Lev Tolstoy. Xo‘jayin va xizmatkor (hikoya)

I

Bu voqea yetmishinchi yillarda, qishki Nikola bayramining ertasi kuni yuz berdi. Qavm bayram qilayotgani sababli, qishloq saroyboni, ikkinchi gildiya savdogari Vasiliy Andreich Brexunov hech qayoqqa ketmay, cherkovda bo‘lishi kerak edi, chunki u cherkov oqsoqoli edi va bundan tashqari, uyida qarindosh-urug‘lari va oshna-og‘aynilarini mehmon qilishi lozim edi. Nihoyat, oxirgi mehmonlar ketib bo‘lgach, Vasiliy Andreich darhol ko‘pdan beri savdo bo‘lib kelayotgan o‘rmonni sotib olish uchun qo‘shni qishloqdagi pomeshchiknikiga otlana boshladi. Vasiliy Andreich bu foydali o‘ljani qo‘ldan chiqargisi kelmas, tag‘in shahar savdogarlari mendan oldin ilib ketishmasin, degan xayolda tezroq yetib borishga oshiqardi. U bu o‘rmonga yetti ming so‘m beraman, degani uchun yosh pomeshchik o‘n ming so‘m so‘ragan edi. Holbuki yetti ming so‘m haqiqiy bahosining atigi uchdan bir qismini tashkil etardi. Vasiliy Andreich, albatta, yana savdolashgan bo‘lardi, chunki o‘rmon uning okrugida, qolaversa, qishloqdagi uyezd savdogarlari bilan uning orasida ko‘pdan buyon shunday qoida bor ediki, bu qoidaga muvofiq, bir pomeshchik atrofidagi ikkinchi pomeshchikning qo‘ygan bahosini oshirmasdi, biroq Vasiliy Andreich guberniyadagi o‘rmon savdogarlari Goryachkino qishlog‘idagi o‘rmonni sotib olishga kelishmoqchi ekanliklarini eshitib, pomeshchik bilan, savdoni bir yoqli qilish maqsadida darhol jo‘nashga ahd qildi. Shu sababdan ham u, bayram o‘tishi bilanoq, sandiqda asrab yurgan yetti yuz so‘m pulini oldi, unga qo‘lida bo‘lgan ikki ming uch yuz so‘m cherkovning pulini qo‘shib, uch ming so‘m qildi-da, qayta-qayta sanab, hamyoniga joylagach, yo‘lga chiqmoqchi bo‘ldi.

Xizmatkor Nikita chopganicha chanaga ot qo‘shgani ketdi, chunki Vasiliy Andreichning xizmatkorlari ichida shu kuni birgina hushyori Nikita edi. O‘zi piyanista bo‘la turib, o‘sha kuni mast bo‘lmaganiga sabab shuki, u pasxadan oldin ustidagi belburma kamzuli bilan oyog‘idagi charm etigini sotib ichib, endi ichmaslikka tavba qilgan va ikkinchi oydirki, ichmay yurgan edi, hozir ham ikki kun bayram ichida odamlarning har yerda vino ichishlarini ko‘rib, havasi kelganiga qaramay, ichmagan edi.

Nikita qo‘shni qishloqlik ellik yoshga kirgan mujik edi; u, odamlarning aytishicha, ro‘zg‘orga beparvo, ko‘p umrini birovlarning uyida xizmat qilib o‘tkazgan kishi edi. Uni hamma joyda mehnatsevarligi, chaqqonligi va ishni do‘ndirishi, eng muhimi esa, xulqi yaxshiligi, oq-ko‘ngilliligi uchun qadrlashardi; ammo u hech qayerda qo‘nim topolmasdi, chunki bir yilda ikki marta, ba’zan undan ham ko‘proq qattiq ichar va shunda butun ust-boshini sotib bitirishdan tashqari, janjalni pulga sotib oladigan odati ham bor edi. Vasiliy Andreich ham uni bir necha bor haydab yuborgan, lekin keyin halolligi, hayvonlarga jonkuyarligi va eng muhimi, arzongarov xizmatkorligini ko‘zi qiymay, yana chaqirib olgan edi. Vasiliy Andreich Nikitaga qirq so‘m to‘lardi, holbuki boshqa joylarda bunday xizmatkorlarning bahosi sakson so‘m turardi; bu qirq so‘mni ham yaxlit bermay, bo‘lib-bo‘lib berar va ko‘pincha pul o‘rniga do‘konidan qimmat bahoda mollar berib, ora ochdi qilardi.

Nikitaning xotini, bir vaqtlar chiroyli va o‘ktam ayol bo‘lgan Marfa bir o‘smir o‘g‘li, ikki qizi bilan uyda bekalik qilardi; u Nikitani er deb bilmas, uni uyga chaqirmasdi; buning birinchi sababi shuki, u yigirma yildan beri boshqa qishloqdan kelib ularnikida turib qolgan bir bochkasoz mujik bilan birga yashardi, ikkinchi sababi shuki, u garchi eri hushyorlik vaqtida uni istagancha xo‘rlasa-da, mast bo‘lgan vaqtida undan zirillab turardi. Bir kun Nikita uyda ichib mast bo‘lib, chamasi hushyorlik vaqtida ko‘rgan butun xo‘rliklarining o‘chini olish uchun bo‘lsa kerak, xotinining sandig‘ini sindirib, ichidan uning eng yaxshi, qimmatbaho kiyimlarini: sarafanu ko‘ylaklarini olib qiymataxta ustiga qo‘yib, bolta bilan qiyma-qiyma qilib tashlagan edi. Nikitaning ishlab topgan butun pullari xotiniga berilardi. Nikita bunga g‘ing demas edi. Bu safar ham, bayramga ikki kun qoldi deganda Marfa Vasiliy Andreichning oldiga kelib, undan oq un, choy, qand, chorakta vino, xullas, hammasi bo‘lib uch so‘mlik narsa va yana besh so‘m naqd pul oldi-da, go‘yo u katta marhamat qilganday, unga ko‘pdan-ko‘p minnatdorchilik bildirib ketdi, holbuki eng arzon bahoda hisoblaganda Vasiliy Andreichda Nikitaning yana yigirma so‘m haqi qolgan edi.

— Be, sen bilan biz shartlashib o‘tiramizmi? — derdi Vasiliy Andreich Nikitaga. — Qerak bo‘lsa, olaver, kam bo‘lmaysan. Men boshqalar singari: sabr qil, hisoblashamiz, shtrafga bosaman, deb o‘tirmayman. Men halol ishni yaxshi ko‘raman. Menga xizmat qilar ekansan, men ham seni quruq qo‘ymayman.

Shu so‘zlarni der ekan, Vasiliy Andreich chindan ham Nikitaga yaxshilik qilyapman, deb ishonardi. U ana shunday ishonarli qilib gapirganda Nikitadan tortib, uning qo‘liga qaram bo‘lgan barcha xizmatkorlar, u aldayotgani yo‘q, bizga yaxshilik qilyapti, deb o‘ylashar edi.

— Ha, bilaman, Vasiliy Andreich, men o‘z otamga xizmat qilyapman, otam uchun tirishyapman, deb o‘ylayman, buni juda yaxshi bilaman, — deb javob berardi Nikita. Ammo o‘zi Vasiliy Andreichning aldayotganini va ayni vaqtda o‘z hisoblarini unga tushuntirishga urinishning foydasizligini, boshqa joy bo‘lmagani uchun hozircha shu yerda yashab turaverishi hamda nima bersa shuni olaverishi kerakligini juda yaxshi bilib, sezib turar edi.

Nikita hozir xo‘jayinidan chanaga ot qo‘shish to‘g‘risida buyruq olgach, odatdagiday xursand bo‘lib, g‘oz yurish bilan bardam va shaxdam qadam tashlab saroyga ketdi, u yerdan mixga ilig‘liq turgan og‘ir, popukli tasma yuganni olib, so‘liqlarini sharaqlatib, eshigi berk otxonaga bordi; bu yerda, Vasiliy Andreich chanaga qo‘shishni buyurgan ot alohida saqlanardi.

— Ha, zerikib qoldingmi, tentakvoy? — dedi Nikita otning asta kishnab, uni qarshi olganiga javoban; ot o‘rta bo‘yli, sag‘rini bir oz past, qora to‘riq ayg‘ir bo‘lib, otxonada bir o‘zi turardi. — Bas, bas! Shoshma, avval seni sug‘oray, — dedi u otga qarab, xuddi so‘zga tushunadigan maxluq bilan gaplashganday; keyin etagi bilan otning semiz, o‘rtasi tarnov singari chuqurcha bo‘lib ketgan yelkasidagi changni artib, otning chiroyli, yosh boshiga yugan kiygizdi, quloqlarini va peshona yolini to‘g‘rilab qo‘ydi-da, boshidan no‘xtasini olib, sug‘organi olib ketdi.

Ayg‘ir qalin go‘ng bosgan otxonadan asta chiqib olgach, quduq tomonga yo‘rg‘alab borayotgan Nikitani orqa oyog‘i bilan tepmoqchi bo‘lganday o‘ynoqlab, shataloq ota boshladi.

— Qutur-a, qutur, mug‘ambir! — deb gap qotdi Nikita To‘riqning tepmoqchi bo‘lmay, faqat hazillashib orqa oyog‘i bilan uning yog‘li kalta po‘stiniga sal tegib qo‘ymoqchi ekanini bilib; otning bu qilig‘i Nikitaga juda yoqardi.

Ot muzdek suvni ichib qongach, bir pishqirdi-da, keyin qalin, ho‘l lablarini qimtiy boshlagan edi, labi va mo‘ylovlaridan teganaga tiniq tomchilar oqib tushdi, so‘ng go‘yo o‘yga tolgandek birpas jim qoldi-da, birdan qattiq pishqirib yubordi.

— Ichmasang ichma, majbur qilmaymiz, keyin ichaman demasang bo‘lgani, — dedi Nikita otga uning qiliqlarini jiddiy va mufassal tushuntirib; so‘ng yuganni tortib, yana saroy tomonga chopa ketdi, yosh, sho‘x ot esa orqasidan o‘ynoqlab, butun hovlini olatasir qilib yubordi.

Hovlida xizmatkorlardan hech kim yo‘q, faqat bayramga kelgan begona bir kishi, oshpaz xotinning eri bor edi.

— Hoy, birodari aziz, — dedi unga Nikita, — borib so‘ra-chi, qaysi chanani qo‘shishni buyurarkin: kattasinimi yoki kichiginimi?

Oshpaz xotinning eri tunuka tomli, zamini baland uy tomonga ketib, tezda kichigini qo‘shishni buyurdilar, degan xabar olib keldi. Bu orada Nikita otga bo‘yincha kiygizib, chetlariga mix qoqilgan egarni urib bo‘lgan va bir qo‘lida yengil, bo‘yalgan do‘g‘ani ko‘tarib, ikkinchi qo‘li bilan otni yetaklab, saroyda turgan ikkita chananing oldiga kelib qolgan edi.

— Kichigini bo‘lsa kichigini-da, — dedi u va quloqlarini chimirib, yolg‘ondaka tishlamoqchi bo‘layotgan aqlli otni shoti orasiga kirgizdi-da, oshpaz xotinning eri yordami bilan uni chanaga qo‘sha boshladi.

Hamma ish taxt bo‘lib, tizgin tasmalarini to‘g‘rilashgina qolganda Nikita, oshpaz xotinning erini saroydan poxol va ombordan sholcha olib kelishga yubordi.

— Ana, ishlar joyida bo‘ldi. Bas, bas, ko‘p yer tepinaverma! — dedi Nikita, oshpaz xotinning eri olib kelgan yangi qirqilgan suli poxolini chanaga bosib joylarkan. — Xo‘sh, kel endi, olachani mana bunday yozib, ustidan sholchani tashlaymiz. Ana shunday, shunday, o‘tirishga ham yaxshi bo‘ladi, — dedi u aytganini qilib, ya’ni o‘rindiqning tevarak-atrofiga poxol ustidan sholchani tiqa turib.

— Ana, rahmat, birodari aziz, — dedi Nikita, oshpaz xotinning eriga, — ikki kishi bo‘lsa hamma ish tez bitadi. — Keyin u tizginning halqadan o‘tib tutashgan tasmalarini to‘g‘rilab, chanaga o‘tirdi-da, yurishga oshiqayotgan gijing otni hovlidagi muzlagan go‘ng ustidan darvoza tomonga qarab haydadi.

— Mikit amaki, amakijon! — deb qichqira boshladi uning orqasidai ingichka ovoz bilan, shoshib dahlizdan hovliga chiqqan yetti yashar bola; u ustiga qora kalta po‘stin, oyog‘iga yangi valenka, boshiga issiq quloqchin kiyib olgan edi. — Meni o‘tqazib ol, — deb yalindi u chopa turib kalta po‘stinining tugmalarini qadar ekan.

— Xo‘p, xo‘p, kela qol, chirog‘im, — dedi Nikita va otni to‘xtatib xo‘jayinning quvonganidan ko‘zlari chaqnab ketgan rangsiz, oriq o‘g‘lini chanaga o‘tqazib oldi-da, ko‘chaga chiqdi.

Soat uchlar chamasi. Kun sovuq — o‘n daraja atrofida, havo bulutli va izg‘irinli. Osmonning yarmini pastak qora bulutlar qoplab olgan. Hovlida shamol uncha bilinmas, ammo tashqarida ancha kuchli edi: qo‘shni saroyning tomidagi qorlarni uchirib, hammomning muyulishidagi burchakda chirpirak qilib aylantirardi.

Nikita darvozadan chiqib, otning boshini uyga kiraverishdagi zinapoya tomonga burishi bilanoq, ustiga qo‘y teri po‘stin kiygan va belini belbog‘ bilan pastroqdan tang‘ib olgan Vasiliy Andreich papiros tishlab dahlizdan zinapoyaga chiqib keldi; u valenkasining tagiga charm tiktirib olgani uchun oyog‘i ostidagi qor g‘irchillar edi. U papirosini oxirgi marta tortib, uni yerga tashladi-da, oyog‘i bilan ezg‘iladi va mo‘ylovi orasidan tutun chiqarib otga ko‘z qirini tashlar ekan, soqollari yaxshilab qirilganu, lekin mo‘ylovlari qolgan qip-qizil yuzlariga tegib turgan po‘stinining yoqalarini tuzata boshladi va nafas olganda mo‘ynasi terlamasligi uchun yoqasining chetini ichkariga qayirib qo‘ydi.

— Obbo shovvoz-ey, hammadan ilgari sen o‘tirib olibsan-ku! — dedi u chanada o‘tirgan o‘g‘lini ko‘rib. Mehmonlar bilan ichgan vinosi Vasiliy Andreichning kayfini g‘oyatda chog‘ qilib yuborgan va shu sababli u qo‘l ostidagilarning hammasidan, qolaversa, o‘zining qilgan hamma ishlaridan odatdan tashqari mamnun edi. Doim xayolida merosxo‘rim deb yuradigan o‘g‘lining chana-da o‘tirishi hozir unga katta zavq bag‘ishladi: u ko‘zlarini suzib, uzun tishlarini irjaytirib, unga tikilib qoldi.

Vasiliy Andreichni boshini, yelkalarini shol ro‘mol bilan o‘rab olgan va faqat ko‘zlarigina ko‘rinib turgan homilador, rangpar va oriq xotini uni dahlizga kuzatib chiqqan edi.

— Nikitani ola ketsang bo‘lardi, — dedi u qo‘rqa-pisa ostonadan hatlab.

Vasiliy Andreich indamadi, uning so‘zlari yoqmadi shekilli, jahl bilan qovog‘ini soldi-da, tufladi.

— Pul bilan ketyapsan, — deb davom etdi xotini boyagiday achingan ovoz bilan. — Ustiga-ustak yana havo aynib qolishi bor, xudo ko‘rsatmasin.

— Nima, men yo‘lni bilmaymanmiki, hamisha hamroh bilan yuraman? — dedi Vasiliy Andreich g‘ayri tabiiy ravishda lablarini taranglab va har bir so‘zni hijjalab: odatda u o‘z prikazchiklari va xaridorlari bilan shu tarzda gaplashar edi.

— Xudo haqi, sendan o‘tinaman. Nikitani ola ket! — deb takror gapirdi xotini ro‘molini teskarisiga buray turib.

— Toza yelim bo‘ldi-ku, bu… Axir qayoqqa olib ketaman uni?

— Mayli, Vasiliy Andreich, boraveraman, — dedi Nikita quvnoqlik bilan. — Faqat men kelguncha otlarga yem-xashak berib turishsa bo‘lgani, — deb qo‘shib qo‘ydi u bekaga qarab.

— Men xabar olib turaman, Nikitushka, Semyonga aytaman, — dedi beka.

— Xo‘sh, nima qilamiz, boraymi, Vasiliy Andreich? — dedi Nikita javob kutib.

— Hay, mayli, kampirni hurmat qilmasak bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Hamon boradigan bo‘lsang, ustingga biron issiqroq kiyim kiyib kel, — dedi Vasiliy Andreich yana iljayib va Nikitaning qo‘ltig‘i, orqasi yirtilib, etaklari dalva-dalva bo‘lib ketgan, hamma yog‘i moy, kalta po‘stiniga ko‘zi bilan ishora qilib.

— Hey, birodari aziz, bu yoqqa chiq, otni ushlab tur! — deb qichqirdi Nikita hovli tomonga qarab, oshpaz xotinning eriga.

— O‘zim ushlab turaman, o‘zim! — dedi bola chiyillab va sovuqdan qizarib ketgan kichkina qo‘llarini cho‘ntagidan chiqarib, muzdek yugan tasmalariga yopisha boshladi.

— O‘zingga juda zeb berib o‘tirma tag‘in, tezroq bo‘l, — deb qichqirdi Vasiliy Andreich Nikitani mayna qilib.

— Bir zumda tayyor bo‘laman, otaxon Vasiliy Andreich, — dedi Nikita va tagiga kigiz tikilgan eski valenkasining uchini yerga tez bosib, yugurganicha hovlidagi xizmatkorxonaga ketdi.

— Qani, Arinushka, pechkaning ustidan chakmonimni olib ber-chi, xo‘jayin bilan ketyapman! — dedi Nikita uyga yugurib kirib mixdan belbog‘ini olar ekan.

Tushki ovqatdan keyin uxlab turgan va hozir eriga samovar qo‘yayotgan oqsoch xotin Nikitani ochiq chehra bilan qarshi oldi, keyin uning shoshayotganiga hayron qolib, u ham shosha-pisha pechka ustida quriyotgan eski, ko‘rimsiz sukno chakmonni oldi-da, uni tez qoqib, yumshatish uchun mijg‘ilay boshladi.

— Ana endi keng joyda ering bilan bemalol o‘ynab-kulaverasan, — dedi Nikita oshpaz xotinga, hamma vaqt birov bilan yuzma-yuz qolganda odob va hurmat yuzasidan biron narsa deyish odatiga ko‘ra.

Shundan keyin ingichka, chigal bo‘lib ketgan chilvir belbog‘ini belidan aylantirdi-da, o‘zi shundog‘am oriq qornini undan battar ichiga tortib turib, kuchining boricha kalta po‘stini ustidan mahkam bog‘ladi.

— Ana shunday, — dedi u belbog‘ini bog‘lab bo‘lgach, oshpaz xotinga emas, balki belbog‘iga qarab, uning uchlarini beliga qistirar ekan, — endi chiqib ketmaysan, — keyin qo‘llari erkin harakat qilsin uchun yelkalarini dam yuqori ko‘tarib, dam past tushirib ustidan chakmonini kiygan edi, orqasi tarang bo‘lib qoldi; yana qo‘llarini erkin qimirlatish uchun qo‘ltiqlarining tagiga urib-urib qo‘ydi-da, tokchadan qo‘lqoplarini oldi. — Ana bo‘ldi.

— Stepanich, oyoqlaringga boshqa narsa kiyib olsang bo‘lardi, — dedi oshpaz xotin, — valenkalaring yirtiq-ku.

Nikita birdan esiga tushgandek to‘xtab qoldi.

— Bo‘lardi-ya… E, shunday ham bo‘laveradi, uzoq emas-ku!

Shunday deb u yugurib tashqariga chiqdi.

— Nikitushka, bu ahvolda sovuq yeysan-ku! — dedi beka u chana oldiga kelganda.

— Be, nega sovuq yer ekanman, sovuq yemayman, — dedi Nikita chananing boshidagi poxol bilan oyog‘ini berkitish uchun uni tuzatar va yaxshi ot uchun zarurati bo‘lmagan qamchini poxol ostiga tiqib qo‘yar ekan.

Vasiliy Andreich allaqachon chanaga o‘tirib olgan edi; u ustma-ust ikkita po‘stin kiyib olganidan deyarli chananing egilgan orqa qismini butunlay egallab o‘tirardi; Nikita chanaga chiqishi bilan u tizginni qo‘liga olib, otni yurgizib yubordi. Nikita tezgina chananing oldnga, chap tomoniga joylashib oldi-da, bir oyog‘ini chanadan chiqarib qo‘ydi.

 

II

Asl ayg‘ir chanani tortib, qo‘shqoraklarning yengil g‘ijirlashi ostida qishloqning iz tushgan izg‘irinli yo‘lidan shaxdam yurib ketdi.

— Sen qayoqqa osilyapsan? Nikita, qamchini bu yoqqa ber! — deb qichqirdi Vasiliy Andreich, aftidan, chananing orqasiga osilib olgan o‘g‘lidan xursand bo‘lib. — Hozir adabingni bermasam! Yugur, oyingning oldiga, itvachcha!

Bola chanadan sakrab tushdi. To‘riq qadamini jadallashtirdi va lo‘killab, keyin bir tekisda yo‘rtib ketdi.

Vasiliy Andreich turadigan Kresti qishlog‘i olti xonadondan iborat edi. Ular qishloqning chekkasidagi temirchining uyidan o‘tishlari bilanoq shamol o‘ylaganlaridan ko‘ra ancha kuchliroq ekanini darrov sezdilar. Yo‘l deyarli bilinmasdi. Chananing izini shu ondayoq qor berkitib ketardi, yo‘lni faqat boshqa joylardan balandroq bo‘lgani uchungina bilib olish mumkin edi.

Dalaning hamma yog‘ida shamol qorlarni chirpirak qilib uchirar, osmon bilan yerning tutashgan joyini sira ko‘rib bo‘lmasdi. Hamma vaqt ko‘zga yaqqol ko‘rinib turadigan Telyatin o‘rmoni hozir qor to‘zoni orasidan ahyonda g‘ira-shira bo‘lib qorayib ko‘rinardi. Shamol chap tomondan esib, otning gijing bo‘ynidagi yollarni va oddiygina qilib tugib qo‘yilgan mayin dumini o‘ng tomonga uchirardi. Shamol kelayotgan tomonga qarab o‘tirgan Nikitaning uzun yoqasi uning yuziga va burniga yopishib borardi.

— Chopishda tengi yo‘q-da, uchadi, — dedi Vasiliy Andreich, o‘zining yaxshi oti bilan faxrlanib. — Bir kun shu ot bilan Pashutino qishlog‘iga yarim soatda yetib bordim.

— Labbay? — deb so‘radi Nikita yoqasi ko‘tarilganya uchun yaxshi eshitmay.

— Shu ot bilan, deyman, Pashutino qishlog‘iga yarim soatda yetib bordim, — dedi Vasiliy Andreich qichqirib.

— Nimasini aytasiz, yaxshi ot! — deb qo‘ydi Nikita. Keyin jim qolishdi. Lekin Vasiliy Andreichning juda gapirgisi kelardi.

— Xotiningga, bochkasozni ko‘p boqaverma, deb aytgan edim-ku, nima bo‘ldi? —deb so‘zlay boshladi Vasiliy Andreich yana boyagiday baland ovoz bilan. U, mendek mashhur va oqil odam bilan gaplashish Nikitaga xush yoqsa kerak, deb qattiq ishonar va o‘z hazilidan g‘oyatda mamnun edi, shu sababli bu gap Nikitaga qattiq botishi mumkin-ku, degan fikr uning xayoliga ham kelmas edi.

Nikita shamolning zo‘ridan xo‘jayinining so‘zlarini yana eshitolmay qoldi.

Vasiliy Andreich bochkasoz haqidagi hazilini qattiq ovoz bilan yana takrorladi.

— Havolasi xudoga, Vasiliy Andreich, men bu ishlarga aralashmayman. Faqat xotinim o‘g‘limni xafa qilmasa bo‘lgani, boshqasi bilan ishim yo‘q.

— Gaping to‘g‘ri, — dedi Vasiliy Andreich. — Qalay, bahorda ot sotib olasanmi? — dedi u gapni boshqa yoqqa burib.

— Ha, nasib qilsa, — deb javob qildi Nikita chakmonining yoqasini qaytarib, xo‘jayini tomonga o‘girilarkan.

Endi Nikitani qiziqtiradigan suhbat boshlangan edi, shuning uchun u hamma gapni eshitgisi keldi.

— O‘g‘lim ham o‘sib qoldi, endi o‘zimiz yer haydasak bo‘ladi, ilgari nuqul odam yollardik, — dedi u.

— Bo‘lmasa, bichilmagan otni ola qolinglar, qimmat so‘ramayman, — deb qichqirdi Vasiliy Andreich hayajonlanib va butun es-hushini band qilgan mashg‘uloti — jalloblikdan gap ochib.

— Agar o‘n besh so‘m bersangiz, ot bozordan olsammikan, degan edim, — dedi Nikita; u Vasiliy Andreich unga pullamoqchi bo‘lgan otning bahosi nari borsa, yetti so‘m turishini, ammo Vasiliy Andreich unga bu otni berib, so‘ngra yigirma beshga o‘tqazishini, keyin yarim yilgacha undan sariq chaqa ham ololmasligini bilardi.

— Yomon ot emas. Men senga o‘zimnikisan, deb beryapman. Vijdonan aytyapman. Brexunov hech kimni xafa qilmaydi. Mayli, ketsa mendan ketsin, men boshqalar singari ziqna emasman. Insofim bor, — deb qichqirdi u, doim o‘z sotuvchilari va xaridorlarini avraydigan ovozi bilan. — Ot bo‘lganda ham asl ot-da!

— Bo‘lsa bordir, — dedi Nikita xo‘rsinib; keyin eshitadigan gapi qolmaganiga aqli yetgach, yoqasini salgina ko‘targan edi, shamolda u shu zahoti yuz-ko‘zini berkitib qo‘ydi.

Ular yarim soatcha jim ketishdi. Po‘stinning yirtiq joyidan Nikitaning biqini va qo‘liga shamol urardi.

U junjikib, og‘zini berkitib qo‘ygan chakmon yoqasiga kuhlay boshladi, shunda badaniga sal issiq yugurdi.

— Xo‘sh, nnma deb o‘ylaysan, Karamishevo orqali yuramizmi yoki to‘g‘ri ketamizmi?

Karamishevoga birmuncha serqatnov yo‘ldan borilar, yo‘lnnng ikki betiga uzun belgi qoziqlar qoqib qo‘yilgan edi-yu, ammo u yo‘l olis edi. To‘g‘ri yo‘l yaqin bo‘lgani bilan kamqatnov va buning ustiga, belgi qoziqlar yo‘q bo‘lsa-da, qisqa, qor tagida qolib ketgan edi.

Nikita bir oz o‘ylanib qoldi.

— Karamishevoning yo‘li bir oz olis-ku, lekin serqatnov, — dedi Nikita.

— To‘g‘riga yurib, faqat pastlikdan o‘tishda adashmasak bo‘ldi-da, keyin o‘rmon ichidan yaxshi ketamiz, — dedi Vasiliy Andreich, to‘g‘ridan ketgisi kelib.

— Ixtiyoringiz, — deb javob qildi Nikita va yana yoqasini ko‘tarib oldi.

Vasiliy Andreich aytganini qildi, yarim chaqirimcha yurib, shoxlarida yakkam-dukkam quruq barglari qolgan va shamolda chayqalib turgan baland dub daraxtining oldiga yetgach, otni chapga burdi.

Chana burilishi bilanoq, ularga shamol qarshidan ura boshladi. Ustiga-ustak tepadan qor bo‘ralardi. Vasiliy Andreich otni haydar, lunjlarini shishirib, nuqul pastdan mo‘yloviga puflar edi. Nikita mudrab borardi.

Ular shu tariqa o‘n minut jim ketishdi. Vasiliy Andreich birdan allanima deb po‘ng‘illadi.

— Labbay? — dedi Nikita ko‘zini ochib.

Vasiliy Andreich javob bermadi, u engashib, hadeb orqasiga va otning old tomoniga qarardi. Ot chovlari va bo‘yni terlaganidan yunglari jingalak bo‘lib ketgan, o‘zi ildam qadam tashlab borardi.

— Labbay deyapman? — deb takrorladi Nikita.

— Labbay, labbay! — deb masxara qildi uni Vasiliy Andreich jahl bilan. — Nishon qoziqlar ko‘rinmayapti! Yo‘ldan adashganga o‘xshaymiz!

— Bo‘lmasa to‘xtang, men yo‘lni ko‘rib kelay, — dedi Nikita va lip etib chanadan tushdi-da, poxolning ostidan qamchini olib, chap tomonga qarab ketdi.

Bu yil qor qalin yog‘magani uchun yo‘l ochib ketsa bo‘lardi, biroq ba’zi joylarda tizzadan kelgani sababli Nikitaning qo‘njiga qor kirdi. Nikita yo‘lni qidirib, oyoqlari va qamchi bilan paypaslab ko‘rar, ammo hech qayerda yo‘l ko‘rinmas edi.

— Xo‘sh, qalay? — deb so‘radi Vasiliy Andreich, Nikita qaytib chananing oldiga kelganida.

— Bu tomonda yo‘l yo‘q. Endi narigi tomonni ham bir ko‘rish kerak.

— Huv ana, oldinda bir narsa qorayib turibdi, o‘sha yoqqa borib ko‘r-chi, — dedi Vasiliy Andreich.

Nikita o‘sha yoqqa ketdi. Qorayib ko‘ringan narsaning oldiga borib qarasa: usti ochilib qolgan kuzgi don ekiniga qor ustidan sepib qo‘yilgan tuproq ekan, o‘sha tuproq qorni qoraytirib ko‘rsatayotgan ekan. Nikita o‘ng tomonni ham tekshirib, chananing oldiga keldi, ustidagi va etigining ichidagi qorlarni qoqib, chanaga o‘tirdi.

— O‘ng tomonga yurish kerak, — dedi u qat’iy, — shamol chap biqinimga urayotgan edi, hozir bo‘lsa to‘g‘ri basharamga uryapti. O‘ng tomonga haydang! — dedi u qat’iy ohangda.

Vasiliy Andreich uning gapiga kirib, otni o‘ng tomonga burdi. Lekin baribir yo‘l yo‘q edi. Ular ancha vaqtgacha shu tariqa ketaverishdi. Shamol pasaymas, hamon qor bo‘ralar edi.

— Vasiliy Andreich, biz butunlay adashib qolganga o‘xshaymiz, — dedi to‘satdan Nikita go‘yo adashganidan zavqlanayotganday. — Anovi nima? — dedi u qor ostidan qorayib chiqib turgan kartoshka palagini ko‘rsatib.

Vasiliy Andreich terga pishgan va hansirab chanani zo‘rg‘a tortib borayotgan otni to‘xtatdi.

— Qayoqdan bilding? — deb so‘radi u.

— Chunki Zaxarovning dalasiga kelib qolibmiz. Butunlay boshqa yoqqa ketibmiz!

— Be, yolg‘on! — dedi Vasiliy Andreich.

— Yolg‘on gapirayotganim yo‘q, Vasiliy Andreich, rost aytyapman, — dedi Nikita, — chananing yurishidan bilsa ham bo‘ladi — kartoshka ekilgan daladan ketyapmiz; huv ana, palaklarini to‘plab, uyib qo‘yishibdi. Bu zavodchi Zaxarovning dalasi.

— Buni qara-ya, adashib ketibmiz-ku! —dedi Vasiliy Andreich. — Endi nima qilamiz?

— To‘g‘riga ketaverish kerak, vassalom, bir joydan chiqarmiz, — dedi Nikita. — Zaxarovka qishlog‘iga chiqmasak, barinning qo‘rg‘oniga chiqarmiz.

Vasiliy Andreich Nikitaning maslahatiga ko‘nib, otni u aytgan tomonga hayday boshladi. Ular shu taxlitda ancha yurishdi. Ba’zan o‘tlar ko‘m-ko‘k sabza bo‘lib yotgan ochiq joyga chiqib qolishar va chana muzlagan kesaklarga tegib taqirlardi. Ba’zan ang‘izga, ba’zan kuzgi don ekinlari, ba’zan bahori don ekinlari ekilgan yerlardan o‘tishardi, bu yerlarda qor ostidan shamolda silkinayotgan shuvoq na bug‘doy maysalari ko‘rinib turardi; ba’zan hamma yoqni bir tekis qoplab yotgan oppoq qalin qor ustiga chiqib qolishardi, uning ustida hech narsa ko‘rinmasdi.

Tepadan qor urib turar, ba’zan yerdan ko‘tarilardi. Ot ko‘rinishidan juda holdan toygan edi, terga pishganidan yunglari jingalak bo‘lib, qirov bog‘lab ketgan, bitta-bitta qadam tashlab borardi. Birdan u munkib ketib, ko‘lmakkami, ariqqami cho‘kkalab qoldi. Vasiliy Andreich otni to‘xtatmoqchi bo‘lgan edi, biroq Nikita baqirib:

— To‘xtatmang! — dedi. — Tiqilib qoldikmi — chiqib ketishimiz kerak. Chu, jonivor! Chu, chu, jonidan! —deb qichqirdi u otga dalda beruvchi ovoz bilan; shu choq o‘zi sakrab chanadan tushgan edi, ariqqa botib qoldi.

Ot bir siltanib, chanani muzlagan yerga tortib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, u qazilgan ariq ekan.

— Biz qayerga kelib qoldik? — deb so‘radi Vasiliy Andreich.

— Yuraveraylik-chi, ko‘ramiz! — deb javob berdi Nikita. — Biron joydan chiqarmiz.

— Hov anovi Goryachkino o‘rmonimi deyman? — dedi Vasiliy Andreich oldilarida qor orasidan qorayib ko‘ringan bir narsani ko‘rsatib.

— Oldiga boraylik-chi, keyin qanaqa o‘rmonligini bilamiz, — dedi Nikita.

Nikita o‘sha sharpa qorayib ko‘rinayotgan tomondan tolning qurigan, uzunchoq barglari uchib kelayotganini ko‘rgani uchun u o‘rmon emas, biron xonadon bo‘lsa kerak, deb o‘yladi-yu, lekin buni aytmadi. Chindan ham ular ariqdan o‘tib o‘n sarjin yurar-yurmas oldilarida daraxtlar qorayib ko‘ringandek bo‘ldi va qandaydir g‘uvillagan hazin ovoz eshitildi. Nikitaning taxmini to‘g‘ri chiqdi: bu o‘rmon emas, balki shoxlarida yakkam-dukkam barglari titrab turgan bir nechta baland tol daraxti edi. Daraxtlar, chamasi, xirmon atrofidagi ariqning chetiga o‘tqazilgan edi. Shamolda g‘uvillab hazin ovoz chiqarayotgan tollarning oldiga kelgach, birdan ot oldingi ikki oyog‘ini chanadan baland ko‘tarib, keyingi oyoqlari yordami bilan tepalikka chiqib oldi-da, chap tomonga burildi va shundan keyin tizzasidan qor kechib yurmaydigan bo‘ldi. Bu yo‘l edi.

— Mana yetib ham keldik, — dedi Nikita, — lekin qayerga kelganimizni o‘zimiz ham bilmaymiz.

Ot qor bosgan yo‘ldan to‘g‘ri ketdi, ular chanada yuz metr yurar-yurmas bir bostirmaning uzun chetan devori qorayib ko‘rindi. Urilgan g‘allani, quritadigan va yanchadigan bu bostirmaning qalin qor bosgan tomidan tinmay qor to‘kilardi. Bostirma orqada qolgach, yo‘l shamol urayotgan tomonga burildi-yu, ular qortepaga duch kelib qolishdi. Ammo oldinda ikki uy orasidan ketgan tor ko‘cha ko‘rinardi, chamasi, shamol qorni shu ko‘chaga uyib qo‘ygan, endi har qalay, shu qortepadan oshib o‘tish kerak edi. Chindan ham qortepadan oshib o‘tishgach, ular ko‘chaga chiqishdi. Eng chetdagi hovlida arqonga yoyib qo‘yilgan, sovuqda qotib qolgan bitta qizil, bitta oq ko‘ylak, paytava va yubka shamolda qattiq silkinardi. Ayniqsa oq ko‘ylak yenglarini uchirib, juda qattiq pirpirardi.

— Obbo dangasa xotin-ey, bayramda ham kirlarini yig‘ishtirib olmabdi-ya, — dedi Nikita silkinayotgan ko‘ylaklarga qarab.

 

III

Ko‘chaning boshida shamol kuchli bo‘lganidan yo‘lni qor bosgan edi, lekin qishloqning o‘rtasiga kelganda havo tinch, iliq va yoqimli bo‘la boshladi. Bir hovlida it hurdi, ikkinchi hovlida esa boshiga erkaklarning belburma kamzulini yopingan bir ayol allaqayerdan chopib keldi-da, yo‘lovchilarga qarash uchun ostonada to‘xtab, keyin uyga kirib ketdi. Qishloqning o‘rtasidan qizlarning ashulasi eshitildi.

Bu qishloqda, chamasi, shamol ham, qor ham, sovuq ham kam edi.

— Ie, bu Grishkino qishlog‘i-ku, — dedi Vasiliy Andreich.

— Xuddi o‘zi, — deb javob qildi Nikita. Chindan ham bu Grishkino qishlog‘i edi. Ma’lum bo‘lishicha, ular adashib, chap tomonga ketib qolishibdi va kerakli yo‘l bir yoqda qolib, butunlay boshqa yo‘ldan sakkiz chaqirim yurishibdi; lekin har holda mo‘ljallagan joylariga birmuncha yaqinlashgan edilar. Grishkino. qishlog‘idan Goryachkino qishlogi besh chaqirim kelardn.

Ular yo‘lni davom ettirishar ekan, ko‘chaning o‘rtasidan yurib kelayotgap bir novcha odamga duch kelishdi.

— Kim u kelayotgan? —deb qichqirdi u odam otning jilovidan ushlab, keyin shu zahoti Vasiliy Andreichni tanib, shotidan ushlaganicha chananing oldiga keldi-da, o‘rnndiqqa o‘tirdi.

Bu Vasilpy Andreichga tanish bo‘lgan, okrugda birinchi ot o‘g‘risi deb nom chiqargan Isay mujik edi.

— Ha, Vasiliy Andreich! Yo‘lingiz bo‘lsin? — dedi Isay aroq hidini Nikitaga puflab.

— Shunday, Goryachkino qishlog‘iga bormoqchi edik.

— Yo‘lni chap solibsizlar-ku! Malaxovo orqali borsanglar bo‘lardi.

— Borsak bo‘lardi-yu, borolmadik-da, — dedi Vasiliy Andreich otni to‘xtatib.

— Yaxshi ot ekan, — deb qo‘ydi Isay otni bir ko‘zdan kechirib va o‘rgangan odatiga ko‘ra, otning qalin dumi tugib qo‘yilgan chilvirini qattiqroq tortib.

— Xo‘sh, qalay, endi yotib qolasizlarmi?

— Yo‘q, birodar, albatta borishimiz kerak.

— Zarur bo‘lgach, iloj qancha. Bu kim? E, Nikita Stepanich-ku!

— Bo‘lmasa kim bo‘lardi? — deb javob berdi Nikita. — Endi, birodari aziz, tag‘in bu yerda adashib-netib o‘tirmasak edi.

— Qanday qilib adashasan! Otni orqaga bur, ko‘chadan to‘g‘ri ketaver, ko‘chaning boshiga chiqqaningdan keyin, to‘g‘riga hayda, chap tomonga yurma, katta yo‘lga chiqqach, keyin o‘ngga ketasan.

— Katta yo‘lning qayeridan burilamiz? Yozgisidanmi yoki qishkisidanmi? — deb so‘radi Nikita.

— Qishkisidan. Hozir, ko‘chaning boshiga chiqsang, butalarni ko‘rasan, uning qarshisida katta, bir tup dub daraxti bor, burilish xuddi o‘sha joyda.

Vasiliy Andreich otni orqaga burdi-da, qishloq ko‘chasidan chanani haydab ketdi.

— Yaxshisi, yotib qola qolinglar! — deb baqirdi ularning orqasidan Isay.

Biroq Vasiliy Andreich unga javob qaytarmadi va otni qistay boshladi; besh chaqirimdan ikki chaqirimi o‘rmon ichidan yuriladigan to‘g‘ri yo‘l ular nazarida osongina bosib o‘tiladigandek tuyulardi, yana buning ustiga go‘yo shamol pasayib, qor tinayotganga o‘xshardi.

Yangigina chana izi tushgan va ko‘chaning u yer-bu yerida ot go‘ngi qorayib ko‘ringan yo‘ldan orqalariga qaytib borishar ekan, yana kir yoyilgan hovli oldidan o‘tishdi, shamol oq ko‘ylakni joyidan surib yuborgan, to‘ng‘ib qolgan bir yengi bilan arqonda osilib turardi; ular yana hazin g‘uvillab turgan tol oldidan o‘tib, ochiq dalaga chiqib qoldilar. Chamasi, izg‘irin pasaymagan, balki battar quturgan edi. Yo‘lni butunlay qor ko‘mib tashlagan, shuning uchun adashgan-adashmaganlikni faqat belgilarga qarab bilish mumkin edi. Biroq oldindagi belgilarni ham yaxshi ko‘rib bo‘lmasdi, chunki shamol to‘g‘ri basharaga urib turardi.

Vasiliy Andreich ko‘zlarini qisar, boshini engashtirib, belgilarga qarardi, ammo ko‘pincha otga ishonib, uning boshini qo‘yib yuborardi. Haqiqatan ham ot adashmay, oyog‘i ostidagi egri-bugri yo‘lni sezib, goh o‘ng, goh chapga burilib borardi, chunki qor qalinlashganiga va shamol kuchayganiga qaramay, belgilar goh yo‘lning o‘ng tomonidan, goh chap tomonidan ko‘rinib qolardi.

Shu ahvolda ular o‘n minutcha yo‘l yurishgandan keyin birdan otning oldida, shamol zo‘ridan qiyalab yog‘ayotgan qalin qor to‘ri orasida ilgarilab borayotgan qandaydir bir qora narsa ko‘rindi. Bu yo‘lovchilar edi. To‘riq ularga yetib olib, oldida ketayotgan chananing taxtasiga oyog‘ini do‘qillatib ura boshladi.

— Yonlab o‘tib ke-e-et! — deb qichqirishdi chanadagilar.

Vasiliy Andreich yonlab o‘ta boshladi. Chanada uch erkak va bir ayol bor edi. Aftidan, ular bayramdan qaytayotgan mehmonlar edilar. Bir mujik otning qor bosgan sag‘risiga hadeb xipchin bilan savalamoqda edi. Chananing oldida o‘tirgan ikkitasi qo‘llarini siltab, bir nimalar deb qichqirardi. O‘ranib olgan, hamma yog‘ini oppoq qor bosgan ayol chananing ketida qimirlamay, hurpayib o‘tirardi.

— Qayerliksizlar? —deb baqirdi Vasiliy Andreich.

— A-a-a…lik! —degan tovush eshitildi, xolos.

— Qayerliksizlar, deyapman?

— A-a…lik! — deb qichqirdi kuchining boricha mujiklardan biri, lekin nima deganini aniq eshitib bo‘lmadi.

— Chu, bo‘sh kelma! — deb baqirdi boshqasi hadeb xipchin bilap otni savalab.

— Bayramdan kelyapsizlar shekilli?

— Ha, chu, chu! Bos, Syomka! O‘zib ket! Bo‘sh kelma! Chanalar bir-biriga urilib ketdi, oz bo‘lmasa chalkashib qolay dedi, ajralishgach, mujiklarning chanasi orqada qola boshladi.

Usti qor, yunglari hurpaygan qorindor ot tinmay urilayotgan xipchin zarbidan qutulmoqqa joni boricha harakat qilganday, qalin qorda oyoqlari bilan har yoqqa qor sachratib, pastak do‘g‘a ostida og‘ir nafas olib, kalovlanib borardi. Uning ko‘rinishidan yosh, baliqniki singari tarang, pastki labi kengayib ketgan, burun kataklari va qo‘rqqanidan quloqlari dikkayib turgan basharasi bir daqiqa Nikitaning yelkasiga tegay-tegay deb turdi-da, keyin orqada qolib ketdi.

— Ana vinoning kasofati, — dedi Nikita. — Otni o‘lar holatga yetkazishdi. Yovvoyilar!

Holdan toygan otning pishqirishi va mujiklarning mast qiyqiriqlari birmuncha vaqt eshitilib turdi, keyin pishqirish ovozi pasayib, qiyqiriqlar ham eshitilmay qoldi. Atrof-tevarak yana ilgarigiday jim bo‘lib qoldi, bu jimlikni faqat quloq ostida g‘uvillagan shamolu, ahyonda chana do‘ng joydan o‘tganda qo‘shqoraklarning yengil g‘ijirlashi buzar edi.

Bu uchrashuv Vasiliy Andreichning kayfini chog‘ qildi va yuragiga dalda berdi, shuning uchun u belgi qoziqlarga qarab o‘tirmay, qo‘rqmasdan otni o‘z ixtiyoriga qo‘yib, hayday boshladi.

Nikita qiladigan ishi bo‘lmaganidan pinakka ketgan edi, u odatiga ko‘ra, ana shunday bekorchilik paytlarida, ko‘p chala qolgan uyqularining hissasini chiqarib olar edi. Birdan ot to‘xtab qoldi-yu, Nikita qalqib, oz bo‘lmasa mukkasidan yiqilayozdi.

— Biz yana noto‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz-ku, — dedi Vasiliy Andreich.

— Nega?

— Belgilar ko‘rinmayapti. Yana adashganga o‘xshaymiz.

— Adashgan bo‘lsak, qidirish kerak, — dedi gapni qisqa qilib Nikita va o‘rnidan turdi-da, chalish oyoqlarini yengil ko‘tarib bosib, qor kechib ketdi.

U dam ko‘zdan g‘oyib bo‘lib, dam yana ko‘zga ko‘rinib, ancha vaqtgacha yurdi-da, nihoyat qaytib keldi.

— Bu yerda yo‘l yo‘q, balki oldinroqdadir, — dedi u chanaga o‘tira turib.

Anchagina qorong‘i tushib qolgan edi. Izg‘irin na kuchaymay, na susaymay bir xil esib turardi.

— Loaqal anavi mujiklarning ovozi ham eshitilmaydi, — dedi Vasiliy Andreich.

— Ha, quvib yetisholmadi, juda uzoq ketib qolganga o‘xshaymiz. Balki ular ham adashib qolishgandir, — dedi Nikita.

— Endi qayoqqa yurdik? — deb so‘radi Vasiliy Andreich.

— Otni o‘z holiga qo‘yib yuborish kerak, — dedi Nikita. — O‘zi olib boradi. Tizginni bering.

Vasiliy Andreich tizginni jon deb uning qo‘liga tutqazdi, chunki issiq qo‘lqop kiygan bo‘lishiga qaramay, qo‘llari sovqota brshlagan edi.

Nikita tizginni oldi-da, uni qimirlatmaslikka harakat qilib, yaxshi ko‘rgan otining aqlliligidan xursand bo‘lgan holda, faqat qo‘lida ushlab bordi. Haqiqatan ham aqlli, ziyrak ot dam u tomonga, dam bu tomonga goh u, goh bu qulog‘ini tutib, burila boshladi.

— Faqat gapirmaydi, xolos! — dedi Nikita. — Qarang, bilyapti! Yuraver, bilib yuraver! Shunday, balli.

Shamol orqaga ura boshladi, bir oz isigandek bo‘lishdi.

— Juda aqlli-da, — deb davom etdi Nikita otdan mamnun bo‘lib. — Qirg‘iz kuchlik-ku, lekin ahmoq. Buni qarang, quloqlari bilan nima qilyapganiga bir qarang. Hech qanaqa telegrafning keragi yo‘q, bir chaqirim olisdan sezadi.

Chindan ham hali yarim soat yurmayoq oldinda: o‘rmonmi, qishloqmi, ishqilib, bir narsa qoraygandek bo‘ldi va o‘ng tomonda yana belgilar ko‘rindi. Ular, chamasi yana yo‘lga chiqqan edilar.

— Iya, yana Grishkinoga kelibmiz-ku, — deb yubordi birdan Nikita.

Haqiqatan, endi o‘sha tomondan qor bo‘ralab turgan bostirma ularning chap qo‘l tomonida qolgan edi, keyin yana o‘sha arqonga yoyib qo‘yilgan va shamolda qattiq silkinib turgan ko‘ylaklar, paytavalar ko‘rindi.

Yana ular boyagi ko‘chaga kirdilar, yana shamol pasayib, havo bir oz isiganday, tana yayraganday bo‘ldi, yana o‘sha ot go‘ngi yotgan yo‘l ko‘rindi, yana ashula, g‘ovur-g‘uvur ovozlar eshitildi, yana itlar hura boshladi. Anchagina qorong‘i tushib qolganidan, ba’zi uylarning derazalaridan chiroq yorug‘i ko‘rinib turardi.

Chana ko‘chaning o‘rtasiga kelganda Vasiliy Andreich otni devorlari ikki qator g‘ishtdan ishlangan uy tomonga burdi-da, uyga kiraverishdagi zinapoya oldida to‘xtatdi.

Nikita oynalariga qor yopishgan va chiroq yorug‘ida qorlar yaltirab ko‘ringan deraza oldiga keldi-da, uni qamchi dastasi bilan taqillatdi.

— Kim u? — degan ovoz eshitildi.

— Kresti qishlog‘idan, Brexunovlar, birodari aziz, — deb javob berdi Nikita. — Birpasga bu yoqqa qarang!

Deraza oldidan nari ketishdi, oradan ikki minutcha o‘tgach, dahliz eshigi g‘ichirlab ochildi, keyin tashqari eshikning lo‘kidoni shiqirladi, shundan keyin shamol ochib yubormasligi uchun bir qo‘li bilan eshikni ushlagan holda ohorli oq ko‘ilak, ustidan yelkasiga kalta po‘stin tashlagan novcha, oppoq soqolli chol eshikdan boshini chiqardi, uning ketidan esa, qizil ko‘ylak va charm etik kiygan bir yigit ko‘rindi.

— Andreich, senmisan? — dedi chol.

— Ha, adashib qoldik, birodar, — dedi Vasiliy Andreich, — Goryachkino qishlog‘iga bormoqchi edik, bu yerga kelib qolibmiz, yana o‘sha yoqqa yo‘l olgan edik, yana adashib bu yerga kelib qoldik.

— Toza adashibsizlar-ku, — dedi chol. — Petrushka, bor, darvozani och! — dedi u qizil ko‘ylakli yigitga qarab.

— Xo‘p bo‘ladi, — deb javob berdi yigit quvnoqlik bilan va dahlizga qarab yugurib ketdi.

— E, birodar, ovora bo‘lma, yotib qolmaymiz, — dedi Vasiliy Andreich.

— Bemahalda qayoqqa borasan, yotib qol!

— Jon deb yotib qolar edim-ku, ammo borish kerak. Zarur ish bor, birodar, bo‘lmaydi.

— Jilla qursa, choy ichib, isinib ol, — dedi chol.

— Isinib olish boshqa gap, — dedi Vasiliy Andreich, — qorong‘iga qolmaymiz, oy chiqsa, yorug‘ bo‘lib ketadi. Nima qilamiz, Nikita, kirib isinib olamizmi?

— Nima ham derdik, isinsak isinaveramiz-da, — dedi Nikita; u juda sovqotgan, biron issiq joyda yaxshilab isinib olishni juda xohlab turgan edi.

Vasiliy Andreich chol bilan birga uyga kirdi, Nikita esa otni Petrushka ochgan darvozadan yetaklab, uning ko‘rsatishiga muvofiq, saroyning bostirmasi ostiga olib bordi. Saroyda go‘ng uyulib, muzlab qolgan edi, shu sababli baland do‘g‘a tovuqlarning qo‘nog‘iga tegib ketdi. Qo‘noqdagi tovuqlar bilan xo‘roz norozilik bildirganday ququqlasha boshladi. Hurkib ketgan qo‘ylar muzlagan go‘ng ustida tuyoqlarini dukurlatib, bir chekkaga qochishdi, begona odam kelganini sezgan it esa, ham qo‘rqib, ham joni jahdi bilan unga qarab akillay boshladi.

Nikita ularning hammasi bilan gaplasha ketdi: tovuqlardan uzr so‘rab, endi bundan keyin sizlarni bezovta qilmayman, deb ularni tinchitdi, qo‘ylarni koyib, nega muncha qo‘rqasizlar, nimadan qo‘rqqaninglarni o‘zinglar bilmaysizlar, deb qo‘ydi; otni bog‘lay turib, itga ko‘p nasihat qildi.

— Ana, ishlar bunday bo‘pti, — dedi u ustidan qorlarni qoqar ekan. — Akillashingni qara-ya! — deb qo‘shib qo‘ydi va itga qarab. — Bas qil! Bas deyman senga ahmoq. O‘zingga jabr qilasan, xolos. Kelganlar o‘g‘ri emas, oshnalar…

— Bular, kitobda aytilishicha, uchta uy maslahatchilari, — dedi yigit tashqarida qolgan chanani kuchli qo‘li bilan bostirma ostiga tortib qo‘yar ekan.

— Maslahatchi deganing nimasi? — deb so‘radi Nikita.

— Pulson shunday deb yozgan-da: uyga o‘g‘ri kirsa it huradi — demak, g‘aflat bosmasin, ko‘zingni och, degani bo‘ladi. Xo‘roz qichqirdimi — demak turish kerak. Mushuk yuzini yuvsa — aziz mehmon keladi, degani bo‘ladi, demak uni kutishga tayyorgarlik ko‘rish kerak, — dedi yigit iljayib.

Petruxa xat-savodli yigit edi, u bisotida bo‘lgan bittayu bitta Paulsonning kitobini deyarli yod bilar va bugungidek bir oz ichib olgan paytlarida undagi ibratli so‘zlarni o‘rnida ishlatib qolishni yaxshi ko‘rar edi.

— Juda to‘g‘ri gap, — dedi Nikita.

— Amaki, rosa sovqotgandirsiz deyman-a? —deb qo‘shib qo‘ydi Petruxa.

— Ha, oz-moz, — dedi Nikita, so‘ng ular hovli, dahlizdan o‘tib, uyga kirdilar.

 

IV

Vasiliy Andreich kirib borgan uy qishloqdagi eng badavlat xonadonlardan biri edi. Oilaning besh chek yeri bo‘lib, bundan tashqari yana u chetdan ijaraga yer olib ekin ekar edi. Qo‘rg‘onda oltita ot, uch sigir, ikki g‘unajin, yigirmaga yaqin qo‘y bor edi. Bu xonadonda jami bo‘lib yigirma ikki jon: uylangan to‘rt o‘g‘il, olti nabira (bulardan uylangani faqat Petruxa edi), ikki chevara, uch yetimcha va to‘rt kelin bola-chaqalari bilan turar edi. Bu hali ajralmay yaxlitligicha qolgan kamdan-kam oilalardan biri edi; lekin bu uyda ham hamisha xotin-xalaj orasida boshlanadigan kishi bilmas, ichki janjal brshlangan ediki, bu janjal yaqin orada oilani albatta bo‘linishga olib kelishi turgan gap edi. Ikki o‘g‘il Moskvada meshkoblik qilardi, bir o‘g‘il askarlik xizmatida edi. Hozir uyda chol, kampir, ro‘zg‘or tebratadigan ikkinchi o‘g‘il, Moskvadan bayramga kelgan to‘ng‘ich o‘g‘il va butun xotin-xalaju bolalar, bulardan tashqari, yana bir mehmon— cholning qo‘shni oshnasi bor edi.

Uyda, stolning tepasida shipga osib qo‘yilgan qalpoqli lampa stol ustidagi chry idishlarini, ichida arog‘i bor shishani, ovqatlarni, uyning g‘isht devorlari bilan burchakdagi osig‘liq turgan ikonalarni va ularning ikki tomonidagi suratlarni ravshan yoritib turardi. Stol yonida, eng to‘rda qora kalta po‘stinida qolib, muzlagan mo‘ylovlarini so‘rgan holda, chaqchaygan, qirg‘iynikidek o‘tkir ko‘zlari bilan odamlarni va uyni ko‘zdan kechirib Vasiliy Andreich o‘tirardi. Vasiliy Andreichdan tashqari, stol atrofida xonaki oq surp ko‘ylak kiygan, boshi yaltiroq, oq soqol chol — uy egasi, uning yonida yupqa chit ko‘ylak kiygan, yelkador, baquvvat yigit — cholning Moskvadan hayitga kelgan o‘g‘li, uyda ro‘zg‘orga qaraydigan yana bir keng yag‘rinli o‘g‘li hamda qotmadan kelgan sariq mujik qo‘shnisi o‘tirar edi.

Mujiklar aroq ichishib, ovqat yeb bo‘lishgach, endi choy ichmoqchi bo‘lishganda, pechka oldidagi samovar ham shig‘illab qolgan edi. So‘rida va pech ustida yosh bolalar ko‘rinardi. Taxta karavot ustida bir ayol belanchak tebratib o‘tirardi. Yuzlarini, hatto lablarini ham qat-qat ajin bosgan kampir — uy bekasi, Vasiliy Andreichga mulozamat qilmoqda edi.

Nikita uyga kirib kelgan vaqtda kampir qalin stakanchaga aroq quyib, uni mehmonga tutayotgan edi.

— Aybga qo‘shmaysan, Vasiliy Andreich, ichmasang bo‘lmaydi, qutlash kerak, — dedi kampir. — Ichib yubor, azizim.

Aroqning hndi, ayniqsa hozir Nikita sovqotib va holdan toyib turgan paytda uni qattiq hayajonga soldi. U qovog‘ini solib, quloqchin va chakmonining qorini qoqdi-da, ikona qarshisida turib, go‘yo hech kimni ko‘rmagandek uch marta cho‘qindi va ikonalarga ta’zim qildi, keyin uy egasi — cholga qarab, avval unga ta’zim qildi, so‘ngra stol atrofida o‘tirganlarga, keyin pech oldida turgan xotinlarga qarab bir-bir ta’zim qilib chiqdi va: «Bayramingiz muborak», dedi-da, stol ustiga qaramay, chakmonini yecha boshladi.

— Amaki, rosa qirov bog‘labsan-ku, — dedi katta aka Nikitaning qorli yuz-ko‘zi va soqoliga qarab.

Nikita chakmonini yechib, uni yana bir marta qoqdi va pech yoniga ilib, stol oldiga keldi. Unga ham aroq tutishdi. U bir daqiqa ikkilanib qoldi: oz bo‘lmasa stakanni qo‘liga olib, yaxshi hid kelib turgan tiniq aroqni qult etib yutib yubormoqchi bo‘ldi-yu, lekin Vasiliy Andreichga qarab, ichgan qasami, sotib ichgan etigi, bochkasoz, ko‘klamda ot sotib olib bermoqchi bo‘lgan o‘g‘li esiga tushib, bir xo‘rsindi-da, stakanni olishdan bosh tortdi.

— Ichmayman, ko‘pdan-ko‘p rahmat, — dedi u qovog‘ini solib, keyin ikkinchi deraza oldida turgan kursiga borib o‘tirdi.

— Nega ichmaysan? — dedi katta aka.

— Ichmayman degandan keyin ichmayman-da, — dedi Nikita unga qaramay, siyrak mo‘ylovi va soqolidagi eriyotgan muzlarga ko‘z qirini tashlab.

— Unga to‘g‘ri kelmaydi, — dedi Vasiliy Andreich stakandagi aroqni ichgach, orqasidan teshikkulcha yeyaturib.

— Bo‘lmasa, choy ichgin, — dedi shirinso‘z kampir, — toza sovqotgan bo‘lsang kerak, onang girgitton. Hoy, xotinlar, samovaringlar muncha kechikib ketdi?

— Qaynadi, — deb javob qildi kichkina kelin va suvi toshib ketayotgan samovarning bug‘ini yelpib, uni zo‘rg‘a ko‘tarib keldi-da, do‘q etib stol ustiga qo‘ydi.

Bu orada Vasiliy Andreich qanday qilib yo‘ldan adashganliklarini, qanday qilib shu qishloqqa ikki marta kelib qolganliklarini, mastlarni uchratganliklarini so‘zlab berdi. Uy egalari hayron bo‘lishdi va qayerda, nima uchun adashganliklarini, ular uchratgan mastlarning kim ekanliklarini tushuntirishib, u yoqqa qanday borish kerakligini o‘rgatishdi.

— Bu yerdan Molchanovkani kichkina bola ham topib bora oladi, faqat katta yo‘ldan buriladigan joyni bilsa bas, o‘sha yerda butalar bor. Sizlar butalarga yetmasdan burilgansiz! — dedi qo‘shni.

— Yaxshisi, yotib qola qolinglar. Sizlarga joy solib berishadi, — deb mehribonlik qila boshladi kampir.

— Ertalab turib ketaverardinglar, ko‘ngildagidek ish bo‘lardi, — dedi chol kampirining gapini ma’qullab.

— Yo‘q, birodar, bo‘lmaydi, zarur ish bor! — dedi Vasiliy Andreich. — Bir soat vaqtni qo‘ldan boy bersang, keyin bir yilda ham qo‘lga kiritolmaysan, — deb qo‘shib qo‘ydi u o‘rmonni va uning savdosini buzishi mumkin bo‘lgan savdogarlarni xayolidan o‘tkazar ekan. — Qanday bo‘lsa ham yetib boramiz-a? — dedi u Nikitaga qarab.

Nikita hamon soqol-mo‘ylovlaridagi muzning erishiga mahliyo bo‘lib o‘tirganday anchagacha indamadi. Keyin:

— Yana adashib qolmasak edi, — dedi xafalik bilan. Nikita shuning uchun xafa ediki, uning juda aroq ichgisi kelgan va bu istakni faqat choy ichish bilan bosish mumkin edn-yu, ammo hali ham unga choy berishmagan edi.

— Burilishgacha yetib olsak bo‘ldi-da, keyin adashmaymiz; o‘rmon ichidan yurib manzilga yetib olamiz, — dedi Vasiliy Andreich.

— Ixtiyor o‘zingizda, Vasiliy Andreich; ketsak ketaveramiz, — dedi Nikita uzatilgan stakandagi choyni ola turib.

— Choyni ichib bo‘lib, jo‘naymiz.

Nikita indamay faqat boshini qimirlatib qo‘ydi va choyni talinkaga quyib, ko‘p ishlaganidan doim shishib yuradigan barmoqlarini bug‘da isita boshladi. Keyin qanddan bir tishlab, uy xo‘jalariga ta’zim qildi-da:

— Salomat bo‘linglar, — deb choyni ho‘plai boshladi.

— Bir odam burilishgacha kuzatib qo‘ysa, juda yaxshi bo‘lardi-ya, — dedi Vasiliy Andreich.

— Nega bo‘lmasin, bo‘ladi, — dedi katta o‘g‘il. — Petruxa chana qo‘shib burilishgacha kuzatib qo‘yadi.

— Bo‘lmasa borib qo‘shaver, og‘ayni, yaxshiligingni unutmayman.

— Qo‘y, unday dema, suxsurim! — dedi shirinso‘z kampir. — Biz astoydil xursandmiz.

— Petruxa, bor, biyani chanaga qo‘sh, — dedi katta aka.

— Xo‘p bo‘ladi, — dedi iljayib Petruxa va shu zahoti mixdan shapkasini olib, yugurgancha chana qo‘shgani ketdi.

Otlarni chanaga qo‘shib bo‘lguncha, ular Vasiliy Andreich deraza oldiga kelgan vaqtda bo‘linib qolgan suhbatga o‘tishdi. Chol oqsoqol qo‘shnisiga, hayitda unga hech narsa yubormay, xotiniga farang ro‘mol yuborgan uchinchi o‘g‘lidan shikoyat qilayotgan edi.

— Yoshlar kattalarning gapini mensimaydigan bo‘lib ketishyapti, — dedi chol.

— Mensimaslik ham gapmi, — dedi qo‘shni oshnasi, — hech yo‘lga solib bo‘lmay qoldi! Juda aqlli bo‘lib ketishganga o‘xshaydi. Anavi, Demochkinning o‘g‘li bor-ku, urib otasining qo‘lini sindiribdi. Bu ham aqli ko‘payib ketgandan bo‘lsa kerak-da.

Nikita ularning yuziga tikilib, gapga quloq solib o‘tirardi, aftidan, u ham suhbatga qo‘shilmoqchi edi-yu, lekin maza qilib choy ichayotgani uchun faqat ma’qullab, boshini qimirlatib qo‘ya qoldi. U stakanni tez-tez bo‘shatib turar ekan, tobrra isib, yayray boshladi. Suhbat ancha cho‘zildi, ular faqat bir narsa haqida, ya’ni oilaning bo‘linib ketishining zarari haqida gaplashishdi. Mazmuni, bu shunchaki umumiy gap emas, balki shu uydagi bo‘linishga, ya’ni shu yerda qovog‘ini solib, indamay o‘tirgan ikkinchi o‘g‘ilning ajralib chiqmoqchi bo‘layotganiga taalluqli gap edi. Bu chamasi, uydagilarning hammasining fikrini band qilgan eng nozik masala edi-yu, biroq ular odob yuzasidan begonalar huzurida o‘zlarining xususiy ishlarini muhokama qilishni to‘xtatib qo‘ygan edilar. Ammo oxiri chol chidayolmay yig‘lamsiragan ovozda: «Hozircha tirik ekanman, ajralishga ruxsat bermayman, xudoga shukur, uy-joyim to‘kis, ajratsam hamma narsa xonavayron bo‘ladi», — dedi.

— Mana, misol uchun Matveevlarni oling, — dedi qo‘shnisi, — maqtashga arziydigan haqiqiy xonadon edi, ajralishgach, hech kim hech narsaga ega bo‘lmay qoldi.

— Sen ham shunday bo‘lishni istayotgandirsan, — dedi chol o‘g‘liga qarab.

O‘g‘li hech nima demadi, oraga o‘ng‘aysiz jimlik cho‘kdi. Bu jimlikni allaqachon otni chanaga qo‘shib, bundan bir oz ilgari uyta kirib kelgan va gaplarni eshitib iljayib turgan Petruxa buzdi.

— Pulsonning kitobida ham xuddi shunaqa masal bor, — dedi u. — Otasi o‘g‘illariga bir bog‘ supurgi berib, sindiringlar, degan ekan, sindirisholmabdi, bittadan cho‘pini ajratishgan ekan, oppa-oson sinibdi. Bu ham xuddi shunga o‘xshaydi, — dedi u iljayib, Keyin: — Chanalar tayyor! — deb qo‘shib qo‘ydi.

— Tayyor bo‘lsa, jo‘naymiz, — dedi Vasiliy Andreich. — Bo‘linish masalasiga kelganda, otaxon, sira bo‘sh kelma. Mol-mulkni sen topgansan, sen xo‘jayinsan. Sudga ber. U qonun-qoidasini ko‘rsatadi.

— Shunday g‘ayirlik qiladi, shunday g‘ayirlik qiladiki, asti qo‘yaverasan, — dedi chol yig‘lamsiragan ovozda hamon o‘z dardini aytib, — qani endi uni sira gapga ko‘ndirib bo‘lsa. Xuddi shaytonga aylanib qolganga o‘xshaydi!

Bu orada Nikita besh stakan choy ichib, yana bir stakan bo‘lsa yo‘q demas edim, degan umidda stakanni to‘ntarib qo‘ymay, yotqizib qo‘ydi. Biroq samovarning suvi tamom bo‘lgani uchun beka unga choy quyib bermadi. Bundan tashqari, Vasiliy Andreich ham kiyimini kiyish uchun o‘rnidan turib qoldi. Nikita ham chor-nochor o‘rnidan turdi, qo‘lidagi har tomoni tishlangan bir bo‘lak qandni yana qanddonga qo‘yib, etagining bari bilan terlab ketgan yuzini artdi-da, chakmonini kiygani ketdi.

Chakmonini kiyib bo‘lgach, u og‘ir tin oldi, keyin uy egalariga minnatdorlik bildirib, ular bilan xayrlashdi-da, issiq, yorug‘ mehmonxonadan qop-qorong‘i, izg‘irin shamol guvillab urayotgan, eshigining tirqishidan qor kirayotgan dahlizga va u yerdan qop-qorong‘i hovliga chiqdi.

Po‘stin kiyib olgan Petruxa otini ushlab hovlining o‘rtasida turar va iljayib, Paulsonning kitobidan yod olgan she’rlarini o‘qirdi: «Bo‘ron, zulmat osmonni tutar, qor uchquni aylanar quyun; dam hayvonday bo‘kirib o‘tar, dam go‘dakdek yig‘loqi bir un».

Nikita uning aytganlarini ma’qullab boshini irg‘ar va tizginlarni to‘g‘rilar edi.

Chol Vasiliy Andreichni kuzatib, uning yo‘lini yoritish uchun dahlizga fonus ko‘tarib chiqqan edi, shamol shu zahoti uni o‘chirib qo‘ydi. Qorning bo‘ralashi kuchayib kstganpni hatto hovlida turib ham bilish mumkin edi.

«Obbo, havoning avzoyi buzilibdi-ku, — deb o‘yotadi Vasiliy Aidreich. — Yetib olish ham amri maholga o‘xshab qoldi, yo‘q, bormasam bo‘lmaydi, bu kechiktiradigan ish emas! Buning ustiga, o‘rnimdan turib qo‘ydim, xo‘jayin ham ot qo‘shtirib qo‘ydi. Xudo xohlasa, yetib boramiz!»

Uy egasi — chol ham ketmay yotib qola qolinglar deb, ancha yolvordi-yu, lekii Vasiliy Andreich uning gapiga unamadi. Shundan so‘ng chol ortiqcha qistamadi. «Ehtimol, men qarib qolganim uchun shunday qo‘rqoqlik qilayotgandirman, yetib borishsa ham ajab emas, — deb o‘yladi u. — Qayta vaqtida yotib uxlaymiz. Ortiqcha tashvishga ham qolmaymiz».

Petruxa esa xavf-xatar to‘g‘risida o‘ylamasdi ham chunki u yo‘lning butun past-balandliklarini besh barmog‘iday bilardi va bundan tashqari «Qor uchquni aylanar quyun» degan she’r xuddi tashqarida bo‘layotgan holatni ifodalayotgandek uni ruhlantirib yuborgan edi. Nikitaning bo‘lsa ketishga sira xohishi yo‘q edi-yu, lekin u ko‘pdan beri o‘z erkiga ega bo‘lmay, o‘zgalar xizmatini qilishga odatlanib qolgani uchun hech nima deyolmadi; shunday qilib, jo‘nab ketuvchilarni hech kim to‘xtatib qololmadi.

 

V

Vasiliy Andreich qorong‘ida chananing qayerda turganini yaxshi ko‘rmay, paypaslanib, arang oldiga keldi-da, unga o‘tirib, tizginni qo‘liga oldi va:

— Qani, yurdik! — deb qichqirdi.

Petruxa o‘rindig‘i yo‘q past chanaga cho‘kkalab turib olib, otining boshini qo‘yib yubordi. Oldida biya turganini sezib, hadeb kishnayotgan To‘riq biya yurib ketganini sezib, uning orqasidan intildi, ular ko‘chaga chiqishdi. Yana boyagi yo‘l, boyagi ko‘chadan ketishdi, muzlagan kirlar yoyig‘liq hovli oldidan o‘tishdi, ammo hozir kirlar ko‘rinmadi; yana o‘sha bostirma ko‘rindi, uni hozir deyarli tomigacha qor bosib ketgan edi, tomidan shuvillab qor tushib turardi; yana o‘sha hazin ovoz bilan g‘uvillab, hushtak chalayotgan va shamoldan egilayotgan tollar yonidan o‘tib, yana quyundek aylanayotgan qor dengiziga chiqdilar. Shamol shu qadar kuchli ediki, u yondan urgani uchun chanadagilar unga orqalarini o‘girib olganlarida, chanani yonga surib, otni chetga gandiraklatib yuborar edi. Petruxa yo‘rg‘a biyasini lo‘killatib, oldinda bardam qichqirib borardi. To‘riq esa biyaning ortidan intilardi.

Shu tariqa o‘n minutcha yo‘l yurgach, Petruxa orqasiga qarab bir nima deb qichqirdi. Vasiliy Andreich ham Nikita ham shamoldan uning nima deb qichqirganini eshitishmadi, ammo lekin faraz qilib, burilishga kelgan bo‘lsak kerak, deb o‘ylashdi. Haqiqatan ham Petruxa otni o‘ng tomonga burdi, shunda yondan urayotgan shamol yuzga ura boshladi, o‘ng tomonda, qor orasidan esa, bir nima qorayib ko‘rindi. Bu burilishdagi butalar edi.

— Xayr endi, xudo yor bo‘lsin!

— Rahmat, Petruxa!

— Bo‘ron, zulmat osmonni tutar! — deb qichqirdi Petruxa va ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

— Obbo, shoir-ey, — dedi Vasiliy Andreich va otga tizgin tegizib qo‘ydi.

— Ha, yaxshi yigit, haqiqiy mujik ekan, — dedi Nikita.

Shundan keyin ular o‘zlari ketaverishdi.

Nikita uyda choy ichib o‘tirganda ichiga kirgan issiqni chiqarib yubormaslikka harakat qilib, po‘stiniga burkangan va boshini yelkasiga qisgan holda jim borardi; u yelkasini qattiq qisib olganidan uning kalta soqoli bo‘yniga yopishib turardi. U oldinda to‘g‘ri yo‘lga o‘xshab ko‘rinib, uni aldayotgan chananing ikki shotisini, otning qimirlayotgan orqasi bilan shamol bir tomonga uchirayotgan tugug‘liq dumini va yana, undan ham oldinda, baland do‘g‘ani, otning tebranayotgan boshi va hilpirayotgan yolini ko‘rardi. Har zamonda uning ko‘ziga yo‘lning ikki chetidagi nishon qoziqlar ko‘rinib qolar, shu tufayli u yo‘ldan ketayotganliklarini bilardi. Demak, hozircha uning qiladigan ishi yo‘q edi.

Vasiliy Andreich otni o‘z ixtiyoriga qo‘yib borardi. Lekin To‘riq qishloqda dam olib olganiga qaramay, istar-istamas yo‘rtar, go‘yo yo‘ldan chiqib borayotganga o‘xshardi, shu sababdan Vasiliy Andreich uni bir necha marta yo‘lga solib qo‘ydi.

«Mana, o‘ng tomonda bitta qoziq, mana ikkinchisi, mana uchinchisi, — deb sanadi Vasiliy Andreich, — mana oldinda o‘rmon ham ko‘rinib qoldi», — deb o‘yladi u, oldida qorayib ko‘ringan bir nimaga tikilib. Ammo o‘rmonga o‘xshab ko‘ringan narsa faqat butalar ekan, xolos. Bu butalar ham orqada qoldi, keyin yana yigirma sarjincha yo‘l yurishdi — to‘rtinchi qoziq ham, o‘rmon ham ko‘rinmadi.

«Hozir o‘rmon kelishi kerak», — deb o‘yladi Vasiliy Andreich va aroq bilan choyning kayfidan dadillanib otni to‘xtatmay, aksincha, tizginni siltab, unga dalda berdi; shundan so‘ng itoatgo‘y jonivor ot garchi kerakli tomon qolib, butunlay boshqa tomonga haydayotganlarini bilib turgan bo‘lsa-da, egasiga bo‘ysunib, goh lo‘killab, goh yo‘rtib, haydayotgan tomonga qarab chopa boshladi. O‘n minutcha shu tariqa yo‘l yurishsa ham, ammo hamon o‘rmrn ko‘rinmasdi.

— Yana adashganga o‘xshaymiz-ku! — dedi Vasiliy Andreich otni to‘xtatib.

Nikita indamay chanadan tushdi-da, shamoldan goh tanasiga yopishib, goh qairilib va ustidan tushib ketayotgan chakmonini ushlab, yo‘l axtarib ketdi; u qor kechib avval bir tomonga, keyin ikkinchi tomonga bordi. Uch martacha butunlay ko‘zga ko‘rinmay ketdi. Nihoyat qaytib keldi-da, Vasiliy Andreichning qo‘lidan tizginni oldi.

— O‘ngga yurish kerak, — dedi u qat’iy ravishda otni burar ekan.

— Hay, o‘ngga bo‘lsa, o‘ngga-da, — dedi Vasiliy Andreich tizginni berib va sovqotgan qo‘llarini qo‘lqopga tiqib.

Nikita indamadi.

— Qani, oshnajon, bir kuchingni ko‘rsat! — deb qichqirdi u otga qarab; biroq ot tizgin silkitib qo‘yilganiga qaramay, bitta-bitta qadam tashlab borardi.

Qor ba’zi joylarda tizzadan kelardi, shuning uchun ot har qadam tashlaganda chana sapchib ketardi.

Nikita chananing oldida osilib turgan qamchini olib, otga bir qamchi urdi. Qamchi yeb o‘rganmagan tulpor bir snltanib yo‘rtib ketdi, ammo sal yurmay yana lo‘killab, qadamga o‘tdi. Shu tariqa besh minutcha yurishdi. Atrof shu qadar qorong‘i va qor shu qadar girdikapalak bo‘lib aylanar ediki, hatto ba’zan do‘g‘ani ham ko‘rib bo‘lmasdi. Ba’zan chana qimirlamay bir jovda turganga o‘xshar, dala orqaga ketayotgandek tuyulardi. Birdan ot oldinda bir narsani sezganday taqqa to‘xtab qoldi. Nikita tizginni qo‘yib, yana chanadan dik etib tushdi-da, nega to‘xtab qolganini bilish uchun otning oldiga o‘tdi; u otning oldiga o‘tib, endi bir qadam bosmoqchi bo‘lgan edi, tiyg‘anib, qandaydir jarlikka dumalab ketdi.

— Hay, hay, hay, — dedi u o‘ziga-o‘zi dumalab borar ekan, o‘zini to‘xtatishga harakat qilib; ammo bo‘lmadi, nihoyat, jarlikdagi qalin qorni oyog‘i bilan o‘yib kirib to‘xtadi.

Jar yoqasida osilib turgan qor uyumi Nikita yiqilishi bilan ko‘chib, uning ustiga ag‘darildi, shunda yoqasidan bo‘yniga qor tushdi…

— Hali shunaqamisan! — dedi Nikita o‘pkalagan ohangda qor uyumiga va jarga qarab, bo‘yniga tushgan qorlarni qoqa turib.

— Nikita, hoy Nikit! —deb qichqirdi Vasiliy Andreich tepadan turib.

Ammo Nikita ovoz bermadi.

Uning fursati yo‘q edi: u ustidagi qorlarni qoqib bo‘lib, jarga dumalagan vaqtida, qo‘lidan tushib ketgan qamchini axtarayotgan edi. Qamchini topgach, u dumalab tushgan joyidan yana qaytib chiqmoqchi bo‘lgan edi, ammo chiqishning iloji bo‘lmadi: hadeb orqasiga sirg‘anib ketaverdi; shuning uchun jar ichida yurib, tepaga chiqadigan joy qidirishga majbur bo‘ldi. Dumalab tushgan yeridan yetti-sakkiz qadamcha nari borib, emaklab arang tepalikka chiqib oldi-da, jar yoqasi bilan ot turgan joyga tomon yura boshladi. Ot bilan chana ko‘rinmasdi; biroq u shamolga qarshi borayotgani uchun ot bilan chanani ko‘rishdan oldin, Vasiliy Andreichning qichqirib, To‘riqning esa, kishnab uni chaqirgan ovozini eshitib qoldi.

— Kelyapman, kelyapman, muncha kishnaysan! — dedi u. Chananing xuddi oldiginasiga yetib kelgan paytdagina u otni va otning yonida turgan Vasiliy Andreichni ko‘rdi; Vasiliy Andreich juda bahaybat ko‘rinardi.

— Qaysi jahannamga yo‘qolib ketding? Orqaga yurish kerak. Grishkinoga qaytsak ham mayli, — dedi jahl bilan xo‘jayin Nikitaga.

— Jon deb qaytar edik-a, Vasiliy Andreich, lekin qayoqqa yuramiz? Bu yerda shunday chuqur jar bor ekanki, tushsang, sira ham chiqolmaysan. Men o‘shaqqa dumalab ketib, arang chiqib oldim.

— Xo‘sh, nima qilamiz, shu yerda turavermaymiz-ku? Axir bir yoqqa ketishimiz kerak-da, — dedi Vasiliy Andreich.

Nikita hech nima deb javob qaytarmadi. U shamolga orqasini o‘girib, chanaga o‘tirdi-da, etiklarini yechib, ichiga tushgan qorlarni qoqib tashladi va poxol olib, uni chap etigining ichidan teshigiga yaxshilab tiqib qo‘ydi.

Vasiliy Andreich butun ixtiyorini Nikitaga topshirgandek jim o‘tirardi. Nikita etiklarini kiyib bo‘lgach, oyoqlarini chanaga oldi, yana qo‘lqopini kiyib, tizginni qo‘liga ushladi-da, otni jar yoqasidan burib hayday boshladi. Lekin yana yuz qadam yurar-yurmas, ot oyog‘ini tirab turib oldi. U yana jarlik yoqasiga kelib qolgan edi.

Nikita yana chanadan tushib, yana qor kechib ketdi. U uzoq yurdi. Nihoyat ketgan tomonining qarshisidan kelib qoldi.

— Andreich, bormisiz? — deb qichqirdi u.

— Borman! — deya ovoz berdi Vasiliy Andreich. — Xo‘sh, qalay?

— Hech bilib bo‘lmayapti. Qorong‘i, qandaydir jarliklar bor. Yana shamolga qarshi yurish kerakka o‘xshaydi.

Yana yurishdi, Nikita yana qor kechib yo‘l axtargani ketdi. Yana chanaga o‘tirdi, yana tushib, qor kechib ketdi va nihoyat, halloslab chana oldiga kelib to‘xtadi.

— Xo‘sh, qalay? — deb so‘radi Vasiliy Andreich.

— Nima bo‘lardi, juda charchadim! Ot ham yurmayapti.

— Xo‘sh, endi nima qilish kerak?

— Qani, yana birpas tura turing-chi. Nikita yana ketdi va tezda qaytib keldi.

— Orqamdan yur, — dedi u otga, oldidan kelib. Vasiliy Andreich endi hech nima deb buyruq bermas, balki Nikita nima desa, itoatkorlik bilan shuni qilar edi.

— Yur, orqamdan! — deb qichqirdi Nikita, otning jilovidan ushlab va tezlik bilan o‘ng tomonga siljib; u otni qayoqqadir pastlikdagi qor uyumiga yetakladi.

Ot oldiniga oyog‘ini tirab turib oldi, ammo keyin qor uyumidan sakrab o‘tmoqchi bo‘lib bir intilgan edi, kuchi kelmay bo‘yinchasiga qadar qorga botib qoldi.

— Chanadan tushing! — deb qichqirdi Nikita hamon miq etmay o‘tirgan Vasiliy Andreichga; keyin otning yoniga kelib shotining bir yog‘idan ushlab torta boshladi. — Qiyin bo‘ldi, og‘ayni, — dedi u To‘riqqa qarab, — ammo sira iloji yo‘q, bir zo‘r bermasang bo‘lmaydi! Ha, ha, yana oz-moz! — deb qichqirdi u.

Ot bir talpindi, ikki talpindi, lekin baribir chiqolmadi, go‘yo biron chora o‘ylayotgandek yana jim turib qoldi.

— Nima bo‘ldi, og‘ayni, maza yo‘q-ku, — deb sazo bera boshladi Nikita To‘riqqa. — Qani, yana bir zo‘r ber-chi!

Shunday deb Nikita yana o‘z tomonidagi shotidan torta boshladi; Vasiliy Andreich esa, ikkinchi shotini tortishga kirishdi. Ot boshini bir siltab, birdan bor kuchi bilan talpina boshladi.

— Ha! Chu! Chiqib ketding! — deb qichqirdi Nikita. Ot bir sakradi, ikkinchi, uchinchi marta sakradi va, nihoyat, qor ichidan chiqdi-da, to‘xtab og‘ir nafas olib silkindi. Nikita otni yetaklab ketavermrqchi bo‘lgan edi, lekin Vasiliy Andreich ikkita po‘stinda juda halloslab qolganidan yura olmay, o‘zini chanaga tashladi.

— To‘xta, birpas nafasni rostlab olay, — dedi u, qishloqda po‘stinining yoqasini bog‘lab olgan ro‘molchasini bo‘shata turib.

— Bu yog‘i uncha xavfli emas, siz yotavering, — dedi Nikita, — men asta yetaklab ketaveraman, — shunday deb u otni jilovidan ushlab, o‘n qadamcha pastlab bordi, keyin sal yuqorilikka qarab yurdi-da, to‘xtadi.

Nikita otni to‘xtatgan joy shamol tepaliklardan qorni uchirib kelib birpasda ularni butunlay qor bilan ko‘mib tashlaydigan pastqam yer emasdi, lekin har holda jarlikning yoqasi u joyni qisman shamoldan to‘sib turardi. Bir necha daqiqa shamol pasaytandek bo‘ldi, ammo bu uzoqqa cho‘zilmadi va go‘yo shu bir oz dam olib olganining hissasini chiqarmoqchi bo‘lgandek o‘n baravar kuch bilan yanada dahshatliroq bo‘ron esib, qorlarni chirpirak qila boshladi. Shamolning bunday quturishi Vasiliy Andreich nafasini rostlab bo‘lgach, chanadan tushib, endi nima qilamiz, deb maslahatlashmoq uchun Nikitaning oldiga kelgan paytga to‘g‘ri keldi. Ikkovi beixtiyor engashib qoldi-yu, shamolning dahshatli ovozi pasaymaguncha gaplashmadi. To‘riq ham norozi bo‘lgandek quloqlarini chimirib, boshini silkib qo‘ydi. Shamol bir oz pasaygach, Nikita qo‘lqoplarini yechib, ularni belbog‘iga qistirdi-da, qo‘llariga kuhlab, do‘g‘aning qayishini yecha boshladi.

— Nima qilyapsan? — deb so‘radi Vasiliy Andreich.

— Otni chanadan chiqaryapman, boshqa nima qilardim? Madorim qolmadi, — dedi Nikita kechirim so‘rayotgandek.

— Axir biron yoqqa yurmaymizmi?

— Yurmaymiz, faqat otni qiynaymiz, xolos. Axir bu jonivor o‘lardek charchadi-ku, — dedi Nikita, bo‘ynini egib har narsaga tayyorligini bildirib turgan va ikki biqini terlab, ogir nafas olayotgan otni ko‘rsatib. — Tunash kerak, — deb qo‘shib qo‘ydi u go‘yo karvonsaroyga kelib qolgandek, so‘ng chilvirni yecha boshladi.

Do‘g‘a bo‘shab ketdi.

— Sovqotib o‘lmaymizmi? — dedi Vasiliy Andreich, — Iloj qancha? O‘lsak o‘laveramiz — qochib qutulolmaymiz, — dedi Nikita.

 

VI

Vasiliy Andreich ikkita po‘stinda bo‘lgani uchun, ayniqsa, ot qorga botib qolganda chananing bir yoq shotisidan tortishgandan keyin juda isib ketgan edi; ammo haqiqatan shu yerda tunab qolish kerakligini tushungach, uning badaniga muz yugurganday bo‘ldi. U o‘zini tinchitish uchun chanaga o‘tirib yonidan papiros bilan gugurt ola boshladi.

Bu orada Nikita otni chanadan chiqaraverdi. U otning qorinbog‘ini, ayilini, tizginini, bo‘yincha bog‘ini yechdi, do‘g‘ani chiqardi va otga dalda berish uchun unga gapira ketdi:

— Qani, chiq, bo‘l tez, — dedi u otni shotidan chiqara turib. — Mana seni shu yerga bog‘lab qo‘yamiz. Og‘zingdan so‘lig‘ingni olib, oldingga poxol tashlayman, — dedi u aytgan gaplarini qilib. — Ovqatlanib olganingdan keyin ancha yayrab qolasan.

Aftidan, Nikitaning so‘zlari To‘riqqa ta’sir qil-madi shekilli, u tinchlanmay, bezovta bo‘laverdi: dam u oyog‘ini bosib, dam bu oyog‘ini bosib, shamolga orqasini o‘girib, chanaga tiqilaverdi va Nikitaning yengiga boshini ishqalayverdi.

To‘riq Nikita poxol bilan siylagani uchun go‘yo faqat uning ra’yini qaytarmaslikka harakat qilganday, chananing to‘sqichiga qo‘yilgan poxoldan bir tutam tortib oldi-da, keyin go‘yo shu paytda tomoqdan ovqat o‘tadimi degandek, uni yana tashlagan edi, shamol bir lahzada uni uchirib ketib, qorga ko‘mib tashladi.

— Endi belgi qilib qo‘yamiz, — dedi Nikita chananing oldini shamolga qilib; so‘ngra ikkala shotini ayil bilan bog‘lab, uni laylak qilib ko‘tardi-da, chananing old tomoniga tortib qo‘ydi. — Mana, endi bizni qor ko‘mib ketsa, yaxshi odamlar shotini ko‘rib, bizni qor tagidan kavlab olishadi, — dedi Nikita qo‘lqoplarini bir-biriga urib, qo‘liga kiyar ekan. — Qariyalar ana shunday deb o‘rgatishgan.

Vasiliy Andreich bu vaqt orasida po‘stinining bariga burkanib olib, tinmay gugurt chaqishga harakat qilardi-yu, ammo sira yondirolmasdi; uning qo‘llari qaltirar va gugurt yo chirt etib yongan zahoti, yo bo‘lmasa uni endi papiros oldiga olib kelgan vaqtda o‘chib qolardi. Axiri bir gugurt oxirigacha yonib bir lahzagina po‘stinining mo‘ynasini, bukilib turgan ko‘rsatkich barmog‘iga oltin uzuk taqilgan qo‘lini va sholcha ostidan chiqib turgan suli poxolini yoritgan edi, u papirosini tutatib oldi. Papirosni ikki marta cho‘zib-cho‘zib tortib, tutunini ichiga yutib, mo‘ylovlari orasidan chiqardi, keyin yana tortmoqchi bo‘lgan edi, shamol olovni tamaki-pamakisi bilan birga poxolni uchirib ketgan tomonga uchirib ketdi. Ana shu bir-ikki yutim tamaki tutuni ham Vasiliy Andreichga yaxshigina kayf berdi.

— Tunasak tunab qolaveramiz-da! —dedi u qat’iy ravishda. — To‘xtab tur, men bayroqcha ham qilaman.

Shunday deb u, yoqasidan yechib chanaga tashlagan ro‘molchasini oldi, keyin qo‘lqoplarini yechib, chananing old tomoniga keldi-da, bo‘ynini cho‘zib, shoti oldidagi ayilga ro‘molchani chandib bog‘ladi. Shamol shu zahoti ro‘molchani goh shotiga yopishtirib, goh birdan yulqib, dardarak qilib uchira boshladi.

— Qara, ish degan bunday bo‘pti! — dedi Vasiliy Andreich o‘z ishidan zavqlalib va chanaga o‘tirayotib. — Ikki kishi o‘tirsa issiq bo‘lardi-yu, biroq ikkalamiz sig‘maymiz-da, — dedi u yana.

— Men joy topaman, — deb javob berdi Nikita, — ammo otning ustini yopib qo‘yish kerak, terlab ketdi, jonivor. Mana buni qo‘yvoring, — deb qo‘shib qo‘vdi u, chananing oldiga kelib va Vasiliy Andreichning ostidan sholchani tortib.

Sholchani olgach, ikki bukladi-da, avval quyushqonni, so‘ngra esa egarni olib, uni otning ustiga yopdi.

— Harna senga issiq bo‘ladi, tentak, — dedi u yana sholcha ustida otga egar va quyushqon ura turib. — Sizga olacha kerak emasdir-a? Menga poxoldan ham bering, — dedi Nikita u ishni qilib bo‘lgach, yana chananing oldiga kelib.

Nikita Vasiliy Andreichning tagidan olacha bilan poxolni olib, chananing orqasiga o‘tdi, u yerda o‘ziga qordan chuqurcha yasadi, uning ichiga poxol to‘shadi, quloqchinini bostirib kiyib, chakmoniga o‘ralib oldi-da, ustidan olachani yopinib, poxol ustiga o‘tirdi va chananing orqa taxtasiga yonboshladi; bu joy uni shamol va qordan to‘sib turardi.

Vasiliy Andreich Nikitaning qilgan ishini aybsitib, boshini qimirlatib qo‘ydi; umuman u mujiklarning o‘qimaganliklarini va nodonliklarini xush ko‘rmasdi; shundan so‘ng yotishga tayyorlik ko‘ra boshladi.

U chanada qolgan poxolni tekislab biqini ostini qalinroq qildi-da, qo‘llarini yengiga tiqib, chananing old burchagiga boshini qo‘ydi; bu yer uni shamoldan to‘sib turar edi.

Uning uyqusi kelmasdi. U yotib o‘ylay boshladi: o‘ylaganda ham faqat bir narsa haqida, hayotining birdan-bir maqsadi, ma’nosi, quvonchi va g‘ururi deb bilgan-narsasi, qancha mol-dunyo orttirgani va yana qancha pul orttirishi mumkinligi, u taniydigan boshqa kishilarning qancha davlati-yu, puli borligi, ular bu mol-dunyoni qanday orttirganliklari hamda orttirayotganliklari, u ham o‘shalar singari qanday qilib yana ko‘p pul orttirishi mumkinligi haqida o‘yladi. Goryachkino o‘rmonini sotib olish juda katta foydani qo‘lga kiritish degan so‘z edi. U, bu o‘rmonni sotib olsa, birdaniga o‘n ming so‘m foyda qilishiga imoni komil edi. Shuning uchun ham u kuzda borib ko‘rgani va ikki botmon yerdagi daraxtlarni sanab chiqqani — o‘rmonni xayolida xomcho‘t qilib baholay brshladi.

«Emanlar chananing qo‘shqoraklariga ketadi. Xodalari o‘z-o‘zidan ma’lumki, imoratga ishlatiladi. Bundan tashqari, bir botmon yerdan bemalol o‘ttiz sarjin o‘tin chiqadi, — dedi u o‘ziga-o‘zi. — Har bir botmondan kam deganda ikki yuz yigirma besh so‘m foyda qoladi. Ellik olti botmon, ellik olti joyda yuz so‘mlik va yana ellik olti joyda yuz so‘mlik, bunda qo‘shamiz ellik olti joyda o‘n so‘mlik va yana ellik olti joyda o‘n so‘mlikni, keyin ellik olti joyda besh so‘mlik». U hisoblab ko‘rgan edi, o‘n ikki ming so‘mdan ortib ketdi, lekin cho‘t bo‘lmagani uchun aniq qancha ekanini bilolmadi. «Harqalay, o‘n ming so‘m bermayman, daraxti yo‘q, ochiq joylarni chiqarib tashlab sakkiz ming so‘m beraman. Tanobchining tomog‘ini yog‘layman, unga yuz so‘m yo bo‘lmasa yuz ellik so‘m beraman, u menga besh botmon ochiq joyni o‘lchab beradi. Shunda sakkiz mingga ham ko‘nib qoladi. Uch mingni shu zahoti qo‘liga tutqizaman. O‘ldimi, ko‘ngli yumshab qolar, — deb o‘yladi u tirsagi bilan cho‘ntagidagi hamyonini paypaslab ko‘rarkan. — Burilishdan qanday qilib adashganimizga hech aqlim yetmay qoldi! O‘rmon bilan qorovulxona shu orada bo‘lishi kerak edi. Loaqal itlar hursa-chi. U la’natilar ham kerak vaqtida hurishmaydi». U po‘stinining yoqasini qayirib, atrofga quloq sola boshladi; hamon o‘sha shamolning hushtak chalishi-yu, shotidagi ro‘molchaning partillashi va chananing oldidagi to‘sqichiga qorning urilishi eshitilardi, xolos. U yana quloqlarini berkitib oldi.

«Bilganimizda yotib qolardik. Hay, mayli, baribir, ertaga yetib boramiz. Faqat bir kun bekor ketadi. Bunday havoda ular ham borishmaydi». Keyin u sotgan ho‘kizlari uchun to‘qqizinchida qassobdan pul olishi kerakligini eslab qoldi. «Uyga o‘zi kelmoqchi edi; men uyda yo‘q bo‘laman — xotinim pulni olib qololmaydi. Juda uquvsiz xotin-da. Durustroq muomala qilishni ham bilmaydi», — deb o‘ylashda davom etdi u, kecha bayramda unikida mehmon bo‘lgan stanovoyga yaxshiroq mulozamat qilmaganini eslab. «Nima qilsa ham xotin-da! U nimani ko‘ribdi? Ota-onam bor vaqtida uyimiz qanaqa edi? Shunchaki qishloqning o‘ziga to‘q mujiklaridan hisoblanardik, xolos: objuvoz bilan karvonsaroydan bo‘lak hech qanaqa mol-mulkimiz yo‘q edi. Xo‘sh, o‘n besh yil ichida men nimalar qildim? Bir do‘kon, ikki qovoqxona, bir tegirmon, bir g‘alla ombori, ijaraga qo‘yilgan ikkita qo‘rg‘on, tunuka tomli, tagi podvalli dang‘illama uy qurdim, — deb esladi u mag‘rurlanib. — Otamning vaqtidagi uylar uymidi! Hozir okrugda dong‘i ketgan kim? Brexunov.

Nima uchun shunday? Shuning uchunki, ishning ko‘zini bilaman, boshqalarga o‘xshab cho‘zilib yotmayman, nojo‘ya ishlar qilmayman, tinim bilmayman. Kechalari uxlamayman. Qor, yomg‘ir demay yuraveraman. Shunday qilib ish bitiraman. Ular, shunchaki o‘zidan-o‘zi pul kelaveradi, deb o‘ylashadi. Yo‘q, birodar, sen zahmat chek, boshingni qotir, mana shunga o‘xshab ochiq dalada tunab qol-da, tuni bilan mijja qoqmay chiq, maqsadingga yetmaguningcha tnnchima, — deb o‘yladi mag‘rurlanib. — Boy bo‘lish baxtga qaraydi, deb o‘ylashadi. Ana Mironovlar hozir millionchi bo‘lishdi. Xo‘sh, sabab? Sababi mehnat qilsang, xudo beradi. Faqat xudo tani sog‘lik bersa bas».

Mironov arzimagan dastmoya bilan millionchi bo‘lib ketdi, shu sababli men ham Mironovga o‘xshab millionchi bo‘lib ketishim mumkin, degan fikr Vasiliy Andreichni g‘oyatda hayajonlantirib yubordi-yu, shu payt uning biron kishi bilan juda gaplashgisi kelib ketdi. Biroq gaplashadigan kishi yo‘q edi… Goryachkinoga yetib borganda-ku, pomeshchik bilan gaplashib, rosa uni laqillatardi-ya.

«Uh, shamolning shashtini qara-ya! Bu ahvolda ertalabgacha qorning tagida qolib ketmasak deyman!» — deb o‘yladi u, shamolning g‘uvillashiga quloq solib; shamol chananing oldidagi to‘sqichiga urilib, uni sal mayishtirar va qorlarni taxtaga olib kelib urardi. Vasiliy Andreich sal qo‘zg‘alib, yon-veriga qaradi, oq qorlar jimirlab uchayotgan qorong‘ilikda faqat To‘riqning boshi, hilpirab uchib turgan sholcha yopig‘liq sag‘risi va tugig‘liq qalin dumi qorayib ko‘rinardi; boshqa hamma yoq bir xilda oq qorlar jimirlab turgan qorong‘ilikdan iborat edi; bu jimirlab turgan qorong‘ilik ba’zan sal-pal yorug‘lashib, ba’zan esa, yanada battar qorong‘ilashib ketayotganga o‘xshardi.

«Men bekor Nikitaning gapiga kirdim, — deb o‘yladi u. — Ketaverish kerak edi, axir bir yerdan chiqar-edik. Loaqal Grishkinoga qaytsak ham mayli edi, Tarasnikida tunar edik. Mana endi tong otguncha o‘tirib chiqish kerak. Shundayam bema’ni ish bo‘larmi? Xudo harakat qilganga beradi-da, dangasa, ishyoqmas, ahmoqlarga nima ham berardi. Bir papiros chekmasam bo‘lmai qoldi!» U o‘tirib, cho‘ntagidan papiros qutisini oldi, shamol olovni o‘chirmasin uchun boshini po‘stinining bariga burkab, qorni bilan yotdi, lekin shamol yo‘l topib, birin-ketin gugurtni o‘chiraverdi. Nihoyat bir amallab gugurtni yoqdi-da, papirosni tutatib oldi. U o‘ylagan ishini qilganidan juda xursand bo‘ldi. Garchi papirosni undan ko‘ra shamol ko‘proq tortib ketgan bo‘lsa-da, har holda uch marta ichiga tutun yutib qolganidan yana dimog‘i chog‘ bo‘la boshladi. U yana chanaga yonboshlab, burkanib oldi, yana xayolga cho‘mib, o‘ylay ketdi-yu, bexosdan, sira kutilmaganda hushini yo‘qotib, uxlab qoldi.

To‘satdan uni xuddi bir narsa qattiq turtgandek bo‘ldi-yu, uyg‘otib yubordi. To‘riq uning tagidan poxol tortib oldimi yoki o‘zining ichidan bir narsa qattiq, turtib yubordimi — ishqilib, u uig‘onib ketdi; yuragi dukillab qattiq va tez-tez ura boshlaganidan nazarida ostidagi chana ham qimirlab ketayotgandek tuyuldi. U ko‘zlarini ochdi. Atrofiga qaragan edi, boyagi-boyagi ahvolni ko‘rdi, faqat havo sal yorishgandek sezildi. «Tong yorishayotganga o‘xshaydi, — deb o‘yladi u, — hademay tong ham otib qolsa kerak». Keyin shu zahoti aqli hushini yig‘ib olib, oy chiqqani uchun havo sal yorishganini bildi. U o‘rnidan qo‘zg‘alib, otga qaradi. Ot hamon shamolga orqasini o‘girib, qaltirab turardi. Usti qrr bo‘lib yotgan sholchaning bir yoq tomonini shamol qayirib tashlagan, quyushqon biqiniga og‘ib ketgan edi; otning qor bilan qoplangan boshi, hilpirab turgan peshona yoli va bo‘yin yollari endi aniqroq ko‘rinardi. Vasiliy Andreich engashib, chananing orqa tomoniga qaradi. Nikita hamon o‘sha o‘tirganicha holatini o‘zgartirmay o‘tirardi. Ustiga yopib olgan olachasini va oyoqlarini qalin qor bosib ketgan edi. «Tag‘in sovuqda qotib qolmasin mujik, ust-boshi yupun edi. Yana uning uchun javobgar bo‘lib o‘tirmay. Ko‘p bema’ni xalq-da. G‘irt nodon», — deb o‘yladi Vasiliy Andreich va otning ustidan sholchani olib, uning ustiga yopib qo‘ymoqchi bo‘ldi-yu, ammo sovuqda turishdan va qimirlashdan erinib, qolaversa otning qotib qolishidan qo‘rqib, indamay yotaverdi. «Nega uni olib keldim? Hammasi xotinimning ahmoqchiligidan bo‘ldi!» — deb o‘yladi Vasiliy Andreich shumshuk xotinini eslab. Keyin yana avvalgi joyiga, chananing oldiga yonboshlab oldi. «Bir kun amakim ham xuddi shunga o‘xshab tuni bilan qorda o‘tirib chiqqan ekan, — deb esladi u, — hech nima qilmabdi. Ha, aytmoqchi, Sevastyanni qor tagidan kavlab olishdi-ku, — shu onda uning ko‘z oldiga boshqa bir voqea kelib to‘xtadi, — u o‘lib, xuddi muzlagan go‘shtdek qotib qolgan edi.

«Grishkinoda yotib qolganimda-ku, hech gap yo‘q edi-ya». Shu xayollardan keyin u, hech yerimdan sovuq kirmasin, po‘stin tanamning hamma yog‘ini isitib tursin, deb bo‘ynini, tizzalarini va oyoqlarini yaxshilab o‘rab olgach, yana uxlamoqchi bo‘lib ko‘zlarini yumdi. Ammo endi uxlashga qancha harakat qilmasin, baribir sira uyqusi kelmadi, balki aksincha o‘zini tetik va bardam his qilaverdi. Yana u qiladigan foydalarini, odamlardagi qarzlarini hisoblay boshladi, tag‘in o‘ziga-o‘zi maqtanib, o‘zidan va o‘zining mavqeidan behad xursand bo‘la boshladi — biroq endi bu xursandchiligi nega Grishkinoda yotib qola qolmadim, degan yashirin qo‘rquv va alamli fikr bilan doim bo‘linib turdi. «Karavotda issiqqina yotganim ming marta yaxshi emasmidi?» U bir necha marta u yonboshidan-bu yonboshiga ag‘darildi, uncha shamol urmaydigan durustroq, qulayroq joyni axtarishga urinib, u yoq-bu yog‘iga surinib ko‘rdi, ammo sira o‘rnasholmadi; u yana qo‘zg‘alib, holatini o‘zgartirdi, oyoqlarini o‘rab, yuz-ko‘zlarini berkitdi-da, jim yotdi. Lekin qattiq valenka ichida oyoqlarining panjalari bukilib og‘riy boshlaganidanmi yoki biron joyidan shamol urganidanmi, har holda u ko‘p yotolmay, attang, Grishkinoda qolganimda, hozir issiq uyda tinchgina yotgan bo‘lardim, degan xayol bilan yana o‘zidan xafa bo‘lib, o‘rnidan turdi, yana u yonboshidan-bu yonboshiga ag‘darildi, o‘ranib olib, yana yotdi.

Bir vaqt Vasiliy Andreichga uzoqda xo‘rozlarning qichqirgan ovozi eshitilgandek bo‘ldi. U quvonib ketdi, yoqasini qayirib, diqqat bilan quloq sola boshladi; biroq qancha qulog‘ini ding qilmasin, baribir shamolning shotiga urilib hushtak chalishi, ro‘molchaning dardarak bo‘lib hilpirashi va qorning chana to‘sqichiga chirtillab urilishidan bo‘lak ovoz eshitilmadi.

Nikita kechqurun qanday o‘tirib olgan bo‘lsa, hali ham qimirlamay xuddi shunday o‘tirardi, hatto Vasiliy Andreich uni ikki marta chaqirganda ham javob bermadi. «Uning parvoyi falak, uxlab qolganga o‘xshaydi», — deb o‘yladi Vasiliy Andreich ensasi qotib va ustiga qalin qor yoqqan Nikitaga chananing orqasidan qarab.

Shunday qilib, Vasiliy Andreich yigirma marta o‘rnidan turib, yigirma marta yotdi. Nazarida bu tunning oxiri bo‘lmaydigandek tuyuldi. «Endi tong otishiga oz qolgan bo‘lsa kerak, — deb o‘yladi u bir vaqt o‘rnidan turib va atrofiga qarab. — Qani, soatga bir qaray-chi. Po‘stinni ochsam sovqotaman-da. Mayli, tong otishga yaqin qolganini bilsam, ancha ko‘ngil ko‘tariladi. Otni chanaga qo‘sha boshlaymiz». Vasiliy Andreich: ko‘nglining chuqur joyida hali-veri tong otmasligini bilib tursa ham yuragiga tobora ko‘proq g‘ulg‘ula tusha boshlaganidan, bu hisni yengmoq uchun u ayni bir vaqtda ham soatini ko‘rmoqchi, ham o‘zini aldamoqchi bo‘ldi. U kalta po‘stinining ilgagini asta chiqarib va qo‘lini qo‘ltig‘iga tiqib nimchasiga yetguncha ancha timirskilandi. Oxiri yonidan gullari emalda qilingan kumush soatini olib, unga qaray boshladi. Qorong‘ida hech nimani ko‘rib bo‘lmadi. U yana papiros chekkanda qilganidek mukka tushib, tirsaklari va tizzalariga tayanib yotdi-da, gugurt olib, yoqa boshladi. Bu safar u ishni puxta qildi, barmoqlari bilan boshi katta bir gugurtni tanlab oldi-da, bir chertishdayoq uni yondirdi. Soatning tsiferblatini yoruqqa tutib ko‘rdi-yu, o‘z ko‘zlariga ishonmay qoldi… Endi o‘n ikkidan o‘n minut o‘tgan edi. Hali butun tun oldinda edi.

«Oh, bu kecha qanday uzun!» — deb o‘yladi Vasiliy Andreich, tanasiga muz yugurganini sezib; keyin yana po‘stinining ilgaklarini solib, boshini burkab oldi-da, sabr bilan tong ottirmoqchi bo‘lib, chananing burchagiga yonboshladi. Birdan uning qulog‘iga bir xilda g‘uvillayotan shamol aralash qandaydir yangi, dahshatli ovoz eshitildi. Bu ovoz tobora avjiga chiqib, yana asta-sekin pasaya boshladi. Bu bo‘rining ovozi ekanligiga hech qanday shubha qilmadi. Bo‘ri shu yaqin orada uvlayotganidan u shamolda, jag‘ini qimirlatib, ovozini o‘zgartirayotgani aniq sezilib turardi. Vasiliy Andreich yoqasini qayirib tashlab, diqqat bilan quloq srla boshladi. Ot ham quloqlarini ding qilib eshitib turardi, bo‘rining ovozi o‘chgach, u og‘irligini boshqa yog‘iga solib, asta pishqirib qo‘ydi. Shundan keyin Vasiliy Andreich uxlash u yoqda tursin, butunlay tinchini yo‘qotib qo‘ydi. U o‘zining maqsadlari, ishlari va shuhrati, mavqei, boyligi to‘g‘risida o‘ylashga harakat qilgan sari uning ko‘nglini tobora ko‘proq vahima bosaverdi, pirovardida, nega Grishkinoda tunab qolmadim, degan fikr hamma fikrlardan ustun kelib, hamma fikrlariga aralashib ketdi.

«O‘rmoni ham qursin, usiz ham ishim joyida edi. Eh, attang, yotib qolsam bo‘lar ekan-a! — dedi u o‘ziga-o‘zi. — Mastlar sovuqda qotib qoladi, deyishardi, — deb o‘yladi u, — Aroq ichgan edim-a». Shundan keyin u jim bo‘lib, sezgilariga quloq solib ko‘rgan edi, qaltirayotganini bildi, ammo nimadan qaltirayotganini — sovuqdanmi yoki qo‘rquvdanmi — o‘zi ham bilmadi. U boshini burkab, avvalgidek yonboshlab yotmoqchi bo‘lgan edi, biroq endi sira yotolmadi. Uning bir joyda yotgisi kelmay qoldi, u ichidan qo‘zg‘alib kelayotgan va unga qarshi turishga ojizlik qilayotgan vahimani bosish uchun o‘rnidan turib biror chora topishni istardi. U yana cho‘ntagidan papiros bilan gugurt oldi, lekin faqat uch dona gugurt cho‘pi qolgandi, xolos, ular ham eng ishdan chiqqanlari edi. Uchalovi ham pov etdi-yu, yonmay o‘chib qoldi.

«E, rasvo, jin ursin sen la’natini!» — deb so‘kindi u, kimni so‘kkanini o‘zi ham bilmay, keyin mijg‘ilangan papirosni uloqtirib yubordi. U gugurt qutisini ham uloqtirmoqchi edi-yu, lekin qo‘lini to‘xtatib, uni cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Uning bezovtaligi rshib, yuragi shu qadar hovliqa boshladiki, sira bir joyda o‘tirgisi kelmay qoldi. U chanadan tushdi-da, shamolga orqasini o‘girib, qaytadan belini belbog‘i bilan yaxshilab bog‘lay boshladi.

«Nima qilib yotibman, o‘lishimni kutyapmanmi? Otga minib jo‘nab qolish kerak, — birdan uning miyasiga ana shu fikr keldi. — Salt minganda ot to‘xtamaydi, ketaveradi. U bo‘lsa, — deb o‘yladi u Nikitani, — baribir o‘ladi. Uning hayoti hayot bo‘ldimi! U o‘lib ketsa ham bo‘laveradi, men esa, xudoga shukur, har qancha yashasam arziydi…»

Ana shu o‘y-xayollardan keyin otni yechib, yuganini bo‘yniga tashladi-da, otga sakrab minmoqchi bo‘lgan edi, ammo ikkita po‘stini bilan oyog‘idagi valenkasi og‘irlik qilib otga minolmay sirg‘anib tushdi. Shundan so‘ng u chanaga chiqib, chana ustidan minmoqchi bo‘ldi. Lekin og‘irligidan chana tebranib ketib, u yana minolmadi. Nihoyat uchinchi safar otni chananing oldiga olib keldi-da, chananing chetiga asta oyoqlarini qo‘yib turib, otning ustiga qorni bilan yotib oldi. Shu yotishida oldinga bir, ikki intildi-da, axiri bir oyog‘ini quyushqonning uzuna tasmasiga tirab va bir oyog‘ini otning ustidan oshirib, minib oldi. Otga minayotgan vaqtda chana qimirlab Nikitani uyg‘otib yubordi, shunda u boshini sal ko‘tarib qo‘ydi, shu payt Vasiliy Andreichning nazarida u bir narsa degandek bo‘ldi.

— Sen ahmoqlarning so‘ziga kirib o‘tiribmanmi hali! Bundan chiqdi, bekordan-bekorga o‘lib ketishim kerak ekan-da? — deb qichqirdi Vasiliy Andreich va shamol uchirayotgan po‘stinining barini taqimiga bosib, otning boshini burdi-da, ko‘nglida o‘rmon bilan qorovulxona shu orada bo‘lishi kerak, deb o‘ylagan tomoniga qarab ot solib ketdi.

 

VII

Nikita chananing orqasida qordan chuqurcha yasab, ustiga olacha yopinib qimirlamay o‘tirardi. U, tabiat bilan birga yashovchi va muhtojlik nima ekanligini yaxshi biluvchi barcha kishilar kabi nihoyatda sabrli edi; shu sababli ham qiyin onlarni, hatto kunlarni betoqat bo‘lmay, achchig‘lanmay tinch, beparvo o‘tkazishga odatlanib qolgan edi. U xo‘jayinining chaqirganini eshitdi-yu, lekin javob bermadi, chunki qimirlagisi va javob bergisi kelmadi. Boya choy ichib olganidan va qor kechib ko‘p yurganidan garchi badani hali issiq bo‘lsa-da, bu issiq ko‘pga bormasligini va yana qor kechib isinib olishga qurbi yetmasligini bilardi, chunki u charchagan otdek juda holdan toygan edi: ot hadeb to‘xtayveradi, egasi qamchi bilan savalashiga qaramay, hech yurmaydi, turib oladi, shunda egasi uni yana yurgizish uchun yem berishi kerakligini biladi. Nikita ham xuddi ana shunday ahvolda edi. Uning yirtiq etikdagi bir oyog‘i muzlab, boshmaldog‘i kesak bo‘lib qolgan edi. Bundan tashqari, butun badani tobora sovqotib, uvushib bormoqda edi. Uning xayoliga, balki shu kecha o‘lib qolarman, degan fikr keldi, ammo bu fikr uncha yoqimsiz, uncha vahimali bo‘lib tuyulmadi. Bu fikrning uncha yoqimsiz bo‘lib tuyulmaganiga sabab shuki, uning butun hayoti rohat-farog‘atda emas, aksincha, tynimsiz uqubatli mehnatda o‘tgan, bu mehnat uni nihoyatda ezib tashlagan edi. Bu fikrning uncha vahimali bo‘lib tuyulmaganiga sabab esa shuki, u hamisha o‘zini bu dunyoda xizmatini qilib yurgan Vasiliy Andreich singari xo‘jayinlaridan tashqari, uni bu dunyoga yuborgan egasining ixtiyorida, deb his qilardi; shuning uchun ham, o‘lganidan so‘ng ana o‘sha egasining ixtiyorida bo‘lishini, egasi esa, uni xafa qilmasligini bilardi. «Ko‘nikib qolgan eski hayotni tashlab ketging kelmaydimi? Xo‘sh, iloj qancha, yangi hayotga ham ko‘nikish kerak-da».

«Gunohlarim-chi? — deb o‘ylardi u va aroq ichganlarini, aroqqa sarf qilgan pullarini, xotinini xo‘rlaganlarini, so‘kishlarini, ibodat qilish uchun cherkovga bormasligini, ro‘za tutmasligini va umuman, ibodat vaqtida ruhoniy qil degan ishlarni qilmaganini esladi. — Albatta, gunohlarim bor. Xo‘sh, men nima qilay, ularni atayin yelkamga ortib olibmanmi? Xudoning o‘zi meni shunday gunohkor qilib yaratgan bo‘lsa kerak-da. Ha, gunoh qilishga qildim! Endi qayoqqa qochib qutulardim?»

Uning boshiga, balki shu kecha o‘lib qolarman, degan fikr kelganda, avval u ana shunday xayollarga bordi, keyin xayolidan bu fikrni ko‘tarib, beixtiyor o‘z-o‘zidan boshiga kelgan xotiralarga berilib ketdi. Dam u Marfaning kelganini, xizmatkorlarning ichkilikbozlik qilishlarini, o‘zining ichkilik ichmaslikka qasam ichganini, dam hozirgi safarga chiqqanlarini, Tarasning uyini, oiladan bo‘linib chiqish haqidagi gaplarni, dam o‘zining yigit bo‘lib kelayotgan o‘g‘lini, dam ustiga sholcha yopilgan va hozir bir oz issiq turgan otni, dam hadeb u yonboshidan-bu yonboshiga ag‘darilib, chanani g‘ijirlatayotgan xo‘jayinini eslardi. «Yo‘lga chiqqaniga, hoynahoy, o‘zi ham pushaymon bo‘layotgandir, — deb o‘yladi u. — Shunaqa badavlat turmush kechirgandan keyin albatta o‘lgisi kelmaydi-da. Bizlardaqa kun kechirsa o‘lishga ming marta rozi bo‘lardi-ya». Shundan keyin bu xotiralarning hammasi bir-biriga chuvalashib, boshida ayqash-uyqash bo‘lib ketdi-yu, oxiri uxlab qoldi.

Vasiliy Andreich otga minayotib chanani qimirlatib yuborgan paytida, Nikita orqasi bilan suyanib o‘tirgan chananing keti siljib, qo‘shqorak uning orqasiga tekkan edi, shunda u uyg‘onib ketib, chor-nochor holatini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan edi. U arang yuyoqlarini to‘g‘rilab va ustidan qorlarini qoqib o‘rnidan turganda, shu ondayoq butun a’zoyi badani sovuqdan qaqshab ketdi. Vasiliy Andreich otga minib ketib borayotganini ko‘rib, u orqasidan sholchani tashlab keting, hozir uning otga keragi yo‘q, men ustimga yopinib olaman, deb qichqirib qoldi.

Ammo Vasiliy Andreich to‘xtamay, qor to‘zoni ichida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Nikita yolg‘iz o‘zi qolgach, endi nima qilsam ekan, deb bir daqiqa o‘yga toldi. Yurib biron boshpana izlashga o‘zini madorsiz sezdi. Avvalgi joyiga o‘tiray desa, butunlay qor ko‘mib tashlagan edi. Chanaga o‘tirsa, isimasligini bilardi, chunki yopinadigan narsa yo‘q, chakmoni bilan po‘stini esa hozir uni sira isitmas edi. Uning badan-badanidan sovuq o‘tib ketdi, nazarida ko‘ylakchan turganga o‘xshardi. Uni vahima bosa boshladi. «Yo, xudoyim, parvardigori olam!» — dedi u; shu payt ko‘nglida u yolg‘iz emasdek, kimdir uning ovozini eshitib turgandek, uni o‘z panohida asraydigandek bo‘lib tuyuldi-yu, ko‘ngli orom topdi. U chuqur nafas oldi, so‘ngra, boshidan olachani tashlamay, chanaga chiqdi-da, xo‘jayinning o‘rniga yotib oldi.

Chanada ham u sira isiy olmadi. Avval butun tanasini qaltiroq bosdi, keyin qaltiroq bosilib asta-sekin hushini yo‘qota boshladi. U o‘layotganini ham, uxlayotganini ham bilolmay qoldi, lekin o‘zini har ikkoviga ham birdek tayyor ekanini his qilar edi.

 

VIII

Bu asnoda Vasiliy Andreich negadir ko‘nglida o‘rmon va qorovulxona shu yoqda bo‘lishi kerak deb o‘ylagan tomoniga qarab, otni ham oyoqlari bilan niqtab, ham tizginning uchi bilan urib, jadal haydab bormoqda edi. Qor uning ko‘zlarini ochirmas, shamol esa go‘yo uni to‘xtatmoqchi bo‘lgandek, ko‘kragidan itarar, ammo u oldinga engashib, hadeb po‘stiniga burkanar, sovuq egarda o‘tirish o‘ng‘aysiz bo‘layotgani uchun etagini tagiga bostirgan holda zo‘r berib otni haydar edi. Ot garchi charchagan bo‘lsa-da, egasiga bo‘ysunib, u haydayotgan tomonga yo‘rtib borardi.

U otning boshini-yu, oppoq qor bilan qoplangan sayhonlikdan boshqa hech narsani ko‘rmay, otning qulog‘i tagida va po‘stinining yoqasi oldida shamolning hushtak chalishidan bo‘lak hech narsani ko‘rmay, o‘zicha to‘g‘ri ketayotibman, deb besh minutcha yo‘l bosdi.

Birdan uning oldida bir narsa qorayib ko‘rindi. Sevinganidan yuragi gupillab ura boshladi, qora narsa ko‘ziga qishloq uylarining devoriga o‘xshab ko‘rinib ketib, o‘sha tomonga yo‘l oldi. Ammo bu qora narsa tek turmas, nuqul qimirlardi, borib qarasa, u qishloq ham emas, devor ham emas, balki uvatda o‘sib qor tagidan chiqib turgan va guvillab esayotgan shamolning zo‘ridan hadeb bir tomonga qarab egilayotgan buran-supurgi o‘t ekan. Shamol berahmlik bilan qiynayotgan ana shu burganni ko‘rib Vasiliy Andreich nima uchundir titrab ketdi va shosha-pisha u yerdan otni haydab qoldi. Shunda qo‘rqqanidan otni butunlay boshqa yoqqa burib yuborganini sezmay, hamon o‘sha qorovulhona tomonga ketyapman, degan xayolda ketaverdi. Nazarida ot nuqul o‘ng tomonga burilayotgandek bo‘ldi, shuning uchun u hadeb uni chap tomonga buraverdi.

Yana uning oldida bir narsa qorayib ko‘rindi-yu, u endi bu albatta qishloq bo‘lishi kerak, deb xursand bo‘lib ketdi, lekin bu yana o‘shanaqa burgan o‘sgan uvat ekan. Shamolda qattiq egilib turgan quruq burganni ko‘rib, Vasiliy Andreich yanada battarroq qo‘rqib ketdi. Bu boya ko‘rganidaqa quruq burganning o‘zi bo‘lsa ham mayli edi-ya, buning shundoq yonginasida ot tuyoqlarining izi ham bor edi. Vasiliy Andreich otni to‘xtatib, egilib, qaray boshladi; bu otning izi ustini salgina qor bosgan edi. O‘ylab qarasa, o‘z otining izlari ekan. Ma’lum bo‘lishicha, u shu yaqin oraliqda aylanib yurgan ekan. «Bu ahvolda halok bo‘laman!» — deb o‘yladi u va yuragidagi vahimani quvish uchun otni yanada jadalroq hayday boshladi. U oppoq qor bo‘ralayotgan qorong‘ilikka ko‘z tikib borar ekan, unga go‘yo bir yaltirab, so‘ngra g‘oyib bo‘luvchi nuqtalar ko‘ringanday bo‘lardi. Bir vaqt uning qulog‘iga itlarning yoki bo‘rilarning uvlaganiga o‘xshash ovoz eshitilgandek bo‘ldi, ammo bu ovoz juda zaif va noaniq bo‘lganidan, ovozni eshitganini ham yoki unga shunday tuyulganini ham aniq bilolmay, otni to‘xtatdi-da, diqqat bilan quloq sola boshladi.

Birdan uning qulog‘i ostida qandaydir vahimali, quloqni batangga keltiruvchi ovoz eshitildi-yu, ostidagi ot qaltirab, titrab ketdi. Vasiliy Andreich jon holatda otning bo‘yniga yopishib oldi, lekin otning bo‘yni ham titramoqda edi, shunda haligi ovoz yanada vahimaliroq eshitila boshladi. Vasiliy Andreich bir daqiqa nima hodisa yuz berganini bilrlmay dovdirab qoldi. Bo‘lgan hodisa shu ediki, To‘riq yo o‘ziga dalda berish uchun, yo birovni ko‘makka chaqirish uchun ovozi boricha kishnagandi, xolos. «Tuf-e, harom o‘lgur! Yuragimni yoray dedi-ya! La’nati!» — dedi Vasiliy Andreich o‘ziga o‘zi. Ammo u bekorga qo‘rqqanini bilsa ham uni hadeb vahima bosaverdi.

«Es-hushni yig‘ib olish darkor, vazminroq bo‘lish kerak», — dedi ichida u, ammo o‘zini ovuta olmadi, hozir shamolga qarshi yurmay, balki shamol esayotgan tomonga ketayotganini ham sezmay, hadeb otni qistay boshladi. Uning badani, ayniqsa, egarga tegib turgan joylari, ot qadamini sekinlatgan paytda sovqotar va zirqirab og‘rirdi, qo‘l-oyoqlari qaltirar, nafasi tomog‘iga tiqilardi. U mana shu dahshatli qor sahrrsida halok bo‘lishini bilib turar, lekin hech bir qutulish chorasini topolmasdi.

Qo‘qqisdan ot bir yerga gursillab yiqildi va qor uyumiga botib tipirchiladi-da, yonboshlab yotib qoldi. Vasiliy Andreich ot ustidan sirg‘alib tushib, quyushqon qayishi bilan egarni bir yoqqa qiyshaitirib yubordi. Chunki u uzangi o‘rnida oyog‘ini quyushqon qayishiga qo‘yib olgan edi. Vasiliy Andreich ot ustidan tushishi bilanoq, ot o‘nglanib oldi-da, oldinga qarab intila boshladi; bir marta sakradi, keyin ikkinchi marta sakrab o‘rnidan turdi, keyin yana kishnab va ustidagi sholcha yopiq bilan quyushqonni osiltirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Vasiliy Andreich qor ichida yakka o‘zi qoldi. U otning orqasidan yugurmoqchi bo‘lgan edi, lekin qor juda qalin, ustidagi po‘stinlari nihoyatda og‘ir bo‘lganidan, tizza bo‘yi qordan oyog‘ini zo‘rg‘a ko‘tarib bosib yigirma qadamcha yurishi bilanoq halloslab to‘xtab qoldi. «O‘rmonim, ho‘kizlarim, ijara haqlarim, do‘konim, qovoqxonalarim, tunuka tomli dang‘illama uyim, saroyim, merosxo‘r o‘g‘lim, — deb o‘yladi u, — nahotki hammasi qolib ketadi? Bu qanday bema’ni gap? Yo‘q, mumkin emas!» — miyasiga birdan ana shu xayol keldi. Keyin nima uchundir shamoldan egilib turgan burgan va ikki marta uning yoniga borib qolgani esiga tushdi; shu payt butun vujudini vahima bosdi-yu, u boshidan kechirayotgan hodisalarning rostligiga ishonmay qoldi. «Bularni tushimda ko‘rayotganim yo‘qmikin? — deb o‘ylab u uyqusidan turmoqchi bo‘ldi, lekin bu uyqudan turadigan tush emas edi. Bu haqiqatan o‘ngida ko‘rayotgan hodisa va yuz-ko‘ziga bo‘ralab urayotgan, ustiga yog‘ayotgan, qo‘lqopsiz o‘ng qo‘-lini muzlatayotgan qor edi hamda bu haqiqatan o‘sha burgan singari yolg‘iz o‘zi qolib, endi muqarrar, bevaqt va bema’ni o‘limini kutib turgani sahro edi.

«Yo Bibi Maryam, yo avliyo Mikolay, o‘zingiz qo‘llab-quvvatlang», — deb u kechagi ibodatni, zarbof to‘n kiygan siymoni, qoramtir ikonani va shu ikona uchun sotgan shamlarini, bu shamlarni salgina yoqilgandan so‘ng o‘sha zahoti qaytarib olib kelishganda yashikka solib qo‘yganini xotirladi. Endi esa, u yana shu avliyo Mikolaydan najot so‘ray boshladi, unga o‘la-o‘lguncha ibodat qilib, sham atamoqchi bo‘ldi. Ammo shu rndayoq aniq-rav-shan tushundiki, bu siymo, zarbof to‘n, sham, ruhoniy, ibodat — bularning hammasi o‘z joyiday cherkovda zarur edi, ammo bu yerda unga bular hech qanday najot bermas, bu sham va ibodatlar bilan uning hozirgi mushkul ahvoli orasida hech qanday bog‘lanish yo‘q, bo‘lishi mumkin ham emas edi.

«Umidsizlanmaslik kerak, — deb o‘yladi u. — Otning izidan borish lozim, bo‘lmasa uni ham qor ko‘mib ketadi, —degan fikr keldi boshiga. — Izdan ketaversam bir yoqqa chiqaman yoki otning o‘zini ushlab olaman. Faqat hovliqmaslik kerak, bo‘lmasa, nafasim tomog‘imga tiqilib halokatga uchrayman». Ammo sekin yuraman, degan niyatiga qaramay, u hovliqib, oldinga qarab chopa boshladi va har qadamda yiqilib turaverdi. Qor uncha qalin bo‘lmagan yerlarda endi otning izini payqash juda qiyin bo‘lib qolgan edi. «Halok bo‘ldim, — deb o‘yladi Vasiliy Andreich, — izni yo‘qotaman, otga yetolmayman». Shu payt bexosdan oldiga qaragan edi, bir qora narsa ko‘ringandek bo‘ldi. Bu To‘riq edi, faqat To‘riqning bir o‘zigina emas, balki chana va shotiga bog‘langan ro‘molcha ham ko‘rinardi. To‘riq hozir ilgarigi joyida emas, balki shotiga yaqin joyda ustidagi sholcha bilan quyushqoni yonboshiga osilgan holda boshini silkitib turardi, jilovning tizgini oyog‘i ostida qolgani uchun boshini ko‘tarolmasdi. Ma’lum bo‘lishicha, ot Vasilpy Andreichni chana turgan joyga olib kelayotganda, Nikita toyilib ketgan pastlikdagi qorga botib qolgan ekan, shu sababli u chana turgan joydan ellik qadamcha narida ot ustidan sakrab tushgan ekan.

 

IX

Vasiliy Andreich chananing oldiga arang sudralib kelgach, uni mahkam ushlaganicha, o‘zini bosib olish va nafasini rostlashga harakat qilib, ancha vaqtgacha qimirlamay turib qoldi. Nikita avvalgi joyida yo‘q, lekin chanada ustini qor bosgan, bir narsa do‘ppayib yotar edi, shundan Vasiliy Andreich uning Nikita ekanini payqadi. Endi Vasiliy Andreichning ko‘ngli joyiga tushgandek bo‘ldi, uning ot ustida tentirab yurgan vaqtidagi va ayniqsa qorga tikilib yolg‘iz o‘zi qolganidagi qo‘rquv va vahimalar barham topdi. Endi nima bo‘lsa ham yana o‘shanday vahimaga tushmaslik uchun biron narsa bilan shug‘ullanish kerak edi. Shu sababdan u birinchi galda orqasini shamolga o‘girib, po‘stini ustidan bog‘lagan belbog‘ini yechdi. Keyin bir oz nafasini rostlab olgach, valenkalari ichidan qorni, chap qo‘lqopi ichidagi qorni qoqib tashladi, o‘ng qo‘lqopi esa yo‘qolgan va u qayerdadir ikki qarich qor ostida yotar edi; so‘ngra yana belini mahkam bog‘lab, biron ish qilishga tayyorlana boshladi, u odatda mujiklar aravada g‘alla olib kelishganda uni sotib olish uchun o‘z do‘konidan chiqayotib belni ana shunday qattiq bog‘lab ishga kirishar edi. Dastavval u otning oyog‘ini bo‘shatmoqchi bo‘ldi. Otning oyog‘ini ko‘tarib, tizginni oldi-da, yana To‘riqni eski joyiga, chananing oldidagi temir halqaga bog‘ladi va quyushqon, egar, sholchani to‘g‘rilab qo‘yish uchun otning. orqasiga o‘tdi; shu payt chanada bir narsa qimirlaganini ko‘rdi, chana ustiga yoqqan qor tagidan Nikita boshini ko‘tardi. Chamasi, uning tanasi muzlay boshlagan edi, u zo‘rg‘a o‘rnidan turib o‘tirdi va xuddi qo‘li bilan burni oldidagi pashshani qo‘rigandek, g‘alati harakat qildi. U qo‘lini qimirlatib, bir nimalar dedi, Vasiliy Andreichning nazarida uni chaqirayotgandek bo‘ldi. Vasiliy Andreich sholchani tuzatishni qo‘yib, chananing oldiga keldi.

— Nima bo‘ldi senga? — deb so‘radi u. — Nima deyapsan?

— O‘lam-man, gapim shu, — dedi Nikita arang, gapini bo‘lib-bo‘lib. — Ishlagan haqimni o‘g‘limga yoki xotinimga ber, baribir.

— Nima bo‘ldi, muzlab qolyapsanmi? —deb so‘radi Vasiliy Andreich.

— Sezyapman, o‘laman… Iso hurmati, meni kechir… — dedi Nikita yig‘lamsiragan ohangda, hamon pashsha qo‘riyotgandek harakat qilib.

Vasiliy Andreich bir nafas qimirlamay jim turib qoldi, keyin foydali savdo vaqtida bor baraka top, deb qo‘lga urgani singari abjirlik bilan birdan bir qadam orqaga tashladi-da, yenglarini shimarib ikki qo‘li bilan Nikitaning ustidagi va chanadagi qorlarni sidirib tashlay boshladi. Qorlarni sidirib bo‘lgach, Vasiliy Andreich tezda belbog‘larini yechdi, po‘stinining barini yozib, qizib ketgan issiq tanasi bilan Nikitaning ustiga yotdi. Vasiliy Andreich Nikitaning yon-verini etaklari bilan o‘rab va po‘stinining barini tizzalari bilan bosib, boshini chananing to‘sqichiga qo‘ygan holda mukka tushib yotgan, shu tariqa qattiq burkanib olganidan otning harakatini ham, bo‘ronning hushtak chalishini ham eshitmay, faqat Nikitaning nafas olishiga quloq solib yotaverdi. Nikita boshda anchagacha qimirlamadi, keyin qattiq ihrab, qimirlay boshladi.

— Ana shunday, ha, barakalla, sen bo‘lsang o‘laman deysan-a. Yotaver, isin, biz ana shunday… — degan bo‘ldi Vasiliy Andreich.

Biroq keyin gapira olmay qoldi, bunga o‘zi ham hayron bo‘ldi, chunki ko‘zi jiqqa yoshga to‘lib, pastki jag‘i qalt-qalt titray boshladi. U gapirmay, faqat tomog‘iga tiqilib kelayotgan narsani yutish bilan ovora bo‘ldi. «Qattiq qo‘rqqanga o‘xshayman, juda bo‘shashib ketyapman», — deb o‘yladi u o‘zicha. Ammo bu bo‘shashish uni sira ranjitmadi, balki unga qandaydir ajoyib, shu damgacha boshidan kechirmagan alohida huzur bag‘ishlagandek bo‘ldi.

«Biz ana shunday» — dedi u o‘ziga-o‘zi, juda rohat qilayotganini sezib. Ko‘z yoshlarini po‘stiniga artib va hadeb shamol qayirib tashlayotgan o‘ng barini tizzasi ostiga bosib, shu tariqa ancha vaqtgacha indamay yotdi.

Ammo ko‘nglining nihoyatda xursandligini kimgadir juda-juda aytgisi kelaverdi.

— Nikita! —dedi u.

— Yaxshi, issiq, — degan ovoz eshitildi uning tagidan.

— Bilsang agar, birodar, oz bo‘lmasa halok bo‘lardim. Sen ham sovuqda qotib qolarding, men ham.

Shu payt yana uning iyagi qaltirab, ko‘ziga yosh to‘ldi, keyin gapirolmay qoldi.

«Ha, mayli, hechqisi yo‘q, — deb o‘yladi u. — Har nimaniki bilsam o‘zim ichimda bilaman-ku».

Shundan so‘ng u jim bo‘lib qoldi. Ancha vaqtgacha shu zaylda yotdi.

Uni ostidan Nikita, ustidan po‘stini isitib turardi; faqat Nikitaning ikki yonini berkitib, po‘stinining barini ushlab turgan qo‘llari bilan oyoqlari sovqotardi, chunki shamol tinmay oyoqlari ustidan po‘stinning etaklarini qayirib tashlardi. Ayniqsa qo‘lqopi yo‘q o‘ng qo‘li qattiq sovqotgan edi. Ammo u qo‘llarini ham, oyoqlarini ham esiga keltirmas, faqat qanday qilib tagida yotgan mujikni isitishni o‘ylardi, xolos.

U bir necha marta otga qarab qo‘ydi, otning orqasi rchilib qolgan, sholcha bilan quyushqon qor ustida yotar edi; u turib, otning ustini yopib qo‘ymoqchi bo‘ldi-yu, lekin bir nafas ham Nikitani tashlab ketgisi va hozirgi huzurini buzgisi kelmadi. Endi uning xayolidan ko‘rqish degan narsa butunlay ko‘tarilib ketdi.

«Xudo xohlasa seni o‘ldirmayman», — dedi u o‘ziga-o‘zi, mujikni isitayotgani uchun maqtanib: u o‘zining savdo-sotiqlari haqida gapirganda ana shunday maqtanchoqlik qilar edi.

Shu tariqa Vasiliy Andreich bir soat, ikki soat, uch soat yotdi, vaqtning qanday o‘tganini sezmadi. Avval uning xayolida qor bo‘roni, shoti va do‘g‘a ostida boshini silkitib borayotgan ot aylanib yurdi, keyin xayoli ostida yotgan Nikitada to‘xtadi; keyin bayram, xotini, stanovoy, sham yashigi haqidagi xotiralar aralashib, yana xayoli Nikitada to‘xtadi; go‘yo Nikita shu sham yashigi ostida yotganmish; so‘ngra xayolidan narsa sotayotgan va olayotgan mujiklar, oq devorlar, tunuka tomli uy va uning ostida yotgan Nikita o‘tdi; keyin bularning hammasi aralashib, biri ikkinchisiga qo‘shilib ketdi, kamalakning har xil ranglari qo‘shilib, bir oq nur hosil qilgani kabi xayollari qorishib ketdi-yu, u uxlab qoldi. Ancha vaqtgacha tush ko‘rmadi, lekin ertalabga yaqin yana tush ko‘rdi. U sham yashigi oldida turganmish, Tixonning xotini undan hayitga besh tiyinlik sham so‘rarmish, u yashikdan unga sham olib bermoqchi bo‘lsa, qo‘li qimirlamasmish, cho‘ntagida qotib qolganmish. U yashikni aylanib o‘tmoqchi bo‘lgan ekan, oyoqlari qimirlamasmish, oyog‘idagi yap-yangi kalishi toshga yopishib qolganmish, uni yerdan uzib ham ololmasmish, ichidan oyog‘ini tortib ham chiqarolmasmish. Birdan sham yashigi ko‘rpa-to‘shak bo‘lib qolganmish, Vasiliy Andreich shu yashik ustida, ya’ni shu o‘rinda, uyida muk tushib yotganmish. U o‘rnidan turaman desa sira turolmasmish, ammo albatta turishi kerak emish, chunki hozir uning oldiga stanovoy Ivan Matveich kelarmish-da, u Ivan Matveich bilan yo o‘rmon sotib olishga, yoki To‘riqning quyushqonini to‘g‘rilashga borarmish. Shunda u xotinidan so‘rarmish: «Xo‘sh, Mikolavna, u kelmadimi?» — «yo‘q, — dermish xotini, — kelmadi». Shu payt qulog‘nga kpmdir zinaning oldiga kelayotgandek bo‘lib eshitilibdi. O‘sha bo‘lsa kerak. Yo‘q, boshqa ekan. «Mikolavna, hoy Mikolavna, qalay, hali ham daragi yo‘qmi?» — «Yo‘q». U o‘rnida yotganmish: hamon turolmasmish, ko‘zi to‘rt bo‘lib kutarmish, bu kutish ham vahimali, ham quvonchli emish. Birdan o‘sha kutgan odami kelibdi-yu, xursand bo‘lib ketibdi, bu stanovoy Ivan Matveich emas, boshqa birov, lekin o‘sha kutganining xuddi o‘zginasi emish. U kelib, uni chaqiribdi, shunda o‘sha, uni chaqirgan birov Nikitaning ustiga yotishni buyuribdi. Vasiliy Andreich birov uni olib ketgani kelganiga juda xursand bo‘libdi. «Ketyapman!» — deb qichqiribdi u xursand bo‘lib, shunda o‘z ovozidan uyg‘onib ketadi. U uyg‘onadi-yu, ammo uxlagan vaqtidagidan butunlay boshqacha bo‘lib uyg‘onadi. U turmoqchi bo‘ladi, ammo turolmaydi, qo‘lini qimirlatmoqchi bo‘ladi, — qimirlatolmaydi, oyog‘ini qimirlatmoqchi bo‘ladi — uni ham qimirlatolmaydi. Boshini ko‘tarmoqchi bo‘ladi — ko‘tarolmaydi. Shundan so‘ng hayron bo‘ladi, ammo bunga sira xafa bo‘lmaydi. Buning o‘lim ekanini tushunadi, ammo bunga ham sira xafa bo‘lmaydi. Keyin tagida Nikita yotgani, uning isinib olgani va tirik ekani esiga tushadi-yu, xayolida u — Nikita, Nikita esa u bo‘lib qoladi, shu sababdan uning joni o‘zining ichida emas, balki Nikitaning ichida bo‘lib seziladi. U diqqat bilan quloq solib, Nikitaning nafas olayotganini va hatto sal xurrak otayotganini eshitadi. «Nikita tirik ekan, demak men ham tirikman», — deydi u ichida xursand bo‘lib.

Keyin xayoli pul, do‘kon, savdo-sotiq va Mironovlarning millionlariga chalg‘iydi; nima uchun bu Vasiliy Brexunov deb yuritiladigan odam bo‘lmag‘ur ishlar bilan shug‘ullanib yurganiga u sira tushunolmaydi. «Nima qilsin, axir u nima gap ekanini bilmasdi-da, — deb o‘ylaydi u Vasiliy Brexunov haqida. — Bilmas edim, mana endi bilaman. Endi xato qilmayman. Endi bilaman». Shu payt u yana o‘sha uni chaqirgan kishining ovozini eshitadi. «Ketyapman, ketyapman!»— deydi uning butun vujudi quvonib va iyib. So‘ngra u butunlay yengil tortib qolganini va endi uni hech narsa tutib turmaganini his qiladi. Shundan keyin Vasiliy Andreich bu dunyoda hech nimani ko‘rmadi, eshitmadi va sezmay qoldi.

Atrofda hamon boyagiday qor bo‘ralab turardi. Hamon o‘sha qor uyurmasi chirpirak bo‘lib aylanar va o‘lib qolgan Vasiliy Andreichning po‘stinini, butun tanasi qaltirab turgan To‘riqni, ko‘rinmay ketishga sal qolgan chanani hamda chana ichida, xo‘jayinining o‘lik tanasi ostida isinib yotgan Nikitani ko‘mib borardi.

 

X

Ertalabga yaqin Nikita uyg‘onib ketdi. Uni yana orqasidan urayotgan sovuq uyg‘otib yubordi. U tush ko‘rayotgan edi, tushida tegirmondan xo‘jayinining unini aravada olib kelayotgan emish, soyning ko‘prigidan o‘tib borayotgan ekan, birdan arava tiqilib qolibdi. Keyin u aravaning tagiga kirib, orqasi bilan ko‘taribdi. Yo ajabo! Arava qimir etmay orqasiga yopishib qolganmish, u na aravani ko‘tarolarmishu, na uning tagidan chiqib ketolarmish. Arava butun belini ezib tashlabdi. Yana buning ustiga badanidan sovuq o‘tib ketibdi! Qanday bo‘lmasin aravaning tagidan chiqishi kerak emish. «Bo‘ldi endi, — dermish u o‘sha uni arava bo‘lib bosib yotgan kishiga. — Qoplarni tushir!» Ammo arava tobora sovib, uni battarroq bosaveribdi, shu payt birdan taq-taq qilgan g‘alati ovoz eshitiladi-yu, u uyg‘onib ketadi. Uyg‘ongach, butun voqeani eslaydi. Sovuq arava bu uning ustida o‘lib muzlab yotgan xo‘jayini ekan. Taqillatgan — bu To‘riq bo‘lib, chanani tuyog‘i bilan ikki marta urib qo‘ygan edi.

Nikita bo‘lgan ishni ko‘nglida sezib, belini rostlaydi-da:

— Andreich, Andreich! — deb chaqiradi asta xo‘jayinini.

Andreich javob bermaydi, uning qorni va oyoqlari qotib qolgan, sovuq va toshday og‘ir.

«O‘lganga o‘xshaydi. Xudo rahmat qilsin!» — deb o‘ylaydi Nikita.

U boshini o‘giradi, qo‘li bilan oldidagi qorlarni kavlab, ko‘zini ochadi. Tong otibdi, shamol hali ham shotiga urilib hushtak chalar, qor hali ham bo‘ralab turar, faqat endi chananing to‘sqichiga chirtillab urilmay, ovoz chiqarmay chanani va otni tobora ko‘mib borardi; otning qimirlashi ham, nafas olishi ham sezilmasdi. «U ham muzlab qolganga o‘xshaydi», — deb o‘ylaydi Nikita. Chindan ham To‘riq tuyog‘i bilan chanani ikki marta urib, Nikitani uyg‘otib yuborganda, tanasi tamom muzlab jon talvasasida shunday qilgan edi.

«E, yaratgan egam, meni ham chaqirayotganga o‘xshaysan, — deydi Nikita ichida. — Ixtiyor o‘zingda. Faqat negadir qo‘rqinchli. Ha, qo‘rqishning nima keragi bor, bir boshga bir o‘lim-da, baribir qochib qutulolmaysan. Faqat tezroq bo‘lsa edi…» Shundan keyin u yana qo‘lini berkitadi, ko‘zlarini yumadi va endi albatta o‘laman, degan xayol bilan hushidan ketadi.

Ertasiga tush paytida mujiklar Vasiliy Andreich bilan Nikitani yo‘ldan o‘ttiz sarjincha va qishloqdan yarim chaqirimcha narida qor ostidan belkuraklar bilan kavlab olishdi.

Qor chanani butunlay ko‘mib ketgandi, ammo shoti bilan unga bog‘lab qo‘yilgan ro‘molcha ko‘rinib turardi. Qornigacha qorga botib turgan To‘riqning ustidan sholcha va quyushqoni tushib ketgan, o‘lik boshini kekirdagiga qisgan holda oppoq bo‘lib qotib qolgandi; uning burun kataklaridan sumalak osilib turardi, kipriklarini qirov bosib, ko‘zlarida yosh qotib qolgandi. Bir kechada u shunday oriqlab ketgandiki, terisi suyagiga yopishib qolgan edi. Vasiliy Andreich xuddi oyoqlarini kerib yotgan holicha muzlagan go‘shtday qotib qolgandi, uni Nikitaning ustidan ag‘darib tushirishdi. Qirg‘iyniki singari chaqchaygan ko‘zlari muzlab, qirilgan mo‘ylovlari ostida ochilib qolgan og‘ziga qor to‘lib qolgandi. Nikita tirik edi, ammo butun tanasini sovuq urib ketgan edi. Nikitani uyg‘otishganda u o‘zini o‘lganman deb bilib, hozir bo‘layotgan ishlar bu dunyoda emas, u dunyoda bo‘lyapti, deb o‘yladi. Ammo uni kavlab olayotgan va ustida muzlab qolgan Vasiliy Andreichni ag‘darib tashlayotgan mujiklarning qichqirgan ovozini eshitganda u avvaliga u dunyoda ham mujiklar xuddi shunaqa qichqirishar ekan-da, tanalari shunaqa bo‘lar ekan-da, deb hayron bo‘ldi, keyin hali o‘lmaganini, bu dunyoda ekanini tushunib, xursand bo‘lish o‘rniga ko‘proq xafa bo‘ldi, ayniqsa ikki oyog‘ining barmoqlarini sovuq urganini sezib, juda hafsalasi pir bo‘lib ketdi.

Nikita ikki oy kasalxonada yotdi. Uning uchta barmog‘ini kesib tashlashdi, qolganlari tuzalib ketdi, demak, yana ishlashi mumkin edi, shunday qilib, u yana yigirma yil yashadi. Avvaliga har kimlarning xizmatini qilib yurdi. Keyin, qarigach esa, qorovullik qildi. U bu yil o‘z uyida, ko‘nglidagi tilagiga yetib, aziz-avliyolar surati ostida qo‘liga yoqilgan sham tutgan holda olamdan o‘tdi. O‘lishi oldidan kampiridan kechirim, rozi-rizolik so‘radi, uning bochkasoz bilan qilgan gunohlarini kechirdi; shuningdek, o‘g‘li hamda nabiralari bilan ham rozi-rizolik tilashdi, o‘lganidan keyin o‘g‘li bilan kelinini ortiqcha nonxo‘rdan qutqarajagiga va juda joniga tekkan bu hayotdan endi yil sayin, soat sayin uni o‘ziga jazb etayotgan, tobora ketishiga aqli yetib borayotgan boshqa hayotga rostakamiga borayotganiga chin ko‘nglidan xursand bo‘lib, bir umrga ko‘zini yumdi. U yoqda uning ahvoli qalay, yaxshimi-yomonmi, rostakamiga o‘lganidan keyin u qayerda yuribdi, uyg‘ondimi? U yoqda ham hafsalasi pir bo‘ldimi yoki istagan, orzu qilgan narsasini topdimi? — buni hammamiz tez kunda bilib qolamiz.

1895

Ruschadan K.Po‘latov tarjimasi