Javoharla’l Neru. Bobur va Akbar («Hindistonning kashf etilishi» kitobidan)

Hindistonning birinchi Bosh ministri, Xalqlar o‘rtasida Tinchlikni saqlash Xalqaro Lenin mukofotining laureati Javoxarla’l Neru tavalludiga yuz yil to‘ldi. Shu munosabat bilan uning «Hindistonning kashf etilishi» asaridan parcha e’lon qilayotirmiz.

Bu kitob hibsga olinganimdan keyin, Yer kurrasining katta qismi urush girdobiga g‘arq bo‘lib turgan — 1944 yilda yozilgan edi. Kitobda mening o‘sha davrdagi kayfiyatim va fikr-o‘ylarim aks etgan. Unda asosan Hindistonning uzoq o‘tmishi qamrab olingan va shu boisdan u qadimiy mamlakat tarixini tushunib olishga birmuncha yordam berishi mumkin. Ehtimol, o‘quvchiga Xindistonning hozirgi avlodiga ta’sir ko‘rsatgan omillar haqida tasavvur berar.

…Men Hindistonning tarixini o‘rgandim, mo‘tabar qadimiy-adabiy yodgorliklarni o‘qib chikdim. Ularga singdirilgan tafakkurning qudratliligi, tilning boy va rang-barangligi, akl-zakovatning yarqiragan qirralari meni lol qoldirdi. Moziy davrlarda bu yerlardan o‘tib, sayohatnomalarini yozib qoldirgan xitoylik va o‘rta osiyolik buyuk sayyohlar bilan birgalikda Hindistonni kezib chiqdim.

Shunday qilib, ko‘z o‘ngimda Hindistonning yuksalish va inqirozga yuz tutish, g‘alabalar va mag‘lubiyatlarga to‘liq tarixining keng manzarasi namoyon bo‘ldi.

…Eramizning birinchi ming yilligi davomida Hindistonda yuksalish va pasayish davrlari, bosqinchilar bilan to‘qnashuvlar va ichki g‘alayonlar ko‘p bo‘lib turgan. Lekin shularga karamay, bu barcha yo‘nalishlarda taraqqiy etgan jo‘shqin va jadal milliy hayot davri edi. Yuksak madaniyat tufayli falsafa, adabiyot, drama, san’at gullab-yashnaydi, fan va matematika sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishiladi. Hindiston iqtisodiy jihatdan ravnaq topa boshlaydi. Istiqbolida yangi ufqlar ochiladi. Yangi-yangi mamlakatlar bilan aloqalar yo‘lga qo‘yiladi. Eron, Xitoy, O‘rta Osiyo bilan munosabatlar mustahkamlanadi…

Hindistonning turklar, afg‘onlar va mo‘g‘ullar tomonidan zabt etilishi uning O‘rta va G‘arbiy Osiyo bilan aloqalarining jadal rivojlanishiga olib kelgan. O‘n beshinchi asr (taxminan Yevropadagi Uyg‘onish davrida) Temuriylar davrida… Samarqand va Buxoroda madaniyat gullay boshladi. Ana shu muhitda yetishgan, Temuriylar sulolasining hukmdori Bobur o‘n oltinchi asr boshida Dehli taxtini egalladi. Ular Eron bilan juda yaqin munosabatlar o‘rnatgan edilar. Buyuk Mo‘g‘ul saroyida izzat-ikrom va e’tibor qozonish maqsadida chet ellardan ko‘plab olimlar va san’atkorlar kelib turishardi. Hindistonda hind g‘oyalari hamda fors an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan yangi me’morchilik san’ati kamol topdi.

Akbar Hindistonda buyuk Mo‘g‘ullar sulolasining uchinchi hukmdori edi. Aslida buyuk davlatni u birlashtirdi. Uning bobosi Bobur 1526 yilda Dehli taxtini egallagan bo‘lsa ham Hindistonga begona, musofir kishi edi. Bu mamlakatda o‘zini yot kishiday his qilardi. U shimollik edi: u yerda vatani — O‘rta Osiyoda Temuriylarning Uyg‘onish davri gullagan, eron san’ati hamda madaniyatining ta’siri juda kuchli edi. Boburga o‘rganib qolgan do‘stlar gurungi, do‘stona suhbatlar, Eron va Bag‘doddan keltirilgan nafis rohat-farog‘at anjomlari yetishmas edi. U shimol tog‘larining qor va muzliklarini, go‘shtli taomlarni, Farg‘onaning chamanzorlarini, mevalarini qo‘msardi. Biroq musofirlik jonidan o‘tib ketganda ham Hindistonni tengsiz go‘zal mamlakat deb hisoblagan. Bobur Hindistonga kelgach, to‘rt yildan keyin vafot etdi. Ko‘p vaqtini jangu jadallarga, konstantinopollik mashhur me’morning xizmatidan foydalanib, Agradagi hashamatli poytaxt kurilishiga bag‘ishladi. Bu Konstantinopolda buyuk Sulaymon podshohlik qilgan, shaharda ajoyib binolar kurilgan davr edi.

…Bobur dilbar shaxs, Uyg‘onish davrining tipik hukmdori, jasur va tadbirkor inson bo‘lgan. U san’atni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur kilishni yaxshi ko‘rardi. Uning nabirasi Akbar tag‘in ham dilovar, tag‘in ham ko‘proq fazilatlar sohibi bo‘lgan. U mard va dovyurak, iste’dodli sarkarda bo‘lish bilan birga muruvvatli va tanti, idealist va xayolparast, tashabbuskor, o‘z izdoshlarining cheksiz sadoqatini qozongan dohiy edi. Sarkarda sifatida u Hindistonning keng o‘ramini (territoriyasini) o‘ziga bo‘ysundirdi, ammo u qo‘ldan ketmaydigan boshqacha g‘alabani —

odamlarning qalbi va ongini zabt etishni orzu qilardi. Akbarning saroyida bo‘lgan portugaliyalik ruhoniylarning so‘ziga qaraganda, uning boqishlari kishini o‘ziga rom qiladigan jozibali, ko‘zlari esa «quyosh yog‘dusida porlovchi dengiz kabi nur sochib turgan». Akbar faqat siyosiy jihatdangina bitta davlatga birlashib qolmasdan, balki uzviy ravishda bitta xalq bo‘lib birlashgan yagona Hindiston haqidagi qadimiy orzuga ruh bag‘ishladi. O‘zining 1556 yilda boshlangan va uzoq davom etgan, deyarli ellik yillik hukmronligi davrida ana shu maqsad sari intildi. Boshqa hech kimga bo‘ysunmaydigan, mag‘rur rajput boshliqlarini o‘z tomoniga og‘dirdi. U, rajput qiziga uylangan bo‘lib, shu tariqa, o‘g‘li va taxt merosxo‘ri Jahongir yarim mo‘g‘ul (o‘zbek), yarim hind-rajput edi. Jahongirning xotini Shohjahon ham rajputlardan bo‘lgan. Shunday qilib, turk-mo‘g‘ul sulolasi irqiy jihatdan turk yoki mo‘g‘ullarga qaraganda hindlarga yaqinroq bo‘lib qoldi. Akbar rajputlar bilan faxrlanar, ma’naviy jihatdan o‘zini ularga yaqin hisoblar edi. Nikohlar, shuningdek, boshqa vositalar yordamida davlatini ancha mustahkamlashga xizmat qilgan rajput hukmron sinflari bilan ittifoq tuzdi. Undan keyingi hukmronlar davrida ham davom etgan bu mo‘g‘ul-rajput hamkorligi faqat davlat tuzumi, mamlakatni idora etish va qo‘shinlarga ta’sir etibgina qolmay, balki san’at, adabiyotda, Hindistonning butun hayotida chuqur iz qoldirdi. Mo‘g‘ul a’yonlari asta-sekin assimiliatsiyaga duchor bo‘ldilar, rajput va boshqa hindlarga fors madaniyati o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

Akbar atrofiga o‘zi va orzu-istaklariga sadoqatli ajoyib insonlar zumrasini to‘pladi. Ularning orasida mashhur aka-uka Fayzi va Abul Fazl, Bir Bal, roja Man Singx va Abdurahimxonlar bor edi. Uning saroyida turli diniy e’tiqoddagi kishilar, xonlar bor edi. Yangi g‘oyalarni o‘rtaga tashlagan yoki yangi kashfiyotlar qilgan zotlar uchrashar edilar. Uning turli qarashlarga erkin yo‘l qo‘yib berishi va har qanday e’tiqodni rag‘batlantirishi shu darajaga borib yetardiki, bundan o‘ta dindor musulmonlar g‘azabga kelishardi. U, hatto, barchaga mos keladigan yangi aralash din yaratish harakatida ham bo‘lgan. Xuddi uning hukmronligi davrida Shimoliy Xindistonda hindlar bilan musulmonlarning madaniy qo‘shilishi sezilarli darajada ilgariga qarab siljigan edi. Akbarning o‘zi, shubhasiz, hindlar o‘rtasida ham, musulmonlar o‘rtasida ham birday e’zozlanar edi. Mo‘g‘ul sulolasi haqikiy hind sulolasi sifatida chuqur ildiz otdi.

Akbarning turli bilimlarga havasi nihoyatda zo‘r, xoh diniy, xoh dunyoviy bo‘lmasin, doimo hodisalarning mohiyatini anglashga harakat qilardi. Texnik ixtirolar, harbiy ishlar bilan qiziqardi. Ayniqsa, jangovar fillarga ko‘proq e’tibor berardi, qo‘shinlarida ular asosiy o‘rinni egallardi. Uning saroyida bo‘lgan portugal ruhoniylari: «U faqat harbiy va siyosiy masalalardagina zukkolik ko‘rsatib kolmay, shuningdek, texnikaning turli sohalarida ham donishligini namoyish qilib, juda ko‘p narsalar bilan qiziqqan, ularni o‘rganishga intilgan, — deb guvohlik berishadi. — O‘zining bilimga chanqoqligidan, och qolgan kishi hamma ovqatni chaynamasdan liqqa-liqqa yutganiday, hammasini birvarakay o‘rganishga harakat qilardi».

Biroq, uning qiziquvchanligi bir qancha sohalarga yoyilmagani, oldida paydo bo‘lgan ba’zi juda muhim muammolarni tahlil etishga intilmagani kishini taajjublantiradi. Buyuk Mo‘g‘ul sifatida obro‘-e’tibor qozongani, quruqlikdagi davlat sifatida uning imperiyasi qudratli bo‘lgani bilan dengizda zaif edi. 1498 yilda Vasko da Gama «Yaxshi umid» burnini aylanib o‘tib, Kalikutaga yetib keldi. 1511 yili Albukerk Malakkani bosib olib, Hind okeanida Portugaliya hukmronligini o‘rnatdi. Hindistonning G‘arbiy qirg‘og‘idagi Goa portugal tasarrufiga o‘tib ketdi. Bularning hammasi portugallarni Akbar bilan yuzma-yuz to‘qnashuvga olib kelmadi. Biroq portugaliyaliklar dengiz orqali Makkaga yo‘l olgan, oralarida ko‘pincha hajga boruvchi imperator xonadoni a’zolari, a’yonlar bo‘ladigan hindlarni asir olib, ularning ozod etilishiga pul talab kilib, qamoqda saqlar edilar.

Akbar quruqlikda qancha qudratli bo‘lmasin, portugaliyaliklar dengizda ustun ekanliklari ravshan edi. Hindiston o‘tmishda ma’lum darajada dengiz yo‘llarini o‘z nazorati ostiga olgani tufayli ulug‘vorlikka va qudratga erishgan bo‘lsa-da, kontinental davlatning dengizdagi kuch-qudratiga yetarli e’tibor bermasligini tushunish qiyin emas. Akbar yangi-yangi yerlarni zabt etish bilan ovora edi, goh-goh uning kitiq patiga tegib tursalar-da, portugaliyaliklarga ahamiyat bermas, ular bilan shug‘ullanishga vaqti ham yo‘q edi. Bir paytlar kemasozlikni rivojlantirishni niyat qildi, ammo bunga dengiz qo‘shinlarini mustahkamlash emas, shunchaki ermak deb karadi. So‘ngra, mo‘g‘ul ko‘shinlari, boshqa hind davlatlari qo‘shinlari kabi artilleriya sohasida Usmonli turk imperiyasidan kelgan ajnabiy mutaxassislarga suyanar edi. Artilleriya boshlig‘i Rumixon unvoniga ega bo‘lardi (Rum — sharqiy Rim, ya’ni Konstantinopoldir). Mazkur chet ellik mutaxassislar mahalliy kishilarni harbiy ishga o‘rgatar edilar. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: nima uchun Akbar yoki boshqa kimdir o‘z fuqarolarini chet elga o‘qishga yubormagan, nima uchun uning o‘zi ilmiy-tadqiqot ishlarini rag batlantirish yo‘li bilan artilleriyani takomillashtirishga qiziqmagan?

Yana bir g‘oyat xarakterli holat. Ruhoniylar Akbarga bosma Tavrotni, shuningdek aftidan, bir qancha boshka bosma kitoblarni ham tortiq qilishgan. Nima uchun u o‘zining davlat ishlari, shuningdek, qanchadan-qancha tashabbuslariga katta naf keltirishi mumkin bo‘lgan kitob bosmasiga e’tibor bermagani bizga qorong‘u.

Yana bir misol — soat. Mo‘g‘ul aslzodalari o‘rtasida unga talab katta bo‘lgan. Soatlar portugaliyaliklar, keyinchalik esa inglizlar tomonidan Yevropadan keltirib turilgan. Chetdan olinadigan soatlar boy-boyonlarga mo‘ljallangan zebu ziynat buyumi hisoblanar, oddiy xalq esa quyosh, qum va suv soatlari bilan qanoatlanardi. Hatto prujinali soatlar tuzilishini bilib olib, ularni Hindistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga urinib ham ko‘rilmagan. Agar Hindistonda ko‘plab qo‘li gul hunarmand va ustalar borligi hisobga olinsa, texnikaga bu qadar qiziqmaslik kishini lol qoldiradi.

Akbar XVI asrda, Yevropada olg‘a harakat kiluvchi kuchlar, insoniyat hayotida inqilobiy yuksalish paydo bo‘lgan davrda yashadi. Bu kashfiyot tufayli Yevropa avval asta-sekin, keyin esa, jadal suratda ilgarilab ketdi, XIX asrda esa shunday sakrash qildiki, natijada yangi dunyo yaratdi. Yevropa tabiat kuchlarini jilovlab, ulardan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanayotgan bir davrda, og‘ir karvon va mudroq Osiyo og‘ir inson mehnatiga suyanib qaror topgan hayot tarziga amal qilib kelardi.

Buni qanday tushunish mumkin? Bu savolga bir xil javob berish qiyin, chunki Osiyo juda keng va xilma-xil. Har bir mamlakat, ayniqsa, Xitoy va Hindistonga o‘xshagan yirik mamlakatlar mustaqil tahlil etishni taqozo etadi. Xitoy, shubhasiz, o‘sha davrda ham, undan keyin ham ancha madaniyatli bo‘lgan, uning xalqi har qanday Yevropa xalqlariga nisbatan madaniyatliroq hayot kechirgan. Xindiston ham tashidan saroy hashamatini ko‘rsatibgina qolmay, balki savdo-tijorat, hunarmandchilik, xalq amaliy san’ati ravnaq topganligidan dalolat berib turardi. Yevropa mamlakatlari u yerga borib qolgan hindlar uchun ko‘p jihatdan qoloq va g‘arib ko‘rinishi mumkin edi. Shunga qaramasdan, Yevropada tobora aniqroq namoyon bo‘layotgan jo‘shqinlik Hindistonda mutlaqo sezilmasdi.

Taraqqiyot tashqaridan qilingan hujumga nisbatan ko‘proq ichki zaiflik tufayli inqirozga yuz tutadi. U, ma’lum ma’noda eskirib, o‘sib-o‘zgarib turgan dunyoga boshqa biron narsa berishga kurbi yetmasligi yoki uning vakili bo‘lgan xalq sifat jihatidan aynib, o‘ziga yuklatilgan vazifani sharaf bilan ado etishga yaramay qolishi sababli zaiflashib qolishi mumkin. Shunday bo‘lishi ham mumkinki, ijtimoiy tuzum olg‘a qarab harakat qilishga to‘g‘anoqlik qiladi va bu harakat to‘siq bartaraf etilgan yoki mavjud tuzumga qandaydir jiddiy sifat o‘zgarishi kiritilgandagina amalga oshadi. Hind taraqqiyotining tanazzulga uchragani turk va afg‘on istilosigacha yetarlicha aniq-ravshan edi. Istilochilar va ular keltirgan yangi g‘ovlarning ko‘hna Xindiston bilan to‘qnashuvlari yangi ijtimoiy voqea-hodisalarning paydo bo‘lishiga olib keldimi, shu bilan u aql-idrokni kishanlardan ozod qildimi, yangi kuch-g‘ayratlarga keng yo‘l ochib berdimi? Ma’lum darajada shunday bo‘ldi, san’at, me’morchilik, tasviriy san’at, muzika va turmush tarziga yangi ruh ta’sir etdi. Ammo bu ta’sir yetarli darajada chuqur bo‘lmadi, bir muncha yuzaki kechdi, ijtimoiy tuzum o‘zgarishsiz qolaverdi. Ba’zi masalalarda u hatto yana kamroq o‘zgaruvchan bo‘lib qoldi. Hindiston yevropacha ma’nodagi feodal mamlakat emas edi, lekin uning mudofaasining asosini tashkil etgan rajput urug‘ jamoalari o‘ziga xos feodal tartibiga ko‘ra tuzilgan edi. Mo‘g‘ullar davlati ham yarim feodal, ammo kuchli mustabid markazga ega bo‘lgan davlat edi. Bu monarxiya Rajputan feodalizmidan ustun turardi.

Agar Akbarning porloq va sinchkov aqli ijtimoiy masalalarga qaratilgan bo‘lganida, u jahondagi boshqa mamlakatlarda kechayotgan voqealarning mohiyatini tushunib yetishga harakat qilganida, ijtimoiy o‘zgarishlarga katta hissa qo‘shgan bo‘lur edi. Biroq u o‘z imperiyasini mustahkamlash bilan juda band edi, uning oldida ko‘ndalang bo‘lib turgan asosiy muammo beto‘xtov tarqalib borayotgan islom dinini milliy din va xalqning urf-odatlari bilan murosaga keltirish va shu yo‘l bilan milliy birlikka erishishdan iborat edi. U dinni aql-idrokka suyangan holda talqin qilishga urinardi, bir muncha vaqt hind voqeligini g‘oyat darajada o‘zgartirib yuborishga muvaffaq ham bo‘ldi. Ammo bunday masalaga bevosita yondashish odatdagicha muvaffaqiyat keltirmadi.

Shunday qilib hatto Akbar ham Hindistonning ijtimoiy hayotiga jiddiy o‘zgarishlar kirita olmadi, undan keyin esa, u yaratgan o‘zgarishlarga intilish muhiti va aqliy izlanishlar barham topdi, Hindiston yana o‘zining turg‘un, barcha yangiliklarga gung hayotiga qaytdi?

Akbar o‘z imperiyasini shunday mustahkam qurgan ediki, uning davlati uquvsiz vorislari davrida ham yuz yilcha yashadi. Deyarli har gal mo‘g‘ul sulolasining xukmdori vafotidan keyin taxtga da’vogarlar o‘rtasida markaziy hokimiyatga putur yetkazuvchi urushlar bo‘lib turdi. Lekin saroy mustahkamligicha qolar, ulug‘ mo‘g‘ullar butun Osiyoga va Yevropaga dovrug‘ taratgan edilar.

Anvar Karimov tarjimasi

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 11-son