildi, deb so‘zlagan, uning tasviridagi yomon yo‘lga kirgan ayol hatto himmatpesha odamlar uchun ham jozibali ko‘rinadi, shuning uchun bu voqealar axloqsizlikdir, deb tushuntirgan bo‘lardilar.

Sizga yana ko‘p narsalarni ta’riflagan bo‘lardilar: mister Genri Menken tili zahar, mister Shervud Anderson jinsiy hayotni baliq tutishdek muhim omil, deya qasddan adashib yuradi, mister Epton Sinkler o‘zi sotsialist va amerikacha kapitalistik tuzumning mukammalligini uyalmasdan inkor etadi, mister Jofez Xergesxaymer xaqiqiy amerikalik emas, chunki o‘zini yaxshi tutish va tashqi yaltiroqlik kundalik hayot qiyinchiliklarini yengil o‘tkazishga yordam beradi, deb o‘ylaydi, mister Ernest Xeminguey nafaqat juda yosh, undanam yomonrog‘i — jentlmen odam bilishi lozim bo‘lmagan so‘zlarni ishlatadi, yana o‘ylaydiki, go‘yo mastlik — baxtga eltuvchi yo‘l emish, soldat uchun jang maydonida so‘qishishdan ko‘ra muhabbat muhimroq emish.

Ha, mening kasbdoshlarim yomon odamlar. Ulardan birontasiga mukofot berganingizda, uni menga berganingiz kabi yomon ish qilgan bo‘lardingiz. Men — Amerika vatanparvari, ma’lumotingiz uchun, 1880 yildagi emas, 1930 yildagi vatanparvar — ular mening yurtdoshlarim bo‘lganidan baxtliman va ularning ismini hatto Yevropada — Tomas Mann, Gerbert Uells, Golsuorsi, Knut Gamsun, Arnold Bennet, Feyxtvanger, Selma Lagerlyof, Sigrid Unset, Verner fon Xeydenstam, D’Annuntsio, Romen Rollan qitasidan ham mag‘rur tilga ola bilaman.

Mana shunaqa ekan qismatim — bu maqolamda ham ko‘tarinkilikdan tushkunlikka, tushkunlikdan ko‘tarinkilikka sakrab o‘taveraman. Amerika haqida gapiradigan yoki yozadigan har bir odam shunday ko‘yga tushadi, chunki u zamonaviy dunyoning eng ziddiyatli, eng aqlga to‘g‘ri kelmaydigan va odamni judayam to‘lqinlantirib yuboradigan mamlakat.

Shunday qilib, men oshkora g‘urur bilan zamonaviy Amerika adabiyotining ajoyib namoyandalari hisoblangan adiblarni sanarkanman, vaqt yetishmagani uchun yana bir talay maqtovga sazovor adiblarni aytolmay qolyapman. Endi, dastlab aytgan gapimga qaytsam, zamonaviy Amsrika adabiyotida ham, san’atning boshqa hamma turlarida ham, arxitektura va kino bundan mustasno, namuna bo‘ladigan tartiblarga, sog‘lom aloqalarga, taqlid qilgulik qahramonlarga ega emasmiz, yomonlashga, la’natlashga arziydigan zolimlikni ham bilmaymiz. Ha-ha, biz tijorat va ilm sohalarida samarali tartiblarni o‘rnatgan bo‘lsak-da, qaysi so‘qmoqlardan yurishniyu qaysilaridan nari bo‘lishni bilmaymiz.

Amerikalik yozuvchi, shoir, dramaturg, haykaltarosh yoki rassom birorta ijtimoiy mezonni bilmay, faqat o‘zining halolligiga suyangan holda yolg‘iz ijod qilishga mahkum.

San’atkorning takdiri doim shunday bo‘lgan. Daydi va jinoyatchi shoir — Fransua Viyonning issiqqina, shinamgina boshpanasi bo‘lmaganki, yasanib kelgan xonimlar uning erkalashga muhtoj ko‘ngliniyu och qolgan qornini to‘ydirsalar. Bu chindanam ulug‘, xotirasi barcha gertsoglaru qahrli kardinallarni bosib ketgan, lekin ommaviy fikrlarga qaraganda, ularning kiyimiga tegib ketishga ham arzimaydigan insonga taqdir xandaqni va bir burda qotgan nonni ravo ko‘rdi.

Amerikalik san’atkor bunaqa qashshoqlikni bilmaydi. Bizga yaxshi pul to‘lashadi, hatto juda yaxshi! Yozuvchilardan kimniki xizmatkori, avtomobili va bank magnatlari bilan tengma-teng muloqot qila oladigan Palli-Bichda villasi bo‘lmasa, omadsiz hisoblanadi. Lekin u qashshoqlikdan ham og‘irroq yukni ko‘tarib yuradi: yozgan asarlari hech kimga kerak emasligini, o‘quvchilar uning timsolida yupatuvchi yoki masxarabozni ko‘rgisi kelishini bilib turadi yoki uni hech kimga yomonlik qilishni istamaydigan, harholda, mamlakatda sakson qavatli uylar qurilib, millionlab avtomobil ishlab chiqarilayotgan, milliardlab bushel don yetishtirilayotgan mamlakatda hech qanaqa ahamiyati yo‘q bir vaysaqi, deb hisoblashlarini anglaydi. Na bironta muassasa yoki insonlar guruhi borki, ularga suyansa, tanqidini qabul qilsa va maqtovlarini eshitsa.

Bizda qanaqa muassasalar bor?

Amerikaning san’at va adabiyot akademiyasida, ajoyib san’atkorlar, arxitektorlar va davlat arboblari qatori universitetning mashhur prezidenti Nikolas Merrey Batler, ulug‘vor, jasur olim Uilber Kross va qator mohir adiblar: shoirlardan Edvin Arlington, Robinson va Robert Frost, hur fikrli publitsist Jeyms Treslou Adams, romannavislardan Edit Uorton, Xemlin Gerlend, Ouen Uister, Brand Uiltok va Buk Tarkington bor. Biroq, akademiya a’zolari orasida Teodor Drayzer yo‘q, mashhur tanqidchimiz Genri Menken yo‘q, hali yoshligiga qaramay, teatr tanqidchiligining yetakchisi Jorj Jin Natan yo‘q, eng yaxshi dramaturgimiz Yujin O’Nil yo‘q, o‘ziga xos, chinakam shoirlarimiz: Edna Sent-Vinsent Milley, Karl Sendberg, Robinson Jeffers, Vechel Lindzi yo‘q. Kutilmagan yangiligi, qat’iyatliligi, jasurligi va musaffo ruhi bilan boshqa poeziyadan ajralib turadigan va amerikacha yangi poetik maktabga asos solgan «Spun River antologiyasi»ning muallifi Edgar Li Masters ham akademiya a’zosi emas. Akademiklar orasida Uila Kezer, Jozef Xergesxaymer, Shervud Anderson, Ring Lardner, Ernest Xeminguey, Luis Bromfild, Uilber Deniyel Stil, Fanni Xerst, Meri Ostin, Jeyms Brench Kebell, Edna Feder nomlarini topolmaysiz. Albatta, Epton Sinkler ham yo‘q, siz uning jangovar sotsialistik dunyoqarashlariga qanday munosabatda bo‘lishingizdan qat’i nazar, u jahonga mashhur Amerika yozuvchilari, shoirlari, rassomlari, haykaltaroshlari, musiqachiyu arxitektorlari orasida eng yaxshisidir.

Albatta, akademiya bu adiblarning hammasini o‘z tarkibiga sig‘dirish baxtiga muyassar bo‘lolmaydi, ammo ulardan birontasini o‘ziga jalb qilolmagan va Amerika adabiyotidagi tiyrak, asl va rivojlanayotgan nima borki, hammasidan o‘zini chetga tortgan muassasa ham bizning hayotimiz va umidlarimizga mos kelolmaydi. Bu akademiya zamonaviy Amerika adabiyotining emas, balki yakkayu yagona Genri Uodsvort Longfelloning timsolidir.

Bu fikrga, Akademiyada faqat ellik o‘rin bor, tabiiyki, a’zolikka loyiq hammani jalb qilolmaydi, degan e’tiroz bo‘lishi mumkin. Gap shundaki, Akademiyada judayam ko‘p bo‘lmagan e’tiborli yozuvchilarimiz uchun joy topilmagan bir paytda, uning tarkibida uch nafar zaifgina shoir, ikki nafar ahamiyatsiz dramaturg, universitetlar prezidenti lavozimini egallashdan boshqa xizmati yo‘q ikki jentlmen, bundan o‘ttiz yillar ilgari qalami o‘tkir bo‘lgan bir karikaturachi va yana bir nechta jentlmen borki, o‘zimning avomligimni tan olib aytsam, bular haqida hech nima bilmayman.

Ijozatingiz bilan men yana bir omilni ta’kidlaymanki, bu — haqiqatan ham omil — men Akademiyaga hujum qilmoqchi emasman. Akademiya mehmondo‘st, saxiy va haqiqatda ham salobatli muassasa. Ajoyib yozuvchilarimiz unga a’zo bo‘lmaganlari faqat akademiyaning aybi emas. Goho yozuvchilarimizning o‘zi aybdor. Qanday qilib, beso‘naqay Teodor Drayzer Akademiya uyushtirgan ziyofatlarda bemalol o‘tirishini hech tasavvur qilolmayman. Agar Menken ishtirok etib qolsa bormi, o‘zining zaharxanda hazil-mutoyibalari bilan hammani ichak uzgudek kuldirgan bo‘lardi. Men Akademiya bilan jang qilayotganim yo‘q, faqat, shuni afsus bilan ta’kidlaymanki, uning hozirgi holati — Amerikaning ma’naviy hayoti eng muhim ehtiyojlardan qanday ajralib qolgani uchun yorqin misol bo‘layapti.

Xuddi shunaqa uzilish, afsuslar bo‘lsinki, ko‘plab universitetlarda, kollejlarda va maktablarda bor. Men ulardan, zamonaviy adabiyotga chindanam qiziqadigan faqat to‘rttasini: Floridadagi Rollingz-kollejni, Vermont shtatidagi Midlberi-kollejni, Michigan va Chikago universitetlarini ayta olaman (Chikago universitetida mohir yozuvchi Robert Xerrik va jasur tanqidchi Robert Mors Lovett dars berishgan). Faqat to‘rtta! Axir, Amerikadagi universitetlar, kollejlar, konservatoriyalar, ilohiyotchilik, hunarmandchilik badiiy o‘quv yurtlari ko‘chalardagi avtomobillar kabi sanoqsiz-ku. Qachon ko‘zingiz gotika uslubidagi oynavand, mustahkam poydevor ustiga qurilgan jamoatchilik binosiga tushsa, bilingki, bu — yana bir universitet, unda ikki yuzdan tortib, yigirma minggacha talaba ta’limning azoblaridan birdek qochib, san’at bakalavri degan daraja beradigan ijtimoiy imtiyozlarni qo‘lga kiritishga tirishib yotibdi.

O, shubha yo‘qki, ijtimoiy nuqtai nazardan bizning universitetlar keng xalq ommasi bilan mustahkam aloqalar o‘rnatishgan! Masalan, sport sohasida! Qaysidir yirik bir kollejning futbol matchida sakson minggacha ishqiboz o‘tiradi. Har biri bilet uchun besh dollardan to‘lab, mashinasida o‘n mingdan tortib, ming milgacha yurib kelgan, endi, yigirma ikki o‘yinchi chiroyli chizib qo‘yilgan maydon bo‘ylab bir-birini quvalashishidan zavq olishi kerak. Futbol mavsumida yaxshi o‘yinchi bizning eng ulug‘ va sevimli qahramonlarimizdan Genri Ford, Prezident Guver va polkovnik Lindberg singari hurmatga sazovor bo‘ladilar.

Aytgancha, biznes «xudo»lari bilimlarning muayyan sohasi — fan fidoyilariga hurmat bajo keltiradilar. Bizning aslzodalar orasidagi savdogarlar poeziyaga va san’atkorning taxayyuliga qanchalik sovuq qaramasinlar, baribir Milleken, Maykelson, Banting va Teobald Smit[2] oldida iltifot bilan chidashga tayyorlar.

Biroq, bizning universitetlar san’at sohasida hayot va ijoddan qanchalik uzilgan va yolg‘izlanib qolgan bo‘lsalar, sport va fan sohasida jamiyat bilan shunchalik jips aloqa o‘rnatganlar. Amerika universitetining taqvodor professori nazarida adabiy asar, o‘zining oddiy zamondoshi qalbidan to‘lg‘oq bilan tug‘iladigan narsa emas. Hecham! Bu — qandaydir oliy insonlar tarafidan sirli ravishda yaratilgan o‘lik bir narsa. Bu insonlar shaytoniy ixtiro — yozuv mashinkasi paydo bo‘lishidan ilgariroq dunyodan o‘tib ketgan bo‘lsalargina haqiqiy san’atkor hisoblanadilar. Adabiy asarni hamma qatori oddiy — ko‘chada yuradigan, hech nimasi bilan boshqalarnikidan farq qilmaydigan shim va pidjak kiyib, tashqaridan qaraganda haydovchi va fermerdan farq qilmaydigan odamlar yaratishi universitetning haqiqiy professori xayoliga kelsa, afti bujmayib ketardi. Bizning amerikalik professorlarga yorqin, sovuq, nuqsonsiz va o‘lik adabiy asar yoqadi. Bunday xislat faqat Amerika universitetlari professorlariga xos, deb o‘ylamayman. Oksford va Kembrij professorlari, hali ham uyalmasdan yashab yurgan Uells, Bennet, Golsuorsi va Jorj Murni dunyodan allaqachon o‘tib ketgan ajoyib Semyuyel Jonson bilan tenglashtirish odobdan emas, deb hisoblashlarini bilaman. Shvetsiya, Frantsiya va Germaniya universitetlarida ham tushunishdan ko‘ra kesib tashlashni afzal biladigan professorlar yetarlicha topiladi, deb o‘ylayman. Biroq, Amerika singari yosh, yashovchan, izlanuvchan mamlakatdagi adabiyot o‘qituvchilari ko‘hna Yevropaning mavjud an’analari soyasida yashayotgan kasbdoshlariga qaraganda kamroq tarkidunyochiyu ko‘proq dunyoviy, deb o‘ylash mumkin.

Yo‘q, bunday emas ekan.

Yaqinda Amerika universitetlaridan g‘alati voqelik — «yangi gumanizm» urchib chiqdi. «Gumanizm» so‘zi shunchalik ko‘p ma’nolarda ishlatiladiki, natijada har qanday ma’nosini yo‘qotib qo‘ydi. Bu so‘z ostida hamma narsani: zamonaviy dehqonlar dialektiga qaraganda, qadimgi yunon va lotin tillari ulug‘vorroq degandan tortib, istalgan hozirgi tirik dehqon o‘lib-chirib ketgan qadimiy yunondan qiziqarliroq, degan fikrgacha barini tushunish mumkin. Biroq, bu g‘alati voqelik mavhum tushunchani o‘ziga shior qilib olganining o‘ziyoq xoslik alomati.

Tushunishimcha, hozirgi hayajonli va istiqbolli dunyoda hayot qattiq qobiqli dirijabllarni, xitoy inqilobini, bolsheviklar tomonidan qishloq xo‘jaligi industrlanishini, paroxodlar, Grend-Kenon, yosh bolalar, dahshatli ochlik ayrim olimlarning xudoga shak keltirishi kabi tuhfalarni ro‘kach qilib turganda, tabiiyki, bironta yozuvchida «yangi gumanist»larning aql-idrokli va shavq-zavqli g‘oyalari ustida o‘ylab ko‘rishga vaqt topilmaydi. Bu eng yangi sekta inson tabiatining ikkiyoqlamalik ekanligini bizga takror eslatadi, xolos. Unga quloq tutsang, adabiyot inson ruhining Xudo yoki Iblis bilan kurashini tasvirlashdan nari o‘tmasligi kerak. Lekin, shunisi qiziqki, na Xudo, na Iblis zamonaviy libos kiyishi mumkin emas, ularga, albatta, qadimgi yunonlar kiyimi zarur. Yangi gumanistlar uchun Edip — fojiaviy shaxs, tiyib bo‘lmaydigan oldi-sotdi dunyosini mashinalar bosib ketish xavfi ostida yashab, o‘zida Xudoning ichki va tashqi qiyofasini saqlab qolishga tirishayotgan odam esa fojiaviy emas. Ularning ta’kidlashlaricha, yashashdan maqsad o‘z-o‘zini tiyishdir. Bu bilan nimaga erishishdan qat’i nazar! Ular azob chekayotgan odamga bundan boshqa taskin berolmaydilar. Pirovardida, yangi gumanistlarning judayam yangi bo‘lmagan doktrinasi shunga olib keladiki, san’at va hayotdagi asosiy narsa, bu — inkor etish. Bu doktrina bizning tinib-tinchimas, taraqqiyotga intilgan dunyomizga suqulib kirgan eng qora aksilamaldir.

Qanchalik g‘alati tuyulmasin, bu o‘lim doktrinasi, hayotning murakkabliklari va xatarlaridan monastirlarning tinchgina fanosiga qochib ketish nasihati bizning professorlar orasida ommalashib ketyapti, vaholanki ular mardlik va ruhiy jasorat namunasini ko‘rsatishlari kerak edi. Natijada yozuvchilar, universitetlar ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ijobiy ta’sirlardan mahrum bo‘lib qoldilar.

Doim shunday bo‘lib kelgan. Amerikaning o‘z Brandesi, Teni, Gyotesi, Krochesi bo‘lmagan. Ijodiy iste’dodlar serob bo‘lgani bilan bizning tanqidchilik sovuq va kuchsiz. U bilan baxil qariqizlar, sport reportyorlari va zahar professorlar shug‘ullanishadi. Bizning Erazmlar — qishloqi sobiq o‘qituvchi ayollar. Badiiy me’yorlar, agar ularni yaratadigan hech kim bo‘lmasa, qayoqdanam paydo bo‘lsin?

Emerson, Longfello, Louell, Xolms, Olkott kabilardan iborat o‘n to‘qqizinchi asr o‘rtalaridagi Kembrij-Konkord ulug‘ hamjihatligi adabiyoti Yevropa adabiyotining sentimental aksi edi. Bu yozuvchilar maktab yaratmadi, e’tiborga loyiqta’sir o‘tkazolmadi. Uitmen, Toro, Po va qisman, Gotorn yakkamoxov edilar, zamondosh «yangi gumanistlar» ulardan nafratlanishgan va ularni haqorat qilishgan. Adabiyot maydoniga Uilyam Din Xouells kirib kelishi bilan bizda oliy maqsadga o‘xshagan bir narsa paydo bo‘ldi. Biroq, bu oliy maqsad shunaqangi xunuk ediki!

Mister Xouells muloyim, yoqimli va halol insonlar toifasidan, lekin uning dunyoqarashi, qavm ruhoniysi huzuriga choyga taklif qilinganlikni o‘zi uchun buyuk shodlik deb biladigan qariqizlarnikiga o‘xshagan edi. U nafaqat Xudoga shak keltirish va uyatsizlikdan, hatto Gerbert Uells aytganidek, «hayotning go‘zal qo‘polliklari»dan ham nafratlangan. Uning hayot haqidagi tasavvurlari taxayyuliy bo‘lgan, lekin o‘zi soddalarcha, haqiqiy deb o‘ylagan. Masalan, fermerlar, dengizchilar va fabrika ishchilari, ehtimol, bordir, biroq, fermerlar hech qachon go‘ng degan narsa bilan shug‘ullanmasligi, dengizchilar uyat qo‘shiqlarni aytmasligi, ishchi esa saxiy xo‘jayindan doim minnatdor bo‘lishi kerak va ularning bari Florentsiyaga sayohat haqida orzu qilishlari, qashshoqlarning antiqa kiyimlariga qarab, muloyim jilmayishlari lozim.

Xouells «yangi gumanizm»ning bunday obro‘li falsafasiga astoydil ishonganki, hatto 1914 yilda katta urush to‘foni boshlanib ketgunga qadar o‘z zamondoshlariga kuchli ta’sir o‘tkazgan. U hatto Mark Tvenni, yozuvchilarimizdan, ehtimol, eng ulug‘iyu shafqatsiz qari yovvoyini jilovlab olib, frak va tsilindr kiydirishga muvaffaq bo‘ldi. Uning ta’siri, ba’zan hozir ham bilinib turadi.

Xouellsning o‘zidan barcha jihatlari bilan ustun tura oladigan, lekin uning ta’sirida halol va ulug‘ realistdan muloyimgina, biroq rangpar nasihatgo‘yga aylanib qolgan yozuvchi Xemlin Garlend ham unga sajda qiladi. Mister Garlend, aytish joiz bo‘lsa, zamonaviy Amerika adabiyotining otasi. Shu nuqtai nazardan uni yosh yozuvchilar ko‘p tashvishga soladi. Ular ta’bi xunuk bo‘lish bilan bir vaqtda, erkaklar va ayollar hammavaqt ham ibodat kitoblarida aytilganidek sevishavermaydilar, oddiy odamlar Bosh ko‘chadagi ayollar adabiy klubida rasm bo‘lmagan so‘zlarni gohida ishlatib turadilar. deb shama qilishni o‘zlariga ravo ko‘radilar. Xemlin Garlendning o‘zi yoshligida Bostonga ko‘chib o‘tib, madaniylashib, tarkidunyochi bo‘lib qolishidan ilgari, «Safar yo‘llari» va «Datchers-Kuli atirguli» nomli ikkita, fosh qiluvchi dadil, realistik asar yozib qo‘ygan. Men ularni bolagtigimdan, Minnesota preriyalaridagi kichkinagina shaharchada yashaganimda o‘qiganman. Mister Garlend xuddi shunaqa o‘lkalarni tasvirlagandi, shuning uchun uning qissalari meni juda to‘lqinlantirib yuborgan.

Balzak va Dikkensni o‘qib tushundimki, Frantsiya va Angliyaning oddiy odamlarini xuddi ko‘rgandek tasvirlash mumkin ekan. Lekin mening kallamga fikr kelmabdiki, axloq-odob chegarasida turib, Minnesota shtatidagi Sok-Senterning aholisi haqida ochiq-oydin yozish mumkin emas ekan. Adabiy an’analarimizga muvofiq holda biz, O‘rta g‘arbda yashovchilar nihoyatda oliyhimmat va baxtli edikki, birontamiz Bosh ko‘chaning zerikarli hayotini Nyu-York, Parij yoki Stokgolmning majusiylarcha janjal-to‘poloniga alishtirmagan bo‘lardik. Mister Garlendning «Safar yo‘llari»ni o‘qib, O‘rta g‘arb fermerlari ham ba’zan sarosimaga tushishi, och qolishi, razil yoki qahramon bo‘lishi mumkinligini tushunadigan odam borligini bildim. Shundan keyin men erkinlikni tuydim, hayot qanday bo‘lsa, shundayligicha tasvirlay olishimni bildim. Men Amerikani mister Uilyam Din Xouellsning nurafshon qarashlari bilan emas, qanday ko‘rsam, shunday tasvirlashimga mister Garlend saboq bo‘lganini bilganida xursand bo‘lish bilan bir vaqtda ranjigan bo‘larmidi. Mister Garlend singari odamlar yangi so‘qmoqlarni kashf etib, vaqt o‘tishi bilan cheklangan, tor fikrli bo‘lib qolishi uning fojiasi va bunda ozodlik mamlakati — Amerikaning fojiasi to‘laligicha namoyon bo‘ladi.

Xouells singari odamlar bor kuchi bilan Amerikani taqvodor ingliz shaharchasining g‘ira-shira o‘xshashi qilib ko‘rsatishga intilgan bo‘lsalar, boshqa badjahl va haqiqiy insonlar — Uitmen va Melvill, Drayzer, Xyuneker va Menken, bizning mamlakat nafis muomalani singdirishdan kattaroq ishlarga qodir, deya o‘jarlarcha ta’kidlab turdilar.

Hech qanaqa badiiy me’yorlarimiz bo‘lmasa-da, biz yashab qoldik. Yosh va kuchli odamlar uchun me’yor bo‘lmagani ham ma’qul. O‘zimning qadrdon, sevimli mamlakatim haqida aytgan gaplarimni tugatib, bu obidiydani ko‘tarinki ohang bilan tugatmoqchiman.

Men Amerika adabiyotining kelajagiga umid va to‘la ishonch bilan qarayman. Biz, yaxshi niyatli, sog‘lom fikrlovchi va nihoyatda g‘o‘r qoloqlikning nafasni qaytarar darajadagi muhitidan chiqib olamiz. Bizda shunday yosh qalamkashlar borki, ularning ehtirosli va chinakam badiiy asarlarini o‘qib, o‘zimni ularning orasida, deb his qilish uchun qarilik qilib qolishimni o‘ylasam, xafa bo‘lib ketaman.

Bieda Ernest Xeminguey bor, qahri qattiq yigit, og‘ir hayotiy maktab o‘tagan, o‘ziga qattiq talablar qo‘yib tarbiyalangan, chinakam san’atkor, hayot uning uchun qadrdon stixiya; Tomas Vulf bor, o‘tgizga yetgan yo yetmagan yigitcha, bor-yo‘g‘i bitta romani “O‘z uyingta qara, farishta” adabiyotimizdagi eng yaxshi asarlar bilan bir qatorda turadi va hayotning rablecha zavq-shavqi bilan to‘lib-toshgan; Tornton Uaylder bor, bizning realistik asrda nuqul qadimiy, go‘zal va romantik tushlar ko‘radi; Jon Dos Passos bor, inqilob olovi, bebbitlarning yaxshi niyatli va sog‘lom oliy maqsadlaridan nafratlanadi; Stiven Bene bor, qariya Jon Braun xotirasini ulug‘lab, zerikarli Amerika adabiyotiga epik poema janrini qaytarib berdi; Maykl God bor, Ist-Sayddagi shu paytgacha hech kim bilmagan yahudiy kvartallarining hayotini tasvirlagan; Uilyam Folkner bor, Janubni, chambarakli keng yubkasiz Janubni tasvirlab bergan; yana o‘nlab yosh shoirlar va prozaiklar borki, ulardan ko‘pchiligi hozir Parijda yashaydi, Jeyms Joys an’analariga mahliyo bo‘lib yurishibdi, biroq qanchalik baxillik qilmasinlar, odobdan tashqari, bir xil qolipga tushib qolgan va zerikarli narsalarni inkor etadilar.

Men ularni olqishlayman, ularning Amerikaga — baland tog‘lar va cheksiz preriyalar, ulkan shaharlar va ovloq kulbalar, hisobsiz boyliyutar va kelajakka katta ishonchlar bilan qaragan mamlakatga, Rossiya kabi o‘ziga xos, Xitoy kabi ziddiyatli, Amerikaga munosib adabiyot yaratishga qat’iyat ko‘rsatayotganlaridan quvonaman.

1930 yil

Ruschadan Qudrat Do‘stmuhammad tarjimasi

______________________

[1] “Viktorianlik ingliz qirolichasi Viktoriya nomi bilan bog‘liq burjuaziya ikkiyuzlamachiligi; «xouellscha tortinchoqlik» deganda Lyuis, yozuvchini, hayotning achchiq haqiqatlaridan cho‘chiydigan burjuacha ruhni targ‘ib qiluvchi odam, degan tasavvurni ifoda etgan.

[2] Milleken, Robert (1868—1953) — amerikalik fizik, Nobel mukofoti laureati. Maykelson, Albert Avraam (1852—1931) — amerikalik tadqiqotchi fizik, nur tezligini hisoblab topgan, Nobel mukofoti olgan. Bashping, Frederik (1891-1941) — kanadalik bakteriolog, insulin yaratuvchisi, Nobel mukofoti laureati. Smit, Teobald (1859—1934) — amerikalik bakteriolog, Texas bezgagi tashuvchisini kashf etgan.