Mixail Sholoxov. Inson taqdiri (hikoya)

Yuqori Donda urushdan keyingi birinchi bahor nihoyatda yaxshi keldi, bundaqasi juda kamdan-kam bo‘ladi. Martning oxirida Azov bo‘ylaridan iliq shamol esdi-yu, Donning chap qirg‘og‘idagi qumlar ikki kun ichida yap-yalang‘och bo‘lib qoldi, dashtlardagi qor tiqilib yotgan jar va o‘ralar ko‘pchidi, dala anhorlari muzlarni sindirib, shovqin solib oqa boshladi. Yo‘ldarda qariyb ot-ulov o‘tolmaydigan bo‘lib qoldi. Yo‘llarning rasvosi chiqqan ana shu yomon kunlarda yo‘lim Bukanovskaya stanitsasiga tushib qoldi. Manzil-ku uncha olis emas edi, juda borsa oltmish kilometrcha kelardi, lekin yetib olish oson bo‘lmadi. Jo‘ram bilan men kun tug‘may yo‘lga chiqdik. Ikki to‘riq ot yon qayishlarini tarang qilib, og‘ir brichkani zo‘r-bazo‘r tortib borardi. G‘ildiraklar qor va muzlarga qorishib, namiqib yotgan qumga naq gupchagigacha botib ketardi, bir soatdan keyin esa otlarning biqinlarida, qorinbog‘larida va yupqa tortqilari tagida oq momiq ko‘piklar paydo bo‘ldi, ertalabki salqin havoda ot teri anqidi, jabduqlarga ko‘p surtib yuborilgan moyning qizigan arava yog‘iga o‘xshash o‘tkir hidi dimoqqa ura boshladi.
Otlar juda qiynalib ketgan joylarda biz aravadan tushib yayov yurdik. Ivigan qor etiklarimiz tagida bilchillardi, yurish juda qiyin, yo‘l bo‘ylarida hali erib ulgurmagan muzlar quyosh nurida billur singari yaltirab turardi, ammo u yoqdan yurish yana ham qiyinroq edi. Olti soat ichida zo‘rg‘a o‘ttiz kilometr yurib, Yelanka soyidagi kechikka yetib keldik.
Moxovskiy xutori ro‘parasida bo‘lgan va yoz mahallari u yer-bu yerda qurib qoladigan bu o‘rtamiyona soy, olxa o‘sib, botqoq bosib yotgan sayxonda rosa bir kilometr joyga toshib ketibdi. Uch kishidan ortiq odam ololmaydigan tagi tekis omonat qayiqchada o‘tish kerak edi. Otlarni qo‘yib yubordik. Bizni soyning narigi betida, kolxoz saroyida, qishdan beri yotgan va boshidan ko‘p savdolar o‘tgan «Villis» kutib turar edi. Shofyor ikkovimiz yuragimizni hovuchlaganimizcha hilvirab turgan qayiqchaga o‘tirdik. Jo‘ram qirg‘oqda buyumlar bilan qoldi. Biz endi suzib ham edikki, qayiqchaning chirik tagidan birvarakayiga bir necha joydan suv fontan bo‘lib otilib chiqa boshladi. Qo‘limizda bor narsalarni omonat qayiqchaning teshikchalariga tikdik va qirg‘oqqa yetib olgunimizcha ichidagi suvni tashqariga to‘kib turdik. Bir soat deganda Yelankaning u yuziga o‘tib oldik. Shofyor xutordan mashinani olib keldi, keyin qayiqchaning yoniga keldi-yu, eshkakni qo‘lga ola turib:
— Bu la’nati tog‘da suvda tob tashlab yubormasa, ikki soatlarda kelamiz, ungacha kutmang,— dedi.
Xutor ancha olis bo‘lib, kechik atrofi shunday jimjit ediki, bunday jimjitlik faqat kech kuzu, erta bahorda odamsiz joylardagina bo‘ladi. Suvdan zax hid keladi, chirigan olxalar dimog‘larni qichishtirib anqiydi, uzoq-uzoqlarda ko‘kimtir tuman pardasiga burkangan Xoper bo‘ylari dalalaridan shabada esib, yaqindagina qordan qutulgan yerlarning abadiy sarin, nozik hidlarini keltiradi.
Yaqinginamda, soy bo‘yidagi qumda qulab tushgan chetan cho‘zilib yotgan ekan. Men unga borib o‘tirdim-da, papiros chekmoqchi bo‘lib, kurtkamning o‘ng cho‘ntagiga ko‘limni suqdim, qarasam, ming afsuski, «Belomor» qutisi butunlay ivib qolibdi. Soydan o‘tib ketayotgan mahalimizda cho‘kay-cho‘kay deb lapanglab ketayotgan qayiqchamizning bortidan to‘lqin oshib o‘tib, belimizgacha loyqa suv sochib yuborgan edi. U mahal papiros xayolimga kelibdi deysizmi? Qayiq cho‘kib ketmasin, deb eshkakni bir chetga qo‘yish, qayiqchadagi suvni chiqarib to‘kish kerak edi, mana endi o‘z qilmishimga o‘zim achindim, keyin cho‘ntagimdan ho‘l qutini avaylab oldim-da, chordana qurib o‘tirib namiqqan papiroslarni chetanga bitta-bittadan terib qo‘ya boshladim.
Kun qiyomga keldi. Quyosh may pallalariday qizdirardi. Men papiroslarim tezroq qurisa ekan degan umiddaman. Oftob shunday qizdirardiki, safarga soldatcha kurtka bilan shim kiyib chiqqanimga afsus yedim. Bu qishdan keyingi birinchi chinakam issiq kun edi. Ixtiyoringni jimjitlik va tanholikka topshirib qo‘yib, chetan ustida mana shunday yolg‘iz o‘tirish va boshingdan eski soldatcha quloqchiningni olib qo‘yib, qayiq haydash zahmatidan so‘ng ivigan sochlaringni shabadada quritish, pag‘a-pag‘a oq bulutlarning oqish osmonda suzib yurishini tomosha qilish ko‘p gasht-da.
Hademay, xutorning eng chetki hovlilari orqasidan bir erkak kishining yo‘lga chiqqanini ko‘rdim. U kichkina bir o‘g‘il bolani yetaklab kelardi, bo‘yiga qaraganda bola besh-olti yoshlarda, katta emas. Ular kechik tomonga horib-tolib kelishyapti, biroq mashinaning to‘g‘risiga kelganda men yoqqa burilishdi. Bukriroqdan kelgan bu novcha kishi menga qadalib kelib, bo‘g‘iq tovush bilan:
— Salom, og‘ayni! — dedi.
Uning menga cho‘zgan kattakon, dag‘al qo‘lini qisib turib men ham:
— Salom, — dedim.
U kishi bolaga engashib:
— Amaking bilan so‘rash, o‘g‘lim, — dedi. — Bu ham chamasi, otangga o‘xshash shofyor ko‘rinadi. Biroq sen bilan biz yuk mashinasida yurardik, bu esa anovi kpchkina mashinani haydar ekan.
Bola ochiq osmon singari yorkin ko‘zlari bilan mening ko‘zlarimga ro‘yirost tikilib va xiyol kulimsirab turib, sovuqdan bir oz ko‘kargan qo‘lchasnin menga dadil uzatdi. Men uning qo‘lini astagina silkitib so‘radim:
— Ha, chol, nega buncha qo‘ling sovuq? Hamma yoq issig‘u sen muzlab qolibsan?
U bolalarga xos yoqimli bir ishonch bilan tizzamga surkandi-da, oqish qoshlarini ajablanib jiyirdi:
— Meni nimaga chol deysiz, amaki? Men hecham chol emasman, bolaman, innaykeyin, hecham muzlaganim yo‘q. Qor o‘ynadim-da, shuning uchun sovuq.
Otasi orqasidagi g‘aribona xaltasini oldi-yu, yonimga kelib horg‘in o‘tirdi, keyin:
— Men jo‘ramdan toza kuydim-da! — dedi. — Bunga yetib yuraman deb holi jonim qolmadi. Men qadamimni kattaroq tashlasam, bu kishi yo‘rtishga o‘tadilar. Ana endi mana shundaqa pnyoda askar bilan yurib ko‘r-chi! Bir qadam o‘rniga uch qadam tashlayman, xuddi ot bilan toshbaqa hamroh bo‘lganga o‘xshash, yurishimiz har xil bo‘lib qoldi. Bunisi go‘rga-ya, tag‘in hazir bo‘lib, ko‘zdan qochirmay yurmasang yana bo‘lmaydi. Bir zum g‘aflatda qoldingmi — bo‘ldi, yo ko‘lob kechadi, yo muzdan sindirib olib, konfet qilib so‘radi. Yo‘q, bundaqangi jo‘ra bilan safar qilish erkak kishiga to‘g‘ri kelmaydi, yana piyoda safarga-ya!.. — U bir oz jim qolgandan keyin mendan so‘radi: — Xo‘sh, o‘zingdan so‘rasak, og‘ayni, boshliqlaringni kutib o‘tiribsanmi deyman-a?
Men shofyor emasligimni aytishni ep ko‘rmay:
— Kutishga to‘g‘ri kelib qoldi,— deb javob berdim.
— U tarafdan kelishadimi?
— Ha.
— Qayiq tezroq kelarmikan, xabaring yo‘qmi?
— Ikki soatlarda kelib qoladi.
— Juda soz. Hay, mayli, dam olib o‘tirib turamiz, shoshib turgan joyimiz yo‘q. Yoningdan o‘tib ketayotib, senga ko‘zim tushib qoldi: bizning shofyor og‘aynimiz o‘zini oftobga solib qolibdi-ku, kel, oldiga borib bir otamlashay, maxorka chekishay, deb o‘ylagan edim. Yolg‘iz o‘lib obro‘ topmaganingdek, yolg‘iz chekib xumordan ham chiqmaysan kishi. O‘-o‘, papiros chekar ekansan-da, ishlaring besh-ku! Nima balo, ivitib ko‘yibsanmi deyman-a? He, og‘ayni, tamakining ho‘li nima-yu, otning asovi nima, bir chaqa! Kel, mening qo‘lbola tamakimdan chekaylik.
U yozlik moshrang shimining cho‘ntagidan o‘rab ko‘yilgan tamaki xaltasini oldi, qizil shoyidan tikilgan bu xaltacha eskirib, sitilib ketgan edi. U xaltachasini yozayotganda, men uning burchagiga: «Lebedyanskaya o‘rta maktabining 6-sinf o‘quvchisidan aziz jangchiga» deb ipak bilan yozilgan xatni ko‘rib qoldim.
Biz, nihoyat kuchli qo‘lbola tamakini chekib, uzoq jim o‘tirib qoldik. Men undan bolani qayoqqa ergashtirib ketayotganini, shunday loygarchilikda qanday ehtiyoj uni ko‘chaga chiqarganini endi so‘rayman deb turgan edim, u mendan ilgariroq:
— Urushning to boshidan oxirigacha mashina haydadingmi-a? — deb so‘rab qoldi.
— Boshidan oxirigacha desa bo‘ladi.
— Frontdami?
— Ha.
— He, og‘ayni, men ham urushda ne-ne balolarni ko‘rmadim, asti so‘rama.
U baquvvat, chayir qo‘lini tizzasiga qo‘yib, bukchayib oldi. Yonidan qarab, men allaqanday bo‘lib ketdim… Siz xuddi kul sepib qo‘yilganga o‘xshagan, cheksiz g‘am-g‘ussa bilan to‘lib-toshgan va qaragan kishining yuragi orqasiga tortib ketadigan ko‘zlarni hech mahal ko‘rganmisiz? Tasodifiy suhbatdoshimning ko‘zlari xuddi shunday edi.
U chetandan bitta quruq egri cho‘pni sindirib oldi-yu, indamay o‘tirib, cho‘p bilan qumda allaqanday shakllar chiza boshladi, keyin yana gapga kirdi:
— Gohi mahallar kechasi ko‘zingga uyqu kelmaydi, ochiq ko‘zlaring bilan qorong‘iga tikilib qolasan… «Nega meni nogiron qilib qo‘yding-a, falak? Nima vajdan meni shunday azob-uqubatlarga solib qo‘yding?» deb o‘ylaysan kishi. Biroq na qorong‘ilikdan javob bor va na yorug‘ jahondan… Javob yo‘q, javob ololmayman ham! — Keyin, o‘g‘lining oldida shunday deyayotganini birdan payqab kolib, uni mehr bilan turtib: — Bor, jon o‘g‘lim, suv bo‘yida o‘ynab kel, suv yoqasida bolalarga xar mahal ermak topiladi. Lekin oyog‘ingni ho‘l qilma, xo‘pmi!— dedi.
Biz jim o‘tirib maxorka chekishayotganimizda, ota-bolaga yer ostidan razm solib, ichimda bir ahvolga xayron qolgan edim, har holda bu narsa menga juda g‘alati ko‘rindi. Bolaning kiyim-boshi odmigina-yu, lekin puxta: egnidagi barlari uzun eski pidjakchasi o‘ziga xuddi quyib qo‘ygandek o‘tirishidan ham, mo‘jazgina etikchalarining yung paypoq ustidan sig‘adigan qilib tikilishidan ham, pidjakchasini chevarlik bilan yamalgan yengidan ham — hammasidan xotin kishining g‘amxo‘rligi, mohir ona qo‘lining izi sezilib turardi. Otasi esa boshqa qiyofada: bir necha joyi kuygan kurtka naridan-beri, qo‘polgina qilib yamoq solingan, eskirib ketgan moshrang shimidagi yamoq uquvsizlik bilan tikilgan, to‘g‘rirog‘i, erkakchasiga keng-keng qilib qavib qo‘yilgan, oyog‘ida hali yangi soldatcha botinka bo‘lsa xam, qalin yung paypoqlarini kuya yegan — bularga xotin kishining qo‘li tegmagan… O‘shandayoq men: «Yo beva, yo bo‘lmasa xotini bilan totuv turmasa kerak»,— deb o‘ylagan edim.
U o‘g‘lining orqasidan bir oz qarab turdi-da, keyin bo‘g‘iqqina yo‘talib olib, yana gap boshladi, men esa jon qulog‘im bilan tingladim.
— Dastavval men ham el qatori umr qildim. O‘zim asli Voronej guberniyasidanman, bir ming to‘qqiz yuzinchi yilda tug‘ilganman. Grajdanlar urushida Qizil Armiya safida, Kikvidze diviziyasida bo‘ldim. Yigirma ikkinchi yilgi ocharchilikda Kubanga ketib, quloqlarga mardikorlik qildim, shuning uchun ham jonim omon qoldi. Ota-onam, singilcham uyda ochlikdan o‘lib ketishibdi. O‘zim yolg‘iz qoldim. Qarindosh-uruqqa kelsak — hech yerda hech kimim yo‘q. Shunday qilib, bir yildan keyin Kubandan qaytib keldim, kulbamni sotib, Voronejga boshimni olib ketdim. Avval duradgorlik artelida ishladim, keyin zavodga kirib chilangarlikni o‘rgandim. Oradan ko‘p o‘tmay uylanib ham oldim. Xotinim bolalar uyida tarbiyalangan. Yetimcha. Toleimga juda yaxshi xotin chiqdi. Mo‘mingina, xushchaqchaq, qo‘l-oyog‘i yengil, eslikkina edi — menga sira ham o‘xshamaydi! Bir burda nonning qadri nima ekanligini bolaligidanoq bilgani uchun ham ana shu qiyinchilik xarakteriga ta’sir qilgan bo‘lsa ajab emas. Tashqaridan qaraganda, ko‘zga uncha yaqin ham emas edi-yu, lekin men unga tashqaridan emas, ichimdan, dilimdan qarardim. Shu tufayli dunyoda mening uchun undan go‘zal, undan dilbar ayol yo‘q edi, undaqasi bo‘lmaydi ham!
Gohida ishdan charchab, qahru g‘azabing qaynab kelasan. Yo‘q, har qancha yomon gapirsang ham bir og‘iz yomon javob qilmaydi. Biram mehribon, biram mo‘minki, atrofingda parvona bo‘ladi, o‘tqazgani joy topolmaydi, bir burda noningni halovatda yemaguningcha jonini jabborga beradi. Uning jonsarakligini ko‘rasanu jahldan ham tushasan, bir ozdan keyin esa bag‘ringga bosib: «Kechir, jonim Irina, senga itlik qildim. Nima qilay, bugun ishim yurishmadi», deysan. Ana shundan keyin yana apoq-chapoq bo‘lib ketardik, ko‘nglim yana joyiga tushardi. Buning ishga qanchalik ta’sir qilishini bilasanmi, og‘ayni? Ertalab o‘rnimdan qushday bo‘lib turardim, zavodga borardim, qo‘limga qanaqangi ish tushsa qoyil qilardim! Xotining — umr yo‘ldoshingning aqlli bo‘lishi, ana, ko‘rdingmi, qanday yaxshi narsa!
Gohi mahallar oylik olganingda o‘rtoqlaring bilan ichishib ham qolasan. Ba’zan uyga qaytib kelayotganingda shu qadar oyoqlaring chalishib, yurolmay qolasanki, sirtdan qaragan kishi sendan hazar qiladi. Tor ko‘chani gapirmayoq qo‘ya qolay senga, hatto keng ko‘cha ham torlik kilib qoladi — ana rasvolik! Men u mahallar devdek kuchli, norg‘ul yigit edim, ichishga kelganda juda ko‘p icha olardim, ammo-lekin uyga har mahal ham o‘z oyog‘im bilan yurib kelardim. Gohi mahallar shunday ham bo‘lardiki, yetay-etay deb kolganimda, qadamni sekinroq bosishga, to‘g‘rirog‘i, emaklashga majbur bo‘lardim, shunday bo‘lsa ham, baribir, uyga yetib olardim. Qara, shu ahvolda kirib borsang ham, senga na o‘pka qilardi, na o‘shqirardi va na janjal kutarardi. Irajonim faqat kulib qo‘ya qolardi, shunda ham mastligi tutib, xafa bo‘lib yurmasin deb, juda ehtiyot bilan kulardi. Kiyim-boshimni yechib: «Devor tomonga yot, Andryusha, uyqusirab yiqilib-netib yurma tag‘in»,— deb pichirlardi. Men ham suli tiqilgan qopday karavotga ag‘darilardim, ko‘z oldimda hamma narsa pirpirab aylana boshlardi. Uyqumda boshimni sekin-asta silaganini, mehribonlik bilan allanimalarni shivirlaganini eshitardim, rahmi kelardi, demak…
Ertalab u meni ishga jo‘nashimdan ikki soat oldin turg‘izardi, o‘zini o‘nglab olsin derdi-da. Bosh og‘rig‘iga ovqat yemasligimni bilardi, shuning uchun yo tuzlangan bodring, yo bo‘lmasa shunga o‘xshash biror sho‘rtak narsani topib qirrali stakanchaga aroq quyardi-yu: «Ma Andryusha, bosh og‘rig‘iga ichib ol, lekin boshqa ichmagin, jonim, xo‘pmi»,— deyardi. Axir uning shunchalik ishonchiga yarasha ish qilmay bo‘ladimi? Aroqni ichardim-da, bir og‘iz ham so‘z aytmay, ko‘z qirim bilan minnatdorchilik bildirardim, keyin bir o‘pib, ishga jo‘nardim. Bordi-yu, shunaqangi kayfing vang‘ bo‘lib turganda sha’ningga biron bema’ni so‘z aytib yuborgudek bo‘lsa, shang‘ilik qilsa yoki qarg‘asa bormi — xudo haqqi, naq ertasiga yana ichib kelasan-da kishi. Ba’zi bir xotini ahmoq oilalarda shunaqa bo‘ladi: bilaman, unaqangi ro‘dapolarni ham ko‘p ko‘rganman.
Hademay bola-chaqalik ham bo‘lib qoldik. Oldin o‘g‘il, bir yilcha o‘tar-o‘tmay yana ikkita qiz tug‘ildi… Ana shundan so‘ng o‘rtoqlarimdan o‘zimni tortdim. Hamma oyligimni uyga tashiydigan bo‘ldim, bola-chaqa ko‘payib, ayolmand bo‘lib qoldim, ichkilikka yo‘l bo‘lsin endi. Ichsam ham dam olish kunlari bir krujkagina pivo ichardim, xolos.
Yigirma to‘qqizinchi yilda mashina haydashga ishqim tushib qoldi. Avtomobil haydashni o‘rganib, yuk mashinasiga o‘tirdim. Keyin shu ishga sho‘ng‘ib ketib, zavodga qaytmadim. Mashina haydash menga juda qo‘l kelib qoldi. Shu qabilda o‘n yil mashina haydadim va bu o‘n yilning qanday o‘tib ketganini o‘zim ham bilmay qoldim. Xuddi tushdagidek o‘tdn-ketdi. E, o‘n yil nima degan narsa! Biror keksaroq odamdan: «Umring qanday o‘tganligini sezdingmi?» deb so‘rab ko‘r-chi, nima deyar ekan. Sezgan bo‘lsa o‘lay agar! O‘tgan umrni — huv anovi xira tuman bosgan uzoq dasht deyaver. Ertalab shu dasht bilan yurib keldim, hamma yoq tip-tiniq edi, yigirma kilometr yurdim deguncha dashtni xira parda bosdi, mana endi bu yerdan turib o‘rmonni sassiq-alafdan, bug‘doyzorni pichanzordan ajratolmaysan kishi…
Mana shu o‘n yil davomida kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishladim. Pulni ham yaxshigina topdim, turmushimiz boshqalarnikidan yomon bo‘lmadi. Bolalarimiz ham yaxshi chiqdi: uchoviyam a’lo o‘qirdi, katta o‘g‘lim Anatoliy matematikaga shunaqayam zehni zo‘r bo‘lib chiqdiki, uni hatto markaziy gazetalarga ham yozishdi. Unda bu ilmga shunchalik katta talant qayerdan paydo bo‘lganiga o‘zim ham hayronman, og‘ayni. Quvonchim ichimga sig‘mas edi, faxrlanardim, shunchalar faxrlanardimki, asti qo‘yaver!
O‘n yil ichida picha pul ham jamg‘ardik, urush oldidan ikki xona, bir qaznoq va yo‘lakchadan iborat kichkina uy ham solib oldik. Irina ikkita echki sotib oldi. Bundan ortiq yana nima kerak? Bolalarimiz shirguruch yeyishardi, boshpanamiz, engil-boshimiz, poyabzalimiz bor edi, bunday qaraganda xudoga shukur, o‘zimizga ytuzuk edik. Faqat uy-jopimiz noboproq joyga tushib qoldi. Menga aviazavodga yaqinroq joydan olti so‘tix uchastka ajratib berishgan edi. Uyim boshqa yerda bo‘lsa, kim biladi, turmush ham boshqacharoq bo‘larmidi…
Bir vaqt paq etib urush boshlanib qoldi-ku. Ertasiga voyenkomatdan povestka keldi, indiniga ko‘ribsizki, eshelonda o‘tiribmiz-da. Meni jigargo‘shalarim: Irina, Anatoliy, qizlarim — Nastenka bilan Olyushalar uzatib qolishdi. Bolalarim o‘zlarini tuzuk tutishdi, qizlarim, albatta, picha ko‘z yoshi ham qilib olishdi. Anatoliy bo‘lsa sovuq yeyayotgandek, nuqul kiftlarini uchirardi. O‘sha paytda u o‘n yettiga qadam qo‘ygan edi. Irinamga kelsak… U bilan o‘n yetti yil umr ko‘rgan bo‘lsam ham uni hech mahal shu ahvolda ko‘rmagan edim. Ko‘ylagimning yelkasi bilan ko‘kragi Irinaning tun bo‘yi to‘kkan ko‘z yoshlaridan jiqqa ho‘l bo‘lgap edi, ertalab ham yana shu ahvol… Vokzalga keldik, rahmim kelganidan bechoraga qaray olmas edim… Yig‘layverib lablari shishib ketgan, sochlari to‘zg‘igan, ko‘zlari ovsar kishinikiga o‘xshab ma’nosiz bo‘lib kolgan edi. Komandirlar vagonlarga chiqish uchun buyruq bersa, Irina ko‘ksimga o‘zini tashlab, bo‘ynimdan mahkam quchoqlab olibdi, misoli ildiziga bolta urilgan daraxt singari silkinadi, titraydi… Bolalar ham tasalli berishar, men ham yupatar edim — qani endi tinsa! Boshqa ayollar erlari, o‘g‘illari bilan bamaylixotir gaplashib turishibdi, meniki bo‘lsa novdaga yopishgan yaproqday menga yopishib olibdi, nuqul titraydi, tili so‘zga kelmaydi. Men bo‘lsam: «O‘zingni tut, jonim Irina! Xayrlashish chog‘i loaqal bir nima desangchi»,— deyman. Ana shundan keyin Irina tilga kirdi va har so‘zda piq-piq yig‘lab turib: «Jonginam… Andryusha… bu dunyoda… endi… sen bilan… hech ko‘risha olmaymiz…» deydi.
Unga rahmim kelib, o‘zimning yuragim tars yorilib ketay deb turibdi-yu, u tag‘in shunaqa so‘zlarni aytadi. Ulardan ajrab ketish menga ham oson emasligini tushunish kerak-da, men axir qaynanamnikiga cho‘zma yegani ketayotganim yo‘q-ku! Achchig‘im keldi! Bo‘ynimdan qo‘llarini oldimu yelkasidan astagina itarib yubordim. Sekingina itaruvdim shekilli, kuchim qurg‘ur ko‘p emasmi, u uch qadamcha orqasiga tisarilib ketdi. Keyin yana bitta-bittalab yurib, qo‘l cho‘zib kelaverdi, men bo‘lsam: «Odam degan shunaqayam xayrlashadimi? Nega meni o‘lmay turib tiriklayin go‘rga tiqasan?!» — deb baqirib berdim. Qarasam… ahvoli parishon, yana bag‘rimga bosdim…
Suhbatdoshim shu yerga kelib hikoyasini uzib qo‘ydi, men o‘rtaga tushgan sukunatda uning yutinganini, bo‘g‘zida bir nima biliqlaganini eshitdim. Uning hayajoni menga ham o‘tdi. Men hikoyachining yuziga yer ostidan qaradim. Lekin uning o‘likniki singari ko‘zlarida zarracha ham yosh ko‘rmadim. U kallasini solintirib o‘tirar, faqat ixtiyorsiz tushgan kattakon qo‘llari, iyagi, qalin lablari elas-elas titrardi.
— Qo‘y, do‘stim, eslama! — dedim men unga past ovoz bilan, chamamda, u mening so‘zimni eshitmadi shekilli, butun vujudini egallagan hayajonini g‘oyat zo‘r bir kuch bilan bosib olib, juda g‘alati, bo‘g‘iq bir tovushda yana gap boshladi:
— Uni o‘sha mahal itarib yuborganim uchun o‘zimni o‘la-o‘lgunimcha, oxirgi nafasim chiqquncha kechirmayman!
U yana uzoq jim bo‘lib qoldi. Tamaki o‘ramoqchi bo‘lgan edi, gazeta qog‘ozi yirtilib tamakisi tizzasiga to‘kilib ketdi. Axir bir amallab tamaki o‘radi-yu, bir necha bor ichiga qattiq-qattiq tortdi, keyin bir yo‘talib qo‘yib, hikoyasini davom etdi…
— Irinadan o‘zimni ayirdim, yuzini kaftlarim orasiga oldim, o‘pdim, lablari muz-muz. Keyin bolalarim bilan xayrlashdimu, vagonga qarab yugurdim, poyezd yura boshlaganda eshigiga sakrab chiqib oldim. Poyezd tezligini sekin-sekin oshirib bordi, bola-chaqam yonidan o‘tishi kerak. Qarasam: bolalarim xuddi yetimlardek bir yerga g‘uj bo‘lib olishib, menga qo‘l siltashyapti, jilmaygilari keladi, lekin jilmaya olishmaydi. Irina bo‘lsa qo‘llarini ko‘ksiga bosib turibdi, lablari oppoq, bir nimalar deb shivirlaydi. Mijja qoqmay menga tikilib turibdi. Xuddi kuchli shamolga qarshi odim tashlagisi kelgandek, butun gavdasi bilan oldinga qarab intilardi… U miyamda xuddi mana shu ahvoli bilan umr bo‘yi saqlanib qoldi: qo‘llari ko‘ksiga bosilgan, lablari oppoq, ko‘zlari chaqchaygan, jiqqa yosh… Ko‘p mahal uni tushimda ham xuddi shu ahvolda ko‘raman… Nega men uni o‘shanda ko‘ksidan itarib yubordim-a? Esimga tushsa hali-hali yuragimni o‘tmas pichoq bilan tilganday o‘rtanib ketaman…
Ukrainada Belaya Serkov yaqinida bizni qismlarga ajratishdi. Menga «ZIS-5» markali mashina berishdi. Men shu mashinamni haydab frontga jo‘nadim. Xayr, urush to‘g‘risida senga so‘zlab o‘tirmasam ham bo‘ladi, dastavval urushning qanday ahvolda ekanligini o‘zing ko‘rgansan, bilasan. Uydan tez-tez xat olib turardimu, ammo o‘zim onda-sonda yozar edim. Gohi mahallar: «Ishlar tuzuk, kam-kam urushib turibmiz, hozircha chekinayotgan bo‘lsak ham, erta-indin kuch to‘plab fritslarning tumshug‘ini yerga ishqaymiz», deb yozib yuborardim. Bundan boshqa yana nima ham yozarding deysan? Ko‘p bema’ni vaqt edi, xat yozish ko‘ngilga sig‘masdi. Gapning rostini aytsam, yig‘loqi torlarni chertishga o‘zimning ham toqatim yo‘q. Har kun bo‘lar-bo‘lmasga: «Ahvolim juda og‘ir, sho‘rim qurib qoldi, o‘ldirib-netib qo‘yishmasa go‘rgaydi» deb xotinlariga yo jigarso‘xtalariga xat yozadigan, so‘lagi bilan oq qog‘ozni suvaydigan so‘lakilarni jinimdan badtar yomon ko‘rardim. Ana shu shim kiyib olgan qanjiq dod-voy qilardi, odamlarning rahmini keltirmoqchi bo‘lardi, so‘lagini oqizardi-yu, ammo baxti qora qilingan xotinlarimiz, bolalarimizning mamlakat ichkarisida kechirib turgan hayotlari biznikidan shirin bo‘lmaganligini tushungisi kelmasdi. Davlatning butun og‘irligini o‘shalar ko‘tarishdi-ku. Xotinlarimiz bilan bolalarimizning yelkalari ana shunday og‘ir yuk ostida bukilib qolmagan bo‘lsa, ular qanaqa yelkalar ekan? Shunaqa, ularning yelkalari bukilmadi, turish berdi! Haligidaqa mishiqi, joni sabillar dod-voy solib xat yozishadi-yu, mexnatkash ayollarning oyog‘iga bolta urishadi. Sho‘ring qurg‘ur xotin ana shunaka xatni oladi-da, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushadi, ishdan qo‘li soviydi. Shuning uchun ham sen erkaksan, shuning uchun ham soldatsanki, zarurat boshingga solgan har qanday mushkulotni ko‘tarasan, chidash berasan. Bordi-yu, belida belbog‘i bor erkak emas, hajiqiz bo‘lsang, unda burmali yubka kiy, suyagi chiqib turgan quymichingni yubka basavlat qilib ko‘rsatsin, xech bo‘lmasa orqangdan xotin kishiga o‘xsha, ama undan keyin borib yo lavlag‘i chop, yo sigir sog‘, frontga sendakasining keragi yo‘q, u yerda sensiz ham sassiq-alaflar achib yotibdi!..
Biroq frontda menga bir yil ham jang qilish nasib bo‘lmadi… Shu orada ikki marta yaralandim, lekin ikkovi ham yengil: bittasi — qo‘limning etiga, ikkinchisi — oyog‘imga tegdi. Birinchisi — samolyotdan otilgan o‘q, ikkinchisi — snaryad oskolkasi. Nemislar mashinamni tepadan ham, yondan ham ilma-teshik qildi-yu, lekin, og‘ayni, dastlabki vaqtlarda toleim baland keldi. Baland kelishga keldi-yu, ammo oxirida o‘zimni ham ko‘tarib yerga urdi… Qirq ikkinchi yilning may oyida Lozovenki yonida mana shunday noqulay ahvolda asir tushib qoldim: u mahal nemislar kuch bilan bosib kelishayotgap edi. Kunlardan bir kun yuz yigirma ikki millimetrli zambarak batareyamiz qariyb snaryadsiz qoldi. Mashinamga ketganicha to‘ldirib snaryad ortdim, o‘zim ham jonimni ayamay shunday yuklashdimki, terlaganimdan gimnastyorkam yelkamga yopishib koldi. Jang biz turgan yerga yaqinlashib kelayotgani uchun nihoyatda jadal yuklash kerak edi: chap tomonda kimningdir tanklari gumburlardi, o‘ng tomonda ham, oldinda ham otishmalar davom etardi, hademay dimog‘larga kuygan et isi ham ura boshladi…
Avtorotamizning komandiri mendan: «O‘tib keta olasanmi, Sokolov?» — deb so‘rab qoldi. Tavba, hozir so‘rab o‘tiradigan vaqtmi? Kim biladi, balki uyoqda o‘rtoqlarim halok bo‘lishayotgandir, men bo‘lsam bu yerda og‘zimni ochib qarab turamanmi? «Qanaqa gap bo‘lishi mumkin! O‘tib ketishim kerak, tamom!» — dedim unga. U ham: «Juda soz, hayda bo‘lmasa! Joning boricha hayda!» — dedi.
Men ham jonim boricha haydadim. Umrim bino bo‘lib bunaka tez haydamagan edim! Ortib ketayotganim kartoshka emasligini, bunday yuk bilan yo‘lda ehtiyot bo‘lib yurish kerakligini bilsam ham, uyoqda og‘aynilarim quruq qo‘l bilan jang qilishayotgan, yo‘lni to‘p-zambaraklar o‘qqa tutib turgan bir paytda, qanaqasiga ehtiyot qilib haydashim mumkin? Mashinani olti kilometrgacha uchirib bordim, saldan keyin batareyamiz joylashgan jarlikka tushib olish uchun qishloq yo‘liga burilishim kerak edi. Bunday qarasam — yo navzambillo! — yo‘lning chap tomonida ham, o‘ng tomonida ham, piyoda askarlarimiz yalang‘och daladan chekinib borishyapti, yonlarida minalar portlayapti. Endi nima qilaman? Orqaga qaytib bo‘ladimi? Jonim boricha haydadim! Batareyaga yetib olishimga atigi bir kilometrcha qoldi, qishloq yo‘liga ham tushib oldim, lekin, og‘ayni, to‘pchilarimiz oldiga yetib borolmadim… Chamamda, mashinamning yoniga uzoqqa otar to‘p snaryadi kelib tushgan ko‘rinadi. Snaryadning portlaganini xam, boshqasini ham, hech nimani eshitmadim, faqat kallamda bir balo yorildi, boshqa narsa esimda yo‘q. Qanday qilib tirik qolganimga hayronman. Chuqurchadan sakkiz metrcha narida qancha vaqt yotib qoldim — buni ham bilmayman. Bir mahal hushimga kelsam, hech oyog‘imni bosib turolmayman, kallamda bir nima lo‘qillaydi, xuddi bezgak tutayotgandek butun vujudim qaltiraydi. Ko‘z oldim qop-qorong‘i, chap yelkamga bir balo bo‘lganga o‘xshaydi. A’zoyi badanim shu qadar qaqshab og‘rirdiki, xuddi meni birov ikki kechayu ikki kunduz qo‘liga tushgan narsa bilan do‘pposlaganday edi. Yerda qornim bilan uzoq sudraldim, keyin o‘rnimdan turib oldim. Shunda ham qayerdaligimni, menga nima bo‘lganligini bilolmay hayron bo‘laman. Chamasi, es-hushimni yo‘qotib qo‘ygan ekanman. Yotishga yana qo‘rqaman. Yotsam keyin turolmay, shu yerda o‘lib qolamanmi deyman. Xuddi bo‘ron mahalidagi mirzaterakday, turgan yerimda u yoqdan-bu yoqda chayqalaman.
Es-hushimni yig‘ib olganimdan keyin, yon-verimga sinchiklab razm soldimu, birov yuragimni changallab siqayotgandek bo‘ldi, qarasam: men olib ketayotgan snaryadlar tevaragimda sochilib, mendan salgina narida mashinam to‘ntarilib yotibdi, hammayog‘i ilma-teshik bo‘lib ketipti, jang-chi, jang orqamda ketyapti… Bunisi qanaqa bo‘ldi?
Yashirishning hojati yo‘q, ana shunda oyoqlarim o‘z-o‘zidan bukildi, kesilgan daraxtday yiqilib tushdim, chupki qurshovda ekanimni, to‘g‘rirogi, fashistlarga asir tushib qolganimni apglagan edim. Ana, ko‘rdingmi, urushda nimalar bo‘lar ekan…
Eh, og‘ayni, ixtiyorsiz asirga tushib qolishning nimaligini anglash oson narsa emas. Kimki buni o‘z boshidan kechirmapti, undaylarning qalbiga yo‘l topib kirish, tutqunlikning nimaligini insonlarcha anglatish juda qiyin.
Xayr, shunday qilib, yiqilgan yerimda tanklarning guldurosini eshitib yotdim. Nemislarning o‘rta og‘irlikdagi to‘rtta tanki men snaryadlar olib jo‘nagan tomonga qarab yonimdan gumburlab o‘tib ketdi… Axir bunga qanday chidab bo‘ladi?! Keyin zambaraklarni sudrab shatakchi mashinalar, dala oshxonalari, undan keyin piyoda askarlar o‘tdi, lekin bular uncha ko‘p emas, juda borsa titig‘i chiqkan bir rotacha kelardi, xolos. Ko‘z qirim bilan ularga qarab-karab qo‘yardim-da, yana betimni yerga bosib, ko‘zlarimni yumib olardim: ularni ko‘rsam ko‘nglim aynar, dilim siyoh bo‘lardi…
Hammasi o‘tib ketgandir, deb o‘ylab boshimni ko‘tarib qarasam, oltita avtomatchi mendan yuz metrcha naridan o‘tib boryapti. Bir vaqt qarasam yo‘ldan burilib nndamay men tomonga kelishyapti. «Ana, ajalim ham yetib keldi», deb o‘yladim. Turib o‘tirdim, yotgan yerimda o‘lgim kelmadi, keyin o‘rnimdai turdim. Ulardan bittasi mendan bir necha odim narida yelkasini silkib, avtomatini qo‘liga oldi. Odam bolasi xo‘b g‘alati narsa-da: o‘sha minut menda na vahima va na qo‘rquv paydo bo‘ldi. Unga qaraymanu: «Hozir menga bir sidra o‘q uzadi, qayerimdan urar ekan? Kallamdan otarmikan yo ko‘kragimdan otarmikan?» — deb o‘ylayman. Xuddi o‘qlar badanimning qayeridan teshib o‘tishi menga baribir emasdek.
Oralarida qorachadan kelgan, lablari yupqa, ko‘zlari suzilib turgan xushro‘ygina bir yigitcha bor edi. «O‘ldirsa ham meni mana shu yigit o‘ldiradi», deb o‘yladim o‘zimcha. O‘yim to‘g‘ri chikdi: u avtomatini mo‘ljalga oldi. Men ham indamay uning ko‘ziga baqrayib qarab turaverdim. Ikkinchisi, yefreytor ekanmi, nima balo, yoshi kattaroq, qariroq desa ham bo‘ladi, xullas, ana shupisi bir nima deb o‘shqirdi-yu, haligi qorachadan kelgan yigitni bir chetga itarib yubordi, keyin o‘zi mening oldimga keldi-da, o‘z tilida allanimalar deb g‘o‘ldirlab, o‘ng qo‘limni tirsagimdan buka boshladi, chog‘imda, muskulimni ushlab ko‘rgisi keldi shekilli. Ha, ushlab ko‘rib: «O-o-o!» dedi. Keyin yo‘lga, kunbotarga ishora qildi. Chamasi: «Yurib qol, hayvon, bizning reyxga malaylik qilasan!» degandir-da. Ishning ko‘zini bilar ekan, itvachcha!
Qorachadan kelgan haligi yigitning ko‘zi birdan etigimga tushib qoldi-yu! Etigimning aft-angori tashqaridan qaraganda ancha tuzuk edi. U qo‘li bilan: «Ech!» deb ishora qildi. Men yerga o‘tirdimu etigimni yechib uzatdim. U qo‘limdan yulganday qilib oldi. Paytavalarimni ham yechib uzatdim-da, o‘tirgan joyimda unga tikilib turdim. Lekin u o‘shqirib, o‘z tilida so‘kib berdi, keyin yana avtomatini qo‘liga oldi. Yonidagilar esa nuqul xirillab kulishadi. Ulardan shu bilan eson-omon qutuldim. Faqat o‘sha qorachadan kelgan yigit yo‘lga chiqib olgunimcha menga uch-to‘rt bor o‘qrayib qaradi, bo‘ri bolasiga o‘xshab ko‘zlarini chaqnatdi, g‘azablandi, nega endi? Xuddi u emasu, men uning etigini yechib olganday.
Nachora, og‘ayni, ilojim yo‘q edi. Yo‘lga chikdim, voronejchasiga boloxonador qilib valatini rosa o‘xshatib so‘kdimu, keyin g‘arbga, asorat chohiga karab ketdim!.. Ammo yurishga madorim qolmagandi, soatiga zo‘rg‘a bir chaqirim yurardim. Oldinga qadam tashlamoqchi bo‘lasan, lekin oyog‘ing seni goh u yoqqa, goh bu yoqqa taytanglatadi, xuddi mast kishiday gandiraklatadi. Picha yurganimdan keyin asir tushib qolgan kishilarimiz kolonnasi orqamdan yetib keldi, bular ham men xizmat qilgan diviziya askarlari edi. Ularni o‘ntacha nemis avtomatchisi haydab kelardi. Kolonna oldida kelayotgan nemis yonimdan o‘tib ketayotib, bir og‘iz ham yomon so‘z aytmay, avtomatining sopi bilan miyamga tushirib qoldi. Yaxshi hamki yiqilmadim, bo‘lmasa avtomatidan bir sidra o‘q uzardi-yu, yerga mixlab qo‘ya qolardi, xayriyat, yiqilib ketayotganimda odamlarimiz ushlab qolishib, kolonna o‘rtasiga olib kirib ketishdi va yarim soatcha qo‘ltiqlab borishdi. Hushimga kelganimda, og‘aynilardan bittasi: «Yiqila ko‘rma, xudo asrasin! Madoring yetmasa ham yuraver, bo‘lmasa o‘ldirib ketishadi!» deb pichirladi. Ana shundan keyin madorim yetmasa ham yurib ketdim.
Kun botishi bilan nemislar konvoylarini ko‘paytirishdi, yuk mashinasida yana yigirmatacha avtomatchini olib kelishdi-da, bizni ildam yurgizib ketishdi. Og‘ir yaradorlarimiz ko‘pincha orqada qolib ketar, bularni avtomatchilar yo‘l ustidayoq otib tashlashar edi. Asirlardan ikkitasi qochishga unnab ko‘rgan edi, bularni ham turgan gap, otib tashlashdi. Aslida nodonlik ularning o‘zlaridan o‘tdi, bo‘lmasa shunday oydin kechada yaydoq dalaga qochib bo‘larmidi, yana hamma yoq kaftday ko‘rinib turgan bo‘lsa… Yarim kechada qariyb kuyib bitgan bir qishloqqa yetib keldik. Bizni tunash uchun qubbasi pachoqlangan bir cherkovga haydab olib kirishdi. Pol g‘ishtdan qilingan, solishga bir siqim ham pichan yuq, hammamiz ham shinelsizmiz, egnimizda faqat gimnastyorkayu shim. Bir xillarimizning egnimizda hatto gimnastyorka ham yo‘q, faqat ichki ko‘ylak. Ko‘proq kichik komandirlarda shunday edi. Oddiy askarlardan farq qilisha olmasin, deb gimnastyorkalarini o‘zlari yechib tashlashgan. Innaykeyin, to‘pchilarda ham gimnastyorka yo‘q, bular zambaraklari oldida terga pishib otishayotgan yerlarida asir tushib kolishgan.
Kechasi shunaqayam kattik jala quydiki, hammamiz shilt-shilt bo‘lib ivib ketdik. Buning ustiga gumbazni yo og‘ir snaryad uchirib ketgan, yoki samolyotdan tashlangan bomba qo‘porib tashlagan, tomni bo‘lsa oskolkalar ilma-teshik qilib yuborgan emasmi, shu sababdan hatto mehrobdan ham kuruq joy topolmaysan. Xuddi qorong‘i qo‘raga tiqilgan qo‘ylarga o‘xshash, biz ham kechasi bilan cherkovda g‘uj bo‘lib o‘tirib chiqdik. Kechasi qarasam, birov qo‘limdan ushlab: «Hoy, o‘rtoq, yaradormisan?» — deb so‘rayapti. Men ham unga: «Nima ishing bor edi, og‘ayni?» — deb javob berdim. U yana: «Men — harbiy vrachman, ehtimol, senga yordamim tegar?» — dedi. Men chap yelkamning qisirlayotganini, shishib ketganini, qattiq og‘riyotganinn aytdim. U qat’iy qilib: «Gimnastyorkangpi yech, ich ko‘ylagingni ham!» — dedi. Men aytganlarini yechdim, shundan keyin u nozik barmoqlari bilan yelkamni ezib ko‘ra boshladi, shunday ezdiki, ko‘zimga dunyo korong‘i bo‘lib ketdi. Men unga tishlarimpn g‘ijirlatib: «Sen odam doktori emas, hayvon doktoriga o‘xshaysan. Birovning og‘riq joyini nega bunaqa ezasan, berahm odam ekansan-ku!» — dedim. U hamon ezishini qo‘ymay, jahli chikib: «Ko‘p valaqlayverma! Juda sergap ekansan-ku! Mahkam bo‘l, mana hozir yana battarroq og‘riydi», — dedi. Shunday deb turib, qo‘limni bir tortib yuborsa bormi, naq ko‘zlarimdan o‘t chaqnab ketdi!
O‘zimga kelganimdan keyin: «Bu nima qilganing, badbaxt fashist? Qo‘lim o‘zi pachaq-pachaq bo‘lib yotibdi-yu, sen yana tortasan!» — desam, u miyig‘ida kulib qo‘yib: «O‘ng qo‘li bilan urib yubormasmikin tag‘in deb o‘ylovdim, tuzuk, og‘ir yigit ekansan. Qo‘ling pachaqlangan emas, chiqib ketgan ekan, solib qo‘ydim. Qalay, endi og‘rig‘i pasaydimi?» — deb so‘radi. Haqiqatan ham, ko‘zim ochildi-qoldi, og‘riq tarqala boshladi. Men unga qalbimdan minnatdorchilik bildirdim. U qorong‘ida nari ketdi va yana: «Yaradorlar bormi?» — deb so‘ray boshladi. Chinakam doktor ana shunday bo‘lar ekan! Tutqunda, zulmatda yurib xam ulug‘ ishini qildi.
Kechamiz ko‘p besaranjom o‘tdi. Bo‘shanishga ham chiqarishmadi, ikkita-ikkita qilib cherkovga kirgazishayotganlaridayoq, konvoy boshlig‘ining o‘zi bu haqda ogohlantirib qo‘ygan edi. Aksiga yurib, sho‘ring qurg‘ur xudojo‘ylarimizdan biri hojat talab bo‘lib qolsa bo‘ladimi! O‘zini rosa tutibdi, tishini tishiga qo‘yib xo‘b chidabdi, axir bo‘lmagandan keyin: «Tabarruk ibodatgohni bulg‘ay olmayman . Men dindor odamman, xristianman! Nima qilay endi, og‘aynilar?» — deb yig‘lab yubordi. Bizning odamlarimizni endi o‘zing bilasan-ku: birovlar kuladi, birovlar so‘kadi, yana birovlar hazil aralash maslahatlar beradi. U bizni boshiga tushgan bu savdo bilan ancha kuldirdi-yu, lekin oqibati ko‘p yomon bo‘ldi: «Tashqariga chiqaringlar» deb eshiknn taqillata boshladi. Biroq shu bilan o‘zi ham til tortmay qo‘ya qoldi: fashist eshik eni bo‘ylab bir sidra o‘q uzdi, o‘qlar eshikdan teshib o‘tib taqvodor bilan yana uch kishini til tortqizmay o‘ldirdi, bir kishini og‘ir yarador qilgan edi, u ham ertalabga yetmay ado bo‘ldi.
O‘liklarni bir joyga to‘plab, hammamiz yerga o‘tirdik, damimiz ichimizga tushib, o‘ylanib qoldik: mushkulimiz boshdanoq xunuk tus oldi-ku… Bir ozdan keyin bir-birimiz bilan shivirlasha boshladik: kim qayerdan, qaysi oblastdan, asirga qanday tushgan — shularni so‘rasha ketdik. Bir vzvodda xizmat qilishgan o‘rtoqlar yoki bir rotada bo‘lgan tanishlar qorong‘ida hech narsani ko‘rmay, bir-birlarini sekin-sekin chaqira boshladilar. Bir vaqt yonimda past ovoz bilan gaplashishayotgan mana shunday gurungni eshitib qoldim. Biri: «Mabodo ertaga bizni haydab ketishdan oldin qatorga turg‘izib, komissarlarni, kommunistlarni va yahudiylarni chaqirib qolishsa, sen, vzvod komandiri, tag‘in pisib-netib yurma! Bu ishingdan hech nima chiqmaydi. Nima, gimnastyorkamni yechib tashladimu shu bilan oddiy askar bo‘lib oldim, deb o‘ylaysanmi? Hech-da! Sening kasringga qolgani toqatim bormi! Hammadan oldin seni men ko‘rsatib beraman! Axir men bilaman-ku, kommunistsan, meni ham partiyaga kir, deb tashviqot qilgansan, mana endi qilmishingga yarasha javob beraverasan», — dedi. Bu gapni mening chap tomonimda yotgan odam aytyapti, uning narigi yonida yotgan yosh bir yigitning: «O‘zim ham seni yomon odam deb hammavaqt gumon qilib yurardim-a, Krijnev, — degan ovozi eshitildi. — Ayniqsa savodsizligingni bahona qilib, partiyaga kirishga unamaganingdayoq shunday gumonga kelgan edim. Ammo seni xoin bo‘lib chiqarsan, deb hech vaqt o‘ylamagan edim. Axir sen yetti yillik maktabni tugatgansanku?» — Haligi odam vzvod komandiriga: «Xo‘sh, tugatganman, nima bo‘pti?» — deb javob qildi istar-istamas. Ana shundan keyin ikkovi ham anchagacha jim qolishdi, so‘ngra, ovoziga qaraganda vzvod komandiri bo‘lsa kerak, past tovush bilan: «Meni sotma, o‘rtoq Krijnev», — dedi. Haligi odam bir kulib qo‘ydi-da: «O‘rtoqlaring front orqasida qolib ketdi, men senga o‘rtoq emasman, shuning uchun menga yalinmasang ham bo‘ladi, baribir, aytaman. Har kimning joni o‘ziga shirin», — dedi.
Ular jim bo‘lib qolishdi, mening butun a’zoyi badanim haligi iflosning gapidan qaqshab titray boshladi. «Yo‘q, sen itvachcha, komandirimni tutib berolmaysan, men bunga yo‘l qo‘ymayman! Seni cherkovdan sog‘ chiqarmayman, o‘ligingni itning o‘ligiday oyog‘ingdan sudrab chiqishadi!» — deb o‘yladim. Bir oz tong yorishgandan keyin qarasam, yonimda turqi sovuq bir yigit yotibdi. Uning yonida esa ozg‘ingina, puchuqroq boshqa bir yigitcha tizzalarini kuchoqlab o‘tiribdi. Egnida ichki ko‘ylak, rangida rang qolmapti. «Bola bechora bu yo‘g‘on-yo‘lpi axtaga bas kelolmaydi. O‘zim to‘g‘rilamasam bo‘lmaydi buni» deb o‘yladim.
Uni sekin turtib qo‘ydim-da: «Sen vzvod komandirimisan?» — deb so‘radim shivirlab. U hech nima demadi, faqat kallasini qimirlatib qo‘ya qoldi. Men yotgan yigitga ishora qilib: «Bu seni tutib bermoqchimi?» — deb so‘radim. U yana boshini tebratdi. Men unga: «Agar shunday bo‘lsa, tez bo‘l, oyog‘idan bosib tur, tepib yubormasin tag‘in! Qani! Ha!» — dedimu o‘zimni haligi odamning ustiga tashladim. Barmoqlarim qizil o‘ngachiga kirib ketdi. Iflos g‘iq deyishga ham ulgurmadi. Uni bir necha minut bosib yotganimdan keyin o‘rnimdan turdim. Xoin asfalasofilinga ketib, tili og‘zining bir chetidan osilib qoldi.
Shundan keyin ko‘nglim biram behuzur bo‘lib qo‘limni biram yuvgim kelib ketdiki, go‘yo odam bolasini emas, qandaydir gazandani bo‘g‘ib o‘ldirganday edim… Umrim bino bo‘lib birinchi marta odam o‘ldirishim, tag‘in o‘z odamimizni… yo‘q, qanaqasiga o‘z odamimiz bo‘lsin! U yotu begonalardan ham battar, xoin! O‘rnimdan turganimdan keyin vzvod komandiriga: «Ketdik bu yerdan, o‘rtoq, cherkovning bag‘ri keng», — dedim.
O‘sha Krijnev aytganidek, ertalab hammamizni cherkov oldida safga turg‘izib, avtomatchilar bilan o‘rab olishdi, keyin uchta eseschi ofitser o‘zlari yomon ko‘radigan odamlarni ajrata boshladi. Kimlar kommunist, kimlar komandir, kimlar komissarligini surishtirdi, biroq oramizdan bundaqalar chiqmadi. Xoinlik qiladigan ablahlar xam topilmadi, chunki asirlarning yarmiga yaqini kommunist edi, bundan tashqari, komandirlar ham, o‘z-o‘zidan ma’lumki, komissarlar ham bor edi. Ikki yuzdan ortiqroq asirlar ichidan ular faqat to‘rt kishini ajratib olishdi. Bittasi yahudiy, uchtasi oddiy rus askari. Ruslarning bu falokatga uchrashiga sochlarining kora va jingalakligi sabab bo‘ldi. Shunaqalarning oldiga kelib: «Yude?» — deb so‘rashadi. Ular «Rusman», — deyishsa ham, gaplariga quloq solishmaydi. «Chiq!» — deyishadi, vassalom.
Bechoralarning hammasini otib tashlab, bizni yana haydab ketishdi. Men bilan birgalashib xoinni bo‘g‘ib o‘ldirishgan vzvod komandiri Poznangacha yonimdan jilmadi, yo‘lda ketayotib, ahyon-ahyonda, qo‘limni siqib qo‘yadi. Poznanda bizni mana shunday bir sabab bir-birimizdan ayirdi.
Bilasanmi, og‘ayni, birinchi kundan boshlab o‘z odamlarimiz tomonga qochib o‘tish payiga tushgan edim. Albatta qochaman, deb ahd qilib qo‘ygan edim. Lekin bizni Poznangacha haydab kelib, lagerga tiqkunlaricha hech paytini topa olmadim. Poznan lageriga qamaganlaridan keyin shunday payt to‘g‘ri kelib qoldi: o‘lgan harbiy asirlarimizga go‘r qazdirish uchun bizni may oxirlarida lager yaqinidagi o‘rmonchaga olib chiqishdi, o‘sha paytlar juda ko‘p og‘aynilarimiz yurakburug‘dan o‘lardi, go‘r qaziyapmanu, ikki ko‘zim tevarak-atrofga termiladi. Bir vaqt qarasam: qo‘riqchilarimizdan ikkitasi tamaddi qilgani o‘tirdi, uchinchisi esa oftobda mudrab koldi. Men belkurakni tashladimu, shilt etib o‘zimni changal orqasiga urdim… Keyin chopganimcha yo‘lni kunchiqar tomonga qarab soldim…
Chamamda qo‘riqchilarim mening qochganigimni kech payqashganga o‘xshaydi. O‘sha kuni qirq kilometrcha yo‘l yuribman, tavba, menday ozg‘in odamda shuncha yo‘l yurishga qayerdan kuch topildi ekan? O‘zim ham hayronman! Lekin qochganim bilan murodim hosil bo‘lmadi: oradan to‘rt kun o‘tib, la’nati lagerdan ancha uzoqlashib ketganimda, meni tutib olishdn. Iskovich itlar izimdan kelishib, meni o‘rilmagan sulipoya ichida bosishdi.
Ilk tongda yaydoq dala bilan ketgim kelmagan edi, ammo o‘rmongacha kam deganda yana uch kilometr keladi, shuning uchun kunduzni mana shu yerda o‘tkazaqolay, deb sulipoyaga kirib olgan edim. Sulidan picha uqalab yedim, yana kerak bo‘lib kolar deb ancha-munchasini cho‘ntakka ham urdim. Bir mahal it tovushi bilan mototsiklning «pat-pat» qilgani qulog‘imga kirdi-yu, yuragim shuv etib ketdi! Nimaga desang, itlarning ovozi hadeganda yakinlashib kelyapti. Darrov muk tushib yotib oldim, itlar g‘ajib tashlamasin, deb yuzimni qo‘llarim bilan berkitdim. Oradan ko‘p o‘tmay itlar ham yetib kelishdi va bir zumda juldur kiyimlarimni yulib olishdi, onadan tug‘ilganday, qip-yalang‘och bo‘ldim-qoldim. Itlar meni sulipoyada rosa uloq qilishdi, oxiri bir erkak it ikki oyog‘ini ko‘ksimga qo‘yib, bo‘g‘zimdan olishga chog‘lanib turdi, lekin tegmadi.
Ikki mototsiklda nemislar yetib kelishdi. Avval o‘zlari to‘ygunlaricha urishdi, keyin itlarni menga gijgijlashdi, terilarim bilan etlarim parcha-parcha bo‘lib uzilib tushdi. Hamma yog‘imdan qon oqqan, yap-yalang‘och holimda lagerga olib kelishdi. Qochganim uchun bir oy kartserda o‘tirdim, shunda ham o‘lmadim… tirik qoldim!..
Asirlikda boshimga tushgan savdolarni eslash juda og‘ir, og‘ayni, ayniqsa tilga olish yana ham og‘irroq… Germaniyada boshdan o‘tgan azobu uqubatlarni, o‘sha yoqdagi lagerlarda qiynalib halok bo‘lgan yoru do‘stlarni eslasang joning hiqildogingga keladi, nafasing tiqilib qoladi…
Ikki yil asirlikda yurgan bo‘lsam, shu davr ichida meni ne-ne joylarga haydab borishmadi! Ana shu ikki yil ichida Germaniyaning yarmini aylanib chiqdim: Saksoniyada ham bo‘ldim — silikat zavodida ishladim, Rur oblastida ham bo‘ldim — shaxtaga tushib ko‘mir tashidim, Bavariyada ham bo‘ldim — ishlayverib qaddim bukildi. Tyuringiyada ham bo‘ldim, qo‘y-chi, nemis yerida oyog‘im tegmagan joy qolmagandir deyman-ov! U yoqda, og‘ayni, tabiat har xil ekanu, lekin tartib bir ekan: biz sho‘rliklarni hamma yerda bir xilda otib, bir xilda kaltaklashdi. Xudoning kahriga uchragur u yaramas gazandalar bizni shunaqayam beayov kaltaklashar edilarki, biz yoqlarda hayvonni ham hech mahal shunday urishmaydi. Hali musht bilan solishadi, hali oyoq bilan tepishadi, hali rezina tayoqcha bilan urishadi, qo‘y-chi, qo‘liga temir-tersak tushadimi, boshqa balo tushadimi, ishqilib, nimaiki tushsa shu bilan solaveradi. Miltiq ko‘ndoqlari bilan, yog‘och bilan urganlarini-ku, aytmasam ham bo‘ladi.
Nimaga urishadi desang: rus bo‘lganing uchun urishadi, hali yorug‘ dunyodan umiding borligi uchun urishadi, o‘sha ablahlarning ishlarini qilayotganing uchun urishadi. Yana nojo‘yaroq qarab qo‘yganing, oyog‘ingni chakki bosganing, noqulay o‘girilganing uchun ham urishadi… Bekordan-berkorga urishaveradi, ishqilib, ertami-kechmi urib o‘ldirishlari kerak bo‘lgani uchun urishadi, oxirgi tomchi qoni bo‘g‘ziga tiqilib qolsin, kaltakdan o‘lsin, deb urishadi-da. Chamasi, Germaniyadagi odam kuydiradigan pechkalar hammamizga yetmagan bo‘lsa kerak…
Hamma yerda ovqatni bir xil berishdi: yarmi topondan qilingan yuz ellik gramm erzats-non, sholg‘omln suyuq xo‘rda. Qaynoq suvni bo‘lsa — bir joyda berishsa, bir joyda bu ham po‘q. Gapiraman desang gap ko‘p, og‘ayni, o‘zing o‘ylab ko‘r: urushdan oldin sakson olti kilogramm edim, kuzga borib ellik kilogrammcha qoldim. Etim borib ustixonimga yopishdi, bunisi ham go‘rga-ya, quruq gavdamning o‘zini ko‘tarib yurishga ham madorim yetmay qoldi! Buning ustiga ish qil, gap qaytarma, yana shunaqangi og‘ir ishki, hatto aravaga qo‘shiladigan otga ham malol keladi.
Sovet harbiy asirlaridap bir yuz qirq ikki kishini sentyabr oyining boshlarida Kyustrin yonidagi lagerdan Drezden yaqinidagn B-14 degan lagerga jo‘natishdi. Shunga qadar bu lagerda bizpnkilardan ikki mingtacha asir bor ekan. Hammamiz bir bo‘lib tosh konida ishladik, nemis toshlarini qo‘l bilan kovlab chiqardik, sindirdik, yordik. Kundalik norma — kishi boshiga to‘rt kubometr! O‘zimiz jonimiz qil ustida osilib, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a yuribmizu, tag‘in bularning bergan normasini qara! Qisqasi, sho‘rimiz mana shu yerda quriy boshladi: birga kelgan yuz qirq ikkita odamdan ikki oy o‘tar-o‘tmas atigi ellik yetti kishi qoldik. Bunisiga nima deysan, og‘ayni? Odamxo‘rlik emasmi? O‘zimiz o‘lgan odamlarimizni ko‘mib ulgura olmaymizu, tag‘in lagerlarda: «Nemislar Stalingradni olishib, endi Sibirga bostirib ketishayotgap emish», degan uzunquloq gaplar tarqalib qoldi. Bunisi dard ustiga chipqon bo‘ldi, qaddimiz bukildi, ko‘zlarimiz yerga tikildi, go‘yo bizlarni ham begona nemis tuprog‘i o‘z qa’riga tortayotgandek ko‘rindi. Lager qo‘rmqchilarm bo‘lsa har kun ichkilik qilishadi, ashula aytishadi, suyunishadi, o‘ynashadi.
Kunlardan bir kun, kechqurun, barakka qaytib keldik. Kun bo‘yi yomg‘ir tinmadi, juldurlarimiz shunday ivib ketdiki, siqsang sharillab suv oqadi, hammamiz sovuqda qolgan itday shamolda dag‘-dag‘ titrardik, tishimiz tishimizga tegmas edi. Engil-boshimizni quritgudek yoki isinib olgudek biron joy yo‘q. Buning ustiga o‘lgudek, hatto undan ham battarroq ochmiz. Lekin kechqurunlari bizga ovqat berilmas edi.
Men ivib ketgan juldurlarimni egnimdan yechib, so‘riga tashladimu: «Ularga har kun to‘rt kubometr tosh tayyorlab berishing kerak, holbuki bizning har birimiznipg go‘rimizga bir kubometr tosh ham yetib ortadi», — dedim. Qarangki, shu alamli gaplar og‘zimdan chiqdi deguncha oramizdan bir muttaham chiqib, lager komendantiga shipshib qo‘yibdi.
Lager komendanti yoki ularning tili bilan aytganda, lager fyurer Myuller degan bir nemis edi. Bo‘yi pastdan kelgan, semiz, sochlari oqish, o‘zi ham allaqanday oq: boshidagi sochlari ham, qoshlari ham — hammasi oppoq, hatto ko‘zlari ham oqdan kelgan baqa ko‘z. Ruschani xuddi sen bilan bizdek gapiradi, tag‘in volgaliklarga o‘xshab «o»ni aniq kilib aytadi. Onangni deb so‘kishga kelsa, undaqasi yo‘q deyman-ov, juda qiyib tashlaydi. La’nati bunaqangi boloxonador qilib so‘kishni qayerdan o‘rgandiykin-a? Gohi mahallar bizni blok oldiga, — ular barakni shunday deb atashardi, — qator qilib turg‘izib qo‘yardi-da, eseschilari bilan qator oldidan bir-bir bosib o‘tardi, yurganda ham o‘ng qo‘lini siltab yurardi. Qo‘lida charm qo‘lqop, ko‘lqop ustidan yana barmoqlarimga shikast yetmasin deb qo‘rg‘oshindan astar qilib olgan. Yurib borayotib har ikkinchi kishining burniga musht uradi, burunni konatadi. La’nati tag‘in bu narsani «grippdan saqlanish chorasi» deb aytadi. Har kuni ahvol shu. Lagerda jami to‘rtta blok bor, butun birinchi blokda «grippdan saqlanish chorasi»ni ko‘radi, ertaga ikkinchisida, so‘ng shu tartibda ko‘raveradi. Ammo la’nati o‘lguday intizomli edi, bir kun ham dam olmay ishlardi. Lekin ahmoqning faqat bir narsaga aqli yetmasdi: odamlarning burniga urishdan oldin, bir oz qizishib olish uchun qator oldida turib o‘n minutcha so‘kinardi. So‘kkanda ham bekordan-bekorga so‘kardi, lekin biz bundan huzur kilardik: negaki, bu so‘zlar o‘zimizning qo‘lbola so‘zlarimiz-da, xuddi jonajon yurtimizdan shamol uchirib keltirayotganga o‘xshardi… Agar u og‘zidan chiqayotgan haqoratlari bilan bizni xursand qilayotganligini bilsa, albatta bizni ruschalab emas, balki o‘z tilida so‘kkan bo‘lardi. Faqat bir moskvalik oshnamning unga juda yomon jahli chikardi. Oshnam: «U so‘kayotganda ko‘zimni yumib olaman, o‘zimni Moskvada, Zatsepada, pivoxonada o‘tirganday sezaman, juda ham pivo ichgim kelib, hatto boshim aylanib ketadi», — der edi.
Ana shu komendant kubometrlar to‘g‘risidagi o‘sha gaplarimni aytgan kunim ertasiga meni oldiga chaqirtirdi. Kechqurun barakka ikkita qo‘riqchi bilan tilmoch keldi-da: «Andrey Sokolov kim?» — deb so‘radi. Men javob qildim. «Marsh orqamdan, seni shaxsan gerr lager fyurerning o‘zi chaqiryapti», — dedi. Nimaga chaqirayotganligi ma’lum. Asfalasofilinga jo‘natgani. O‘rtoqlarim bilan vidolashdim, o‘lgani ketayotganim hamma ayon edi. Bir xo‘rsindimu, chiqib ketdim. O‘zim lager hovlisida ketyapman, lekin ko‘zlarim yulduzlarda, ular bilan ham vidolashdim. O‘zimcha: «Ana, Andrey Sokolov, ya’ni lager tili bilan aytganda, uch yuz o‘ttiz birinchi, azobu uqubatdan qutulding endi!» deb o‘ylanman. Birdan Irina bilan bolalarimga yuragim achishib ketdi, keyin yurak o‘rtanishi bosilib, o‘zimni qo‘lga ola boshladim: to‘pponchaning og‘ziga soldat dadilligi bilan qarashim, hayotdan ajrash men uchun ham og‘ir ekanini o‘limim oldida dushmanlarga sezdirib qo‘ymasligim kerak…
Komendant bo‘lmasi — xuddi biz yoqlardagi yaxshi klublarga o‘xshash top-toza, derazalarga gullar qo‘yilgan, stol tevaragida esa lager boshliqlari o‘tirishipti. Besh kishi o‘tirib shnaps ichishyapti, tamaddisiga cho‘chqa moyi urishyapti. Stol ustida og‘zi ochilgan katta shnaps shishasi non, cho‘chqa moy, tuzlangan olma, ochib qo‘yilgan har xil konserva bankalari bor. Bir zumda ana shu nozu ne’matlarga ko‘z yugurtirib chiqdim, senga yolg‘on menga chin, ko‘nglim behuzur bo‘lib ketdi, qayt qilib yuborishimga sal qoldi. O‘zim bo‘riga o‘xshab och yursam, odamdek ovqatlanish allaqachon esimdan chiqib ketgan bo‘lsa-yu, bu yerda shuncha nozu ne’matlar uyilib yotsa… Ko‘ngil behuzurligini bir amallab bosdim, stol ustidagi nozu ne’matlardan ko‘zlarimni ming azob bilan uzdim.
Qoq ro‘paramda shirakayf Myuller to‘pponchasini o‘ynab o‘tiribdi, uni goh u ko‘lidan bu qo‘liga, goh bu qo‘lidan u qo‘liga tashlaydi. O‘zi esa ilon singari kiprik qoqmay menga tikilib olgan. Men qo‘llarimni yonimga oldim, poshnalarimni bir-biriga urib, baland ovoz bilan: «Gerr komendant, harbiy asir Andrey Sokolov sizning buyrug‘ingizga binoan yetib keldi!» — deb raport berdim. U ham mendan: «Shunaqa degin, rus Ivan, to‘rt kubometr tosh chiqarish ko‘plik qilar ekan-da?» — deb so‘radi. Men ham: «Xuddi shupday, gerr komendant, ko‘plik qiladi», — deb javob berdim. «Menga qara, sening go‘ringga bir kubometri yetadimi?» — «Xuddi shunday, gerr komendant, yetish u yoqda tursin ortib ham qoladi», — dedim.
Shundan keyin u o‘rnidan turib: «Sepga bitta yaxshilik qilishim mumkin: bu so‘zlaring uchun hozir seni o‘z qo‘lim bilan otib o‘ldiraman. Bu yer o‘ng‘aysiz, tashqariga yur, o‘sha yerda narigi dunyoga pattangni olasan», — dedi. Men: «Ixtiyoringiz», — dedim. Shundan keyin u tippa-tik turgan yerida o‘ylanib qoldi, keyin to‘pponchasini stolga tashlab, stakanga to‘ldirib shnaps quydi, bir burda non oldi, ustiga bir tishlamcha cho‘chqa moyi qo‘ydi-da, hammasini menga tutib: «O‘lish oldidan nemis qurolining g‘alabasi uchun ichib yubor, rus Ivan!» — dedi.
Men qo‘lidan ichkilikni ham, yegilikni ham olay deb turgan edimu, lekin haligi so‘zlarini eshitib, bamisoli cho‘g‘ bosib olgan odamga o‘xshab ketdim! Ichimda: «Men-a, rus soldati-ya, nemis qurolining g‘alabasi uchun icharmishman-a?! Undan ko‘ra… yemaysanmi shu gaplaringga, gerr komendant? Menga baribir emasmi o‘ladigan bo‘lganimdan keyin? E, boshingni yesin o‘sha arog‘ing!» — deb o‘yladim.
Stakanni ham, non bilan yog‘ni ham stolga qo‘ydim: «Ziyofatingiz uchun tashakkur, lekin men ichmayman», — dedim. U tirjayib: «Bizning g‘alabamiz uchun ichging kelmayaptimi? Bo‘lmasa o‘layotganing uchun ich», — dedi. Nafsilamrga, mendan nima ketadi? «Men o‘zimning azobu uqubatlardan qutulib o‘layotganim uchun ichaman», — dedim unga. Shu so‘zni aytdimu, stakanni olib ikki ho‘plab ichib tashladim, non bilan moyga esa qo‘l ham tegizmadim, kaftim bilan lablarimni muloyimgina artdim-da: «Ziyofat qilganlari uchun tashakkur. Men tayyorman, gerr komendant, yuring, meni olib chiqib pattamni qo‘limga bering», — dedim.
Lekin u menga diqqat bilan qaradi-da: «O‘lishdan oldin biron narsa yeb ol axir», — dedi. Men unga: «Birinchi stakandan keyin og‘zimga hech qanaqa ovqat olmayman», — deb javob berdim. U ikkinchi stakanni to‘ldirib menga uzatdi. Buni bir ko‘tarishda ichib yubordim-da, yana ovqatga qo‘l urmadim, shunday qilib o‘zimni dadilroq tutmoqchi bo‘ldim, va: «Tashqariga chiqib, jonimdan ayrilishdan avval, hech bo‘lmasa bir ichib olayin», — deb o‘yladim. Komendant oqish qoshlarini kerib turib: «Nimaga ovqat yemaysan, rus Ivan? Tortinma!» — dedi. Men bo‘lsam unga yana: «Kechirasiz, gerr komendant, ikkinchi stakandan keyin ham og‘zimga ovqat olish odatim yo‘q», — deb aytdim. U lunjlarini osiltirdi, jahli chiqdi, keyin shunaqayam qahqaha urib kulib yubordiki, asti qo‘yaverasan! Kulib turib nemischalab bidirlab ketdi, chog‘imda, mening gapimni do‘stlariga tarjima kilib berdi shekilli. Ular ham kulib yuborishdi, stullarni jildirib, turqlarini men tomonga o‘gira boshlashdi. Bunday razm solsam menga endi ancha muloyimroq qarashyapti.
Komendant uchinchi stakanni quyyapti-yu, kulgisining zo‘ridan qo‘llari yalang qaltiraydi. Bu stakanni men simirib ichdim, nondan bir tishladim-da, qolganini stolga qo‘ydim. Ochdan o‘layotgan bo‘lsam ham, ularning nishxo‘rdiga zor emasligimni, menda o‘zimning g‘ururim va izzat-nafsim borligini, ular ham qancha harakat qilishsa ham, baribir, meni hayvonga aylantirisha olmasliklarini la’natilarga bir ko‘rsatib qo‘ygim keldi.
Shundan keyin komendantning turqi jiddiylashdi, ko‘kragidagi ikkita temir krestini to‘g‘riladi-da, stol yonidan qurolsiz aylanib o‘tib: «Menga qara, Sokolov, sen chinakam rus soldati ekansan, botir soldat ekansan! Men ham soldatman, shuning uchun dovyurak dushmanimga hurmat qilaman. Seni otmayman. Nimaga desang, bugun bizning shavkatli qo‘shinlarimiz Volga daryosiga yetib bordi va Stalingradni butunlay egalladi. Bu — biz uchun nihoyatda katta shodu xurramlik, shu tufayli hayotingni olijanoblik bilan o‘zingga tortiq qilaman. Blokingga boraver, ha, manovi — dovyurakliging uchun», — dedi-yu, stoldan mo‘jazgina bir buxanka non bilan bir bo‘lak cho‘chqa moyi olib berdi.
Nonni kuchimning boricha bag‘rimga bosdim, moyni chap qo‘limga oldim, ishning kutilmaganda shu xil tus olishidan chunonam shoshib koldimki, rahmat ham aytmasdan, chap tomonim bilan gir aylandim-u, eshikka qarab yurdim. Biroq ichimda: «Hozir kuraklarim orasidan otadi, ovqatlarni og‘aynilarimga yetkazib berolmayman», — deb o‘yladim. Yo‘q, otmadi. Bu safar ham ajal sovuq nafasini yuzimga urib, yonimdan o‘tib ketdi…
Komendant bo‘lmasidan tetik yurib chiqdim, lekin tashqarida oyoqlarim chalisha boshladi. Barakka kirib keldim-da, hushimdan ketib tsement polga yiqilib tushdim. O‘rtoqlarim meni tong yorishmay uyg‘otishdi: «Nima bo‘ldi, gapir?»— deyishdi. Men komendant bo‘lmasida o‘tgan gaplarni eslab, hammasini so‘zlab berdim. Yonimdagi so‘rida yotgan qo‘shnim ovozi titrab: «Non bilan moyni qanday bo‘lamiz?» — deb so‘radi. Men: «Hammaga baravar bo‘laver», — dedim. Hademay tong ham yorishdi. Non bilan yog‘ni yo‘g‘on ip bilan bo‘ldik. Har kishiga gugurt qutisiday-gugurt qutisiday non tegdi: hatto har bir uvoqqacha teng bo‘lishib oldik. Yog‘ga kelsak: o‘zing bilasan-ku lablarimizni bir-bir moylab olishga zo‘rg‘a yetdi. Ishqilib, hammasini bejanjal baham ko‘rdik.
Oradan ko‘p o‘tmay, bizdan uch yuztacha eng baquvvat odamni ajratishdi-yu, botqoq quritgani yuborishdi. U yerdan keyincha Rur oblastiga shaxtaga jo‘natishdi. O‘sha yerda qirq to‘rtinchi yilgachayin qolib ketdim. Bu orada biznikilar Germaniyani qovurg‘asini sindirgan, fashistlar endi asirlardan jirkanmaydigan bo‘lib qolishgan edi. Kunlardan bir kun kunduzgi smenaning hammasini chiqarib safga turgizishdi. Allaqayoqdan kelgan ober-leytenant tilmoch orqali: «Armiyada yoki urushdan oldingi davrlarda kimda-kim shofyor bo‘lib ishlagan bo‘lsa, bir qadam oldinga chiqsin!» — deb buyurdi. Eski shofyorlardan yettitamiz oldinga chiqdik.
Bizga kiyilgan eski korjoma berishdi, keyin konvoy bilan Potsdam shahriga yuborishdi. U yerga kelganimizdan keyin hammamizni har yoqqa bo‘lib yuborishdi. Men «Todte»da ishlashga tayinlandim, «Todte» — nemislarda yo‘l va mudofaa inshootlari kurilishini boshqaradigan bir mahkama ekan. Armiya mayori martabasidagi bir nemis injenerining «Oppel-admiral» markali mashinasini haydadim. U bachchag‘ar judayam semiz fashist edi-da. Pak-pakana-yu, qorni katta, eniga ham, bo‘yiga ham bab-baravar, orqasidan qarasang — juda tarvaqaylab ketgan xotin kishiga o‘xshaydi. Oldidan qarasang — mundirining yoqasi ustidan uch qavat bag‘baqasi osilib turadi, orqasidan qarasang — bo‘ynida uch qator yo‘g‘on-yo‘g‘on tirishi bor. Mening xomcho‘timga qaraganda, jirining o‘zi uch pud kelardi. Yurganda xuddi parovozday pishillab yurardi, ovqat yegani o‘tirsa-chi, og‘zing ochilib qoladi! Gohi mahallar bugun kun bo‘yi ovqat yeb flyagadan konyak ichgani ichgan. Ahyon-ahyonda menga ham ovqatidan berib turardi. Safarga chiqqanimizda mashinani to‘xtatib qo‘yib, kolbasa, pishloq kesib yerdi, ichardi. Kayfi chog‘roq paytlarida itga tashlagandek, menga ham bir tishlam, ikki tishlam ovqat tashlardi. Hech mahal qo‘limga bermasdi, yo‘q, buni o‘ziga ep ko‘rmasdi. Ishqilib, har nima bo‘lganda ham bu yerdagi hayotimni lager bilan tenglashtirib bo‘lmasdi, shu sababdan afti angorim asta-sekin odamga o‘xshab, oz bo‘lsa ham et qo‘ya bordim.
Men ikki haftagacha mayorni Potsdamdan Berlinga, Berlindan yana Potsdamga olib borib, olib kelib yurdim, shundan keyin uni bizning qo‘shinlarimizga qarshi mudofaa inshootlari qurish uchun front yaqiniga jo‘natishdi. Ana endi ko‘zimdan butunlay uyqu qochdi: o‘z tomonimizga, Vatanimga qanday kilib qochib o‘tsam ekan, deb kechasi bilan o‘ylanib chiqadigan bo‘ldim.
Biz Polotsk shahriga keldik. Tong otar payt edi, keyingi ikki yil ichida birinchi marta o‘z to‘plarimizning kuchli na’rasini eshitdim. Qani endi, og‘ayni, yuragim o‘shanda qanday ura boshlaganini bilsang? Hatto bo‘ydoqlik chog‘imda Irina bilan uchrashgan paytlarimda ham yuragim bunchalik urmagan edi! Jang Polotskdan sharqroqda bizdan o‘n sakkiz kilometrcha uzoqda borardi. Shahardagi nemislarning g‘azabi qaynab, asabi buzilib qoldi. Mening bo‘rdoqim esa ichkilikka zo‘r bera boshladi. Kunduzlari shahardan tashqariga chiqardik — u mudofaa qurilishlarini ko‘rsatib berardi. Kechasi shaharga qaytib kelib, yolg‘iz o‘zi ichar edi. Shu alfozda mayorim shishib ketdi, ko‘zlarining osti xalta bo‘lib osilib qoldi…
«Etar endi shuncha kutganim — payt keldi! Qochishim kerak. Lekin yolg‘iz o‘zim emas, manovi bo‘rdoqini ham olib qochishim kerak — biznikilarga juda asqatib qoladi!» — deb o‘yladim.
Xarobazor ichidan ikki kilolik qadoq tosh topib oldim, kerak bo‘lgan paytda qon chiqmaydigan joyiga urib behush qilishga yarar, degan maqsad bilan uni mashina artadigan eski lattaga o‘rab yashirib qo‘ydim. Keyin yo‘ldan bir bo‘lak telefon simini topib, buni ham yashirdim. Xullas, o‘zimga kerak bo‘ladigan narsani taxt qilib, oldinda o‘tiriladigan joyning tagiga bekitib qo‘ydim. Nemislar bilan xayr-ma’zur qilishdan ikki kun avval, kechqurun, mashinaga benzin quyib kelayotsam, bir nemis unteri devorni ushlab zo‘rg‘a-zo‘rga yurib ketyapti, qarasam: o‘lguday mast. Darrov mashinani to‘xtatib, uni xarobazorga boshlab kirdim. Chaqqonlik bilan egnidan mundirini, boshidan pilotkasini yechib oldim. Bularni ham olib borib, o‘tiriladigan joyning tagiga berkitdimu, ship etib jo‘nab qoldim.
Yigirma to‘qqizinchi iyun kuni ertalab mayorim meni shahardan tashqariga, Trosnitsa tomonga olib borasan, deb buyurdi. Mayor u yerda mudofaa qurilishlariga rahbarlik qilar edi. Yo‘lga chikdik. Mayor orqa o‘rinda bamaylixotir mudrab o‘tirardi. Mening esa yuragim qinidan chiqib ketay-ketay deydi. Mashinani shitob bilan haydadim, lekin shahardan chiqqanimizdan keyin gazni kamaytirib, sekin to‘xtatdim-da, mashinadan tushdim, tevarak-atrofga ko‘z yugurtirdim: orqada, hali juda uzoqda ikkita yuk mashinasi sudralib kelyapti. Qadoq toshni oldim, eshikni kengroq qilib ochdim. Bo‘rdoqim orqasiga suyanib, xuddi xotinining pinjida yotganday, xurillab uxlayapti. Qadoq tosh bilan chap chakkasiga paqillatib bir tushirdim. Kallasi shilq etib pastga og‘di. Ehtiyoti shartdan yana bir marta urdim, lekin o‘ldirgim kelmadi. Men uni tirik olib qochishim kerak, chunki u bizning odamlarimizga ancha-muncha kerakli narsalarni aytib beradi. Qinidan parabellumini chiqarib cho‘ntagimga solib qo‘ydim. Mashina tez yurganda mayor yonveriga yiqilib ketmasin, deb orqadagi o‘ringa montirovkani qoqdim, keyin mayorni bo‘ynidan telefon simi bilan montirovkaga mahkam bog‘lab qo‘ydim. Ana shundan keyin apil-tapil nemis mundiri bilan pilotkasini kiyib oldimu, mashinani yerni larzaga keltirib jang gurillayotgai tomonga surib ketdim.
Nemislarning oldingi marrasiga ikki dzot o‘rtasidan kesib o‘tdim. Blindajdan avtomatchilar yugurishib chiqishdi, men ular mayorni ko‘rishsin, deb mashinani jo‘rttaga sekinroq haydadim. Biroq avtomatchilar, u yoqqa o‘tib bo‘lmaydi, deb hoy-huy ko‘tarishdi, qo‘llarini siltashdi. Men bo‘lsam o‘zimni uqmaganga soldim-da, gazni qo‘shib, kuchimning boricha haydadim. Ular es-xushlarini yig‘ishtirib olib, mashinani pulemyotga tuta boshlagunlaricha, men betaraf yerga yetib olib, zambarak o‘qlari o‘pirgan chuqurlar orasidan xuddi quyondek, mashinani g‘izillatib o‘tib ketdim.
Mana endi nemislar orqadan urib berishdi, o‘zimiznikilar ham jin chalganday avtomatdan o‘q yog‘dira boshlashdi. Shamol to‘sadigan oynakni to‘rt yerdan o‘q teshib o‘tdi, radiatorni ham rasvo qildi… Ana, ko‘l tepasidagi o‘rmonchaga yetay deb qoldim. Biznikilar mashinaga qarab chopib qolishdi. Men mashinani shitob bilan o‘rmonchaga chiqarib oldimu, eshigini ochib, o‘zimni yerga otdim, tuproqni o‘pa boshladim, halloslaganimdan, hatto nafas ham ololmay qoldim…
Gimnastyorkasining yelkalariga pogon taqib olgan yosh bir askar hammadan oldin yetib keldi. Men bunaqa pogonlarni birinchi marta ko‘rishim — angrayib qoldim. Yigit g‘ingshib: «Ha-ha, it emgan frits, adashib koldingmi?» — dedi. Men darrov ustimdagi nemis mundirini yechdim, pilotkani olib yerga urdim-da: «Eh, dardingni olay! Jon o‘g‘lim! Asli zotim voronejligu, men senga qanaqasiga frits bo‘lay? Asir tushib qolgan edim, bildingmi! Hozir anovi mashinadagi to‘ng‘izni ipidan bo‘shatinglar, portfelini olinglar, keyin meni komandirlaring oldiga boshlab boringlar», — dedim. To‘pponchani ham topshirdim, keyin qo‘ldan-qo‘lga o‘ta-o‘ta kechga borib diviziya komandiri — polkovnikning huzurida bo‘ldim. Ungacha qornimni to‘yg‘izishdi, hammomga tushirishdi, tergov qilishdi, yangi forma berishdi. Xullas, polkovnikning oldiga toza qalb, toza tan bilan bashang formada kirib bordim. Polkovnik o‘tirgan yeridan turib, mening istiqbolimga yurib keldi. Hamma ofitserlar oldida meni quchoqlab: «Nemislardan olib kelgan sovg‘ang uchun rahmat senga, soldat. Sening mayoring portfeli bilan biz uchun yigirmata «til»dan ham qimmatliroq turadi. Senga hukumat mukofoti olib berish to‘g‘risida qo‘mondonlik oldiga iltimos bilan kiraman», — dedi. Men bo‘lsam uning bu so‘zlaridan, ko‘rsatayotgan mehribonligidan qattiq hayajonga tushdim, xursandligimdan lablarim titradi, faqat zo‘rg‘alatdan: «Iltimos qilaman, o‘rtoq polkovnik, meni o‘qchi qismga yuborsangiz», — deya oldim.
Lekin polkovnik kulib, yelkamga qoqdi. Keyin: «O‘zing zo‘rg‘a oyoqda turibsan-ku, tag‘in qanaqasiga jang qilasan? Bugunoq seni gospitalga yuboraman. Kasalingni tuzatishadi, boqishadi, keyin bir oy otpuska beraman, bola-chaqangning oldiga borib kelasan, qayokqa yuborishimizni qaytib kelganingdan keyin ko‘ramiz», — dedi.
Polkovnik ham, uning blindajidagi ofitserlar ham chin qalbdan xayrlashib qolishdi. Men u yerdan nihoyat darajada hayajonlanib chiqdim. Chunki ikki yil ichida odamlarcha muomalani ko‘rmay, bunaqangi muomalalarni esdan chiqarib yuborgan edim. Yana shunisi borki, og‘ayni, kattalar bilan gaplashganda uzoq mahallargacha kallamni bo‘ynimga qisib gaplashib yurdim. Nimaga desang, u yoqlarda urib yubormasin deb shunaqa qilishga odatlanib qolgan edim-da. Mana ko‘rdingmi, fashistlar lagerida savodimizni qay taxlitda chiqarishdi…
Gospitaldan darhol Irinaga xat yozib yubordim. Asirlikda bo‘lganimni, nemis mayorini olib qochib kelganimni — hammasini qisqagina qilib yozdim. Tavba, bu bolalarcha maqtanchoqlik menda qayerdan paydo bo‘la qoldi-a? Polkovnik meni mukofotga taqdim qilganini ham ichimda saqlab turolmay aytib qo‘ydim…
Ikki hafta muttasil yotib uxladim, yedim, ichdim. Meni oz-oz-u, lekin tez-tez ovqat berib boqishdi. Basharti ovqatni mo‘l-ko‘l berib yuborishsa, ko‘p yeb qo‘yib, nobud bo‘lishim mumkin ekan, doktor shunday deb aytdi. Shu orada ancha quvvatga kirib qoldim. Ikki haftadan keyin esa tomog‘imdan ovqat o‘tmay qoldi. Uydan javob bo‘lavermadi, to‘g‘risini aytsam, hasratimdan dud chiqa boshladi. Ovqat ham esimga kelmay qoldi, uyqum qochdi, miyamga har xil bema’ni fikrlar keldi. Uch haftadan so‘ng Voronejdan xat oldim. Lekin uni Irinam emas, qo‘shnim — duradgor Ivan Timofeevich yozibdi. Xudoyim hech kimga bunaqa xatni ravo ko‘rmasin!.. U qirq ikkinchi yilning iyunidayoq nemislar aviazavodni bombardimon qilganlarini, og‘ir bombalardan biri to‘g‘ri mening kulbamga tushganini xabar qilibdi. Irinam bilan qizlarim o‘sha mahal uyda ekanlar… Xullas, ulardan asar ham topisholmapti, kulbamizning o‘rnida esa kattakon chuqur paydo bo‘libdi… Bu safar xatni oxirigacha o‘qiy olmadim. Ko‘z oldimni qorong‘i bosdi, yuragim musht bo‘lib qisildi, qani endi bo‘shasa. O‘rnimga cho‘zildim, bir oz yotdim. Keyin xatni oxirigacha o‘qib chiqdim. Bombardimon vaqtida o‘g‘lim Anatoliy shaharda ekan. Kechqurun qishloqqa qaytibdi-yu, uy o‘rnida chuqurni ko‘rib, kechasi yana shaharga tushib ketibdi. Ketishda qo‘shnimga: «Meni frontga ko‘ngilli qilib yuborishlarini so‘rayman», — debdi. Gap shunaqa.
Yuragim bir oz qisilishini qo‘yib, quloqlarimda qon dukuri boshlanganda, Irinamning vokzalda men bilan qanchalik kuyib vidolashganini esladim. Bu dunyoda endi hech mahal ko‘rishmasligimizni xotinlik qalbi sezgan ekan-da! Men bo‘lsam uni itarib yuboribman-a! Oilam, boshpanam bor edi, bular necha-necha yillar davomida bunyodga kelgan edi, mana, hammasi bir zumda yo‘q bo‘ldi. Bir o‘zimgina qoldim. Gohi mahallar: «Shoshma, peshonamdagi bu sho‘r tushim emasmikan?» — deb o‘ylayman. Axir asoratda yurgan yillarim, qariyb har bir tun Irinam bilan, bola-chaqalarim bilan o‘zimcha gaplashar, qaytib boraman, jonajonlarim, meni yo‘qlab fig‘on qilmanglar, men baquvvat odamman, hammasiga chidash beraman, keyin yana hammamiz topishamiz, apoq-chapoq bo‘lib ketamiz, deb ularga dalda berar edim… Demak, ikki yilgacha o‘liklar bilan gaplashib kelgan ekanman-da?!
Xikoyachi bir zumgina to‘xtadi, keyin tamoman boshqa, uziq-kesil, bosiq tovush bilan:
— Kel, og‘ayni, bpr chekishaylik, alamim yomon ortib ketdi, — deb aytdi.
Biz chekishdik. Erigan suvlar bosib yotgan o‘rmonda qizilishton daraxtni qattiq taqillatyapti, iliq shabada quruq olxa isirg‘alarini hanuz tanballik bilan shitirlatyapti, ko‘m-ko‘k osmonda oq bulutlar bamisoli tarang tortilgan oq yelkanlar singari hunuz suzib yurardi, ammo ko‘klamning ulug‘ ishlariga, tirik jonga hayotda abadiy o‘rin berishga tayyorlanayotgan poyonsiz dunyo hozirgi g‘amgin sukunatda ko‘zimga boshqacha ko‘rinib ketdi.
Jim o‘tirish og‘ir edi, shuning uchun men:
— Keyin nima bo‘ldi? — deb so‘radim.
Xikoyachi, savolim malol kelgandek:
— Keyinmi? — dedi. — Keyin polkovnikdan bir oyga otpuska olib, bir hafta ichida Voronejga yetib bordim. So‘ng bir mahallar bola-chaqalarim bilan birga yashagan joyimga piyoda yurib bordim. Zang suv bosgan chuqur xandaq, tevarakda beldan keladigap sassiq ko‘kat… Hammayoq xilvat, go‘riston sukunati! Uh, o‘shanda holim juda yomon bo‘ldi, og‘ayni! Yurak-yuragimdan, ich-ichimdan ezilib, apcha vaqt qayg‘urib turdim, keyin yana vokzalga jo‘nadim. Bir soat ham turolmadim — o‘sha kuniyoq diviziyamga qaytib ketdim.
Oradan uch oy o‘tgan bo‘lsa kerak, qora bulutlar orqasidan quyosh yilt etib chiqqanidek, mening ham baxtim birdan charaqlab ketdi: o‘g‘lim Anatoliy topildi! Men xizmat qilib turgan frontga xat yuboribdi. Chog‘imda, o‘zi boshqa frontda bo‘lsa kerak. Adresimnn qo‘shnimiz Ivan Timofeevichdan olibdi. Xatining mazmuniga qaraganda oldin artilleriya maktabida o‘qibdi, matematikaga bo‘lgan talanti o‘sha yerda rosa ko‘l kelibdi-da. Bir yildan so‘ng maktabni a’lo baho bilan tugatib, frontga jo‘nabdi. Hozir harbiy darajasi kapitan, o‘zi «qirq beshtaliklar» batareyasiga komandir emish. Oltita orden-medallar bilan mukofotlanibdi. Gapning qisqasi, otasi garangu, o‘g‘li farang bo‘lib chiqibdi-da. Quvonchimdan boshim naq osmonga yetdi! Nima desang, de, o‘z pushtikamarimdan bo‘lgan o‘g‘lim — kapitan, batareya komandiri, bu hazil gap emas! Yana shuncha ordeni bor. Otasi «studebekker»da snaryad va boshqa xil harbiy anjomlar tashiydi. Buning hechqisi yo‘q, otasi oshini oshab, yoshini yashab bo‘lgan, kapitan o‘g‘limning esa o‘n gulidan bir guli ochilgani yo‘q — kelajagi oldinda.
Ana shundan keyin kechalari qarilarga o‘xshash xayol surib chiqadigan bo‘lib qoldim: urush tugasa, o‘g‘limni uylantirsam, kelin-kuyov yonida yashasam, duradgorchilik qilsam, nevaralarimga karasam, deyman-da. Qisqasi, xayolimga nuqul shunaqa qarilarning miyasiga keladigan har xil ikir-chikirlar keladigan bo‘lib qoldi. Lekin bu o‘yim ham ro‘yobga chiqmadi… Qishda nafas olmay hujum qildik, shuning uchun bir-birimizga tez-tez xat yozib turishga fursatimiz bo‘lmadi. Urush tamom bo‘lishi oldida, Berlin yaqinida Anatoliyga ertalab xat tashlagan edim, ertasiga darrov javobini oldim. Fahmimcha, Germaniya poytaxtiga o‘g‘lim ham, men ham har xil yo‘llar bilan kelibmizu, lekin bir-birimizga yaqin joydan chiqib qolibmiz. Qachon diydor ko‘rishamiz deb ichim pishadi, ikki ko‘zim yo‘lida. Axir diydor ham ko‘rishdik… Xuddi 9 may kuni ertalab, G‘alaba kuni nemis snayperi Anatoliyimni otib o‘ldirdi…
Choshgohdan keyin rotamizning komandiri meni oldiga chaqirdi. Qarasam, yonimda men tanimaydigan bir artilleriya podpolkovnigi o‘tiribdi. Men ichkariga kirib borganimda, u o‘zidan unvoni baland komandirni ko‘rganday, sapchib o‘rnidan turdi. Rota komandirimiz: «Sening oldingga kelibdilar, Sokolov»,— dedi-yu, o‘zi yuzini deraza tomonga o‘girib oldi. Badanimdan elektr toki o‘tganday bo‘ldi, biron falokat yuz berganini yuragim sezib qoldi. Podpolkovnik yonimga kelib: «O‘zingni dadil tut, ota! O‘g‘ling kapitan Sokolov bugun batareya yonida halok bo‘ldi. Yur men bilan, hozir o‘sha yoqqa boramiz!» — dedi.
Men gandiraklab ketdimu, lekin yiqilmadim. Mana endi podpolkovnik bilan bir kattakon mashinaga tushib borganimizni, vayrona ko‘chalardan zo‘rg‘a yo‘l topib o‘tganimizni, safga tizilgan soldatlarni, kizil baxmal yopilgan tobutni — xuddi tushda ko‘rganday arang eslayman, eslaymanu, lekin Anatoliyni hali-hali xuddi hozir seni ko‘rib turganday ko‘rib turaman, og‘ayni… Tobut yoniga keldim. Unda o‘g‘lim yotibdi, lekin bir oz o‘xshamaydi. Mening o‘g‘lim — har mahal kulimsirab turgan, yelkalari qambar, nozik bo‘yin, kekirdagi o‘ynab chiqqan o‘spirin edi. Bu srda esa yelkalari keng, chiroyli, yosh bir yigit yotibdi: ko‘zlari yarim yumuq, xuddi mening yonimdan noma’lum uzoqlarga qarab turganday. Fakat lablarining burchida kulgisi o‘z izini qoldirpb ketibdi… O‘g‘lim Tolik shu kulgisi bilan bir mahallar xayolimga o‘rnab qolgan edi… Men o‘g‘limni o‘pib, bir chetga chiqib turdim. Podpolkovnik nutq so‘zladi. Anatoliyning yoru do‘stlari ko‘z yoshlarini to‘kdilar, mening esa ko‘zimga yosh ham kelmadi, chamasi, ko‘z yoshlarnm qalbimga singib ketgan bo‘lsa kerak. Qalbimping og‘rig‘i balki shundandir?..
O‘zimning eng so‘nggi quvonch na umidimni o‘zgalar yurtiga, nemis tuprog‘iga dafn etdim. O‘g‘limning batareyasi o‘z komandirini olis yo‘lga kuzatib o‘q uzdi. Ana shunda tomirim xuddi uzilib ketganday bo‘ldi… Qismimga men dog‘i hasratda kuyib, nest bo‘lib keldim. Lekin oradan ko‘p o‘tmay armiya xizmatidan bo‘shadim. Endi qayoqqa boraman? Nahotki Voronejga qaytsam? Hech-da! Bir mahal Uryupinskda turuvchi oshnam esimga tushib qoldi. U yaradorligi tufayli qishda armiyadan bo‘shab ketgan edi. Ana shu oshnam bir vaqtlar meni o‘z yurtiga taklif qiluvdi. Shu esimga tushdi-yu, to‘g‘ri Uryupinskka jo‘nab ketdim.
Oshnam bilan xotini befarzand bo‘lib, shahar chetida turishar ekan. Oshnam invalidlikka chiqqan bo‘lsa ham, lekin avtorotada ishlar ekan, men ham o‘sha yerga ishga kirdim. Men oshnamning uyiga qo‘ndim, ular menga joy qilib berishdi. Biz rayonlarga har xil yuklar ortib borar, kuzda esa g‘alla tashir edik. Huv anovi qumda o‘ynab yurgan yangi o‘g‘lim bilan o‘sha mahallar tanishganman.
Gohi kunlari reysdan shaharga qaytasanu, eng avval qiladigan ishing — qorin g‘ami bo‘ladi, oshxonaga kirasan, albatta. Hordiqdan chiqish uchun yuz gramm otib ham olasan. Gapning rostini aytsam, bu la’nati ichkilikka o‘sha mahallar juda yomon berilib ketgan edim… Kunlardan bir kun mana shu bolani oshxonaning oldida ko‘rib qoldim, ertasiga yana o‘sha yerda ko‘rdim. O‘zi kichkinagina, usti boshi xarob: butun yuziga tarvuz shirasi yopishgan, shiraga chang o‘tirgan, hamma yog‘i kir, sochlari taroq ko‘rmagan, ko‘zchalari esa yomg‘irdai keyingi kecha yulduzchalariday chaqnaydi! U menga shunaqayam yoqib qoldiki, tavba, ko‘rmasam turolmaydigan bo‘lib qoldim. Reysdan keldim deguncha o‘shani ko‘rgani yuguraman. Uning kuni har vaqt o‘sha oshxona yonida o‘tar, odamlarning xayri-ehsoni bilan tirikchilik qilar edi.
To‘rtinchi kuni sovxozdan g‘alla yuklab qaytdimu, mashinani to‘g‘ri oshxona tomonga burdim. Bola faqir eshik oldida oyoqlarini o‘ynatib o‘tiribdi. Aftidan, judayam och ko‘rindi. Kabina oynasidan kallamni chiqardim-da: «Hoy, Vanyushka! Chiq mashinaga, tez bo‘l, elevatorga boramiz, u yoqdan qaytib kelganimizdan keyin shu yerda birga ovqatlanamiz! — deb qichqirdim. U mening tovushimni eshitib seskanib ketdi, eshik zinapoyasidan sakrab tushdi-da, mashina zinasiga osilib chiqib, past ovoz bilan: «Mening otim Vanyaligini qayerdan bilasiz, amaki?» — deb so‘radi, keyin ko‘zchalarini chaqchaytirib, meni qanday javob berar ekan deb kutib turdi. Men o‘zimning ko‘pni ko‘rgan kishi ekanligimni, hamma narsani bilishligimni aytdim.
So‘ng kabinaning o‘ng eshigini ochib, uni yonimga o‘tqazib oldim-da, mashinamni haydab ketdim. Shunday sho‘x bola nimagadir birdan jim bo‘lib qoldi: hadeb nimanidir o‘ylaydi va yuqoriga qayrilgan uzun kipriklari tagidan menga qarab-qarab qo‘yadi, xo‘rsinadi. O‘zi mushtumdagu, xo‘rsinishni bilib olgani qiziq! Bolaga kim qo‘yibdi ekan xo‘rsinishni? Men undan: «Otang qayerda, Vanya?» — deb so‘radim. U menga: «Frontda halok bo‘lgan», — dedi shipshib. «Oyingchi?» «Oyimni poyezdda kelayotganimizda bomba tushib o‘ldirgan». «Qayerdan kelayotgan edinglar?» «Qaydam, esimdan chiqib qoldi…» «Bu yerda hech qarindoshing yo‘qmi?» «Hech kimim yo‘q». «Bo‘lmasa kechalari qayerda yotasan?» «To‘g‘ri kelgan yerda».
Ko‘zimga achchiq yosh keldi. Men shunda o‘zimga: «Ikkovimiz ayri-ayri yashab bo‘pmiz! Uni o‘g‘il qilib olganim bo‘lsin!» — deb ahd qildim. Ahd qildimu, birdan ko‘nglim yengil tortib, ko‘z o‘ngim yorishib ketdi. So‘ng unga xiyol engashib: «Vashoshka, bilasanmi, men kimman?» — deb so‘radim sekingina. U ham shivirlab: «Kimsiz?» — deb so‘radi. Men unga yana boyagiday past ovoz bilan: «Otang bo‘laman», — deb aytdim.
Yo parvardigor, nimalar bo‘lmadi shunda! Birdan bo‘ynimga osildi, betlarimdan, lablarimdan, peshonamdan cho‘lp-cho‘lp o‘pa boshladi, o‘zi esa xuddi kichkina sivizg‘aday, jarangdor ovoz bilan shunaqayam chinqirdiki, hatto kabina ichida ham quloqlarimni teshgudek bo‘ldi: «Aylanay, dadajon! Meni bir kun emas bir kun axir topib olishingni bilardim! Bilardim! Albatta topib olasan, deb ishonardim! Qachon topib olar ekansan, deb ko‘pdan beri o‘ylab yurardim», — dedi-yu, menga yopishib oldi. O‘zi-chi, xuddi shamolda qolgan nozik niholday, dir-dir titraydi. Ko‘zlarimning oldini quyuq tuman bosdi, qo‘llarim titradi… Qanday qilib rulni qo‘ldan chiqarib yubormaganimga hayronman! Shunday bo‘lsa ham yo‘l bo‘yidagi chuqurlikka mashinamni bexosdan tushirib yubordim-da, motorni o‘chirdim. Ko‘z o‘ngimdagi tuman tarqalmaguncha, bitta-yarimtani bostirib ketamanmi deb, mashinani yurgizishdan qo‘rqdim. Shu qabilda besh minutcha turdim, o‘g‘ilcham bo‘lsa kuchining boricha menga yopishardn, indamasa ham dag‘-dag‘ titrar edi. Men uni o‘ng qo‘lim bilan quchoqlab sekin o‘zimga tortdim, chap qo‘lim bilan esa mashinani orqaga kaytardimu, uyimga qarab jo‘nadim. Shunday paytda elevatorga balo bormi, ko‘ngilga elevator sig‘adimi!
Mashinani darvoza oldida to‘xtatdim-da, yangi o‘g‘ilchamni qo‘lga olib, uyga qarab yurdim. U qo‘lchalari bilan bo‘ynimdan mahkam quchoqlab olib, to uyga kirgunimizcha bo‘shatmadi. Soqolim ham qirilmagan edi. Shu desang, yuzini yuzimga mahkam bosib olibdi, ko‘rsang yopishib qolganmi deysan. Men uni uyga shu alfozda olib kirdim. Oshnam ham, xotini ham uyda ekan. Ichkari kirdimu, ularga ko‘zimni qisib qo‘yib: «Mana, o‘g‘lim Vanyushkani topib oldim! Qani, bizni kutib olinglar, yaxshilar!» — dedim dadil. Ularning o‘zlari ham tirnoqqa zor emasmi, nima gapligini darrov payqashib, parvona bo‘la qolishdi. Men bo‘lsam o‘g‘limni o‘zimdan hech ajrata olmayman. Keyin bir amallab yo‘lga soldim. Qo‘llarini sovun bilan yuvib, stol yoniga keltirib o‘tqazdim. Oshnamning xotini o‘g‘limga bir tarelkada karam sho‘rva olib kelib berdi. Keyin o‘g‘limning sho‘rvani juda ham ochko‘zlik bilan ichayotganini ko‘rib, xotin boyaqishning ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kila boshladi. O‘zi pechka yonida-yu, fartugi bilan ko‘zlarini yashirib yig‘lar edi. Vanyushkam uning piq-piq yig‘layotganini ko‘rdi-yu, yugurib kelib etagidan tortdi-da: «Nimaga yig‘layapsiz, xola, dadam meni oshxona yonidan topib oldi, endi hammamiz suyunishimiz kerak, siz bo‘lsangiz yig‘laysiz», — dedi. Xotin sho‘rlik bu so‘zni eshitib, xudoning o‘zi to‘zim bersin, yana beshbattar yig‘lab yubordi.
Ovqatdan keyin o‘g‘limni sartaroshxonaga olib borib, sochlarini oldirdim. Uyga qaytib kelganimdan keyin tog‘orada o‘zim yaxshilab cho‘miltirdim, suvdan chiqarib toza choyshabga o‘radim. O‘g‘lim meni yana quchoqlab oldi va shu ko‘yi qo‘limda uxlab qoldi. Men uni sekin karavotga yotqizdim-da, o‘zim elevatorga jo‘nadim. G‘allani elevatorga to‘kdimu, mashinani bazaga keltirib qo‘yib, magazinma-magazin narsa izlay boshladim. O‘g‘limga movut shim, ko‘ylak, sandal va shapka sotib oldim. Lekin hech qaysi bo‘yiga loyiq kelmadi, sifatining ham mazasi yo‘q ekan. Movut shim olganim uchun oshnamning xotini meni koyib qam berdp: «Nima balo, jinni-pinni bo‘lganmisiz? Shunday saratonda ham yosh bolaga movut shim kiygizadimn hech!» — dedi. Ana shundan keyin tikuv mashinasini dast ko‘tarib kelib stolga qo‘ydi-yu, sandig‘ini kavlashtirib ketdi. Xullas, bir soat ichida Vanyushkamga satin trusik bilan yengi kalta oq ko‘ylak tikib berdi. Kechasi Vanyushka bilan birga yotdim va uzoq vaqtlardan beri birinchi marta faqat o‘sha kuni tinch uxladim. Shunday bo‘lsa ham kechasi to‘rt martacha uyg‘ondim. Bir vaqt uyg‘onib qarasam: xashak tagiga kirib yotgan chumchuqqa o‘xshash, o‘g‘lim biqinimga kirib pishillab uxlab yotibdi. Ko‘rib shunchalar ko‘nglim to‘ldiki, buni aslo so‘z bilan aytib berolmayman! Uyg‘otib yubormayin deb qimir etging kelmaydi, shunday bo‘lsa ham chidayolmay sekin o‘rningdan turasan-da, gugurt chaqib uni tomosha qilasan…
Tongotar oldida uyg‘ondim. «Nimaga shunchalik nafasim siqildiykin?» — deb hayron bo‘ldim. Qarasam: o‘g‘lim choyshabdan chiqib, ko‘ndalangchasiga cho‘zilib yotibdi, bir oyog‘i tomog‘imda: u mana shunaqa besaranjom yotib, odamni qiynab yuboradi, shunday bo‘lsa ham men o‘rganib qolganman, usiz yotsam — yotganday bo‘lmayman. Negaki, kechasi uxlab yotganda goh u yer-bu yerini silaysan, goh to‘zg‘ib yotgan sochlarini hidlaysan. Ana shunda orom olasan, yuraging bo‘shaladi, shunday qilmasam bo‘lmaydi — yuragim dog‘-hasrat ichida ezila-ezila toshga aylanib ketgan…
Dastlabki vaqtlarda u men bilan mashinada qatnab yurdi, keyin o‘ylab ko‘rsam, bunisi to‘g‘ri kelmas ekan. Darhaqiqat, bir o‘zim bo‘lsam og‘irim qancha? Bir buxanka nonu, bir bosh piyoz bilan tuz bo‘lsa bas-da, — kuni bilan qornim to‘q. U bilan yursam-chi — ish bo‘lakcha: unga hali sut top, hali tuxum pishir, buning ustiga issiq ovqat bo‘lmasa tag‘in bo‘lmaydi. Ish ham shitob, buni ham paysalga solib bo‘lmaydi. Bir kuni o‘zimni qo‘lga oldimu, o‘g‘limni oshnamning xotiniga tashlab ketdim. Bola faqir kechga dovur yig‘labdi, kechqurun esa meni kutgani elevatorga qochib ketibdi. O‘sha yerda yarim kechagacha meni poylab o‘tiribdi.
Dastlabki vaqtlari u bilan juda qiynaldim. Bir kun juda charchadimu, qorong‘i tushmasdanoq yotib oldim. Hamisha chumchuqday chirqillab yuradigan o‘g‘lim o‘sha kuni nimagadir churq etmadi. Sen undan: “Nimalarni o‘ylayapsan, o‘g‘lim?” deb so‘radim. U ham shipga qaraganicha: “Dada, charm paltongni nima qilgansan?” deb so‘rab qoldi mendan. Men umrim bino bo‘lib charm palto kiygan emas edim. Yo‘l topishga to‘g‘ri keldi. “Voronejda qolgan” deb javob berdim. U yana: “Meni nega shuncha uzoq axtarding?” deb so‘ragan edi, men ham: “Jon o‘g‘lim, seni Germaniyadan axtardim. Polshadan axtardim. Seni izlab butun Belorussiyani aylanib chiqdim. Bu yoqqa kelsam, Uryupinskda ekansan” dedim. U yana: “Uryupinsk Germaniyaga yaqinmi? Polsha bizning uyimizdan uzoqmi?” deb so‘raydi. Xullas, ko‘zimiz uyquga borguncha shu xilda javrab yotdik.
Sen, og‘ayni, bola charm paltoni bekorga so‘radi, deb o‘ylaysanmi? Yo‘q, bekorga so‘ragani yo‘q. Demak, uning o‘z otasi bir mahallar haqiqatan ham shunaqa charm palto kiygan-u, hozir uning esiga tushgan. Bolaning esi nima-yu, yozgi chaqmoq nima: yarq etadi-yu, hamma yoqni bir yoritib, yana o‘chadi. Shuning singari uning esi shunaqa, chaqmoqqa o‘xshab, gohi-gohida yarqirab ketadi.
Uryupinskda ikkovimiz yana biror yil turib qolsak bo‘lardi, lekin noyabrda men bir gunoh qilib qo‘ydim; bir kun loygarchilikda mashina haydab kelayotgan edim, xutorlardan birida mashinam toyib ketib, bitta sigirni yiqitib yubordi. Xotinlarni bilasanku, darrov dod-voy ko‘tarishdi, odamlar yig‘ildi, birzumda inspektor ham shu yerda paydo bo‘ldi-qoldi. Rahm qilgin deb har qancha yalinsam ham inspektor qurg‘ur unamay, shoferlik biletimni olib qo‘ydi. Sigir bo‘lsa o‘rnidan turdi-yu, dumini xoda qilib, qishloq ko‘chasidan shataloq otib ketdi. Men bo‘lsam shoferlik biletimdan ayrildim.
Qish ichi duradgorlik qildim, keyin armiyada birga xizmat qilishgan bir oshnamga xat yozib, u bilan aloqa bog‘ladim. U sizlarning oblastingizda, Kashar rayonida shoferlik qiladi. Ana shu oshnam meni yoniga chaqirdi. Xatida: “Yarim yilgina duradgorlik qilib turasan, keyin oblastimizda senga yangi bilet berishadi” deb yozibdi. Mana shunday qilib, o‘g‘lim ikkovimiz ana o‘sha Kashar degan joyga yayov ketib boryapmiz.
Men senga aytsam, og‘ayni, sigir voqeasi ro‘y bermaganda ham, baribir, Uryupinskdan ketgan bo‘lardim. Yuragimdagi dardu alam bilan bir yerda uzoq o‘tira olmaydigan bo‘lib qolganman. Qani, Vanyushkam kattaroq bo‘lib, maktabga beradigan vaqt kelsin-chi, zora o‘shanda bir yerda tinib qolsam. Hozircha ota-o‘g‘il rus tuprog‘ini sayri-safo qilib kezib yuribmiz.
— Yayov yurish bolaga qiyin-da, — dedim men.
— Yayov yurib bo‘pti, uzun kun yelkamda! Faqat oyog‘i tolganda yerga tushadi-yu, yo‘l bo‘yida kichkina uloqqa o‘xshash irg‘ishlay boshlaydi. Bularning hammasi go‘rga-ya, u bilan bir kunimizni ko‘rib ketardigu, lekin yurakning mazasi qochib qoldi, davosini qilmasa bo‘lmaydi… Gohi mahallar shunaqayam qisilib og‘riydiki, yorug‘ dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘lib ketadi. Birda emas-birda uyqumda o‘lib qolib, bola bechoraning yuragini chiqarmasam deb qo‘rqaman. Buning ustiga yana bir chatoq ish bor: o‘lib ketgan azizlarimni qariyb har kecha tushimda ko‘raman. Men ko‘pincha tikanli sim to‘silgan g‘ov ichkarisida bo‘laman, ular esa g‘ov tashqarisida, erkinlikda yurishadi… Irinam bilan ham, bolalarim bilan ham hamma narsa to‘g‘risida gaplashaman, biroq simni qo‘lim bilan ikki yoqqa sura boshladim deguncha ular mendan uzoqlashib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lib ketishadi… Shunisi qiziqki, kunduzlari o‘zimni hamisha mahkam tutib yuraman, og‘zimdan na “oh” va na “voh” chiqadi, ammo kechasi uyg‘onib qarasam: bolishim ko‘z yoshlarimdan jiqqa ho‘l bo‘lib qoladi…
O‘rmondan jo‘ramning tovushi, eshkakning suvni chayqatishi eshitildi.
Aslda yot bo‘lsa ham, endi menga qadrdon bo‘lib qolgan kishi o‘rnidan turdi, yog‘ochday qattiq, kattakon qo‘lini menga cho‘zib.
— Yaxshi qol, og‘ayni, baxting yor bo‘lsin! — dedi.
— Sen ham Kasharga eson-omon yetib ol.
— Rahmat. Hoy o‘g‘lim, yur qayiqqa.
Bola otasining oldiga yugurib keldi-da, o‘ng tomoniga o‘tib, kurtkasini baridan ushlab oldi va qadamini katta-katta tashlzb borayotgan otasining yoniga tushib yo‘rtib ketdi.
Esir qolgan ikki inson, dahshatli urush dovuli bilan begona yurtlarga kelib qolgan ikki qum donasi… Ularni oldinda nima kutar ekan? Mana shu rus kishisi, bukilmas iroda kishisi o‘zini rostlab oladi va yonidagi bolani otalik mehri bilan o‘stirib ulg‘aytiradi, voyaga yetkazadi, keyin u vatani chorlagan yo‘lda uchragusi har qanday qiyinchiliklarga chidaydi, ularni yengadi, deb o‘ylaging keladi.
Men yuragimda og‘ir dard bilan ularning orqalaridan qarab qoldim… Bizning o‘sha ajralishimizda hamma narsa o‘z iziga tushib ketsa ajab emas edi, biroq Vanyushka bir necha qadam yurgandan keyin nozik oyoqlarini chalishtirib menga yuzini o‘girdi-yu, pushti rang qo‘lchasini siltab xayrlashdi. Ana shunda yumshoq, lekin tirnoqli bir changal qalbimni birdan siqdi, men apil-tapil yuzimni o‘girib oldim. Yo‘q, urush yillarida soch-soqollari oqarib ketgan katta yoshli odamlar tushlaridagina yig‘lashmaydi, balki o‘nglarida ham yig‘lashadi. Bunda eng muhimi — o‘z vaqtida yuzni o‘girib olishda. Bunda eng muhimi — bolaning ko‘nglini cho‘ktirmaslikda, yondiruvchi xasis erkak yoshi betingdan oqib tushayotganini unga sezdirib qo‘ymaslikda…
1956

Mirzakalon Ismoiliy tarjimasi