Xo‘sh, hammasi nimadan boshlandi?
Bilmayman, bunga ancha bo‘lgan, hattoki, aniq vaqtini ham eslay olmayman. Men Portugaliyaning Eriseyra shahrida tug‘ilganman. Lissabondan uncha uzoq bo‘lmagan dengiz bo‘yidagi bu maskan o‘sha paytda baliqchilarning kichik bir qishlog‘i edi.
Otam siyosatni deb bizlarni tark etgach, oyim, xolam va men Frantsiyadan boshpana topdik; buvamni ham qaytib ko‘rmadim. Ayni urush tugagan yili edi, u o‘sha paytda qazo qilgan bo‘lsa kerak. Ammo men uni yaxshi eslayman, u baliqchi edi, menga ko‘p hikoyalar so‘zlab berardi, hozir esa portugalchani butunlay unutganman.
Onam ishlashga majbur bo‘ldi. Men uylarni ta’mirlash korxonasiga ishga kirdim, ishim yurishib ketdi. O‘sha paytlar el qatori yashardim: ishim bor, uylangandim, do‘stlarim ko‘p, ertangi kun haqida o‘ylamasdim. Meni na kasallik va na kulfat o‘ylantirardi, tinimsiz ishlardim, xolos, maoshim esa kam, qachondir taqdir menga kulib boqadimi-yo‘qmi, buni ham bilmasdim.
Keyinroq elektr sohasiga ishga o‘tdim: elektr simlarini tortardim, maishiy elektr jihozlari, yoritgichlarni o‘rnatardim, ularni ulab, o‘chirardim. Ishim zo‘r edi, o‘zimga ham yoqardi.
Bunga ancha bo‘ldi, ba’zan o‘zimdan chindan ham shunday bo‘lganmidi, deya so‘rayman; yo har kuni soat yettida uyga qaytib, eshikni ochishim bilan o‘z go‘shamning taftini sezgan, qulog‘imga bolalarimning quvnoq ovozlari eshitilib, xotinimga ko‘zim tushgach, u mening istiqbolimga chiqib, bo‘ynimga osilgan, tinkam qurigani sababli ovqatdan oldin o‘rnimga biroz cho‘zilib shiftga termilgan va unda ajabtovur ko‘lankalarni ko‘rgan paytlarimdagi tush emasmidi, deya xavotirlanaman. O‘shanda hech narsani o‘ylamasdim, meni na kelajak va na o‘tmish qiziqtirardi.
Endi-chi?
Eh, endi hammasi o‘zgarib ketdi. Eng yomoni, hammasi bir zumda sodir bo‘ldi. Aytishlaricha, korxona inqirozga uchrab, xo‘jayin bo‘ynigacha qarzga botgan, hamma narsa garovga qo‘yilgach, juftakni rostlagan, oqibatda uch oylik maoshimiz xo‘jayinning gardanida qoldi. Buning ustiga u yangi bir buyurtmaning haqini oldindan olgan ekan. Gazetalarda u haqda yozishdi, ammo uni qaytib ko‘rmadik – na o‘zini, na pulni. Hammamiz xuddi jarlikka qulagandek edik. Qolganlarga nima bo‘lganini bilmayman, nazarimda, ular boshqa yoqlarga ketishdi, chunki ularning yordam beradigan yor-birodarlari bor edi. Avvaliga hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, deb o‘yladim, osongina biror ish topsam kerak dedim, ammo ish degani topilmasdi, chunki korxona egalari oilasiz odamlarni, asosan, ajnabiylarni yollashar, mabodo biror kor-hol bo‘lib qolsa, ulardan qutulish oson edi. Elektr sohasidagi ishga kelsak, mening diplomim yo‘q, hech kim meni diplomsiz ishga olmasdi. Oylar o‘tar, biroq omadim hech yurishmasdi; uyda qozon qaynamay qolgan, o‘g‘limning o‘qishiga to‘lashga pul yo‘q, xotinimning sog‘ligi yomonligi uchun ishga yaramas, hatto doriga ham pul topolmasdim. O‘sha paytda do‘stlarimdan biri uylandi va men uning o‘rniga uch oy Belgiyada turib, domna pechlarida ishladim. Bu ish og‘ir edi, men mehmonxonada yolg‘iz yashardim. Yaxshigina pul topib, “Pejo” rusumli kichikroq yuk mashinasi sotib oldim, hozir ham uni haydab yuribman. O‘sha paytlarda miyamga mashinamda qurilish maydonlariga yuk tashish yoxud bozorlarda meva-cheva olib-sotish bilan shug‘ullanishim mumkin-ku, degan fikr keldi. Biroq bu qiyin edi, yonimda hemiri ham yo‘q, hatto ishsizlik uchun oladigan nafaqamdan ham ayrilgandim. Oilam och qoldi – xotinim, bolalarim ochdan o‘lishlari mumkin edi. Ana shunda bir qarorga keldim. Boshida bu ish vaqtincha, ozgina pul topgach, tashlayman, faqat sabr qilsam, bas, dedim. Ammo, mana uch yildirki, bu ish davom etmoqda, endi bu yog‘iga ham biror narsaning o‘zgarishiga amin emasman.
Agar xotinim va bolalarim bo‘lmaganida, bu yerlardan bosh olib ketgan bo‘lardim, Kanadagami, Avstraliyagami, farqi yo‘q, bu bilan o‘z hayot tarzimni o‘zgartirgan bo‘lardim…
Ular-chi, ular bilishadimi?
Bolalarimmi? Yo‘q, ular hech nima bilmaydi, ular juda yosh, otalari o‘g‘ri ekanligini aytib bo‘ladimi?! Boshida xotinimga ham bildirmoqchi emasdim. Men unga tungi qurilishda qorovul bo‘lib ishlayapman, dedim, ammo u uyga televizor, musiqiy markaz, maishiy ro‘zg‘or buyumlari, seyf, taqinchoq va boshqa buyumlar olib kelayotganimni ko‘rib turardi. Bu matohlarning hammasini garajda saqlardim. Xotinim baribir shubhalanib qoldi. U bu haqda menga hech nima demadi-yu, ammo sezganini bilardim. Nima ham deya olardi? Ish shu darajaga borib yetdiki, bizning yo‘qotadigan hech narsamiz qolmadi, yo shunday yashash kerak, yo ko‘chada tilanchilik qilishga to‘g‘ri kelardi.
Omadim chopib o‘sha paytda bir yaxshi xaridor topdim, u qaltis ishga qo‘l urmay mo‘maygina pul topardi. Shaharda uning katta maishiy elektron jihozlar do‘koni va qayerdadir – bilishimcha, Parij atrofida – kamyob buyumlar do‘koni bor edi. U o‘g‘rilik mollarni suv tekinga sotib olardi. Buyumlarga yaxshiroq haq to‘lardi-yu, biroq duch kelgan narsani olavermasdi, aytishicha, bu qaltis ish emish. Bir kuni u mening ko‘hna osma soatimni olmadi, chunki bunday soatlar dunyoda uch-to‘rtta ekan, qo‘lga tushib qolishdan qo‘rqdi. Shunda men soatni xotinimga berdim, u xotinimga yoqmadi, shekilli, bilishimcha, bir necha kun o‘tib soatni chiqindilarga qo‘shib tashlab yuboribdi. Balki u ham qo‘rqqandir.
Ha, o‘sha kuni garajda mashinamdan narsalarni tushirayotgan paytimda xotinim kirib keldi. Jilmayib tursa-da, aslida g‘amgin edi. “Bu xatarli emasmi?” deb so‘ragani yodimda. Uyalib ketdim va undan chiqib ketishini so‘radim, chunki o‘sha damda xaridorim kelishi kerak edi va u xotinimni ko‘rishini istamasdim. Boz ustiga bolalarim ham buni bilib qolishidan qo‘rqardim, chunki ular hali go‘dak edi. Ular meni avvalgidek ishlaydi, deb o‘ylashardi.
Men farzandlarimga endi tunda ishlayman, shuning uchun kechqurun ketishim, kunduzi esa biroz mizg‘ib olishim zarur, degandim.
Senga shu hayot yoqadimi?
Yo‘q, o‘zimga ham yoqmaydi. Ammo na iloj.
Sen har kuni kechqurun chiqib ketarmiding?
Ishga qarab. Bu joyga ham bog‘liq. Shunday dahalar borki, yozda hech kim bo‘lmaydi. Ba’zilari qishda bo‘m-bo‘sh yotadi. Ba’zan uyda uzoq qolib ketar, ko‘chaga ham chiqmasdim, chunki hushyorlik kerak, bunday paytlar xatarli ekanligini yaxshi bilardim. Ammo ba’zan oilam pulga muhtojlik sezardi, kiyim-kechak, dori-darmon deganday. Yotoq uchun, elektr to‘lovlari uchun ham pul kerak bo‘lardi. Men bu vaziyatdan chiqishim kerak edi. Ko‘proq o‘liklarni qidirar edim.
Murdalarni?!
Ha, bilasanmi, gazetadan biror badavlat kishining vafot etganini bilib olasan, so‘ng dafn kuni bemalol uning uyini tunashing mumkin, chunki hamma qabristonga ketgan bo‘ladi.
Odatda har doim shunday qilasanmi?
Har doim ham bir xil emas. Tunda uzoq dahalarda ishlasam, o‘zimni bexavotir sezaman. Ba’zan kunduzlari ham ishlayman, to tushgacha. Lekin kunduzi ishlashni yomon ko‘raman, ko‘pincha qosh qorayishini kutaman, tong-sahar eng qulay payt, chunki ko‘chada hech zog‘ bo‘lmaydi, hatto mirshablar ham uxlaydi. Ammo men hech qachon odam bor uyga kirmayman.
Odam bor-yo‘qligini qayerdan bilarding?
Mening o‘rnimda bo‘lsang, bilasan, bu shundoqqina ko‘rinib turadi. Ostonadagi chang, to‘kilgan barglar yoki pochta qutisidan olinmagan gazetalar ham uyning kimsasizligidan darak beradi.
Eshikdan kirasanmi?
Oson bo‘lsa, ha, qulfni buzaman yoki yasama kalitlardan foydalanaman. Agar eshikdan kirib bo‘lmasa, derazadan kiraman. Doim yonimda olib yuradigan to‘qmoqcha bilan deraza oynasini sindirib, ichkariga kiraman. Avvalo, iz qoldirmaslik va jarohatlanmaslik uchun qo‘lqop kiyib ishlayman.
Ogohlantirish qo‘ng‘iroqlari bo‘lsa-chi?
Agar qo‘ng‘iroqni o‘chirish qiyin bo‘lsa, tegmayman. Ko‘pincha ularni uzish qiyin emas. Bir qarashdayoq bilasan, simlarni uzib qo‘ysang, bas.
Odatda nimalarni o‘g‘irlaysan?
Bilasanmi, notanish uyga kirganingda, avvalo, u yerdan nima topishingni bilmaysan. Seni sezib qolmasliklari uchun tez ishlashing kerak. Yaxshi sotiladigan va muammo tug‘dirmaydigan narsalarni, masalan, televizor, musiqiy markaz, maishiy ro‘zg‘or buyumlari, seyf, yaltiroq narsalar va portretlar, vazalar, haykalchalarni olishing kerak.
Tilla taqinchoqlar-chi?
Yo‘q. Odamlar taqinchoqlarini ko‘zga ko‘rinadigan joyga tashlab ketmaydi. Vinolarni olishing mumkin, chunki ular doim xaridorgir. Yana odamlar yerto‘laga uncha e’tibor bermaydi, hatto ehtiyot yuzasidan ham u yerga qulf osmaydi, u yerda nimalar bo‘layotganiga qiziqmaydi ham. Tezda hamma narsani yig‘ib juftakni rostlash kerak. Baxtimga mashinam bor, agar u bo‘lmaganida men bu ishlarni uddalay olmasdim. Biror jinoiy guruhga qo‘shilib, bosqinchiga aylanardim, to‘g‘rimi? Ammo bu menga to‘g‘ri kelmasdi, chunki, bilishimcha, ular muhtojlikdan emas, ermak uchun, boylik orttirish maqsadida o‘g‘rilik qilishadi, birdaniga katta-katta o‘g‘irlashadi, men esa kun ko‘rish uchun o‘maraman, xotinim va bolalarim och qolmasligi, yaxshi kiyinishlari, bilim olishlari, yaxshi kasb egasi bo‘lishlari uchun o‘g‘rilik qilaman. Agar ertaga biror ish topsam, barini bas qilib, yana uyimga xotirjam qaytaman, oqshomlari ovqatlanishdan oldin o‘rnimga cho‘zilib shiftdagi ko‘lankalarga boqaman, hech nimani o‘ylamayman, kelajagimdan qo‘rqmayman…
Hozir esa hayotim bo‘m-bo‘sh idishga, ortida hech narsa yo‘q pardaga o‘xshaydi. Nazarimda, uylar, odamlar, mashinalar – bari yasama, payti kelib kimdir menga bular quruq masxarabozlik, egasiz narsalar deyishi mumkin. Shunday ekan, bu haqida o‘ylamaslik uchun peshindan keyin ko‘chaga chiqib ketaman va boshim oqqan tomonga yuraman, yuraveraman, quyosh charaqlab turibdimi, yomg‘ir yog‘ayaptimi – menga farqi yo‘q, o‘zimni begonadek his qilaman, go‘yoki endigina poyezddan tushganmanu, shaharda hech kimni tanimayman.
Do‘stlaring-chi?
Eh, do‘stlarmi, ular boshingga biror kulfat tushsa, ishingdan ayrilsang, puling yo‘qligini bilib qolishsa, biroz mulozamat qilib turishadi-yu qochishadi. Pul so‘rashingdan qo‘rqadilar, keyin u yog‘i o‘zingdan qolar gap yo‘q. Boshida ahamiyat bermaysan, bir kun keladiki, atrofingda hech zog‘ qolmaydi, hech kim seni tanimaydi ham… Chindan ham o‘zingni xuddi begonadek, endigina poyezddan notanish shaharga tushgandek his qilasan.
Hammasi oldingidek izga tushib ketadi deb o‘ylaysanmi?
Bilmadim, ilgari men bu omadsizlik o‘tib ketadi, yana g‘isht terishmi, montyorlikmi, ilgarigi o‘z ishimga qaytaman, deb umid qilardim…
Ba’zan esa o‘zimga o‘zim, bu hech qachon tugamaydi, deyman. Chunki boylar qashshoqlarni bir chaqaga olmaydi, ularning ustidan kuladi, xolos, sovuq uylariga yashirilgan seyfdagi pullarni faqat o‘zlari uchun yig‘adi. Kun ko‘raman desang, non topaman desang, ularning uyiga kirishing, oladigan narsangni o‘z qo‘ling bilan olishing kerak.
O‘g‘ri bo‘lib qolganingni sezganingdan keyin nima o‘zgardi?
Ha, menga nimadir bo‘ldi, tomog‘imga nimadir tiqildi, hayotdan to‘ydirib yubordi. Bilasanmi, uyga kechki ovqat mahali qaytganimda, sovib qolgan sendvichni yeb, televizor ko‘ramanu, yonimdagi bolalarim hech narsa demaydi. Ilgarilari sira bunday emasdi. Xotinimga har qaraganimda, u hech narsa demasa-da, ko‘rinishi horg‘in, ko‘zlari nursiz va g‘amgin tuyuladi, ana shunda u mendan birinchi marta “Bu ishing xatarli emasmi?” deb so‘ragani yodimga tushadi. Men uni aldagandim – “Yo‘q”, deb javob bergandim, aslida bu ish falokatli ekanini, tashvish keltirishini bilardim. Uch-to‘rt marotaba shundoq bo‘lishiga bir bahya qolgan. Odamlar menga qarab o‘q uzdilar. Men qop-qora kiyingan edim, bosh kiyimim, qo‘lqoplarim ham qora, boz ustiga hammayoq zimiston edi. Baxtimga o‘q menga tegmadi. Ammo bir kuni falokat ro‘y berishini bilaman, balki bugun tunda, balki ertaga, yana kim bilsin…
Balki meni tutib olishar, turmada ham o‘tirib chiqarman yoki o‘qlarga chap berolmay, o‘lib ketarman…
Faqat xotinimni o‘ylayman, o‘zimnimas, chaqachalik qadrim yo‘q. Men faqat xotinim haqida o‘ylayman, bolalarim haqida ham, ularga nima bo‘ladi, ular haqida kim jon kuydiradi?
Hali Eriseyrada yashagan paytlarimda buvam menga aytib bergan qo‘shiq yodimga tushadi. Nima uchun aynan shu qo‘shiqni eslayman, boshqasini emas, deb o‘zimdan so‘rayman, taqdir degani shudir balki. Oz-moz bo‘lsa ham portugalchani tushunasanmi? Bu qo‘shiq shunday kuylanardi, eshit:
O ladraõ, ladraõ
Que vida e tua?
Comer e beber
Passear pela rua.
Era meia noite
Quando ladraõ veio
Bateu tres pancadas
A’porta do meio*.
Frantsuz tilidan Rahima Shirinova tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 4-son
___________________
* Eh, o‘g‘ri, o‘g‘ri!
Shumi sening hayoting?
Emak, ichmak dardida
Ko‘cha daydish odating.
Tun qoq yarim bo‘lganda
Nasibangni terasan.
Omad degan eshikka
Tinmay zarba berasan. (Mutarjim tarjimasi).