Ernest Xeminguey. Yomg‘irda qolgan mushuk (hikoya)

 

Mehmonxonada bor-yo‘g‘i ikki nafar amerikalik bor edi. Ular o‘z xonalariga chiqib ketayotganlarida zinada uchragan odamlarning birontasini tanimasdilar. Ularning xonasi ikkinchi qavatda joylashgan bo‘lib, derazalaridan dengiz ko‘rinib turardi. Undan tashqari odamlar dam oladigan bog‘ bilan urush qurbonlari xotirasi uchun o‘rnatilgan yodgorlik ham ko‘zga tashlanardi. Bog‘da baland-baland palmalar o‘sar, bu daraxtlarning tagida yashil rang o‘rindiqlar bor edi. Havo ochiq kunlari u yerda doim biron-bir molbertli rassom o‘tirgan bo‘lardi. Musavvirlarga palmalar bilan derazalari bog‘ va dengizga qaragan mehmonxonaning muhtasham ko‘rinishi yoqardi. Italiyaliklar urush qurbonlari xotirasi uchun o‘rnatilgan yodgorlikni ziyorat qilgani uzoq-uzoqlardan kelishardi. Bronzadan ishlangan bu haykal yomg‘irda yaltillardi. Yomg‘ir yog‘moqda edi. Sharros quyayotgan yomg‘ir suvlari palma yaproqlaridan shir-shir oqib tushardi. Shag‘al to‘shalgan yo‘lkalarda xalqob-xalqob ko‘lmaklar hosil bo‘lgandi. Yomg‘ir ostida to‘lqinlar uzun tasma hosil qilib qirg‘oqqa borib urilib, parcha-parcha bo‘lib sochilib ketar, so‘ng orqaga qaytib yana yomg‘ir ostida oldinga yugurar hamda qirg‘oqqa to‘sh urib osmonga sapchirdi. Yodgorlikka yaqin maydonchada bitta ham avtomobil yo‘q edi. Ro‘paradagi qahvaxonaning eshigi oldida turgan ofitsiant ayol bo‘m-bo‘sh maydondan ko‘z uzmasdi.
Amerikalik ayol oynadan bog‘ni tomosha qilardi. Shundoqqina derazalari tagida, yomg‘ir suvi tomchilayotgan yashil stol ostiga bir mushuk yashirinib olgan edi. Jonivor badaniga suv tushmasin uchun g‘ujanak bo‘lib olgandi.
– Men pastga tushib mushukni olib chiqaman, – dedi amerikalik ayol.
– Men tushib chiqa qolay, – dedi karavatda yotgan eri.
– Yo‘q, o‘zim tushaman. Bechora! Yomg‘irdan qochib stol tagiga kirib olganini-chi.
Eri ustma-ust qo‘yilgan ikkita yostiqqa suyanib olgancha kitob o‘qirdi.
– Ehtiyot bo‘l, yomg‘irda qolib ivib yurmagin tag‘in, – dedi u. Ayol zinadan tushib, vestibyuldan o‘tib borayotganda. Mehmonxonaning xo‘jayini o‘rnidan turib ayolga ta’zim qildi. U o‘tirgan xona vestibyulning narigi kunjagida joylashgan edi. Mehmonxona xo‘jayini baland bo‘yli mo‘ysafid edi.
– Il, piove[1],  – dedi amerikalik ayol.
U mehmonxona xo‘jayinini o‘ziga yaqin olardi.
– Si, si, xonim. Brutto tempo[2].  Bugun havo juda chatoq.
U kunjakdagi nimqorong‘i xonaning oldida turardi. U ayolga yoqar edi. Unga shikoyatlarini tinglayotgan mahal o‘zini haddan ziyod jiddiy tutishi yoqardi. Uning nuroniy chehrasi yoqar edi. Ko‘nglini topishga harakat qilishlarini yaxshi ko‘rardi. Mehmonxona xo‘jayini degan nomiga sirayam dog‘ tushirmaslikka intilishi yoqardi. Uning qarimsiq, vazmin yuzi va katta qo‘llar yoqar edi.
Shularni ko‘nglidan kechirgancha ayol ko‘cha eshik yoniga bordi. Eshikni ochdi-da, boshini chiqarib hovliga qaradi. Yomg‘ir yanayam kuchaygan. Rezina plash kiyib olgan bir yigit bo‘m-bo‘sh maydon bo‘ylab qahvaxona tomon kelardi. Mushuk shu yaqin atrofda, chamasi o‘ng tomonda bo‘lishi kerak. Balki peshtoq ostidan borsa bo‘lar. Ayol ostonadan endi chiqib turganida birdan shirq etib boshi uzra shamsiya ochildi. Uning ortida xonalarini supurib tozalaydigan xodima turardi.
– Yomg‘irda ivib yurmang yana, – dedi u jilmayib italyan tilida. Uni shak-shubhasiz mehmonxona xo‘jayini yuborgan.
Amerikalik ayol boshi uzra shamsiya ko‘targan mehmonxona xodimasi bilan birga derazalari tagidan o‘tgan yo‘lkadan yurdi. Yomg‘ir yuvgan yashil stol joyida turibdi, lekin mushuk ko‘rinmasdi. Amerikalik ayolning hafsalasi pir bo‘ldi. Xodima unga yuzlandi.
– Ha perduta, qualque cosa, xonim?[3]
– Hozirgina shu stol tagida mushuk turgandi, – dedi amerikalik ayol.
– Mushuk?
– Ha, ha, mushuk. Si, il gatto[4].
– Mushuk? – xodima kulib yubordi. – Yomg‘irda qolgan mushukmi?
– Ha, – dedi amerikalik ayol, – shu yerda – stol ostida edi. Uni biram ko‘targim, biram erkalagim keluvdi.
Ayol ingliz tilida gapirayotganida xodimaning afti bujmayardi.
– Yuring, xonim, – dedi u, – yaxshisi, qayta qolamiz… Ivib ketdingiz.
– Nachora, yuring, – dedi amerikalik ayol.
Ular mayda shag‘al to‘shalgan yo‘lka orqali izlariga qaytishdi va binoning ichiga kirishdi. Xodima soyabonni yopish uchun bo‘sag‘ada qoldi. Amerikalik ayol vestibyuldan o‘tib borayotganda xonasida o‘tirgan padrone[5]   odati bo‘yicha o‘rnidan turib, ta’zim qildi. Ayolning beixtiyor o‘pkasi to‘lib, tomog‘iga bir nima tiqilgandek bo‘ldi. Radroneni ko‘rganda u o‘zini juda ojiz, lekin ayni choqda hurmat-e’tiborga loyiq xonimlardek sezardi. Hozir esa bir zumga favqulodda hurmatga sazovor ayol ekanini his qildi. U zinapoyadan asta-asta chiqib, xonalarining eshigini ohista ochib, ichkariga kirdi.
Jorj hamon karavotda kitob o‘qib yotardi.
– Xo‘sh, mushukni olib keldingmi? – deb so‘radi u kitobdan bosh ko‘tarib.
– U ketib qopti.
– Qayoqqa ketadi? – dedi Jorj.
Ayol karavot chetiga omonatgina o‘tirdi.
– Uni biram erkalagim keluvdi! – dedi u. – Negaligini o‘zim ham bilmayman, lekin bechora mushukni bag‘rimga bosib biram erkalagim keluvdi. Bunaqa yomg‘irda boyoqish qiynaladi.
Jorj yana o‘qishga tutindi.
Ayol pardoz stoli yoniga bordi, toshoyna qarshisiga o‘tirdi va oynakni olib avval so‘l, keyin o‘ng tomondan aft-angorini ko‘zguga solib qaradi.
Aloha ensasi bilan bo‘ynini ko‘zdan kechirdi.
– Sochimni o‘stirsam nima deysan? – deb so‘radi u yana yon tomondan o‘zini kuzatar ekan.
Jorj boshini ko‘tarib, uning qizaloqlarnikidek kalta sochlari yashirolmagan bo‘yniga tikildi.
– Menga shu turishi yoqadi.
– Mening esa jonimga tegib ketdi, – dedi ayol. – O‘g‘il bolaga o‘xshab yurish shunaqayam jonimga tekkanki…
Jorj narigi yonboshiga o‘girildi. Xotini gapira boshlagandan beri unga qarab yotar edi.
– Bugun judayam boshqachasan, – dedi u.
Ayol oynakni stolga qo‘yib deraza oldiga bordi-da, bog‘ni kuzata boshladi. Qosh qoraygan edi.
– Sochimni yig‘ib, turmaklab olgim kelayapti, qaniydi silliq qilib tarasam, – dedi u, – keyin, mushugim bo‘lishini xohlayman, silayotganimda tizzamda xur-xur qilib yotsa…
– Ih-hm, – deb tomoq qirib qo‘ydi Jorj.
– Keyin o‘zimning uyimda,  stolimda ovqat yeyishni istayman, qoshiq-sanchqilar o‘zimniki bo‘lsa, shamdonlarda sham yonib tursa. Bahor kelishini istayman, toshoyna oldida sochimni tarab o‘tirsam deyman, o‘zimning mushugim bo‘lishini istayman, yangi ko‘ylak olib kiygim kelayapti…
– Bo‘ldi-e! Kitob o‘qi undan ko‘ra! – dedi Jorj. U yana o‘qishga tutindi.
Ayol derazadan qaradi. Qorong‘ilik quyuqlashib, palma yaproqlari aro yomg‘ir shovillab yog‘ardi.
– Nima bo‘lgan taqdirda ham, mushukni erkalab o‘tirgim kelayapti, – dedi ayol. – Menga hoziroq mushuk kerak. Sochlarimni uzun qilib o‘stirishning, xursandchilik qilishning iloji bo‘lmasa, loaqal mushuk olib kelish mumkindir?!
Jorj uning gaplarini eshitmadi. U kitobga mukkasidan ketgandi. Ayol derazadan chiroqlar yonayotgan maydonchaga qaradi.
Eshik taqilladi.
– Avanti[6],  – dedi Jorj. U kitobdan boshini ko‘tardi.
Ostonada boyagi xodima ko‘rindi. U kattakon ola-bula mushukni bag‘riga mahkam bosgancha turardi.
– Afv etasiz, – dedi u. – Xonimga buni radrone berib yubordilar.

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 12-son

[1] O, yomg‘ir yog‘ayapti (italyan.).
[2] Ha, ha, xonim. Havo rasvo juda ham (italyan.).
[3] Biror nima qidiryapsizmi, xonim? (italyan.).
[4] Ha, shunday, mushuk. (italyan.).
[5] Xo‘jayin. Mehmonxona xo‘jayini ma’nosida. (tarj.).
[6] Kiring, kiravering (italyan.).

YoMG‘IRDA QOLGAN MUShUK

Mehmonxona oldiga kelib tushgan amerikaliklar atiga ikkitagina kishi edi: er-xotin muhojirlar. Ular o‘z xonalari tomon yo‘l olishar ekan, yo‘llarida, zinalarda uchratgan odamlaridan hech qaysisini tanimadilar. Muhojirlarning ko‘m-ko‘k dengiz tomon yuz tutgan xonasi ikkinchi qavatda joylashgandi. Yana katta bog‘ bilan bitta urush yodgorligi ham xonaga ro‘baro‘ yerda edi. Bu ulkan bog‘ ichida o‘sib yotgan bahaybat palma daraxtlari hamda yo‘lkalar chetiga o‘rnatilgan o‘rindiqlar bog‘ ko‘rkiga yana-da ko‘rk bag‘ishlab turardi. Havo soz bo‘lgan chog‘lar bu yerda kichkinagina ko‘rgazma stendini ko‘tarib olgan qandaydir rassom paydo bo‘lib qolardi. Osmonga behadik bo‘y cho‘zib ketgan salobatli palma viqori hamda bepoyon bog‘ bilan dengizga yuzlanib turgan mehmonxona binosining yarqiroq ranglari bu rassomga juda manzur bo‘lardi. Boyagi urush yodgorligini tomosha qilish uchun ham bu yerga uzoq-yaqindan ko‘plab italiyaliklar kelib turishardi. Haykal bronzadan ishlangan bo‘lib, yomg‘ir ostida u yana-da yarqirab ko‘rinardi. Ayni chog‘da havo tund, sharros yomg‘ir quyardi. Palma yaproqlari uchidan ham yomg‘ir tomchilari bir-bir tomchilab tushardi. Bog‘dagi shag‘al yo‘lak uzra yomg‘ir suvlari katta-kichik halqoblar hosil qilgandi. Bir tomondan cheksiz dengiz betaskin to‘lg‘onib yotar, jala ostida qolgan asov to‘lqinlar dam o‘rindiqlargacha urilib kelar, dam o‘tmay shashtlaridan qaytib, tag‘in ortga chekinib ketishardi. Urush yodgorligi yonidagi maydon ichida turgan turli sayyohlarning yengil mashinalari ham bir zumda bu yerni tark etib jo‘nab ketishdi. Maydon chetidagi qandaydir kafe ostonasida paydo bo‘lib qolgan bitta ofitsiant kimsasiz qolgan maydon sathi uzra termulgancha turib qoldi.
Shu payt boyagi amerikalik muhojir ayol ham derazadan tashqarini kuzatib turardi. Tashqarida, shundoqqina deraza tagida esa qayoqdandir kelib qolgan kichkinagina bir mushuk o‘sha yerda turgan bitta yashil stol ostida shumshaygancha cho‘kkalab o‘tirardi. Jonivor shalabbo bo‘lmaslik uchun zo‘r berib g‘ujanak bo‘lib olishga urinardi.
“Men pastga tushib, anavi mushukchani olib chiqaman”, – deb qoldi ayol birdan.
“Men olib chiqa qolay”, – deya taklif qildi karavotida yotgan eri.
“Yo‘q-yo‘q, o‘zim. Bechora mushukcha yomg‘irdan qochib, stol tagiga o‘tirvolibdi-da, sho‘rlik o‘zini quruq saqlashga chunonam harakat qilyaptiki!”
Eri indamay karavotning oyoq tomonidagi bir juft yostiq ustiga yastanib olgancha yana kitob o‘qishda davom etdi.
“O‘zing bilasan, faqat ivib ketmagin”, – deb qoldi u xotinining orqasidan.
Ayol pastga tushishi bilan mehmonxona xo‘jayini u yonidan o‘tib ketayotgan vaqtda xonimga bosh egib ta’zim qildi. Xo‘jayinning ish stoli mehmonxonaning eng uzoq burchagida joylashgandi. U novcha bo‘yli, yoshi o‘tinqirab qolgan bir erkak edi.
“Hozir bu ishni qanday uddalaganimni ko‘rasizlar”, – deb hovliqdi ayol xo‘jayinga qarab qo‘yib, negaki mehmonxona sohibi xonimga bir ko‘rishdayoq ma’qul bo‘lgandi.
“Si, si, signora, brutto tempo*(1) Bunaqa ob-havoda tashqariga chiqib bo‘lmaydi axir”.
Xo‘jayin dim xonaning bir burchagidagi stoli ortida javragancha qolib ketaverdi. Xonim uning gapiga quloq osmasdan yugurgancha tashqariga chiqib ketdi. Shunday bo‘lsa-da unga xo‘jayin yoqib qolgandi. Ayolga mehmonxona egasining har qanday shikoyatu noroziliklarni-da o‘ta jiddiy ravishda qabul qilishi yoqib tushgandi. U tag‘in erkakdagi salobatni yoqtirgandi. Undagi xonimga bo‘lgan mulozamatni yoqtirgandi. Hattoki ayol xo‘jayindagi mehmonxona sohibi bo‘lishlik g‘ururini ham yoqtirib qolgandi. Yana erkakning qari, semiz yuzi bilan bahaybat qo‘llarigacha ayolning ko‘ngliga o‘tirib qolgandi.
Mehmonxona egasidan mamnun bo‘lgan holda ayol eshikni zarb bilan ochdi-yu, tashqariga qarab qoldi. Yomg‘ir yanayam avj olgan edi. Charm yomg‘irpo‘shiga mahkam o‘ranib olgan bir erkak kafe tomonga qarab bo‘m-bo‘sh maydonni shoshilgancha kesib o‘tdi. Haligi mushuk shu atrofda, taxminan o‘ng tarafda bo‘lishi kerak. Ehtimol bechoragina bironta o‘simlik ostida g‘uj bo‘lib o‘tirgandir. Xonim hamon ostonada qadalib turar ekan, boshi ustida soyabon ochilganini payqadi. Orqasida ularning xonasiga xizmat ko‘rsatuvchi oqsoch ayol soyabon ko‘tarib turardi.
“Siz ivib ketmasligingiz kerak”, – deb jilmaydi u italyancha so‘zlab. Shubhasiz, oqsochni mehmonxona egasi yuborgan edi. Xonim boshi uzra soyabonni tutib turgan shu oqsoch bilan to o‘zining derazasi ostiga yetib kelgunicha shag‘al yo‘lakcha bo‘ylab birga ketishdi. O‘sha yashil stol hamon shu yerda turar, u yomg‘irda yuvilib, yana-da yashil tusda jilolanardi, ammo uning tagidagi mushuk shu tobda qayoqqadir g‘oyib bo‘lgandi.
Xonim birdan ma’yus tortdi. Oqsoch ayolga xavotirlanib qarab qo‘ydi:
“Ha perduto qualque cosa, Signora?”* (2) – deya asta so‘radi u.
“Anavi yerda mushuk bor edi”, – dedi bazo‘r amerikalik xonim.
“Mushuk”.
“Si, il gatto”* (3)
“Voy, mushuk deysizmi?” – oqsoch qah-qah otib kulib yubordi. “Yomg‘irda qolgan mushuk?”
“Ha”, – dedi xonim g‘amgin, “anavi stol tagida o‘tirgandi”. Keyin u to‘satdan ingrab yubordi. “O, men uni shunchalar xohlagan edimki! O‘sha mushukchani shunaqayam istovdimki – ” Ayol qattiq afsuslangancha inglizchalab gapirar, oqsoch esa uning niyatini tushuna olmay hadeb yuzini tirishtirardi.
“Yura qoling, senora”, – dedi u. “Ichkariga kirishimiz kerak. Axir ivib ketasiz”.
“Ha, boshqa ilojimiz ham yo‘q”, – dedi amerikalik ayol nochor.
Ular yana shag‘al yo‘lakcha uzra ortlariga qaytib, eshikdan kirib ketdilar. Oqsoch soyabonni yig‘ib olish uchun bir daqiqa tashqarida qoldi. Ingliz xonim yonidan o‘tib ketayotgan onda mehmonxona sohibi unga avvalgiday ta’zim qilib qo‘ydi. Lekin bu safar ayolga uning qilig‘i erish tuyulib ketdi. Shu bilan birga xo‘jayinning bu odati yosh xonimga boyagina qilmoqchi bo‘lgan ishining nechog‘lik arzimas va ayni paytda g‘oyatda muhim burch ekanligini anglatib yubordi. Ayol eng katta ahamiyatga ega bo‘lgan kichkinagina yaxshilikni ham eplab amalga oshira olmagani uchun bir lahza ko‘ngli cho‘kib turib qoldi.

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

Izohlar:
* 1 – “Lekin senora, havoning avzoyi buzuq”. (italyan.)
* 2 – “Biror narsangizni yo‘qotib qo‘ydingizmi, xonim?”
* 3 – “Ha, ha, mushuk bor edi”.

YoMG‘IRDA QOLGAN MUShUK

Mehmonxonada ajnabiylardan faqat ikki kishigina bor edi. Er-xotin amerikaliklar. Ularning xonasi ikkinchi qavatda joylashgan, bu yerda derazadan dengiz shundaygina ko‘zga tashlanar, beriroqda ko‘rkamgina bog‘ va urush qahramonlari sharafiga o‘rnatilgan haykal ham yastanib turardi. Bog‘da palmalar bo‘y cho‘zib turar, yashil skameykalar qator tizilgandi. Osmon qovoq-tumshuq qilmagan kezlar bu yerda, albatta birorta rassomga duch kelish mumkin edi. Rassomga palmalar, mehmonxonaning jilvalangan peshtoqi va jannatni eslatuvchi mana shu bog‘ ilhom bersa kerak-da.
Yiroq-yiroqlardan italiyaliklar ataylab haykalni tomosha qilish uchun kelishardi. Haykal bronzadan yasalgan, yomg‘irda jilolanib, o‘zidan nur taratardi.
Mana hozir ham yomg‘ir sharros quyayapti. Palma yaproqlaridan tomchilar tushyapti. Allaqachon yo‘laklarda halqoblar yuzaga kelgan. Bu payt dengizga ham kuch inib, pishqirar, to‘lqinlanar, qirg‘oqqa suv toshib chiqardi.
Maydonchadagi haykal oldida bir zog‘ ham yo‘q. Ro‘paradagi qahvaxona eshigi oldida ofitsiant suvga bo‘kkan boqqa qarab turibdi. Shu damda amerikalik xonim ham xonasidagi deraza ortidan bog‘ga nazar tashlayapti. Birdan uning nigohi sergak tortdi. Bog‘dagi skameykalardan birida allaqanday mushuk yashirinib olgan ekan. Xonimning yuragiga olov tushdi:«Bechora, ivib qoladiku?»
-Men pastga tushib, mushukni opkelaman, -dedi u birdan bosar tusarini bilmay.
-O‘zim boraman,- dedi eri krovatdan jilmay.
-Yo‘q, o‘zim. Bechora jonivor. Yomg‘irdan qo‘rqib, stol tagiga biqinib opti.
Janob endi oyoqlarini cho‘zib, yostiqqa suyanib oldi, kitobdan ko‘z uzmay min¬g‘illadi:
-O‘zingniyam shalabbong chiqmasin tag‘in.
Xonim zinalar yoqalab hovliqqancha pastga tushdi. Yo‘lak bo‘ylab yurgach, katta dahlizga o‘tdi. Eshik oldida mehmonxona xo‘jasi o‘tirgan ekan. Xonimga ko‘zi tushgan zahot dik etib o‘rnidan turib, unga nim ta’zim qilgan bo‘ldi.
Mehmonxona xo‘jasi baland bo‘yli, tetik chol edi.
-Ii piove (yomg‘ir haliyam yog‘yaptimi?, italyancha),-so‘radi xonim.
-Si, si, signora, brutto tempo(Ha, ha, xonim, chelaklab quyapti o‘ziyam, italyancha).
Qariyaning bo‘lmasi shu dahliz burchagida joylashgandi. U o‘tib-qaytayotganlarni nazorat qilib, zimdan kuzatib turardi. Mana xonimni uchratdiyu, o‘y-xayollari asfalasofilinga qarab uchdi ketdi. Xonimga qariyaning yuzidagi iliqlik, hurmat-ehtirom, abjirligi ko‘ngliga yoqib tushdi. Ayniqsa, uning istaraliligi, qo‘llarini ko‘ksiga bosib iltifot qilishini aytmaysizmi?
Xonim allaqanday iliq hislarga to‘lib-toshib, eshik tutqichiga qo‘l uzatdi.
U tashqariga bo‘ylaganda yomg‘ir chunonam savalardiki, boyaqishning esxonasi chiqayozdi. Tashqari huvillagan dashtday kimsasiz edi. Bir payt yomg‘irpo‘shiga burkanib olgan erkak qahvaxona tomon chopqillab o‘tdi.
Xonimning yuragi bejo ura boshladi:«Mushuk shu atrofda bo‘lsa kerak».
Bog‘ tomonga o‘tishning sirayam iloji yo‘q. Ikki qadam yurmay odamning shalabbosi chiqadi.
Xonim bo‘sag‘ada o‘yga botib turgandi, tuyqus boshi uzra sharaq etib soyabon qanotlari yoyildi. Ortiga o‘girilsa, xonasini tozalab-yig‘ishtirib yuradigan farrosh ayol turgan ekan.
-Yomg‘ir yuvib ketmasin sizni,-jilmaydi u italyan lahjasida so‘z qotib.
Bu xizmatkorni mehmonxona xo‘jasi yuborganini xonim fahmladi.
Soyabon ostida ikkov mushuk yashiringan skameyka oldiga kelishdi. Xonim enkayib, o‘tirgich tagiga qaradi va shu zahot ta’bi tirriq bo‘ldi.
-Ha,perduta qualque casa,signora?(Siz, biror narsangizni yo‘qotuvdingizmi, sinora, italyancha)
-Si, il qatto(Ha, mushuk, italyancha)
-Mushuk,-farrosh kulib yubordi.-Shu yomg‘irda-ya?
-Ha,-dedi xonim,- mana shu skameyka tagiga biqinib olgandi,-keyin qo‘shib qo‘ydi:uni bag‘rimga bosishni shuday istovdimki…
Xonim bu iboran inglizcha aytganda, xizmatkorning yuzi taranglashib, jiddiy tortdi.
-Yuring, senora,-dedi u,- qaytamiz. Bu yerda ivib ketishimiz mumkin.
-Ha, iloj qancha,- yuzlari ma’yus tortdi xonimning.
Ular tag‘in ortga qaytishdi. Shag‘al yotqizilgan yo‘lak bo‘ylab yurib borib uyga kirishdi. Farrosh eshik oldida to‘xtab, soyabonni bo‘shattirdi-da, so‘ng lipillab ostonadan ichkariga kirib ketdi.
Amerikalik xonim dahlizda yana mehmonxona xo‘jasiga duch keldi. U avvalgidek e’zoz bilan nim ta’zim qildi. Shu tob ayolning qayeridir simillagandek bo‘ldi. O‘zini bu odam oldida shunchalar ojiz his qildiki…
Xonim abgor holatda zinalar tutqichini ushlab tepaga ko‘tarildi. Xona eshigini ochib, ichkari yo‘naldi. Eri-Jorj kitobga mukkasidan ketgan ekan. O‘sha holicha o‘tiribdi qilt etmay.
-Xo‘sh, mushukni opkeldingmi?-so‘radi u kitobdan boshini ko‘tarib.
-Ketib qolgan ekan.
-Qayerga ketishi mumkin, -dedi Jorj bir lahza xotiniga nigoh qadab.
Xonim krovat chetiga ohista cho‘kdi.
-Shu qadar istovdimki,- dedi u alamzadalik bilan,-jonivorni uyimizga opkelishni shu qadar istovdimki, bechora, qayerlarda sang‘ib yurganiykin, shu yomg‘irda?
Jorj tag‘in kitobga nigohini burdi.
Xonim xo‘rsinib, qad rostladi. Sudralib toshoyna oldiga bordi. Ko‘zguga boqib, o‘ziga sinchiklab zehn qo‘ydi. Avval u tomoniga, keyin bu tomoniga o‘girilib qaradi. Oppoq, silliq yuzlari, ensasini siypaladi.
-Sochimni endi o‘stirib yuborsammikin, nima deysan?-yon tomoniga o‘girilib maslahat so‘radi eridan.
Jorj yana kitobdan ko‘zlarini uzib, xotinining o‘g‘il bolalardek kalta qirqilgan sochiga qaradi.
-Menga hozirgisi ma’qul.
-Jonga tegdi,- jig‘ibiyroni chiqdi xonimning,- o‘g‘il bolaga o‘xshab yurish jonimga tegdi.
Jorj xotinining ko‘nglini avrashga urindi.
-Sen bugun shunchalar ochilib ketgansanki…
Xonim bu gapga parvo qilmadi, ko‘zgu oldidan siljib, derazaga yaqinlashdi.
Bir zumda tun cho‘kibdi. U derazadan nigohini uzmay yuragi allaqanday shirin orzularga to‘lib-toshib, javray ketdi:
-Bir tutam sochim bo‘lishini, yana u silliq bo‘lishini istardim, yana gajaklarim halqaday osilib tursa, qo‘l tekkanida yurakkinang eriib ketsa…
-Yana nimalar xohlaysan,-ming‘irladi eri.
-Yanami? Yana… o‘z mushugim bo‘lishini. Oh, tizzanga olib, yunglarini silab-siypalab o‘tirsang, mazza-ku?!
-Mm,-nimadir tomog‘iga tiqilgudek bo‘ldi Jorjning.
-Yana… o‘z stolimda ovqatlanishni, qoshiq va sanchqilar yaltillab turishini istayman. Yana shamlar shu’la taratsa. Yana atrofda bahor taralib tursa, yana ko‘zgu oldida uzun sochlarimni tarab turishni, yana beozorgina mushukni, yana yangi sotib olingan ko‘ylak, yana…
-Bas,-qichqirib yubordi Jorj qovoq-tumshug‘ini osiltirib, so‘ng yana jimgina mutolaaga sho‘ng‘ib ketdi.
Xonim hamon deraza oldida qadalib turardi.
Tun quyuqlashgan, yomg‘ir tingan, ammo palma yaproqlaridan tomchilar chakillab tomib tushardi.
-Mayli, bu narsalar kerakmas, faqat mushuk. Loaqal shuni iloji bordir…
Jorjning quloqlariga gap kirmadi go‘yo. U kitobdan uzilmasdi. Xonim nigohini derazaga tikkan, pastdagi gulxan yolqini diqqatini o‘g‘irlagandi.
Shu dam eshik taqillab qoldi.
-Avanti(Kiravering, italyancha),-takalluf qildi Jorj, nihoyat kitobdan nigohini olarkan.
Eshik ochilgach, g‘amxo‘r farrosh ko‘rindi. Qo‘ynida katta chipor mushuk, mahkam bosib turibdi.
-Kechirasiz,-muloyimlik bilan dedi u,- mana buni xo‘jayin senoraga berib yubordilar.

Umid Ali tarjimaci