Patrisia Bernard. Yuvati (hikoya)

Yuvati ota-onasi o‘tirgan odamlarga liq to‘la qayiq Karnapxuli[1] daryosining uncha katta bo‘lmagan irmog‘idan qayrilib, ulkan va tezoqar daryo bag‘rida ko‘zdan g‘oyib bo‘lguniga qadar (ota-onasiga) qo‘l silkitib turdi.

Advika va Lalit ham unga javoban qo‘l silkishardi. Yuvati ularga qarab bazo‘r iljaydi. Advika erining shimini kiyib olgan, o‘lchami ancha katta bo‘lganidan shim qurg‘ur uning egnida qopday osilib turar, ustiga ustak kalta ko‘ylagi va uzun sochlarini yashirib turgan poxol shlyapasida u juda kulgili ko‘rinardi. Eshkak eshib qayiqni harakatga keltirish erkaklar ishi bo‘lgani uchun, u erkakcha kiyinib olgan, modomiki, jut[2] hosilini daryoning so‘l qirg‘og‘ida joylashgan tegirmonga eltishda eriga yordam bermoqchi ekan, bu juda muhim edi.

Bundan bir yilcha burun hosilni qayiqqa ortib, narigi sohilga eltishda otasiga Yuvatining o‘n yetti yoshli akasi Sabbir ko‘maklashardi. Daryoning narigi sohilida jutdan tola olinar, olingan tola eshilib, o‘rimlash orqali undan arqon yoki ip tayyorlanar, ba’zan hatto ulardan dag‘alroq bo‘lsa-da, mato ham to‘qilardi. Keyinroq Sabbir Chittagong[3]ga ketib qoldi. U yerda nisbatan yaxshiroq haq to‘lanadigan ish topdi. Yigit shaharda kuniga o‘n soatlab velosiped qo‘shilgan riksha[4] haydab, kirakashlik qilar, kamiga yana kechqurunlari qovurilgan yeryong‘oq sotardi. Shaharga ketganidan beri u bor-yo‘g‘i ikki marta uyga keldi xolos. Har safar kelganida topgan-tutganini oilasiga qoldirar va har gal u jo‘nab ketgach, Advika haftalab ko‘z yosh to‘kardi. Yuvati ham akasini juda sog‘inar, biroq, buni sezdirmaslikka tirishardi, negaki, uydan ketib qolgani uchun undan qattiq xafa edi.

Ayni damda jut ko‘chatlarini ekishda ota-onasiga ko‘maklashish ham Yuvatiga qolgan, uning nihollari kun sayin ko‘kka bo‘y cho‘zar, onasining nihollariga nisbatan ancha baravj edi. Ota-onasi sabzavotlar ekish bilan mashg‘ul bo‘lgan paytlarda Yuvati jut hosilini yig‘ib, poyalarni qoq belidan bog‘lab dastalar, ularni daryo qirg‘og‘idagi langarga mahkamlardi-da, to ularning poyasidagi shilimshiq, yopishqoq suyuqlik yuvilib bitmaguncha suvga bo‘ktirib qo‘yardi.

Oradan yana bir oycha o‘tib, shunday bo‘ldiki, Yuvatining onasi olti yoshli Rajat va uch yoshli Nabin bilan ovora bo‘lib qoldi, buning ustiga ovqat tayyorlash, mayda-chuyda ro‘zg‘or yumushlaridan ortmadi. Shunday paytlarda ko‘pincha Yuvati beliga arqon bog‘lagan ko‘yi loyqa va olag‘ovur daryo sohilida jut bog‘lamlarini ushlab turar, agar beliga arqon bog‘lamasa, daryo suvi uni oqizib ketishi mumkin edi. So‘ngra u jut poyalarining nam tortib, ivib ketgan  po‘stlog‘ini shilib, tolasini ajratib olardi.

Yuvati jut poyalarining po‘stlog‘ini sidirib, tolasini ajratishni juda yomon ko‘rardi. Boisi tabiatan anchagina pishiq-puxta bo‘lgan jut tolalari uning barmoqlarini kesib yuborar, keyin bu yaralar chidab bo‘lmas darajada og‘riq berardiki, buning kasriga  Yuvati kechalari na tayinli uxlay olar,  va na husnixat mashqlarini bajara olardi. Biroq, u juda yomon ko‘rgan mana shu yumushni bajarish – ularning odamga o‘xshab yashashlari, kiyinishlari uchun juda zarur edi. Qolaversa, bu mashaqqatli ish – ota-onasi tirikchilik vajidan oqimga qarshi suzib yurishgan bir paytda, Yuvati va kichik ukalarining bu orolda jon saqlab qolishlari uchun ham juda muhim edi.

“Sen chaylamizga va orolga ko‘z-quloq bo‘lib turishing kerak, – deya yuz martalab takrorlardi unga otasi. – Yana… sen o‘zingni yigitlardek mardonavor tutishing, ularga o‘xshab ko‘rinishing lozim, yo‘qsa, qayiqlarda suzib yurgan, manzilu makoni yo‘q, ul-bul ekib dehqonchilik qilay desa, yeri yo‘q odamlar, xuddi biz qachonlardir egasi yo‘q ekan, deya bu orolga joylashganimiz kabi, orolimizni egallab olishlari mumkin”.

Nabin qo‘llarini ikki yoniga kerib erkakcha yurish qiladi-da, “Men yigitmaaan!”, – deya pichirlaydi Yuvatini mazax qilganday. So‘ngra bolakayning bu beo‘xshov qilig‘idan hammalari xandon otib kulib yuborishadi.

Biroq, hozir Yuvati kuladigan ahvolda emasdi. Egniga akasi Sabbirning eski shimini ilib olgan (shimning bo‘ksasi xiyla  kattaligidan qiz uni damba-dam tortib qo‘yardi), poxol shlyapasi ostiga sochlarini yashirgan Yuvati ayni paytda sabzavotlarni o‘tash bilan mashg‘ul edi.

Yomg‘irning ilk tomchilari tushgunga qadar u turli xil sabzavotlar ekilgan paykalning uchtasini begona o‘tlardan tozalashga ulgurdi. Keyin  u sharros yog‘ayotgan yomg‘irdan qochib, ukalarining qo‘lidan tutib, qamish poyalaridan naridan beri tiklangan chaylalariga yashirindi. Yomg‘ir shu yog‘ishida naq to‘rt kungacha tinmadi. Chaylaning bosilaveriganidan zarang bo‘lib ketgan tuproq sahni, qamishdan yopilgan tomi ivib, zaxlab ketgandi. Eng yomoni, ular yashaydigan orolcha  tobora  kichrayib borardi.

Agar daryo paykallarni yuvib ketgudek bo‘lsa, yomg‘ir tez orada tinmasa, to‘plangan katta miqdordagi suv Gang daryosiga quyilib ketmasa, ularning oilasiga qashshoqlik, nochorlik xavf solishini Yuvati juda yaxshi tushunardi.

Beshinchi kuniga kelib, sabzavotlar ekilgan tomorqa hamda tashqi hovli sahnidagi, odatda, oila bekasi ovqat tayyorlaydigan o‘choqboshi ham allaqachon suv ostida qolgandi. Buni ko‘rgan Yuvati o‘rin-ko‘rpalarni taxlab, otasining mehnat anjomlari turadigan javonning eng yuqori tokchasiga joylashtirdi. So‘ngra tizzasigacha loy kechib, o‘zining kichikroq qayig‘i turgan tarafga qarab chopib ketdi. Bu qayiqni bir paytlar akasi Sabbir daryoning narigi sohiliga o‘tib, o‘tin terishi hamda o‘tinlarni ortib uyga keltirishi uchun yasab bergandi. Ayni damda qayiqni orolcha bilan bog‘lab turgan vosita  – oroldagi yagona daraxt edi. (Yuvati qayig‘ini mana shu daraxtga bog‘lab qo‘ygandi.) Bu daraxt onasiniki edi. Negaki, har doim shu daraxtni kesib o‘tin qilib yuborish xavfi paydo bo‘lganida, faqat onasi bunga qarshi chiqar, sababi, uning baland va baquvvat  shoxlari suv toshqini paytida jon saqlasa bo‘ladigan eng xavfsiz va  xatarsiz bir joy edi.

Yuvati qayiqqa tang‘ib tashlangan  arqonning bir uchini daraxtning eng yuqori shoxiga bog‘ladi-da, yana loy kechib ortiga – chaylasi tomonga shoshildi.

“Endi qayerda uxlaymiz?” – norozi ohangda opasini savolga tutadi Rajat.

“Sen va Nabin huv anavi baland tokchaga chiqib olasizlar. Men esa ota-onamizning kelishini poylab, kutib o‘tiraman”.

Ertasi kuni tong endigina oqara boshlaganda Yuvati ukalarini uyg‘otdi.

“Daryo sohilni vayronaga aylantirib yuvib ketibdi. Hamma joyni suv bosgan. Endi daraxtga chiqib olmasak bo‘lmaydi!”.

Kichkintoy Nabin vahimaga tushib :“Oyimga borgim kelyapti. Otamni ko‘rishni istayman!”- deya yig‘lay boshladi.

“Ular tez orada kelib qolishadi”, – deydi  Yuvati bolani yupatish uchun. Ammo bu gapiga uning o‘zi ham ishonmayotganligi, qizning yuz-ko‘zidan shundoqqina bilinib turadi.

Illo, Yuvati  ayni shu chog‘da quturgan, to‘lib-toshgan ulkan daryo bag‘rida almisoqdan qolgan eski qayiqda harakatlanayotgan ota-onasi har lahzada  yo‘ldan adashishlari, kuchli va beshafqat to‘lqinlar domiga tushib, noma’lum tomonga suzib ketishlari ham mumkinligini ichki bir tuyg‘u bilan idrok etadi.  Lekin,  qizaloq  tezda  bu kabi mudhish xayollarni o‘zidan nari qilishga urinib, butunlay boshqa narsalarga fikrini qaratadi…

Chindan ham daryo oqimining quyi qismida qo‘shimcha dambalar  tiklangunga qadar haybatli to‘lqinlar orolni o‘z domiga tortib ulgurishi, ota-onasining jut poyasidan to‘qilgan mitti qayig‘ini pista po‘choqdek oqizib, ularga qadrdon bo‘lib qolgan irmoq sohilidan bir necha mil[5]ya  olisga – Bengal qo‘ltig‘i tomonga osongina uloqtirib yuborishi ham hech gap emasdi.

Yuvati Rajat bilan Nabinni yelkasiga opichib onasining daraxti tomon borardi. Suv uning beligacha ko‘tarilgan, bolalarni mahkam opichlab o‘tib borarkan, qiz suvning kuchli bosimiga imkoni boricha dosh berishga urinardi. Rajat bilan Nabin onalari avaylab-ardoqlagan, alohida mehr bilan parvarishlagan daraxtning suvga egilib turgan ingichka bir novdasiga osilib daraxtning yo‘g‘on va baquvvat tanasiga o‘tib olishdi. Keyin Yuvati Rajatga arqon uzatdi.

“Men ko‘rpa-to‘shaklarimizni, ba’zi bir anjomlarni, yana ovqat pishiradigan qozonimizni ham olib kelaman. Ularning barini daraxtga bog‘lab qo‘yamiz”, – dedi Yuvati iziga qaytar ekan.

“Jo‘jalarim-chi! Ularga nima bo‘ladi?”, – bezovtalanib so‘radi Rajat. Rajatning ikkita jo‘jasi bor edi. Rajat ularni  chaylaning  shiftiga osib qo‘yilgan bambukdan to‘qilgan qafas ichida boqardi.

Yuvati ukasiga qarab qoshlarini chimirdi. Ukasining bu injiqligi unga yoqmagan edi. “Agar daraxtga bog‘lab qo‘ysak, ular ivib, nobud bo‘ladi”, – dedi u zardali ohangda.

Yuvatining javobidan Rajatning yuzi burishdi. “Biroq, kulbamizda qoldirsak ham suvga cho‘kib o‘lishadi-ku!”. Rajat shu gapni aytib, bexosdan  yig‘lab yubordi.

“Mayli, yig‘lama! Jo‘jalaringni ham olib kelaman”.

Birozdan so‘ng Yuvati jo‘jalarning qafasini boshiga qo‘ndirib  kelayotgan edi, qayiq kichkina emasmi, xuddi po‘rtanaga duch kelganday, suvda aylana boshladi va qizning yonboshiga kelib urildi. Garchi qayiqning asosi bambukdan yasalgan, ustiga yelimshak va bo‘z mato qoplangan bo‘lsa-da, uning zarbi qizaloqqa yaxshigina azob berdi. Qiz og‘riqning zo‘ridan yig‘lab yubordi-yu, jon holatda daraxtga yopishdi.

Qafasni Rajatga uzatgach, qiz otasining anjomlarini, onasining  cho‘yan qozoni, katta sirlangan idishi hamda o‘qlovini olib kelish uchun yana uch marta chaylaga borib keldi. Keltirgan buyumlarni qayiq ichiga qo‘ydi-da, keyin o‘zi ham daraxtga tirmashib Nabinning yoniga chiqdi; ukasini namiqqan ko‘rpachaga o‘radi-da, bir bo‘lak yelimshak taxtacha bilan yomg‘irdan pana qildi. Keyin har ehtimolga qarshi, ukalarining ikkovini ham daraxtga bog‘lab qo‘ydi.

Shundan keyingi ikki kun davomida ham yomg‘ir tinay demadi. Nabin holsizlikdan mudray-mudray oxiri uxlab qoldi. Yuvati bilan Rajat esa uyqusiragancha  ota-onasining yo‘liga ko‘z tikib o‘tirishardi.

Hamma narsa, hatto jo‘jalar ham ivib, shalabbo bo‘lganidan dir-dir titrab, qunishib turishardi. Rajat ularning har birini galma-galdan kaftiga olib isitib turardi. Onasi ketishi oldidan ularga pishirib ketgan chapatilar allaqachon sovub, tarashaga aylangan, ozginagina karam va ismaloqdan boshqa yegulik ham qolmagandi. Rajat o‘ziga tegishli  chapatining yarmisini maydalab jo‘jalariga berdi.

Oltinchi kuni juda ochiqqan va zerikkan Rajat tobora cho‘zilib borayotgan azobli kutish dilgirligini qisqartirish uchun Yuvatidan ota-onalarining qanday tanishganligi, u tug‘ilmasidan avval oilasidagilar  qanday yashaganligi haqida so‘zlab berishni iltimos qildi. Uyqu zo‘r kelganidan Yuvatining ko‘zlari yumilib ketardi, biroq shunga qaramay, u Nabinni quchog‘iga mahkamroq bosdi-da, oilaning hammalariga ma’lum o‘sha eski tarixini so‘zlay boshladi.

“Onamiz Tippera[6] urug‘iga mansub bir oilada tug‘ilgan bo‘lib, ularning qabilasi Chittagong tog‘lari yonbag‘rida yashaydigan o‘n ikki qabilaning biri edi. Qabila yerlari Birma[7] chegarasiga yaqin hududlarda joylashgan. Bu qavmga mansub odamlarning bo‘ylari pastroq, jussalari kichik, yuzlari dumaloq, burunlari mittigina, ko‘zlarining shakli onamiz va Nabinning ko‘zlariga o‘xshash bodomqovoq. Ular bengal tilida so‘zlashmaydilar. Qabila ayollari sari kiymaydilar. Ularning kiyimlari sarong[8] deb nomlanadi, bo‘ynilariga qavat-qavat marjonlar shodasi-yu quloqlariga kumushdan yasalgan halqasimon og‘ir ziraklar taqishadi”.

“Faqat onam taqinchoqlarini bizlarga yegulik olish uchun sotib yuborgan”, – deya opasining gapini bo‘ladi Rajat.

Yuvati bosh irg‘ab ukasining gapini tasdiqlaydi.

“Bengaliyaliklar esa qorachadan kelgan, bo‘ylari uzun, – hikoyasini kelgan joyidan davom ettiradi Yuvati, – burunlari dadamning, Rajat va mening burnim kabi qirrali… Bilasizlarmi, ularni nima deb atashadi?” – so‘raydi Yuvati bolalardan.

“Jummarlar[9]”, – birvarakayiga javob berishadi ular.

“Onamiz o‘zlari yashaydigan qishloq atrofidagi o‘rmonlarda o‘suvchi turli gulu chechaklardan asal yig‘ar edilar, holbuki, bu yumush, bundagi o‘rmonlar shunchaki o‘rmon emas, balki, butkul  chakalakzor bo‘lganidan, juda xavfli edi. U yerlarda yirtqich yo‘lbarslar izg‘ib yurar, aytishlaricha, ular asal yig‘ib yurgan juda ko‘p odamlarga to‘satdan hujum qilib, ularni tilka-pora qilib tashlagan, umriga zomin bo‘lgan ekan”.

Hikoyaning shu yeriga kelganda, bolalar qo‘rquvdan opalarining pinjiga tiqilishib, bir-birlariga yanayam yaqinroq o‘tirib olishdi.

“Otamiz, – so‘zida davom etardi Yuvati, – Chittagong shahri bandargohiga keltirilgan, eskirib yaroqsiz holga kelgan ulkan yuk tashuvchi  va yo‘lovchi kemalarini qismlarga ajratardi”.

“Ulardan ajratib olingan po‘lat faqat Bangladeshda eritilib, qayta toblanadi”, – qo‘shimcha qildi Rajat, o‘zini kattalardek bilag‘on ko‘rsatib.

“Ming mashaqqat bilan yig‘ib to‘plagan asallarini Chittagong bozorida sotib bo‘lgan onamiz bir kuni uyga qaytayotib, sohilda buzilib, yarim-yorti bo‘lib yotgan ulkan bir kemani ko‘rib qoladi. Uni yanada aniqroq ko‘rish uchun onamiz bandargohga yaqin boradi.

“Va u yerda, – yana gapni ilib ketadi Rajat, – kattakon bosqonni xuddi ertaklardagi devqomat pahlavonlardek qo‘lida mahkam  tutib olgan  otamiz, po‘lat kemalarni bir zarb bilan qulatar edi”.

“Xuddi shunday, – davom ettiradi yana Yuvati. – Egniga sarong kiyib, bo‘yniga shoda-shoda marjonlar ilib olgan, juda maftunkor bir qo‘g‘irchoqni eslatuvchi onamizni ko‘rgan otamiz, oshiqu beqaror bo‘lib qoladi. “Men faqat mana shu parivashga uylanaman!” deydi o‘ziga-o‘zi. Onamiz ham juda kelishgan, alpqomat bu yigitni bir ko‘radi-yu, uning peshonasiga bitilgan baxt aynan shu yigit ekanini darhol anglab yetadi. Holbuki, ularning baxtiga to‘g‘anoq bo‘lib turgan muammolar juda-juda ko‘p edi”.

Yuvati bu muammolarni barmoqlari bilan birma-bir sanay ketdi: “Chittagong tog‘li hududi aholisiga mansub yigit-qizlar faqat o‘z qabilalaridan bo‘lganlar bilan oila qurishardi. Bizning otamiz musulmon, onamiz esa Buddaga e’tiqod qilardi. Onamiz bengal tilini uncha yaxshi bilmas, otamiz ham onamizning tilida mutlaqo so‘zlasha olmasdi”.

“Keyin onamizning ota-onalari dadamizga bu qishloqni tark etish to‘g‘risida qat’iy talab qo‘yishadi, shundan so‘ng ular birgalikda qochib, u yerlardan bosh olib ketishadi. Otamiz onamiz uchun ijaraga qizil va sariq gulli chiroyli to‘y sarisi olib keladi hamda onamizga uylanadi”, – hikoyaga nuqta qo‘ygandek o‘z gapini yakunlaydi Rajat.

“U yana onamiz uchun bir juft halqasimon billur ko‘zli ziraklar ham sotib olgan”, – qo‘shimcha qiladi Nabin.

Yuvati yana boshini irg‘ab ularning gapini tasdiqlaydi.

“Otamiz nimaga shunday qilganini bilasizlarmi? – so‘raydi Yuvati mayin va sokin ovozda, – chunki bengallarning an’anasiga ko‘ra, kuyov to‘yi bo‘layotgan kuni o‘z qaylig‘iga biron bir taqinchoq sovg‘a qilishi shart”.

Shu payt Yuvatining chehrasi g‘amgin tus oldi.

“Onamiz turmushga chiqqandan keyin bor-yo‘g‘i to‘rt martagina o‘z ota-onasini ko‘rgani borgan xolos. Shunda ham har safar biz – farzandlar tug‘ilganimizda. Axir ular to‘rtovimiz uchun ham ota-onalaridan oq fotiha olishlari, buning ustiga bizlarni Budda ibodatxonasiga olib borib cho‘qintirishlari kerak edi-da!”

Qizni kuchli esnoq tutdi. “Bo‘ldi endi, uxlanglar. Men charchadim”.

Yuvati uyqudan uyg‘onganda, suv ularning chaylasini tamomila yuvib ketgan, orol esa butkul ko‘zdan g‘oyib bo‘lgandi. Daryo suvi vahshatli na’ra tortib, shovullagancha tobora ko‘tarilib borar, ular o‘tirgan daraxt tanasiga kelib kuchli zarb bilan urilar, hatto daraxtning nisbatan baland qismidagi  yo‘g‘on shoxiga bog‘lab qo‘yilgan Rajatning to‘shagiga ham yetib qolgandi. Bolalar daraxtning yanayam yuqoriroq qismiga qarab tirmasha ketdilar. Ular yuqorilagan sari daraxt shoxlari ingichkalashib, sinib ketish xavfi ortib borardi. Yeyish uchun ularning ixtiyorida bor-yo‘g‘i namiqib ivigan xom guruchu, bir necha tutam so‘ligan ismaloq barglarigina qolgandi. Sho‘rlik bolalar qanchalar ochiqqan bo‘lmasinlar, noilojlikdan guruch chaynashardi. “Guruchni yutishdan oldin yaxshilab chaynanglar”, – derdi Yuvati ukalariga.

Birozdan so‘ng kichkintoy Nabin yana ota-onasini qumsab yig‘lay boshladi.

Nihoyat, sakkizinchi kuni yomg‘ir tindi. Biroq, atrofdagi manzara hech bir jihati bilan ko‘ngilni ko‘taradigan emasdi. Tevarak-atrof cheksiz-chegarasiz ummon edi go‘yo. Butun borliq, yeru ko‘k faqat va faqat suvdan iboratdek, ufqning u boshiidan to bu boshiga qadar faqat dengiz… goh sokin va ko‘zni qamashtiruvchi tarzda jilvalanib turgan, gohida esa ertaklardagi afsonaviy mahluqotlar kabi pishqirib dahshat solguvchi ulkan ummondan iboratdek…

Olis-olislarda allaqanday yelkanli qayiqlar suzib yurar, lekin ular ham to‘lqinlar haybatidan goh ko‘rinib, goh ko‘zdan g‘oyib bo‘lardi. Garchi uzoqlardan elas-elas ko‘zga tashlanayotgan bu qayiqlarni bolalar bir yo ikki marta ko‘rishgan bo‘lsa-da, ularga ortiqcha umid bog‘lashmas, chunki ular har qancha baqirib-chaqirsalarda, ovoz yetmas darajada olisda edi.

“Bizlar ham qayiqdagilar nima qilayotgan bo‘lsa, xuddi shunday yo‘l tutishimiz kerak, – dedi qat’iyat bilan Yuvati Rajatga yuzlanib. – Avval, biz ham ularning ortidan Sundarban[10] tomonga, keyin Bengal qo‘ltig‘iga suzib borishimiz kerak. O‘sha yerdagi sohilga chiqib olsak, marra bizniki, u yerda bizga yordam beradigan odamlar topilib qolar, bizni bunday nochor ahvolda qoldirishmas…

“Biroq, dengizda timsohlar, ilonlar va yo‘lbarslarga duch kelishimiz mumkin”, – dedi Rajat qo‘rquv to‘la nigohlari bilan opasiga termulib.

Yuvati unga javob bermadi.

“Onamiz bizga har doim agar biror kor-hol yuz bergudek bo‘lsa, bobomiz va buvimiznikiga borishimiz mumkinligini uqtirardi. Men anavi daraxt uchiga bog‘langan idishga “Biz Chittagongga ketdik!” deb yozib qo‘yaman”.

Tez orada ular hamma narsalarini yig‘ishtirib, pastda – suvda qalqib turgan qayiqqa tushira boshladilar. Nabin qayiq ichiga yig‘ilgan suvni  chiqarib tashlash uchun qayiqning o‘rtasiga cho‘kkalab o‘tirdi. Yuvati bilan Rajat qayiqning ikki yonidan joy olishdi.

“Sizlar boshqaruvni qo‘lga olib, qayiqni muvozanatga ketirishingiz bilan, men onamning sarisini qayiqning chetlariga bog‘lashga urinib ko‘raman, saridan yelkan yasaymiz”, – tushuntirdi Yuvati.

U xuddi aytganiday qildi. Qayiq markazida tizzalab o‘tirib, onasining sarisini bir uchidan qayiq yoniga bog‘lab, so‘ng uni shamol yo‘nalishiga moslashtirguncha qizning qo‘llari tolib ketdi, ammo natija kutganidan ham a’lo chiqdi: sari yelkan vazifasini juda yaxshi o‘tadi.

Birozdan so‘ng Nabin qayiqning burun qismiga o‘tirib olib,  pinakka ketdi. Rajat qayiqning yelimshak qoqilgan devoridan sizib kirayotgan suvlarni tashqariga peshma-pesh to‘kib turdi. Yuvati suv yo‘nalishi bo‘ylab oqib kelayotgan daraxtlaru shox-shabbalarni, vayron bo‘lgan chaylalarning qoldiqlarini aylanib o‘tish uchun eshkakni shiddat bilan goh orqaga, goh oldinga aylantirardi. Ular shu ko‘yi, ming mashaqqat bilan suzib borishar ekan, daraxt to‘nkasiga urilib ag‘darilib ketishlariga bir baxya qoldi. Yana bir safar esa yassi loytepalarni aylanib o‘tish chog‘ida ham shunday qaltis vaziyatga duch kelishdi. Yo‘l bo‘yi qayiqning ichi suvga to‘laverdi, to‘laverdi, bolalar ham asov dengizning qahri oldida bo‘sh kelishmadi; galma-galdan suvni tashqariga to‘kib boraverishdi.

Nihoyat, borliqqa yana bir oqshom cho‘kdi. Bu oqshom ham ular namiqqanidan shilimshiq bo‘tqaga aylanay deb qolgan xom guruch chaynadilar. Tez orada mangra[11] daraxtlari bilan qoplangan, sershovqin makaka maymunlari-yu marabu laylaklarining chinqiroq ovoziga to‘lib-toshgan botqoqliklardan iborat kichik bir maydon ko‘zga tashlandi.

“Odamlar ko‘rinmaguncha qirg‘oqqa yaqin yo‘lamaymiz”, – dedi Yuvati. – Yo‘lbarslar suvda yaxshi suzadi, agarda ular och bo‘lishsa, bizlarga hujum qilib qolishlari mumkin”.

Keyingi kuni ular mangra daraxtlari orasida chayla qurib olgan bir oilani ko‘rishdi. Biroq, sohilga yaqinlashish uchun avval kuchli to‘lqinlarni yengib o‘tishlari lozim edi, zero, daryo oqimi ularni aylantirib qarama-qarshi yo‘nalishda oquvchi kanal muyulishiga keltirib qo‘ygandi. O‘sha kuni ular yassi loytepada cho‘zilib olib quyoshda toblanayotgan to‘rtta timsohga ham duch kelishdi: bechora bolalar ularning yonidan nafaslarini ichlariga yutgancha  suzib o‘tishar ekan, qo‘rquvning zo‘ridan naq o‘takalari yorilay dedi.

Timsohlar yotgan loytepa ortda qolgach: “Nima deb o‘ylaysizlar, ular bizning qayig‘imiz faqat yelimshak va bo‘zdan yasalganini bilisharmikin?” – deya pichirlab gap tashladi Rajat.

“Nafasingni chiqarma, – unga javoban shivirladi Yuvati. Agar omadimiz chopsa, biz shu ketishda Karnapxuli daryosigacha yetib boramiz”.

Rajat  omadlari  kulib boqishiga hali u qadar ishonmayotgandi, shu bois unga dalda berish maqsadida opasi yana qo‘shimcha qildi: “Bengal ko‘rfazi sohilidagi plyaj dunyodagi eng uzun plyaj ekanligini bilasanmi?”

Rajat “bilaman” deganday boshini irg‘adi.

“Bangladeshda har yili naq olti oy to‘xtovsiz yomg‘ir yog‘ishini ham bilasanmi?”, – yana so‘radi Yuvati.

“Ha”, – javob berdi Rajat, keyin mangra daraxtlarining, mabodo ostida uzunligi to‘rt yarim metr keladigan bo‘g‘ma ilon yashirinib yotgan bo‘lsa ham sezilmaydigan darajadagi yo‘g‘on, yam-yashil yaproqlari va loy yopishgan ildizlariga ishora qildi, opasining e’tiborini o‘sha manzaraga qaratmoqchi bo‘ldi.

“Yo‘lbarslar sherlarga qaraganda kattaligini, dunyodagi barcha ilonlar ichida piton bo‘g‘ma ilonlari eng kuchlisi ekanini ham bilasanmi?”

Rajat yana “ha” deganday bosh silkidi.

“Modomiki, shunday ekan, unda ayt-chi: agar  kutilmaganda qayig‘imizga shunday bir bo‘g‘ma ilon hamla qilsa-yu, Nabinning atrofida kulcha bo‘lib, uni tanasi bilan o‘rab olsa, sen nima qilasan?”

“Men uni otamning chopqisi bilan urib o‘ldiraman”, – qat’iy  javob qaytardi Rajat.

O‘sha kecha yana sharros yomg‘ir yog‘di. Bolalar yomg‘ir suvini ichish uchun uni qo‘llaridagi yelim idishga yig‘a boshladilar.

Bu paytga kelib ular bisotlaridagi guruchning oxirgi hovuchini ham, so‘lib qolgan ismaloqning so‘nggi bog‘lamini ham yeb tugatgandilar. Hammalari juda ochiqqan va o‘ta holdan toyganlari uchun Yuvati yo‘lbarslar ta’qib etishi yoki o‘z o‘ljasini poylab pisib yotgan bo‘g‘ma ilonlar hujum qilishi mumkinligini ham mutlaqo unutgan holda, qayiqni mangra daraxtining osilib turgan bir shoxiga bog‘ladi. Ular qafasdagi jo‘jalarni o‘rtaga qo‘yishdi-da, o‘zlari qafas atrofiga joylashib, shirin uyquga ketishdi.

Ertasi kuni atrof-javonibdagi manzara butunlay o‘zgacha tus olgan edi. Kechagina ilondek sirg‘alib oqqan irmoqlar endi katta daryoga qo‘shilib ketgan, daryolar esa, o‘z navbatida, xoldor bug‘ular bilan liq to‘la, baland-baland o‘t-o‘lanlar bilan qoplagan yassitekisliklar oralab o‘tardi. Bir daryoning o‘zani ikkinchisiga ulangan, ikkinchisi esa yana boshqasiga birikib ketgandi go‘yo. Biroq, nima bo‘lganda ham, endi daryolar avvalgidan ko‘ra sokinroq va sekinroq oqayotgan edi.

Bolalar chakalakzor o‘rmonlar bilan qoplangan baland tik qoyalar orasidan suzib o‘tishgach, mevali daraxtlarga liq to‘la dara ro‘parasidan chiqishdi. Bu yerdagi non daraxtlari[12]ning mevalari pishib yetilgan, sap-sariq bananlar ham ko‘zni quvontirib, ishtahani qitiqlardi.

Yuvatining  yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek bo‘lib, o‘zini biroz yengil his qildi.

“Nazarimda, Karnapxuli daryosiga yetib kelganga o‘xshaymiz”, – dedi u xushnud ohangda, ukalariga yuzlanib.

Bolalar ketma-ket suzib borayotgan bir nechta qayiq yonidan o‘tishdi. Qayiqlarning ba’zilari – baliq ovlashga mo‘ljallangan to‘rlar bilan jihozlangan bo‘lib, ular shubhasiz baliqchilarniki edi; boshqalari –odamlar va turfa xil bozorgir mahsulotlar bilan liq to‘la, janub tomon yo‘l olgan savdo qayiqlari edi.

“Shu yerda to‘xtab mevalardan terib olsak bo‘lmaydimi?” – so‘radi Rajat non daraxti mevalari ortilgan qayiqdan ko‘z uzmay.

Yuvati ukasiga javob bermadi. Uning nigohlari hadsiz-hududsiz, ko‘z ilg‘amas, olis-olislarga cho‘zilgan sohilda bir tomonga xiyol engashib turgan ulkan kemada edi.

“Chittagong! Men Chittagongni ko‘ryapman! Bu Chittagong shahri!” – qichqirdi Yuvati hayajonini yashirolmay.

Chittagong shahri daryo sohili bo‘ylab bir necha kilometrga cho‘zilgan. Sohildan shahar ichkarisiga yo‘nalgan yana bir chaqirimcha masofadan so‘ng kichik-kichik kulbalar, yana sal narida esa ikki va uch qavatli uylar ko‘zga tashlanardi.

Yuvati eshkakni shunday aylantirdiki, natijada u boshqarayotgan qayiq o‘z yo‘nalishini keskin o‘zgartirib, o‘sha ulkan kema turgan bandargoh tomonga burildi.

Bandargohdagilardan so‘rab-surishtirib, bobosi va buvisi yashaydigan qishloqni topib olishiga qizning ishonchi komil edi.

Va nihoyat, ular bahaybat kema yoniga yetib kelishdi. Ishchilar qo‘llaridagi ulkan bolg‘alari bilan kemaga har tarafdan hujum qilishar, hammalari o‘z ishlari bilan andarmon edilar. Biroq, kichkinagina qayiqqa ko‘zlari tushgach, negadir ular birin-ketin qichqira boshlashdi. Qizig‘i, ular hech kutilmaganda Yuvatining ismini aytib chaqirishar va bandargohga ishora qilib, bir nimalar deyishardi.

“Yuvati, ular sening ismingni qayerdan bilishadi?”, – hayron bo‘lib so‘radi Nabin.

“Bilmasam”, – deganday yelka qisdi Yuvati. Shu alpozdagi xatti-harakati, gap-so‘zidan qiz boyaqishning so‘nggi kunlar ichida o‘z boshlariga tushgan tashvishlardan, sargardonlikdan nihoyatda zada bo‘lib ketgani, charchagani shundoqqina ko‘rinib turardi.

Shu payt Nabin birdaniga qayiqning burni tomonga o‘rmalay boshladi, uning bu keskin harakatidan qayiq juda qaltis va xatarli bir tarzda chayqalib ketdi. “Ona! Onajon! Otajon!”

Bandargohda turgan bir to‘da odamlar kimnidir olqishlayotgandek shovqin ko‘tarib sakrashar, qo‘llarini silkitib o‘zlaricha turli imo-ishoralar qilishardi. Keyin odamlar to‘dasi ikkiga ajralib, ular orasidan Yuvatining otasi Lalit va akasi Sabbirning qorasi ko‘rindi. Ular qayiqqa arqon tashlash uchun bandargohga mahkamlangan narvondan ketma-ket pastga tusha boshladilar.

Otasi qayiqni tortib qirg‘oqqa yaqinlashtirdi, Sabbir esa Nabinni dast ko‘tarib sirpanchiq zinadan tushib kelayotgan otasining qo‘liga tutqazdi. Yuqorida bolani onasi ilib oldi-da, quchog‘iga mahkam bosdi, bolakay ham sevinchdan qiyqirib yubordi.

Keyin Sabbir Rajatning jo‘jalar solingan qafasini ko‘tarishib narvondan chiqishiga yordamlashdi.

Nihoyat, u Yuvatini ham belidan ushlab qayiqdan chiqarib oldi-da, akalarcha mehr bilan bag‘riga bosdi. “Singiljonim, endi seni hech qachon tirik ko‘rmaymanmi, deb qo‘rqqandim”, – dedi sog‘inch to‘la nigohlari bilan singlisiga termulib.

“Siz bizni tashlab ketmasligingiz kerak edi”, – Yuvati shunday deb yig‘lab yubordi. Keyin shu kunlar ichida ham ruhan, ham jismonan toliqqan sho‘rlik qiz muvozanatini yo‘qotib, “shilq” etib yiqilib tushdi. Sabbir baquvvat qo‘llari bilan uni tutib qoldi, ko‘tarib zinadan tepaga – ota-onasi, bobo-buvilari kutib turgan joyga chiqdi.

“Yuvati juda holdan toygan, – dedi Sabbir yaqinlariga vaziyatni tushuntirib. – Unga suv berish kerak”.

“Egulik ham, – qo‘shimcha qildi Rajat. – Qornimiz juda och”.

Yuvati, Rajat va Nabin qatiq, asal va mevalar bilan tamaddi qilishayotgan paytda otasi ularga bor gapni bir boshdan aytib, tushuntira boshladi. Uning aytishicha, sirlangan idish chetiga yozib qoldirilgan yozuv  ularning joniga ora kirganmish. O‘sha yozuv tufayli Chittagongga kelib, bu yerdan Sabbirni qidirib topishibdi, uni singlisi va ukalarining yo‘qolib qolganidan  xabardor qilishibdi.

“Beshovimiz sizlarning kelishingizni kutib mana shu yerda – bandargohda kun kechirdik”, – dedi Advika bolalariga birma-bir qarab. – Buving bilan bobong ham biz bilan birga edi. Ular har kuni ibodatxonaga borib tangridan sizlarning sog‘-omon topilishingizni so‘rab, chiroq yoqib, ibodat qilishdi”.

Yuvati bir paytlar ota-onasining turmush qurishlariga qarshilik qilgan va ularni qidiruvga bergan bobosi hamda buvisiga hadiksirab sekingina ko‘z tashladi.

“Endi hammasi joyida. Hozir hammangiz biz bilan qishloqqa borasizlar, qani, yuringlar!”

Advika otasining so‘zlarini bolalariga tarjima qilib berdi: – Bobongiz hammamizni uylariga taklif qilyaptilar. Otangiz tuzukroq ish qidirib topgunicha ularnikida yashab turamiz. Hali boshqa biror qo‘nalg‘a ham,  boshpana ham topganimiz yo‘q. Hozircha Chittagongda qolmoqchimiz. Uchovingiz maktabga borasiz, – dedi Advika,  Yuvati, Rajat va Nabinni birma-bir quchog‘iga olib, bag‘riga bosarkan. – Endi Rajat futbol o‘ynashi mumkin, qolaversa, Sabbir ham biz bilan…qanday yaxshi…bo‘ldi hammamiz endi jamuljammiz… men juda baxtliman!”

Yuvati ayni damda onasidan-da baxtiyor edi. U endi hech qachon jut tolalarini poyasidan ajratib o‘tirmaydi, u endi hech qachon erkakcha kiyinmaydi, modomiki, buvisi Yuvatiga qatiq yedirib o‘tirgan ekan, demak, endi u o‘z nevarasining bag‘ridan olis ketishiga aslo yo‘l qo‘ymaydi.

“Chakalakzor o‘rmonlarda ham suv toshqinlari bo‘ladimi?” – so‘raydi Nabin.

Onasi uni yanada mahkam quchoqlab oldi-da: “Qo‘rqma bolajonim, ota-onamning uylari chakalakzorda emas, buning ustiga ularning uyi yog‘och qoziqlar ustiga qurilgan, juda mustahkam”, – dedi.

Yuvati “Qanday yaxshi!”, – dedi o‘ziga-o‘zi gapirayotganday past ovozda, so‘ngra “xayriyat, hammasi ortda qoldi”, degandek, yengil  xo‘rsinib qo‘ydi.

“Opa, nima balo, jinni bo‘ldingizmi?” – pichirladi Rajat. So‘ngra bidir-bidir so‘zlashga tushdi. “Axir u yerda yo‘lbarslar, yovvoyi cho‘chqalar, bo‘g‘ma iloon…”

“ haya , … yana u yerda ulkan fil-lla-ar bor”, – ukasiga taqlid qilib uning hazilini davom ettirib ketdi Yuvati.

“Yana jo‘jalar ham bor, – qo‘shimcha qildi Advika. – Juda-ayam  ko‘p. Ular hali sening polaponlaring bilan yaqin do‘st bo‘lib olishadi”.

Rajat esa shu topda yaqinlari suhbatlashayotgan narsalar haqida jimgina xayol surardi.

“Aminmanki, bu yog‘iga hammasi yaxshi bo‘ladi, – sargardonlikda ancha qiynalgan, ruhan ezilgan bolalarining ko‘nglini ko‘tarishga urinardi Advika. – Endi bo‘g‘ma ilon jo‘jalaringni yeb qo‘yishidan ham xavfsiramaysan… Chunki buvingning  uyida ularni bexavotir boqishing uchun o‘ta  mustahkam qilib yasalgan qafas bor”.

      Ingliz tilidan Nodira Abdullayeva tarjimasi

[1] Karnapxuli – Bangladeshning janubi-sharqiy qismi va Hindiston hududidan oqib o‘tuvchi daryo. Uzunligi 270 km, Bengal qo‘ltig‘iga kelib quyiladi (tarjimon izohi – N.A.).

[2] Jut – jut yoki Hindiston kanopi. To‘qimachilik sanoatida keng qo‘llaniladigan tabiiy tola beruvchi o‘simlik. Jut tolasi qop, arqon va boshqa dag‘al matolar tayyorlash uchun ishlatiladi. Bangladesh jut tolasi ishlab chiqaruvchi mamlakatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinda turadi. Bundan tashqari, jut o‘simligi Hindiston, Xitoy, Myanma kabi boshqa davlatlarda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham yetishtiriladi (tarjimon izohi – N.A.).

[3] Chittagong – Bangladeshning janubi-sharqida joylashgan yirik shahar va port. Karnapxuli daryosining Bengal qo‘ltig‘iga kelib quyiladigan qismida joylashgan. Chittagong Tog‘li viloyatining ma’muriy markazi (tarjimon izohi – N.A.).

[4] Riksha – Sharqiy va Janubiy Osiyo mamlakatlarida keng tarqalgan ikki g‘ildirakli, bir yoki ikki yo‘lovchiga mo‘ljallangan, bevosita insonning jismoniy kuchi yoki velosiped vositasida harakatga keltiriladigan usti yopiq arava, transport vositasi (tarjimon izohi – N.A.).

[5] Dengiz milyasi –uzunlik o‘lchovi,1 milya- 1852 metr (tarjimon izohi – N.A.).

[6] Tippera – inglizcha – Tippera, Tipperah, Tripuri (Tripuri) yoki Tipra(Tipra) deb ham yuritiladi. Bangladeshning Chittagong tog‘li hududiga qarashli Bandarban orolida yashaydigan qadimiy qirollik oilasiga mansub qabila nomi (tarjimon izohi – N.A.).

[7] Birma – Janubi-Sharqiy Osiyoda, Hindi-Xitoy yarimorolining g‘arbiy qismida joylashgan davlatning eski nomi. Hozirda bu mamlakat Myanma deb yuritiladi (tarjimon izohi – N.A.).

[8] Sarong – yoki sarung (sarung) – indoneziya tilidan olingan. Janubi-Sharqiy Osiyo va Okeaniya xalqlarining an’anaviy kiyimi. Asosan, paxta tolasidan to‘qilgan, inson tanasini oyoq to‘piqlarigacha yopib turadigan uzun va enli mato. Erkaklar uni bellaridan, ayollar ko‘kraklaridan aylantirib jussalariga o‘rab olishadi (tarjimon izohi – N.A.).

[9] Jummar – Chittagong tog‘li tumanida yashovchi bengal qabilalari. Bangladeshning boshqa hududidagi mahalliy  aholi ularni shu nom bilan ataydi (tarjimon izohi – N.A.).

[10] Sundarbán – Yer kurrasidagi mangra o‘rmonlari bilan qoplangan eng katta tabiiy hudud. Gang daryosi deltasida, Hindiston va Bangladesh hududida joylashgan. Mazkur hududda suv ko‘tarilishi tufayli tabiiy ravishda hosil bo‘ladigan juda ko‘p kanallar, mangra chakalakzorlaridan iborat kichik-kichik orollar mavjud. Bu hududda Sundarban milliy tabiat bog‘i va biosfera qo‘riqxonasi ham tashkil etilgan (tarjimon izohi – N.A.).

[11] Mangra – mangra yoki mangrova (inglizcha- mangrove) – asosan, dengiz to‘lqinlaridan marjon qoyalari yoki orollar bilan himoyalangan tropik sohillar va daryo etaklarida keng tarqalgan, yaproqlari har doim yashil tusda bo‘ladigan daraxt yoki buta (tarjimon izohi – N.A.).

[12] Non daraxti – Janubi-Sharqiy Osiyodagi mamlakatlar va orollarda o‘suvchi tropik o‘simlik, mevali daraxt. Uni jekfrut, kanun yoki Hindiston non daraxti deb ham atashadi. Judayam serhosil daraxt bo‘lib, deyarli yil davomida, noyabrdan avgustga qadar muntazam ravishda gullab meva tugadi. Mevalaridan xamir qorib, non yopish, ovqat pishirish mumkin. Shu bois ham mahalliy aholi uni non daraxti deb ataydi (tarjimon izohi – N.A.).