Sabohaddin Ali. Ayron (hikoya)

Qishloqdan vokzalgacha bo‘lgan yo‘l erigan qor tufayli tizzagacha loy edi. Ikki quloch uzunligida yuksalgan quyosh dalalarni qoplagan qorlar ustida porlab ko‘zni qamashtirardi. Ammo yo‘ldagi loyqa ko‘lmaklarga tushganda noxush sariq rangda akslanardi.
Tagiga mix qoqilgan, o‘ziga ancha katta tuflisini paypoqsiz kiyib olgan kichik Hasan o‘ng qo‘liga qumg‘onni olib sudrab borar, ora-sira to‘xtab dam olar va yana yo‘lida davom etardi. Ba’zan chap qo‘lidagi tunuka chanoqni yerga qo‘yib, og‘ir yukni mitti badaniga kamroq azob beradigan shaklda to‘g‘rilab olardi. Ichiga limmo-lim qilib ayron to‘ldirilgan qumg‘onning tagidagi gardishi har odim otganida tizzalariga urilardi va tirsagiga o‘tkazib olgan tutqichi qo‘lidan chiqib oyoqlari ostiga yumalashni istayotgandek oldinga intilardi. Tuflisining orqasi ezilib abjag‘i chiqqanidan tovoni loyga tegib turardi.
Yoz-qish demay har kuni yurishga majbur bo‘lgan bu ikki soatlik yo‘l bu gal ancha uzaygandek tuyuldi. Yo‘lning qoq yarmini ko‘rsatuvchi kichik va qurigan tol daraxti hali ancha narida tuman ichida edi.
Kichik Hasan yillardan beri ko‘rib kelayotgan narsalariga e’tibor bermay qarab kelardi. Qurigan qamishlar orasida qurg‘oq tuproqni o‘yib o‘tgan va yoniga bormaguncha sezish qiyin bo‘lgan to‘rt qadam kengligidagi kichik daraning yonma-yon yotqizilgan uch dona yog‘ochdan iborat ko‘prigi qulab tushadigandek loppilay boshladi.
Sal teparoqda kichik bir qoyaga suyangan holda vodiyga qarab turadigan tegirmonning g‘uvillashi eshitilmasdi. Bu tegirmon qish kunlari uch kun ishlasa besh kun ishlamasdi. Eshigi oldidagi yaproqlari to‘kilgan uch tup tol bilan birga tamoman tark etilgan vayronaga o‘xshardi.
Kichik Hasan hech nimani o‘ylamay ketib borardi. Hozir uyda uni qaytishini kutib o‘tiradigan ikki ukasi haqida ham, to‘rt soat naridagi tuman markazida xizmatchilik qiladigan onasi haqida ham o‘ylayotgani yo‘q. Ayronini sotib-sotolmasligi haqida ham o‘ylamasdi. Xayolini faqat bir narsa band qilgandi: shuncha masofani yana qayta bosib o‘tish, ortga qaytish majburiyati…
Uzoq davom etgan yig‘ining oxiriga kelgandek uf tortdi. Tunuka chanoq tutgan chap qo‘lining sovuqdan yorilib ketgan usti bilan burnini artdi. Ko‘zlarini oldinga tikib vokzalga yaqinlashganini ko‘rdi.
Ikki tomoni yaydoq tog‘lar bilan o‘ralgan keng vodiyning o‘rtasida shumshayib turgan va atrofidagi akatsiyalar yonida yanada g‘arib ko‘ringan bu sovuq bino u yerga tasodifan otilgan toshdek tasavvur uyg‘otardi. Kunda ikki marta o‘tadigan pochta poyezdi ham “bu bema’ni joyda nega to‘xtayapman o‘zi” deb ajablanayotgandek edi va bir necha daqiqa turgandan keyin yura boshlaganda chalgan signali sevinganda chalinadigan xushtak havosida edi.
Kichik Hasan vokzalning taxta to‘siqlar bilan ixotalangan hududiga yetib kelganida ozgina dam oldi, keyin yana taxta to‘siqli eshikni ochib ichkari kirdi.
Vokzal binosi bilan temir yo‘l orasida qolgan to‘rt-besh odim kengligidagi yerda yuklarining ustida o‘tirgan ikki qishloqlik kishi bilan, shinelining ichiga cho‘kib ketgandek devorga suyangan bir jandarma askaridan boshqa hech kim yo‘q edi. Bu yer poyezd kelganda kabobchilar, sharbatchi-yu qandolatchilar to‘lib toshadigan katta vokzallardan emas. Faqatgina yoz paytlari atrofdagi qishloqlardan qora uzum, qovun, tarvuz keltirgan besh-o‘n qishloqlik bu yerni jonlantirardi. Qishda esa kichik Hasan bilan uch-to‘rt kunda bir kichik savatda qishki nok olib kelgan oqsoq va keksa bir qishloqlik kishidan boshqa hech kim ko‘rinmasdi bu yerda. Poyezd kelganda bezovta qilinganidan norizo suratda paydo bo‘lgan vokzal mulozimi ishi bitishi bilan xonasiga kirib ketar, butun kunini o‘n yillik akkmulyatorli radiosini sozlash umidida chuqullash bilan o‘tkazadi.
Bugun nokfurush qariya ham ko‘rinmadi. Kichik Hasan qumg‘onini yerning namli tuprog‘i ustiga qo‘yib relslarni tomosha qila boshladi. Har kuni yuzlab odamni qaylardandir olib qaylargadir eltuvchi bu uzun va so‘ngsiz temirlar ustida kelib-ketuvchi lokomativlar qoldirgan qora moy dog‘lari ko‘rinardi.
Signal ovozidan cho‘chib tushdi. Vokzalga kirib kelgan poyezd tashrifidan xabar berayotgandi. Lokomativ qora moy dog‘lari ustiga kelib to‘xtadi.
Kichik Hasan dasturlangan robot misoli qumg‘oni bilan chanog‘ini olib vagonlar tomon chopib ketdi. Vagon derazalariga boqib:
– Ayron, ayron, toza ayron! – deb baqira boshladi.
Yoz oylari “muzdek!” – deya baqirardi. Endi esa bu sovuq havoda, go‘yo har ayron so‘zining boshida haliyam o‘sha “muzdek” sifati eshitilganday bo‘lardi. Hech kim boshini ko‘tarib qarab ham qo‘ymasdi. Poyezddagi vagon derazalarining deyarli hammasi yopiq edi. Ochiq qolgan bir-ikkitasida sochlari bo‘yalgan, jun jemper kiygan ayollar turardi.
Kichik Hasanning ko‘zlari o‘ygudek bo‘lib yopiq eshiklarga boqar, yopiq derazalarni kuzatardi. U yopiq eshik va oynalar ortidan tunuka chanoqda ayron ichaoladigan insonlarni, o‘ziga tuzuk qishloq kishilarini, bo‘yinbog‘siz savdogarlarni, xizmatdan qaytayotgan askarlarni, xullas, chanqagan kishilarni qidirardi.
Boshdan-oyoq uch marta chopib borib keldi. Qumg‘onining qirrador gardishi nozik oyoqlariga urilib og‘ritar, ammo u yuzini sal burishtirib:
– Ayron, toza ayron!.. – deya baqirishda davom etardi.
To‘rt chanoq, hech yo‘q to‘rt chanoq sota olsa edi. Tushgan o‘n tiyinga uyiga qora non olib borishi mumkin bo‘lardi. Uning kelishini, och-nahor ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutib o‘tirgan ikki ukasi chaqmoqdek ko‘z o‘ngidan o‘tar, u esa bor kuchi bilan baqirardi:
– Toza ayron… Toza…
Onasi xizmatchilik qiladigan joyidan haftada bir marta bir necha soatgagina kelardi. Ozgina yupqa non, bir nechta piyoz, ba’zan ko‘zachada shinni olib kelardi. Ammo bular uch nafar ochofatga ikki kungayam yetmasdi… Shuning uchun ikki ukasini boqish vazifasi kichik Hasanning zimmasiga tashardi. Ikki va besh yoshli bir-biridan nimjon ukalarining butun ishi pastak kulbaning ichida qo‘liga nima ilinsa yeyishdangina iborat edi. Kichik Hasan har kuni qatiq ivitish uchun lozim bo‘ladigan oqlikni ukalarining bo‘yi yetmaydigan balandroq joyga – shift yog‘ochlarining devorga yopishgan burchagiga berkitishga to‘g‘ri kelardi. Vokzalga ketganida bu ikki ochofatning bisotlaridagi yagona qari echkini ham yeb qo‘yishlaridan qo‘rqardi.
Ko‘pincha, oqshom qo‘ltig‘iga qistirib olib kelgan nonini dasturxonga qo‘yib o‘zi ayron quyish uchun idish olgani oshxonaga o‘tib qaytgunicha balchiqdek qora nondan asar ham qolmaganini ko‘rib dahshatga tushardi. Bunday paytda o‘zi bir kosa ayron ichib qo‘ya qolardi. Ochlikka ko‘nikkan oshqozonining ming‘irlashlariga quloq osmay, eski po‘stak ustida yotgan ukalarining yoniga, ilma-teshik va kir ko‘rpa ostiga kirib uxlardi.
Uni dahshatga soladigan narsa ukalarining o‘pqondek yamlog‘ich, yebto‘ymas oshqozonlari emasdi. Bo‘sh qo‘l bilan qaytganida bu ikki chillashir norasidaning beadoq nafrat bilan boquvchi ko‘zlariga qarashdan qo‘rqardi. Shuni eslaganda titrab ketardi. Hozir ham shu o‘y dahshatidan bor ovozi bilan baqira boshladi:
– Ayron… Ayron!..
Poyezdning uchinchi bo‘lakdagi vagonlaridan birining darchasi ochildi. Uzun bo‘yinli, shapka kiygan, mo‘ylovdor bir kishi boshini chiqarib:
– Qani, uzatchi bir chanoq! – dedi.
Kichik Hasan chanoqni titragan qo‘llari bilan uzatdi. Xaridor qisiq ko‘zlarini chanoq ichiga tikib oz-ozdan yutumlab icha boshladi, mo‘ylovining uchida birikkan ayron tomchilari egniga tomardi.
Chanoqni uzatib:
– Yana bitta to‘ldir-chi! – dedi.
Uni ham sipqorgandan keyin cho‘ntagidan bitta o‘ntalikni olib pastga tashladi:
– Beshini qaytar!
– Maydam yo‘q! – dedi va atrofga qaradi. Atrofda vokzal mulozimidan boshqa hech kim qolmagan edi. U ham qor maydalab yog‘a boshlagani uchun boshini yoqasining ichiga tortib junjukkan ko‘yi poyezdning tezroq keta qolishini kutmoqda. Bola qumg‘onini o‘sha joyda qoldirib o‘sha yoqqa yugurdi. Pulni uzatib:
– Shuni maydalab bering!.. – dedi.
Mulozim javob bermay orqasiga burildi va poyezdning harakatlanishi uchun signalni chaldi.
Poyezd darchasidan uzun bo‘ynini chiqargan yo‘lovchi qo‘lini qoqib:
– Bu yoqqa kel, yaramas! – deb baqirdi. Kichik Hasan u tomon yugurdi. Darchadagi:
– Qani, ber o‘ntalikni! – dedi.
Bola darhol pulni uzatdi. Poyezd sekin qimirlay boshladi. Kishi pulni kamzulining cho‘ntagiga qo‘yib, chorasiz holda:
– Maydam yo‘q, nima qilamiz! – dedi.
Vagon kichik Hasandan besh-olti odim uzoqlashdi. Uzun bo‘yinli odam darchadan boshini chiqarib:
– Hoy bola, rozi bo‘lgin! – deya baqirdi. Kichik Hasan hech nimani tushunmagandek qarab qoldi. Poyezd uzoqlasha boshladi. G‘ildiraklarning shovqini orasida yana haligi ovoz eshitildi:
– Roziman degin-chi, qani, rozi bo‘l!.. Bo‘la qol!
Kichik Hasan nimalardir deb ming‘irladi. Keyin qumg‘onini olib vokzalning qor tushmagan chekka bir joyiga borib o‘tirdi.
Qor tezlasha boshladi. Kichik Hasan uyiga bo‘sh qo‘li bilan qaytgandan ko‘ra kechki poyezdni ham kutishga qaror qildi.
Sovuqdan muzlagan qo‘llarini ishqalar, onasi echki junini qirqadigan qaychi bilan tekislab qo‘ygan sochlarini silardi. Shamolda ko‘zlari yoshlanar va moviy ko‘zlarini qurshagan kipriklari bir-biriga yopishib qolardi.
Oqshomgacha shu burchakda kutdi. Ora-sira o‘rnidan turib oyoqlarini uqalab qo‘yar, keyin yana o‘tirib miyasining ichidagi tumanli bo‘shliqqa termulardi. O‘ylaganda ko‘ngli yorishadigan yoki xayol etishga arziydigan biror nima bo‘lmagani uchun bu bo‘shliqqa boqib dam olardi. Bir necha marta onasini esladi. Uning yig‘lamoqdan beri bo‘lgan yuzini ko‘rgandek bo‘ldi. Uch nafar bolani vayrona bir kulbaga tashlab boshqa qishloqlarda, begona insonlar yonida ishlab bir burda non topish uchun jonini jabborga berayotgan bu ayolga rahmi kelardi. Ukalariga bo‘lgan mehri ham shundan bo‘lsa kerak. Uydagi ikki och norasida haftada bir marta keladigan bechora ayolni ham doim o‘sha nafratli ko‘zlari bilan kutib oladi. Onaizor olib kelgan bug‘doy yormasidan atala pishirayotib o‘qchib-o‘qchib yig‘lab olardi. Uyni tartibga keltirishga urinardi. Oqshomgacha qolib, ba’zan indamay chiqib ketardi. Kichik Hasan uning og‘zidan na dadasi na qarindosh-urug‘i haqida bir og‘iz gap eshitmagan edi. Shundoq ham aqlini taniganidan beri ular haqida o‘ylab ham ko‘rmagan edi. Hayotni vokzalda ayron sotishu ukalarini boqishdan iborat deb bilardi. Shuning uchun ham ba’zan: “Onam biron kun kelib yana yotib qolmasin-da, azob chekib yana bir bola tug‘ib olsa, besh-o‘n kun o‘tib uni ham menga tashlab ketsa men nima qilaman?” deb o‘ylab qolardi. Yangi mehmonni boqish ham o‘ziga tushishidan qo‘rqardi. Qishloq ahli ham negadir ularning uyiga yaqin yo‘lamasdi. Eshigini taqillatib kelgan odamni umrida ko‘rmagandi. Turmush avvalgisidan battar bo‘lib boraverar va Hasan kun sayin suti kamayib borayotgan qari echkining yordami bilan bu dahshatli kurashda g‘olib bo‘lish uchun g‘ayrat qilardi. Bo‘sh vaqtida echkini o‘tlatar, qahratonda dara bo‘yidan qurigan o‘tlarni topib tutib echkisini boqardi.
Yozda ishlar unchalik qiyin bo‘lmasdi. Erta tongda yo‘lga tushilsa vokzalga charchamay yetib oladi. Deyarli qumg‘onidagi ayronning hammasini sota oladi. Cho‘ntagini to‘ldirgan mayda pullarga qancha suyunsa, uyga yengilgina qaytish fikri uni shuncha quvontirardi.
Ertalabki poyezd kelganida hammasini sota olmagan taqdirda oqshomgisini kutardi. Ko‘pincha vokzalga mahsulotini keltirgan dehqonlar tushlikda non yerkan qumg‘ondagi bor ayronni tugatishardi.
Oqshomgi poyezd soat to‘rt yarimda kelgani bois qorong‘i tushmasdan uyiga qayta olardi. Ammo bugun hali poyezd kelishiga yarim soat bor bo‘lishiga qaramay, atrof qopqorong‘i bo‘lgan edi.
Ayoz va qorong‘ida ketishga majbur bo‘lishini o‘ylab titradi va darhol uyiga qaytishni xohladi. O‘sha payt xonasidan chiqqan vokzal mulozimi poyezd yaqinlashganini aytdi.
Poyezdning vokzalga kirishi bilan ketishi bir bo‘ldi. Kichik Hasan yopiq va bug‘ qoplagan darchalar ortida bilinar-bilinmas ko‘rinayotgan inson shakllariga qarab poyezdning boshidan oxirigacha yugurdi. Va “Ayron, toza ayron!” – deb baqirdi. Katta tuflisi nam tuproqda g‘ijirlar, baqirayotganida og‘zini qor uchqunlari to‘ldirardi.
Vagonlarning darchalaridan to‘kilib yerdagi ko‘lmaklarda yoyilgan xira shakldor nurlar sakrab-sakrab uzoqlashar ekan kichik Hasan qumg‘onini ko‘tarib taxta to‘siqli eshikdan chiqdi va qishlog‘i tomon yo‘l oldi.
Hali qorong‘iga ko‘nikmagan ko‘zlariga qor parchalari urilardi. Qumg‘on ichidagi ayron har qadamda chayqalar va g‘alati tovushlar chiqarardi. Sekin-asta sirtidan ichiga o‘tgan sovuq uni titrata boshlagan edi.
Hech nimani o‘ylamay, hech nimani his qilmasdan va hayvon misoli yo‘lini refleks orqali topib ilgarilab borardi. Ichkarilab borgan sari oyoq kiyimi va qumg‘onidan chiqqan tovushlarga yana boshqa saslar ham qo‘shilgandi. Uzoqlardan turli hayvonlarning ovozi eshitilardi.
Dahshatli qo‘rquvdan dir-dir titrardi. Kattaroq qadam tashlashga urinardi. Ammo oyoqlari chalishib ketardi. Sovuqdan uyushgan oyoqlaridagi qumg‘on gardishining izi zirqirab og‘rirdi.
Qorong‘idan, yuzini qamchilayotgan qor va shamoldan, tizzasigacha sachrayotgan loydan va qulog‘iga chalinayotgan turli tovushlardan qo‘rqayotgandi. Ochqaganini, nimjon ukalarining dahshatli ko‘zlarini, charchog‘ini unutgan edi. Tezroq qishlog‘iga yetib olish, o‘choqda kulga aylangan o‘tin cho‘g‘i bilan ham yorishib ketadigan kulbasiga kirib borish va bir burchakka yashirinmoq istardi. Na yotmoq na dam olmoqni o‘ylardi, shu to‘rt devor ichiga kirib olsagina yetardi shu topda… Bu zulmatdan, bu tovushlardan qochib qutilmoq uchun…
Oyoq kiyimi loyga botib qolgandi. Oyoq yalang chopa boshladi. Chayqalayotgan qumg‘ondan usti-boshiga va atorfga ayron to‘kilib borardi. Qo‘rquvdan siqilgan tishlari orasidan ma’nosiz tovushlar chiqib kelardi.
Uzoqlardagi hayvon tovushlari borgan sari yaqinlashayotgan edi. Holbuki yo‘l yarmini ko‘rsatuvchi quruq tol yonidan endigina o‘tgan edi. Yoshlangan ko‘zlarini zulmatni yorib yuborishni istayotgandek katta-katta ochib ilgarilab borardi. Hech nimani ko‘rolmasdi. Havo ochiq bo‘lganida ham to yoniga kelmaguncha chiroqlarini payqab bo‘lmaydigan qishloq unga go‘yo yetib borish imkonsiz bir go‘shadek tuyuldi. Bir yerga qistirilgan va qochish imkoni bo‘lmagan vahshiy hayvon misoli nihoyatda dahshatga tushgan edi. Qo‘lidagi chanoq va ayron qumg‘onini otib yugura boshladi. Bo‘g‘zidan tushuniksiz ovozlar yoyilardi. Ba’zan “Ona… Ona!” deyayotgandek, ba’zan “A… A… Aaah”ga o‘xshash ovozlar qorong‘ida to‘kilib borardi.
Hayvon tovushlari yana-da yaqinlashgan, oldinda qor ustida qandaydir qora-qura narsalar paydo bo‘lib yana g‘oyib bo‘la boshlagan edi. Kichik Hasan tizzalarida kuch qolmaganini his qildi. Qo‘rquv butun vujudini egallab olgandi. Yalang oyoqlari sirpanchiq loyga har bosganida chiqqan tovush sirtiga qamchi bo‘lib urilardi. Va qo‘rquvini yanada kuchaytrib yuborardi. Bo‘g‘ziga nimadir tiqilgan edi. Yorilgan barmoqlari bilan ko‘zini artib oldinga qaramoqchi bo‘lganida oyog‘i toyib yiqildi. Turdi lekin yana besh-olti odimdan so‘ng yana yiqildi. Bo‘g‘zidan chiqqan tovush yanada qo‘rqinch tusga kirgandi.
– Ona… Ona!.. – deya baqirar ekan, ovozi borgan sari yaqinlashayotgan va qor ustida sirpanayotgandek doiralar chizib kelayotgan hayvonlarning ovozidan farq qilmas edi.
Yo‘lning loyli chuqurlariga yiqilgan va majolsiz yotgan vujudini qor qoplay boshlasa-da siqilgan tishlari orasidan haliyam:
– Ona… Onajonim… Ona! – degan ovoz eshitilardi. Bu paytda, bir necha yuz metr naridagi kulba eshiklari ortida shamollar shovurini tinglab kichik Hasanni kutayotgan aka-ukalar ham o‘xshash qo‘rquv ichida titrar edilar. Qishloq oralagan bo‘ri tovushini eshitgan sari bir-birlarining pinjiga suqilishardi.

1938

Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi