Komil Afsaro‘g‘li. Oqlov (hikoya)

Xom g‘ishtdan tiklangan bir qavatli kommunal turar joy binosi qasabaga kiraverishda tik­langan edi. Uzoqdan qaraganda, stantsiyaning ehtiyot yo‘lagiga kiritib qo‘yilgancha esdan chiqarilgan vagonni eslatardi bu uy. Eshigi ensiz dahlizga qarab ochiladigan torgina pastqam xonalar vagon kupelaridan farqlanmasdi. Bu oshiyonlarda umr­guzaronlik qilayotganlar baayni g‘am-qayg‘udan yiroqdek ko‘rinar, har qanday qiyinchilik va mashaqqatga sabr qilib kelishar, bir-biriga aka-uka, opa-singildek mehribon edilar.
“Jildom” deya nom olgan bu miskin qarorgoh ahli ertangi kunga qandaydir umid bilan boqar, go‘yo bir kun kelib bu unutilgan “vagon-uy”ni chor tarafga pishqirib chopayotgan poyezdlar yorqin kelajak sari olib ketadiganga o‘xshardi.
Abutolib amaki ham urushdan qaytganidan beri shu yerda, “jildom” xonalarining birida tanholikda kun kechirardi. Bir eshikdan kirib chiqadigan qo‘shnimiz edi u kishi.
Azondan, parovoz pishqirig‘ini eslatuvchi bir ovoz meni uyqudan uyg‘otardi. Derazadan mo‘ra­laganimda, Abutolib amaki qo‘nji uzun etigini cho‘tka bilan ishqalab tozalayotgan bo‘lardi. Etigi yarqirab turgani uchun bir necha yeriga solingan yamoqni ham payqash qiyin edi. Shu tarzda har kuni ertalab Abutolib amakining ortidan termilgancha ishga kuzatardim. Tosh pillapoyalar osha pastlab tusharkan, avval qo‘nji uzun etiklari, to‘pponcha qistirilgan enli kamari, yelkalaridagi qizil po­goni, oxirida harbiycha qora telpagi ko‘rinmay ketar, xuddi yerga botib ketayotganga o‘xshardi. Shundan keyingina hovli bola-baqraning baqir-chaqiriga, shovqin-suroniga to‘lib toshardi. Gohida bolalarcha qiziqish bilan deraza osha Abutolib amakining xonasiga bo‘ylanardim. Surp parda tu­tilgan, nim qorong‘i, torgina xona menga xuddi ayiq yashaydigan ungurdek vahimali, shuningdek, allaqanday sirli va sehrli ko‘rinardi.
Enkavede — mahallamizda kattalar kasbi-ko­riga ko‘ra unga ana shunday laqab qo‘yishgandi. Biz bolalar orqavarotdan uni Enkavede amaki deb atardik. Bu laqabning ma’nosini tushunmasak-da, eshitganimizda nechukdir vahimaga tushardik.
– Kelyapti, Enkavede amaki kelyapti.
Klubga olib chiquvchi tosh zinapoyaning boshida turgan “soqchi”ning xitobi o‘yin bilan mashg‘ul bolalarnigina emas, qari tutning tagida gap sotib o‘tirgan xotin-xalajni ham in-iniga kiri­tib yuborardi.
Zinapoya ortidan avval Abutolib amakining qizil yulduz qadalgan qorako‘l telpagi, keyin tund basharasi, uzunasiga qirmizi tasma o‘tgan pogonlari, enli kamari, oxirida yarqirab turgan qo‘njli etiklari ko‘rinar, go‘yo yerdan o‘sib chiqa­yotganga o‘xshardi.
Qosh-qovoqli, yuzlari cho‘tir bu odam paydo bo‘­lishi bilan mahallamizdagi ob-havo tamomila o‘zgarardi. Jimlik cho‘kardi. U tengi kattalarning ham undan o‘zini olib qochishi bizning yuragi­mizdagi tahlikani yanada orttirardi. Murg‘ak tasavvurimizda bu odam uch boshli ajdar timso­lida joy olgandi. U uyiga kirishi bilan bola­larning ovozi tamomila o‘chardi. O‘ynayotgan o‘yinlarimiz ham chala qolib ketardi. Kattalar kechasi uxlamay xarxasha qilayotgan bolakaylarni Abutolib amakining oti bilan qo‘rqitishardi.
– Uxla, bo‘lmasa, Enkavedega aytaman, seni op­ketadi.
Nazarimizda, u chindan bolalarni o‘zining — uch boshli ajdar makoniga olib ketishga qodir edi. Hatto… bir gal olib ketdi ham. Kimni dey­sizmi? Zobuta xolaning o‘g‘li Farmon bezorini. Xabar mahallaga tezda yoyildi. Xotinlar chekka-chekkada o‘zlaricha visirlashardi:
– Bechora mujarradgina bola edi. Endi uni ni­ma qilisharkin?
– Enkavedega ham boqqan balo bordir.
– Yo‘g‘-e, u bechorayam nima qilsin. Ushla degan bo‘lsa, ushlab ketgandir-da!
Abutolib amakini oqlab gapirishganini ilk marta o‘shanda eshitganman. Farmon bir otliq che­garachining charm xurjunini o‘g‘irlab, undan o‘ziga etik tiktirgan ekan. Yana bir-ikki nojo‘ya ishlari bo‘lgan ekan, hozir aniq esimda yo‘q.
O‘sha kuni qari tutning tagida faqat Zobuta xola qolgandi. Abutolib amaki zinapoya boshida paydo bo‘lishi bilan Zobuta xolaning bombadek portlab, qiyomat ko‘tarishi bir paytga to‘g‘ri keldi.
– Sen bir yetimni qaqshatgan bo‘lsang, seni Xudoyim qaqshatsin! Otasi frontda dushmanga qarshi urushib, jon bergan. Senam o‘shanga o‘xshab mard, oriyatli bo‘lganingda qaytmasding. O‘sha yerda o‘zingni panaga olib yurgansan. (Biz u paytda Abutolib amakining badani dushman o‘qidan ilma-teshik bo‘lganini bilmasdik).
Zobita xola bisotidagi bor qarg‘ishlarini to‘­kib-sochardi. Abutolib ayolning diydiyosiga quloq solmay, bee’tibor o‘tib ketolmadi.
– Zobuta. Tushunsang-chi, o‘g‘lingdayam ayb bor-da! Maktabni bitirganiga ikki yil bo‘ldi, bir ishning boshini tutgani yo‘q. O‘g‘irlik, bezorilikdan bosh­qasini bilmasa. Uyam boshqalarga o‘xshab…
Zobuta xola uning og‘zidagisini yoqasiga yopish­tirdi:
– O‘v, menga qara. Enkavedemisan, go‘rmisan, yermisan! Sen farzand nimaligini qayerdan bi­larding? Na oilang, na bola-chaqang bor, Xudo qarg‘agan bepusht zormandasan!
Abutolib amaki ham undan bunchalik andisha­sizlikni kutmagandi, chamamda. U bir chayqalib, hatto yiqilib tushishiga ham oz qoldi. Ammo, hech narsa demay, og‘ir qadamlar bilan uyiga kirib ketdi.
Bir kuni yon qo‘shnimiz Murod akaning eshigi taqillab qoldi. Bu ovoz birgina meni uyg‘otib yubormagandi. Ammo, birov yurak yutib chiroqni ham yoqmadi, tashqariga ham chiqmadi. Murod aka­ning eshigini taqillatgan Abutolib amaki edi. Yonida qurollangan bir mirshab ham bor edi. Derazaga yaqin turishgani uchun ularning ovozini bemalol eshitish mumkin edi.
– Murod, tez kiyinib chiq, seni chaqirishyapti. Biz bilan ketishing kerak.
– Yarim kechasi-ya, tinchlikmi starshina?
Savolni bemavrid, noo‘rin sanagani uchunmi, Abutolib amaki indamadi. Bir ozdan so‘ng asta gap qotdi:
– Ustingdan chaquv bo‘lganga o‘xshaydi, oshna.
– Nimalar deyapsan, qanaqa chaquv? – Murod akaning ovozi titrab ketdi. Kimdir gugurt chaqib papiros tutatdi. Chamasi, Abutolib amaki bo‘lsa kerak, bir ikki marta ojiz yo‘talgani ham eshitildi.
– Zamon yomon, oshna, – afsusnamo ovozini eshitdim. – O‘zing bilasan-ku. Tushungan odamsan? Balki tilingga ehtiyot bo‘lmagandirsan? Og‘zingdan biror nojo‘ya gap chiqib ketgandir? Yo bo‘lmasa…
– Abutolib, urushda birga xizmat qilganmiz. Meni yaxshi bilasan-ku! Aldam-qaldam ishlarga aralashmasligimni ham bilasan, axir.
– Bilaman, oshna, bilaman. Hammasi esimda. Okopda bitta shinelga o‘ranib tong ottirganimiz ham esimda, harbiy qism orqaga chekinayotganda bitta o‘zing fashistlarning yo‘lini kesib chiq­qaningni ham unutganim yo‘q. O‘limdan ham qo‘rq­magansan o‘shanda.
Keyin jimlik cho‘kdi. Sukutni yana Abutolib amaki buzdi.
– Xuddi oradan besh yil emas, besh kun o‘tganga o‘xshaydi. Payti kelib, shunaqa paytda eshigingga kelishimni qayerdan bilay? Xizmatchilik-da, o‘zing bilasan-ku, meni kechir, oshna… Bo‘pti, biz bora­veramiz. Ertalab narsalaringni yig‘ishtirib, o‘zing borarsan. Issiqroq kiyimlaringni olishni unutma.
O‘sha kuni tong ham boshqacharoq otdi. Kat­talar u yer-bu yerda to‘plangancha pichirlashib nimalarnidir muhokama qilishar, ovozlarini chiqarishga ham qo‘rqishardi. Mahalla ahlining bu tushkun kayfiyati bizga — bolalarga ham ta’­sirini o‘tkazgan edi. Faqatgina Zobuta xolaning shovqini olamni buzardi:
– O‘z ko‘zlarim bilan ko‘rdim-a, tusingni yel ol­gur Enkavede, to‘rtta qurollangan mirshab bilan keldi. Murod bechoraning qo‘llarini orqasiga qayirib, chakkasiga miltiq tirab olib ketishdi-ya, uying kuygurlar. Hammasi o‘sha baloga uchragur Enkavedening ishi. Hali bu ketishda butun ma­hallani sotib, avaxtaga tiqadi bu odamfurush shipiyon.
– Yolg‘on, yolg‘on bu, unaqamas, Murod akaning qo‘­lini qayirib ketishmadi. Ertalab o‘zing borasan, deyishdi. Katta odamlar ham aldar ekan-da, – o‘zimni tutib turolmadim… Ammo, mening gapimga kim ham quloq solardi? Bir-ikkitasi turtkilab tanbeh bergan bo‘ldi:
– Tek o‘tirsang-chi, zumrasha, kattalarning ga­piga aralashma.
Keyin bir o‘zim bolalarni yig‘ib, kecha tunda eshitganlarimni ularga gapirib berdim. O‘sha vaqtlarda ko‘p narsaga aqlimiz yetmasa-da, shuni bilardikki, Abutolib amaki yomon odam emas, odamlarni ushlab kelishni buyuradigan, avaxtaga soladigan kattalar bor. Hammasiga aybdor ana o‘shalar. Bora-bora quvlashmachoq, bekinmachoq, urush-urush o‘ynayotganimizda klub binosiga olib chiqadigan zinapoya boshida soqchi qo‘ymaydigan bo‘ldik.
Bir kuni futbol o‘ynayotganimizda men tep­gan koptok to‘ppa-to‘g‘ri Abutolib amakining dera­zasiga urildi-yu, chilparchin qildi. Uyida ekan, bilmabmiz. Bolalar tum-taraqay bo‘lishdi. Men esa turgan yerimda toshdek qotgandim. Borliq o‘lik sukunatga cho‘mgandi. Nazarimda hozir Abutolib amaki qo‘lida to‘pponcha bilan chiqib keladigandek, kinodagi kabi qo‘limni qayirib olib ketadigandek edi. Ko‘zlarim jiqqa yoshga to‘lgan, ammo kipriklarim orasidan quyi oqishga ulgurmagandi.
Eshik ochilib, Abutolib amaki ko‘rindi. Qo‘­lida derazani sindirib kirgan koptok. Ohista menga yaqinlashdi va koptokni tutqazib, ortiga qaytdi. Keyin egilgancha yo‘lda sochilgan shisha siniqlarini terishga tushdi. Ko‘z yoshlarim yuzla­rimni yuvib, qo‘limdagi koptokni ham ivita boshlaganini keyinroq sezdim. Men sassiz, enti­ka-entika yig‘ladim, ammo bu yig‘i aslo qo‘rquv ni­shonasi emasdi.
Navro‘zdan uch-to‘rt kun avval shahardan usti yopiq, kumushrang, uzun avtodo‘kon kelardi. Uni mahalladagi kattayu kichik intizorlik bilan ku­tardi. Qishlog‘imizga bayramni ham o‘sha mashina boshlab kelardi, go‘yoki. Mashina kelib to‘xtashi bilan uning oldida Chinorquduqqa qadar uzundan-uzoq navbat paydo bo‘lardi. Mashinada yog‘, un, qand, guruch, turli matolar sotilardi. Aslida bu mollar o‘zimizning do‘konlarda ham bor edi. Ammo, kattalarning aytishicha, avtodo‘konda keladigan xonguruchdan damlanadigan palovning mazasi, hidi boshqacha bo‘larmish. O‘sha kuni Murod akaning oilasidagilardan boshqa hamma do‘kondan ul-bul xarid qildi.
Shu kuni butun mahallamiz bo‘ylab xonguruch palovining xushbo‘y hidi taraldi.
Bu yilgi Navro‘z mahallamizda avvalgidek fayzli, farahli emas, allaqanday so‘nik, sokin kechdi. Yer taqsimoti idorasida ishlaydigan Sho­mil otaning o‘g‘li Orif hovlida chordana qurib, tor chertib qo‘shiq aytmadi, buni hech kim undan iltimos ham qilmadi. Biz bolalar turli xil bayram o‘yinlarini ham o‘ynamadik.
Hamma bayramni o‘z uyida o‘zicha nishonladi. Biz ham oilamiz bilan dasturxon boshida yaxshi niyatlar qilib Yilboshini qarshi olayotgan edik.
Shu chog‘ deraza tagidan ikkita sharpa o‘tib ketdi. Ko‘p o‘tmay, eshigimiz ohista ochilib, xo­na­mizga ikkita qalpoq kelib tushdi. Onam kulim­siragancha qalpoqlarga shirinlik, qizilga bo‘yalgan tuxum solib, egalariga qaytardi. Murod akaning kichkina o‘g‘li ichkari kirib, hovliqqancha gapira ketdi.
– Dilora xola, otamni qo‘yvorishibdi. Boyagina uyimizga kirib keldi.
Bolaning quvonchi ichiga sig‘masdi. Bu xabarni eshitib, biz ham sevindik, albatta.
Garchi Murod akaning qaytganini butun mahalla eshitgan bo‘lsa-da, kech tushgani, hamma bayramni nishonlayotgani uchun “Karvon ko‘rdi”ni ertaga qoldirishgan edi.
O‘sha oqshom butun mahalla ahli bir umid chirog‘i yog‘dusida uyquga ketdi.
Zulmatga burkangan sukunat pardasini yarim tundagi qichqiriq yorib o‘tdi. Murod akaning eshi­gi oldida qurollangan mirshablar turishardi. Xo­tini, bolalarining yalinib-yolvorishiga hech kim quloq solmadi. Bechorani ensasiga miltiq tirab opketishdi. Bu safar Zobuta xola aytgandek, qo‘­lini orqasiga qayirib olishgandi.
O‘sha kechasi Abutolib amaki ishda edi. Odatda navbatchilikdan tong saharda qaytib kelardi. Negadir o‘sha kuni qaytmadi. Uning yo‘qligini hazm qilolmayotgandim. O‘yinga kirishib ketgan bo‘lsak-da, ora-sirada zinapoya tarafga qarab qo‘yardim. Xuddi zinapoya ortidan Abutolib amaki­ning yulduzli telpagi ko‘rinib qoladigandek edi. Kun bo‘yi uning yo‘lidan ko‘z uzmadim.
Kattalarning gaplariga quloq solib eshit­dimki, Navro‘z kuni kechqurun Abutolib amaki avaxtaning eshigini ochib, Murod akani chiqarib yuboribdi. Ertasi kuni mahbuslarni “etap”ga qo‘shib jo‘natishmoqchi ekan. Bechora oxirgi kun, ya’ni bayramni oilasi bag‘rida o‘tkazsin, de­gandir-da! Faqat shuning uchunmikan? Yo‘q, albatta. U Murod akani yaxshi tanirdi. Aybi yo‘q­liginiyam bilardi. Biz bolalar o‘zimizcha bir narsaga oydinlik kiritgan edik: agar hamma avax­taxonalarning kaliti Abutolib amakining qo‘lida bo‘lganda, u begunoh mahbuslarning hammasini uylariga qo‘yib yuborgan bo‘lardi…
O‘shandan beri Murod akani ham, Abu­tolib amakini ham hech kim ko‘rgani yo‘q. Faqat, Stalin o‘lganidan keyin oradan bir necha yil o‘tib, Murod akaning uyiga pochtadan bir parcha qog‘oz keldi. “Ishida jinoyat tarkibi bo‘lmagani sababli Murod Kozim o‘g‘li Murodov oqlansin (o‘limidan keyin)”.
Agar Abutolib amakining ham oilasi, biror yaqin odami bo‘lganida, unga ham ana shunday bir parcha qog‘oz jo‘natishardi, albatta. Faqat bitta narsadan tasalli topardik: biz bolalar Murod aka va Abutolib amakining ustidan ancha yil avval oqlov hukmini o‘qib bo‘lgandik…

Ozarboyjon tilidan Rustam Jabborov tarjimasi