Georgiy Skrebitskiy. Uzunquloq (hikoya)

Ov qilishni juda erta boshlaganman. O‘n to‘qqiz yoshga to‘lganimda otam menga miltiq sovg‘a qilgandi. O‘zi bilan o‘rmon, to‘qayzorlarga olib ketardi.
Bir yili kuzda ovga otlandik. Aravada yonma-yon o‘tirgancha o‘rmon oralab borardik. Yo‘l boshdan-oxirigacha sariq barglar bilan qoplangandi: xazonlar qalin va qavat-qavat bo‘lib yotar, oyoq ostida shitirlardi. Ro‘paramdagi barglar to‘lqinini quvlab borarkanman, birdan xazonlar orasida nimadir qorayib turganini ko‘rib qoldim. Engashib qarasam, quyoncha, shunaqayam jajjiki! Hayratim ortdi: axir, shu yergacha kelgan arava qanday qilib uni bosib ketmadi ekan?
– Qani, beri kel-chi, – dedim unga, – ko‘rinib turibdi, omadli ekansan!
Qo‘limga olgandim, kaftimga o‘rnashib o‘tirib oldi, titraganidan qochishga ham chog‘lanmasdi. Uyga olib ketaman, bo‘lmasa nobud bo‘ladi, deb o‘yladim. Juda kech tug‘ilgan ekan-da. Axir, yaqinda qish kelsa, bechora muzlab qoladi yoki tulkilarga nonushta bo‘ladi.
Ov xaltamni barglar bilan to‘ldirib, quyonchani soldim va uyga olib keldim. Onam qaynatilgan sut quyib siyladi. Lekin u ichmadi – kichkina-da, eplolmadi. Shunda sutni shisha idishchaga quyib, ustiga so‘rg‘ich kiygizib, quyonchaga tutdik. So‘rg‘ichni ham so‘rmadi. Onam sut tomizib, quyonchaning burniga tekkizgandi, hidni bilib og‘zini ochdi. Keyin so‘rg‘ichni og‘ziga tiqdik. Quyoncha gupillatib so‘rib, idishchadagi sutning hammasini ichib qo‘ydi. Shunday qilib, yangi mehmon biznikida yashay boshladi. Xonalarda sakraydi, hech kimdan qo‘rqmaydi.
Oylar o‘tdi… Quyonimiz katta bo‘lib qolgandi. Unga Uzunquloq deb ot qo‘ydik. Pechkaning tagida yotishga odatlangani uchun, nimadandir qo‘rqsa, to‘g‘ri o‘sha yerga kirib ketardi. Biz bilan Uzunquloqdan tashqari yana qari mushuk Ivanich va ovchi it Jek yashardi.
Ular juda yaqin do‘st edi. Bir idishdan ovqatlanishar, hatto birga uxlashardi. Qishda, uy sovuq bo‘lganida Ivanich Jekning to‘shakchasiga kelib o‘rnashardi-da, koptokka o‘xshab yumaloqlanib olardi. Mana, Jek hozir u bilan: burnini Ivanichning qorniga tirab tumshug‘ini isityapti, uning issiq-issiq nafas chiqarishidan Ivanich ham mamnun.
Uyda quyon paydo bo‘lgach, Ivanich unga e’tibor qilmadi, Jek esa boshida biroz bezovtalandi, lekin tez orada ko‘nikib qoldi: keyin bo‘lsa hammalari inoqlashib ketdi.
Ayniqsa, kechqurun pechka yoqilganda inoq bo‘lib ketishardi. Hozir hammasi olov qarshisida – isinishyapti. Xona ichi qorong‘i, devorlarda pechkadan taralayotgan qizg‘ish shu’lalar yuguradi, ularning ketidan qora soyalar chopadi. Xonadagi hamma narsa qimirlayotgandek tuyuladi: stol ham, stullar ham jonlangandek. Pechkada o‘tin charsillab yonadi, tillarang uchqunlar uchib chiqadi. Pechkaning turli tomonida turgan do‘stlar cho‘chib tushadi va bir-biriga ajablanib qaraydi: “Nima bo‘ldi?” Keyin tinchlanib yana olovga tikilishadi.
O‘ynashadi. Doim shunaqa: mana, ular uchalasi ham birga yotibdi. To‘satdan Ivanich qo‘li bilan Uzunquloqni ohista uradi! Tegmadimi, yana… Quyon yota-yota, birdan irg‘ib turib qocha boshlaydi. Ivanich uning ortidan quvadi, Jek esa Ivanichning orqasidan chopadi. Shunday qilib xonada quvdi-quvdi boshlanadi. Bezor bo‘lgach, quyon pechkaning tagiga kirib ketadi, shunday qilib o‘yin ham tugaydi.
Uxlashga kelganda esa Uzunquloq izlarini adashtiradi. Quyonlarning odati bu: har tomonga, ba’zan o‘ngga, ba’zan to‘g‘riga qochadi. Agar quyonning qordagi izlariga qarasangiz, qayoqqa ketganini topolmaysiz. Bunday izlar “quyon halqalari” deyiladi. Ovchi it u yoqdan-bu yoqqa yurib izlarni iskab aniqlaguncha, quyon buni allaqachon payqab qochib qolgan bo‘ladi.
Mana, bizning Uzunquloq ham har kuni hammadan ilgari pechka ustiga chiqib izlarini chalkashtirishga urinadi. Xona ichida oldinga, orqaga sakrab izlarini ajratadi, gilamda yotgan ovchi it Jek esa iskaydi-da, unga bir ko‘zi bilan qarab go‘yo ahmoq quyonning ustidan kuladi.
Shu tariqa Uzunquloq qish bo‘yi biznikida yashadi. Bahor ham keldi – qadrdon, iliqqina. Yashil maysalarning chiqqanini payqamay ham qolibmiz. Biz Uzunquloqni o‘rmonga, erkinlikka qo‘yib yuborishga qaror qildik. Uni savatchaga solib o‘rmonga ketdim, do‘stini kuzatib borar deya Jekni ham o‘zim bilan olvoldim. Ivanichni ham savatchaga joylamoqchi bo‘ldim-u, qarasam ko‘tarib ketishga og‘irlik qilarkan: uni uyda qoldirdim.
O‘rmonga yetib borgach, Uzunquloqni savatchadan olib, maysalar ustiga qo‘ydim. U bo‘lsa nima qilishini bilmay, qochmay, quloqlarini qimirlatardi. Jek quvlashmachoq ishtiyoqida. Uzunquloq esa hech qayoqqa qochmay, buta atrofida aylanar, Jek ham o‘zini uydagidek tutardi.
Axir, butaning atrofida quvlashmachoq o‘ynash uydagidan ko‘ra yaxshiroq-ku, deb o‘yladim men.
Qalpog‘imni silkib baqirdim:
– O‘rmonga yugur, g‘ilay! Nega bu yerda o‘ralashyapsan!
Uzunquloq qo‘rqib o‘rmonga qochdi, Jek esa uning ortidan ketdi.
Men kutib turardim. Jek qaytmayotgandi. Birdan o‘rmondan quyonning nolasi eshitildi. Nolishlar to‘xtamagach, o‘sha tomonga yugurdim. Qarasam, Jek Uzunquloqni tishlab turibdi.
Yordamga oshiqdim.
– Tashla! Nima qilyapsan? Axir, bu o‘zimizning Uzunquloq-ku!
Jek bo‘lsa “Senga o‘lja tutib kelsam-u, menga baqirasan!” degandek dumini likillatardi. Uzunquloqni tanimay, yovvoyi quyon deb tutib kelgani ko‘rinib turardi.
Quyonni maysaga qo‘yib yubordim, so‘ng Jekning bo‘ynidan ushlab turdim.
Nazarimda, quyon bu yerda it bilan o‘ynab bo‘lmasligini tushundi. Quloqlarini dikkaytirib butalar orasiga kirib ketdi.

Shahnoza Rayimova tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 5-son