Lev Tolstoy. Adolat tarozisi (hikoya)

Qadimgi Misr shohlaridan ulug‘ Boykos o‘z shaharlaridan birida adolatli qozi borligidan xabar topibdi. Aytishlaricha, u juda rostgo‘y bo‘lib, oqni oqqa, qorani qoraga ajratar, uning o‘tkir nigohidan bitta ham muttaham qochib qutulolmas ekan! Ittifoqo, bir kuni shoh Boykos bunga ishonch hosil qilish maqsadida savdogar kiyimini kiyibdi-da, o‘sha rostgo‘y qozi yashaydigan yurtga ravona bo‘libdi. Yo‘lda bir cho‘loq paydo bo‘lib, undan xayr-sadaqa so‘rabdi. Shoh unga sadaqa berib, yo‘lida davom etibdi. Ammo tilanchi uning etagiga osilib olibdi.
– Xo‘sh, senga o‘zi nima kerak? – so‘rabdi shoh Boykos.
– Sen menga sadaqa berding, lekin yana bir iltifot ko‘rsat, meni ­otingda shahar o‘rtasidagi maydonga olib bor, toki meni yo‘ldagi ot va tuyalar ezib tashlamasin!
Shoh Boykos cho‘loqni otiga mingashtirib, shahar markazidagi katta maydonga olib boribdi. So‘ng otini daraxtga bog‘lab qo‘yibdi, ammo qaysar tilanchi otdan hech tushmas emish.
Shunda shoh Boykos debdi:
– Xo‘sh, nega otda o‘tiribsan, biz yetib keldik, endi otdan tush!
Tilanchi unga shunday javob qaytaribdi:
– Axir, ot meniki bo‘lsa, nega undan tushishim kerak, agar bunga gumoning bo‘lsa, unda shahar qozisiga boramiz!
Atrofdagi olomon ham buni eshitib, shovqin solibdi:
– Qoziga boringlar, to‘g‘ri hukmni qozi chiqaradi!
Noiloj shoh Boykos haligi cho‘loq bilan shahar qozisining oldiga borishibdi. Qozining hovlisida tumonat odam to‘plangan bo‘lib, qozi bu odamlarni navbati bilan huzuriga chaqirar ekan.
U birinchi bo‘lib oldiga bir olim va dehqonni chorlabdi. Ular bitta go‘zal ayol uchun qozining huzuriga kelishgan ekan. Dehqon o‘sha ayolni xotinim desa, yo tavba, olim ham “bu ayol mening zavjai halolim” dermish!
Qozi ikki tomonni tinglab bo‘lib, hukm chiqaribdi:
– Ayol mening uyimda qoladi, sizlar esa ertaga kelasizlar!
Ular chiqib, xonaga qassob va yog‘furush kirishibdi. Qassobning qo‘li qon, yog‘furushning qo‘llari esa moyga belangan ekan. Qassobning qo‘lida pul, yog‘furush esa uning qo‘lidan mahkam tutib olibdi.
Shunda qassob arz-dodini aytibdi:
– Taqsir, men bu odamdan yog‘ sotib olib, endi pulini bermoqchi edim, u qo‘limdan mahkam ushlab, pulni mendan tortib olmoqchi bo‘ldi. Men qo‘limda karmonim, u esa mening qo‘limdan ushlagan holda huzuringizga keldik! Pullar meniki, yog‘furush muttaham, o‘g‘ri!
Yog‘furush esa quyidagilarni aytibdi:
– Bu hammasi bo‘hton! Qassob oldimga moy sotib olish uchun kelgan edi. Men unga ko‘zasini to‘ldirib moy quydim. U mendan dinorini maydalab berishimni so‘radi. Men mayda chiqarib, peshtaxtaga qo‘ydim. Qassob bu pullarni olib qochmoqchi bo‘ldi. Men shu payt uni qo‘lidan ushlab sizga olib keldim, taqsir!
Qozi biroz sukut saqlab, keyin shunday debdi:
– Pullar menda qoladi, sizlar ertaga kelinglar.
Navbat shoh Boykosga kelgach, u ham bo‘lgan voqeani oqizmay-tomizmay aytib beribdi. Shunda qozi cho‘loqqa yuzlanibdi. Cho‘loq quyidagilarni gapiribdi:
– Uning gaplari g‘irt yolg‘on! Men o‘z otimda sayr qilib yurgan edim. Bu odam esa mendan o‘zini maydongacha eltib qo‘yishimni so‘radi. Ke­yin menga tuhmat qilib, bu ot o‘ziniki ekanligini da’vo qildi. Uning gaplari g‘irt yolg‘on!
Buni eshitib, qozi javob qaytaribdi:
– Otni mening uyimda qoldirib, o‘zlaringiz ertaga keling!
Ertasiga ertalab shaharning markaziy maydoniga tumonat odam to‘plangan, hamma qozining adolatli qarorini kutar ekan.
Birinchi bo‘lib olim va dehqon qozining qabuliga kirishibdi. Qozi o‘ylab turib, o‘zining birinchi qarorini xalqqa e’lon qilibdi:
– Xotin olimga tegishli, dehqonga esa ellik darra urilsin!
Olim o‘z xotinini olibdi, dehqon esa jazoga tortilibdi.
Keyin qozi qassob va yog‘furushni oldiga chaqiribdi.
– Bu pullar seniki, – debdi qozi qassobga. Keyin yog‘furushga yuzlanibdi: – Yog‘furushga ellik darra urilsin!
Nihoyat navbat shoh Boykos va cho‘loqqa kelibdi.
– Sen o‘z otingni yigirmata boshqa otning orasidan taniy olasanmi? – so‘rabdi qozi shoh Boykosdan.
– Taniy olaman, taqsir! – javob qaytaribdi shoh Boykos.
– Sen-chi?! – yuzlanibdi qozi cho‘loqqa.
– Men ham o‘z otimni taniyman! – javob beribdi cho‘loq.
– Ortimdan yuringlar-chi!
Hammalari birgalashib otxonaga o‘tishibdi. Shoh Boykos guvohlar oldida yigirmata ot orasidan o‘zining otini ko‘rsatibdi. Keyin qozi cho‘loqni chaqirib, uni ham otxonaga olib boribdi va undan o‘z otini topib berishini so‘rabdi. Cho‘loq ham o‘sha otni ko‘rsatibdi. Shundan so‘ng qozi o‘z o‘rniga o‘tib, qarorini hammaga e’lon qilibdi:
– Ot Boykosniki, cho‘loqqa esa ellik darra urilsin!
Ish kuni tugab, qozi uyiga qaytayotganida, shoh Boykos uning ortidan ergashibdi.
– Xo‘sh, nima gap, yo mening qarorimdan norozimisan? – so‘rabdi qozi shoh Boykosdan.
– Yo‘g‘-e, men qaroringdan roziman, faqat xotin olimniki, pullar qassobniki, ot meniki ekanini qanday aniqlaganingga aqlim yetmayapti!
Shunda qozi javob qaytaribdi:
– Xotin kimnikiligini men bunday bilib oldim: uni ertalab huzurimga chaqirib, “Siyohdonga siyoh quyib ber!” deb so‘radim. U siyohdonni oldi, uni chaqqonlik bilan yuvib-tozalab, so‘ng siyoh quydi. Aftidan, xotin bu ishni oldin ham qilib yurgan, shuning uchun bu ish unga uncha qiyin bo‘lmadi. Agar u dehqonning xotini bo‘lganida, bu ishni uddalay olmasdi. Demak, xotin olimga tegishli bo‘lib chiqdi.
Pullarni esa suvga solib qo‘ydim, ertalab qarasam, piyoladagi suvning beti top-toza. Agar bu pullar yog‘furushga tegishli bo‘lganida, suv yuzida moy dog‘lari paydo bo‘lardi. Demak, qassob to‘g‘ri gapirgan!
Ot kimga tegishli ekanligini aniqlash ancha og‘ir kechdi. Chunki cho‘loq ham sening otingni tanidi. Sizlarni otxonaga boshlab borganimda, men uchun sizlarning otni tanishingiz emas, balki otning sizlarni tanishi zarurroq edi! Sen yaqinlashganingda, ot boshini ko‘tarib senga intildi, cho‘loq unga yaqin kelganida esa ot quloqlarini chimirdi! Bunga ko‘ra, otning haqiqiy xo‘jayini sen eding!
Shunda shoh Boykos debdi:
– Men oddiy savdogar emasman, shu yurtning podshohi – shoh Boykosman! Odamlarning sen haqingda aytayotgan so‘zlariga o‘zim guvoh bo‘lish uchun bu yerga kelgan edim! Sening rostgo‘y qozi ekaningga butkul ishondim! Tila tilagingni, seni mukofotlayman!
Rostgo‘y qozi vazminlik bilan javob qaytaribdi:
– Menga mukofot kerak emas, janobi oliylari, ulug‘ shohimning maqtovlari men uchun eng oliy sharaf!

Rus tilidan Rahmat To‘la tarjimasi