Nikolay Erdman. O‘zimni o‘ldiraman (drama)
IShTIROK ETUVChILAR: P o d s ye k a l n i k o v S ye m yo n S ye m yo n o v i ch. M a r i ya L u k ya davomi…
Nikolay Robertovich Erdman – taniqli rus dramaturgi va atoqli kinostsenariychi. U “Mandat” va “O‘zimni o‘ldiraman” nomli komediyalarning, “Sho‘x yigitlar”, “Volga-Volga”, “Dovyurak kishilar” hamda yana bir qator mashhur filmlar stsenariylarining muallifi.
N.Erdmanning ijodiy taqdiri ko‘p jihatdan mashhur rus yozuvchisi “Usta va Margarita” romanining muallifi M.A.Bulgakovning taqdiriga o‘xshab ketadi.
Uning 1930 yilda Meyerxold teatrida sahnaga qo‘yish uchun tayyorlangan “O‘zimni o‘ldiraman” komediyasini L.M.Kaganovich boshchiligida kelib ko‘rgan davlat komissiyasi pesa premerasini taqiqlaydi. Bundan oldin mazkur pesa uchun keskin kurashlar bo‘lgan edi. Stanislavskiy bu haqda Stalinga maktub ham yozgan edi. Ammo “xalqlar otasi” o‘zining sevikli “mushuk-sichqon” o‘yinini qilib, pesaning qo‘yilishiga til uchida rozilik beradi-yu, lekin o‘z javobi oxirida pesaning muxlisi emasligini qistirib o‘tadi.
Oqibat, pesa Meyerxold teatrida ham, MXATda ham oxirgi bosh repetitsiyadan keyin sahnadan olib tashlanadi.
Shu-shu bo‘ldi-yu, N.Erdman pesa yozmay qo‘ydi. Lekin u keng jamoatchilik nazaridan chetda qolmadi. U o‘z ijodini boshqa sohada davom ettira boshladi. U intermediyalar, juda ko‘p kinofilmlar, multfilmlar uchun stsenariylar yozdi.
U 1933 yili hibsga olinadi va NKVD (Ichki ishlar xalq komissarligi) qoshidagi Maxsus kengash qarori bilan, oldin Yeniseyskka, so‘ng Tomskka surgun qilinadi. N.Erdmanning surgun muddati 1936 yilda tugaydi. Ammo unga SSSRning eng yirik to‘qqizta shaharidan boshqa joylardagina istiqomat qilishga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, uning nomi “Sho‘x yigitlar”, “Volga-Volga” filmlarining titrlaridan olib tashlanadi.
Garchi Erdman pesalarini sahnalashtirish taqiqlangan bo‘lsa ham, u “Mandat” va “O‘zimni o‘ldiraman” komediyalarining muallifi sifatida teatr osmonida mudom porloq yulduz bo‘lib chaqnab turdi.
N.Erdman XX s’ezddan keyin Xrushchyov davrida “iliqlik” boshlanganda, “O‘zimni o‘ldiraman” komediyasining sahnaga qaytishini intizorlik bilan kutgan edi. Bu paytda pesani chop etishga, sahnaga qo‘yishga urinishlar ko‘p bo‘ldi.
Lekin afsus: Stalin taqiqi mansabdor shaxslarga hanuz o‘zining sirli ta’sir kuchini o‘tkazib kelardi.
N.Erdman 1970 yilda dunyodan ko‘z yumdi. Agar o‘sha 1930 yilda “O‘zimni o‘ldiraman” pesasining premerasiga ijozat berilganda edi, muqarrar, teatrlar uning yana ko‘p ajoyib pesalari bilan o‘z repertuarlarini boyitgan bo‘lardilar.
Afsus, u boshqa bironta ham pesa ustida qalam surmadi.
1985 yildan keyin “Mandat” va “O‘zimni o‘ldiraman” komediyalari Yevropa va Amerikaning, shuningdek, Rusiyaning va hamdo‘stlik mamlakatlarining bir qator teatrlarida namoyish qilina boshlandi. Bizning respublikamiz O‘zbekistonda ham “O‘zimni o‘ldiraman” komediyasi Abror Hidoyatov nomli teatrda Bahodir Yo‘ldoshev boshchiligida “Alvido, hayot!” nomi bilan 1988 yilda sahnalashtirildi.
Bugungi kunda Nikolay Erdman pesalarining juda ko‘p teatrlarda sahnalashtirilishi, kitob sifatida chop etilishi ijod ahlining uzoqni ko‘rmaydigan, noshud va muvaqqat mansabdorlar ustidan oxir-oqibat g‘alaba qozonajagidan dalolatdir.
IShTIROK ETUVChILAR: P o d s ye k a l n i k o v S ye m yo n S ye m yo n o v i ch. M a r i ya L u k ya davomi…