Rober Merl. Izabella (hikoya)

Gertsog Brachchano, ya’ni Paolo Orsini xotinining vafotidan so‘ng g‘alati hunarlar chiqara boshladi. U Toskan gertsogining yigirma bir yoshli qizi Izabella Medichiga uylandi. Bu nikohning boshida kuyov va kelinning ota-onalari turishdi. To‘y uzil-kesil aniq bo‘lgandan so‘ng keksa Orsini o‘g‘lini chaqirtirdi-da, balandparvoz va ta’sirli so‘zlar bilan bu nikohning nechog‘liq manfaatli ekanini dalil-isbotlar bilan uning miyasiga quydi. Paolo tishini tishiga qo‘yib, uning gaplarini oxirigacha tingladi. Nima balo, deb o‘yladi u, otam qandaydir yassiko‘krak, sariqmashak, miyasiga xurofot in qurgan bir rohibani menga xotinlikka olib bermoqchimi deyman. Paolo hamma gapni u qulog‘i bilan eshitib, bu qulog‘idan chiqardi-da, keksa Orsiniga boshini egib minnatdorchiligini bildirdi, so‘ng to‘p o‘ynagani chiqib ketdi.
Izabellani ko‘rishga Paoloni majbur qilishmaguncha u hali qizni mutlaqo ko‘rmagandi va ko‘rishga ham orzumand emasdi. Bu paytlarda u, allaqachonoq suyuqoyoq Lukretsiyaning tuzog‘iga ilinib, maishatparastlikdan boshi chiqmay qolgandi. Lukretsiya endigina o‘n besh yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, binoyidek aql-farosatiyu xush tabiati bilan gertsogni o‘ziga rom etgandi. U aynan Izabella bilan uchrashuv belgilangan oqshomda, kechki ovqat mahali Lukretsiyaning huzurida bo‘lishni ko‘ngliga tugib qo‘ygandi va bu rejaga dabdurustdan qo‘yilgan to‘siqdan qoni qaynab, bo‘lajak xotinining yoniga yoqimsiz kayfiyatda kirib bordi. G‘azabini yashirishni eplolmaganidanmi yo buni istamaganidanmi, xullas, fig‘oni falakka chiqqanini berkitib ham o‘tirmadi, yerga boqqancha qizning yonida hozir bo‘ldi, boshini ko‘tarib qaradi-yu, qarshisida turgan o‘rta bo‘yli, ko‘hlikkina, xushbichim, ko‘zlari tiyrak, yigitni yaxshiroq bilish ilinjida unga ayyorona tikilib turgan sohibjamol qizni ko‘rib hayratdan tong qotib qoldi. Yigit bosh egib salom berdi. Qiz ham, garchand uning nigohlari buning aksini aytib turgan bo‘lsa-da, baribir yigitning izzatini joyiga qo‘ydi – unga ta’zim bajo qildi. Bu ishvadan yigitning yuragi “jiz” etib ketdi va u bir zumga Lukretsiyani unutdi.
– Muhtaram janob, – deb so‘z boshladi Izabella, ularni bazo‘r yolg‘iz qoldirishgandan so‘ng namoyishkorona samimiylik bilan, – tan olib aytishimiz kerakki, ikkimizni ham pichoqsiz so‘yishdi. Ota-onalarimiz tuyg‘ularimizni nazar-pisand qilmay, boshimizni qovushtirishmoqchi, ayting-chi, bunday nikoh bizni baxtli qila olarmikan? Hamonki, o‘zga ilojimiz yo‘q ekan, nasroniylarga xos itoatkorlik bilan peshonamizda borini ko‘raveramiz-da. Menga kelsak, hayotingizni buzish niyatim yo‘q, to‘ydan so‘ng meni o‘zingizga qarashli yer-mulkka jo‘natib yuborib, bu dunyoda mendek qiz borligini unutib yuborsangiz ham sizdan zarracha ranjimasdim, qaytanga bundan o‘zimni baxtiyor his etgan bo‘lardim…
Shunday kayfiyatda, biron marta ham adashmay-netmay, odob-axloq doirasida Izabella Medichi suhbatdoshiga teshib yuborgudek tikilgancha, rosa o‘n daqiqa gapirdi. Gertsogning og‘zi lang ochilib qolgandi. U Italiyaning eng ketvorgan yigitlari safidan joy olgani uchun ham shunday zebo qiz undan umrbod yiroqda yashash istagini bildirganidan juda ham hayron qolgandi.
– Oyimqiz, – dedi yigit, nihoyat tilga kirib, – odam bo‘lajak turmush o‘rtog‘iga ham shunday deydimi! Meni endi ko‘rib turgan bo‘lsangiz-u, darrov qochib qolishni o‘ylayapsizmi?
Izabella “nasroniylarga xos itoatgo‘ylik”ni dam-badam tilga olib, yana o‘zining uzundan-uzoq nutqini boshladi. Gertsog oxiri qiz uni kalaka qilayotganini payqab qoldi. Uchrashmaslaridan avval bu nikohga hushi yo‘qligini, hozir esa fikri o‘zgarganini va qizning yonida bo‘lishdan baxtiyor ekanini u takallufsiz, mug‘ombirlik qilmay, aql-hushini bir joyga qo‘yib, aytib qo‘ya qoldi.
– Yo‘g‘-ey, – dedi Izabella ochiqdan-ochiq uni masxaralab, – rostdan-a? Nahotki Lukretsiya xonim bilan birga bo‘lishdan ko‘ra, men bilan suhbat qurishni afzal ko‘rsangiz?
Darhol o‘rtadagi xafagarchilikni yumshatish maqsadida, o‘z haziliga o‘zi birinchi bo‘lib kuldi-da, suhbatdoshiga yoqimli qarash qilib, uning qo‘liga suyandi.
Ilk uchrashuv binoyidek anchagacha cho‘zildi. Paolo hayratining cheki yo‘q edi: Izabella asilzodalardan bo‘lsa-da, aslida ham oqsuyaklar ichida kuymalanib yuruvchi qandaydir suyuqoyoq ayoldan aqli ancha ziyrak chiqib qolgandi.
Unashtirilganlar suhbatlashayotgan xonaga uni yollagan ashaddiy g‘alamis – keksa Orsiniga barini oqizmay-tomizmay yetkazib turuvchi ayg‘oqchi yashirinib olgandi. Ishlar o‘zi istagandek tus olayotganidan xabar topgan Orsinining og‘zi qulog‘ida edi. Paoloning battol fe’lidan boxabar bo‘lgan qariya, nasl-nasabi uchun manfaatli bunday nikohdan quruq qolishdan cho‘chir, o‘g‘li yosh gertsoginyani va qiz orqali uning oilasini ranjitib qo‘yishidan xavotirda edi. Qariya Orsinini bir necha yillardan beri og‘ir dard azoblab kelardi, shu tufayli u butunlay holdan toyib qolgandi; otaning birdan-bir armoni mana shu nikohni ko‘rib qolish edi. Izabella o‘g‘lining aql-hushini olib qo‘yganiga ishonch hosil qilgan qariya chuqur mamnuniyat hissini tuydi-da, o‘zining bosh kotibi va sinashta bo‘lgan vakiliga: “Endi o‘lsam armonim yo‘q”, – dedi va oradan bir hafta o‘tar-o‘tmay dunyodan o‘tdi.
Izabella Paologa o‘g‘il hadya etish baxtiga muyassar bo‘ldi. Bolaga Virjinio deb ism qo‘yishdi va Izabellaning akasi, Toskan gertsogi Franchesko Medichi chaqaloqning cho‘qintirgan otasi bo‘ldi. Franchesko singlisi Izabellaga favqulodda boshqacha mehr qo‘ygandi va hamisha qizga qattiqqo‘llik bilan munosabatda bo‘lib kelardi. Bir kuni Izabella jilmayganicha eri Brachchanoga agar Franchesko gertsog unvonini ular turmush qurmaslaridan avval olganida, akasi biron nimani bahona qilib ularning to‘yini to‘xtatishi va singlisini cherkovga haydab solgan bo‘lishi mumkinligini aytib qoldi.
Er-xotinning o‘n sakkiz yillik turmushlari mobaynida Brachchanoning gertsoginiyaga muhabbati shunday kuchli bo‘ldiki, hech bir ayolning gertsogni uzoq muddat ushlab turishga qurbi yetmasdi. Biroq gertsog askar edi, u olis yurtlarda jangda bo‘lardi. Izabella o‘zini tashlab ketilgan ayoldek his etardi. Erining xiyonatlaridan xabar topganida alamini ichiga yutardi. Bir kuni Paolo sakkiz oylik harbiy safardan qaytgach, rashk o‘tida yongan Izabella erini sovuq kutib oldi va og‘ziga kelgan har xil piching gaplarga Paoloni ko‘mib tashladi. Xudo uni aql-farosatdan qismagandi.
– Jin ursin, xonim! – dedi izzat-nafsi og‘rigan gertsog. – Menga bo‘lmag‘ur ayblarni taqashni bas qiling! Nahotki siz meni yo‘l bo‘yida tasodifan duch kelib qolgan qandaydir qishloq qizidan qizg‘ansangiz? Nima, ochdan o‘lay deb turganimda, sizningcha, o‘z nasibamdan voz kechishim kerakmi?
– Men bo‘lsam, janob, – mag‘rur e’tiroz bildirdi Izabella, – duch kelgan yerdan qornimni to‘yg‘azishdan ko‘ra ochdan o‘lishni afzal ko‘rgan bo‘lardim.
Bu javob gertsogga ayil botdi. U lom-mim demay rangi-quti o‘chgancha xonadan chiqdi-da, otga minib, bir badar ketgancha naq bir yilgacha qorasini ko‘rsatmadi. Agar otasining ustomonligidan unga zarracha yuqqanida edi, u bironta xizmatkorga gertsoginyani kuzatishni topshirardi-da, erining suratidan bo‘sa olmaguncha, uxlagani yotmasligidan darak topgan bo‘lardi. Odam bo‘yi baravar qilib ishlangan bu surat devorga osilmagandi, balki yerga qo‘yib, chekkasidan devorga mahkamlangandi, shuning uchun u xuddi xotinining xonasiga kirib kelayotgandek taassurot uyg‘otardi. Har kuni kechqurun Izabella tungi ko‘ylakda yalang‘och yelkalariga sochini yoyib, erining suratiga yopishgancha, bor ovozila oh-voh qilib ko‘z yosh to‘kardi. Uning bo‘yi uncha baland bo‘lmagani bois rasmdagi odamning labiga labini tekkizish uchun oyoq uchida turib cho‘zilishiga to‘g‘ri kelardi.
Gertsog Izabella bilan 1576 yilning bahorida yana uchrashdi. Xotinimning mendan ko‘ngli qolgan, deb uni unutish uchun bechora nimalar qilmadi. U o‘z surati yoniga o‘tirib oldi-da, iloji boricha unga qaramaslikka harakat qildi va gertsoginyaning hurmatini joyiga qo‘yib bir-ikki og‘iz gapirdi. Izabella bu manzarani xayolida butunlay boshqacha tasavvur qilgandi. Ushbu uchrashuvdan ilgariroq Brachchano Lukretsiya bilan boyagi-boyagi eski aloqalarini boshlab yuborgani va ikki kun avval kechki ovqatni u bilan yegani Izabellaning qulog‘iga yetib kelgandi. Buni eshitgan gertsoginya battar qayg‘uga botdi. Xizmatkor bekalardan birining aytishicha, Lukretsiya Izabelladan biroz kichik bo‘lib, o‘rtadagi arzimagan bu tafovut ham uning nazdida alohida ahamiyatga ega edi. Izabellaning yoshi endi o‘ttizdan oshgan, hali o‘n gulidan bir guli ochilmagan bo‘lsa-da, lekin men qarib, so‘lib, jozibamni yo‘qotganman deb o‘zini ishontirishga urinardi.
Unga tinchlik bermay qo‘ygan o‘y-xayollardan Izabellaning rang-ro‘yi bir holatda edi, xotinini kelib ko‘rgan Brachchanoning xayoliga boshqa fikr kelgandi. Muhabbatini gertsogning suratiga qarab qayta-qayta izhor etishdan charchamagan Izabella, endi o‘sha rasmning asl nusxasi yonida o‘ng‘aysiz bir holatda sukut saqlab o‘tirardi. Uning xayoli Lukretsiyada edi va u gertsogni haqorat qilib yuborishdan cho‘chib, gap boshlashga yuragi dov bermayotgandi. Endi ayol barcha ko‘ngilsizliklarga duchor qilgan o‘zining fahm-farosatiga ishonmay qo‘ygandi. Kishiga azob berishdan nariga o‘tmaydigan bu zo‘raki samimiylikdan toqati toq bo‘lgan Izabella o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Brachchano uni bu taxlit tez kuzatib qo‘yishayotganidan juda ranjidi va ketishga taraddudlanib, Izabellaning qo‘lidan beparvogina o‘pdi-da, teskari o‘girildi. Eshik oldiga yetganida, suratga ko‘zi tushdi. O‘n yil avval hali gertsoginya uni sevgan paytlarda o‘zining qanday bo‘lganini alam bilan esladi. Gertsog birdan to‘xtadi-da, suratga sinchiklab razm soldi va birdan suratdagi kulib turgan, samimiy bu yigitning endi sharti ketib, parti qolgan sho‘rpeshona erkakka g‘ijinib qarayotganini his etdi. U gertsoginyaga o‘girildi-da:
– Suratim bu yerda juda ko‘p joyni egallabdi, uni bu yerdan olib ketishlarini aytaman, – dedi ro‘yxush bermay.
U xiyol burilgancha yerdan ko‘z uzmay bir oz kutdi. Ayoldan sado chiqmagach, unga nazar ham tashlamay, chiqdi-ketdi. Xotini o‘zi istaganda ham og‘iz ochishga majoli qolmagandi: Izabella karavotga suyangancha jim, hissiz qotib turardi.

* * *

Ertasiga gertsog jo‘nab ketdi. Izabella uni bir talay mulozimlar hamrohligida saroydan chiqayotganini derazadan kuzata turib, gertsogni go‘yo so‘nggi bor ko‘rayotgandek bir hisni tuydi. U sakkiz yil avval gertsog unga hadya qilgan olmos bezakli ixchamgina xanjarni oldi-da, yuragiga sanchishiga bir bahya qoldi. Oysha uning qo‘lidan tutib qoldi. Izabellani o‘g‘lidan ajratganlaridan beri u shu qizga bog‘lanib qolgandi. Akasi Virjinioni saroyning ishonchli xizmatkorlariga topshirgandi. Hali o‘n beshga ham to‘lmagan mavr qizining gertsoginyaning qo‘lidan xanjarni tortib olishga kuchi yetmasdi, shunday bo‘lsa-da, qizcha xonimni yana bir bema’ni urinishdan to‘xtatib qolish uchun uni tishlab, yumdalab joni boricha harakat qildi. Oysha birdan nobop o‘girilgandi, tig‘ uning betiga tegib yorib yubordi, qizginaning yuzidan qon tirqirab oqa boshladi. Gertsoginya qo‘rqqanidan qichqirib yubordi. U xizmatkorni o‘ldirib qo‘ydim degan xayol bilan xanjarni itqitdi-da, mushtdekkina cho‘rini bag‘riga bosdi, uning tirik ekanini ko‘rganidan so‘ng sal-pal erkin nafas ola boshladi. Bu ko‘rgiliklar undagi bor g‘am-anduhlarni ham tarqatib yubordi va Oyshaning jarohatini yaxshilab yuvib-tozalab bo‘lganidan so‘ng o‘lim to‘g‘risidagi bema’ni xayollarga boshqa berilmaydigan bo‘ldi.
Besh yildan buyon gertsoginyaning uyida bo‘y-basti, aft-angori, hatto fe’l-atvori bilan ham quyib qo‘ygandek gertsogning o‘ziga o‘xshash, uning uzoq qarindoshlaridan Troilo Orsini degan kimsa eshik og‘asi bo‘lib xizmat qilardi. Bu odamning gertsogdan yagona farqi, o‘ziga topshirilgan vazifani sidqidildan halol ado etishida edi, gertsogdek baxtli bo‘lib tug‘ilish nasib etmagach, nimayam qilsin. Izabella eri yo‘q paytlarda o‘zi boshqarishiga to‘g‘ri keladigan hovli-joyda o‘lgudek zerikardi, vaholanki, vaqtini chog‘ o‘tkazish uchun abjirlik, kuch talab etuvchi ko‘ngilochar o‘yinlar uning uchun muhayyo edi, u soatlab ot chopardi, tirmashib qoyalarga ham chiqardi, so‘ng qizib ketganidan tog‘ning muzdekkina soyiga o‘zini tashlab hovurini bosib ham olardi. Troilo Orsini yonidan jilmay unga hamrohlik qilardi. Bu saroy xizmatkori unga ko‘ngil qo‘ygandi va Izabella bularni garchi sezmasa-da, Orsini vazifasidan foydalanib, gertsoginya o‘zini yolg‘iz his etmasligi uchun ayolga ancha-muncha mayda xizmatlar ko‘rsatib turardi. Troiloning tuyg‘ularini Izabella mutlaqo payqamasdi; u bor-yo‘g‘i xizmatkor edi, xolos, Izabella unga o‘zining sodiq iti yoki otiga qaragandek qarardi, undan ortiq emas. Ayol sekin-asta uni o‘ziga yaqinlashtirishga jur’at etib, dam-badam uning qo‘liga suyanar, uni o‘z xonasida qarshi olib, uning oldida yechinardi ham…
Troilo bir paytlar gertsogning qo‘shinida xizmat qilgandi, xizmat qilganda ham mardlarcha jang qilib, o‘ng qo‘lidan yaralangandi, shu-shu u butunlay yaroqsiz bo‘lib qolgandi. Bu majruhlik uni jangovar qahramonliklardan voz kechishga majbur etgandi. Shundan so‘ng gertsog Orsinining gardaniga xo‘jalikni boshqarish vazifasini yuklab qo‘ygandi, garchand bu ish uning ko‘nglidagidek bo‘lmasa-da, biroq u o‘ziga topshirilgan ishni sidqidildan ado etishga o‘rganib ketgandi. Gertsoginya Orsinining o‘ziga yaqinlashishga izn berganda, boshda halovatning avj pallasiga erishganini his etdi-yu, biroq keyinchalik bundan qattiq ko‘ngli qoldi. Bir tarafdan ehtirosdan esi og‘ay derdi, boshqa tomondan sevgan ayolining unga jonsiz buyumdek munosabatda ekani uni iztirobga solardi.

* * *

Brachchano jo‘nab ketgandan so‘ng ikki oy o‘tib, gertsoginya Troiloni chaqirishni buyurdi. Ertalab kun odatdagidan issiq, yarim yalang‘och Izabella Oyshaning yonida sochini taratib o‘tirardi. Xizmatkor kelganida ayol boshini ham ko‘tarmay, o‘lib qolgan to‘tining ahvolini surishtira ketdi. Troilo bir lahza tildan qoldi. U bir vaqtning o‘zida ham xohish, ham g‘azab o‘tida qiynayotgan uning go‘zal yelkalaridan ko‘z uzolmay qoldi. “Bu qanday bedodlik,– o‘yladi u, – nima, men erkak emasmanmi, ayollar tap tortmay mening yonimda yechinaveradi?” “Erkak emas” degan so‘zdan uning battar fig‘oni falakka chiqsa-da, baribir tishini tishiga bosdi.
– Shunday qilib, Troilo, to‘ti… – dedi gertsoginya sabrsizlik bilan o‘sha-o‘sha boshini ko‘tarmay.
– Shunday qilib, xonim, – cho‘rt kesib dedi Troilo, – to‘tilaringizga qarash uchun endi saroydan boshqa xizmatkor yollaysiz. Ertadan boshlab men sizning xizmatkoringiz emasman.
Bunday ohang gertsoginyani hayron qoldirdi, chunki Troilo unga har doim o‘ta odob bilan murojaat etib kelardi. Ayol boshini ko‘tardi, ikki oy avval Brachchanoning surati qo‘yilgan joyda Troilo Orsini devorga suyanib turardi. U qo‘llarini ko‘kragiga chalishtirib, g‘azabli nigohini ayolga qadagandi. Gertsoginya seskanib tushdi. Bu naq gertsogning nigohi edi.
– Troilo, nima gap o‘zi? – dedi xizmatkorning shartakiligidan o‘ziga kelolmay ayol. – Sizni xafa qilishdimi deyman?
– Ha, xonim, – dedi muloyim ovozda Troilo hamon ayoldan darg‘azab ko‘zlarini uzmay, – meni ayovsiz tahqirlashdi.
U qaltirab turgan qo‘llari bilan Izabellaning o‘zini ko‘rsatdi.
– Hali menmi, Troilo? – azbaroyi hayratdan qichqirib yubordi gertsoginya. – Hali menmi sizni tahqirlagan? Nima qilib tahqirlabman?
– Mana, xonim, nima qilib, – dedi u qo‘li bilan ayolning yarim yalang‘och tanasini ko‘rsatib.
Gap nimada ekanligini daf’atan Izabella tushunmadi. Tushungandan so‘ng yuzi cho‘g‘day qizarib ketdi. Troiloning birgina ishorasi unga jonsiz buyumdek qarashlarini chippakka chiqarib yuborgandi. U o‘zini chetdan yarim yalang‘och, buning ustiga erkaklarning ko‘z oldida kishining g‘ashini keltiradigan qiyofada ko‘rdi. Sharm-hayo, g‘azab va nafrat bir bo‘lib uning ko‘nglini shunaqangi alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordiki, sal bo‘lmasa hushdan ketayozdi.
– Yaramas! – qichqirgancha sapchib o‘rnidan turib ketdi Izabella. – Hali sen o‘z bekangga ko‘z olaytiradigan bo‘ldingmi! Sen-a?! Xizmatkor bo‘la turib-a?!
U yugurib to‘shagi yoniga keldi-da, yostiq tagiga yashirib qo‘ygan xanjarni olib, Troiloga tashlandi. Troilo bor bo‘yicha qaddini rostladi-da, o‘sha-o‘sha qo‘lini qovushtirgancha tek qotib turaverdi. Xizmatkor hali bu darajada gertsogga o‘xshab ketmagandi.
– Itvachcha! – dedi ayol teskari qarab, jahd bilan xanjarni xonaning narigi burchagiga uloqtirarkan. – Yo‘qol! Bundan keyin qorangni ko‘rmay!
– Shunday bo‘lgach, men bu dargohdan hoziroq ketaman, – sovuqqina dedi Troilo.
– Ertaga! – baqirdi gertsoginya nima deyayotganini o‘zi ham anglamay. – O‘zing “ertaga” dedingmi, demak faqat ertaga ketasan! Agar itoat etmasang, seni qamab qo‘yishlarini buyuraman!
Troilo ayolga g‘alati qaradi.
– Men nima ham derdim! – dedi u mutlaqo xotirjam ohangda. – Ixtiyor sizda. Ertaga desangiz, ertaga-da.
U ta’zim qildi-da, chiqib ketdi. G‘azabdan ko‘zlari yongan gertsoginya qattiq tugilgan mushtumlarini tishlagancha xonaning u yog‘idan-bu yog‘iga borib-kelardi. Bu telbalikdan u uzoq vaqt xalos bo‘lolmadi.
– Nega jahling chiqyapti? – daf’atan so‘radi Oysha mavritancha taomilga ko‘ra unga “sen” deya murojaat etib, – u erkak bo‘lsa, sen esa ko‘zga yaqin ayol bo‘lsang.
– Eshik og‘asi! – qichqirdi gertsoginya. – Mening xizmatkorim!
Davom ettirishga endi ayolning holi qolmagandi. Boshqa so‘z ham topolmayotgandi.
– U axir erkak bo‘lsa, – takrorladi Oysha unga ma’noli ko‘z tashlab.
Bu nigoh gertsoginyani taajjubga soldi. U o‘ta ziyrak ayol edi, shu bois Orsini ikkalasi o‘rtasidagi mujmal munosabatni fahmlamasligi mumkin emasdi. O‘zini sarkashlikdan tiyolmay, evaziga topgan huzur-halovat uchun o‘zini la’natlardi. Mening badanimni tomosha qilganidan qanchalik huzurlanayotganini bilmas darajada ovsar emasman-ku.
– Oh, qabohat! – dedi gertsoginya baland ovozda yana xonaning u burchidan bu burchiga borib kelarkan. – Uning erkakligini go‘yo bilmagandek o‘zimni go‘llikka soldim… Borib turgan tannozu eng past suyuqoyoq ham bunday… – davom etdi ayol zo‘r hayajon bilan va gapi oxiriga yetmadi. – Orsini shunday oliyhimmat asilzodalardan bo‘lsa, buning nimasi ajablanarli…
Ayol birdan Orsinini oqlayotganini fahmlab qoldi va uning qo‘polligi o‘zini ko‘pam haqoratlamaganini xavotir aralash sezib qoldi.
– Haqoratlangan emishman, biroq kimning oldida? – dedi va birdan kulib yubordi.—O‘zimni o‘zim aldashdan nima foyda? Men o‘zi kimman – gertsoginya Brachchanomi yo tashlab ketilgan ayol? Ustiga-ustak endi yosh emasman, – qo‘shib qo‘ydi u, oynada unga hafta mobaynida tinchlik bermay kelayotgan ajinga boqarkan.
Yuzidagi ajinga ko‘zi tushishi bilanoq uning kayfiyati tushib ketdi. O‘ringa o‘zini tashladi-da, yuzini yostiqqa burkadi.
– Nima bo‘pti! – dedi u kechqurun bir oz o‘zini bosib olgach.—Men to‘g‘ri yo‘l tutdim. Orsini ertaga jo‘nab ketishi birdan-bir to‘g‘ri yo‘l… Qanaqasiga! – baqirib yubordi u yana o‘sha zahoti. – Demak, u ham meni tashlab ketar ekan-da?
“U ham-a” degan so‘zni tilga olganida, qattiq uyat yuragini o‘rtab yubordi. Ayol birdan Orsinini gertsogga tenglashtirib xato qilayotganini payqab qoldi.
– Xizmatkor! – dedi u ovozini chiqarib. “Xizmatkor” so‘zi uncha-muncha bo‘lsa-da, sho‘rlik gertsoginya istasa qo‘l siltashi mumkin bo‘lgan ular orasidagi birdan-bir yagona mustahkam to‘siq edi. Shafqatsiz g‘am-g‘ussa uni azoblashdan charchamasdi. Gertsoginya Orsini jo‘nab ketgandan keyingi hayotini ko‘z oldiga keltirdi-da, undan yuz o‘girgan gertsogdan so‘ng ayolni o‘z g‘amxo‘rliklari bilan qo‘llab-quvvatlab turgan yagona inson ekanligini tushunib yetdi. U beixtiyor qachonlardir Brachchanoning surati turgan joyga nazar tashladi va suratni u yerdan olib ketishgani yodiga tushdi. So‘ng ancha vaqtgacha karaxt bir holda o‘z to‘shagida qimirlamay o‘tirdi.
– Ketsa ketaversin! – dedi u oxiri boshini ko‘tarib. – Or-nomusli ayol shunday yo‘l tutadi… Or-nomusli… – tezda takrorladi u alamnok kulgi bilan. –Erimni ushlab qolish uchun o‘sha or-nomus deganlari menga nima qilib berdi?

Kech soat o‘n birlarda gertsoginyaning yoniga chopar keldi. U gertsogni kuzatish maqsadida gertsoginya tomonidan tayinlangan odam bo‘lib, shu topda yangi mujda bilan tashrif buyurgandi: Brachchano mavritan qaroqchilariga qarshi flotni safarga hozirlayapti ekan. Uning o‘zi Venetsiyada bo‘lib, Lukretsiya ham unga ergashib o‘sha yerga ketgan. Brachchano har oqshomni ayol bilan birga o‘tkazarkan.
– Oysha, – qichqirdi gertsoginya, – Troilani chaqir bu yerga! Zudlik bilan huzurimga kelsin! Bu mening amrim!
Bir payt rang-quti o‘chgan, ammo xotirjam holda Orsini kirib keldi. Ayol hamon ayg‘oqchi keltirgan chaquv maktubini titroqli qo‘lida ushlab turgancha unga nazar tashladi. So‘ng Izabella maktubni g‘ijimladi-da, burchakka uloqtirdi va Orsinining yoniga keldi.
– Janob, – dedi gertsoginya, xizmatkorga deyarli yopishib, – men oldingizda gunohkorman va bu aybimni yuvishga tayyorman…

II

Ikki oy o‘tgach, Izabella akasining Florentsiyadagi qasriga jo‘nab ketdi. Akasi bir yildan beri uni chaqirgani-chaqirgan edi, garchi Franchesko unda mehrdan ko‘ra ko‘proq qo‘rquv hissini uyg‘otsa-da, o‘z akasiga itoat etishdan uzoq vaqt o‘zini olib qochishning iloji yo‘q edi: o‘sha paytlar akasiga deyarlik eridek saltanatga egalik qilish nasib etgandi.
Ayolning sayohatdan asl maqsadi Franchesko saroyida xizmat qiluvchi o‘n to‘rt yoshli o‘g‘li Virjinio bilan ko‘rishish edi. Troilo Orsini esa bu safarda unga xizmatkor sifatida hamrohlik qilardi, biroq gertsoginya negadir Oyshani noma’lum sabablarga ko‘ra o‘zi bilan olib kelmagandi. Ehtimol, bu hol mavritanlik qizni bevaqt ajaldan yoki, jilla qursa azob-uqubatdan saqlab qolgan bo‘lsa, ajab emasdi.
Franchesko Brachchanoning izzatini joyiga qo‘ygandek, Izabellani ham qora sarupoda, dabdabali mulozimlar hamrohligida, otga minib, alohida hurmat-ehtirom bilan kutib olishga chiqdi. Shunga qaramay, ular arang yolg‘iz qolishdi va aka ta’rifga sig‘mas qahrli nigoh bilan singlisiga yeb qo‘ygudek tikildi-da:
– Mabodo Brachchano haqida mening qulog‘imga chalinayotgan uzunquloq gaplar rost bo‘lsa, bundan o‘n sakkiz yil burun gapimga kirib, cherkovga ketganingizda oqilona yo‘l tutgan bo‘lardingiz, – dedi.
Bularning bari gertsoginyani ranjitish niyatida oldindan o‘ylab qo‘yilgan uzundan-uzoq nutqning debochasi edi. U gapni ayolning tashqi ko‘rinishiga istehzoli tahsin o‘qishdan boshladi, so‘ng gertsoginya o‘zini qiynoqda qolgandek his etib azob chekishi uchun ularni nafrat to‘la nigohi bilan kuzatgancha singlisini haddan ziyod iltifotga ko‘mib tashladi. Francheskoning jag‘i bir zum tinmas, qop-qora kiyimga burkanib olib, bukchaygancha ayolning atrofida parvona edi, to‘g‘rirog‘i, u yoqdan-bu yoqqa tinmay borib kelar va akasining har bir harakati zamirida allaqanday vahimali, yovuz nimadir bor edi. Sho‘rlik gertsoginya ko‘z ochib-yumguncha burda-burda qilishga shay turgan yirtqichlar ichiga tushib qolgandek his etardi o‘zini. Nihoyat Franchesko yo‘lga tushib ostonaga yetganda mutlaqo beparvolik bilan gertsoginya o‘g‘lini ko‘rolmasligini ma’lum qildi: o‘g‘li va yana bir qancha saroy a’yonlari kechagina Brachchano uchun Venetsiyaga pul olib ketishgandi. Gertsoginya o‘z xonasiga qaytganidan so‘ng o‘sha zahoti Troilo Orsiniga odam jo‘natdi. U saroy hovlisida Izabellaning buyumlari ortilgan aravani bo‘shatishga ko‘z-quloq bo‘lib turgandi: Orsini o‘z ishining jonkuyari, chaqqon bir inson sifatida aynan gertsoginyaning qimmatli yuklarini qasrning ayol uchun ajratilgan joyiga tashiyotgan bir paytda zarurat yuzasidan bo‘lsa-da, birrovga chiqib ketish ham uni ranjitdi. Troilo Izabellaning ayni yig‘lab turgani ustiga kelib qoldi; ayol Florentsiyaga yaqinlashib qolgan bir paytda, o‘g‘li Virjinio akasining buyrug‘i bilan Venetsiyaga yo‘l olgandi. Francheskoning bu nayrangi Orsinini ozmuncha iztirobga solmadi. Gertsoginya azbaroyi akasini hurmat qilganidan uning taklifini qabul qilishda shoshqaloqlikka yo‘l qo‘ymadimikan, deb o‘yga toldi Orsini.
Gertsoginya o‘z yotoqxonasidan birgina parda bilan to‘sib qo‘yilgan alohida xonaga chiqib ketdi va oqsochlar uni yechintira boshlashdi. Orsini ayolga ergashardi-yu, biroq, u yerdan saroy hovlisi ko‘rinmasligi ma’lum bo‘lgach, yotoqxonaga qaytdi-da, yana gertsoginya bilan suhbatini davom ettirdi va bir vaqtning o‘zida yuk tushirayotgan xizmatkorlardan ham xabardor bo‘lib turdi.
Orsiniga yuragini bo‘shatgan gertsoginyaning qo‘rquvlari ham tarqadi. Bu orada oqsochlar uni cho‘miltirishdi, bundan u shunday rohatlandiki, hatto u yo‘qqa chiqqan umidlarini ham deyarli unutdi. Oxirgi ikki yil davomida o‘z mazmunini yo‘qotgan bu hayot, yoqimli yaqinlikdan so‘ng qayta o‘z o‘rniga tushgandek bo‘ldi. Brachchano bilan bo‘ladigan kamdan-kam uchrashuvlar va Orsinining uning yonida bo‘lishi oxir-oqibat gertsoginyaning butun jon-tani bilan berilib ketgan halovat tuyg‘usini his etishga sabab bo‘ldi. Mana, ikki oydirki, ular bir-birlaridan ayrilmay, odob-axloq qoidalarining hech bir taomiliga amal ham qilmay eng namunali er-xotinlardek yashab kelishardi. O‘zaro munosabatning oddiyligi gertsoginyaga ulkan zavq bag‘ishlardi. Umrida birinchi marotaba bu mag‘rur ayol deyarli muloyim bo‘lishga va qushchadek chug‘urlab so‘zlashga jur’at eta olgandi.
Negaki bu safar Orsini faqat ahyon-ahyonda, qisqa, lo‘nda javob qaytarardi. Oxiri Izabella parda ortidan turib:
– Nima bilan bandsiz? Gapimni eshitmayapsizmi deyman? – dedi.
– Men yukingizni nazorat qilish bilan bandman.
Gertsoginya kulib yubordi-da, tegajog‘lik qilib:
– Juda serhafsalasiz-da! Bilasizmi, men sizni juda qo‘pol odam deb bilaman!– dedi
– Xonim, men ovozingizni ham, so‘zlaringizni ham yaxshi eshityapman, – dedi Orsini yoqimli ohangda. – Ovozingizni eshitsam xursand bo‘laman, biroq boshqa payt bo‘lganda so‘zlaringizni javobsiz qoldirmasdim.
– Qanday surbetlik! Boshqacha aytganda, men aljirayotgan ekanman-da?
– Men bunday demadim!
– Qulog‘im sizda! – kulib e’tiroz bildirdi gertsoginya. – Rostini aytsam, ovozingizga unchalik ham ilhaq emasman, yonimda ekaningizni his etib tursam bo‘lgani.
Shu on Orsini oynadan boshini chiqarib qaragandi, yuk tushirayotgan xizmatkorlardan birining tezda u yoq-bu yoqqa ko‘z tashlab, o‘girilib, qo‘yniga nimanidir yashirganini ko‘rib qoldi. U bu ishni shunday epchillik bilan uddaladiki, Orsini hatto ko‘zlariga ishonmadi. Ko‘rganlari haqiqat ekaniga ishonch hosil qilish uchun u shoshib gertsoginyaning xonasida chiqdi-da, hovliga tushdi.
Gilamlar uning qadam tovushlarini yutib, Izabella Troiloning ketganini sezmay qoldi.
– Qimmatli Troilo, – davom etdi dimog‘i chog‘ ayol kimsasiz xonaga murojaat etarkan, – mabodo siz… shoshmang, o‘shanda siz mag‘rur turib nima dedingiz? – Ha, “ayovsiz kamsitildingiz”, agar men shu tobda hech bir mubolag‘asiz sizga ko‘rinsam-chi? Pokiza qo‘llaringiz bilan yuzlaringizni berkitishga shoshiling, o‘sha sizning xayolingizni band etgan yuklardan ko‘zingizni uzmang, yo‘qsa, hozir ko‘z-o‘ngingizda namoyon bo‘ladigan manzara yana sizni tahqirlashi mumkin. Ana, xolos! – davom etdi ayol kulib. – Aytadigan gapingiz yo‘qmi? Siz meni ko‘rmay turib halitdan ranjidingiz chog‘i? Nahotki mening go‘zalligimni tasavvur etish ham sizning izzat-nafsingiz uchun qo‘rqinchli bo‘lsa?
U qo‘li bilan pardani surdi-da, nafislikdan namiqib, yonib turgan katta-katta moviy ko‘zlarini o‘ynatgancha, kulib, deyarli ochiq-sochiq holda xonaga kirib keldi. Biroq bir-ikki qadam yurar-yurmas, turgan joyida qotdi-qoldi: ro‘parasida qop-qora libosga burkangan, katta boshini bir yonga engashtirgancha Franchesko Medichi ayolga teshib yuborgudek tikilib turardi. U singlisining xonasi yonidan tasodifan o‘tib keta turib ayolning eshigi ochiqligini ko‘rgan va kirgan, barcha gaplarini eshitgan ham edi.
Izabella o‘ldim endi, deb o‘ylagan bo‘lsa-da, Francheskoning ayolga yeb qo‘ygudek tikilib qarashi oldida ajal ham unchalik qo‘rqinchli tuyulmayotgandi. Francheskoning yuzi nafrat va qo‘msovning aql bovar qilmas qorishuvidan tirishib-burishib ketgandi.
Bir necha daqiqa shu zaylda o‘tdi. Akasi qayerda va qay holatda Izabellani ustidan chiqib qolgan bo‘lsa, ayol o‘sha yerda va o‘sha holatda haykaldek qotib turardi. Franchesko ham qimir etmayotgandi. Faqat uning ko‘zlari bejo boqardi. Gertsoginyaning badani bo‘ylab yugurgan sayin u ko‘zlar tobora qonga to‘lib borardi. Izabella uning nigohida uqigan aralash-quralash bo‘lib ketgan adovat va shahvoniy hirslar shu qadar qo‘rqinchli ediki, Franchesko xanjarni qinidan sug‘urib olganida gertsoginya beixtiyor o‘zini yengil his etdi. Akasining qo‘li va nigohi go‘yo qarama-qarshi buyruqqa buysungandek, Izabellaga yeb yuborgudek boqdi-da, xanjarni juda ohistalik bilan sug‘urdi. U garchand ayolga yaqin turgan bo‘lsa-da, Izabellaga xanjar sanchish uchun oldinga bir qadam ham bosmadi. Qo‘llari qurolni arang tutib turar va yovuz, hirs to‘la nigohini Izabelladan uzmay, xirillab nafas olardi.
Ko‘ksi bilan o‘zini tig‘ga tashlagandek, gertsoginya unga peshvoz chiqdi. Birdan Francheskoning nigohidagi nur ham so‘ndi. Akasi xanjarning damidan tutgancha, sop tomoni bilan Izabellaga uzatdi. Keyin ko‘zlarini yerga olgancha, pastki lablari titrab, Izabellaga teskari qarab turaverdi.
Izabella xanjarni qo‘liga olishi bilan Franchesko shiddat bilan chiqib ketdi. Bu vaqt ichida u churq etib og‘iz ochmadi.
Izabella xanjarni to‘shagiga tashladi-da, yugurib deraza yoniga bordi va ovozining boricha qichqirib Troiloni chaqirdi. Biroq u, o‘g‘ri bilan andarmon bo‘lib, shovqin-suron ko‘tarayotgan xizmatkorlar to‘dasi orasida qolib ketgan, hech nimani eshitmayotgandi. Gertsoginya mushkul ahvolda qolgandi: Orsinining oti undan bir necha qadam narida hali egarlog‘liq turar, qasr darvozasi esa lang ochiq edi. Orsinining hali qochib qutulishga imkoni bor edi.
Oxiri Troilo boshini ko‘tarib derazaga qaragandi, ko‘zi Izabellaga tushdi. Ayol, “Qoching!” deb shunday dahshatli qichqirdiki, hovlidagi to‘s-to‘polon ham taqqa to‘xtadi. Qasr darvozalari muqarrar o‘sha zahoti harakatga keldi. Francheskoning soqchilari har tarafdan xizmatkor tomon odimlay boshladilar. Orsini barcha sir oshkor bo‘lganini, endi uni ushlab, qiynoqqa solishlarini, pajmurda tanasini axlatxonaga uloqtirishlarini darrov fahmladi. O‘ljaning endi qo‘ldan chiqmasligiga batamom ishongan soqchilarning Orsini tomonga shoshilmay, bafurja kelayotganlarini kuzatib turardi. So‘ng xizmatkor nigohini yana gertsoginya tomonga o‘girdi. Gertsoginya ikkala qo‘li bilan deraza tepasiga yopishgancha, Troiloga ta’zim qildi. Troilo ham uning ta’zimiga ta’zim bilan javob qildi.
Soqchilar boshlig‘i Orsinining yoniga keldi. Izabella uning gapini eshitmadi, biroq Orsini soqchilar boshlig‘iga qanday qilib qilichini va xanjarini topshirganini ko‘rdi. Ikkita soqchi zudlik bilan ikki yondan kelib turib oldi, biroq unga tegmadilar. Orsini soqchilar o‘rtasida xuddi postda turgandek qaddini g‘oz tutib turardi. Soqchilar boshlig‘i allaqanday buyruq berdi. Izabella butun guruh joyidan qo‘zg‘alib, hovli bilan qasrning shimoliy qanoti tomon ketayotganini ko‘rdi. Chap tomondagi soqchining to‘satdan oyog‘i toldi, Orsini g‘ijinib unga o‘girildi-da, aftidan tanbeh berdi, shekilli, u darrov o‘zini o‘nglab oldi. “Eh, Troilo! – halolliging boshimizga yetdi, dedi gertsoginya ohista ovoz chiqarib!” Boshga tushgan musibatlarga tashqaridan nazar solsang, umidsizlik o‘zining so‘nggi nuqtasiga yetganiga amin bo‘lasan.
Kechga yaqin Izabella devor orqasida qandaydir shovqin ko‘tarilganini, dukur-dukur va taraqa-turuq ovozlar kelayotganini, yerdan go‘yo og‘ir nimanidir sudrab tortayotganlarini eshitdi. Ayol eshikni ochdi. Ikki soqchi ayolga e’tibor ham bermay, oyboltalarini qirib tozalashardi.
Ayol o‘z xonasiga qaytdi. Bu orada qo‘shni binodagi to‘polon hamon davom etardi. Daf’atan eshitilgan qichqiriqdan gertsoginyaning yuragi orqasiga tortib ketdi. Ayol Orsinining ovozini darrov tanidi.
Francheskoning buyrug‘i bilan soqchilar asirni yechintirishayotgan paytda, gertsog uning o‘ng qo‘li qisman falaj bo‘lib qolganini payqadi va uni jallodga ko‘rsatdi.
Ikki soat davomida o‘qtin-o‘qtin yana xuddi shunday dahshatli dod-faryodlar eshitilib turdi va shunda gertsoginya yana eshikni ochdi-da, soqchilardan biriga uzuq-yuluq qilib:
–Akamni bu yoqqa chaqir! – dedi.
Soqchining paysalga solayotganini payqagan gertsoginya:
– Agar joningdan umiding bo‘lsa, akamni bu yoqqa chaqir, – dedi buyruq ohangida.
Franchesko atrofga olazarak ko‘z tashladi-da, ildam odimlar bilan karavot oldiga keldi va xanjarni olib, uni qiniga yashirdi. Uning yonida qilich yo‘q edi, shu bois ham Izabellaning yoniga qurolsiz kira turib, ayolda uning joniga qasd qilish istagi tug‘ilib qolishidan cho‘chidi. Ayni damda akasi gertsoginyaning ko‘ziga shunday yomon ko‘rinib ketdiki, o‘zining nodonligidan pushaymon yedi.
– Orsinidan nima istaysiz? – dedi gertsoginya o‘zini vazmin tutishga urinib.
– Jinoyatini bo‘yniga olsin-da, mana bu iqrornomaga imzo cheksin.
– Aftidan hali bunga erishmagan ko‘rinasiz.
– Ha, hali erishganimcha yo‘q, – dedi Franchesko.
Akasi tishlarini ko‘rsatib ishshaydi-da:
– Shoshayotgan joyimiz yo‘q, – deya qo‘shib qo‘ydi.
Gertsoginyaning indamaganini ko‘rib, so‘zida davom etdi:
– Bu baqir-chaqirlardan oromingiz buzilmaydi deb umid qilaman.
– Bularni menga eshittirish uchun ozmuncha chirandingizmi, – dedi gertsoginya cheksiz nafrat ila. – Yanglishmasam, zindon shimoliy qanotda joylashgan.
Lahzalik sukutdan so‘ng:
– Orsinining qarindosh-urug‘lari, uni shu ko‘yga solib azoblayotganingizni bilib qolishsa, ular sizni ayab o‘tirishmas deb o‘ylayman, — dedi Izabella.
– Biroq Orsinilar xonadoni mendan minnatdor bo‘ladi.
Gertsoginya bir necha qadam tashlab, keyin to‘xtadi va akasiga tikilib qaradi.
– Iqrornomaga agar men imzo cheksam, unda Orsinini qiynashni bas qilasizmi?
Franchesko g‘azabini arang bosib, boshini egdi va qo‘lini orqaga qilib:
– Gap bitta, – dedi past ovozda.
Ayol unga nazar soldi. Basharasidan munofiqlik ufurib turgan bu nusxa nahotki so‘zda turish degan narsani ham bilsa, degan o‘y miyasidan lip etib o‘tdi.
– Men imzo chekkan iqrornoma nima bo‘ladi?
– Eringiz Brachchano sizni sevib, o‘z ojizligini namoyon etib bo‘lgan. Shu bois ham dalil-isbotsiz u menga ishonmaydi.
Brachchano hamon ayolni sevishini eshitgan gertsoginya bundan hayron bo‘lib, sarosimalanib qoldi. So‘ng:
– Xizmatkorlar, ehtimol, barini yetkazib ulgurishgandir, – dedi u.
– Xizmatkorlarni “kavush”ingiz bilan oyog‘ini bir bossangiz kifoya, istagan gapingizni gapirtirishga ularni majbur qilish qiyin emas. Biroq Brachchano bunday dalil-isbotlarga bo‘y bermaydi.
Izabella jim turardi.
– Xo‘sh, – dedi Franchesko, – endi nima qilamiz?
Ayol unga qaradi.
– Siz nima deb o‘ylaysiz? – so‘radi ayol g‘alati qiyofada, – shu topda pop meni jon berayotgan odam deya hisoblashi mumkinmi?
– Shubhasiz. Baribir sizning sanoqli umringiz qoldi.
Izabella ibodat uchun xizmat qiluvchi o‘rindiq yoniga bordi-da, tiz cho‘kdi va yuzini kaftlari bilan berkitdi.
Ayolning ibodat qilishiga Franchesko xalaqit qilmadi. U xudojo‘y edi va har kuni tongda diniy marosimda qatnashishni kanda qilmasdi, shunday bo‘lsa-da, qo‘l urayotgan jinoyatlaridan vijdoni qiynalmasdi, uvoqqina gunohlari esa ba’zan qalbini qutqarib qolishga uni majbur qilardi.
Ko‘p o‘tmay Izabella o‘rnidan turdi-da, akasining ko‘ziga tik qaradi.
– Agar iqrornomaga imzo cheksam, Orsinini qiynashni bas qilishga so‘z berdingiz.
– Ha, xuddi shunday, so‘z berdim.
– Menga hozir, mana shu lahzaning o‘zida so‘z berdingiz.
– Inkor etmayman. Nega buncha ijikilaysiz?
Ayol o‘rindiq tepasida osilib turgan Iso suratiga qaradi-da:
– Basharti so‘zingizdan qaytsangiz, sizni jahannamga ravona qilishini hozir Yaratgandan so‘radim, – dedi ayol so‘zlarini chertib-chertib:
Francheskoning rangi quv o‘chdi. O‘sha paytda xurofiy afsonalarga ko‘ra, o‘layotganning duosi alohida ta’sir kuchga ega edi.
– Men sizga so‘z beraman, – dedi u zo‘rg‘a.
Ayol stolga o‘tirdi-da, qog‘ozga naridan-beri bir necha satr qoraladi va uni akasiga uzatdi.
Franchesko varaqqa ko‘z yugurtirib chiqdi va uni qo‘yniga berkitdi-da, eshik tomon yo‘l oldi. U ostonada to‘xtadi va sovuqqina qilib:
– Iqrornomaga bekor imzo chekdingiz, – dedi – Orsini shundoq ham o‘zini mardona tutdi: u o‘lsa ham churq etmasdi.
– Shunday qilishiga ishonardim.
– Shunday ekan, joningizga jabr qilib nima zarur edi sizga?
Ayol uni boshdan-oyoq uzoq nazardan o‘tkazdi-da, ohista dedi:
– Sizdek akalar bo‘lgan bu dunyoni tashlab ketsam, o‘zimni baxtiyor his etaman, ishonavering.
Bu so‘zlar Francheskoga qattiq botdi. Undagi bor xususiyatlarni yashirib turgan hissizlik niqobi go‘yo birdan tushib ketgandek edi. Uning basharasi tirishdi, ostki lablari titray boshladi, og‘iz ochishga ham madori qolmadi. “Nahotki bu berahm biron nimani his etishga qodir bo‘lsa?” – xayoldan o‘tkazdi gertsoginya ajablanib. Akasi bilan bo‘lgan uchrashuvdan so‘ng ayolning olgan taassurotlari shundan iborat edi, xolos. U singlisiga ortiq bir so‘z demay chiqib ketdi.
Franchesko o‘lguday charchagandi. U past ovozda jallodga mahbusni bo‘shatishni va Brachchano yetib kelguncha uni durustroq sharoitda saqlab turishni buyurdi. U paytlar Italiyada singlisining axloqsizligi uchun akasi uning eridan kam tahqirga uchramasa-da, biroq or-nomus qoidalari uzil-kesil hukm chiqarishni ayolning tan mahramiga havola etgandi. Basharti eri, ularning ikkovidan ham o‘ch olmasa yoki o‘ch olishni istamasa, unda bu ishni oxiriga yetkazish va isnodni qon bilan yuvish akasining zimmasiga tushardi.
O‘z ibodatxonasiga lattadek bo‘shashib kirib kelgan Franchesko o‘zini bir ozgina qo‘yib berdi: bir necha soat burun bo‘lib o‘tgan voqeadan afsuslandi; Izabellaning yotoqxonasida bo‘lganini bildirmay, yaxshisi, yo‘lida davom etgani ma’qul bo‘larmidi. Biroq shu zahoti o‘zining ojizligidan qo‘rqib ketdi. “Qanday qilib, – o‘yladi u, – o‘z ko‘zim bilan ko‘rganlarimni ko‘rmadim deb munofiqlik qilishim mumkin?” Miyasiga mahkam o‘rnashib qolgan xonaga kirish ilinjida pardani salgina ko‘tarib qarayotgan Izabellaning xushro‘y chehrasi ko‘z oldidan ketmasdi. “Yo‘q, yo‘q! – dedi u bu dudmal vahimadan qo‘llari bilan yuzini berkitib tiz cho‘karkan. – Xudoyim! Mayli, o‘lsa o‘laversin! Mayli, o‘laversin! Bari tezroq tugay qolsin!”
U ibodatdan so‘ng o‘zini ancha xotirjam his etdi va Brachchanoga o‘zi yoqtirgan o‘git-nasihat usuli tarzida uzundan-uzoq maktub yozdi. Xatga Izabellaning tavbasi va xizmatkorlardan olingan ko‘rsatmalar ham tirkaldi. Pirovardida, bu xabarni munosib tarzda qat’iyat bilan qabul qilishini va or-nomus uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan shaxs sifatida o‘ch olishni kechiktirmaslikni kuyoviga uqtirdi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, baridan bizning voqifligimiz, aftidan, zamondoshlarimizni hayratda qoldiribdi degan xabarni ham o‘z maslahatida bildirib o‘tgandi. “Yodingizda bo‘lsin, – deb yozdi Franchesko, – erkakka zulm o‘tkazish gertsoginyani hayotdan mahrum etadi, o‘zingizni aslzodalardek, nasroniylarga xos munosib tutishni unutmang (“gicogdatevi d yesseg gentiluomo ye sgistiano”).

III

Chopar Medichining maktubini topshirayotganda otga minib olgan Brachchano mulozimlar orasida senat yig‘ilishiga kirish arafasida turardi. Uning butun diqqat-e’tibori gertsoginyaning tavba-tazarrug‘i bilan band bo‘lgani uchun shosha-pisha, naridan-beri xotinining akasi yuborgan xatga ko‘z yugurtirdi-da, Izabellaning nega Florentsiyada ekaniga tushunolmadi. U miq etmadi, hatto senatni ogohlantirib qo‘yishga bironta odam ham jo‘natmay, es-hushidan ayrilgan telbadek Venetsiyadan otilib chiqdi-da, o‘z yer-mulki tomon eltuvchi yo‘ldan shiddat bilan ot choptirib ketdi. Unga hamrohlik qiluvchi a’yonlarning esa bir-birlariga qarab-qarab qo‘yishdan o‘zga choralari qolmagandi. Bunday o‘qday uchib ketishdan muddao ne ekanini so‘rashga birontasi jazm etolmadi. U esa otning yag‘riniga engashgancha, jag‘ini mahkam qisib, ikki ko‘zini yo‘ldan uzmay yelday uchib borardi.
Manzil uzoq edi. Otlar bir necha bor almashtirildi. Gertsog hech kimga qaramas va churq ham etmasdi. O‘sha paytlarda aytilishicha, u “fosh etmaguncha” churq etmaslikka o‘ziga so‘z bergandi.
Oysha yotoqxona derazasidan uning otdan tushganini ko‘rdi va aft-angoridan uning baridan xabardor ekanini ham fahmladi. Gertsog hovlidan chopib o‘tdi va zinadan uning qadam tovushlari eshitildi. Gertsoginya eri bilan bo‘ladigan uchrashuvni kutib, xona o‘rtasida g‘oz turardi.
Gertsog xanjarni mahkam qisgancha, darg‘azab alpozda yugurib kirdi-da, past ovozda:
– Jirkanch maxluq, bekangni chaqir buyoqqa, – deb o‘shqirdi.
– U Florentsiyada, – xotirjam javob qildi Oysha.
Brachchano otda yeldek uchib borarkan, ko‘z oldidan nuqul o‘sha bir xil manzara ketmasdi: yugurib xotinining yoniga kiradi, ikkala qo‘li bilan ko‘ylagiga chang solib, yirtadi, so‘ng siynasiga xanjar sanchadi. Buni qancha ko‘p o‘ylagani bilan manzara tussizlanib qolayotgani yo‘q edi. Taassurotlar har safar o‘sha-o‘sha jonlangancha xotiradan sira nari ketmasdi. Mana, u telbalarcha ot choptirib kelayotganda o‘ylagan intiqomdan lazzatlanish oni yetib keldi. Garchand xotinini qo‘lga tushirishga aniq ishonsa-da, faqat shu yerda va shu topda chovut solishga shunday ishtiyoq bilan shaylangan ediki, qo‘yaverasiz. Afsuski, xumorbosti uchun chovut solishga tirik jonning o‘zi yo‘q edi.
– Ey sen, qorayaloq fohisha! – o‘shqirdi u Oyshaga tashlanib. – Ikkovingni tiling bir senlarning! Birinchi bo‘lib seni bo‘g‘izlayman!
– Pastkash! – qichqirdi Oysha o‘z nasl-nasabiga xos mag‘rurlik bilan. – Ayol kishiga teng bo‘lish sizdek jangchi uchun uyat emasmi?!
O‘sha zahoti Oysha yovvoyi mushukdek abjirlik va sherdek dovyuraklik bilan unga tashlandi-da, uni tepib, tishlab, timdalab, hamlasini qaytara ketdi. Ayollarga hirs qo‘ygan gertsog esa bu jangda o‘zini noqulay his etardi. U arang ko‘zini ehtiyotlab qoldi va kulgi bo‘lganini sezdi. Oysha axiri uning qo‘lidan tishlab oldi va u xanjarni qo‘lidan tushirib yubordi; endi gertsog Oyshani tomog‘idan bo‘g‘ishga harakat qilib, astoydil olisha ketdi. Kurash uning g‘azabini bosgandi. Gertsog o‘z g‘animining kuch-quvvatidan hayratda, jasurligi esa uni maftun etgandi, ayolning epchil harakatlari, xushbo‘y isi, badanidagi yiltirab turgan marjon-marjon ter tomchilaridan esa hayajonini bosolmasdi. Uning ko‘ylaklari dabdala bo‘lib ketgandi. Gertsogning ko‘zi uning dirkillab turgan bug‘doyrang siynalariga tushdi. Oxiri u qizning gavdasi va ikkala qo‘lini birgina chap qo‘li bilan mahkam qisdi-da, o‘ng qo‘lini uning bo‘yniga olib bordi.
– Xo‘sh, nimani kutyapsan? – mag‘rur turib dedi Oysha istehzo bilan. – O‘ldir!
– Shallaqi qorayaloq! – bo‘kirdi Brachchano, go‘yo uni tishlab olmoqchidek, oppoq tishlarini tirjaytirib.
U qizni yerga irg‘itdi-da, qo‘lini qo‘yib yubormay bor bo‘yi bilan uning ustiga yotib oldi va o‘z og‘irligi bilan uni eza boshladi.
Gertsog turayotganda, Oysha uning xanjarini sezdirmay oldi-da, uning o‘ziga uzatdi va xotiradan o‘chmaydigan nigoh ila:
– Endi o‘ldiraver. Men o‘zimni baxtiyor his etayapman, – dedi.
Shu lahzada gertsog o‘ziga-o‘ziga haddan tashqari kulgili ko‘rinib ketdi. Oyshaning ko‘zida porlab turgan mehr gertsogni o‘ziga bo‘lgan hurmatini saqlab qolishga majbur qildi. Bu kuchli sadoqatni qadrlash va uni anglash uchun gertsogda farosat yetarli edi. U xanjarni qiniga sola turib, mavr qizining boshini siladi-da, muloyimlik bilan:
– Oysha, bor gapni yashirmay menga aytib ber, – dedi.
Gertsog kuch ishlatib qizdan bir og‘iz ham gap ololmasdi. Muloyimlik Oyshaning qarshiligiga barham berdi. U bor gapni miridan-sirigacha, yashirmay, samimiyat ila so‘zlab berdi. Gertsogni kimdir go‘yo azoblayotgandek edi. U boshini changallagancha ingrab, xonaning u yog‘idan-bu yog‘iga borib kelardi. Oysha surati haqida gapirib berganda esa gertsogning ko‘zlaridan yosh otilib chiqa boshladi. “Bariga aybdor o‘zim, – dedi u ma’yus. – Nima bo‘lganda ham u baribir o‘lishi kerak”.
Gertsog Medichiga chopar jo‘natdi. U Orsinini ta’zirini berib, bir yoqli qilishni butunlay qaynag‘asiga havola etdi-da, xotinining kelishini talab qildi. Maktubni olgan Francheskoning fig‘oni falakka chiqdi: qachonlardir uning qo‘l ostida urushda bo‘lgan ikki turma nazoratchisi yordamida Orsini fursat g‘animatda qochib qolgandi va u bilan birga yashiringandi.
Gertsoginya ko‘p sonli qurollangan otliq askarlar to‘dasi hamrohligida hamma tomoni berk aravada Brachchano saroyiga yetib keldi. Gertsoginyaning jo‘nashidan ikki kun avval uning ruhoniysi orqali Orsini bo‘yniga olishga uni zo‘rlamaganlarini va gertsoginyani qutqarish uchun chora izlab topishini ma’lum qilishga ulgurgandi. Gertsoginya ham xuddi shu yo‘l bilan Orsiniga o‘zboshimchalik qilmasligini, hozircha unga hech bir xavf yo‘qligini aytib, uni ishontirgandi. Gertsoginya unga o‘zini ehtiyot qilishini va Frantsiyadan boshpana topishini buyurdi. Orsini unga ishondi va itoat etdi. U chegaradan o‘tib oldi va bir necha kundan so‘ng Parijga yetib keldi.
Gertsoginya uyga qaytgan kun Brachchano Venetsiya senatidan bunday o‘zboshimcha harakatning sababini tushuntirib berishini nihoyatda achchiq tarzda so‘rab yozilgan chaqiruv maktubini oldi. Uzrli sababsiz, hatto ogohlantirishsiz to‘satdan Venetsiyadan jo‘nab ketishi bilan senatni haqoratlagandi va senat uni xoin deb gumon qilishiga ham oz qolgandi. Brachchano tezroq qaytib borishga va senatni xotirjam qilishga oshiqardi. U niyati jiddiy ekanini va undan voz kechishni xayoliga ham keltirmayotganini aytib, senatni ishontirdi-da, niyatini amalga oshirish uchun yeng shimarib g‘ayrat bilan kirishib ketdi. Bir oy o‘tib, flot mavr harbiy safariga tayyor bo‘lgach, uyga qaytib, ishlarini tartibga keltirish uchun senatdan ruxsat so‘radi.
Gertsog o‘z qasriga 1576 yilning 7 avgustida yetib keldi. Franchesko gertsoginyaga xanjarni uzatgan ondanoq ayol umrining sanoqli kunlari qolganini bilardi va Brachchano darg‘azab venetsiyaliklarni tinchitgunga qadar u kechiktirishning boisi nimada ekanini tinmay o‘ylar ekan, hayrati ortardi. Oqshom tushgach, gertsog bir soatdan so‘ng gertsoginyaning yonida hozir bo‘lishini xabar qilganida, ayol yanada hayratlangandi. Gertsoginya, endi gertsog meni ko‘rishni umuman istamasa kerak va o‘rniga yaqinlaridan birontasini jo‘natar degan xayolda edi, negaki, asilzodalik nasabi ayolni jallod qo‘liga borib tushishdan himoya qilardi. Gertsogning o‘zi kelishi uni hamon hayratga solardi. Uning tashrifi ayolning o‘limidan darak bersa-da, u o‘lim to‘g‘risida o‘ylamasdi. Ayolning fikri-zikri erini ko‘rish edi.
Bu orada gertsoginyaning tuyg‘ularida g‘alati o‘zgarish sodir bo‘ldi. Orsinini xavf-xatar chetlab o‘tgandan buyon ayol uni eslamay qo‘ygandi va bir-birlari bilan yaqin bo‘lgan ikki oylik davr ham gertsoginyaning yodidan o‘chib ketgandi. Uning kelajagi bo‘m-bo‘sh, hoziri esa o‘limini kutish bilan o‘tmoqda edi; shu bois ayol o‘z o‘tmishi bilan yashardi, va – ajab savdo! – aynan o‘sha uzoq o‘tmish bilan u gertsogga bo‘lgan ilk muhabbatini qaytadan boshidan kechirmoqda edi.
Hech bir kelin o‘z to‘yiga Izabella bu so‘nggi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rgandek taraddudlanmasdi. Ayolning turmagini Oysha qayta-qayta o‘zgartirardi. Hech biri uning didiga o‘tirishmasdi. Ko‘ylak tanlashda ham birini bayramona emas deb, yana birini rangi yorqin emas deya bahona qilardi. Oysha yonida o‘tirib, qimmatbaho taqinchoqlarini taqqanida esa gertsoginya yanada go‘zal va xursand ko‘rinib ketdiki, buni ko‘rib turgan Oysha: nahotki qo‘rqmayotgan bo‘lsangiz? – deb so‘rashga jur’at etdi. “Qo‘rqqanda qandoq, – dedi ayol maftunkor ma’nodorlik bilan – u menga yaxshiroq tikilmay turib, meni o‘ldirib qo‘yishidan qo‘rqayapman.”
Ayol uzoq o‘ylab, turmakning ham, taqinchoqlarning ham, ko‘ylakning ham hozir vaqti-soati emas, degan xulosaga keldi. Baridan voz kechdi.
Nihoyat u go‘zal yelkalarini ko‘z-ko‘z qilishga imkon beruvchi tungi ko‘ylakda to‘xtadi va uzun sochlarini yoyib yubordi, Brachchano gertsoginyaning sochlari yelkalari bilan bitta bo‘lib yoyilib turgan paytda kirib keldi va ostonada turgancha tang qotib qoldi. Unga “yaxshiroq qaramay” turib uni o‘ldirib qo‘yishidan endi Izabella qo‘rqmasa ham bo‘lardi. Gertsogning na gapirishga va na joyidan qimirlashga majoli qolgandi.
Qachonlardir u mavr yurishidan qaytganida, asosan qizil rangli gilamlar va qalin matolar olib kelgandi. Izabella ular bilan devorlarni, yerni bezatib tashlagandi, shu bois xona qush uyasidek osoyishta va shinam edi. Yotoqxonasini xushbo‘y islar bilan to‘ldirib tashlash va uni gullar bilan bezash gertsoginyaning jonu dili edi. Birgalikdagi uzoq yillik turmushlari mobaynida gertsog bu qadrdon xonaga ming marotaba qadam ranjida qilgan va xotini o‘rim-o‘rim qalin sochlarini yoygani ustiga kirib ham qolardi. U mana shu lahzalarning, mana shu xushbo‘y iforning va shu sukunatning shaydosi edi. Shu bilan birga, tong yorishguncha baridan abadiy judo bo‘lishini bilsa-da, boshidan o‘tkazgan quvonchu sevinchlarga u yana bir bor qayta olgandi. Gertsogning to‘satdan miyasiga urilgan Izabella xuddi shu yerda Orsiniga o‘zini bag‘ishlagan degan fikr uni allaqachon tark etib ulgurgan, g‘azab va qat’iyat yana o‘z joyida qaror topgandi. U oldinga bir qadam tashladi-da, xanjarini sug‘urdi. Bundan ortig‘iga o‘zida kuch topolmadi. Gertsogning joyidan qo‘zg‘ololmay turganini ko‘rgan gertsoginya shoshilmay unga peshvoz chiqdi. U tavba-tazarruga berilgan odamdek ko‘zini yerdan olmasdi, gertsog esa uni hech qachon bunday itoatkor holda ko‘rmagandi.
– Janob, – dedi ayol unga yaqin borib, – men oldingizda gunohkorman.
Shunda ayol Orsiniga o‘zini bag‘ishlagan tunda xuddi shu so‘zlarni unga ham aytganini esladi. O‘z xotiralaridan o‘zi yerga kirib borayotgan gertsoginya erining oyog‘iga yiqilib tizzalarini mahkam quchdi.
– O‘ldiring meni! – qichqirdi u g‘azabi oshib. – O‘ldiring! Men shunga loyiqman.
Brachchano hayratdan tili aylanmay qolgandi. U, ayol uning boshdan kechirgan sarguzashtlarini yuziga solib, uni haqoratlarga ko‘mib tashlar, yoki bundan ham battari, takabburligiga borib, miq etmasa kerak deb o‘ylagandi. Bu mag‘rur ayol itoatkor go‘dakdek uning oyoqlari tagida yotardi. Ayolning chin yurakdan pushaymonligi gertsogning ko‘nglini buzib yubordigina emas, uni o‘z qilmishlariga bir nazar tashlash uchun orqaga o‘girilib qarashga ham majbur etgandi. Eriga xiyonat qilgan bevafo ayollarga o‘lim jazosi berishga majburlovchi urf-odatlarning adolatsiz ekanini u yaxshi tushunardi. “Men-chi, nahotki mening undan kechirim so‘rashim lozim bo‘lmasa?” – deb o‘yladi mushkul ahvolda qolgan gertsog. – Unga ayb qo‘yishga mendek odamning nima haqqi bor?”
– Xonim, – dedi u hayajonlanib, uzuq-yuluq ovozda, – axir, men ham sizdan…
U gapini davom ettirolmadi – tomog‘iga nimadir tiqilgandek bo‘ldi va ko‘ziga yosh to‘ldi. Gertsog engashdi-da, xotinining yelkasidan quchib, uni turg‘azishga urindi.
– Izabella, – dedi gertsog titroq ovozda, – oldingizda qanchalik gunohkor bo‘lmay, qasam ichib aytamanki, ko‘nglimga sizdan o‘zgani hech qachon yo‘latmaganman.
Kutilmagan cheksiz bu baxtdan ayolning yuragi tars yorilay derdi. “ Demak, u faqat meni sevgan!” – quvonch bilan xayoldan o‘tkazdi ayol. U birdan yengil tortdi-yu, bir qanot qoqqancha huzur-halovatning eng yuqori cho‘qqisiga borib qo‘ngandek tuyulib ketdi unga. Ayol boshini Brachchanoning ko‘kragiga qo‘ydi-da, bag‘riga mahkam yopishdi. “U meni hali ham sevadi”, – dedi u o‘zicha va baxtning shiddatli girdobi go‘yo uni allalab allaqayerlarga olib ketgandek bo‘ldi. Shu topda u hech bir kuch sarflamay samolarga parvoz qiladi-da, yoqimli shamol uning yuzlarini silab o‘ta boshlaydi.
– U meni hali ham sevadi, – dedi ayol shivirlab, huzur bilan gertsogning nimchasiga lablarini bosarkan. – Demak, men bu dunyoni baxtli ayol bo‘lib tark etaman.
– Adolatdan yiroq bu urf-odatlarimiz bilan mening necha pullik ishim bor! – birdan ovozining boricha qichqirdi Brachchano, go‘yo gertsoginyaning fikriga javob qaytargandek. Yuqori tabaqadagilar menga nafratni munosib ko‘rmaganlari uchun seni o‘ldirolmayman-ku! Biz Italiyadan butunlay bosh olib, Frantsiyaga ko‘chib ketamiz…
Gertsoginya erining og‘zini qo‘li bilan berkitdi-da, so‘ng oyoq uchida ko‘tarilib, lablarini uning lablariga ohista tekkizdi.
– Azizim, baribir meni o‘ldirishingiz kerak, – dedi ayol xotirjam, qat’iy ohangda va undan nari ketdi.
– Izabella! – qichqirib xitob qildi Brachchano.
– Menga quloq soling, – dedi ayol yoqimli jilmayib. – Mendan-da muhimroq narsalar hayotingizda talaygina, agar men tufayli bularning baridan voz kechgudek bo‘lsangiz, bir umr azobda qolasiz. Nahotki o‘zingizga shunday qismatni ravo ko‘rsangiz, Paolo! Or-nomussiz, shon-shuhratsiz, jangu jadalsiz hayotni-ya?! Nahotki barini birgina ayolga almashsangiz!
Gertsoginya to‘xtab qoldi. U: “Sizga bevafolik qilgan ayolga-ya”,– demoqchi bo‘lgandi-yu, biroq jur’ati yetmadi. Brachchano xonaga kirib kelgan daqiqadan boshlab, u Orsinidan nafratlanardi. Uning yagona istagi: Orsinini boshqa tilga olmaslik, u haqda o‘ylamaslik va u bilan bog‘liq barcha xotiralarni o‘z hayoti bilan qo‘shib butunlay yo‘q qilish edi.
– Ertaga, – dedi iztirobda qolgan gertsoginya, – kampir bo‘lib qoladigan ayol uchun-a?!
“Men bir kun emas-bir kun baribir qarib, badbashara ayolga aylanaman”,– o‘yladi u, ho‘ngrab yig‘lashdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib. – O‘shanda u meni yomon ko‘rib qoladi. Paolo o‘z or-nomusini bekorga fido qilgani qoladi”.
Eshik taqilladi.
– Nima gap? – baqirdi gertsog cho‘chib tushib.
– Bu men, – Oyshaning ovozi eshitildi. – Gertsog Medich janoblaridan chopar keldi. U maktub keltiribdi.
Brachchano eshikni ochdi va Oysha maktub bilan kichkinagina qutichani unga topshirdi. Gertsog muhrni buzib maktubni ochdi-da, yuz ifodasini o‘zgartirmay unga ko‘z yugurtirdi va o‘qib bo‘lgach, gertsoginyaga g‘alati qarab qoldi.
– Xonim, – dedi u ayolning yuziga diqqat bilan boqarkan, – gap shundaki, akangizning menga xabar berishicha, Orsini Parijda noma’lum kimsa tomonidan tunda pilta miltiqdan otib ketilgan.
– Har holda, – davom etdi u gertsoginyadan ko‘z uzmay, – bu haqda Franchesko shunday deb yozadi. Bilasiz-ku, u har bir so‘zni chertib-chertib gapiradiganlar toifasidan ekanini. U yana shuni qo‘shimcha sifatida ma’lum qiladiki, uning xizmatkorlaridan ikki kishi tasodifan voqea sodir bo‘lgan yerda bo‘lgan va Orsinining o‘limiga isbot sifatida uzukni o‘zlari bilan olib kelishgan. O‘sha uzuk mana bu qutida, – u qutini gertsoginyaga uzatdi. – Malol kelmasa, uni ochsangiz va bu uzuk chindan ham unga tegishlimi yo yo‘qligini menga aytsangiz?
Bu qadar kuyinib aytilgan gaplardan so‘ng ham uning baxtsizlikdan darak beruvchi vahimasi gertsoginyani sarosimaga solib qo‘ygandi. Nima qilayotganiga deyarli aqli yetmay qolgan ayol qutichani ochdi-da, parishon holda ichidagi narsaga boqdi. Shu paytda ayol bu xizmatkorning qachonlardir o‘zining hayotida tutgan o‘rni qanday bo‘lganini butunlay unutgandi.
– Ha, bu Orsinining uzugi, – dedi ayol butunlay beparvo ohangda.
Nima qilib bo‘lsa-da, ayol o‘z hayajonini oshkor qilib qo‘yishidan umidvor bo‘lgan gertsogni bu ohang boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘ygandi.
“Demak, u Orsinini sevmagan ekan-da,”—deb o‘yladi gertsog kallasiga kelgan bu fikrdan cho‘chib. Biroq uning rashki to‘g‘ri kelgan joydan o‘z nafsini qondirib ketaverardi. Orsinini sevmagani uchun gertsoginyaning gunohi unga yanada og‘irroq tuyulib ketdi. “Bu qanaqasi bo‘ldi, – xayoldan o‘tkazdi u to‘satdan qattiq g‘azablanib, – ko‘ngil qo‘ymay turib xizmatkorga o‘zni bag‘ishlash!”
Gertsog shu qadar diyonatli va samimiy odam ediki, bu tuyg‘ularning bari birin-sirin unda aks etib borardi va Izabella uning fikridagi eng nozik farqni ham osongina ilg‘ab olardi.
– Nima qilamiz! – dedi ayol eshittirib. – Ko‘rinib turibdi, siz meni hech qachon kechira olmaysiz. Shunday bo‘lgach, o‘lim eng to‘g‘ri chora.
Brachchano qaltiray boshladi. Ikkilanishning azobi unga o‘z hukmini o‘tkazardi: xotinini o‘ldirishga uning qo‘li bormasdi, gunohidan ham o‘tolmasdi.
– Shunisi ham borki, – dedi gertsoginya, o‘ng qo‘li bilan qutichani olib, Brachchanoga ko‘rsatarkan, – balki endi tushungandirsiz, agar men ojizlik qilib, siz bilan Frantsiyaga qochib ketishga rozi bo‘lganimda, shunday kunlar mening ham boshimga tushgan bo‘lardi!
– Unda Francheskoni o‘z qo‘llarim bilan bo‘g‘ib o‘ldirardim! – dedi gertsog vahshiyona baqirib.
– Nahotki, – e’tiroz bildirdi Izabella, – u sizni ayab o‘tiradi deb o‘ylasangiz? Meni gumdon qilganidan so‘ng sizni tirik qoldirishiga hech kimning ko‘zi yetmaydi. Brachchano sarosimada xonaning u boshidan-bu boshiga betoqat borib-kelardi. Uning miyasiga har xil telba-teskari fikrlar kelardi. Francheskoning ta’zirini berish uchun uning yoniga ko‘pam shoshmaydi. U Francheskoga qarshi bo‘lgan uning barcha dushmanlarini oyoqqa turg‘azadi. U Italiyani qo‘lga kiritadi va odamlarni, hukumatni Izabellani kechirishga majbur etadi. Izabellani afv etishni va taxtni u bilan baham ko‘rishni hali xalqning o‘zi undan yolvorib so‘raydi.
– Xom xayollaringizga ko‘pam erk beravermang, Paolo, – dedi gertsoginya uning quchog‘iga o‘zini otib, – biroq biz ikkovimiz ham o‘z tabaqalarimizning qulimiz. U bizni o‘zi istagan ko‘yiga solishi mumkin. Sizdan yagona va arzimagan o‘tinchim bor edi.
– Qani! – zo‘rg‘a shivirladi Brachchano.
– Tonggacha yashashimga ruxsat bersangiz.
Brachchano unga qaradi-da, ko‘zlaridan tirqirab yosh oqa boshladi va zo‘rg‘a:
– Mayli, bu muruvvatdan sizni bebahra etolmayman, – dedi u nihoyat, bu so‘zlar bilan endi gertsoginyaning taqdiri bir yoqlik bo‘lganini payqamay.
U birdan yengil nafas ola boshladi. Gertsogni bu o‘tinchga ko‘ndira olishiga ko‘zi yetmayotganidan ayol tashvishda edi. “Endi, – o‘yladi u rohatlanib, Brachchanoning yuzlaridan tinimsiz bo‘sa olarkan, – meni keksalik ham, badbasharalik ham, gertsogning nafrati ham ta’qib etolmaydi. Uning qo‘llarida o‘sha-o‘sha go‘zal va aziz ayolligimcha jon beraman. Erim meni to abad sevadi”.
Tun haddan tashqari iztirobli ishqiy quvonchlarga boy bo‘ldi. Gertsog goh otashin sevgidan mast bo‘lar, goh rashk o‘tida qovrilardi. “Nahot, – o‘yladi u, suyukli yorini bag‘riga bosa turib, – Orsini ham Izabellani shunday bag‘riga bosgan bo‘lsa?” Izabella rostdan ham Orsinini sevmaganmikan? Yoki meni chalg‘itish uchun o‘zini beparvolikka solib, mug‘ombirlik qilayaptimi?.. “Izabella uning barcha fikrlarini ko‘z qarashlaridan uqib olardi. Shu tobda gertsogning nigohlari ajib bir tarzda qotib qolgandi. Ayolning jonini tong yorishguncha saqlab qolishga so‘z bermaganida, gertsog buni paysalga solib o‘tirmasdi – uni allaqachon bir yoqlik qilishi mumkinligini Izabella bir-ikki marta xayolidan o‘tkazdi.
Gertsoginya farzandining otasiga benihoya mehribonlik bilan tabassum hadya etdi-da, bejirim qo‘llarini erining qo‘llari ustiga qo‘ydi va birdan xanjarning sopini shiddat bilan siltab uni o‘z ko‘kragiga sanchdi. Qon tizillab oqa boshladi. Izabella chuqur oh tortdi-da, shoshmaygina, xuddi uyquga ketayotgandek, boshini yostiqqa qo‘ydi. Gertsog xotinini o‘ldirib qo‘yganiga shubha qilishi uchun uning harakatlari go‘yo atayin qilingandek shu qadar xotirjam edi. Biroq Izabellaning ruhsiz chehrasi to‘zib yotgan sochlari orasida qimirlamay qotib qolgandi. Bir lahzadan so‘ng gertsog engashdi-da, ayolni o‘pdi. Ayolning lablari sovuq va jonsiz edi.

Rus tilidan Dildora Aliyeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 2-son